OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jonatan Kreyg. Xaloskor avtobus (hikoya)

Tungi soat ikkida, kerosinli chiroq yorug‘ida qo‘ylak tikish judayam qiyin. Boz ustiga kecha kechqurun Yelmor amakisi yana kaltaklagan Jeyn Xibbinsning orqasi hamon zirqirab og‘rirdi.
Aslida Jeyn aybdor emasdi. Har doimgidek, shunchaki bir kecha-kunduzda bor-yo‘g‘i yigirma to‘rt soat bor va Jeyn bu vaqt ichida Yelmor amakisi uning yelkasiga yuklab tashlagan yumushlarni bajarib ulgurolmasdi. Jeyn noiloj ahvolda qolgandi. Ota-onasi o‘lib, Yelmor amaki ularning uyiga ega bo‘lib olganidan beri Jeynning hayoti haqiqiy azobga aylangandi. Jeyn sal noto‘g‘ri qarab qolsa ham amakisi darhol qamchiga yopishardi.
Bugun u Chatanogaga ketishni rejalashtirgan. “Ish yuzasidan!” – degandi o‘zi. Ammo anchadan beri uning hech qanday ishi yo‘q edi. Uydan chiqish oldidan amakisi to‘satdan bugun uning tug‘ilgani kuni ekanligini eslab qoldi.
– Senga sovg‘a sotib olishim kerak, – dedi u. – Ammo buning uchun sen yaxshi ishlashing kerak.
– Ha, ser, – itoatkorlik bilan javob berdi qiz.
– Men yo‘g‘imda sho‘xlik qilma! Necha yoshga kiryapsan o‘zi?
– O‘n sakkizga.
– Nimayam derdim, bari bir, bu seni qamchidan asrab qololmaydi. Sen bu tog‘lardagi eng chiroyli qizsan. Ammo kamarim seni sog‘inib qolgan. Tezroq ishlashni o‘rganishing lozim, Jeyn Xibbins.
– Albatta, o‘rganib olaman, Yelmor amaki.
– Yo‘l oldidan menga “oy nuri”dan keltirib ber-chi!
Jeyn shoshgancha kattakon idishni oldi va qadahga jo‘xori arag‘idan quydi. Amakisi ichib olgach, shalog‘i chiqqan eski mashinasiga o‘tirdi va qizga qarab barmog‘i bilan po‘pisa qildi:
– Qara, devordagi kamar bekorga osilib turgani yo‘q. Meni bilasan-a?..
U jo‘nab ketdi. Hamon eshik oldida turgan Jeyn mashinadan nigohini uzolmasdi. Qoyali tog‘lar oralab bilanglab ketgan tor yo‘l asta-sekin pastlab, Chatanogaga olib boradigan katta yo‘lga ulanardi.
Hozir esa tun edi. Jeyn so‘nggi chokni tikdi va ko‘ylakni shkafga osib qo‘ydi. Qo‘shni xonadagi soat uchga zang urdi. Jeyn sakrab turdi, chiroqni puflab o‘chirdi va deraza oldiga yugurib bordi.
Chatanogaga boradigan avtobus ayni shu vaqtda Pini-Reyjdan o‘tardi. Jeyn oynadan avtobusga qarashni yoqtirardi. U puli ko‘p bo‘lishini, shu avtobusda Chatanogaga qochib ketishni va Yelmor amaki haqida butunlay unutib yuborishni istardi. Balki Chatanogada uni har tomondan araq hidi ta’qib qilmas? Badanini larzaga soladigan og‘ir kamar esa bo‘lmasligi aniq...
To‘lin oy nurlarini ayamay sochar va butun Pini-Reyj xuddi kaftdagidek aniq-tiniq ko‘rinib turardi. Ammo Jeyn oy yorug‘ida ko‘rgan narsa uni avtobus haqida butkul unutishga majbur qildi. Tog‘ yo‘lidan chiroqlarini yoqqan avtomobil g‘izillab kelardi. U “Xitoy daryosi g‘ori” deb ataluvchi g‘orning shundoqqina kirish joyi oldida to‘xtadi. Jeyn bolaligida ko‘pincha shu g‘orning oldida o‘ynar, shu sababli ham uni besh barmog‘idek yaxshi bilardi. Mashinadan ikki kishi tushdi. Ularning soyalari avtomobilning soyasiga qo‘shilib ketardi, ammo ular g‘or tomon yurishganida ular yana bir odamni qo‘ltig‘idan ushlab sudrab kelishayotgani ma’lum bo‘ldi. Odamlar qop-qorong‘i g‘orga kirib, ko‘zdan yo‘qolishdi. Tez orada qaytib chiqishdi, mashinadan qandaydir qop olishdi va uni g‘or tomon olib ketishdi. Bu safar ular anchagina uzoq qolib ketishdi, keyin esa bo‘sh qo‘l bilan qaytib chiqishdi. Keyin ikkovlon mashinaga o‘tirib, jo‘nab ketishdi.
Jeyn ko‘zlarini katta-katta ochgancha o‘sha tomonga tikildi. G‘orga kirish joyi kulrang-kumush tusli qoyalar orasida qora yamoqdek aniq ko‘zga tashlanardi.
“Hozir u yoqqa borish uchun tentak bo‘lish lozim, – deb o‘yladi qiz o‘zicha. – Bu haqda o‘ylashning o‘ziyoq g‘irt tentaklik!”
Jeyn shunday deb o‘ylagancha kerosinli chiroqni oldi va g‘or tomon yo‘naldi. U o‘z hayoti davomida bu yo‘ldan bir necha minglab marta yugurib, tikanli to‘siqlar va tuzoq-chuqurlardan xatlab o‘tgan edi. U Yelmor amakiga nega kerak bo‘lib qoldiykan? Balki amakisi soliqchilardan va mahalliy sherif Orvi Lunsidan qutulmoqchi bo‘lgandir?
