Uchinchi va to‘rtinchi ko‘rinishlar oralig‘idagi tanaffus yakunlanmoqda edi. Kapelmeyster Gekkendolf Bobil asirligidagi yahudiylar yig‘isi g‘oyatda yorqin tasvirlangan eng qiziqarli joygacha hozirgina yetib keldi. Ivan Ivanovich nuqul serjazava, fuga nola qilib turadigan shunday pesalarni jonidan yaxshi ko‘rardi – unda fleytaning hasrat ila ingranishi klarnetning faryodli chinqiriqlari bilan qorishib ketadi. Trombon hech narsaga qaramay, guv-guv qilar va hamma yoqni turli nog‘oralarning taraqa-turumi tutib ketar edi. Tovushlarning betartib shovqinidan dahshatga tushgan va chol¬g‘ularni joyiga qo‘yishga tayyor mashshoqlar mung to‘la, umidsizlikdan loqaydlik aks etgan nigohlarini bot-bot kapelmeystrga tashlar edilar...
Shunda Ivan Ivanovich hammani tong qoldirdi: u o‘zini u yoqdan-bu yoqqa otar, gavdasi bilan eng qiyin harakatlarni bajarar, chaqqonligi ila xaloyiqni hayratga solar edi. Nihoyat charchoq va hayajondan qip-qizarib, chol¬g‘ular umumiy jo‘rlikka qo‘shilib ketganida tomoshabinlarga tantanavor ko‘z yugurtirib chiqdi. Bu gal omma Ivan Ivanovichning musiqiy chiqishlaridan u aytganchalik hayratga tusha olmasdi, chunki barcha birinchi marta kutilayotgan drama haqidagi suhbatlar bilan andarmon edi. Muallif ismini yarim ovozda tilga olar va quyuq sochi to‘zg‘in yigit o‘tirgan liter* ayvonchasi tomonga ishora qilar edi.
Sahnada to‘s-to‘polon avjida edi. Bir vaqtning o‘zida ham dekorator ham mashinist, ham stsenarist vazifasini bajarayotgan Aleksey Trofimovich Petunya qattiq hayajonda edi.
– Tushiringlar, kulisalarni tushiringlar! – qichqirdi u, sahna bo‘ylab syurtuksiz yugurar ekan. – Sekinroq-da, axir ko‘zlaringga qaranglar! Menga qara, hov naynovvachcha, oting nimaydi?
– Kirill-da, nima bo‘lardi, – javob berdi miyig‘ida kulib, jingalaksoch, bo‘ydorgina yigitcha.
– Gap bunday, qo‘zichog‘im Kirill, tezda pastga, kassaga tushgin-da, Andrey Filippovichdan mening sakvoyajimni so‘ra, uqdingmi? Qopcha-da, mana bunaqa kichkina, dumaloq idish... Nega qarab turibsan, chopsang-chi! Hoy, nima balo, uxlab qoldilaringmi? Daryo qani? Nikolay Antonovich, daryoni unutibsizlar-ku, daryoni haydang!
– Osilib turaversin, – yuqoridan dag‘al ovoz javob qaytardi,– endi kulisalar xalaqit beradi, qaytanga osonroq bo‘ladi.
– Siz-chi, Nikolay Antonovich, devorni tuzatdingizmi? O‘tgan safar Anempodistov o‘n to‘rtta tishidan ayrilgandi. Aleksandr Petrovich, nima qilishimni ham bilmay qoldim, bulutlar parcha-parcha bo‘lib sochilib ketgan, daryo yilt-yilt qiladi, kulisalar eskiligidan chirib ketgan...
So‘nggi so‘zlar antreprenerga* va qo‘lida qamchi bilan sahnadan tez yurib o‘tgan truppa direktoriga qarata aytilgandi. Bu o‘ttiz besh yoshlardagi baland bo‘yli, kelishgan kishi edi. Yuzi tevaragini quyuq qora soqol qurshab olgan bo‘lib, sochi yelkasiga chiroyli tushgandi, soxt-sumbatidan u o‘ziga yetgancha mag‘rur, qurb-qudratiga ishonchi manaman deb turar edi. Ayniqsa, uning katta-katta, kulrang, sovuq boquvchi ko‘zlari daf’atanoq e’tiborni o‘ziga tortar edi, uning tik boqishiga ko‘plar, hattoki eng jiddiy odamlar ham tob berolmasdi.
