Avtomobilning eshigi ochildi-da, ojiz nur qorong‘ilikni tilib o‘tdi, bola stakandagi choyni to‘kib yubormaslikka tirishgancha patnisni mashina ichida o‘tirgan odamga uzatdi.
— Yashavor, Mahmud!—dedi orqa o‘rindiqda o‘tirgan kishi.—Har doimgidek issig‘idan olib kelibsan.
Bola jilmaydi, bu yoqimtoygina sepkilli o‘smir edi.
— Tezroq bu yoqqa chiqa qol, bo‘lmasa sovqotib qolasan,— dedi aynan o‘sha odam.
Bola mashina ichiga sho‘ng‘idi. Rul oldida yana bir odam o‘tirardi. U yoshgina bo‘lib, ko‘zoynak ortidan muloyim qarab turardi.
— Kechga qolasanmi, deb qo‘rquvdik, hatto xavotir ola boshlagandik. Radioda bolalar uchun eshittirish boshlangan bo‘lsa kerak-a?
U priyomnikni burab, kerakli stansiyani topdi: bolalar xori ijrosida qo‘shiqlar eshittirishmoqda edi.
— Iye, buni qara-ya,— deya norozi ohangda gapirdi u,— ertak tamom bo‘libdi-ku
— Hechqisi yo‘q,— dedi orqada o‘tirgani,— to‘rt kundan keyin yana eshittirishadi. O‘shanda Mustafoni ham olib kelgin.
Mahmudning sepkilli yuzida o‘kinch ifodadanib, labini tishladi.
— Mustafo uxlayapti. Men unga harchand uxlama, desam ham, bari bir uxlab qoldiyu
Ko‘zoynakli yigit kulimsiradi:
— Axir, u hali kichkina-da, besh yoshda o‘zini tutib turish qiyin. Sen bo‘lsang, har holda, kattasan-da.
— Onam ham, Mustafo bari bir uxlab qoladi, deydilar.— Uning lablari irgangandek burishdi.— Kecha bo‘lsa, Shinasi amaki, u hatto karavotini. bulg‘atib Qo‘ydi.
Ko‘zoynakli kishi kulib yubormaslik uchun bir necha marta yo‘talib qo‘ydi. Uning o‘rtog‘i esa, Mahmuddan yuzini berkitib, jon-jahdila ro‘molchasi bilan burnini artardi. Erkaklardan birinchisi:
— Dadang sayohatdan qaytib kelganidan keyin, sizlarni tanimay qolsa kerak, axir, kap-katta bo‘lib qoldinglar-da,— dedi.
— Ayniqsa, sen, Mahmud. Maktabga boryapsan, baholaring ham chakki emas. Rosa sevinadi-da, to‘g‘rimi?
— Bilmadim,— deb javob berdi bola, bir nuqtaga tikilgancha,— onamning aytishlaricha, otamning ketganiga roppa-rosa yetti oy bo‘libdi.— Birdan u sergaklandi.— Shinasi amaki, otamni tanirmidingiz? Siz-chi, Xakki amaki?
— Men faqat rasmini ko‘rganman,— negadir ohis-ta, cho‘zib dedi Xakki.— Lekin u haqida ko‘p eshitganman.
— Otam bilan tanishganing‘izda u sizga judayam yoqib qolishi turgan gap! Albatta do‘st bo‘lib olasizlar.
Erkaklar indamay bir-birlariga qarab olishdi. Dunyoda bolaning samimiyligidan ham go‘zalroq narsa bormikin? Go‘yo bir vaqtning o‘zida ikkovlari ham shu to‘g‘rida o‘ylab, bu fikrni tasdiqlagandek bosh irg‘ashdi.
— Otam ertalab azonda ketgandi. U ketayotganda biz Mustafo ikkalamiz hali uxlab yotgandik. U oyimga bizni uyg‘otmagin, debdi. U bizga albatta chiroyli o‘yinchoqlar olib keladi. Xakki amaki, abadiy yo‘l degani nima?
Erkak cho‘chib tushdi:
— Nima haqda gapirayotganingni tushunmadim?
— Men abadiy yo‘l degani nimasi, deb so‘rayapman? Tog‘am oyimga doim, kuyovim abadiy yo‘lga ketgan deb gapiradi. Men xonaga kirib kelganimda esa, u darhol jimib qoladi.
