Bert to‘qqiz yarimda barga kirgan payti Jorjiya u yerda yo‘q edi. Bert hech narsa gapirmadi, faqat peshtaxta yoniga o‘tib, bir finjon qahva bilan brendi buyurdi.
U chorakta kam o‘nda belgilangan o‘n besh daqiqa o‘tirib turish uchun pianino yonidan joy oldi. Jorjiya hamishagidek, roppa-raso o‘nda, soat oxirgi zang urishi bilan chiqib kelishi kerak edi.
Bar egasi Jo Palermo Bertga xavotir bilan qaradi, keyin peshtaxta tepasidagi soatga, keyin yana Bertga tikildi. Lekin Bert unga qarab ham qo‘ymadi.
Hali erta edi, lekin Bert hoziroq bugun qanaqa mijozlar to‘planganini aytib bera olardi. Ularga chidasa bo‘ladi, har qalay, «Ruxsat bering, Charli pianinongizni chalsin», degan ahmoqona iltimoslar bilan xiralik qilmaydilar. Ular ovqatlanish yoki gap sotishga emas, Jorjiya va Bert uchun keladilar. Bularning hammasi, albatta, Joning badiga urib ketgan. Bert bilan Jorjiya ish so‘rab kelganlarida, bu yerning kuni bitib qolayozgan edi, lekin, mana, uch oyki, endi ularni Vinchell, Layons, Nyu-Parkerga ham taklif qilishyapti.
Sakkiz daqiqa qoldi. Bert «Men eslayman»ning naqarotini chalayotganda Jo uning yoniga keldi. Bert maromni sekinlatib, Joning nima deganini eshitish uchun yumshoq pedalni bosdi.
- Nima gap? – deb so‘radi Jo.
- Nima gapligini men qaydan bilaman, - dedi Bert. Bunaqa emas – nima bo‘lganini u yaxshi tasavvur qilayotgan edi.
- Xo‘p, u bugun keladimi, yo‘qmi? – deb so‘radi Jo.
- Tashvishlanma, oshna, - dedi Bert.
- Urinib ko‘raman, - dedi Jo va nari ketdi.
To‘rt daqiqa qoldi.
Bert uch naqarotli blyuzni, Jorjiyaning chiqishiga peshvoz o‘ynaladigan maxsus blyuzni ijro qildi. U blyuzni chalgan payti Jorjiya zalga qo‘shiq aytib kirar, stollar oralab o‘tib, fortepyano yonidan odatdagi joyini egnallar edi
Jorjiya si-bemoldan boshlashi kerak edi. Bert notani oldi, lekin hech narsa bo‘lmadi. Elektrotexnik reostatlarni uladi. Bu shunaqa sezilarsiz bo‘lardiki, Jorjiyadan boshqa hech kim e’tibor ham qilmas edi Yana hech gap bo‘lmadi. Bert tezda «Sho‘x yigitlar»ga o‘tdi, zaldagi lampochkalar yana to‘la yorishib ketdi.
U mijozlarning hayajonga tushganini payqadi. Zalga qarab oldi. Eshik oldida chorpaxil bir yigit, politsiya agenti bo‘lsa bordir, Jo bilan gaplashayotgan edi. Jo uni stolga boshlab bordi-da, keyin Bertning yoniga keldi. Bert nomerni tez yakunlab, joyidan turdi. Mijozlar uni xushfe’l chapak bilan olqishladilar, lekin olqishlarida salgina zarda ham bilinib turar edi.
- Bert, - dedi bo‘shashgan ovoz bilan Jo. – borib anavi yigit bilan gaplash.
- Nima kerak unga? – deb so‘radi Bert.
- Bilmadim, - dedi Jo. – Menga aytmadi. Lekin bilaman, yomon bir narsa bo‘lgan, juda yomon. Bilasanmi, Bert, men bunaqa narsalarni sezaman.