– O‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, – zorlanardi Aleksandr Trofimovich, jon-jahdi bilan qo‘llarini harakatga keltirib. – Andryusha yana ichib olibdi, eski kulisalar hech nimaga yaramaydi, qulab tushib, bitta-yarimtasining boshini yorishi hech gap emas...
– Keyin, keyin, – uning gapini bo‘ldi parishonxotirlarcha Aleksandr Petrovich. – Golyaskaya qani?
– Xonim pardozxonada bo‘lsalar kerak, agar adashmasam,– javob berdi Aleksey Trofimovich va topshiriqlar bergani yana chopib ketdi.
Yuqoriga ko‘tarilib, Aleksandr Petrovich choqqina bo‘yalgan eshik oldida to‘xtadi va taqillatdi.
– Kim u? Kiravering! – Eshik ortidan yoqimli ayol ovozi quloqqa chalindi.
– Lidiya Nikolaevna Golskaya chindan sohibjamol edi. Faleri laqabi ostida sahnada o‘ynagan va asarning qoq o‘rtasida qisqa, ammo zaharli “Partnyursiz qiyofa” epigrammasi bilan savdogar xotinlarning yuragini zabt etgan tragik Anempodistov har gal Lidiya Nikolaevna haqida gap borganda, ko‘zlari kosasidan irg‘ib chiqadi, bir necha daqiqagacha ola-kula bo‘lib o‘tirar, xirildoq ovozda: “Farishta! Farishtaning o‘zi!” – deb luqma solar edi. Darhaqiqat, yuz bichimi nihoyatda fusunkor, turgan-bitgani qadimgi malikalarni esga soluvchi, tiniq va rang¬par chehrali Golskayaga bundan ortiq tashbeh topib bo‘lmasa kerak.
Antreprener kirib kelganda Lidiya Nikolaevna shiddat bilan oldinga intildi, ammo yana oromkursiga cho‘kdi va birdan ikkala yuzi qip-qizarib ketdi.
– Sizni huzurimga qanday shamol uchirib keldi? – so‘radi aktrisa zo‘raki iltifot ila, uning tovushida oshkora alam va nafrat ohangini payqash qiyin emasdi.
Aleksandr Petrovich qora yoldor sochini silkitib qo‘yadi.
Tomdan tarasha tushganday qilib berilgan bu savol unga juda ayil botdi, chunki u yotig‘i bilan gapirishni niyat qilib kelgandi.
– Avvalo sizdan ikkita narsani so‘ramoqchiman, Lidiya Nikolaevna, birinchidan, menga bunaqa ohangda gapirishingizni tashlasangiz. Ikkinchidan, sizga shuni ma’lum qilmoqchi edimki, sizning ko‘rinishingiz va umidsiz nigohlaringiz meni yaxshi ma’noda tashvishga soladi. Bunday bo‘lishiga jo‘yali bir asos bormikan? Bugun esa, xuddi ataylab qilgandek, juda yomon o‘ynayapsiz. Yaxshiyamki, tomoshabinlar sizni yaxshi ko‘rishadi, aks holda siz tufayli pesa barbod bo‘lishi tayin edi, ha, uzil-kesil yo‘qqa chiqardi... Ming qilsa ham ayolligingizga bordingiz, burgaga achchiq qilib, ko‘rpani kuydirdingiz! Bu yerda mendan tashqari muallif aziyat chekadi, sizning o‘rtoqlaringiz aziyat chekishadi; iymonim komilki, tomoshabinlarning to‘rtdan uch qismi ovozingiz o‘layotganidan bexabar, – shunday deya Aleksandr Petrovich g‘ijingan, o‘pkasini qo‘ltiqlagancha javob kutib, ayolning qarshisiga kelib to‘xtadi.
– Aleksandr Petrovich, axir o‘z tanangizga bir o‘ylab ko‘rsangiz-chi,– nihoyat tilga kirdi Lidiya Nikolaevna tiniq tovushda, – chin dildan umrida birinchi marta sevib qolgan ayolni tasavvur qila olasizmi?
Aleksandr Petrovich toqatsizlangandek bir harakat qildi.