— A-a-a,—dedi Xakki ismli kishi,— bu abadiy emas, bu degani, ya’ni, uzoq yo‘l degani. Ular dadangning ketganiga ancha vaqt bo‘ldi deyishmoqchi, shekilli.
— Demak, agar yetti oy o‘tgan bo‘lsa, «juda uzoq» deyisharkan-da, a, shundaymi, Xakki amaki?
— Ha, ha,— deya shosha-pisha javob qildi erkak,— xuddi shunday. Kunlar, oylar o‘taveradi, yil fasllari o‘zgaraveradi, mana shularni «juda uzoq» deyishadi.
— Otam ketayotganda kunlar issiq edi, endi bo‘lsa sovuq tushdi. Sovuq bo‘lganda odamlar choy yoki salep ichishadi. Agar hozir yoz bo‘lganda edi, biz muzqaymoq yegan bo‘lardik, to‘g‘rimi, Shinasi amaki?
— Albatta, Mahmud,— deya javob qildi ko‘zoynakli yigit.
— Sizlar yozda ham kelasizlar-a, Shinasi amaki?
— Kelamiz, abadiy yo‘l tamom bo‘lmaguncha kelaveramiz.
— Esing joyidami o‘zi? — deya pichirladi Xakki o‘rtog‘ini turtib.
Mana shunda Shinasi beixtiyor bundan yetti oy burun nimalar sodir bo‘lgani haqida o‘ylab ketdi.
Ertalab soat o‘n edi. Iyunning issiq kunlaridan biri. Shef uning qo‘liga ikkita papka tutqazdi.
«Mana shu ishlarni haftaning oxirigacha -tartibga keltirish lozim»,— dedi u. Shinasi papkalarni olib chiqishga chog‘landi. «To‘xta,— dedi shef,— bu ishlarni qo‘ya turchi. Men senga bundanam mas’uliyatliroq topshiriq topshiraman. U sening xizmatda ko‘tarilishingga yordam beradi. To‘g‘ri, bu ishni Xakki olib boryapti. Birga ishlaysanlar: ba’zida ikkovlaring, ba’zida galma-galdan. Faqat qosh qo‘yaman, deb ko‘z chiqarmanglar. Nozik ish». Shef stol tortmasini ochib, u yerdan gazetadan qirqib olingan parchani olib Shinasiga uzatdi,
«Bilaman, bilaman,— deya ming‘illadi u, matnga ko‘z yugurtirgancha.— Bu bilan nima qilish kerak?»—«Nima qilaman, deganing, nimasi? Tushunmadingmi? Bu odam xorijga qochishga muvaffaq bo‘lgan, lekin xotini ikki bolasi bilan bu yerda qolgan. Ularning juftakni rostlab qolishlariga xalaqit berish kerak. Buyruq juda qat’iy. Ularni bir daqiqayam ko‘zdan qochirmanglar. Har kuni ertalab sen yoki Xakki ishning holati haqida xabar qilib turasizlar. Uyni doim kuzatib turinglar. U yerda kimlar bo‘ladi, hammasi haqida batafsil ma’lum qilib turinglar. Sizlarning ixtiyorlaringizga kulrang mashina beriladi. Balki, yashirin tashkilot iziga tushishga muvaffaq bo‘larmiz. Asosiysi — bir uchini ushlab olinsa bas. Sizlar yoshsizlar, ishning ko‘zini bilasizlar, kurslarni tugatdinglar. Butun ishonchim sizlardan. Shunday qilib, ishga.»
O‘shandan beri Shinasi bilan Xakki shu ish bilan shug‘ullanishadi. Ular kuzatishayotgan uy yog‘ochdan ishlangan ko‘hna, ikki qavatli bo‘lib, bunaqa uylar Istambulda son mingta.
Uy oldidan qayroqtosh yotqizilgan ko‘cha o‘tadi. Uyning qarshisida, xiyol chaproqda — yalanglik bor. Ularning mashinasi xuddi_ ana shu yerda turadi. Har kuni ertalab ular raport yozishadi.