- quloq sol, Jo, - dedi Bert. – Yaxshilab eshit. Sening sezishingga tupurdim. Lekin sir boy bermaslikka urin. Jo, agar o‘zingga, menga, Jorjiyaga zarari tegmasin desang. Hozir qo‘lingdan keladigani shu. Ularning qanaqa mijoz ekanini bilasan-ku.
Joning rangi murdaga aylandi.
- qanaqa mijoz? Kimni gapiryapsan? – deb biljiradi u.
- Nima, rasmini chizib ko‘rsataymi senga? – dedi Berg. – Ha, keyin, eshit, o‘rnimiza odam topishing kerak. Bir juftni bilaman – Endi bilan Elis. Ayni ish izlab yurishibdi. Men bilaman, yo‘q deyishmaydi.
- Hozir? Shu payti-ya?
- Hoziroq, - deb Bert hamyonidan yon daftarchasini oldi. – Mana, manzili. Sim qoqishing mumkin. Ular uyida bo‘lishi kerak.
- Lekin, ko‘ryapsan-ku, bunaqa kutilmaganda, - deb chaynaldi Jo.
- E, sen xavotir olma. Eplaydi ular, - dedi Bert. – O‘n besh ddaqiqada yetib keladi. Hozir qo‘lingdan keladigan jo‘yali ish ham shu.
- E xudoyim, sezyapman, bu meni o‘ldiradi, - deb hiqilladi Jo.
- Ularga sim qoq, - dedi yana Bert. – Xavotir qilma. Eplaydi ular.
Bert yoniga borganida stol yonida o‘tirgan novcha yigit u bilan ko‘rishishga o‘rnidan turmadi.
- Siz Bert Xeybermi?
- Bo‘lishi mumkindir. Siz kimsiz?
- Jek Berton, qidiruv politsiyasi vakili, Manxetten-Istdan. Siz tanishmisiz...
- Avval nishoningizni ko‘rsating, boshliq. Yo‘q, bunaqa emas. Menga bering-chi, yaqindan ko‘ray.
Lekin Bert endi nishonga qaramasa ham bo‘ladi. Uning bo‘rtma shaklga, qidiruv politsiyasining xos tamg‘asiga qo‘l tegizishi kifoya edi. U nishonni egasiga qaytardi.
- Bo‘pti, - dedi u. – Men Bert Xayber.
- Siz tanishmisiz... – Politsiyachi ko‘krak cho‘ntagidan qog‘ozga o‘ralgan fotografiyani chiqardi. – Mana shu ayol bilan?
Bert fotografiyaga qaradi, ko‘zlarini qisib, xuddi jirkanch bir narsani ko‘rgandek, uni otib yubordi.
- Ha, - dedi nihoyat. – Lekin ayni shu fotografiyani ko‘rsatishning sizga nima keragi bor?
- Bizda boshqasi yo‘q, - deb tushuntirdi vakil. - Shaxsini aniq belgilashimiz kerak, hozircha qo‘limizdan kelgani shu – o‘likni jinoyat joyida fotoga tushirdik.
- qaerda? – deb so‘radi Bert. - qaerda?
- Ikkita turarjoy tutash joyda, Ellik beshinchi ko‘cha, to‘qqinchi bilan o‘ninchi avenyu o‘rtasida. O‘sha atrofda turarmidi?
- Yo‘q, - dedi Bert. - qachon topdingiz uni?
- Bu juda qiziq savol bo‘ldi, - dedi vakil.
- «qiziq» deganingiz nimasi? Nima demoqchisiz?
- Aytdim, qo‘ydim-da, - dedi vakil ma’nisiz bir ovozda. – Balki nima demoqchiligimni siz bilarsiz, mister Xayber?
- A, bunaqami, - dedi Bert. – Tushunaman. Shunday bo‘lishini oldindan bilgandek gapirishim sizga g‘alati tuyulyapti. Xo‘sh, nima bo‘pti, balki rostdan shundaydir. Faqat qachon, qaerda, qanday bo‘lishini bilmasdim.
