Mashhur tanqidchi va adabiyotshunos Benedikt Sarnovning bu asari o‘zi uchun odatiy bo‘lmagan, bo‘lakcha bir janrda yozilgan. Unda «to‘qib chiqarilmagan», kulgili, g‘amgin, goho fojeiy voqealar qalamga olingan. Muallif o‘zi guvoh bo‘lgan, do‘stlari, zamondoshlaridan eshitgan g‘aroyib voqealar haqida maroq bilan hikoya qiladi. Syujet jihatidan bir-biri bilan bog‘lanmagan bu tafsilotlar o‘tgan asrning xarakterli jihatlari, sho‘ro siyosati bilan bog‘liq g‘aroyibotlar, ayniqsa o‘sha davrdagi adabiy muhit haqida ancha yorqin tasavvur beradi.
O‘ZBEKNING GORKIYSI
Vasiliy Semyonovich Grossman Toshkentga kelgan edi. Bu voqea hali uning boshiga tashvish-kulfatlar tushmasdan ancha ilgari sodir bo‘lgandi. Toshkentlik yozuvchilar uchun u ancha martabali bir zot edi: ordenli, unvonli va hokazo. Ehtimol, o‘sha tashrifning o‘zi ham rasmiy emas, xususiy bo‘lgandir. Nima bo‘lganda ham uni zo‘r izzat-ikrom bilan kutib olishadi. Shohbekat yo‘lagida mahalliy “klassik”lar saf tortib turadi. Ularning boshlig‘i poytaxtlik mehmonga hamkasblarini shunday tanishtira boshlaydi:
– Marhamat qilib tanishing. Mana bu – bizning Mayakovskiyimiz... Katta o‘zbek shoiri... Novator... O‘zbekning Mayakovskiysi... Bu esa – bizning Aleksey Tolstoyimiz. Tarixiy romanlar yozadi. Mana bu esa bizning Gaydarimiz. Bolalar haqida kitoblar yozadi. O‘zbekning Arkadiy Gaydari...
Grossman qo‘l berib ko‘risharkan bosh irg‘ab qo‘yardi. Oxiri sabri chidamay so‘radi:
– Darvoqe, qani o‘zbekning Gorkiysi?
Yozuvchilar boshlig‘i andakkina o‘ng‘aysizlanadi, keyin iymanibgina javob beradi:
– O‘zbekning Gorkiysi... men o‘zimman...
JO‘YALI MASLAHAT
Meni hamisha Svetlov, Jarov, Bezimenskiy, Utkin kabi ijodkorlarning 30- yillardagi dahshatli qatag‘onlardan qanday omon qolgani hayratlantirardi. Yaqinda Svetlov taqdiriga daxldor shunday bir hujjat bilan tanishib qoldim.
Mixail Arkadevichni so‘roq qilgan tergovchi shoirga xayrixohdek (ehtimol, she’rlari yoqqani uchundir) edi. U dastlabki so‘roqlar bilan ish bir yoqli bo‘lmasligini sezgandek, shoirga shunday maslahat beradi:
– Bilasizmi nima qilish kerak? Siz ko‘proq iching. Hamma yerda kayfingiz taraq holda ko‘rinib turing. Asta-sekin hamma sizni alkash ekan deb o‘ylay boshlaydi, shunga ko‘nikadi, hech kim sizga jiddiyroq e’tibor bermaydi. Qarabsizki, hamma balo-qazodan qutulib qolasiz.
Oxir-oqibat bu tergovchining o‘zi GULAG qamoqxonalarida adoyi tamom bo‘ladi. Uning jo‘yali maslahatiga amal qilgan Svetlov esa qatag‘onning ayovsiz tegirmonidan butun chiqadi.
OLOMON FIKRI
Zoshchenko va Axmatova haqidagi o‘sha mashhur qaror e’lon qilingan kunlar edi. Shahardagi kichik bir do‘konda odamlar nimagadir tirband bo‘lib navbatda turishardi. Hammaning vaqti ziq, hamma shunaqa navbatni tug‘dirgan aroqxo‘r, o‘g‘ri do‘kon mudirini boloxonador qilib so‘kar, uni allaqachon qamoqqa tiqib qo‘yish kerak, deb javrar edi.
– Uni qamab qo‘yishsa xotiniga jabr bo‘ladi, – deydi bir kampir achinib. – Xotin boyoqishning aybi nima?
– Ha, – uni quvvatlaydi boshqalar. – Xotinlar hamma narsaga balogardon. Mana hozir ham shunaqa bo‘lyapti, Zoshchenkoning yaramas, tuban ekanligini hamma biladi, ammo uning xotini Axmatovani nega so‘kishadi? Hamma ishkal uning erida-ku!
– Ha, bechora xotinga qiyin bo‘ldi, – navbatda turgan olomon yakdillik bilan xayrixohlik bildiradi.
KIM KIMDAN OR QILADI?
Zoshchenkoning boshiga kulfatlar tushib, kambag‘alchilikda qiynalib yurgan kunlarning birida uyining ro‘parasiga yaltiroq bir mashina kelib to‘xtaydi. Unda Kataev ikkita tannoz xonim bilan o‘tirgandi. Valentin Petrovichning dimog‘i chog‘ edi. U bir bog‘lam salmoqli pulni qo‘lida o‘ynatgancha quvnoqlik bilan xitob qiladi:
– Misha! Buni qara! Bu qalam haqi, hozirgina oldim, ikkovlon buni yuvishimiz kerak!
Derazadan qaragan Zoshchenkoning bu taklifga parvo qilmaganini ko‘rib, Kataev masalaga aniqlik kiritadi:
– Meni sen bilan muloqotda bo‘lishdan or qiladi deb o‘ylama!
– Ahmoq! – deya javob qiladi Zoshchenko. – Sen emas, men or qilaman!
HAMMASINI O‘CHIRAVERING!
Ilya Grigorevich Erenburg yozuvchilarning majlislariga kamdan-kam kelardi. Faqat eng muhim deb hisoblangan qandaydir bir majlisgagina kelardi. Navbatdagi yig‘ilishda boshqaruvni saylash masalasi ko‘rilayotgandi.
Ovoz berish uchun byulletenlar tarqatiladi. Unda Smirnov familiyali uch nafar yozuvchining nomi ham qayd qilingandi. Ularning birinchisi mashhur nosir, ashaddiy antisemit sifatida ko‘proq nom qozongan Vasiliy Aleksandrovich Smirnov edi. Ana o‘sha noyob xislat-lariga monand u «Drujba narodov» jurnalining bosh muharriri edi.
Ikkinchi Smirnov shoir edi, u haqda turli epigrammalar to‘qilgandi.
Uchinchi Smirnov «Brest qal’asi» asarining bo‘lajak muallifi Sergey Sergeevich Smirnov edi. U bu voqealardan sal oldin «Noviy mir» jurnalida Tvardovskiyning muovini bo‘lgan, Tvardovskiyni ishdan olishganda qo‘rqoqlik va hatto xoinlik qilgan edi. Keyinchalik u Pasternakni yozuvchilar uyushmasidan o‘chirgan majlisni boshqargandi.
Hozircha, Pasternakni uyushmadan o‘chirish voqeasiga hali uzoq edi, qolgan ikki Smirnovlarga qaraganda Sergey Sergeevich halolroq, o‘sha kezlarda aytilgan ibora bilan ta’riflaganda, taraqqiyparvarroq hisoblanardi. Buning ustiga uning «Noviy mir»dagi xatti-harakati hali hammaga oshkor bo‘lmagandi.
Xullas, shu chalkashliklar girdobida Erenburgning boshi qotadi, borib Tvardovskiydan maslahat so‘raydi:
– Aleksandr Trifonovich! Bu yerda uch nafar Smirnovning nomi turibdi. Menga ulardan ikkitasini yomon, bittasini yaxshi deyishdi. Siz menga bulardan qaysi birini o‘chirishim lozimligini aytol-maysizmi?
– Uchalasini ham o‘chiravering. Yanglishmaysiz.
DO‘STLAR VA DUSHMANLAR
O‘tgan asrning 60-yillari mamlakatimizda «imzo chekuvchilar» harakati keng quloch yozgandi. Yozuvchilar (albatta, faqat yozuvchilar emas, ammo men bu sohadagilarni yaxshiroq bilganim uchun ko‘proq shular haqida yozayapman) ta’qib qilinayotgan dissidentlarni qo‘llab yozilgan jamoaviy xatlarga imzo chekardilar. Avvaliga rahbariyat bu voqeaning o‘zini tan olgisi kelmadi, keyinchalik sal tashvishga tushib qandaydir chora-tadbir ko‘rishga chog‘lanadi. Dastlabki choralar yumshoqqina bo‘ladi. «Imzochilar» turli suhbatlarga chorlanib, tarbiyaviy ishlar olib boriladi, ayni chog‘da mabodo ular o‘zboshimchalikni yana davom ettirguday bo‘lishsa, oxir-oqibat jazo berilishi lozimligi uqtiriladi.
Lidiya Korneevna Chukovskayani ham ana shunday suhbatga chorlashadi.
U bilan Yozuvchilar uyushmasi Moskva bo‘limi kotibi Viktor Telpugov suhbatlashadi.
Xonimga u imzo chekkan xatni radio orqali «dushman ovozlari» hamma yoqqa oshkor qilayotganini afsus bilan ma’lum qilarkan, kotib shunday deydi:
– Axir dushmanlardan yordam so‘rashga qanday jur’at qildingiz, Lidiya Korneevna?
– Men tushunmayman, – deya yelkasini qisadi Lidiya Korneevna, – nega endi asarlarimni matbuotda bosib chiqarayotganlarni dushman, hatto nomimni ham tilga olishni taqiqlab qo‘yganlarni esa do‘stim deyishim kerak? Nega?..
PAUSTOVSKIY VA MUSHUK
Paustovskiyning mushuk bilan g‘aroyib muomala qilishi haqida uning xotini Tatyana Alekseevna shunday hikoya qiladi. Konstantin Georgievichning o‘zi esa gurung davomida churq etib og‘iz ochmaydi.
– Agar mushuk ish stoliga sakrab, ishlayotgan qo‘lyozmasi ustiga yotib olsa, – deydi yozuvchining rafiqasi, – Konstantin Georgievich stol chirog‘ida huzur qilib isinayotgan mushukka xalaqit bermaslik uchun jonivorning tanasiga teginmay, bamaylixotir yozishda davom etaveradi. Va nihoyat, qog‘ozning mushuk tanasi band qilmagan qismi yozib to‘ldirilgach, yangi sahifaga o‘tish zarurati tug‘iladi. Endi ilojsiz qolgan yozuvchi ijodini davom ettirish uchun yordamga chaqiradi:
– Tanya! Mushukni haydab yubor!
– Konstantin Georgievich, shu gap rostmi? – deb so‘rayman yozuvchidan. Paustovskiy indamay bosh irg‘aydi.
– Nega endi uni o‘zingiz haydab yubora qolmaysiz?
– Mushuk bilan do‘stligimni buzgim kelmaydi.
VAQTINCHALIK BAG‘ISHLOV
Sovetlar davridagi tsenzura bilan qanday kurashgani haqida Yevgeniy Yevtushenko «Ogonyok» jurnali sahifalarida shunday hikoya qiladi. Men uning so‘zlarini aynan keltiraman.
– Mening eng dadil hiylalarimdan biri Pasternak o‘limiga bag‘ishlangan «To‘siq» («Ograda») degan she’rimni qanday e’lon qilganimdir. Pasternak nomi o‘sha kezlar sovet matbuotida Vatan xoini degan tushuncha bilan barobar edi. Bu she’rni hatto bag‘ishlovsiz chop etish haqida ham gap bo‘lishi mumkin emasdi, illo unda Pasternak obrazi ancha bo‘rtib turardi. Bu orada shoir V. Lugovskoy vafot etib qoladi. Men shoirning bevasi Ye.Bikovadan tsenzurani chalg‘itish maqsadida she’rni vaqtincha Lugovskoy xotirasiga bag‘ishlab turish uchun lutfan ijozat berishini so‘radim. Baribir jamoatchilik, kitobxonlar gap kim haqida ketayotganini yaqqol sezib turishardi. Lugovskoyning bevasi esa g‘amgin kulimsirab, «Volodya xafa bo‘lmaydi, buni tushunadi...» deya rozi bo‘ladi.
BIZDA IJOBIYSI BO‘LMAYDI
Men bir vaqtlar «Noviy mir» jurnalida, tahririyatga kelgan qo‘lyozmalarga javob yozish bilan tirikchilik qilardim. Qo‘lyozmalar bir maromda kelib turardi. Har bir berilgan javob uchun arzimas haq to‘lanar, ammo men son ketidan quvib, haqimni chiqarib olardim, qo‘lyozmalar oqimining esa tagi ko‘rinmasdi.
Kunlardan bir kuni navbatdagi javoblarimni topshirib, endi tashqariga chiqmoqchi bo‘lib turganimda qorovul xotinning ovozini eshitib qoldim. U kim bilandir telefonda gaplashardi.
– Olasiz, – der edi u. – Albatta olasiz... Qachon topshirgan edingiz she’rlaringizni? Bir oy oldin deysizmi? Ha endi, mana tez orada javobini olasiz... Nima lozim bo‘lsa hammasini sizga yozib yuborishadi... Nima dedingiz ismi sharifingizni? Buliga?.. Siz hayajonlanmang, o‘rtoq Buliga, albatta javobini olasiz... Qanaqa javob deysizmi?.. Salbiy-da...
Xuddi mana shu yerga kelganda men to‘xtab qoldim va qiziqib quloq sola boshladim.
Men javob qilgan qo‘lyozma mualliflari orasida darhaqiqat Buliga degani ham bor edi. (Kamyob familiya bo‘lgani bois eslab qolgandim). Eng qizig‘i shundaki, Buliganing she’rlariga yozgan javobim rostdan ham salbiy edi.
– Bunisini men bilmayman. Bir narsa deyolmayman, – deya gapida davom etardi Pasha xola. – Bu yog‘ini sizga batafsil yozib yuborishadi. Ammo mening aniq bilganim shuki, javobi salbiy bo‘ladi...
Telefondagi g‘aroyib muloqot yakuniga yetgach, men so‘radim:
– Pasha xola! Unga javob salbiy bo‘lishini siz qaerdan bilasiz?
– Bizda ijobiysi bo‘lmaydi-da!
SHKLOVSKIY BELOMORKANALDA
O‘tgan asrning 30-yillari Viktor Borisovichning akasi, mashhur filolog Vladimir Borisovich Shklovskiy qamoqqa olinadi. Viktor Borisovich yordam so‘rab Gorkiyga murojaat qiladi, u esa andak og‘rinib bo‘lsa-da, Yagoda bilan gaplashib ko‘rishga va’da beradi. Natijada Yagodaning o‘zi Shklovskiyga telefon qiladi. Ismi sharifini to‘liq ayta turib, u Vladimir Borisovich Belomorkanalga «qayta tarbiyalanish» uchun yuborilgani, u yerda shart-sharoit yaxshi ekani, agar istasa buni shaxsan o‘zi borib ko‘rib kelishi mumkinligini aytadi. Ayni chog‘da bu bunyodkorlik jabhasida javlon urayotgan sobiq jinoyatchilarni chekistlar jamiyatning foydali a’zolariga aylantirayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishini pisanda qiladi. Xullas, Viktor Borisovich jo‘nab ketadi.
Akasini baribir qutqarolmaydi: Vladimir Borisovich oxir-oqibat Stalin qatag‘onida o‘lib ketadi.
Viktor Borisovichning Belomorkanalga safari chog‘ida chekistlar eng oliymaqom mehmonday izzatini joyiga qo‘yadilar. Uning kimning ko‘rsatmasi bilan kelganini yaxshi bilishardi.
Safar chog‘ida mutasaddilardan biri aziz mehmondan bu yerda o‘zini qanday his etayotgani haqida so‘rab qoladi.
Shklovskiyning o‘shanda aytgan javobi keyinchalik mashhur bo‘lib ketadi:
– O‘zimni teri do‘koniga kirib qolgan tirik tulkiday his qilyapman.
ADABIYOT UCHUN YAXSHI ZAMON BO‘LMAYDI
Shklovskiy bilan juda ko‘p muloqotda bo‘lganman. Ulardan biri, ayniqsa yaxshi esimda qolgan. O‘shanda tortishib, hatto janjallashib qolayozganmiz.