«Soat 10.00 da qochoqning xotini Ruqiya uydan chiqdi. Bozorga xarajat qilish uchun yo‘llandi. Soat 11.00 da qaytib keldi».
«Dorixonaga kirdi. Uyqu dorisi sotib oldi».
«Uy oldidagi toshko‘chada ko‘pincha ikkita bola o‘ynab yuradi. Kattasining oti Mahmud, kichiginiki — Mustafo. Mahmud 2-sinfda o‘qiydi. Maktab muallimining ismi Mujgon. Mazkur maktabda o‘n yildan beri ishlaydi. Bugun, uy oldidan o‘tib keta turib, to‘xtab bolalarni erkalatdi hamda balkonda turgan ularning onalari bilan ham gaplashdi. Kichik Mustafo bugun juda ko‘p yugurgani uchun issig‘i ko‘tarilib ketdi. Kechqurun doktor keldi, keksa, oilaviy vrach. Dere ko‘chasidagi, 16-uyda turadi...»
«Vrach qatorasiga uch kun keldi. Uyga ko‘pgina qo‘ni-qo‘shnilar ham chiqib turishadi. Ismlari, familiyalari, adreslari...»
«Bugun maktabga keta turib Mahmud koptok o‘ynadi. Koptok bizning mashinamizning g‘ildiragi tagiga yumalab keldi. Koptokni olib, bolaga berdik. Shu bahona u bilan tanishib oldik, saqich bilan mehmon qildik...»
«Bugun ko‘cha issiq. Mahmud bizga muzdek suv olib kelib berdi. Bolalar hech nimaga tushunishmaydi. Lekin uydagilar, aftidan, biz haqimizda fahmlashadi, shekilli...»
«Bolalarning tog‘asi tez-tez kelib turadi. Kechasi soat ikkigacha xonada chiroqyonib turadi. Uydagilar uchta gazeta olishadi. Gazetaning nomlari...»
«Bugun ayol qo‘shnisi bilan kinoga bordi. Filmning nomi...»
«Mahmud bilan Mustafo bizning oldimizga tez-tez kelib turishadi. Bolalarning onasi bosh og‘rig‘idan azob chekadi. Bolalar, otalari pul ishlashga ketganligi, tez orada kelishi lozimligini bilishadi. Ular uylarida ikki shkaf kitob borligini aytib berishdi. Aynan qanday kitoblar ekanligini bolalar bilishmaydi.»
«Oila hayotida hech qanday o‘zgarish yo‘q, taxminimizcha, kutilmaydi ham. Bu ish bilan yana qancha shug‘ullanish kerak?»
Hisobotlarning oxiri yo‘qqa o‘xshab ko‘rinardi.
Kuz keldi. Mahmud maktabga bora boshladi, Mustafo esa ko‘chada bir o‘zi o‘ynardi. Borgan sayin ko‘cha bo‘m-bo‘sh bo‘la borardi. Sovuq tushib qoldi. Mahmud maktabdan qaytgach, aka-ukalar uyda qolishardi. Kechqurun, qorong‘i tushgach, Mahmud bilan Mustafo avtomobilning oldiga radio eshitgani kelishardi. Erkaklar, bolalar otalarisiz yolg‘iz ekanliklarini his etishar va kun o‘tgan sayin ularga ko‘proq achinib, beixtiyor bolalarga bog‘lanib qolishayotganini o‘zlari ham sezishmasdi. Mudhish xayolot ichra yurakni orziqtiruvchi mehr-muhabbat hislari sizib chiqardi. Yo bu uyning yolg‘izligimi, yoki bolalarning himoyasizliklarimi, yoki ularning onalariga bo‘lgan beixtiyor hurmatmi, yanada aniqrog‘i, bularning hammasi birgalashib, bolalarga nisbatan dillarida sevgi uyg‘otardi. Bu his shafqatsiz ravishda ulg‘ayib borar va endilikda buni yengishga ularning qudratlari yetmasdi.
Shinasi bilan Xakki mazkur ta’qibdan siqilmoqda edilar; kuzning so‘nggi kunlari nim yoritilgan uydan ko‘z uzmaslik, har doim uy yumushlari bilan kuymanib yuradigan bag‘ri kabob, mungli ayolni ko‘rish, hech narsaning farqiga bormaydigan va onalari otalarining fufaykasini buzib to‘qiyotgan yangi sviterni qachon kiyarkanmiz, deb betoqatlik bilan kutayotgan bolakaylardan ham shubhalanib kuzatib yurish jonilariga tekkandi.