- Aytolmaysizmi, kecha kechqurundan boshlab, bugungacha qaerda bo‘lganingizni?
- Albatta, aytaman. Hammasi tugagandan keyin, Jorjiyani uyiga kuzatdim....
- Har kuni uni kuzatar edingizmi? U qaerda turgan? Aniq qaysi vaqtda u bilan xayrlashdingiz?
- Keyingi ikki hafta bo‘yi uni kuzatishimga to‘g‘ri keldi. Kimdir kuzatishi kerak-ku. U oltmish birinchi ko‘chada turardi. Bu yerdan ikki mahalla nari, agar shimolga to‘g‘ri yurilsa. U bilan xayrlashganimda to‘rtdan bir daqiqa o‘tgan edi. Aniq esimda, chunki vestibyuldagi soatga qaragan edim.
- Barvaqt emasmi, nima dedingiz? Aytmoqchi edimki, ish joyingiz to‘rtda yopiladi, u yoqqa borish uchun bir daqiqa emas, ko‘proq, demak...
- Ha, hali barvaqt edi, - dedi Bert. – Gap shundaki, o‘zimni qay bir ma’noda u uchun javobgarman deb bilardim. Keyingi ikki haftadan beri Joning barni bekitishidan ancha oldin olib ketar edim, bizni bilib qolishmasin deb. Yopilish oldidan odatda to‘s-to‘polon bo‘lib qoladi, bildirmay chiqib ketish mumkin.
Vakil qo‘lini qovushtirib o‘tirar, bosh irg‘agancha eshitar edi. Jo stol tepasiga keldi.
- Hammasi joyida. – yedi u. –Uyida ekan ular. Shu daqiqada yetib boramiz deyishdi. Senga rahmat deb qo‘yishimni so‘rashdi.
- Arzimaydi, - dedi Bert. U endi o‘rniga o‘rin topilganidan keyin Joning uncha bebaxt to‘tmayotgani, Jorjiyaning boshiga tushgan voqeaga ham tupurgandek ko‘rinayotganini payqab, zardasi qaynadi. Lekin hali uning hech narsadan xzbari yo‘q. Nima qilibdi, gazetadan o‘qib oladi.
- Balki janoblari ichib olar, - deb so‘radi Jo.
Vakil rad qildi.
- Billga ayt, menga ikki hissa kokteyl bersin, - dedi Bert. Jorjiya yaxshi ko‘rgan kokteyl. U doim Jorjiya uchun chaladigan kuyni esladi. Bunaqa kokteylni qanday tayyorlashadi, a? Apelsinni siqib, gilos suvini qo‘shadilar... – Yo‘q, - dedi u, - mayli, viski bersin, muz solib.
- Xo‘p. Albatta, Bert, albatta, - dedi Jo va peshtaxtaga oshiqdi.
- Xo‘sh, shunday qilib, - dedi Bert. – Uni kuzatib qo‘yganimdan keyin, uyga bordim. Uyda yotdim, kechqurun oltigacha uxlabman. Uyg‘onganimdan keyin Jorjiyaga sim qoqdim. Hech kim javob bermadi.
- Ha, bu oltida bo‘lgan edimi? – deb so‘radi vakil yon daftarchasiga belgi qo‘yib.
- Kerak emas, - deb so‘radi Bert.
- Nima kerak emas?
Bert barvasta vakilga egilib, uning qo‘liga qo‘l tegizdi.
- Ular biladi-yu nima bo‘lganini, o‘zlari qilgan ish-ku. Axir, hozir bizni kuzatib turgan bo‘lishlari mumkin, mening nimani bilishimni bilish uchun.
Vakil unga diqqat bilan tikilib, yon daftarchasini chetga surdi.
- Mayli. ko‘ryapmanki, sizning daxlingiz yo‘q, - dedi u. – Menga, haligi, nima edi, javobgarlik hissimi, shuni aytib bering. qachondan boshlandi sizda?