Viktor Borisovichning o‘zi gap boshlab qoldi.
– Mening sizdan ko‘nglim to‘q, – dedi u. – To‘g‘ri, zamona og‘ir... Nima ham derdim, dahshatli davr... Ammo hamma davrlar shunaqa bo‘lgan. Adabiyot uchun yaxshi davr bo‘lmagan. Menga yaxshi davrda yashagan bironta yozuvchini aytib bering-chi... Ana, aytolmaysiz?.. Ana shunaqa!
O‘shanda meni nima jin urdi, bilmayman, (Shklovskiy bilan ilgari hech qachon tortishmasdim, bunga botinolmasdim) uning dono fikriga javoban, yo‘q, bunaqa emas, deya o‘shqirib yubordim. Yo‘q! Yolg‘on! Adabiyotning ahvoli hech qachon hozirgiday abgor bo‘lmagan! Hech bir zamonda! Hech qachon adabiyot ahliga, ayniqsa yoshlarga hozir bizda bo‘lganiday yomon bo‘lmagan.
– Sizning hasratingiz, – javob qiladi Shklovskiy faqat o‘zigagina xos bo‘lgan quv tabassum bilan, – erga tegishdan qo‘rqib, «Ehtimol sizga oson bo‘lgandir, oyijon! Siz otamga tekkansiz-da! Meni g‘irt begonaga uzatishyapti!» deya mulohaza yuritayotgan qizaloqni eslatadi.
AVTOBUSGA YO‘L BO‘SHATISH KERAKMI?
Viktor Borisovich mendan nima yozayotganim yoki yozmoqchi ekanim haqida so‘rab (60-yillarning boshlari edi) qoldi. Men unga «She’riyat kuni» bosh muharriri Smelyakov kim haqida bo‘lsa ham biron narsa yozib bering deganini aytdim. Inon-ixtiyorim o‘zimda dedim. Men unga Anna Axmatova haqida yozmoqchi ekanimni aytdim. (Uzoq tanaffusdan keyin shoiraning kichkinagina ko‘k kitobchasi bosilgan edi).
Viktor Borisovich xo‘rsinib dedi:
– Bosib chiqarishmasa keragov.
Men ham, hoynahoy bosib chiqarishmasa kerak, dedim. U bunga javoban barbod bo‘lishi oldindan ma’lum bo‘lgan ishga behuda vaqt, kuch sarflashning nima hojati bor deya e’tiroz bildira boshladi. Men bizning ishimiz natijasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar qo‘limizdan kelgancha sa’y-harakat qilishimiz lozimligini aytdim.
Mulohazalarimni xotirjam tinglagach, u menga yaxshi tanish bo‘lgan o‘sha yoqimli, xomush tabassum bilan javob qildi:
– Bilasizmi... Biz avtobusga himmat yuzasidan yo‘l bo‘shatmaymiz...
ADABIYOT VA HAYOT
«Literaturnaya gazeta»da ishlab yurganimda Blank degan yoqimtoygina bir keksa juhud ham tahririyatda qandaydir menga noma’lum bo‘lgan ish bilan kuymalanib yurardi. U ichki hayot deb atalmish bo‘lim xodimi edi. U yerda nima ish qilishi menga qorong‘u edi, bilishga ham qiziqmaganman. Men ishlaydigan adabiyot bo‘limi, mening nazdimda, gazetadagi eng muhim bo‘lim edi, bamisoli davlat ichidagi davlat edi. Boshqa bo‘limdagi xodimlar mening o‘sha kezlardagi g‘o‘r tasavvurimga ko‘ra ikkinchi va hatto uchinchi toifaga taalluqli kimsalar edi. Shunday bo‘lgach, «Literaturka»ga tasodifan kelib qolgan qanaqadir Blank degan qariya boshqa joyda, aytaylik «Sotsialisticheskaya industriya» degan gazetadami yoki bironta zavodning ko‘pnusxali gazetasidami karomatini ko‘rsatib yuraversa ham bo‘ladigandek tuyulardi.
Ammo bir kuni men o‘sha kezlar adabiyot olamida ma’lum va mashhur bo‘lgan Zinoviy Paperniy degan taniqli zotning Blank bilan og‘iz-burun o‘pishayotganini ko‘rib qoldim. U Blankka mehru ixlos bilan tikildi, yelkasidan qoqib qo‘ydi. Keyin ular yon-atrofdan o‘tib turgan menga o‘xshash yoshlarga xotirjamgina qarab, nima haqdadir uzoq gurunglashishdi. Ko‘pni ko‘rgan keksalar o‘tmishni, o‘t-olov bo‘lgan yoshlik chog‘larini eslashayotgani shubhasiz edi. Shundagina Blank degani kim o‘zi, mening qadrdon gazetamda nima ish qiladi, deb so‘radim.
– O! Bu juda ajoyib odam, – deya javob qilgan edi Paperniy. Keyin shunday bir voqeani gapirib berdi.
U, ya’ni Paperniy «Litgazeta»ga kelganda bu yerning tartib-qoidasi, pastu balandidan bexabar bo‘lgan, muharrirning birinchi topshirig‘idan o‘lgudek qo‘rqib yurgan. Oxiri o‘zi kutgan o‘sha dahshatli lahza keladi. Uni bosh muharrir Yermilov huzuriga chaqirtiradi. Yosh Paperniy yuragini hovuchlab muharrir xonasiga kiradi. U yerda Blank o‘tirgan ekan.
Yermilov maydalashib o‘tirmay, ikkoviga qilinajak ishlarni tushuntiradi. Zudlik bilan gazetaning shu soniga «Adabiyot va hayot» degan bosh maqola yozish lozim ekan. Paperniy yana nimanidir so‘ramoqchi bo‘ladi, shunda Blank so‘zsizgina imlab, uni qo‘ltig‘idan olgancha tashqariga boshlab chiqadi.
– Endi qanday ishlaymiz? – deb so‘raydi talmovsirab qolgan Paperniy Blank bilan xoli qolishgach.
– Ortiqcha bosh qotirishning hojati yo‘q, – deydi Blank. – Men adabiyotni mutlaqo tushunmayman, ammo hayotni bilaman. Siz esa hayotni mutlaqo tushunmaysiz, ammo adabiyotni bilasiz. Shuning uchun siz borib adabiyot haqida yozing, men borib hayot haqida yozay.
– Keyin bularni qanday qilib qovushtiramiz? – deb so‘raydi Paperniy hali-hamon masalaning mohiyatini yaxshi ilg‘ay olmay.
– Qiyin joyi yo‘q, – deya javob qiladi Blank. – Siz o‘z qismingizni «Bu orada adabiyot hali...» degan jumla bilan tugallaysiz.
Paperniy xuddi shunday qiladi. Bu g‘aroyib jumla Blank yozgan matn bilan shunday yig‘lab ko‘rishadiki, bironta chok-poki sezilmay qoladi. Hatto eng talabchan, qitmir gazetxon ham bu yaxlit matn bir-biri bilan hatto tanish bo‘lmagan ikki kishi tomonidan yozilganini payqay olmaydi.
Darhaqiqat, Blank adabiyotni tushunmas edi. Hayotni esa yaxshi bilardi.
DEMAK, SIZLAR YOZUVCHI EMASSIZLAR
Institutimizga Erenburg kelgan edi.
Avvalo, institut haqida bir og‘iz so‘z. U «Sovet Yozuvchilari uyushmasining A.M.Gorkiy nomidagi Adabiyot instituti» deb atalardi. Buyuk proletar yozuvchisining boshqa jo‘n, romantik va behuda sa’y-harakatlari ustidan istehzo qilishgani kabi undan kulishardi. Gorkiyning o‘zi bir vaqtlar o‘rtaga tashlagan «Adabiyotda ilg‘orlik sari!..» degan shior ham shunday kulgiga sabab bo‘lgandi.
Shunga qaramay, biz institutimiz bilan faxrlanardik. Har qadamda institutimizning dunyoda yagona ekanligini ta’kidlashardi. «Yozuvchilikka o‘qitib bo‘lmaydi» degan qitmir gaplarga institutimiz o‘z nizomida qayd etilganidek, o‘zini ko‘rsatgan yosh yozuvchilarga oliy adabiy-filologik ma’lumot berish maqsad qilib qo‘yilgani aytilardi. Shu tariqa, Adabiyot institutiga qabul qilingan va uni bitirib chiqqan yoshlarni yozuvchi deb hisoblash odat tusiga kirgan edi.
Bu tartibga ko‘ra, go‘yo yozuvchi ma’lumotsiz va hatto andak savodsiz ham bo‘laverishi mumkinday tuyulishi bilan bizning ishimiz yo‘q edi. Buning ustiga bir kuni «Pravda» gazetasida «Yozuvchi ziyoli odam bo‘lmog‘i lozim» degan bosh maqola chiqib qoladi! Esimda, bu maqola yozuvchilar o‘rtasida ancha-muncha shov-shuvga sabab bo‘lgandi. Yozuvchilar norozi bo‘lishadi: ularni muttasil partiyadan, xalqdan o‘rnak olishga, hayotni o‘rganishga da’vat etishayotgani kamlik qilganidek, mana endi ziyoli bo‘lishga ham majburlashyapti!
Ammo bu voqealar ancha keyinroq sodir bo‘lgan edi. O‘sha vaqtda men Adabiyot institutida o‘qirdim, haligidaqa be’mani talablar hali yozuvchilar oldiga qo‘yilmagandi. Saboqdoshlarimning hech biri o‘zining yozuvchi ekanligiga shubhalanmasdi. Ko‘pchiligimiz matbuotda ko‘rinib turardik, ayrimlarimizning birinchi kitoblarimiz chop etilish arafasida edi.
Shunday qilib, o‘quv dargohimizga Erenburg keladi.
U bizga yozuvchilik mahoratining sir-asrorlari haqida uch kun ma’ruza o‘qiydi.
Uni juda hayrat bilan tinglashdi deyolmayman, harqalay qiziqish bor edi. Hammasi sip-silliq ketayotgandi-yu, ammo uchinchi kecha yakunlanayotganda qiziq bir hol yuz beradi.
Qahramonning o‘limini tasvirlayotgan yozuvchi go‘yo o‘z o‘limini yozayotgandek bo‘lishi haqida hikoya qilarkan, Erenburg Balzak bilan bog‘liq o‘sha hammaga yod bo‘lib ketgan mashhur tafsilotni tilga oladi.
– Bir kuni Balzakning oldiga, – deya hikoya qila boshlaydi u, – o‘rtog‘i keladi. U yozuvchining oromkursidan behol yiqilayotganini ko‘radi. Tomir urishi zaif va notekis edi. «Tezda do‘xtir chaqiringlar!» – deb xitob qiladi o‘rtog‘i. –Janob Balzak jon beryapti!» Bu qichqiriqdan o‘ziga kelgan Balzak shunday deydi: «Sen hech nimani tushunmaysan. Hozirgina Gorio ota o‘ldi...»
Zalda kulgi ko‘tariladi.
O‘tirganlarning hammasi kuldi deyolmayman, ammo bu bir-ikkita ola qarg‘aning kulgisi ham emasdi. Ko‘pchilik, aytish mumkinki, deyarli hamma kulib yuboradi.
Erenburg oqarib ketadi. Lablari titray boshlaydi. Bu kulgi uning naq yuragiga zarba bo‘lib urilgani ko‘rinib turardi. O‘zini haqoratlangandek sezadi, javob ham shunga yarasha bo‘lmog‘i lozim edi. Va u shunday javob qiladi:
– Sizlar kulyapsizlarmi? – u zalga qahr bilan tikiladi. – Demak, sizlar yozuvchi emassizlar!
IKKI QATORGINA YAXSHI NARSA YOZGAN
«Literaturnaya gazeta»da ishlab yurganimda Mixail Matveevich Kuznetsov degan yoqimtoygina odam boshlig‘im edi. Biz tezda u bilan do‘stlashib ketdik, «sen»lashib gaplashadigan bo‘ldik. Men uni suyib Mixmat deb atardim. Boshliqlar bilan bunaqa apoq-chapoq bo‘lib ketish kamyob voqea edi. Mixmatning yoshi ham ulug‘roq, egallab turgan mavqei ham baland edi, men bor-yo‘g‘i oddiy xodim (jarangdorroq bo‘lishi uchun bizni maxsus muxbir deb atashardi), u esa bosh muharrir o‘rinbosari edi.
Ish yuzasidan Mixmat bilan tez-tez tortishib turardik. Faqat men bilan emas, boshqa xodimlar bilan ham unchalik chiqishmasdi. Mixmat hamma bilan yaqindan til topishib ketsa-da, gazetada biron qaltisroq narsani bervormasmikin deya har birimizdan hadiksirayverar, bunga andak asosi ham bor edi. Bunaqa masalada e’tiqodida muqim turardi. Goho shunday gap qotardi:
– Yo‘q, yigitlar, bunaqasi ketmaydi! Bu siyosatga to‘g‘ri kelmaydi!
Ayrim hollarda esa bunaqa ayblov sal boshqacharoq jaranglardi:
– Yo‘q, yigitlar, bunaqasi ketmaydi! Buni hazm qilib bo‘lmaydi!
Siyosat bobida ham, o‘sha hazmi qiyin narsa borasida ham Mixmat faqat bizga emas, o‘ziga ham unchalik ishonmasdi, muttasil hadiksirayverardi. Biz unga yozgan narsalarimizda siyosatga zid, hazmi qiyin materiallar yo‘qligini, bu narsalar uning ko‘ziga ro‘yodek ko‘rinayotganini aytar edik.
Xullas, bir kuni Mixmat meni xonasiga chaqirib, e’tirozga o‘rin qoldirmay topshiriq berdi:
– Mana bu Panferovning maqolasi. Gazetaning shu sonida bosilishi kerak. Sen unga mas’ulsan. Faqat, yana biron ishkal chiqarib o‘tirma. Hech qanaqa tahrir-pahrir bo‘lmasin... Biron nuqtasiga teginmaysan... Panferov – bu Panferov! Savodli yozilganmi, savodsizmi, ishing bo‘lmasin, qanday qog‘ozga tushgan bo‘lsa, shunday bosamiz... Gapimni tushundingmi? Bironta nuqta-verguliga tegma!..
Men yelka qisib, tirik klassikning qo‘lyozmasiga hatto qarab ham qo‘ymay, matn ko‘chiruvchilarga eltib berdim. Qo‘lyozma ko‘chirilgach, uni yana o‘shandoq o‘qimay harf teruvchilarga topshirdim. Bosilib chiqqan sahifani ham o‘qib o‘tirmay (bironta nuqta-vergulini o‘zgartirish mumkin bo‘lmagandan keyin o‘qishning nima keragi bor?) qo‘l qo‘yib yubordim. Ammo nazorat sahifasi bosilib chiqqanda, «Hay mayli, o‘qisam bir o‘qib qo‘yay nima balo yozilganini!» degan fikr xayolimga keldi. Va o‘qib chiqdim. Unda yozilgan shunday g‘alati jumlani o‘qib, hayratdan yoqa ushlab qoldim:
«Mana qirq yildan buyon sovet xalqi duch kelgan dahshatli qiyinchiliklarni yengib, qon yutib, axlatlarga ko‘milib, sabr-toqat bilan kommunizm qurmoqda!»
«Qon yutib, axlatlarga ko‘milib»... Topib aytganini qarang. Ayniqsa «sabr-toqat» haqida aytgani meni zavqlantirib yubordi. «Endi o‘lsang ham bo‘laveradi, bundan zo‘r yozolmaysan!» deydigan odam yo‘q.
«Hali shoshmay tur, – o‘zimcha Mixmatni yanib qo‘ydim. – Hozir senga bironta nuqtani o‘zgartirmaslik qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yaman!»
– Ixtiyor o‘zingda, Mixmat, – dedim boshliqning xonasiga kirib, – ammo men bu topshirig‘ingni bajarolmayman. Panferovning maqolasidagi ayrim jumlalarni baribir tahrir qilmasa bo‘lmaydi.
– Men senga gapning po‘st kallasini aytdim! – deya baqirdi Mixmat. – Bironta nuqtasini o‘zgartirmaysan! Sizlarning odatdagi nayranglaring bu yerda ketmaydi! Uni Panferov deyishadi! Uning o‘z uslubi bor! U, kerak bo‘lsa, andak muruvvatga ham haqli!..
