OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erjebet Halhotsi. Buvi (hikoya)

Bolaligimda Nani Hombots sodir etgan qotillik haqida ko‘p bor eshitganman. Uzundan uzoq qish kunlarida kattalar qaltirab-titrab ana shu mudhish voqeani hikoya qilishar, biz bolalar uxlayotgan kishi bo‘lib, ko‘rpaga o‘ralgancha, yuragimiz muzlab ularning gapiga quloq solardik.
 Bu birinchi Jahon urushi paytida yuz bergan. Nanining eri urushga ketgan, yoshgina juvonning bir parchagina tomorqasidagi ishlariga qarashish uchun unga bir asirni biriktirib qo‘yishgan. Asir, kattalarning aytishicha, sochi, qosh-ko‘zlari qop-qora, qo‘shiq aytish va soz chertishda tengi yo‘q italiyan yigit ekan. Uning uchun yaqindagina erini harbiy xizmatga jo‘natgan, hali to‘shak lazzatini unuta olmagan yosh juvonning boshini aylantirib olish qiyin kechmagan. Qizchasi tug‘ilgan paytda eri urushda bo‘lgan.
 Kutilmaganda eri Kechevesh uyga qaytadi. O‘sha oqshom juvon va asir uni o‘ldirishadi. Jasadni aravaga solishadi-da, ustini pichan bilan yopib, Rabu daryosiga eltib tashlashadi. Kimdir uni ko‘rib qolgudek bo‘lsa, tanib olinmasligi uchun kallasini kesib olishadi va yaqin oradagi go‘ngto‘daga ko‘mib qo‘yishadi. 
 Keyin urush tugadi, asirlar, shu jumladan italiyan yigit ham yurtiga qaytdi. Kechevesh uyiga qaytmagani uchun, xotini uning jangda qahramonlarcha halok bo‘lgani, hatto unga anchagina yordam puli jo‘natilgani haqida gap tarqatdi. 
 Nani Hombots asir ketganidan keyin dala ishlariga qarashish uchun mardikor yolladi. Ulardan biri dalaga go‘ng chiqarayotib, bosh chanog‘ini topib oldi va polis idorasiga xabar qildi. Barcha shubxa-gumonlar haqiqatga aylandi. O‘sha kuniyoq ayolning qo‘liga kishan solib opketishdi, keyin uni umrbod ozodlikdan mahrum etishdi.
 Nani Hombotsning besh yashar qizi avval qaysidir qarindoshi qo‘lida o‘sdi, u o‘lgach bechora Annush Kechevesh yakkayu yolg‘iz qolib ketdi. Annushni men ham yaxshi tanirdim, u bizning ko‘chamizda qishloqning eng chekkasida, tomi qamish bilan yopilgan, yiqilay deb turgan kulbada yashardi. Annush haqida turli vahimali gaplar yurar, biz bolalar dalaga ovqat olib borayotganda, uning uyi yonidan o‘tishga hayiqardik. Albattaki, unga hech kim uylanmagan, shunday esa-da, kimlardandir ikkita bola orttirishga ulgurgandi. Axir Nani Hombotsning qiziga kim ham uylanardi?
 Aniq eslayman, u juda ishchan, mehnatkash va sog‘lom ayol edi. U bilan birga bo‘lgan erkaklarga oson bo‘lmagandir? Kimdir unga uylanmoqchi bo‘lganida, Annushning xuddi onasiga o‘xshab, erining kallasini kesib olishi, keyin uni go‘ngto‘daga ko‘mib qo‘yishi mumkinligini dahshat ichida ko‘z oldiga keltirgan bo‘lsa kerak. 
 Bahorning iliq tongi edi. Ikkita bolakay hovlida uynab yurishardi. Petike besh, Marnike ikki yarim yoshga kadam qo‘ygandi. Ular kechagi yomg‘irdan keyin namlangan yer uzra tunuka parchasi bilan turli shakllarni chizishardi. 
 Uy qulflab ketilgandi. Eshik oldida bir shoxi bo‘ronda sinib tushgan, bir tarafga qiyshayib qolgan qari nashvati daraxti tagida allaqachon o‘z umrini yashab bo‘lgan eski ustol va g‘ijirlab qolgan xarrak joylashgandi. Ustolning ustida bolalarning kundalik yemagi — bir ko‘zachada suv va usti katakli ro‘molcha bilan o‘rtilgan non turardi.
 Hovlining yarmi ko‘cha bilan qo‘shilib ketgan, orqa tomoni esa tomorqa bilan tutashgandi. Qachonlardir hovli devor bilan o‘ralgan bo‘lsa-da, yog‘in-sochin natijasida uning yarmi ivib ado bo‘lgan, qolgan qismi o‘tin yo‘g‘ida o‘tga qalangan, faqat darvozani tutib turishga mo‘ljallangan ikkita chirik ustun qolgandi, xolos.
 Ko‘chadan o‘tib borayotgan bir kampir hovli yonida to‘xtab, kichkintoylarga diqqat bilan qarab qoldi.