- Xo‘p, bilasizmi, men ishda umuman sherigim uchun o‘zimni javobgar deb bilaman, sherik ayniqsa qiz bo‘lsa, - dedi Bert. – Siz chalayotgan paytingizda yigitlarning uch qadah viski ichgandan keyin qanday surbetlashib ketishini tasavvur ham qilolmaysiz. Ular, bilasizmi, bizga hamma narsa mumkin, hammasining pulini to‘layapmiz, albatta, qiz ham shunga kiradi, deb o‘ylaydilar.
- Siz menga bir narsa aytmoqchi edingiz, - deb eslatdi Berton. – U ayol bilan qanaqa munosabatda edingiz?
Bert jilmaydi.
- Juda boshqacha, - dedi u. – U kuylagan payti, men u uchun chalardim, mijozlar jim bo‘lib eshitardi, shunda bir-birimizga qarab qo‘ysak bas, shu kifoya, o‘rtamizda qanaqadir ko‘rinmas rishtalar borligini sezib turar edik. Mana, bor-yo‘g‘i shu, xolos. Faqat u kuylaganda. Fikrimni uncha aniq aytolmayapman shekilli?
- So‘ramoqchi edim: u bilan yotganmisiz?
- Yo‘q.
- A biron marta istaganmisiz?
- Bema’ni savol. Kim istamaydi?
- Lekin urinib ham ko‘rmaganmisiz?
- Yo‘q.
- Nega – yo‘q?
- Bilasizmi, bunaqa narsalarga o‘zimcha qarayman. Men Ezopning bittayu bitta masalini bilaman, bu - tilla tuxum qo‘ygan g‘oz to‘g‘risida. Yo tuxum qo‘ymaganmi?
- Mister Xayber, - dedi Berton. –Bu ishda Semmi qo‘qilning qo‘li bor deb aytishga bizda asoslar bor.
- Nega bunday deb o‘ylaysiz?
- Uni qanday ahvolda topganimizga qarab aytyapman. Shuning ishi bu.
- Ha. Suratini ko‘rdim-ku. Dahshat!
- U Semmi qo‘qilni bilar edimi?
- Uni bilmagan odam bormi!
- E yo‘q, men aytmoqchimanki, u bilan...
- A, bu ma’nodami! Yo‘q.
Dastyor viski olib keldi, Bert tomog‘iga tiqilgan narsani yutish uchun qadahning yarmini ho‘pladi. U qo‘lidagi naychani aylantirib, «Bechora Bill, - deb o‘yladi. – Bufetchilik qilsa bo‘lar ekan. Muzli viskiga naycha solsa-ya! Bechora Bill».
- U Semmi qo‘qilni biron marta ko‘rganmi?
- Ha.
- Shuni menga aytib berolmaysizmi?
- Yo‘q. Lekin, nima, aytib berishim kerakmi?
- Shunday.
- Xo‘p, mayli. Sizga oldin ham aytdim-ku, bunga ikki hafta bo‘ldi. Bu yerga endigina jon kirgizayotgan edik. Uning qo‘shig‘ini eshitganmisiz biron marta?
- Yo‘q. U Semmi qo‘qilni birinchi marta qachon ko‘rgan?
- O‘n birinchi sanada. Men uyga borayotib gazeta olganimni eslayman, keyin, kelganimizdan beri birinchi marta edi. O‘sha dahshatli kun bir umr esimdan chiqmaydi.
- Nimasi buncha dahshatli?
- Semmi kechquruni bilan shu yerda bo‘ldi. Men uning o‘zini, yugurdaklarini pianinoga o‘tirishim bilan ko‘rdim. Blyuzning uchta bandini o‘ynadim, bu uning chiqish blyuzi, ya’ni uning chiqib kelishiga blyuz edi. Jorjiya zalga kirdi, uning esa so‘lagi oqib ketdi.
- Unga shilqimlik qildimi?