– Haqli bo‘lsa haqlidir, – dedim. – Bosh ustiga. Ammo mening fuqarolik burchim yo‘l qo‘ymaydigan ayrim narsalar ham bor...Istaganingni qil, ammo bu maqolaga men imzo chekolmayman...
Ana shunda Mixmat jazavaga tushib baqira ketdi. Anchagacha kimlarnidir qoralab gapirdi. Tez orada Mitya amaki (asosiy g‘animimiz – Partiya Markaziy Qo‘mitasi madaniyat bo‘limi boshlig‘i Dmitriy Alekseevich Polikarpov) hammamizni ishdan haydab yuborsa to‘g‘ri bo‘lishini pisanda qildi...
U sal hovridan tushgach, maqolaning o‘sha joyini ko‘ziga to‘g‘rilab qo‘ydim.
Boshqa baqirishga Mixmatning holi qolmagan, shu bois men tutqizgan matnni o‘qimoqdan o‘zga iloji ham yo‘q edi. Masalaning mohiyatini tushunib yetgach, dami ichiga tushib ketdi.
– Buni nima deb atash o‘zingga havola, – dedim achitibgina. – Siyosatga qarshi deysanmi, hazmi qiyin deysanmi – ixtiyoring!
Mixmat o‘zining tahrirda ishlatadigan qizil qalamini olib, peshonasini tirishtirgancha, hatto andakkina taassuf bilan maqoladagi o‘sha nordon satrlarni bo‘yashga tushdi.
Uning afsus-nadomati tushunarli edi. Axir Fedor Ivanovich Panferov uzoq hayoti davomida ana o‘sha ikki qator jumladan ko‘ra yaxshiroq narsa yozolmagan edi.
KAZAKLAR BAHSGA ARALASHGANDA
Rossiya Fanlar akademiyasining A.M.Gorkiy nomidagi jahon adabiyoti instituti ancha nufuzli dargoh. U yerda o‘tkaziladigan jamiki ilmiy bahslar o‘ta akademik maqomiga ega hisoblanadi.
Ammo bu gal masala andak boshqacharoq tus oldi.
«Tinch Don»ni rostdan ham Mixail Sholoxov yozganmi yoki boshqa muallifmi degan masala muhokama qilinayotgan edi.
Bahs andak lanjroq davom etardi. Aksariyat so‘zga chiquvchilar Mixail Aleksandrovichga hurmat-ehtiromini izhor etishar, uning dahosidan hayratlanishar, uning muallifligi borasidagi har qanday shubha-gumon qabohatdan boshqa narsa emasligini ta’kidlashar edi.
Kimdir Sholoxov shunchaki rus yozuvchisi emas, ayni chog‘da pravoslav yozuvchisi ham ekanini pisanda qildi. Ayrimlar uni ateist bo‘lgan deyishdi. To‘g‘ri, ammo bu hech nimani anglatmaydi, zero rus tuprog‘idagi ateizm pravoslavlikni inkor etmaydi.
Yozuvchi Pyotr Proskurin oradan besh yuz, ming yillar o‘tgach XX asrda yashab o‘tgan rus yozuvchilaridan sanoqlilarigina esga olinishini aytdi. Ana o‘sha sanoqli adiblarni hozir aytishi mumkin, ammo zalda o‘tirganlarni xijolatga qo‘ymaslik uchun bunday qilolmaydi. Shu bois faqat Sholoxovning nominigina tilga oladi.
Boshqalar ham taxminan shu yo‘sinda gapirdilar.
Ushbu madhiyabozlik ichida Sholoxovning muallifligiga shubha bilan qarovchilarning ovozi eshitilmay qoldi.
Ilmiy konferentsiyaga taklif etilgan Sholoxovning hamyurtlari bahsga nuqta qo‘ydilar.
Don kazaklari vakili so‘zga chiqib, aynan shunday deydi:
– Rossiya oldida va jamiki halol odamlar huzurida, ommaviy axborot guvohligida shuni alohida ta’kidlab aytib qo‘ymoqchimanki, agar kimda-kim Sholoxovning «Tinch Don»ni yozganiga ishonmasa, kazaklar bunaqa odamni kaltaklaydi! Ayovsiz kaltaklaydi! Agar ular yaxshilikcha tushunishni istashmasa, kazaklarning an’anaviy mana shu usulini qo‘llashga majbur bo‘lamiz! Xo‘sh, nima deysizlar, kazaklar? Gapim ma’qulmi?
Taklif etilgan kazaklar baravariga xitob qilishdi:
– Ma’qul!
Ilmiy bahs ana shunday yakun topdi.
YAGONA IMKONIYAT
Yelena Sergeevna Bulgakova erining o‘limi oldidan uning asosiy kitobi – «Usta va Margarita» romanini chop etmaguncha jon bermasligini aytib, qasam ichadi. Va o‘z qasamiga sodiq qoladi.
Vaqti-soati yetganda bir kuni u roman qo‘lyozmasini «Moskva» jurnaliga olib boradi.
Bundoq qaraganda bu tentaklik edi. O‘sha kezlar Bulgakovni chop etishi mumkin bo‘lgan yagona jurnal «Noviy mir» edi. Ammo «Noviy mir» yaqindagina Bulgakovning «Teatr romani»ni bosib chiqargandi. Shu bois Yelena Sergeevnaning «Moskva» jurnaliga borishdan boshqa iloji qolmagan edi. «Oktyabr» jurnaliga – Kochetovga ro‘para bo‘lish aqlga sig‘masdi!
«Moskva» jurnalida o‘sha kezlar «Rubanyuklar xonadoni» romanining muallifi Yevgeniy Popovkin bosh muharrir edi. Bu romanni o‘qimagandim, ammo fikrimcha, bu roman Kochetovning «Aka-uka Yershovlar» degan romaniga (buni ham o‘qimagandim) o‘xshardi.
Ma’rifatli kitobxon hoynahoy bu hazilni Genrix Geynedan o‘g‘irlaganimni sezib turibdi.
Agar behazil aytadigan bo‘lsak, Popovkinning nomi endilikda Sartakov, Permitin, Zakrutkin kabi unutila boshlangan sotsialistik realizm namoyandalari bilan bir qatorda turar, kimdir hazil qilib aytganidek, ular armiya va flotning qo‘llab-quvvatlashi tufayligina yozuvchi bo‘la olishlari mumkin edi.
Ammo ma’lum bo‘lishicha, Yevgeniy Yefimovich Popovkin, harqalay, nimasi bilandir ulardan farqlanar ekan.
«Usta va Margarita»ni o‘qib chiqqach, u Yelena Sergeevnaga romanni jurnalda bosib chiqarish mutlaqo mumkin emasligini aytadi.
– Ammo, – deya qo‘shimcha qiladi u, – bu mening adabiyot tarixida qolishim uchun berilgan yagona imkoniyat ekanini tushunaman.
Bosh muharrir aql bovar qilmaydigan ishni amalga oshiradi. Romanni jurnalda bosib chiqaradi.
OLOV OSMONDAN TUSHADI
«Noviy mir» jurnali tahririyatida Soljenitsinning «Ivan Denisovichning bir kuni» qissasi paydo bo‘lgach, Tvardovskiy bu asar uchun oqibati hoynahoy ko‘ngilsiz tugaydigan kurashga bel bog‘lashdan oldin uni yaqin do‘stlariga o‘qib chiqish uchun beradi: ularning qo‘llab-quvvatlashiga ishonch hosil qilmoqchi bo‘ladi. Asarni birinchilar qatori o‘qib chiqqanlardan (tahririyat xodimlarini mustasno etganda) biri Samuil Yakovlevich Marshak edi.
Menga bu haqda u shunday degan edi:
– Men hamisha Aleksandr Trifonovichga avvalo sabr-toqat bilan gulxanning qalovini topish kerak deganman. Olovning o‘zi osmondan tushadi...
Qissa qo‘lyozmasini «Noviy mir»ga Lyova Kopelev keltirgandi. Hech qanday osmondan tushadigan olov haqida gapirib o‘tirmagan. U qo‘lyozmani Asya Berzerga botinib-botinmaygina tavsiya qilarkan, o‘qib chiqishni so‘raydi. Balki maqtashga jur’at qilolmagandir, balki rostdan ham qissa unchalik ma’qul bo‘lmagandir, azbaroyi Aleksandr Isaevich bilan do‘stona munosabatda bo‘lgani uchun asarni jurnalga topshirgandir. Ammo Asya qo‘liga falakning gardishi bilan qanday noyob, qimmatli asar kelib tushganini darhol anglaydi, paytini topib, bunaqa holatlarda nima deyish lozim bo‘lsa hammasini aytib, qissani Tvardovskiyning qo‘liga beradi.
Tvardovskiy qo‘lyozmani olib, o‘sha kechasiyoq o‘qib chiqishga va’da beradi. Mutolaani ancha kech, to‘shakka yotganida boshlaydi. Ammo bir necha sahifani o‘qib chiqqach, bunaqa narsani yotgan holatda o‘qish mumkin emasligini anglaydi. O‘rnidan turadi, kiyinib, stolga o‘tiradi. Oxirigacha o‘qib chiqqach, yana qaytadan o‘qiy boshlaydi, asardan bosh ko‘tarolmay qoladi. Ana o‘shanda bu asarni bosib chiqarish uchun qo‘lidan keladigan hamma ishni qilishga qat’iy ahd qiladi.
Aleksandr Trifonovichning jurnaldagi do‘stlari, safdoshlari uning bu ezgu niyatini qo‘llab-quvvatlaydilar. Ammo ulardan eng yaqini, Tvardovskiyning o‘ng qo‘li, unga va jurnalga o‘ta sadoqatli, hayotda ko‘p og‘zi kuyaverib ehtiyotkor bo‘lib qolgan Aleksandr Grigorevich Dementev yuzma-yuz kelganda, harqalay shunday deydi:
– Bilib qo‘y, Sasha! Mabodo bu narsani bosib chiqarolganimizda ham ular bizni buning uchun kechirishmaydi. Shu bilan jurnalni ham boy berib qo‘yamiz.
U aqlli odam edi: yer tagida ilon qimirlasa sezardi.!
Tvardovskiy tortishib o‘tirmaydi. Adashi to‘g‘ri aytayotganini bilardi.
– Jurnal biz uchun qanday ahamiyatga ega ekanini bilasanmi, Sasha, – deya davom etadi Aleksandr Grigorevich, – u faqat bizniki emas. U butun Rossiyaniki...
– Tushunaman, – deya javob qiladi Tvardovskiy. – Ammo bu narsani bosolmasam, bunaqa jurnalning menga nima keragi bor?
IKKI XIL DUNYO
Moskvada uzoq yillar mashhur amerikalik jurnalist, nufuzli Amerika gazetalaridan birining muxbiri Genri Shapiro yashagan va xizmat qilgan edi. Uning ismi sharifi ahyon-ahyon bizning gazetalarda ham ko‘rinib qolardi. Kunlardan-bir kuni u hatto Stalindan intervyu olish sharafiga noil bo‘lgan. Markaziy adabiyotchilar uyida ham Shapiro degan jikkakkina, nimjon bir yahudiy bo‘lardi. Qanaqa munosabat tufayli uning nomi bilan ana o‘sha mashhur Amerikalikning ismi sharifi o‘rtasida g‘alati bir daxldorlik paydo bo‘lganidan xabarim yo‘q, balki shunchaki kulgi uchundir, harqalay yozuvchilar o‘rtasida shunaqa g‘aroyib atama paydo bo‘ladi. O‘zim ham goho «Ikki xil dunyo, ikki xil Shapiro» deb qo‘yardim. Ammo har gal bu luqmani takrorlaganimda bechora sovet kishisining amerikalik bilan tenglashishiga yo‘l bo‘lsin degandek, kosa tagidagi nimkosani nazarda tutardim.
Bu iboraning haqiqiy ma’nosi bir kuni «Izvestiya» gazetasidagi amerikacha hayot tarzi bilan bizning turish-turmushimiz qiyoslab yozilgan maqolani o‘qiganimdan so‘ng yaqqolroq anglashildi. Amerikada ko‘p yillar yashagani ko‘rinib turgan muallif maqolasida yorqin bir misol keltiradi. Mana aytaylik, amerikaliklardan biri Amerikadagi qandaydir bir idoraga telefon qilib, so‘raydi:
– Janob Beyker bilan gaplashsam bo‘ladimi?
Ishiga pishiq-puxta kotiba burro javob qiladi:
– Janob Beyker hozir ta’tildalar. Uning o‘rnida janob Takker ishlayapti. Uning telefoni falon-falon. Agar siz janob Takker bilan gaplashishni istasangiz, hoziroq ulashim mumkin.
– Bizda esa, – deya afsus-nadomat bilan qayd qiladi maqola muallifi, – bunaqa holatlarda butunlay bo‘lakcha manzarani kuzatasiz. Mana o‘sha savolni berib ko‘ring:
– O‘rtoq Petkin bilan gaplashsam bo‘ladimi?
– U yo‘q! – deya javob qiladi kotiba va go‘shakni sharaqlatib joyiga qo‘yadi.
Siz ikkinchi marta yana o‘sha raqamni terasiz.
– Kechirasiz, men hozirgina sizga telefon qiluvdim. Menga o‘rtoq Petkin kerak edi. Siz uni yo‘q dedingiz. Buni qanday tushunsam bo‘ladi? Balki, u biror soatdan keyin kelib qolar? Ehtimol, u endi bu yerda ishlamas?
Kotiba yana gapni kalta qiladi:
– U ta’tilda.
Shunday deya yana go‘shakni joyiga qo‘yadi.
Siz yana telefon qilasiz:
– Kechirasiz, yana men bezovta qilyapman. O‘rtoq Petkin qachon ta’tildan qaytishini aytolmaysizmi?
– Oyning oxirida.
Yana go‘shak sharaqlaydi.
Andak o‘ylanib turgach, siz yana o‘sha raqamni terasiz:
– Xudo xayringizni bersin, meni kechiring, joningizga tekkan-dirman. Balki siz menga janob Petkinning o‘rniga kim ishlayotganini aytarsiz?
– O‘rtoq Vaskin.
Yana telefon uzilib qoladi.
Siz yana telefon qilasiz:
– Sizni shunaqa bezovta qilayotganimdan juda xijolatdaman, – iltijo bilan yana past kelasiz.– Baraka toping, agar sizga malol kelmasa, menga janob Vaskinning telefonini bersangiz!
Nihoyat, siz ta’tilga chiqib ketgan janob Petkinning o‘rniga ishlab turgan janob Vaskinning telefon raqamini qo‘lga kiritish sharafiga (shunisiga ham shukur) muyassar bo‘lasiz.
– Qancha vaqt zoe ketdi! – deya yozg‘iradi muallif. – Odamning qancha sa’y-harakati behuda sarf bo‘ldi, asablari qaqshadi! Hamma ishkal shundaki, bizning kotiba kerakli saboqni olmagan. U kotibalik vazifasi nimadan iborat ekanini bilmaydi.
«Izvestiya»da o‘sha ajoyib maqola bosilib chiqqanda men «Literaturnaya gazeta»da vaqtincha bo‘lim mudiri edim. Muharrirga mo‘ljallangan, oldidagi mo‘‘jaz dahlizda kotiba ham bemalol joylashadigan kattagina, fayzli xonada o‘tirardim. Kotibam yosh bo‘lmasa-da, anchagina savlatli, malohatli bir xonim edi. Uning tashrif buyuruvchilar va telefon qiluvchilar bilan muomala-muloqoti o‘sha «Izvestiya»da ayovsiz tanqid qilingan kotibanikidan deyarli farq qilmasdi. Balki unchalik qo‘pol emasdir, ammo mohiyati o‘sha-o‘sha edi.
Bunday bo‘lishiga sabab kotibam Inna Sergeevnaning amerikalik kotibaday kerakli saboqni olmaganida emas. Kerakli tajribaga ega bo‘lmaganida ham emas.