 Bolalar shu paytga qadar bunaqa g‘alati kampirni ko‘rishmagandi. U qo‘shni Roza xolanikiga o‘xshab kichkina ro‘molcha o‘rab olmagan, uning qalin va oqargan sochlari yelkalariga tushib turardi. U xuddi gadoylarga o‘xshab tayoq uchiga kichkina bir tugunni ilib olgan, hali yirtilib ulgurmagan qora ko‘ylagi xuddi birovnikidek unga yarashmay turardi.
 Kampir biroz bukilib, hovliga tikilgancha turib qoldi.
 Petike xech narsadan qo‘rqmasdi.U erta bahordan kuzgacha uyda yolg‘iz qolishga ko‘nikkan, faqat Marike ba’zida bo‘lar-bo‘lmasga arillab, uning g‘ashiga tegardi. Bola shu paytgacha onasidan biror marta qaroqchilar, qotillar, bolalarni o‘g‘irlab sotadigan tilanchilar va ajinalar hakidagi qo‘rqinchli ertaklarni eshitmagan edi. Petike hatto qorong‘idan ham qo‘rqmasdi. Hozir ham u qiziqsinib, notanish kampirga yaqin bordi.
 — Onam uyda yo‘q, — dedi jiddiy qarash bilan. 
 — Kimning o‘g‘li bo‘lasan? — so‘radi ayol. Uning ovozi Roza xola singari kampirlarning tovushiga hecham o‘xshamasdi. 
 — Anna Kechevesh, — dedi bolakay va kampirning moviy ko‘zlaridan ajinlari bo‘ylab oqa boshlagan yoshlarni ko‘rib hayron bo‘ldi.
 — Otangning ismi nima? — so‘radi kampir entikib.
 — Mening otam yo‘q, — javob kaytardi bola quruqqina ohangda. — Kingiga o‘xshagan bolalarning otasi bo‘ladi. Onamning aytishicha, uning bizga keragi ham yo‘q. 
 — Bu sening singlingmi? — suradi akasidan ancha uzoqda begona ayoldan yotsirab turgan qizchani ko‘rsatib va o‘zi hovli va ko‘cha o‘rtasidagi ko‘rinmas chegarani bosib ichkari kirdi. 
 — Ha, — dedi bola, — Marike. U hali judayam kichkina.
 — Ko‘ryapman, — dedi ayol va hovlining ichkari tarafida, qizchaning ro‘parasida uyub qo‘yilgan shox-shabba g‘aramiga suyanib qoldi. U unniqib ketgan dastro‘molchasi bilan ko‘zlarini artar, biroq ko‘zyoshlarning keti ko‘rinmas, chunki, u har gal xiralashgan nigohlarini uyning g‘aribgina tomiga, qiyshayib turgan nashvatiga, bolalarga, ship-shiydam hovliga qaratganida o‘zini yig‘idan to‘xtata olmasdi.
 Bolalar unga qo‘rquv aralash karab turashardi. Petike unga hech yeringiz og‘rimayaptimi. Shuvegesh amaki har kanday kasalni tuzatadi, demoqchi bo‘lib turganida kampirning o‘zi tilga kirdi: 
 — Onang qaerda?
 — Ular dalaga patinjon ekkani ketishdi.
 Kampir birdaniga sergak tortdi:
 — Kim bilan ketdi?
 — Fabian amakim oyimga yordam beryapti.
 — Tushunarli... U... Fabian amaking anchadan beri sizlar bilan yashaydimi? 
 — Yo‘q, mavlud bayramida yo‘q edi. Onam uni bozordan olib keldi.
 Kampir bolalarga jimgina qarab qoldi. Beixtiyor yuzlariga tabassum yugurdi. Shuning barobarida yuzlaridagi ajinlar kupayib ketdi, lekin ko‘zlarida sevinch porladi. Unga javoban Petike ham jilmaydi, Marike esa, tortinchoqlik bilan yerga tikilib turardi.
 — Buvingiz bo‘lishini xohlarmidingiz? — so‘radi kampir o‘sha tabassum bilan. 
 — Bizning buvimiz yo‘q, — bidirladi Petike, — Kingining ikkita buvisi bor.
 — Shuning uchun so‘rayapman, sening ham buving bo‘lishi istaysanmi?
 Petike o‘ylanib qoldi.
 — Kingining buvisi unga har doim olma beradi. Hatto qishda ham.
 — Men buni bilmagan ekanman. — Ayol o‘zini oqlaganday g‘udranib, tizzalari ustida turgan tugunchasini ocha boshladi. Bolalar qiziqib unga yaqinlashishdi. Uning uvada tugunchasida qora charm karmon, katta qizg‘ish salib, dumaloq taroq va ko‘zgu bor edi.
 Kichkina yashil qoplamali kuzguning orqa tarafida uzun sochlarni tarayotgan yelkalari ochiq ayolning tasviri bor edi. 
 Oyna favqulodda yaraqlab turardi. Petika birovning narsasiga tegmaslikka o‘rgangani uchun indamay qarab turaverdi. Uyda ham ana shunaqa oyna bor, faqat u bolalarning qo‘li yetmaydigan joyda ilib qo‘yilgan.
