Bugun Chikagodan xat oldim. Qariya¬lar uyidan. U yerdagilar onam vafot etgani haqida xabar qilishibdi. Qo‘limdan barcha ishlarning jilovi shu ondayoq chiqib ketgandek bo‘ldi. Dunyo ko‘zimga zulmatga botgandek tuyuldi. Onamni endi ko‘rolmasligim va bu olamda yo‘qligiga ishonolmasdim... tiriklik chog‘larida u hech qachon o‘lmaydiganga o‘x¬shardi. Yuragimdan xuddi bir nimani sug‘urib olishgandek edi ayni damda. Uyga arang kirib bordim. Yo‘lga tayyorgarlik ko‘rish kerak, biroq bunga hafsala qilolmayotgandim. Borganim bilan nima foyda, o‘lganni qaytarib bo‘larmidi? Onajon, onajon magar shu shunday mo‘‘jiza ro‘y berganida qanot chiqarib yoningizga uchib borardimku-ya. Sizni hech qachon yig‘latib qo‘ymasdim. Nega yoningizga bormadim? Ish, uy, xotin, bola-chaqani sizdan afzal bilibman.
Uyga keldim. Xotinim kayfiyatim yo‘qligini bilsa ham, tinim bilmay dugonasi bilan suhbatlashardi. Hammasi ko‘zimga erish tuyuldi, hech yerga sig‘may ketayotgandim. Hatto xotinimning ming‘ir-ming‘iri, maza-matrasiz gaplarini aytib betinim hi¬ring¬lashi ham jig‘imga tegayotgandi. Darhol o‘rnimdan turdim-da, qo‘lidan go‘shakni tortib oldim va jahl bilan joyiga ilib qo‘ydim. Bunday munosabatni kutmagan xotinim:
— Ha, nima balo, jin chaldimi? – deb so‘radi.
— Undan ham battar. Onam... onam o‘ldi...
— Ha, shundaymi? O‘lsa o‘lar, shunga shunchami? – dedi u qayg‘umni mensimay.
Butun vujudim titrab ketdi:
— Sen... sen... axir... nimalar deyapsan?
Meni hali o‘zimni qo‘lga olib, gapimni tugatmagan ham edim-ki, qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi. U hech nima bo‘lmagandek go‘shakni ko‘tardi.
— Allo... Nima? Kim? O-o-onam... nega? Qachon? Mayli... yetib boramiz...
Go‘shakni ilarkan, u achchiq-achchiq yoshlarini to‘karkan, alam bilan yig‘lardi. Uning ham onasi...
Inglizchadan Shahnoza Rahmonova tarjimasi
“Kitob dunyosi” gazetasidan olindi.