– Biroz shoshmay turing! – so‘zida davom etdi Lidiya Nikolaevna – O‘sha ayol bir ayol berishi mumkin bo‘lgan hamma narsani berdi, deb tasavvur qiling, yigit esa mana shu qaynoq, so‘qir muhabbatni haqoratladi, sevgan ayolni taqdir hukmiga tashlab ketdi. Yana shu narsani tasavvur kilingki, Aleksandr Petrovich, mana shu ayol o‘z joniga qasd qilishga yoki telba bo‘lishga juda yaqin qolganida, ha-ha, aynan mana shunday vaqtda minglab odamlarning ko‘nglini chog‘ qilishiga to‘g‘ri keladi!
– Ana shunaqa! Xuddi o‘ylaganimdek bo‘lib chiqdi, – gapni ilib ketdi betoqat antreprener.– Siz to‘g‘ridan-to‘g‘ri mendan izoh talab qila olishingiz mumkin bo‘lgan vaqtda bu yerda shama va pisandalarga hojat ne edi? Sizga sizni sevishimni aytganimda, chin yurakdan aytgan edim, ya’ni xuddi sizga o‘xshab – bunga shubha bo‘lishi mumkin emas, deb o‘ylayman. Bordi-yu, mendan ko‘nglingiz qolgan bo‘lsa, men g‘amga botib yurmagan, sizdan sevgi talab qilmagan bo‘lar edim! Bordi-yu, ishq iztirobi menga og‘irlik qilguday bo‘lsa, o‘zimni teatrimning birinchi to‘siniga osib qo‘ya qolar edim. Agar raqibimga qarshi rashk va g‘azab alangasida kuyguday bo‘lsam, qarab o‘tirmas edim, ko‘nglim nimani xohlasa shuni qilar edim; masalan, mana shu grafin bilan bitta- yarimtani boshiga urib yorgan bo‘lar edim...
– Aleksandr Petrovich, – e’tiroz bildirdi Golskaya, – siz mening ayol kishi ekanligimni unutdingiz chog‘i...
– E-ey, nima farqi bor! Ba’zi yaramas “kuydim-yondim”chilarning, modomiki, erkak va ayol bir-biriga ko‘ngil qo‘ydimi, ular o‘rtasida qandaydir o‘zaro axloqiy majburiyat paydo bo‘ladi, degan gaplariga o‘la qolsam ishongim kelmaydi. Ha, to‘g‘risini aytamanki, tushunmayman ularni, Lidiya Nikolaevna! Erkakning bir so‘ziga ishonib, uni nikoh kursisigacha olib borish bokira qizlarga xos va buni kechirsa bo‘ladi. Men sizga yoqib qoldim, siz menga yoqib qoldingiz, – xo‘sh, buni siz tabiiy, deb o‘ylaysizmi? Sizni yoqtirmay qo‘yganimni-chi, nahotki bu tabiiy bo‘lmasa?
– Aleksandr Petrovich! Ontlaringiz, va’dalaringiz-chi? Siz uchun muborak bo‘lgan nimaiki qolgan bo‘lsa, barchasini muhabbatingiz guvohligiga chaqirgan siz emasmidingiz?!
– Nima bo‘libdi shunga? Yoki meni yog‘ochdan yasalgan sanam deb o‘ylaganmidingiz? Meni ham, sizni ham birdek kuydirgan ehtiros mening o‘rnimda bo‘lgan har qanday odamni menday ont ichishga majbur qilgan bo‘lardi! Xo‘sh, durust, faraz qilaylikki, men bu ontlarimga vafo qilishim kerak edi; sizdan ko‘nglim qolganini lo‘nda qilib, ochiqchasiga aytganimdan keyin ham sevgimga ishoning deb boshqatdan yalinib-yolvora boshlasam, nahotki siz bundan huzurlansangiz? Siz esa o‘z ixtiyorimcha nozik hissiyotlarimni chorlay olmasligimga iqror bo‘lmog‘ingiz kerak va shart!
Mana shunday nochor holatida ayol yigitga shunaqangi yaxshi ko‘rinib ketadiki, bundan antreprener ham istisno emasdi, binobarin, uning ko‘nglidan bir fikr yilt etib o‘tdi: men hali ham uni ko‘ndirishim mumkin, bir sinamoqchi edim, deyman. Ammo bu bir lahzagina ro‘y berdi, ikkinchi lahzada u vasvasali fikrni haydab yubordi-da, sovuq ohangda javob berdi:
– Nima qilibman? Qonuniy tarzda bolaning hayotini ta’minlashing kerak, deysizmi? Siz shuni xohlaysizmi? Bajonidil...