 Petike kampir mehribonlik bilan uzatgan ko‘zguni jur’atsizlik bilan qo‘liga oldi, unda o‘z aksini uzoq tomosha qildi va Marikening og‘zi yig‘lashga moyil tarzda qiyshaya boshlagach, qo‘lidagini unga ko‘rsatdi.
 — O‘g‘lim, isming nima?
 — Petike.
 — Shoshma Petike, — Kampir bolaning qo‘lidan ko‘zguni oldi-da, uy tomonga yurdi. Shu choqda uyning nashvati soyasi tushib turgan devorida yugurib ketayotgan quyon tasviri paydo bo‘ldi. Bolakaylar devordagi g‘alati tasvirni qizikish bilan kuzata boshlashdi. Ayol ko‘zguni shunday ushlab turilsa, uning aksi soya tushib turgan devorga aniq tushishini tushuntirib, uni Petikening qo‘liga tutqazdi.
 Bolalar o‘yin bilan andarmon bo‘lib qolishgach, kampir uyub qo‘yilgan xazon atrofida yura boshladi. Bolalar bu g‘alati o‘yinni o‘ynab zerikishdi shekilli yana o‘zlarida qiziqish uyg‘otgan kampirning yoniga yugurib kelishdi. Kampir ularga qarab mahzun jilmaydi: 
 — Buvingiz bo‘lishin istarmidingiz? — deya avvalgi savolini qaytardi. Petike nima deb javob qaytarishni bilmasdi. 
 — U har doim siz bilan birga bo‘lardi. Tushlik tayyorlab berar, Qorqiz va yetti pakana, Bo‘g‘irsoq, ikkita urishqoq echki haqidagi ertaklarni aytib berardi. 
 — Zo‘r-ku, — dedi har kuni kechga yaqin onasini sog‘inganidan xarxashasini boshlaydigan singlisidan bezor bo‘lgan Petike. 
 — Men sizning buvingiz bo‘laman, — dedi kampir nuroniy tabassum bilan. 
 Petike bunga jon-jon deb rozi bo‘lsa-da, bir narsaga tushuna olmasdi:
 — Nimaga shu paytgacha bizning buvimiz bo‘lmagansiz?
 Ayol yolg‘ondakam qovoq uydi:
 — Men juda uzoqda edim, o‘g‘lim.
 — Amriqoda edingizmi?
 — Amriqoda edim. Hatto undan ha uzoqda edim, bolam...
 Qo‘shni ayol Roza xola tush mahali Anna Kevecheshning hovlisida xazonlar ustida o‘tirgan oqsoch ayolning o‘z yoshiga nomunosib tiniq va chiroyli ovozda bolalarga qo‘shik o‘rgatayotganini ko‘rib ajablandi.
 Roza xola nima bo‘layotgani bilan qiziqsa-da, qo‘shni hovliga o‘tgisi kelmadi. Nani Hombotsning qizi kim ediki, uning uyiga kelgan notanish mehmon kim bo‘lardi? Roza xola hatto o‘z nevaralarini ham qo‘shni bolalar bilan o‘ynagani qo‘ymasdi. Kinga o‘zboshimchalik bilan qo‘shni hovliga o‘tib qolsa, darrov uni chaqirib olar va yaxshilab ta’zirini berardi.
 ...Katta Oq Salib yonidagi Komlo vodiysi katta yo‘l yoqasiga tutashib ketgan. Yo‘lning bir tarafi qishloqqa, ikkinchi tomoni Annush ishlaydigan dalalarga ulangan. Kech tushib, keksa nashvati soyasi hovli bo‘ylab cho‘zilgan mahalda Fyuge erinchoqlik bilan kavsh qaytarib yotar, Petikeni esa sigir ekinzorni behuda toptamasin uchun uni og‘ilga ertarok kiritish tashvishi o‘ylantirardi. Keyin esa, u singlisining qo‘lidan tutgancha, katta Oq Salib tagiga onasini kutib olish uchun chiqadi.
 Annush Kechevesh bolalarini uzoqdan ilg‘ay oladi. O‘sha ondayoq uning vujudini yoqimli bir his chulg‘aydi. U dalada ishlashni, ayniqsa, bahorning ana shu pallasini, uning yelkani kuydiradigan quyoshini yoqtiradi, yangi ekilgan patinjon ko‘chatlari baravj o‘sa boshlagani, qishda nasibalari mo‘l-ko‘l bo‘lishini o‘ylab ko‘ngli tog‘dek ko‘tariladi. Biroq uyda yolg‘iz qolgan bolalarimga hech narsa bo‘lmadimikin, degan tahlikali savol bu quvonchni bir zumda yuvib ketadi.
 Daladan Katta Oq Salibgacha o‘n daqiqalik yo‘l. Yigirma besh yoshli, kuchli va sog‘lom ayol bu fursatni ikkiga bo‘lib, dalada qolgan erkakka va uni kutib o‘tirgan bolalariga taqsimlagan. 