Men ishga yarim kuncha kechikib, xonamda paydo bo‘lganimda u huzurimga kirib, menga hisobot berardi:
– Ivanov telefon qildi. Men unga bugun ijodiy kuningiz ekanini aytdim. Keyin Sidorov telefon qildi. Men unga ertalabdan Markaziy Qo‘mitaga ketganingizni eslatdim. Shundan sal o‘tmay Petrov kirdi. Unga kechgacha bo‘lmasligingizni tushuntirdim. Rahbariyat nima uchun joyingizda o‘tirmaganingiz bilan qiziqdi. Men ertalabdan Marshakning oldiga kirib o‘tmoqchi ekaningizni aytdim...
Yo‘q, Inna Ivanovnani tajribasiz deb bo‘lmasdi. Aksincha, u juda tajribali edi. Nafsilamrini aytganda, u shunchaki tajribaligina emas, orzudagi, a’lo darajada intizomli kotiba edi. Ammo uning intizomi amerikalik hamkasbidan farqli o‘laroq kerakli tomonga yo‘naltirilmagandi. Uning asosiy maqsadi har qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, xo‘jayinini himoya qilishga, ko‘krak kerib uning osoyishtaligini muhofaza qilishga qaratilgan edi.
Kotibam Inna Ivanovna bilan uning amerikalik hamkasbi o‘rtasida farq bor edi, albatta. Ammo, masalaning mohiyatiga chuqurroq qaralsa, farq har xil maktab ko‘rgan ikki kotiba o‘rtasida emas, ular xizmat qilayotgan ikki xil davlat idorasida edi. Amerika idorasida, agar o‘sha kotibaning ish yuritish usulidan kelib chiqib baho beradigan bo‘lsak, ISHNI BAJARISH ustivor hisoblanardi. Har qanday sovet idorasining bosh maqsadi esa IShNI BAJARMASLIK edi.
Darhaqiqat, ikki xil dunyo...
KITOB MASALASIDA MUAMMO BO‘LMAYDI
Vasiliy Grossmanning «G‘amgin kunlar» hikoyasi qahramoni hozirgina hayotdan ko‘z yumgan akasining kutubxonasi haqida shunday mulohaza yuritadi:
«Bu kutubxona hozir Nikolay Andreevich bilan birga dunyoni tark etdi. Bir odamning xohish-irodasi bilan to‘plangan kitoblar o‘sha insonning ruhiy dunyosini ham aks ettirishi haqidagi fikr Mariya Andreevnani hayratlantirdi. Ayni shu lahza, akasining o‘limi oqibatida bu kitoblar xuddi o‘lgan odamning kallasidagi hujayra-lari yanglig‘ to‘zg‘ib-yo‘qolib ketayotgan edi.»
Bu juda ham nozik va ravshan fikr edi. Ammo sovet davridagi ziyolilar orasida Grossman qahramoni Nikolay Andreevichga o‘xshagan odamlar yombidek kamyob edi. Hayotda ko‘pincha butunlay bo‘lakcha manzara hukmron edi.
Qo‘shnilarimdan biri, mashhur yozuvchi boshqa uyga ko‘chayotgan edi. Yanglishmasam, u boshqa bir ziyoli, chamasi yozuvchi bilan uyini almashtirayotgan edi.
Bir kuni qandaydir tasodif bilan uyiga kirib qoldim. Xonalardagi jihozlarning yarmi yig‘ishtirib qo‘yilgandi. Biz, tabiiy, ko‘chish mashaqqatlari haqida gurunglashdik. «Kambag‘al bo‘lsang ko‘chib ko‘r» degan maqolni ham tilga oldik.
– Hammasidan qiyin, mana bular, – deya so‘lish olib gapirdi qo‘shnim bag‘ri kenggina xonasidagi kitoblar taxlab qo‘yilgan jovonlarga ishora qilib. – Bularni buyurtma bilan, devorga qoqtirib yasatgandim. Endi bularni qayta yig‘ishtirib olish kerak. Buyog‘iga qanday olib borisharkin, qanday o‘rnatisharkin...
– Kitoblar nima bo‘ladi? – dedim unga achinib. – Javonlar sal-pal tirnalsa hechqisi yo‘q. Ammo kitoblar yirtilsa yoki chang-g‘ubor qo‘nsa...Sen yaxshisi quti-puti topib, ichiga taxlab qo‘yishing kerak...
– Aynan kitoblar masalasida hech qanday muammo bo‘lmaydi, – deya e’tiroz bildirdi u.
U menga kitoblarni tashib ovora bo‘lib yurmasligini, uyini almashtirayotgan odamda ham aynan shunaqa kitoblar borligini kulimsirab gapirdi. Balzak, Gyugo, Zolya, Drayzer, Gorkiy, Leskovlarning o‘sha jildliklari... Qisqa qilib aytganda, obuna nashrlar. Uylarini almashtirayotgan har ikki yozuvchi o‘zlariga havoday zarur bo‘lgan kitoblarni emas, obuna orqali qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan asarlarni yig‘ishgan edi. Oddiy sovet kitobsevari esa qandaydir bir tanqis Drayzerga obuna bo‘lish uchun tong sahardan turib navbatga turishi, yo‘qlama qilinayotganda navbatdan chiqib ketmasligi uchun vaqtida borib ro‘yxatdan o‘tib turishi lozim edi.Bizning yozuvchi birodarimiz esa ortiqcha jonini koyitmay istagan nashriga obuna bo‘lishi mumkin edi. Bunaqa imtiyozni qo‘ldan chiqarib bo‘larmidi?!
– O‘zimga kerakli o‘ntacha kitobni sumkamga solib qo‘ysam bas – tamom vassalom, – dedi qo‘shnim kulib. – Boshqasini o‘ylab o‘tirmay almashtiramiz-qo‘yamiz!
YASHASH UCHUN
Adabiyot jamg‘armasidagi to‘polonlar haqida gapirib bergan jam-g‘arma xodimi bu ko‘ngilsizliklar sababi haqida hech narsa demadi. Sabablar esa izohsiz ham ma’lum edi.
Bu davrga kelib sovet Adabiyot Jamg‘armasi urushdan keyin abgor holatga kelib qolgandi.
Pasternak moddiy jihatdan juda qiynalib qolganda kimdir Adabiyot Jamg‘armasidan ozroq pul qarz olish mumkinligini aytib qoladi. Chamasi, bu qaytarilmasa ham bo‘laveradigan qarz edi. Jamg‘armada Boris Leonidovichni yaxshi bilishardi, shu bois u iltimos bilan murojaat qilganda shunday deyishadi:
– Ha, albatta ... Faqat ariza yozish kerak.
Boris Leonidovich bir varaq qog‘oz so‘raydi, stolning bir chetiga omonat o‘tiradi va tezda arizani yozib, imzo chekadi.
– Juda yaxshi, – deyishadi unga ariza matnini o‘qib ko‘rishgach. – Faqat, Boris Leonidovich, oxirida bu pullar sizga nima uchun kerakligini ham yozib qo‘ysangiz.
– E–ha, – deydi Boris Leonidovich, – albatta, albatta. Hozir...
Pasternak arizasini qaytarib oladi, matn oxiridagi nuqtani vergulga almashtiradi va bor-yo‘g‘i ikkita «yashash uchun» degan so‘zni qo‘shib qo‘yadi.
Boris Leonidovichga o‘sha so‘ragan qarzini hoynahoy berishgandir. Ehtimol, o‘shanda Stalin osmondan tushgan odam deb ta’riflagan bu g‘aroyib kimsaning ustidan kulishgandir ham, ammo nima bo‘lganda ham iltimosini qondirishadi, zero bu voqea Pasternakning Nobel mukofotini olishidan oldinroq sodir bo‘lgandi. Xodimlarning kulganiga sabab – o‘sha davrda «yashash uchun» hech kimga qarz, ayniqsa, qaytarilmaydigan qarz berilmasdi. O‘z arizalarida dalahovli qurmoqchi, avtomobil sotib olmoqchi, qimmatbaho mebel olmoqchi ekani ko‘rsatilgan yozuvchilargagina qarz berilardi.
Sirasini aytganda, jamg‘armada ishlaydigan xonim va xonimchalardan birontasi Pasternak deganlari kim ekanini bilmasdi. Ammo partkom a’zolari va sekretariatdagi arboblarning har birini basharasidan taniydigina emas, balki ismi sharifigacha to‘liq bilishar edi.
JAMG‘ARMANI KIM TASHKIL QILGAN?
Bir kuni Viktor Borisovich Shklovskiy ana o‘sha o‘zi uchun unchalik tanish bo‘lmagan, yangicha adabiyot jamg‘armasiga kelib, bu yerdagi xonimchalardan biri bilan ish yuzasidan gaplasha turib, xonimning uni mutlaqo tanimasligini payqab qoladi. Darg‘azab bo‘lib, xonimchaga momaqaldiroqdek gumburlagan ovozi bilan baqira ketadi:
– Siz meni bilishingiz shart! Bilasizmi siz qaerda o‘tiribsiz? Qanday dargohda xizmat qilayotganingizni bilasizmi? Adabiyot jam-g‘armasini kim tashkil etganini bilasizmi o‘zi?
Talmovsirab qolgan xonimcha qo‘rqa-pisa javob qiladi:
– Siz... tashkil qilgansiz!
Viktor Borisovich bunaqa muruvvatni kutmagan edi, albatta. Haligi jo‘n savolini berganda u 1859 yili Drujinin, Tolstoy, Nekrasov, Ostrovskiy, Turgenev, Annenkovlar asos solgan haqiqiy Adabiyot Jam-g‘armasini nazarda tutgan edi... Ammo u tashrif buyurgan bu dargoh bilan eski Adabiyot Jamg‘armasi o‘rtasidagi mushtaraklik faqat uning nomidagina saqlanib qolgandi.
Eski Adabiyot Jamg‘armasining faoliyati V.G.Belinskiyning oilasiga nafaqa tayinlashdan boshlangandi. Avvaliga yangi, sovet Adabiyot Jamg‘armasi ham ana o‘sha xayrli an’anani davom ettirmoqchi bo‘lib, hayotdan ko‘z yumgan mumtoz adiblarning yoshi ulug‘ «bolalariga» qandaydir arzimas nafaqa tayinlagan edi. Ammo, yozuvchilardan biri nordongina kinoya qilganidek, eski Adabiyot Jamg‘armasi bilan yangisining farqi – eskisini badavlat yozuvchilar kambag‘al hamkasblariga yordam berish uchun joriy etgan bo‘lsa, yangi jamg‘arma boylarga yordam berish uchun kambag‘al yozuvchilardan a’zolik badali yig‘ardi.
Badavlat yozuvchilarning ishtahasi esa borgan sayin karnay bo‘lib borardi. Pasternak va Shklovskiy kabi adiblarga ma’lum muddat katta dasturxondan arzimas sadaqa berib turiladi. Ammo Pomyalovskiyning nabirasi va Gleb Uspenskiyning evarasiga kelganda mablag‘ tugab qolgan edi.
XAVFLI ALOQA
Viktor Borisovich Shklovskiy bir kuni tsenzurani qanday qilib chuv tushirganini gapirib beruvdi.
– Nima uchun ba’zan qamoqxonadan mahbuslar qochib ketadi? Chunki qamoqxona noziri mahbusning qochib ketishi mumkinligi haqida doimo bosh qotiravermaydi. Mahbus esa hamisha shu haqda o‘ylaydi. Tushunyapsizmi? Ana shunaqa!..
Viktor Borisovich faqat o‘ziga xos, tesha tegmagan fikr-mulohazalarini qoyilmaqom qilib ifodalash mahorati bilan mashhur edi. Ammo bir kuni men bunday g‘aroyib fikrning hayotga g‘aroyib bir tarzda tatbiq etilganiga guvoh bo‘lganman.
Yuriy Timofeev degan yaqin bir tanishim bolalar nashriyotida ishlardi. Lavozimi ancha yuqori – bosh muharrir o‘rinbosari edi. Ammo rahbariyat bilan munosabati yaxshi emasdi. Yaxshi bo‘lishi ham mumkin emasdi, Yura nashriyotda hech kimga o‘xshamasdi. Birinchidan, u adabiyotni sevardi. Shu holatning o‘ziyoq shubhali edi. Ikkinchidan, u mualliflar – yozuvchi va shoirlar bilan ham apoq-chapoq edi. Ulardan ayrimlari (Boris Slutskiy, David Samoylov) bilan yaqin do‘st edi.
Yura do‘stligini yashirib o‘tirmasdi, ana shuning uchun jazolandi: uni ishdan bo‘shatishdi.
Bundoq qaraganda, ushbu voqeaning hech qanday aytishga arzigulik jihati yo‘q. Faqat Yu.P.Timofeevni bosh muharrir muovini vazifasidan bo‘shatish haqidagi buyruqning nimaga asoslangani g‘aroyib edi. Bu asos «Mualliflar bilan aloqa o‘rnatgani uchun» deyilardi.
Bu asos xuddi 30-yillardagi yovuz tamg‘ani eslatardi: «Xalq dushmani bilan aloqa o‘rnatgani uchun». Bu mantiqqa ko‘ra mualliflar xalq dushmaniga o‘xshab qolgandi.
Ammo buyruq asosining g‘aroyibligi faqat shundangina iborat emasdi. Axir muharrir xizmat vazifasiga ko‘ra ham mualliflar bilan aloqa o‘rnatmasligi mumkin emas edi-da. Qanaqasiga endi uni bunday muloqot uchun ishdan bo‘shatish mumkin?
Ana shunaqa gaplar. Axir qamoqxona noziri ham xizmat vazifasiga ko‘ra mahbuslar bilan «aloqada» bo‘ladi. Ammo rahbariyati uning mahbuslar bilan yaqindan, do‘stona aloqa o‘rnatganini sezib qolsa, darhol ishdan bo‘shatib yuboradi. Va to‘g‘ri qiladi.
ANNA KARENINA KIM O‘ZI?
Bir kuni Aleksandr Trifonovich Tvardovskiyning mashinasi buzilib qolganda u bilan yaqin bo‘lgan keksa Marshak taklif qiladi:
– Men qarib qoldim, baribir hech yoqqa bormayman Mening mashinamni ola qol.
Ertasi kuni sahar chog‘i Marshakning mashinasi Tvardovskiyning yo‘lagida turardi.
Haydovchi xo‘jayinni ko‘rgach, o‘qib o‘tirgan qandaydir qalin kitobni bir chetga qo‘yib, qayoqqa boramiz degandek savolomuz qaraydi.
Tvardovskiy haydovchi qanday kitob o‘qiyotganini bilgisi keladi. U o‘rindiqdan engashib, kitobga ko‘z tashlaydi. Bu «Anna Karenina» edi. Shoirning ko‘nglida bir quvonch qalqiydi.
– Qalay? Yoqyaptimi? – javobning qanday bo‘lishini bilgandek, kitobga ishora qilib so‘raydi.
– Eh, siz so‘ramang, men gapirmay, – deya haydovchi bir xo‘rsinib qo‘yadi.
Yo‘l-yo‘lakay haydovchi shunday bir alamli voqeani hikoya qiladi.
– Bir kuni Samuil Yakovlevich bilan qayoqqadir ketayotgandik. Qandaydir bir temir yo‘li yonidan o‘ta boshladik. Bir mahal Samuil Yakovlevich shunday deb qoldi: «Qaerda ketayotganimizni bilyapsizmi? Bu aynan Anna Karenina o‘zini poezd ostiga tashlagan joy». Men shunday dedim: «Bu yerlar-ku, tanish. Faqat, bu... Anna Karenina deganingiz kim bo‘ldi? Men uni siznikida hech uchratmovdim shekilli...» Shu gapni aytishim hamon Samuil Yakovlevichning rangi quv oqarib ketdi. «Mashinani to‘xtating, bo‘tam! – dedi u. – Men Anna Kareninaning kim ekanligini bilmaydigan odam bilan bitta mashinada ketolmayman». Uni uygacha borishga zo‘rg‘a ko‘ndirdim. Uyga yetib kelganimizda u shunday gap qotdi: «Tepaga men bilan chiqasiz, bo‘tam!» Endi tamom deb o‘yladim. Hozir meni ishdan haydaydi. Ammo ish boshqacha bo‘ldi. Ichkaridan mana shu kitobni olib chiqdi. Uni qo‘limga tutqazib, dedi: «Mana, o‘qing. To o‘qib chiqmaguningizcha siz bilan tanish emasmiz deb hisoblayvering...» Mana endi o‘qiyapman, – dedi haydovchi.