- E yo‘q. Birdan emas, har qalay, - dedi Bert. – boshda mo‘mingitna edi. Kechquruni bilan bizga vino yo‘lladi, ertasi kuni Jorjiya bir katta savat gul oldi. U qaerdan manzilini bilgan, aqlim yetmaydi.
- O‘z usullari bor, kerak narsani shunday bilib olishadiki, - dedi vakil.
- Kechqurun yana o‘sha yerda edi, lekin endi surbetroq bo‘lib harakat qildi.
- Siz esa qiz uchun o‘zingizni javobgar his qildingiz?
- Ha-da, - dedi Bert. – Bilasizmi, bu yigit yoqqanda ham, bari bir, uni undan tashvish qilardim, lekin gap shundaki, uni ko‘rgani ko‘zi yo‘q edi. Biznikiga o‘xshagan kasbda shilqim xushtorlardan qutulish uchun ko‘p narsani o‘rganishga to‘g‘ri keladi. Lekin buni eplab bo‘lmadi. Oxir-oqibat uni odamlar o‘rtasida bir-ikki marta izza ham qildi. Keyin shu oxirgi kechada ham.
- Nima bo‘ldi o‘zi?
- Hammasi shunda bo‘ldi-da, - dedi Bert. – Jorjiya kiyimini almashtirish uchun xonasiga borayotgan edi. Semmining stoli oldidan o‘tayotganda, u qo‘lidan ushlab oldi, xuddi ushlayverishga haqqi bordek. Shunda Jorjiya Semmining stolidan stakanni oldi-da, uning ko‘ylagiga sepib yubordi.
- Ha, bunaqa ekan-da, - dedi vakil. – unda nega qoni qaynab ketgani tushunarli. Bunaqa bashang kam topiladi.
- Keyin men ham qarab turganim yo‘q, - dedi Bert. – Bilasizmi, nima qildim? «Sharshara bo‘yida»ni chaldim. E xudoyim, zalda shunaqa vah-ha-ha ko‘tarildiki! Axir, nima bo‘lganini hamma ko‘rib turgan edi-da. Hatto Bert Lar ham butun san’ati bilan tomoshabinlarni bunday kuldirmagandir. Shunda Semmi o‘rnidan turdi-da, to‘dasini ergashtirib chiqib ketdi, lekin mijozlar kulgidan to‘xtamagan edi.
- Ha, unda tushunarli, - deb gap qo‘shdi vakil. - Semmi kechirishi mumkin, lekin ustidan kulganni – hech qachon. Keyin uni darrov uyiga olib bordingizmi?
- Darrov emas, - dedi Bert. – Bilasizmi, o‘zimdan juda rozi edim. Yana ikkovimiz uchun faxr. Peshtaxta yoniga borib, ichdim. U yerda yana anavi yigit bor ekan. Yonimda o‘tirgan edi, xuddi bu gaplarning unga mutlaqo aloqasi yo‘qdek. Shunaqa xushsurat bir yigit, sug‘urta vakilimi, ishqilb, ko‘rinishi shunaqaroq. Menga gap tashladi.
«Juda xursand ko‘rinasan», dedi.
«Ha, juda xursandman»,deb javob berdim.
« Xo‘sh. Seni xursand ko‘rganimdan mamnunman, - dedi sug‘urta vakili. – Seni bunaqa kayfiyatda ekaning menga juda yoqadi.»
«Sen uchun baxtliman, - dedim men. – Sen bilan nimani gaplashamiz?»
«Uzoq gaplashishimiz shart emas, - dedi sug‘urta vakili. – Bir-birimizni yaxshi bilgandan keyin gapning o‘zi ortiqcha.»
«Falati ekansan-u, - dedim men. – Seni bilmayman, to‘g‘risini aytsam, hozir sen bilan gaplashishga tariqcha xohishim ham yo‘q.»
«Lekin men seni bilaman, - dedi u. – Sen Bert Xeyber.»
«Xo‘sh, nima qipti?», deb so‘radi u.