 Annush vijdonan ishlashni sevar va buning uddasidan chiqa olardi. Biroq sakkiz tanob yerni bir o‘zi eplay olmasdi. Buning uchun kamida ikkita odam kerak bo‘lardi. Uning xizmatkor saqlashga qurbi yetmasdi, chunki ikkita bolasi bilan qishdan arang jon saqlab chiqar, ortiqcha nonxo‘rni boqishning o‘zi bo‘lmasdi. Hatto savr oyiga borib ularning quruq jo‘xori nondan bo‘lak yeguligi qolmasdi. Bu paytda jo‘xori so‘tasidan boshqa yemishi qolmagan Fyuge ham sutdan to‘xtardi.
 Annush yutoqib zog‘ora non kavshayotgan bolalarini ko‘rganida, kechqurun ularning so‘lg‘in badanini ishqab cho‘miltirayotganida yuragi ezilib ketardi. Shunda u cho‘chqa sotib olish uchun yig‘ib qo‘ygan pulni olardi-da, go‘sht, yog‘ va ko‘proq shakar sotib olish uchun do‘konga yugurmoqchi bo‘lar, biroq bu paytda do‘kon yopiq bo‘lishini o‘ylab, hafsalasi pir bo‘lar, ertalab uyg‘onganida yanagi yil uchun bitta cho‘chqacha olib qo‘ymasa bo‘lmasligini anglab, pulga tekkisi kelmasdi.
 U endi tirikchilik haqida uncha qayg‘urmasa ham bo‘ladi. Yonida Fabian bor. U Annush Kechevesh kimning qizi ekanini bilgan taqdirda ham uni tashlab ketmaydi. 
 U bir oy ilgari Fabianni mardikor bozoridan yollab kelgandi.U ozg‘in, o‘ychan chehrali, mulohazakor yigit edi. Uning xo‘rlik va sitamlarga ko‘nikib ketgan nigohlarida ishonchsizlik va chuqur qayg‘u aks etib turardi. 
 Annush yigitning qismatida o‘ziniki bilan o‘xshashlik borligini payqadi. U yetimlik, yolgizlik nima ekanini yaxshi biladi. Ular ikki hafta davomida bir dalada mehnat qilishdi. Annush birinchi kundanoq yigitning ota-onasini ham ko‘rmagani, ochko‘z va qo‘pol qishloqilar qo‘lida yetimlikda o‘sgani, shu paytga qadar biror marta biror kishidan shirin gap eshitmaganini so‘rab bilib olgandi. 
 Bugun tush payti ayol yana baxtning sarxush etgulik titrog‘ini butun vujudi bilan his etdi. Ular tol soyasi ostida birgalikda non va qarzga olingan cho‘chqayog‘ yeyishdi, shunda Fabian aytdiki: 
 — Bekam, men qudukdan tozaroq suv opkelay. 
 Annush o‘z-o‘zini yengishga harakat qildi: 
 — Fabian, meni bekam demagin, Annush deyaver.
 Yigit unga tikildi, ammo, darrov boshini egib oldi, lablariga titroq yugurdi. 
 — Tilim bormaydi, — deya shivirladi u.
 Ayol unga yaqinroq keldi va iyagidan ko‘tarib o‘ziga qaratdi:
 — Annush degin, — mayinlik bilan o‘tindi ayol.
 Ular uzoq muddat bir-biriga tikilib qolishdi.
 — Shu paytga qadar hech kim meni sevmagan edi, — dedi yigit va birdan uning nigohlari tundlashdi. 
 — Men... Men seni sevaman, Fabian! Sen buni bilasan. Bilasan-ku, to‘g‘rimi? 
 — Men ham sizni sevaman, — dedi Fabian xo‘rsinib. Uning so‘zlarini arang eshitish mumkin edi. 
 — Sizni emas, seni degin! 
 Fabian Annushning yuziga uzoq termuldi: uning dudoqlari atrofiga mayin tabassum yoyilgan, ko‘zlarida samimiylik aks etardi, yigit esa anchadan buyon ichida to‘planib qolgan yig‘i to‘fonini arang ushlab turardi.
 — Seni, — dedi ohista entikib.
 Ular qancha vaqtgacha quchoqlashib turishganini yolg‘iz xudo biladi. Keyin Fabian qarshisida ilk bor betakror mo‘‘jizani kurib turgandek yengil va hayratomuz jilmayganicha so‘radi: 
 — Qudukdan muzdek suv olib kelsam maylimi... Annush?.. 
 ...Annush cho‘kkalab bolalarini bag‘riga bosdi, ularning yuz-ko‘zlaridan qayta-kayta o‘pdi. Uning lablari jigarbandlarining yuz terisi har kungidek emasligini darrov payqadi, ammo dastlab bunga e’tibor bermadi, — e xudo, bu yetimchalar uchun kunning o‘tishi bunchalar qiyin bo‘lmasa? O‘tgan yozda Marika hali ko‘krakdan ajralmagan paytda kechqurun uni kurishi bilan "onna, onna" deya qiyqira boshlardi. Ha, Annush ularning "onnasi". Ular onasisiz yashay olmaydi, shuni his etishning qanchalar katta baxt. Axir u farzandlarini aynan o‘zi uchun dunyoga keltirmadimi?