YASHIRINIB OLGANMISH
Uydan chiqayotib, pochta qutisidan gazetani oldim va sahifani ochib, akademik Saxarovga berilgan navbatdagi qaqshatqich zarbaga ko‘zim tushdi. Maktub ostida go‘yo o‘zlarining fuqarolik burchini bajarayotganlarning imzosi turar, ular orasida mening qo‘shnim – mashhur bir rejissyorning ham ismi sharifi bor edi. Hovliga chiqqanimda uning o‘ziga duch kelib qoldim.
Qo‘limdagi gazetaga ko‘zi tushishi hamon yuzida afsus-nadomat ifodasi paydo bo‘ldi, shosha-pisha gapira boshladi:
– O‘qidingizmi?.. Ha, ha... Dahshat, dahshat... Butun hafta davomida yashirinib yurdim, boqqa ketib qoldim, telefonga ham yaqinlashmadim... Xotinimga qaerda ekanimni aytmaslikni tayinladim... Baribir meni topib olishdi, mashinaga o‘tqazib, tegishli joyga olib borishdi... Qo‘llarimni qayirgudek qilib majbur qilishdi... Hech narsa qilolmay qoldim...
Oradan bir necha kun o‘tgach, o‘sha qo‘shnim badiiy kengash raisi bo‘lgan idoraga yo‘lim tushib qoldi. O‘tirib, u yoq-bu yoqdan gurunglasha boshladik. Shunda kimdir gapirib qoldi:
– Bizning xo‘jayin ham qo‘lini qoraga botiribdi-da.
– Ha, darvoqe, men uni xuddi o‘sha kuni ko‘ruvdim, – dedim va uning gaplarini qisqacha aytib berdim.
Hamma xo-xolab kulib yubordi.
Ular kulib bo‘lishgach, xo‘jayinlarining qaerdadir shunaqa xat tayyorlanayotganini eshitib, paytavasiga qurt tushganini, qatordan qolmaslik uchun o‘zini o‘tga-cho‘qqa urganini aytishdi. Davlat kinosiga, Markaziy Qo‘mitaga, yana qayoqqadir qo‘ng‘iroq qilibdi. Oxir-oqibat Saxarovga mag‘zava ag‘darib yozilgan o‘sha mash’um xatga imzo chekish sharafi muyassar bo‘libdi.
– Yo tavba! – dedim hayratlanib. – Buning unga nima keragi bor ekan?
Ular yana kulishdi. Keyin men soddaga soddagina qilib tushuntirishdi:
– Qanaqasiga kerak bo‘lmas ekan? Axir u ham arbob, asoschi, Sotsialistik Mehnat Qahramoni va h.k... Hamma «Qahramonlar» imzo qo‘yib tursayu u chetda qolib ketsa... Xudo ko‘rsatmasin, tagiga suv ketgan deb o‘ylashlari mumkin-da...
YO‘LINI TOPISHDI
Bu voqeani menga Aleksandr Grigorevich Zarxi hikoya qilib beruvdi.
Ularning rejissyor Xeyfits bilan hamkorlikda yaratgan «Hukumat a’zosi» filmini o‘sha davrdagi odatga muvofiq Siyosiy byuro a’zolari endigina tomosha qilib bo‘lgan, oraga film ijodkorlari uchun nihoyatda ko‘ngilsiz bir sukunat cho‘kkandi.
Ko‘rik tamom bo‘lsa ham muhokamadan darak yo‘q edi. Yuqoridagi mansabdorlardan hech qanday sado chiqmaydi.
Rejissyorlar uylariga tarqab, nima bo‘lishini kuta boshlaydilar.
Oradan bir kun, ikki kun, uch kun o‘tadi... Film ijodkorlarining ahvolini tariflashga so‘z ojiz. Nihoyat, to‘rtinchi yoki beshinchi kuni telefon qo‘ng‘irog‘i jiringlaydi. Poskrebishev telefon qilayotgandi.
Suhbat juda yaxshi, samimiy bo‘ladi. U film ma’qul bo‘lganini ta’kidlaydi. Siyosiy byuro a’zolaridan hech kim e’tiroz bildirmabdi. Faqat bir kichik muammo shaxsan Poskrebishevni o‘ylantirib qo‘yibdi. Butun boshli filmda Stalinning nomi bir og‘iz ham eslanmabdi...
Aleksandr Grigorevich pisandani darhol payqab, bu anglashilmovchilikni tez orada tuzatishga va’da beradi.
Tuzatish esa aytishga oson... Axir ulug‘ dohiy nomini duch kelgan joyga tiqishtirib bo‘larmidi? Asarning badiiy tomoniga ziyon-zahmat yetmaydigan qilib qalovini topish lozim edi.
Aleksandr Grigorevich bir necha tunlarni bedor o‘tkazadi. Va nihoyat bir kuni qidirganini topgandek bo‘ladi.
Voqealar rivojiga ko‘ra film qahramoni «eng yuqori»ga xat yozadi. Xuddi ana shu o‘rinda qahramonning hayotini tubdan o‘zgartirib yuborgan o‘sha xat aynan kimga mo‘ljallanganini tomoshabinga nozik bir ishora bilan tushuntirib qo‘yish lozim. Ammo qanday qilib? Voqea qoq yarim tunda kechayotgandi. Qahramonning bu masalada maslahatlashadigan odami bo‘lishi mumkin emas. Albatta, bir varaq oq qog‘ozga aji-buji yirik harflar bilan yozilgan «Qimmatli...» deb boshlanuvchi yozuvni yirik planda ko‘rsatish ham mumkin. Ammo unda kutilgan badiiy samara chiqmaydi. Aleksandr Grigorevich esa, shubhasiz, badiiylik tarafdori edi.
Harqalay, u bu murakkab holatdan chiqish yo‘lini baribir topadi.
Kerosin chirog‘i yorug‘ida xatini yozayotgan qahramon ayol o‘rnidan asta turib, karavotda uxlab yotgan kichkintoy qizalog‘ini uyg‘otadi va ohista shivirlab so‘raydi:
– Qizim! «Vissarionoich» deganda bitta «s» bo‘ladimi yoki ikkita?
Qizaloq mudroq ko‘zlarini ishqalab, javob qiladi:
– Ikkita «s» bo‘ladi.
Aleksandr Grigorevichning hammuallifi, rejissyor Xeyfitsga bu topilma juda ma’qul bo‘ladi. Aleksandr Grigorevichning o‘ziga ham yoqadi. Ammo Stalinga yoqarmikin degan shubha paydo bo‘ladi. Bu topilma unga juda ham jo‘n tuyulmasmikin? U filmda o‘z nomining bunaqa badiiy ishoralarsiz, bor zalvori bilan dangal aytilishini xohlamasmikin?
Xayriyatki, bu hadiklar asossiz bo‘lib chiqadi.
Ma’lum bo‘lishicha, dohiyning badiiy didi juda nozik ekan: rejissyor Aleksandr Grigorevichning g‘aroyib topilmasi uni to‘la-to‘kis qanoatlantiribdi.
O‘QIDIM
Sumsk partizanlar birlashmasining qo‘mondoni Sidor Artemevich Kovpak juda ko‘p mukofot va unvonlar sohibi: general-mayor, ikki karra Sovet Ittifoqi Qahramoni. Bir muddat Ukraina Oliy Soveti Prezidiumi Raisi muovini ham bo‘lgan. Ammo bularning hammasi unga kamlik qilgan. U xalq e’tirofi ramzi bo‘lmish qator rasmiy unvonlar bilan bir qatorda yana yozuvchilik shuhratini ham qo‘msab qoladi. Ehtimol, uning o‘zi buni istamagandir. Ehtimol, Vatan urushining afsonaviy qahramoni yozadigan kitob haqidagi fikr boshqa birovdan chiqqandir. Nima bo‘lganda ham o‘sha kitob yoziladi. Tabiiy, Kovpak emas, adabiyotning nonini yeb yurgan boshqa odam tomonidan qog‘ozga tushiriladi. Bu oddiy bir hol edi: shunaqa adabiyotchilar o‘sha davrda ko‘p edi. Bunaqa soxtagarchilikni ancha obro‘-e’tiborli odamlar boshlab bergandi. Ularning birinchisi Gorkiy edi. Estafetani qabul qilib olgan Marshak qutb qahramonlari va g‘avvoslar haqida bir qancha kitoblar yozadi. Bu ko‘zbo‘yamachiliklarning chuvi chiqib qolgani hammaga ma’lum. L.I.Brejnevning «Kichik yer»ini ayrim shovvoz yozuvchilarimiz dunyo adabiyotining yutuqlari bilan tenglashtirishgacha borib yetishdi-ku.
Xullas, Kovpakning «Putivldan Karpatgacha» degan kitobi yozilib, tahrirdan chiqarilib, chop etishga tayyorlab qo‘yiladi. Ana shunda kimdir qo‘lyozmani bosmaxonaga topshirishdan oldin «muallif»ga ham bir ko‘rsatib qo‘yilsa yomon bo‘lmasdi deb qoladi. Agar u lozim topsa balki bironta qo‘shimcha yoki tuzatish kiritar. Balki fikrini og‘zaki aytar.
Shunday qilishdi.
Tez orada qo‘lyozma tahririyatga qaytariladi. «Muallif»ning fikri muxtasar edi. Titul varag‘ida savodi g‘ovlabroq ketgan odamning qo‘li bilan aji-buji qilib bitilgan birgina so‘z bor edi: «Ukidim».
ISTAMASANG – GAPIRMA
Mashhur kompozitor Dmitriy Shostakovichning qo‘lida bir dard paydo bo‘ladi. Leningrad va Moskvadagi shifokorlar uni tuzatolmaydi. Kimdir unga Sibirga, Kurgan shahridagi mashhur jarroh Gavriil Abramovich Ilizarov huzuriga borishni maslahat beradi. Shifokorning u yerda mo‘‘jazgina kasalxonasi bor ekan.
Shifoxona ovqatlarining maza-matrasi yo‘q edi. Ahyon-ahyon bemorlarga kasalxona hovlisidan tashqariga chiqib, yaqin atrofdagi do‘kondan biron yegulik sotib olishlariga ruxsat berilardi.
Dmitriy Dmitrievich ham bir kuni o‘sha do‘konga boradi.
Kiyimlari aftadahol edi: yalang oyog‘ida shippak, egnida qopday kasalxona xalati.
Ostonada uni ikkita ipirisqi kutib oladi. «Uchinchisi bo‘lasan» deyishadi. U indamay so‘lkavoyni uzatadi. Ular tezda yarim litrlik aroqni sotib olishadi, qaytimini halol qaytarishadi, istakonlarga aroqni bo‘lib quyishadi. Risoladagi odamlar kabi ichishdan oldin u bilan tanishmoqchi bo‘lishadi. Ulardan biri o‘zini ishchiman deydi. Ikkinchisi muhandis emish.
– Sen kimsan? – «muhandis» yangi ulfatdan qiziqsinib so‘raydi.
Shostakovich javob qiladi:
– Men – kompozitorman.
«Muhandis» ishchi bilan ko‘z urishtirib olgach, shunday deydi:
– Hay mayli. Istamasang – gapirma.
BUNISINI O‘ZING YAXSHILAB O‘YLAB KO‘R
Bu voqeani ham menga Borya Balter gapirib beruvdi. Ushbu voqea tafsiloti uning kasallik tarixi bilan bog‘liq.
Bu gal u Botkinda emas, Birinchi Shahar kasalxonasida davolangan.
Keng, yorug‘ palatada uch nafar bemor yotardi. Ulardan biri, chamasi, maydaroq partiya faoli, boshqasi – oddiy ishchi edi.
O‘sha kezlar gazeta sahifalarida akademik Saxarovni jazavaga tushib qoralovchi maqolalar ketma-ket chop etilayotgandi, palatadagi gurunglar ham shunga daxldor edi.
Partiya faoli akademikni sotqinlikda ayblab, ustiga mag‘zava ag‘daradi. Gazetada muhandis Garin haqida yozilgan allaqanday bir maqola haqida gapiradi. Borya tortishish befoydaligini bilib, nochor koyinadi. Ishchi esa devorga o‘girilgancha miq etmasdi.
Gazetalardagi aybnomalarni to‘tidek yodlab, o‘rtaga to‘kib solgan haligi faol endi bu mag‘zavaga o‘zidan ham bir nima qo‘shgisi keladi.
– Xo‘sh, mana, o‘zing ayt-chi, unga nima yetishmasdi? – to‘satdan astoydil so‘rab qoladi u. – Dalahovli... Mashina... Uy... Hammasi muhayyo bo‘lsa... Akademiklarning maoshi qanaqa bo‘lishini aytib o‘tirmay... Uch karra Sotsialistik Mehnat Qahramoni. Demak, Kremlga birkitilgan. Sen Kremldagi imtiyozlar nima ekanini bilasanmi? Yeyish-ichish deyarli tekin. Ovqatlari beqiyos! Sen bilan bizning tushimizga ham kirmaydi... Yo‘q, sen menga ayt: bu nimasi o‘zi? Unga yana nima yetishmasdi?!
Xuddi shu lahza uzzukun davom etib kelayotgan tortishuv davomida og‘iz ochmay kelayotgan ishchi devordan o‘girilib, partiya faoliga masxara qilgandek qaraydi va shunday deydi:
– Buyog‘ini endi o‘zing yaxshilab o‘ylab ko‘r!
QO‘LINGIZNI QISIB QO‘YAY
Qo‘shnim, shoir German Abramov ancha serhayajon odam, Leningrad shohko‘chasidagi gazeta ko‘rgazmasida «Pravda»ni o‘qib turardi. Tabiiyki, sahifada g‘ashiga tegadigan bir maqolaga ko‘zi tushadi. German kabi yoshi oltmishlardan oshgan odam bunday ajoyib gazetani o‘qiyotganida hissiyotini andak jilovlab olsa yomon bo‘lmasdi. Ammo, yuqorida eslatganimdek, o‘ta hissiyotli odam emasmi, o‘zini tutolmay, bor ovozi bilan xitob qiladi:
– Axir qachongacha bema’ni narsalar bilan boshimizni qotirishadi!
Ko‘nglini bo‘shatib, bundoq atrofga alanglab qarasa, shundoqqina yonida gaplarini bemalol eshitib turgan turqi sovuq bir kimsaga ko‘zi tushadi.
Garchi Stalin zamonasi bo‘lmasa ham, harqalay, balodan hazar – bunaqa yalang‘och gaplarni ko‘chada baqirib aytish xavfsiz emasdi. Albatta, Germanning xayolida bundan ming chandon beozorroq gap-so‘zlar uchun ham umri hibsxonalarda chirib ketganlarning ayanchli qismati jonlanadi.
Qisqasi, nojoiz gaplari eshitilganiga amin bo‘lgan German qo‘rqib ketadi. Shartta orqasiga qayrilib, tuyog‘ini shiqillatib qolsa ham bo‘lardi, ammo oyoqlari shol bo‘lganday o‘ziga bo‘ysunmaydi. Yonidagi o‘sha tur-qi sovuq yelkasiga qo‘lini tashlaganda esa birato‘la bo‘laricha bo‘ladi. U endi «Qani, men bilan yuring-chi!» degan o‘sha dahshatli so‘zlar aytilishiga shubha qilmasdi.
Ammo uning nojoiz so‘zlarini eshitib qolgan odam o‘zini butunlay boshqacha tutadi. U Germanga nogoh yorishib ketgan yuzlarini o‘girib, ixlos bilan deydi:
– Qo‘lingizni qisib qo‘yishga ijozat bergaysiz!
HAYVONOT BOG‘IDA
O‘tgan asrning 40- yoki 50-yillari Moskvadagi hayvonot bog‘ida Chandr degan ulkan arslon bilan Tobik degan kichkintoy kuchukcha bitta qafasda yashardi. Mutasaddilar bu holga og‘zini ochgancha angrayib qarab qolgan tomoshabinlarga arslonning bu jajji jonivorga qanchalar mehru muhabbat bilan qarashini, kuchukcha ham o‘z navbatida bunga munosib javob qilishini og‘zidan bol tomib hikoya qilardi.
Bu apoq-chapoqlikning asl mohiyatini qafas devoriga osib qo‘yilgan mana bu yozuvdan anglab olish mumkin edi:
«Bu ikki hayvon o‘rtasidagi do‘stlik ularni o‘z vaqtida ovqatlantirish orqali ta’minlab turiladi».