Antreprener jumlani oxirigacha tugatolmadi. Tahqirlangan ayol oromkursidan turdi-da, g‘azabdan bo‘g‘ilib, deyarli shivirlab dedi:
– Yo‘qol!
Bu “yo‘qol” har qanday qichqiriqdan ham kuchliroq edi. Hech qachon, hech bir holatda o‘zini yo‘qotmagan odam boshini eggancha indamay chiqib ketdi.
Lidiya Nikolaevna yopilgan eshikka uzoq qarab qoldi va deyarli holsiz oromkursiga cho‘kdi. Miyasida og‘ir fikr¬lar uyasi buzilgan aridek g‘ujg‘on o‘ynardi, shu bilan birga qandaydir dahshatli qaror vujudga kelib, pishib yetilmoqda edi.
– Siz chiqasiz, Lidiya Nikolaevna, – birmuncha muddatdan keyin komik Valtsovning chiyildoq ovozi yangradi. Uni Anempodistov zaharxandalik bilan har ishga mohir ustasi farang deb atagan edi. – Tezroq bo‘ling, iltimos.
– Lidiya Nikolaevna hayajonini yenga oldi. Ajoyib artist, deb aytishlari bejiz emas-da. Quruqqina, qat’iy ohangda javob berdi:
– Borayapman!... Ayting, kelayapti deng.
– Sahnada havo dim edi. So‘nggi parda ketardi, unda sevgan yigiti (bu rolni antreprener ijro etardi) aldagan va nohaq ta’na-malomatga qolgan bir qiz zahar ichib o‘ladi, uni qattiq sevgan yigitiga nisbatan nafratu qar¬g‘ishlarini o‘zi bilan qabriga olib ketadi. Golskaya o‘z chiqishini kutib, kulisaga suyanib turardi, rangi bo‘zday oqarib, yuragi duk-duk urardi. Kimdir uning qo‘lidan tutib silkiy boshladi. Qulog‘iga rejissyorning mehribonlik bilan aytgan gaplari chalindi:
– Judayam oqarib ketibsiz, Lidiya Nikolaevna, suv ichasizmi?
Lidiya Nikolaevna “yo‘q” degandek xomush bosh chayqadi.
“Boshlanayapti, boshlanayapti, – qo‘rquv ichida o‘yladi u,– so‘nggi marta so‘rayman va u javob berishi kerak, begonalarning so‘zlaridan mening azoblarimni tushunishi kerak... Oh, yuragimning urishini!... Manavi manfur Anempodistov esa qiyshanglab qichqirgani-qichqirgan!”
U kuta-kuta oxiri g‘azabini ifoda etishi kerak bo‘lgan talvasali harakatlarda qiyshanglaganicha, Anempodistov gumburlagan bosiq tovushda falakdagi barcha momaqaldiroqlarni kimningdir sho‘rlik boshiga chaqirib, kulisalar ortiga ketgan pallada rejissyorning keskin shivirlagani qulog‘iga urildi:
– Siz chiqasiz, Lidiya Nikolaevna. – Intizor bir holatda aktrisa sahna tomon odimladi.
Ana u – qayg‘u-g‘amda ham bemisl go‘zal va ulug‘vor buyuk xilqat, uning bir bora ko‘rinishining o‘ziyoq yuzlab qalblarni larzaga solib, vujudlarni titratib yuboradi.
U sahna o‘rtasida turgan bahaybat qiyofadan boshqa hech narsani ko‘rmasdi va bu qiyofa unda qanday tuyg‘u uy¬g‘otganini ham bilmasdi: oldingi ezgu muhabbat tuyg‘usinimi yoki chuqur naf¬rat tuyg‘usinimi...
“U nima derkin? – xayolidan kechdi uning – Nahotki, bu muzday yurak erish nimaligini bilmasa? Ayt, seni sevaman, de, avvalgidek meni quch, men hamma narsamni senga baxshida etganman-ku, axir, men seni behad, begidir sevar edim... Ammo bu qanaqasi bo‘ldi? Nahotki tariqcha ham umid qolmagan bo‘lsa?... Ana, u nimadir deyapti... Yo‘q! U hamon unga sovuq, beshaf¬qat so‘zlar edi, bu unga jon oluvchi, yuragini poralovchi kinoya edi...”