 U kizchani qo‘liga ko‘tarib oldi, o‘g‘lining qo‘lidan tutdi. Ular torgina so‘qmoqdan uyga qayta boshladilar. Petike odatdagidek shosha-pisha kun bo‘yi yuz bergan voqealarni "sharhlashga" o‘tdi, onasi esa unga horg‘inlik bilan quloq tutardi: qushning ini... Marike yig‘ladi... Ular do‘kon-do‘kon o‘ynashdi... Birdan ayol sergaklandi: 
 — Nima deding, o‘g‘lim? 
 — Buvim keldilar, — dedi bola quvonchi ichiga sig‘may, shundagina onasi uning qo‘lida turgan dumaloq ko‘zguchaga e’tibor berdi, — qarang, buvim menga manavini berdilar. 
 — Qanaqa buvi, qaerdan keladi? — ajablandi Annush. 
 — Amriqodan.
 Nahotki bolalaridan birining otasi o‘z farzandini olib ketish uchun onasini yuborgan bo‘lsa?.. Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas. Axir bo‘ynimga osilib olmoqchi, deb o‘ylamasin uchun u bironta yigitga undan homiladorligini aytmagandi-ku? 
 — Buvim bizga ertaklar aytib berdilar. Birga qo‘shiq aytdik, o‘ynadik, — hikoyasini davom ettirdi Petike. 
 Annush miyasida charx urayotgan noxush fikrlarni haydamoqchi bo‘lar, biroq, undan qutula olmasdi. Shunda betoqatlik bilan o‘g‘liga qichqirdi:
 — Odamga o‘xshab bir boshdan gapir, qanaqa buvi, qaysi buvi?
 Bola biroz shoshilib qoldi-yu besh yoshli bolaning imkoni darajasida bor gapni aytib berdi. 
 — Qaerda hozir o‘sha ayol? — so‘radi u sabrsizlik bilan. 
 — Uyda.
 — Nima qilyapti?
 Petike yig‘lagudek bo‘ldi:
 — Fyugeni sog‘ib, kechlik tayyorlayaptilar.
 — Sen unga kalit pichanxonaning tokchasida turishini aytdingmi? — o‘shqirdi onasi. Bola endi baralla yig‘lab yubordi: 
 — Yo‘-o‘q, — dedi alam bilan xirillab, — o‘zlari bilarkanlar. Har doim kalit mana shu yerda turardi, dedilar.
 Annush taxtadek qotib qoldi. Holsizlanib qizchani yerga qo‘ydi. Yuragi o‘rnidan qo‘zg‘alib, bo‘g‘ziga qadalganday bo‘ldi, hozir bo‘g‘ilib o‘laman, o‘yladi Annush. Bolalar unga dahshat ichida qarab turishardi. Ana shunda Annush bolalarning oyoq-qo‘llari har kungidek kir-chir emas, top-toza yuvilganini ko‘rdi. Kechagina o‘g‘lining ishtonchasidagi yirtiqni uyda ip yo‘qligi uchun yamay olmagandi, hozir esa, o‘rniyam bilinmaydi. Petikening yenglari, kizchaning egnidagi chit ko‘ylak ham yuvilgan, hozirgi issiqda hamma narsa tez qurib qoladi. 
 U bolalarini sudragancha uyga tomon oshiqdi. Tepaliklarning soyasi vodiy bo‘ylab yoyila boshlagan edi. Ayol oshxonasining eshigi tuynugidan shu’la taralmayotganini uzoqdanoq payqadi. Ichida xira umid yallig‘landi: ehtimol ketib qolgandir? Balki uning o‘zi umuman bo‘lmagandir. Petike u haqdagi gaplarni shunchaki alahsirab aytgan bo‘lsa-chi?
 Shu payt cho‘ka boshlagan shom pardasi ortidan uning qulog‘iga mayin va sokin bir qo‘shiq eshitildi. Qo‘shiq ohangi yaqinlashgan sari Annushning vujudiga titroq kira boshladi. Bu ovoz, bu qo‘shiq unga tanish, lekin ular yillarning zalvorli qatida qolib ketgan, dekin xotirasining qaysidir puchmog‘ida zang bosib yotgandi. Hozirgina ayolning nazarida allanima zarb ila portladi-yu bu olis xotiralar qayta jonlandi. Uning ko‘z ungida zarrin sochli, ko‘zlari chaqnab turgan, navqiron va mehridaryo ayol siymosi paydo bo‘ldi...
 Uning allanechuk parda qoplagan nigohlari qiyshiq nashvati ostida turgan ayol gavdasini zo‘rg‘a ilg‘ay oldi. Jo‘xori sitib o‘tirgan ayol Annushni ko‘rishi bilan ilkis qo‘zg‘aldi-yu sehrlangandek bir zum kotib qoldi, keyin uning past va o‘tinchli ovozi eshitildi:
 — Jon qizim, meni haydama!
 Annush vujudidagi so‘nggi jur’atni to‘plab:
 — Qolvering, ona, — deya oldi xolos va uning o‘ksik yig‘isini hech kim eshitmasin uchun o‘zini jon halpida uy ichiga urdi. 