NOSHUKUR SAXAROV
Moskvadagi zavodlardan birida qandaydir katta mitingga tayyorgarlik ko‘rilayotgandi. Nima munosabat bilan – esimda yo‘q, bu unchalik muhim ham emas.
Hamma rollar oldindan taqsimlab qo‘yilgan, irod qilinadigan nutqlar ham yozib, tasdiqlangan. Ammo aksiga olib, hamma tonggi gazetalarda akademik Saxarovning hukumatga qarshi qaratilgan navbatdagi hatti-xarakatini qoralovchi maqolalar paydo bo‘ladi. Bebosh akademik tinib-tinchimasdi, sovet vatanparvarlari esa unga navbatdagi zarbani berishgan edi.
Yozib, tasdiqlab qo‘yilgan nutqlarga endi o‘zgartirish kiritishning mavridi o‘tgandi, miting endi boshlanay deganda partkom qandaydir bir ishlab chiqarish ilg‘ori bo‘lgan, gapga chechanroq notiqqa shunday topshiriq beradi:
– Sen nutqingni tugatgach, Saxarov haqida o‘zingdan biron narsa qo‘shib gapirib qo‘y.
– Albatta, – deydi notiq bosh irg‘ab.
– Yana esingdan chiqib qolmasin. Men senga ishonyapman.
Notiq ishora bilan tushuntiradi: hayajonlanma, hammasi joyida bo‘ladi. Esimdan chiqmaydi.
Darhaqiqat, esidan chiqarmaydi.
U nutqini oxiriga yetkazgach, qog‘ozini hafsala bilan taxlab, cho‘ntagiga soladi.
– Mana endi, o‘rtoqlar, – deydi u, – men ikki og‘iz Saxarov haqida gapirmoqchiman. Nimalar bo‘lyapti o‘zi! Biz unga hamma narsani muhayyo qilib berdik! Otning kallasidek maosh, mukofot, yangi kvartira – hammasini oldi! U esa noshukurchilik qilib Kievning «Dinamo»siga o‘tib ketdi!
HARAKATDAGI JALLOD
O‘tgan asrning o‘n yettinchi yili bahorida, Rossiyada inqilobiy taloto‘plar endigina junbushga kelayotgan bir pallada xorijdan yaqinda qaytib kelgan Leninning kim ekanligi hali ma’lum emasdi, ko‘pchilik uchun esa sirli tuyulardi. O‘sha kezlardagi siyosatchilardan biri Petr Berngardovich Struvedan nogoh voqealar markaziga chiqib qolgan, kimligi noma’lum bu kimsani ikki og‘iz so‘z bilan ta’riflab berishini so‘rashadi.
– Siz axir u bilan tanish edingiz. Hatto xorijda u bilan qo‘shni bo‘lib yashagansiz.
Struve kulimsirab qo‘yadi.
– Ikki og‘iz so‘z bilan deysizmi? – qayta so‘raydi u. – Hay, mayli, ijozatingiz bilan ayta qolay. To‘g‘risiyam, ikki og‘iz so‘z kifoya.
Shunday deya burro javob qiladi:
– Harakatdagi jallod!
TROTSKIY G‘ALABA QILSA
Bu voqeani Natan Eydelmanga otasi gapirib bergan ekan. Mahbuslar lagerida har kuni stalinchilar trotskiychilar bilan bahslasharkan. Bu tortishuvni bironta guruhga qo‘shilmaydigan bir keksa yahudiy mahbus diqqat bilan tinglarkan. Ana shunday tortishuvlar nihoyasida u bir kuni Natanning otasiga shunday debdi:
– Bilasizmi, Yakov Naumovich, men nihoyat Trotskiy bilan Stalin orasidagi farqni tushunib yetdim.
– ???
– Mana siz uyga nechta xat yuborishga haqlisiz?
– Bir yilda ikkita.
– Mabodo Trotskiy g‘alaba qilganda edi... Nima bo‘lganda ham Lev Davidovich Stalindan farqli o‘laroq ziyoli odam edi. Agar u g‘alaba qilganda siz bir yilda ikkita emas, uchta xat yuborishga haqli bo‘lar edingiz.
QAYSI GUNOHIMIZ UChUN?
Bir kuni Semyon Izrailevich Lipkin menga Dog‘iston obkom kotibi Doniyalov o‘z xalqini chechenlar, ingushlar, bolqorlar, qrim tatarlar boshiga tushgan kulfatdan qanday qilib qutqarib qolgani haqida gapirib beruvdi.
Urush yillari Beriya Bosh Qo‘mondonlikning Shimoliy Kavkaz frontidagi vakili bo‘lib, o‘sha kezlarda Dog‘iston obkomi kotibi bo‘lgan Doniyalovning uyida yashardi. Munosabatlari judayam do‘stona bo‘lmasada, harqalay, rasmiyatchilikdan xoliroq edi. Ishlar chappasiga ketayotganini payqagan Doniyalov Moskvaga, do‘sti Lavrentiy huzuriga oshiqadi. U ham vaziyatni yashirib o‘tirmaydi.
– U hammasini hal qilib qo‘ygan, – deydi Beriya. – Darbantgacha bo‘lgan hamma hudud RSFSR tarkibida qoladi, Darbantdan naryog‘i Ozarbayjonga o‘tadi. Xalq surgun qilinadi. Tayyorgarligingni ko‘raver.
– Nahotki biron chorasi topilmasa? – U hamma narsani hal qilib qo‘ygan bo‘lsa, bu haqda gapirish endi foydasiz ekanini yaxshi tushunib tursa-da, Doniyalov umidvor bo‘lib so‘raydi. Kutilmaganda Beriya ko‘ngliga kichik bir cho‘g‘ tashlab qo‘yadi.
– Men bir o‘zim hech narsa qilolmayman, – deydi u. – Ammo seni Georgiy bilan uchrashtirib qo‘yaman. (Malenkov nazarda tutiladi). Agar Georgiy rozi bo‘lsa, uchovlon bir urinib ko‘ramiz... Hozircha Moskvada bo‘lib, kutib tur.
Shunday qilib, Doniyalov kuta boshlaydi.
Xudo yorlaqagan kunlarning birida o‘rtoq Malenkov uni qabul qiladi. O‘zi uzoq vaqt intiq kutgan va astoydil tayyorlangan uchrashuv nihoyat bo‘lib o‘tadi.
Sharq odami emasmi, gapni uzoqdan boshlaydi. Dog‘iston xalqining bahorgi ekin-tikin mavsumiga ko‘tarinki ruhda kirishayotgani haqida hikoya qiladi. Dog‘istondan o‘tajak temir yo‘l qurilishini ham tilga oladi...
Malenkov bu gaplarni qulog‘ining bir cheti bilan tinglaydi. Masala hal bo‘lgan, shu bois endi peshonasi sho‘r respublikaning obkom kotibi aytayotgan gaplarning sariq chaqalik ahamiyati yo‘q. Ammo o‘shanda Doniyalov tazyiqsiz, beozor bir ohangda gap qotadi:
– O‘rtoq Stalinning Dog‘istonga avtonomiya berilganini shaxsan e’lon qilganda so‘zlagan nutqiga... yil to‘lishini nishonlamoqchimiz.
Malenkov tipirchilab qoladi:
– Qanaqasiga – shaxsan e’lon qilgan?
– Shaxsan. 1920 yilning 13 noyabrida Temir-Xon-Sho‘radagi mahalliy teatrda nutq so‘zlagan.
– Nutq e’lon qilinganmi?
Doniyalov XALQLAR OTASIning oldindan tayyorlab qo‘yilgan va o‘sha nutq maxsus belgi bilan ajratib ko‘rsatilgan kitobini stolga qo‘yadi.
Ochilgan sahifaga tezda ko‘z tashlagan Malenkov Doniyalovning qo‘lini qisib, deydi:
– O‘rtoq Doniyalov, uyga qaytib, xotirjam ishlayvering.
Shu-shu Dog‘iston xalqini surgun qilish masalasi boshqa ko‘tarilmaydi.
Semyon Izrailevichning o‘sha hikoyasini dog‘istonlik (aniqrog‘i-qo‘miq) yozuvchi do‘stim Muhammad-Sulton bilan gurunglashayotib eslab qoldim. Muhammad-Sulton Dog‘iston obkomini chorak asrdan buyon boshqarayotgan Doniyalov o‘zi avar bo‘lgani uchun muttasil o‘z millatdoshlariga yon bosib, qo‘miqlarga panja orasidan qaraganini aytib hasrat qiladi, zero, uning ishonchi bo‘yicha aynan qo‘miqlarning nufuzi Dog‘istonda ustivor bo‘lmog‘i lozim ekan. Bu adolatsizlik Dog‘iston tarixida ham o‘z asoratini qoldiribdi. Maxach Daxaevning shaxsi har jihatdan ulug‘lanibdi, hatto respublika poytaxti ham uning nomi bilan atalibdi (Maxachqala), chunki Maxach avar ekan. Qo‘miq Ullubiy Buynakskiyning nomi esa e’tibordan chetda qolibdi. Shu bois Muhammad-Sultonning bosh qahramoni Buynakskiy bo‘lgan kitobini obkom unchalik qo‘llab-quvvatlamabdi. Bu borib turgan adolatsizlik: axir Ullubuy Buynakskiy bolshevik bo‘lgan, ta’rifi ketgan Maxach esa bolshevik ham bo‘lmagan: menshevikmi, esermi – bir balo bo‘lganmish. (Tarixiy mavzularda, Shimoliy Kavkazdagi inqilob va fuqarolar urushi haqida bir qancha romanlar yozgan adib Muhammad-Sulton menshevik bilan eser o‘rtasidagi farqni o‘ziyam yaxshi bilmasdi. Undan «Maxach kim bo‘lgan o‘zi – menshevikmidi yoki esermidi?» deb so‘raganimda, u: «Bu siz – o‘rislarning ishingiz, bunaqa bosh og‘riqlarga toqatim yo‘q», deya javob qiluvdi).
Muhammad-Sulton bir kuni yana Doniyalov haqidagi eski plastinkasini aylantirib, avarlar ko‘proq qo‘llab-quvvatlangani, qo‘miqlar, lezginlar va respublikdagi boshqa xalqlarga e’tibor sust bo‘lgani haqida shikoyat qila boshlaganda, shunday dedim:
– Nima bo‘lganda ham sen yoqtirmaydigan mana shu Doniyalov sizlarni qutqarib qolgan-ku.
– Kimni qutqaribdi? Nimadan qutqaribdi?
– Surgundan qutqargan.
Shu lahza Muhammad-Sulton mendan Lipkin aytgan o‘sha voqeani eshitsa, qanchalar hayratlanishini o‘zimcha tasavvur qildim.
– Axir Stalin sizlarni ham surgun qilmoqchi bo‘lgan-ku. Xuddi chechenlar, ingushlar, qrim tatarlar kabi...
Muhammad-Sultonning ko‘zlarida samimiy hayrat zohir edi:
– Qaysi gunohimiz uchun?
SIZNI ROSTDAN KALTAKLASHGANMI?
O. ismli mashhur, behad go‘zal va malohatli kinoaktrisa urushdan keyin tez orada qamoqqa olinadi. Bechora lagerda ko‘p azob chekadi. Tutqunlikdan ilgari, ozodlikda yurganida juda dovrug‘ taratgandi. Xushtorlari bisyor, ko‘ngliga yo‘l topganlar ham ko‘p edi, ular orasida yuqori lavozimli odamlar ham bor edi. «Kiborlar» guruhidagi tanishlari orasida Davlat xavfsizlik qo‘mitasi xalq komissari Abakumov ham bor edi. Nihoyat, cheksiz azob-uqubatlardan joni hiqildog‘iga kelgan bo-yoqish xonim eski tanishligini eslatib, mushkulini oson qilishini iltimos qilib komissarga xat yozmoqchi bo‘ladi.
Xat yoziladi. Bu rasmiyatchilikdan xoliroq bo‘lgan bir hasrat edi. Hamma narsa ochiq-oydin yozilgandi. Aktrisa qamoqxona va lagerda o‘z boshidan kechirgan jamiki azoblarni batafsil tilga olgandi.
Maktub, shubhasiz, rasmiy yo‘l bilan emas, qandaydir bir mo‘‘jiza tufayli egasiga yetkaziladi. Shunday qilib, ajoyib kunlarning birida xonimni lagerning zax burchagidan olib chiqishadi, yuvib-tarab, qornini to‘yg‘azib, kiyintirib Moskvaga olib kelishadi. To‘ppa-to‘g‘ri Lubyankaga keltirishadi. Duch kelgan joyga emas, xalq komissariga ro‘para qilishadi.
Komissar unga peshvoz chiqadi, voqea go‘yo Kremldagi qandaydir bir ziyofatda ro‘y berayotgandek xonimning qo‘lini o‘padi.
Xonaning ichkarirog‘idagi dasturxonda hamma noz-ne’matlar muhayyo edi: konyak, shampan vinosi, meva-chevalar, shirinliklar...
Komissar aktrisani ishora bilan o‘tirishga taklif qiladi, o‘zi ro‘paradan joy oladi, qadahlarga vino quyadi. O‘tgan-ketganni eslashib, miriqib suhbatlashishadi. Aktrisa dunyoga qaytib kelgandek bo‘ladi, jamiki chekilgan zahmatlari endi ortda qolganiga chippa-chin ishonib qo‘ya qoladi. Va nihoyat, komissar quruq safsatani bir chetga surib, maqsadga ko‘chadi.
– Men xatingizni o‘qib chiqdim, – deydi u. – Nahotki mana shu yozganlaringizning hammasi rost bo‘lsa?
– Rost, – deydi aktrisa gapini tasdiqlab.
– Sizni rostdan ham kaltaklashganmi? – so‘raydi komissar.
– Kaltaklashgan, – xonim yana tasdiqlaydi.
– Seni qanday qilib urishgan? – so‘raydi komissar. – Qanday qilib?
U xonimning og‘ziga bir musht tushiradi.
–Mana shunday urishganmidi?
Tishni zirqiratadigan yana bir zarba beriladi.
– Balki mana bunday urishgandir?
Komissar shu tariqa xumordan chiqquncha do‘pposlab bo‘lgach, soqchini chaqiradi. Kaltaklangan, qoniga belangan aktrisani ko‘tarib ketishadi. Hibsxonaga tiqib qo‘yishadi, oradan bir necha kun o‘tgach, yana orqaga, qayta lagerga jo‘natishadi.
ATAY QILMADIM-KU!
Qaysidir bir gazetaning bosh maqolasida dahshatli bir xato o‘tib ketadi. Doimiy ishlatib kelinadigan «dohiy Stalin» iborasida «h» harfi «q»ga almashib, «doqiy» bo‘lib qoladi.
Muharrirni, tabiiy, qamoqqa olishadi. U o‘n yilga hukm qilinadi. Boyoqish tergovchi va hakamlar oldida o‘zini oqlab shunday deydi:
– Tushuninglar, axir! Men atay qilmadim-ku!
– Albatta, atay qilmagansiz, – deya unga javob qilishadi. – Biz atay qilmaganingizga shubhalanmaymiz. Agar atay qilgansiz deb o‘ylaganimizda, sizni otishga hukm qilgan bo‘lardik.
U MENGA YOQMADI
Bir kuni Gorkiy Babelga shunday deydi:
– Ertaga Stalin oldimga keladi. Siz ham keling. Unga yoqishga harakat qiling. Siz yaxshi gurung berasiz... Biron narsa haqida hikoya qilarsiz... Men unga yoqishingizni judayam xohlardim. Bu juda muhim.
Babel keladi.
Choy ichib o‘tirishadi. Gorkiy nima haqdadir gapirar, Stalin indamay o‘tirar edi. Shunda Gorkiy ma’nodor tomoq qirib qo‘yadi. Babel ishorani tushunib, ilinj bilan gap ochadi. U yaqinda Parijga borganini, u yerda Shalyapinni ko‘rganini aytadi. Tobora gapga berilib, Shalyapinni vatandan uzoqda sog‘inch qiynayotgani, musofirchilikda unga ham oson tutib bo‘lmasligi, Rossiyaga qaytishni orzu qilayotgani haqida to‘lib-toshib so‘zlaydi. U mo‘ljalga to‘g‘ri urayapman deb o‘ylardi. Ammo Stalin pinagini buzmaydi. Faqat choy qoshig‘ining istakon chetiga urilishigina eshitilardi.
