Zamonaviy turk adabiyotining mashhur yozuvchilaridan biri, usta romannavis va dramaturg Tariq Bug‘ro 1918 yilning 2 sentyabrida Turkiyaning Ko‘niyo viloyatiga qarashli Oqshahar tumanida tug‘ildi.
Tariq Bug‘roning ilk asari “Akkumulyatorli radio” nomli pesasi shahar teatrlarida katta mahorat bilan ijro etiladi. Adib keyinroq bu pesani kengaytirib romanga aylantiradi va “Yolg‘izlar” nomi bilan chop ettiradi. Unga katta shuhrat keltirgan “O‘g‘limiz” nomli hikoyasini 1948 yilda yozdi. Bu hikoya “Jumhuriyat” gazetasining maxsus mukofoti bilan taqdirlandi.
Tariq Bug‘ro 1949 yilda bir necha hikoyasini to‘plab “O‘g‘limiz” nomi bilan kitob holida nashr ettirdi. Shundan keyin adibning “Ertaga deya ko‘rma”, “Ikki uyqu orasida”, “Qora qahrabo”, “Firavnning imoni”, “Yomg‘irni kutib” va boshqa kitoblari nashrdan chiqdi. Tariq Bug‘ro ko‘plab sahna asarlari bilan turk dramaturgiyasining rivojiga katta hissa qo‘shdi. Uning “Oyoqqa turishni xohlayman” va “Uch o‘yin” nomli kitobiga jamlangan barcha pesalari sahnalashtirilgan. Bugungi kunda ham teatrlarda muvaffaqiyat bilan ijro etilmoqda.
Tariq Bug‘ro 1994 yilning 26 fevralida Istanbulda vafot etdi. Hozirda Turkiyaning turli viloyat va shaharlarida uning nomi bilan ataladigan maktab, litsey, ko‘cha, hiyobonlar mavjud. Adib tug‘ilib o‘sgan Oqshahar va Anqaradagi Milliy kutubxona bog‘iga uning haykali o‘rnatilgan.