 «Qolavering... Qolavering?.. Yo‘q, uni ertagayoq jo‘natvorish kerak. Har holda yarim kechasi quvib yuborsa bo‘lmas». 
 Annushning o‘t chaqnagan ko‘zlari qorong‘ilik bag‘rini yorib turardi. Onasi ham hozir uyg‘oq ekanin ich-ichidan his qildi. Bechora kun bo‘yi horib-charchab ketgandir? Axir Annushning hamma ishlarini bajarib qo‘yibdi-ku? Buning ustiga yana yotish oldidan bolalarni yuvintirib, joyiga yetqizdi, yana ertaklar aytib berdi. U qanday bo‘lmasin, foydasi tegishi mumkinligini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan-da! Ana shuni o‘ylab Annushning ko‘zlari yoshga to‘ldi. 
 Xonada nafas olishning iloji yo‘qdek edi, havo go‘yo tosh-metinga aylangan, uni hatto bolta bilan ham maydalab bo‘lmasdi.
 — Nega bunaqa qildingiz, ona, — uning qo‘qqisdan yangragan xitobi yonginasida uxlab yotgan qizchasini ham qalqitib yubordi. 
 Qo‘shni to‘shakdan hadeganda javob eshitilvermadi: 
 — Qo‘y, qizim, o‘tgan ishga salavot. Yaramni yangilab nima qilasan?
 — Shunaqa deng, — dedi qizi zaharxanda bilan, — Demak, bu yara siz uchun eskiribdi-da? Bo‘lishi mumkin, chunki, siz qilmishingizga yarasha jazo topdingiz. Men-chi, men kim uchun, nima uchun azob tortib yuribman? Mening hayotimni ko‘rdingizmi? Bunga kim aybdor? 
 Onasi javob bermadi. Qiz ham javobni kutmayotgan edi. 
 — Meni qishloqda kim deb chaqirishlarini bilasizmi? Nani Hombotsning qizi. Faqat shu xolos. Meni tushuna olgan, mehnatim, halolligimni qadrlay olgan birorta inson topolganimda, uning xoki poyini ko‘zimga surtardim. Annush bo‘g‘ziga kadalgan yig‘ini yutish uchun og‘ir xo‘rsindi. — Men odamlar nazdida yo‘lini yo‘qotgan sayoq bir qizman! Axir qotil onaning farzandiga birov xayrixoh nazar bilan boqarmidi? Men... hatto mana shu bolalarni ham kimgadir mehr qo‘yish uchun tug‘dim...
 Annushning tovushi yig‘iga qo‘shilib xirillab koldi. Shunday bo‘lsa-da, umrida ilk bor ichidagi dardu alamini birovning oldida to‘kib solayotgandi. 
 Anchadan keyin oradagi jimlikni onaning mahzun ovozi buzdi: 
 — Bu ishni men qilganim yo‘q, o‘sha italiyonning ishi edi bu!
 Annush jim qoldi. 
 — Men bu hakda senga og‘iz ochmoqchi emasdim. Hatto mahkamada ham mening gaplarimga hech kim ishonmagandi, — deya gapida davom etdi kampir. — Hayotimda hamma narsadan aziz bo‘lgan ikki norasidang haqqi qasam ichaman, senga bor gapni aytyapman. 
 Annush sekin ingrab qo‘ydi: 
 — Gapiravering, qulog‘im sizda.
 — Men sevib qolgandim. O‘sha italiyonni deb es-hushimdan ayrilgan edim. Nima qilayotganimni basir aqlim ham idrok etolmasdi... Saratonning ilk oqshomi edi. Xuddi mana shu to‘shakda yotgandik, tuyqusdan derazani kimdir chertdi. Sapchib o‘rnimdan turib ketdim: "Kim bu?", "Bu men - Andrish". Erim qaytib kelgandi. Qo‘rquvdan o‘zimni tamomila yo‘qotib qo‘ydim. "Juzeppe, dedim italiyonga qarab, bekin, karavotning tagiga kirasanmi, shkafgami, eshikning orqasiga o‘tasanmi, yashirin!" Juzeppe bamaylixotir o‘rnidan turib, shalvarini kiydi: "Nega bekinarkanman, sen mening xotinimsan, o‘sha so‘tak senga endi qo‘lini ham tekkiza olmaydi!" Men undan bekinishini so‘rab tiz cho‘kdim, yalindim-yolvordim. Uning esa bir tuki qilt etmadi. Erim esa, bu paytda eshikni gursillatib tepa boshlagandi. Yo rabbiy, endi nima qilaman? Shu payt shovqin-surondan sen uyg‘onib ketding. 
 — O‘shanda men necha yoshdaydim, — so‘radi qiz qaqragan lablarini yalab.