Nihoyat, u gap qotadi.
– Xalq artisti Shalyapinning vatanga qaytish masalasini, – deydi u sekingina, – siz bilan biz hal qilmaymiz, o‘rtoq Babel. Bu masalani sovet xalqi hal qiladi.
Birinchi gapi uncha qovushmaganini payqagan Babel birozdan so‘ng bosh-qa tomondan yondoshib ko‘rmoqchi bo‘ladi. Yaqinda o‘zi borib ko‘rgan Sibir haqida gap boshlaydi. Bu o‘lkaning qahrli jozibasini tilga oladi.
U jo‘yali gapiryapman deb o‘ylardi. Ammo Stalin bu gal ham pinagini buzmaydi. Hamon choy qoshiqning o‘sha jiringi quloqqa chalinib turar, o‘zi esa miq etmas edi.
Babel ham noiloj jimib qoladi.
– Sibir daryolari, o‘rtoq Babel, – deya xuddi zalvorli so‘zlarini taroziga solganday ohista gap boshlaydi Stalin, – ma’lumingizkim, janubdan shimolga qarab oqadi. Shuning uchun xalq xo‘jaligiga hech qanday ahamiyati yo‘q...
Bu voqeani issig‘ida Babelning o‘zi bir tanishimga hikoya qiladi. Gapining adog‘ida u shunday deydi:
– Sizga nima ham der edim, azizim. Men unga yoqmadim. Ammo eng dahshatlisi...
– ???
– U ham menga yoqmadi.
U YOMON KUYLAMAYDI...
Chamasi, bu voqea tojik adabiyoti va san’ati haftaligi yopilishida ro‘y bergandi. Kremlda katta ziyofat beriladi. Ziyofatdan keyin nufuzli mehmonlarga kino namoyish qilinadi.
Devorga yaqinroq qo‘yilgan stolda ochilgan, ochilmagan shishalar, chala-yarim tanovul qilingan ovqatlar ko‘zga tashlanadi. Atrofda xizmatkorlar kuymalanib yurishibdi. Zalning ikkinchi bir adog‘ida mehmonlar kinoga taklif qilishlarini kutib turishibdi. Ikkinchi tomonda Siyosiy byuro a’zolari. O‘rtada – bo‘shliq.
Nogoh mehmonlar orasidan bir kishi ajralib chiqadi. U o‘zini «dohiylar»dan ajratib turgan bo‘shliqni kesib o‘tib, to‘ppa-to‘g‘ri Stalin tomon qarab yura boshlaydi. Bu Korneychuk edi.
Korneychuk dohiy bilan yuzma-yuz bo‘lgach, unga nimadir deydi. U qisqa javob qiladi.
Keyinchalik aytishlaricha, o‘rtada bunday savol-javob bo‘lgan ekan.
– O‘rtoq Stalin, – deydi Korneychuk. – «Pravda» gazetasining bugungi sonida safdoshlaringiz bilan Maliy teatrga borganingizni o‘qib qoldim. O‘sha kuni mening «Ukraina dashtlarida» degan piesam qo‘yilayotgandi. Spektakl haqidagi fikringizni bilmoqchi edim.
Stalinning peshonasi (u betakalluf muomalani yoqtirmasdi) tirishadi.
– Siz yomon yozyapsiz, Korneychuk. Chuqur emas yozganlaringiz.
Bu javobni eshitgan Korneychukning ko‘ziga dunyo qorong‘u ko‘rinib ketadi. U ichimlik va gazakning chalasi qolgan stolga borib, o‘ziga aroq quyadi. Ichadi. Yana quyib ichadi...
U «Bo‘lar ish bo‘ldi, bundan battar bo‘lmaydi”, deya o‘zini butunlay qo‘yvoradi. Navbatdagi qadahni zarda bilan ko‘tarib, o‘zi suygan ukraincha bir qo‘shiqni xirgoyi qila boshlaydi.
San’at masalalari qo‘mitasi raisi Xrapchenko dohiyga xushomad qilmoqchi bo‘lib, norozi ohangda to‘ng‘illaydi:
– Bu qanday sharmandalik! Ja-a haddidan oshib ketyapti!
– Nega endi? – deydi Stalin. – U yomon kuylamayapti. Ba’zan esa yomon yozmaydi. Sen bo‘lsang... – dohiy Xrapchenkoga o‘giriladi, – na kuylashni, na yozishni eplaysan...
O‘ZI ISTAGANINI KUYLAYVERSIN!
Kremldagi bir kontsertda Ivan Semyonovich Kozlovskiy kuylayotgandi. Siyosiy byuroning ayrim a’zolari urf bo‘lgan xalq qo‘shiqlaridan ijro etishni so‘ray boshlaydilar.
Stalin shunday deydi:
– Kozlovskiyga tazyiq qilmanglar. Mayli, Kozlovskiy o‘zi istagan qo‘shig‘ini kuylayversin. U hozir Chaykovskiyning «Yevgeniy Onegin» operasidan Lenskiy ariyasini ijro etmoqchi.
Hamma kulib yuboradi. Kozlovskiyning o‘zi ham ularga qo‘shilib kuladi. Keyin Lenskiy ariyasini ijro etadi.
ANTOKOLSKIY, TUR O‘RNINGDAN!
Bokudagi qandaydir adabiy tadbirga Moskvadan yozuvchilar delegatsiyasi keladi. Ziyofat uyushtiriladi. Tantana chog‘ida Ozarbayjon-ning o‘sha kezlardagi zo‘ravon hukmdori (uni Lavrentiy Beriyadan ham dahshatliroq deyishardi) Mirja’far Bagirov to‘satdan, tomdan tarasha tushgandek Samad Vurg‘unga qarab, qo‘lini bigiz qilib, do‘q uradi:
– Senga ko‘rsatib qo‘yaman, Samad!..
U talmovsirab qolgan boyoqish Samadni yana anchagacha iskanjaga oladi.
Hukmdorning bu zahar-zaqqum iddaolarida shu qadar cheksiz nafrat, yovuzlik zohir ediki, bundan moskvalik mehmonlar ham mulzam bo‘lib qolishadi. Pavel Grigorevich Antokolskiy esa chidolmay luqma tashlaydi.
– O‘rtoq Bagirov, – deydi u. – Siz nima uchun Samad bilan bunaqa ohangda gaplashyapsiz? Biz bu ajoyib shoirni juda qadrlaymiz, biz...
Bagirov Antokolskiyga yovqarash qilib o‘qrayadi, yonidagi yugurdaklaridan bu kim o‘zi deb so‘raydi. Unga tushuntirishadi. Shunda u Pavel Grigorevichga o‘girilib, sekingina amr qiladi:
– Antokolskiy. Tur.
Antokolskiy turadi.
Bagirov deydi:
– O‘tir.
Antokolskiy o‘tiradi.
Muammo barham topadi. Ziyofat davom etadi.
AQLLI ODAM O‘ZI TUSHUNIB OLAVERADI
Bu voqeani G.K.Jukovning hayotligida chop etilgan barcha memuarlarining muharriri Anna Davidovna Mirkina bunday hikoya qilgandi:
«Brejnev Jukovning memuarlariga kirib qolishni judayam istagandi. Ammo Jukov faqat shaxsan uchrashgan odamlar haqida yozgandi. Urush paytida Brejnevni biron marta ham ko‘rmagandi.
Bosh kotibning yordamchilaridan biri mana bunday chorani o‘ylab topadi. Jukovga xotiralarida shunday mazmundagi bir voqeani kiritib o‘tish taklif etiladi: Novorossiyskdagi istehkomni kengaytirish masalasi muhokama qilinayotganda marshal 18-armiya siyosiy bo‘limi boshlig‘i Leonid Ilich Brejnev bilan maslahatlashmoqchi bo‘ladi, ammo uni joyidan topolmaydi, u og‘ir janglar kechayotgan Kichik yerda edi.
Bu qo‘shimchaga Jukovning munosabatidan shu qadar qo‘rqardimki, matnni tasdiqlatish uchun oldiga borishga botinolmadim. O‘rnimga ad’yutant Pryaduxinni yubordim.
Albatta, Jukovning dalahovlisida to‘s-to‘polon bo‘ladi. Men jazava sal bosilgandan keyin bordim. O‘sha qo‘shimcha kiritilmaguncha kitob chiqmasligi hammaga ayon edi. Dili xufton bo‘lgan Georgiy Konstantinovich uzoq sukunatdan so‘ng axiyri murosaga ko‘nadi:
– Hay mayli, aqlli odam o‘zi tushunib olaveradi.
U shunday deya matnga imzo chekadi.
Bu tafsilotni «Argumentы i faktы» gazetasida o‘qib, boshqa bir voqeani esladim. Undagi qahramon marshal Jukovchalik mashhur bo‘lmasa-da, harqalay ancha taniqli shaxs – Vasiliy Semyonovich Grossman edi.
Bu yozuvchining hayotidagi eng katta fojea – «Hayot va taqdir» romani qatag‘onga uchragach, asarlarini chop etish to‘xtatiladi. Tirikchiligi o‘tmay qoladi. U Armanistonga borib, mahalliy mualliflardan birining semizgina romanini tarjima qilmoqchi bo‘ladi. Ana o‘sha safar davomida buyurtma tarjima qatori «Keksa odamning safar xotiralari» degan asari ham yaratiladi. Mo‘‘jazgina qissa, aniqrog‘i ocherk, yanayam aniqrog‘i nasriy doston, yillar o‘tgach, boshqa nom bilan dunyo yuzini ko‘rgan asar bosilishiga unchalik ko‘zi yetmagan holda «Novыy mir» jurnaliga taqdim etiladi. Nogoh, o, mo‘‘jiza! Qo‘lyozma ikkilanmasdan qabul qilinadi. Tvardovskiy uni navbatdagi songa qo‘yvoradi. Nihoyat, yana bir mo‘‘jiza yuz beradi – asar tsenzura chig‘irig‘idan ham o‘tadi. Bu yozuvchining nomidan qatag‘on tamg‘asi ham olib tashlanadi degani edi...
Ammo afsuski, baxt hech qachon to‘liq bo‘lmaydi.
Nomi shubhali yozuvchining qo‘lyozmasini o‘qigan tsenzura xodimi baribir asarning bitta joyiga e’tiroz bildiradi. U jurnaldagi yuz sahifalik asardan bor-yo‘g‘i kichik bir abzats olib tashlanishini talab qiladi. Unda yozuvchi tog‘ qishlog‘idagi to‘y tantanasida gitlerchilar yovuzliklaridan cheksiz azob chekkan yahudiylarni qo‘llab-quvvatlab gapirgan arman dehqonlariga ta’zim bajo aylagani ichki bir dard bilan izhor etilgandi.
Albatta, tsenzura talabini bajarish muallif uchun axloqiy murosaga borish bilan barobar edi. Ammo boshqa jihatdan qaraganda, bu parchaning u qadar katta badiiy qimmati yo‘q edi. Harqalay, uni asardan olib qo‘yish katta badiiy yo‘qotish bo‘lmasdi.
Ammo Grossman bu parchani olib tashlashni xayoliga ham keltirmasdi.
Uni ko‘ndirishga urinib ko‘rdilar, turli mulohazalar aytildi, yalinib-yolborishdi. Ammo u o‘z so‘zida qat’iy turib oldi. Xullas, asar bosilmaydi.
Yuqoridagi ikki voqeani taqqoslab ko‘rarkanman, o‘zimcha o‘ylardim: bu tasodifmi? Yoki bir-biriga o‘xshash bu holatda ko‘zoynakli, nimjongina bir ziyolining urushning afsonaviy qahramoni, Stalin bilan qo‘rqmay bahslashgan mashhur qo‘mondondan ko‘ra irodaliroq, qat’iyatliroq bo‘lib chiqqanida bir qonuniyat bormikin?
Bu savolga mening javobim bor. O‘z nazdimda qanchalar teran, chuqur tuyulmasin, bu boradagi mulohazalarimni aytib o‘tirmayman.
Aqlli odam o‘zi tushunib olaveradi.
AJOYIB ODAM
Kremldagi qandaydir bir ziyofatda Mixail Koltsov Semyon Mixaylovich Budyonniy bilan yonma-yon o‘tirib qoladi. O‘zaro churq etmay o‘tirishadi. Bir-biriga mutlaqo o‘xshamagan ikki xil odam nimani ham gaplashardi? Ammo bir mahal Budyonniy Koltsovning qulog‘iga engashib, shunday deydi:
– Ana bu odamni taniysizmi?
U qo‘shni stolda o‘tirgan, shop mo‘ylovli, yoshi qayta boshlagan odamni ko‘rsatadi.
– Bu – Oka Ivanovich Gorodovikov, – deya tushuntiradi Budyonniy. – Uning qanday jang qilganini ko‘rsangiz edi. So‘qishmadan keyin atrofga qarab oqlarning o‘liklari qalashib yotganini ko‘rasan. Bu Oka Ivanovichning ishi ekanligi darhol ma’lum bo‘ladi. Qo‘lida shunaqa zo‘r hunari bor-da. O‘ziga qarasang, jikkakkina odam. Kuch-quvvati ham aytarli emasdek. Ammo qilich chopganda odamni naq ikkiga bo‘lib yuboradi. Yelkadan belgacha...
U biroz jimib qoladi, so‘ng boshini chayqab, ixlos va hatto andak hasad bilan xo‘rsinib qo‘yadi:
– Ajoyib odam!
O‘ZIM HAM BILUVDIM-A!
1934 yilning 1 dekabrida «Leningrad oqshomi» gazetasining navbatdagi soni o‘z vaqtida terilib, kechiktirilmay bosmaxonaga yuboriladi. Ma’lumki, ertalabki gazetalar tunda, kechkilari esa kunduzi bosilardi, shu bois «o‘z vaqtida» deyilgani – ertalab edi.
Gazeta ishida goho kutilmagan muammolar chiqib qolar, shu bois nashrning chop etilishi ham keyinga surilar edi. Ammo o‘sha kuni hamma ish sip-silliq ketayotgandi. Va nihoyat, gazeta endi chop etila boshlanganda eshik ochilib, kimningdir hayajonli xitobi yangraydi:
– Kirovni o‘ldirishibdi!
Bunga javoban sahifalovchi yahudiy chol tomdan tarasha tushgandek luqma qiladi:
– O‘zim ham biluvdim-a!
O‘z ishining hadisini olgan bu keksa gazetachi tayyorlangan suiqasdni nazarda tutmagandi, albatta. U faqat shunaqa kutilmagan ishkalliklar tufayli gazetaning vaqtida chiqmay qolishini ta’kidlamoqchi edi, xolos. Gazeta ishi o‘zi shunaqa edi.
Ammo unga bu narsalarni boshqa joyda tushuntirishiga to‘g‘ri keladi. U yerda esa hech qanday tushuntirishlar kor qilmaydi, albatta.
POEMANING MISI CHIQDI
O‘tgan asrning 60- yillari Maleevkada – yozuvchilarning ijod uyida men Iosif Ilich Yuzovskiy bilan ancha yaqinlashib qoldim.
O‘sha kezlar Soljenitsinning «Ivan Denisovichning bir kuni» degan hali chop etilmagan qissasi qo‘lma-qo‘l bo‘lib yurar, ikkimiz ham uni o‘qigan edik. Bu asar qanday taassurot qoldirganini so‘raganimda, Yuzovskiy qattiq ta’sirlanganini aytadi. So‘ngra qo‘shimcha qilib deydi:
– Ammo bu mumkin emas?
– Nima mumkin emas! – hayron bo‘ldim.
– U sotsializmga qarshi, – deya izoh berdi u. – Bu esa mumkin emas.
Avvaliga men tushunmadim: qanaqasiga mumkin emas ekan? Nega mumkin emas? Chig‘iriqdan o‘tmasligi, bosib chiqarilmasligi uchun mumkinmasmi? Shu tarzda yozish – oldindan ish xurjun bo‘ladi deganimi? (Shu mavzuda gaplashayotganimizda bir kuni Viktor Borisovich Shklovskiy shunday degandi: «Bilasizmi, biz avtobusga yo‘l bo‘shatayotganimizda buni himmat yuzasidan qilmaymiz!»)