«Sen ellik to‘rtinchi uyda, to‘rtinchi qavatda turasan, uyingda lift yo‘q, sen faqat kunduz kunlari bo‘lasan», dedi u savdoyi.
«Nega menga bularni aytyapsan? Bu yil hayotimni sug‘urta qildirish niyatim yo‘q, oshna», - dedim.
«Niyating yo‘q? – deb so‘radi u. – Sening o‘rningda bo‘lsam, sug‘urta qildirardim. - Keyin u menga egildi-da, birdan qo‘limni siqdi, men tortib ulgurmadim ham. – Meningcha, bir-birimizni yaxshi tushundik, to‘g‘rimi, mister Xeyber?», dedi-da, shu zahoti ketdi. O‘shalarning g‘irt o‘zi, a?
- Ha, - deb qo‘shildi agent.
- Ular senga oldindan aytib qo‘ymaydilar, do‘q qilmaydilar, shunday qilishadiki, nima bo‘lganini ham bilmay qolasan.
- E-, buni o‘ylab ham o‘tirmaydi ular, - dedi vakil.
Bert Billga yana viski keltirishga ishora qildi.
- Men uni uyiga kuzatib ketdim, - deb davom ettirdi Bert. – Unga uyda bir o‘zi qolishing mumkin emas, men ham senikida yotib qolay, yo sen yur, biznikida yot, yo hech bo‘lmasa, politsiyani chaqirish kerak, dedim. Lekin u menga xayrli tun tilab, o‘pib qo‘ydi, e xudoyim, toza, aybsiz bir o‘pich! – yana «Tashvish qilma, kichkintoy. Onasi katta bo‘lib qolgan», dedi.
Vakil ketishga hozirlvanib, tugmalarini o‘tkazdi.
- Xo‘p, nima endi, bizga yaxshi ma’lumotlar berdingiz, mister Xeyber. – dedi u. – O‘ylashimcha, bu ishni endi tez tugatamiz. Ha, aytgancha, sizga biron narsadan foydamiz tegmaydimi?
- Menga nimadan ham foydangiz tegadi?
- Balki, sizga himoya kerakdir?
- E yo‘q, kerak emas.
- Uni hibsga olganimizda siz guvoh sifatida bizga kerak bo‘lasiz.
- Xo‘p, meni istagan paytingiz topasiz.
- Bilasizmi. Bizda kafolat bo‘lishi kerak. Axir, sizni topolmay qolsak, butun ishimiz chappasiga ketadi.
- Xavotir qilmang, doim joyimda bo‘laman, - dedi Bert. Dastyor yana viski keltirdi, Bert shu zatohi oxirigacha ichib yubordi.
- Mister Xeyber, - dedi vakil. – Siz, yaxshisi biz bilan yuring. O‘zingiz bilasiz, aytib bo‘ladimi nima bo‘lishini? Yordamingiz esa bizga shunday kerakki.
- Ko‘pga cho‘ziladimi? – deb so‘radi Bert.
- Ertalabgacha tugatamiz deb o‘ylayman,
- Shuncha tezmi? – deb so‘radi Bert. – Unda, mayli.
Zaldan chiqayotib Endi bilan Elisga duch keldilar. Ularning ish uchun Bergga minnatdorlik bildirib bo‘lishlarini Berton odob bilan kutdi. Berg ularga nima yuz berganini aytmadi. Ular ham gazetadan o‘qib olar.
Ular yopiq kulrang avtomobil yoniga keldilar.
- O‘tiring, yordamchimning yoniga, - dedi Berton.
Bert o‘rindiqqa cho‘kib, yonidagi odamga hatto qaramadi ham. Berton rulga o‘tirdi va ular Ist-River tomonga uchdilar. Bert yonida o‘tirgan odamga qarash uchun nihoyati o‘girildi.
- Xayrli kech, oshnam, - dedi sug‘urta vakili.
Fred Makmorrou. Menga himoya kerak emas (hikoya)
Ahmad A’zam tarjimasi