 — Bir yarim yashar... Seni ko‘tarib oldim-da, eshikni ochdim. Erim hovliqa ketdi: "Voy, sen qanjiq, voy fohisha! Demak, hammasi rost ekan. Sen haqingdagi gap-so‘zlar hatto muhorabaga yetib borgan, manjalaqi!" U shunday men tarafga musht otdi. Ammo uning zalvorli mushtumi senga tegmasin uchun yelkalarim bilan seni to‘sib qoldim. Bir payt es-hushimni bir yerga to‘plaganimda ular mendan ancha uzoqda yoqalashib yotishardi. Ularning ikkisi ham yirtqich kepatasiga kirgandi... Bir payt italiyon o‘rnidan turib, horg‘in uh tortdi, otang yerda chalqanchasiga harakatsiz yotar, uning bo‘g‘zidan tinimsiz qon otilardi.
 Kampir qiyinchilik bilan yutinib oldi.
 — Men tamoman qotib qolgandim. Oyoq qullarimdan majol ketib, qimirlayolmay qolgandim. Italiyon meni eshik oldidan ichkariga itarib kirgizdi va jasadni tashqariga sudrab chiqdi. Shu ketgani bilan tongga yaqin qaytib keldi. Men hamon eshik og‘zida turar, seni qachon joyingga yotqizganimni ham eslolmasdim. "Nima qip quyding, Juzeppe, nimalar qilding", so‘radim qaqshab. U tahdid bilan o‘shqirdi: "Uningni o‘chir, marja, biz shunchaki jang maydonida to‘qnashib qoldik, ikkimizdan birimizdan birimiz o‘lishimiz aniq edi." U agar bu haqda birovga gullaydigan bo‘lsam, meni ham seni ham o‘ldirishini aytib qo‘rqitdi. "Agar o‘ldirolmasam, — dedi u, — hamma ishni sening ko‘rsatmang bilan qildim deyman". 
 — Siz indamay yuraverdingiz... 
 — Urush vaqti edi, bolam. Urush odamlarni shafqatsiz qilib qo‘yadi, hatto ayollarni ham. 
 — Keyin nima bo‘ldi?
 — Ikki haftadan keyin uyimizga ikkita mirshab kelib erimni so‘radi. Uni qaerda ekanini aytishimni talab qilishdi. Agar o‘zlari topib olishsa, joyida otib tashlashlarini aytishdi. U paytlarda qochqin askarlarni so‘ramay-netmay otib tashlashardi. Juzeppe mirshablarning orqasidan menga tikka qarab turardi. Men erim uyga qaytmaganini, uni mutlaqo ko‘rmaganimni aytdim. Urush tugab hamma asirlar, jumladan, Juzeppe ham Vataniga qaytdi.
 — Siz... o‘shandan keyin ham.. u bilan yana...
 — Unga qarshilik ko‘rsata olmasdim. Biroq unga nisbatan hislarim allaqachon so‘nib bo‘lgandi... undan qo‘rqardim, xolos. U meni masxaralar, tahqirlardi. U muxorabada nechtasini miyasidan otgani, yana qanchasining qornini yorib tashlagani xaqida maroq bilan hikoya qilib berardi.
 Annush bu gaplardan muzlab ketdi: inson shu qadar vaxshiylikka borishi mumkinmi? Kimningdir qornini yorib tashlash Fabianning ham qo‘lidan kelarmikin? Yoki kimdir Fabianning... Oh, yo‘q, yo‘q!!! 
 — Men biror marta ham italiyondan erimning... jasadini nima qilgani haqida so‘raganim yo‘q. Biroq ertami kechmi bu sir albatta ochilishini his etardim. Men kecha-yu kunduzni qo‘rquv ichida o‘tkazardim. Sir fosh bo‘lgach... ancha yengil tortgandek bo‘ldim. 
 — Mahkama payti hamma gapni aytib berganmisiz? 
 — Aytganman. Ishonishmadi. Haqiqiy aybdor esa, bu yerda emasdi. Uni qidirib ko‘rishdi. Italiyaga ham maktub yo‘llashdi, ammo bunday odam hech qaerda yo‘qligini ma’lum qilishibdi. Mening ustimdan hukm o‘qildi. Barchasiga chidadim. Men faqat o‘zimni erimga xiyonat qilganim va qotillikdan voqif bo‘la turib xabar bermaganim uchun aybdor sanardim, xolos. Boshqa hech qanday gunohim yo‘q edi... Menga ishonasanmi?
 Qizi og‘ir tin oldi:
 — Ishonaman, ona!
 Kampirning ko‘ksidan o‘lik bir oh va allaqnday mavhum tovush otilib chiqdi. Keyin birdan nafasi ichiga tushib ketdi. Endi uning tovushi sokin va so‘nik tus oldi. Uning ovozi hamon yoshlik paytidagidek tiniq edi.
 — Seni juda ko‘p esga oldim. Yil sanadim. Mana, olti yil to‘ldi. Yetti yil... Yo rab, qizim maktabga borayotgandir. Endi... o‘n beshga qadam qo‘ydi. Ehtimol yigitlarning ko‘z ostiga tushib qolgandir? Oqshomgi bazmlarda uni raqsga taklif qila boshlagandir? 
 — Bazm... raqs... — deya yengil xo‘rsindi Annush. 