Ma’lum bo‘lishicha, Yuzovskiy butunlay boshqa narsani nazarda tutgan ekan. U shunchaki yuzaki emas, balki muhimroq sabablar vajidan sotsializmga qarshi yozib bo‘lmaydi deb hisoblarkan. Bu o‘rinda ancha zalvorli, ichki bir taqiq lozim ekan.
O‘z fikrini tushuntirarkan, u menga shunday voqeani hikoya qildi.
Mayakovskiy 1927 yili «Yaxshi!» degan poemasini e’lon qilganda u Rostovda yasharkan. O‘shanda u yosh (juda yosh) tanqidchi edi, mahalliy gazetalar uning maqolalarini jon-jon deb bosardi.
O‘sha kezlar Mayakovskiy nomi u qadar jarangdor emasdi, Yuzovskiy ortiqcha ishkalliksiz o‘sha mahalliy gazetada shoirning yangi poemasini keskin tanqid qilib chiqadi. Maqola juda keskin, hatto andak tahqiromuz edi. Bu «Poemaning misi chiqdi» degan sarlavhaning o‘zidanoq ma’lum edi. Kosmopolitizmga qarshi kurash avj olganda ayblanuvchilarning oldingi safida borayotgan Yuzovskiyning boshiga balo bo‘ladi bu maqolasi. Maqola unga qo‘yilgan jinoyatlarda asosiy dalil bo‘lib qoladi: liliput Gulliverga qarshi qo‘l ko‘tardi!
Ammo «Gulliver» Rostovga kelganda o‘ziga qarshi qo‘l ko‘tarishga jur’at qilgan o‘sha «liliput» bilan uchrashishdan or qilib o‘tirmaydi. Qaytangga, o‘zi uni qidirib topadi, bir qovoqxonaga olib kirib siylaydi va qilmishini tushuntirib berishni talab qiladi.
O‘shanda juda yosh bo‘lgan Yuzovskiy tabiiyki, Mayakovskiyga oyog‘idan boshigacha angrayib qarab qolgan (darhaqiqat, uning bo‘yi juda past edi) bo‘lsa-da, maqolasi uchun tavba-tazarru qilib o‘tirmadi. U atrofdagi hayotning dahshat ekanini, Mayakovskiy poemasida tasvirlaganiga mutlaqo o‘xshamasligini uzuq-yuluq qilib, ammo hayajon va ishonch bilan gapira ketadi. Kecha o‘lka partiya qo‘mitasi kotibining otib ketilganini aytadi. Atrofda, o‘rmonlarda qurolli gazandalar izg‘ib yuribdi. Shahar ko‘chalari o‘liklarga to‘lib ketgan. Odamlar ochlikdan azob chekmoqda. Siz esa nimalar deb valdirayapsiz? «Pishloqlar to‘lib yotibdi... Narx-navolar tushyapti...» emish... Qanaqa pishloqlar? Qaerda ko‘ra qoldingiz pishloqlarni? «Yer haydaydi, she’r to‘qiydi...» emish... Qiziq, bunaqa operetta dehqonlarini qaerda ko‘ruvdingiz?
Mayakovskiy miq etmay eshitib o‘tiradi. Ma’yuslanib, uzoq sukut saqlaydi. Keyin shunday deydi:
– Demak, gap bunday. O‘n yildan keyin bu mamlakatda sotsializm quriladi. Ana o‘shanda bu poema yaxshi bo‘ladi... Mabodo bunday bo‘lib chiqmasa... Bunday bo‘lmasa, ikkimizning bu tortishuvimizdan nima ma’no bor, va bu poema, men, siz va mana shu hayotimizning nima qimmati bor?..
HOJATI YO‘Q
Bu rassom haqidagi hikoyani men Natasha Roskinadan eshituvdim.
Natasha u bilan urushdan keyin Saratovda, rassom u yerga majburiy ko‘chirilgandan keyin tanishgandi. Ungacha esa rassom xorijdan boshpana topgandi. Vatanga qaytishni ko‘pdan orzu qilardi, faqat qirq beshinchi yildagina niyatiga erishish imkoniyati tug‘iladi. Va u darhol bu imkoniyatdan foydalanadi.
Revolyutsiya paytida yosh rassom Nikolay Gushchin Uralga borib qoladi. O‘sha kezlar u bolsheviklarning ashaddiy tarafdori edi, qandaydir bolshevikcha varaqalarni tarqatib yurardi. Ammo o‘sha kezlar Kolchakning qo‘li baland kelayotgan edi, u kolchakchilar ta’qibidan qochib, ancha-muncha sarson-sargardonliklardan keyin Uzoq Sharqqa kelib qoladi. U yerdan dengiz orqali Yevropaga boradi. Oxir-oqibat Parijda qo‘nim topadi.
Ana o‘sha yerda tomir otib qolishi lozimdek edi: axir rassom uchun Parij orzudagi go‘sha edi.
Ammo Gushchin uyga, vatanga qaytishni istardi. Shu bois qaytish vizasini olish harakatiga tushadi.
Ammo bolsheviklar – aynan o‘shalar toifasiga mansubligi uchun xorijga borib qolgan odamga qaytish vizasini berishdan bosh tortadilar.
Boyoqish sovet elchixonasi va konsulligi ostonasiga qayta-qayta bosh urib boradi, tanish-bilishlarini ishga soladi, xit bo‘ladi, yalinib-yolboradi, o‘zicha nimalarnidir isbotlashga urinadi, hech qanday natija chiqmaydi.
Shu tarzda oradan bir necha yillar o‘tadi.
Bir kuni u nogoh qahvaxonada inqilobdan oldingi eski tanishi Mayakovskiyni uchratib qoladi.
Gushchin unga xuddi tug‘ishganini ko‘rib qolgandek talpinadi. O‘zining ovorai sarson bo‘lganini gapirib beradi, Mayakovskiyning Sovetlar Rossiyasida nufuzi balandligini bilib, undan yordam so‘raydi. Ammo Mayakovskiy kutilmaganda uning bu iltimosiga javoban tutun qaytaradi.
– Nega endi u yoqqa borishing kerak bo‘lib qoldi?
– Nega endi deganing nimasi? – Gushchin hayron bo‘ladi.
U boshqalardan ko‘ra Mayakovskiy dardimni yaxshiroq tushunar deb o‘ylagandi. Shoirning bu g‘alati savoli xuddi ustidan bir chelak sovuq suv quyib yuborgandek tuyuladi.
– Nega endi emish! – garangsib ming‘irlaydi. – Ishlash uchun! Xalq uchun!
Mayakovskiy qo‘lini yelkasiga avaylab qo‘ygancha shunday deydi:
– Qo‘ysang-chi, Kolya! Hojati yo‘q!
NEGA HECH KIMNING ESIGA KELMAGAN?
Amerikada bizga sidqidildan xayrixoh bo‘lgan amerikalik ziyolilar davrasida o‘zimizdan borib qolgan emigrantlardan biri stalincha qatag‘on dahshatlari haqida hikoya qiladi. Odamlarning tunlari yurak hovuchlab zinapoyadan eshitilgan qadam tovushlariga quloq solib yotishlari, ularni ko‘chaning o‘zidayoq tutib olib, mashinaga bosgancha qaytib chiqish dushvor bo‘lgan Lubyankaga tiqib qo‘yishlari, «o‘n yil xat yozish huquqidan mahrum qilish» (aslida otishga fatvo bilan barobar) haqida hukm chiqaruvchi sovet jazo mahkamalarining munofiqligi, makkorligini tilga oladi.
Amerikaliklar bu dahshatlarni mutaassir bo‘lib eshitishadi, hikoyachining nazdida tinglovchi janoblar va xonimlar uni a’lo darajada tushunayotgandek tuyuladi. Ammo shu orada yoqimtoygina bir amerikalik xonim shunday deb qoladi:
– Men bunaqa hikoyalarni juda ko‘p eshitganman. Nima ham derdim! Dahshat, hammasi dahshat, albatta. Ammo men faqat bir narsani tushunmay turibman: nega politsiyaga murojaat qilish hech kimning esiga kelmagan?
XRUSHCHOVNING ASL BASHARASI
Xrushchyovning asl basharasini men faqat bir marta ko‘rganman. Ammo shuning o‘zi kifoya qilgan.
Bu voqea 59-yilning oxirlarida bo‘lgandi. Yozuvchilarning Butunittifoq uchinchi s’ezdi o‘tkazilayotgandi. Anjumanning oxirgi yig‘ilishi o‘tkazilayotgan Kremlda «bizning Nikita Sergeevich»imiz katta nutq irod qiladi.
U minbarda paydo bo‘lganda gulduros emas, yakkam-dukkam, lanj qarsaklar chalinadi.
Ko‘zoynagini qo‘ndirib, oldidagi tayyor matnni ochgach, o‘zicha uch daqiqa odatiy-rasmiy gaplarni aytib turadi. Ammo ortiq chiday olmaydi: ma’ruza matni yozilgan qog‘ozlarni bir chetga suradi, risoladagi odamdek, hatto andak xijolatomuz kulimsirab, shunday deydi:
– Nima desangiz deng, o‘lay agar qog‘ozga qarab gapirolmayman...
Zal bu gal jonli, samimiy qarsaklardan junbushga keladi.
Qo‘llovdan dadillangan Xrushchyov gapida davom etadi:
– Qog‘ozga qarab gapirsang bir hisobdan xotirjamroq bo‘lasan. Ayniqsa shunaqa tinglovchilar oldida. Ammo ilojim yo‘q. Mayli, poyma-poy gapirsam gapira qolay, ammo qog‘ozsiz gapiraman. – Shunday deya qog‘ozlarini keskin nari surib qo‘yadi.
Ana o‘shanda gulduros qarsaklar chalinadi.
Ammo qog‘ozsiz gapirgan «bizning Nikita Sergeevich»imiz quyush-qondan chiqa boshlaydi. Yozuvchilarga aql o‘rgatishga tushadi. So‘nggi yillar adabiyotida paydo bo‘layotgan xato yo‘nalishlar haqida gapiradi. Dudintsevning partiya matbuotida qoralangan romanini tilga oladi, Margarita Aligerning nomini ham (shoirani negadir «o‘rtoq Yeliger» deb atadi) shu ohangda sanab o‘tadi.
Zaldagilarning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushadi. Notiqning sezgirligiga qoyil qolish kerak, bu o‘zgarishni darrov payqaydi.
– Hay mayli endi! – yana yoqimli jilmayib qo‘yadi. – Bu o‘rtoqlarni tanqid qilib bo‘ldik, asosli tanqid qildik – bas endi... Xatolarini ortiq eslab o‘tirmaylik...
Bu so‘zlar qizg‘in olqishlar bilan kutib olinadi. Ana o‘shanda u birdan sergak tortadi. Zalga qo‘lini bigiz qilib, tahdid ohangida ta’kidlaydi:
– Ammo unutish ham kerak emas!
Cho‘ntagidan qordek oppoq ro‘molchasini olib, namoyishkorona bir chetini tugib qo‘yadi:
– Mana! Esdan chiqarmaslik uchun tugib qo‘ydim. Tag‘in xomtama bo‘lib yurmanglar. Hammasi esimda. Har bir familiya esimda. O‘rtoq Dudintsevni ham, o‘rtoq Yeligerni ham esimdan chiqarmayman...
Zal yana ma’yuslanadi, notiq yana o‘zini qo‘lga oladi.
– Bilasizmi, ba’zan shunday bo‘ladiki, – deydi yana o‘sha muloyim jilmayish bilan, – ayrim kitoblarni o‘qiyotib uxlab qolganingni sezmay qolasan. Uxlamaslik uchun o‘zingga igna sanchishing kerak. Mana, tan olib aytishim kerak, o‘rtoq Dudintsevning kitobini ninasiz o‘qidim...
Zalda yana olqishlar yangraydi.
– Ammo mumkin emas, o‘rtoqlar! Mafkura bobida hech qanday murosaga borish mumkin emas. Biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz!
Shu tariqa, notiq deyarli ikki soat davom etgan nutqi mobaynida goh u tomonga, goh bu tomonga og‘ib turadi.
KO‘NGLINGIZ JOYIGA TUSHDIMI?
Mark Osipovich Reyzen Stalinning sevimli xonandasi edi. Qachonlardir Stalin uni Leningradda eshitgan, keyin Moskvaga ko‘chirib kelib, Bolshoy teatrga solist qilib qo‘ygandi.
Reyzen muttasil Kremlga – Stalin huzuriga taklif qilinar, uy kontsertlarida xonish qilib turar edi. Bu voqea shunday ro‘y beradi. Kontsert arafasida unga Poskrebishev telefon qilib, tayinlaydi:
– Mark Osipovich,bugun odatdagidek sizni olib kelishga borishadi.
Kosmopolitizmga qarshi 49-yili boshlangan hujum avjiga chiqqanda Bolshoy teatr direktori haddidan oshib, Reyzenni ishdan bo‘shatib yuborgandi. Poskrebishevning o‘sha odatiy qo‘ng‘irog‘iga javoban Mark Osipovich shunday deydi:
– Bugun ovozim pand berib qo‘yishi mumkin.
– Bu nima degani? Nima bo‘ldi o‘zi?
– Men endi Bolshoy teatrning solisti emasman.
Poskrebishev go‘shakni joyiga qo‘yadi. Birozdan keyin yana telefon qilib, deydi:
– Mark Osipovich, bugun oldingizga odatdagidan vaqtliroq borishadi.
Reyzenni Stalinning huzuriga olib kirishganda u xonasida yolg‘iz bir o‘zi o‘tirgandek tuyuladi. Ammo Stalin trubkasi bilan devor yonida devordek oqarib ketgan odamga ishora qilib ko‘rsatadi. U Bolshoy teatrning direktori edi. Stalin unga o‘girilib, trubkasi bilan Reyzanni ko‘rsatib, so‘raydi:
– Bu kim?
Direktor talmovsiraydi, ayanchli kulimsirab javob qiladi:
– Bu Mark Osipovich Reyzen.
Stalin bosh chayqaydi:
– Noto‘g‘ri.
Yumshoq etigi bilan gilamda yurib, direktor oldida to‘xtaydi va deydi:
– Bu – SSSR xalq artisti, Sovet Ittifoqi Davlat akademik Bolshoy teatri solisti Mark Osipovich Reyzen. Takrorla.
U itoat bilan takrorlaydi:
– SSSR xalq artisti, Sovet Ittifoqi Davlat akademik Bolshoy teatri solisti Mark Osipovich Reyzen.
Stalin deydi:
– Mana endi to‘g‘ri aytding.
Trubkasini shoshilmay tutatib, yana gilamda yuradi. Yana direktor oldida to‘xtaydi:
– Sen o‘zing kimsan?
– Men...m-men Bolshoy teatr direktoriman, – u garangsib javob qiladi.
Stalin bosh chayqaydi:
– Noto‘g‘ri. Sen – axlatsan.Takrorla.
U takrorlaydi.
– Men – axlatman.
– Endi to‘g‘ri aytding, – qayd qiladi Stalin. – Bu kim bo‘ldi? – trubka yana Reyzen tomonga qaratiladi.
– SSSR xalq artisti, Sovet Ittifoqi Davlat akademik Bolshoy teatri solisti Mark Osipovich Reyzen, – direktor yana to‘tidek burro takrorlaydi.
– To‘g‘ri, – deydi Stalin. – Sen o‘zing kimsan?
– Men – axlatman! – boyoqish shu bilan endi qutularman degan umidda andak hazilomuz ohangda javob qiladi.
– To‘g‘ri, – deydi Stalin yana ma’qullab. – Bu kim?
Kerakli o‘sha javob aytilgach, yana iskanja davom etaveradi:
– Sen kimsan o‘zi?.. To‘g‘ri... U kim?.. To‘g‘ri...
Shu tariqa qiyin-qistov bir necha bor takrorlanadi.
Nihoyat, saboq yetarli bo‘lganiga ishonch hosil qilgach, direktorga eshikni ko‘rsatib deydi:
– Yo‘qol.
Oson qutulganidan o‘zini yo‘qotib qo‘yayozgan boyoqish direktor apil-tapil qorasini o‘chiradi.
Stalin Reyzenga o‘girilib so‘raydi:
– Endi ko‘nglingiz joyiga tushdimi?
Ruschadan Shodmon Otabek tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil 10-12-sonlar.