Nega endi ular andishasizlik bilan bu oilaning hayotiga aralashishadi? Odamlarning hayotidan ularni qoralaydigan nimanidir qidirib, ta’qib qilishning nima hojati bor? Bu qilayotgan ishlaridan, xizmatlaridan, bu odamlarni isnodga qoldirib qandaydir ifloslikni qidirishdan uyat hissi qamrab olgandi, axir, beayb parvardigor deganlaridek, har bir tirik jonda albatta qandaydir kamchilik topiladi, bu tabiiy hol.
Bolalarning shaffof dunyosiga to‘qinishga, ularni so‘roqqa tutish, uyda nimalar bo‘layotganini ulardan so‘rab-surishtirish, ulardan ta’qib uchun foydalanishga kim huquq berdi? Bolalar esa hech narsani bilishmaydi, ularga otalarining qochib ketganligi noma’lum. Ular otalarini kutishadi, u o‘yinchoqlar olib keladi, deb ishonishadi. Otalari kelgach, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi, hayot bundan ham go‘zalroq bo‘ladi, deb orzu qilishadi.
Hozircha... ayol sassiz yig‘lagancha kutadi va bolalar uchun, uy uchun nimaiki zarur bo‘lsa hammasini qiladi: ovqatlantiradi, kir yuvadi, yamab-yasqaydi, tozalaydi. Uy chinni-chiroqdek top-toza. Tuvakdagi gullarga doim suv quyilgan. Bog‘dagi ikkita limon daraxti sidqidildan parvarishlangan. Uning tagida bolalar o‘ynashadi, ularning kiyimlari yamalgan. Ular esa mana shu ozodalik ichidan ifloslikni shuning uchun ham topishlari kerakki, chunki bu bolalarning otasi uyini, mamlakatini tashlab, o‘z orzu-istagiga qarshi o‘laroq, o‘ziga fikran: «Men majburman...» deya Rim jangchisiga o‘xshab vatanidan mardi-maydonlik qilib yiroqlashdi.
Endilikda, yot o‘lkalarga borib qolgach, u o‘z hayotidan mamnunmikin? Sog‘inmasmikin? U ikkita limon nihollari, gultuvaklar, so‘zsiz nola chekayotgan ayol hamda bolalari haqida o‘ylamasmikin? Bu dunyoda bolalardan ham go‘zalroq narsa bormikin? Buni unutib bo‘ladimi? Nahotki, kurash uning uchun shularning hammasidan yuqoriroq tursa?
Mahmudning ovozi Shinasini mazkur voqelikqa qaytardi.
— Qech bo‘lib qoldi, men bora qolay,— dedi bola.
— Mayli, Mahmud. Balki yana bir oz radio eshitar-san? Axir, qiziqarli eshittirish-ku!
— U balki, hali dars tayyorlashi lozimdir?—dedi Xakki.
— Muallim masalalar bergandi, lekin onam yordam beradi.
— Masalalaringni olib kelsang, birgalashib yechardik.
Bola uyalibgina jilmaydi. Uning jilmayishida g‘urur, sevgi, mazkur odamlarga ishonch hamda o‘zining shunday sadoqatli do‘stlari borligidan quvonch barq urib turardi. Hatto kichkina bolalar ham bunday his-tuyg‘uga tushunishadi. Mana shunday daqiqalarning shaffofligi uzoq yillar esda saqlanadi. Baxtli daqiqalar xuddi yorqin yulduzlar misol inson xotirasida soflik, do‘stlik va muhabbatni saqlab qoladi.
Mahmud shamolda yorilgan qo‘lchalarida stakanlarni ushlagancha mashinadan tushdi.
— Yaxshi uxlab turinglar,—deyishdi Xakki bilan Shinasi.
— Yaxshi yotib turinglar,— dedi javoban bola.
