OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bint ash-Shatiy. Umidni oqlamagan o‘g‘il (hikoya)

Oilada ayollar besh nafar edi... Ular oila boshlig‘ini so‘nggi yo‘lga kuzatdilar: uy bekasi beva, qizlar esa yetim qolishdi. Ona o‘zining to‘rtta qizi bilan marhumning ma’rakalarini o‘tkazib, tez orada ishga kirdi.
Ko‘pchilik beva ayollarni nohaqdan-nohaq shafqatsiz va vijdonsiz deb aytadi. Ayolning qayg‘usi qanchalik og‘ir bo‘lmasin, u taqdirning qaltis sinovi oldida taslim bo‘lmadi. Ona bir narsani bilardiki, yig‘i-sig‘idan faqat ovunish mumkin, g‘am chekish esa kishilarning unga oilasiga bo‘lgan hamdardligini namoyon eta olardi, xolos. Biroq bu ayolning hamdardlikdan qandaydir foyda chiqishiga ko‘zi yetmadi.
Marhumning to‘rtta qizidan boshqa yana yaqindagina tibbiyot fakultetiga o‘qishga kirgan yigirma yashar o‘g‘li ham bor edi. Darhaqiqat, u qizlardan avvalroq tilga olinishi kerak edi. Nahotki, yigitda ota-onaning umidi, ishonchi bo‘lmasa? Axir oilada o‘g‘il bolaning dunyoga kelishi katta shodiyona emasmi? Axir o‘g‘il padari buzrukvori keksaygan chog‘da tayanch bo‘lmaydimi, uning vafotidan so‘ng beva va yetim qolgan qizlarni o‘z himoyasiga olmaydimi? Ha, hammasi shunday bo‘lishi kerak.
Marhumni ko‘mish marosimi kuni onani o‘rab olgan kishilardan biri unga yuzlanib dedi:
– Shunday o‘g‘li bor odam o‘lmaydi. U tez orada shifokor bo‘ladi, ona va singillarga g‘amxo‘rlik qilishni o‘z zimmasiga oladi.
Odamlar shunday deyishardi. Xuddi shu so‘zlarni ona o‘z qizlariga aytardi, ular akasi uchun og‘ir hayotiy kurash yo‘lidan o‘tishlari muqarrarligini ta’kidlardi.
Hammadan ilgari to‘ng‘ich qiz ishga joylashdi: ona uni xotin-qizlar maktablaridan biriga maoshi bor-yo‘g‘i besh funt bo‘lgan ishga joylashishiga yordam berdi. Bu arzimas maosh oila uchun tilanchilik qilmaslik, ochlik va yalang‘ochlikni bir amallab bartaraf etishga yarardi. Axir ular kelgusi baxtiyor kunlarning istiqboliga ko‘z tikib yashayotgan edilar-da! Mana besh funt – o‘spirin yigitning ehtiyojini qoplay olarmidi? Yigit o‘z qadr-qimmatini saqlashda boy talabalarga taqlid qilardi.
Kunlar mashaqqat bilan o‘tarkan, o‘spirinning ehtiyoji ham tinimsiz o‘sib borardi. Akasining “obro‘yini saqlab qolish”, uning boy o‘rtoqlaridan ortda qolib ketmasligi uchun, unga ma’qul bo‘lgan bashang, zamonaviy kostyumni kiyib birinchi darajali qulay vagonlarda yurishi uchun uning ikkinchi singlisi ham musiqa o‘qituvchisi bo‘lib ishga kirdi.
Ammo ikki qizning ishlab topayotgan puli yigitning ehtiyojlarini arang qoplardi.
Oilada ishga kirmagan kenja qiz qolgandi. U maktabda o‘qiyotgan bo‘lib, kelajakda bitta-yarimta kasbning boshidan tutmoqchi edi. Bu orada to‘ng‘ich qiz turmushga chiqdi. Xonadondagi turmush ilgarigidek og‘ir ahvolda qolaverdi. Och-nahor, ko‘p narsadan mahrum bo‘lgan fidokor ayollar mashaqqatli yo‘lda ketishayotgan edi... Ularning nazdida bulut orasidan ko‘rinayotgan umid quyoshi, “doktor aka”ning kelgusi siymosi ruhlantirayotgandi. Qizlarning tasavvurida bir necha yildan so‘ng u o‘zining kuchli, zabardast qo‘llarini cho‘zadi-yu, ularni qutqarib qoladigandek tuyulayotgandi. Hozircha, barcha qiyinchiliklarni yengib, uning bo‘lg‘usi yordamiga ishonch bog‘lab hayot kechirishi lozim.