 — O‘sha yili agar men o‘zimni shu taxlit yaxshi tutib boraversam, yana o‘n yildan keyin meni ozodlikka chiqarishlarini aytishdi. Oh, bu o‘n yil! Shu paytgacha men hech narsadan umidvor emasdim va shunisi yaxshi ekan qaytaga. Men shu paytga kadar tirik murda edim, tanamga jon kirganday bo‘ldi. Men erk atalmish bir kenglik borligin esladim yana. Ochiq osmon ostida qolgan qadrdon qudug‘imizni, bir tarafini yashin urib ketgan nashvatimizni, har tong tepalik ortidan ko‘tariladigan quyoshimizni, senga sut ichiradigan sirli do‘lchani, hamma-hammasini sog‘ingandim. Ularning bari meniki edi. Ba’zan o‘sha kunlarga yeta olmasam-chi, deb qo‘rqardim. Dahshat! Sen bu paytda yorug‘ olamda bo‘lmasang-chi? Men borgunimcha uyimiz yonib kultepaga aylangan bo‘lsa-chi? Quduq qurib qolgan bo‘lsa-chi? Ana shunday hadik va hayajon ichida kechdi so‘nggi o‘n yil.
 Annush onasining gaplaridan keyin tanasi falajlanib borayotganini his qildi. Kampir hamon hikoyasini davom ettirardi:
 — Katta Oq Salibdan uygacha bo‘lgan yo‘l o‘sha azobli o‘n yildan ham uzoqroq davom etdi. 
 — Bas, — deya chinqirdi bundan ortig‘ini eshitishga yuragi dosh berolmasligini sezgan qizi tishini-tishiga bosib. Xonaga o‘lik sukunat cho‘kdi. Anchadan keyin Annush sekin qimirladi: 
 — Ona, — ovoz berdi u shivirlab, — onajon, uxlayapsizmi?
 Javob bo‘lmadi. Annush ohista ustidagi ko‘rpani chetga surdi-da, oyoq uchida yurib tashqariga chiqdi. Kampir uning ortidan mahzun qarab qoldi:
 — Fabian, — pichirladi ayol. — Tur, ketishing kerak. 
 — Annush, senmisan? — degan uyqusiragan tovush eshitildi. 
 — Ha, menman, ko‘zingin och, ketadigan vaqting bo‘ldi. 
 — Darrov-a, — biroz norozi ohangda g‘o‘ldiradi yigit. — Patinjon ekishga boramizmi? 
 — Yo‘q, sen endi mening uyimdan butunlay ketishing kerak Fabian.
 — Nimaga?.. axir...
 — Sababini so‘rama, ketishing kerak!
 — Nima, sen endi sevmaysanmi meni?
 — Voy, Xudoyim!
 Uzoq jimlikdan so‘ng yigit g‘amgin pichirladi:
 — O‘zimam ishonmagandim. Hammasi tush ekan. Bir lahzalik tush. Meni hech kim sevmagan ekan. 
 — Fabian, bu hecham tush emasdi, men seni jonimdan ortiq ko‘raman. Lekin... hoziroq ketishing kerak, tushun meni! 
 — Hechqursa, sababini aytarsan? 
 — Hozircha men seni haydashga qobilman. Keyinchalik... keyinchalik meni tashlab ketganingda men bunga chidayolmasligim mumkin.
 — Seni nega tashlab ketarkanman? — hayajonda so‘radi yigit.
 — Axir, sen meni bilmaysan, — og‘ir uh tortdi Annush.
 — Bilaman, seniyam bolalaringniyam yaxshi bilaman, sevaman hammangizni!
 Ayol indamadi.
 — Mayli, Annush, ertalab ketganim bo‘lsin.. Faqat, yig‘lama... 
 — Fabian, jonim, seni sevaman!.. 
 U pichanxonada, yigitning yonginasida uyqudan ko‘z ochdi. Hammayoq yorishib ketgandi. U birdan o‘zini yigitdan chetga tortdi. Cho‘chib o‘yg‘ongan Fabian xuddi cho‘kib ketadiganday ayolning yelkalaridan tutib qoldi. U yigitning qo‘llarini chetga surib uyga otildi. Onasi yotgan o‘rin bo‘sh turardi. Uning ko‘ylaklari ham, hassasi ham, bo‘xchasi ham ko‘rinmasdi. Annush uyni, bog‘ni, hovlini, hammayoqni aylanib chiqdi. Onasi yo‘q. Balki ko‘chaga chiqqandir? 
 Roza xola bir quchoq xashakni qo‘ltiqlab, daladan qaytayotgan ekan.
 — Roza xola, siz ko‘rmadingizmi?
 — Nimani, — ajablandi Roza xola.
 — Haligi... oqsoch bir ayolni ko‘rmadingizmi?
 — Ha, anuv, kecha bolalaring bilan qo‘shiq aytib yurgan kampirnimi? Katta Oq Salibning tagida uchratgandek bo‘luvdim. U qishloqdan chiqib ketdi. Yo‘l-yo‘lakay qandaydir qo‘shiqni kuylab ketdi. Uni nimaga so‘rayapsan, biron narsangni o‘g‘irlab ketdimi? 
 

Rus tilidan Rustam Jabborov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.