U boshqa hech narsa demay, stakanlarni sindirib qo‘ymaslikka tirishib, ehtiyotla ushlagancha qorong‘ilik qa’rida yo‘qoldi. Bir ozdan keyin uning gavdachasi fonus tagida ko‘rindi-yu, yana ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi, Keyin ular bola xira yoritilgan eshikka kirib keta-yotganini ko‘rishdi.
Mahmud ketganidan keyin Xakki ma’lumot yozishga kirishdi. U blankaga yozar, qog‘ozni g‘ijimlar va yana boshqatdan yozishga tutinardi. Lablarini qiyshaytirgancha, ikkinchi blankani ham yirtib tashladi-da:
—Nega endi bizga shunchalik ta’sir qilyapti?— dedi-yu, lekin shu zahotiyoq aytganiga pushaymon
Shinasi uning yenida o‘tirgancha jilmayardi. Xakki unga qaradi-da, yanada qovog‘ini uyib oldi.
— Kulgandan ko‘ra, yaxshisi, sen yozib qo‘ya qolsang bo‘lmaydimi,— dedi u.
— Ey, yo‘q, bugun sening navbating,— deb javob qildi Shinasi.
— Senga bularning hammasi behuda ish bo‘lib ko‘rinmayaptimi?—deb so‘radi Xakki.
— Tuyulyapti, lekin bari bir yozish kerak. Boz ustiga, buning hech kimga zarari tegmaydi.
— O‘zimizga zarari tegishi mumkin,— dedi Xakki. Shinasi indamadi. Xakki yana axborot yozishga tutindi. Endilikda axborot yozish quruq rasmiyatchilikka, foydasiz mashg‘ulotga aylanib qolgandi, lekin shunga qaramay, axborot yozish uning zimmasiga tushmagan kuni u o‘zini baxtli hisoblardi, U iflos ishlar bilan shug‘ullanayotganini unutishga harakat qilardi. Lekin xizmat o‘z vazifasini bajarishni taqozo etardi.
Avvallari u raportlarni qanday osonlik bilan yozib tashlardi, lekin ishning mohiyati faqat unga inson taqdiri aralashgach, butunlay o‘zgarib ketdi. Ular inson ruhini bilmay turib, qanchalik yanglish fikrlarga borishgan ekan-a, inson haqidagi mulohazalari, uning ichki dunyosi, uning ma’naviy hayoti haqida o‘ylay boshlaganlaridan keyin esa hammasi ostin-ustun bo‘lib ketdi. Hammadan yaxshisi bu o‘ylovchi va his qiluvchi, fikrlovchi va tushunuvchi odamning sukut saqlashidir. Odamlar o‘zlarini-o‘zlari kuchli, qat’iyatli qilib ko‘rsatib, ayyorlik qilishlarining nima foydasi bor? Yolg‘ondakam mardlikning kimga keragi bor!.. Unda mujassamlangan barcha yaxshi xislatlarni unutadigan bo‘lsak, qanday qilib haqiqiy insonni o‘stirish mumkin? Sevgi va g‘amxo‘rliksiz o‘tkazilgan daraxt hatto barg ham yozmaydi. Modomiki, shunday ekan, insonni mehr-muhabbatsiz qanday qilib ulg‘aytirish mumkin?
Xakki raportni yozib tugatdi, u bo‘g‘ilganidan o‘zini qo‘yarga joy topmasdi. U galstugini yulib, ko‘ylak yoqasini yechdi. U raport yozilgan qog‘ozni Shinasiga uzata turib:
— O‘qi,—dedi.
Shinasi raportga ko‘z yugurtirdi-da, kulimsiradi
— Bilmadim,— dedi u.— Shefga bunipg yoqishi dargumon.
— Yetti oydan beri shu azob,— deya xitob qildi Xakki,— bas, yetar! Ikki kun burun sen ham shu fikrda eding. Bizga boshqa vazifa berishsin.
— Sen buncha hovliqaverma. Biz yana ozgina sabr qilishimiz mumkin,— deya uni yupatishga urinib ko‘rdi Shinasi
— Voy xudoyim-ey. Nega sen hadeb jilpanglayapsan? Yoki ikki kun avval nima deganingni esingdan chiqardingmi? Uyalsang bo‘lardi!
— Xakki, men bu haqda gapirmovdim.— deya zo‘r-bazo‘r gapirdi Shinasi.
