Men zinapoyada turtinib ketgan paytimda miyamga aqlli fikr kelib qoldi. Men uni albatta qutqarishim lozim. Bo‘lmasa, do‘ctlarim meni kechirishmaydi. Pyotr Petrovich — bizning ilmiy rahbarimiz, Filipp — aspirant, Stuls — besh daqiqasi kam fan nomzodi...
Men zinalar bo‘ylab yumalab borardim. O‘ng tomonimda tutqichlar bor edi. Ammo ularga yaqin bormadim. Chunki «U» ham o‘ng tomonimda. Shuning uchun tezlikni tobora oshirib borgan holda o‘zimni chap tomonga otdim. Chapimda axlat tushib ketadigan truba bor ekan. Men to‘ppa-to‘g‘ri borib o‘shanga urildim. Qovurg‘alarim qisirlab ketdi. Qorong‘ulashib borayotgan ko‘zlarim oldida esa sodiq do‘stlarim namoyon bo‘lishdi. Ilmiy rahbarimiz Petrovich, besh daqiqasi kam fan nomzodi Stuls hamda aspirant Filipp...
Men qo‘llarimni musht qildim-da, yana chap tomonga qarab ucha ketdim. Chap qo‘lim va chap oyog‘im qisirlab ketdi. Men oxirgi kuchimni yig‘ib katta tezlikda maydonchaga qo‘ndim. Albatta, anchagina pishib qolgan boshim bilan...
Boshim qisirladi. Tobora yumilib borayotgan ko‘zlarim o‘ngida tag‘in o‘sha do‘stlarim gavdalanishdi. Ular vahima aralash ustimda bosh egib o‘tirisharkan, soniya sayin sovib borayotgan qo‘llarim ostidagi bir shisha «Smirnov» arog‘ini avaylab tortib olishdi. Axir, men xuddi o‘shani qutqarib qolgandim-da.
Arkadiy Inin. Men uni qutqarib qoldim (hajviya)
Rus tilidan Olimjon Hayit tarjimasi