Uzun kunlar, uyqusiz tunlar shu zayl o‘tib borardi. Butun kechalari ular asablari tarang bo‘lib, tonggacha bejirim kiyim bichib-tikardilar.
Bunday kechalarning qanchasi o‘tdi ekan. Yigitcha tibbiyot fakultetida yetti yil ta’lim oldi. Ana shu yetti yil onaizor va singillar uchun juda uzoq kechgandek bo‘ldi. Ularning har bir kechirgan kuni asrga tatigulik bo‘lib, mehnatga to‘lib-toshgan, sillalari qurib, charchoq bir zum ham tark etmagandi.
Qizlar huzur-halovat ko‘rmay tashqi dunyodan uzoqlashib ketishdi. Ularga borish o‘zlarini fido qilib na onalikning tabiiy his-tuyg‘usiga, na xufiyona muhabbat nidosiga javob qaytardilar. Bunday mulohazalar uchun biron daqiqa bo‘sh vaqt yo‘q edi.
Bir necha kun o‘tgach, doktor volidasi va singillari bilan xayrlashib, safarga jo‘nab ketdi. Ular yigitni yaxshi tilaklar ila kuzatib qoldilar. Barchalarining umid to‘la ko‘zlari akalari ko‘chib o‘tgan shaharga qadalgandi. Singillar unga birin-ketin maktublar yozib, shaxsiy hayotidagi yuz berayotgan o‘zgarishlar va yutuqlarni so‘rar edilar. U bo‘lsa xatlarga loaqal javob ham qaytarmasdi. Oxiri bunday savollar yolg‘iz o‘g‘ilning joniga tegdi, shekilli, u onasi oldiga kelib, kiyimlari ko‘rimsiz ekanligi-yu, kelib davolanib turadigan bemorlar oldida o‘z xonadonining yomon jihozlanganligi va kerakli tibbiiy asboblarining yetishmasligidan shikoyat qildi.
Oila a’zolari esa kunni tunga ulab ishlashda davom etishar, ammo ko‘p oylar o‘tgandan keyin ham qizlar akani baxtiyor holda ko‘rishga muyassar bo‘la olmadilar.
Shifokor o‘z go‘shasiga yoshgina, chiroyli xotini bilan savlat to‘kib, yengil mashinasida qaytib keldi. Kelin esa, bu xonadonga tashrif buyurgan kunlarida ko‘pincha do‘konlarda sandiroqlab va ko‘ngilxushlik qilib vaqtni o‘tkazardi. Ona o‘g‘liga yuzlanib turmushga chiqqan katta singlisidan qarzga olgan (u tilla taqinchoqlarini sotib yuborgan edi-da) yuz funtni qachon qaytarib berishini, hozirda uning turmush o‘rtog‘i bunday qilmishi uchun hatto ajrashib ketmoqchi ekanligini aytdi.
Doktor xotini bilan uyiga qaytib ketish oldida mashinasiga o‘tirdi-da, qarz olgan singlisiga uch funt uzatib dedi:
– Men senga ko‘proq qaytarmoqchi edim, afsuski, xarajatlardan qolgani shu.
Singil pulni olmay, angrayib turib qoldi. Singlisining haykalga o‘xshab qotib turishi doktorning asabiga tega boshladi, chunki u “shoshayotgan” edi-da. Aka singlisidan nega pulni olmayotganini so‘radi.
Singil esa qizlarga qarab kuldi-da:
– Biz uni shifokor qilib voyaga yetkaza olibmiz-u, ammo haqiqiy inson bo‘lib yetishishiga ojizlik qilibmiz,– dedi.

Arabchadan Bobir G‘iyosov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 2-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.