Xakki uning gapini bo‘ldi:
— Shu haqdami, boshqami, lattachaynarlikni yig‘ishtir.
Shinasi indamay qoldi. Bir-birini sevadigan odamlar orasidagi baxslashuv ularning do‘stligig‘a putur yetkazmaydi, aksincha, ularni yanada jipslashtiradi.
Bir oz vaqtdan keyin Xakki: «Xafa bo‘ldingmi?» deb so‘ramoqchi bo‘lgandek do‘stiga qaradi. U sigareta olib aslida chekmaydigan Shinasiga uzatdi. U ham sigaretadan olib cheka boshladi.
Avtomobilning ichi tamak» tutuniga to‘lib ketganidan Xakki oynani ochib qo‘ydi. Ko‘chadan toza havo kirib, nafas olish birmuncha yengillashdi.
Shinasi sigaretaning yarmisigacha zo‘rg‘a chekdi-da, oynadan qoldig‘ini otib yubordi. U Xakki qoldirgan daftarni olib nimanidir yozdi-da, uni o‘rtog‘iga uzatdi. U yozilganni o‘qib:
— Mana endi hammasi joyida, — dedi. U raportni cho‘ntagiga solib, o‘ylanib qoldi. Ba’zida hayotdagi muvozanatni saqlab qolish nechog‘lik qiyin bo‘ladi. Agar odam falokatga yo‘liqqanda do‘sti yordamga kelib, qutqarsa, ko‘maklashsa bir navi-ya. Bunga turmushdan ozmuncha misollarni keltirish mumkinmi? Haqiqiy do‘stlik mehr-muhabbatga asoslanadi. Agar muhabbat bo‘lmasa, mehribonlikka ham ko‘z tutib bo‘lmaydi. Xuddi usti yaltiroq, ichi qaltiroq sharga o‘xshab, umri qisqa bo‘ladi. Zo‘ravonlik yaxshilikka olib bormaydi, sevgini ham kuch bilan tutib qololmaysan. U avval ham ko‘pgina bolalarni bilardi, lekin ularga nisbatan qalbida muhabbat uyg‘onmagandi. Bolalarga bo‘lgan mehribonlik Xakkini avval unga noma’lum bo‘lgan haqiqat bilan to‘qnashtirgandek bo‘ldi. Bu shunchaki oddiy his-tuyg‘u bo‘lmay, unda aqlning mushohadasi ustunlik qilayotgandi. ,Kimki, bu hisni dildan tuya olmasa, uni qoralash va ayblash mumkin, His-tuyg‘ular uchun odamga tamg‘a bosish yangi tug‘ilgan chaqaloqqa ism qo‘yishdek eng oddiy ish.
Shinasining ovozi uni xayolot dunyosidan olib chiqdi.
— Uni qaragin, Xakki, bolakaylar hali yotishmabdi, axir, soat ham o‘n bo‘lib qoldi-ku.
Xakki uyga qaradi-da, derazada bolalarning — Mustafo bilan Mahmudning jajjigina boshchalarini ko‘rdi.
Mashinada o‘tirgan odamlar uchun bolalar go‘zallik timsoli bo‘lib xizmat qilishardi — ular bularga kuch-quvvat baxsh etishardi hamda hech qanday xavf xatarni gumonsiramay oyna oldida turgan bolalar haqida o‘ylash va g‘amxo‘rlik qilish ehtiyojini tug‘dirishardi. Bolalar qorong‘ilik qa’ridan avtomobilni ko‘rmoqchi bo‘lishayotgani aniq edi. Shinasi oldingi faralarni yoqdi. Ana shunda mashinadan emas, unda o‘tirgan odamlarning qalbidan bolalarga tomon nurning keng tasmasi cho‘zilgandek bo‘ldi. Mana shu nur birinchi qavatda yonayotgan chiroqning shu’lasi bilan qo‘shilib ikkinchi qavatning derazasi oldida turib jilmaygancha qo‘llarini silkitayotgan bolalarni yoritdi.
Sevuvchi odamlar, bolalar va kattalar, hayotning siri-yu, baxt va mangulik sizlarda!
Chingiz Yo‘rik. Odamlarni yolg‘iz qoldirmang (hikoya)
Hikoyat Mahmudova tarjimasi