Ayol qo‘llarini qirsillatgancha ingranib yig‘lar, muhabbatimni qaytar, o‘zimga shafqat qil, deb yolvorar edi. Ayol uni bandasi-yu rahmonning hukmiga havola etar ekan, yana telbalarcha achchiq-achchiq ko‘z yoshi to‘kar edi...
Nahotki u ma’shuqasining ahvolini tushunmasa, uning majruh yurak faryodiga javob qaytarmasa?!
Ayol qalbini tushunolmagan mingta oshiqdan bittasi bo‘lib, yigit (ya’ni antreprner) aktrisa ortidagi sevgi timsolini ko‘ra olmadi; ayol yuziga unga tomon zahrolud kek ila bir qarab qo‘ydi-da, gavdasini mag‘rur tutgancha hiyonatkorona uni tashlab ketdi.
Suyukli ma’shuqa bir o‘zi qoldi.
Hamma yuragini hovuchlab olgandi. Xar bir tomoshabinning badanidan sovuq ter chiqdi.
Taajjub ichida suflyor kitobni tap etib yopdi – unda mana bunga o‘xshagan, mung va qayg‘uga to‘la so‘zlar yo‘q edi.
Sozining ovozini pasaytirishga chog‘langan skripkachi bir to‘xtadi-da, dahshatdan ko‘zlarini katta-katta ochgancha tosh qotdi.
Ma’shuqa esa qandaydir xasta ovoz bilan o‘zining halok bo‘lgan sho‘rlik muhabbati dostonini hikoya qilardi – osmonga tavallo qilib, undan ajal so‘rar, uning hayotini barbod etgan odam uchun duoibadlar o‘qib, boshiga ming turli balolar yog‘ilishini tilar edi. Tanobiyda go‘riston jimligi hukm surardi – har bir so‘z haddan tashqari aniq-tiniq eshitilib turardi.
Birdan Golskaya to‘xtadi va asta rampa* oldiga keldi. Endi u yig‘lamayotgandi, qo‘llarini asabiy qirsillatmasdi, chehrasida oshkora xotirjamlik hukmron edi. Qo‘lida qora suyuqlik solingan shisha idishcha yiltillardi.
“Shunaqa ham yoqimsiz hid bo‘ladimi?... Qo‘rqib ketayapman... O‘zimni qo‘lga olishim kerak... Achchiq... Ichim yonib ketyapti...”
U katta-katta, hayrat to‘la ko‘zlarini tomoshabinlar ustidan yurgizib o‘tdi... Oqarib ketdi, bir chayqaldi-da, qo‘r¬qinch¬li, yurakni tilkalovchi qichqiriq bilan farshga quladi. Tomoshabinlarning oppoq chehralarida hayajon va allaqanday sarosimali hayrat aks etdi. Go‘ris¬ton jimligi ostida parda asta-sekin tusha boshladi, biroq shu zahoti gulduros qarsaklardan teatr larzaga keldi.
– Golskaya! Golskaya! – degan ovozlar yangrar edi har tomondan, eng yuqori qavatdagi joylarda tomoshabinlar shovqin solib, yerni dup-dup tepar, talvasali qichqiriqlar eshitilardi. Parda burchagi silkindi, kimdir sahnadan jur’atsiz bosh suqib qaradi-da, yana g‘oyib bo‘ldi.
– Golskaya! Golskaya! Ofarin! – qichqiriqlar tinimsiz yangrar edi. Parda yana chayqalib ketdi, sahnaga gul va guldastalar yog‘ildi.
Ie, bu qanaqasi? Rampa yonida qo‘rqqanidan yuzi devorday oqarib ketgan bir kishi paydo bo‘ldi. U yoshdan xiralangan ko‘zlarini asta tanobiy bo‘ylab yugurtirib chiqdi-da, titroq ovozda eshitilar-eshitilmas qilib dedi:
– Janoblar, Golskayadan ayrilib qoldik...
Ruschadan Amir Fayzulla tarjimasi
______________
* Liter – xos kishilarga mo‘ljallangan joy
* Antreprener – teatr mutasaddisi
* Rampa – sahnaning old qismi