Xitoy daryosi g‘ori bunaqangi g‘alati nom olganining sababi shunda ediki, uning ichidan chuqur yer ostiga kirib ketadigan shoshqin daryo oqib o‘tardi. Balki bu daryo haqiqatan ham Xitoygacha yetib borar...
To‘g‘ri, g‘or aslida unchalik katta emas. Ichi ixchamroq uydek keladi. Jeyn qo‘lchiroqni yoqdi, uni tosh ustiga qo‘ydi va atrofiga alangladi, ammo e’tiborni tortadigan hech narsani ko‘rmadi. Jeyn har bir o‘ydim-chuqurni besh barmog‘idek bilardi. Bu yerda odam tanasi tugul hatto qopni ham yashirish uchun ham kallani anchagina qotirish kerak bo‘lardi. Qiz qo‘l chirog‘ini olib, g‘orning narigi chekkasida sharqirab oqayotgan daryo tomon yurdi. Suv shovullagancha qayoqqadir g‘izillab chopardi. Qizning nazarida suv biqirlab qaynayotgandek bo‘lib tuyildi. O‘sha odamga nima bo‘lganini tasavvur qilgan Jeyn titrab ketdi. Dahshatli oqim ko‘z ochib-yumguncha qora teshik tomon tortib ketgan va endi u oxiri yo‘q yer osti labirintida uloqib yurgandir...
Jeyn ketish uchun orqasiga o‘girilganida, oyoqlari ostidagi tuproq orasidan nimadir yaraqlab ko‘rindi. U egildi va bo‘yinbog‘ga taqiladigan ingichka oltin to‘g‘nog‘ichni ko‘rdi, unga o‘yib “Dyuk” deb yozilgandi. Jeyn xayolchanlik bilan to‘g‘nog‘ichni ko‘zdan kechirdi va uni daryoga uloqtirdi. Jeyn bu to‘g‘nog‘ichni ko‘rganligini kimdir bilishi shartmi? Jeyn qo‘lchiroqni o‘chirdi va g‘ordan chiqib ketdi.
Burilishdan mashina chiroqlarining nuri ko‘zga urildi. Mashina hali olisda edi, ammo juda tez yaqinlashardi. Jeyn Yelmor amakisi qaytayotganini bilar va agar ko‘ngilsizliklarni istamasa, undan oldinroq uyga yetib borishi kerakligini ham tushunardi.
“Yaxshiyamki, etaklarim kaltagina”, – deb o‘yladi Jeyn Qurbaqadaradan g‘izillab chopib o‘tib, yonbag‘ir bo‘ylab tepaga chiqa boshlaganida. Shu joydan Yelmor amakining yerlari boshlanadi. U bunaqangi tezlikda hatto kunduzi ham chopa olmagan bo‘lardi. Qiz jon jahdi bilan yugurgancha simto‘siq va tuzoq-o‘ralar ustidan sakrab o‘tardi. Ularni aylanib o‘tishga vaqt yo‘q. Mashina chiroqlari uy zinapoyasini yoritishidan bir soniya avval qiz uyning ortiga o‘tib ketishga ulgurgandi. Mashina hovliga kirib to‘xtadi. Jeyn bu vaqtda yotoqxonasining derazasidan kirib olgandi. Pol taxtalari g‘ichirladi va Yelmor amakisi qichqirib so‘kingancha uy eshigini taraqlatib ura boshladi.
– Hoy, tursang-chi! – qichqirardi u mastona ovozda.
– Sizmisiz, Yelmor amaki? – so‘radi u o‘zini uyqusiraganga solib.
– Mendan boshqa yana kim bo‘lishi mumkin?! – o‘shqirdi amakisi. – Bu yoqqa chiq, qizaloq! Mehmon keldi.
Jeyn o‘zini kiyinayotgandek qilib ko‘rsatish uchun yana biroz kutdi, keyin yotoqxonadan asta mo‘raladi.
– Yegulik keltir! – o‘shqirdi amaki. – Bo‘l, tezroq!
U kalbosh va kemshik, ammo yelkalari keng va miqtidan kelgan odam edi. Qo‘llarini qimirlatgani hamoni charmdek qattiq terisi ostida po‘latdek mushaklari ilondek buralib ketardi. Haqiqatan ham oshxonada bir yigit o‘tirardi.
– Tezroq qimirla, Jeyn Xibbins, – xaxolab kulib dedi amakisi. – Pishirilgan go‘sht, tuxum, ishqilib, topganingni olib kelaver!
– Xo‘p bo‘ladi, ser, – itoatkorlik bilan dedi Jeyn va buyruqni bajarishga shoshildi.
Yigit qorasoch, qorako‘z bo‘lib, Yelmorning aksicha juda xushro‘y edi. Jeynni ko‘rgan yigit o‘rnidan turishga shoshildi. Ammo amakisi uni to‘xtatdi.
– O‘tiraver! Bu mening jiyanim Jeyn Jun.
– Yo, tavba! – xitob qildi yigit.
– Senga nima bo‘ldi, Bart? – so‘radi amaki.
– Jiyaning bunchalar go‘zalligi haqida sira gapirmaganding-ku! – dedi Bart o‘choq oldida kuymalanayotgan Jeyndan ko‘zini uzmay.
– Qo‘lidan bir ish kelmaydigan lapashang bo‘lganidan keyin husni-jamolidan nima foyda? – to‘ng‘illadi Yelmor amaki va Jeynga yuzlandi: – Radioni yoq-chi! Balki musiqa berib qolishar. Yoki bironta qiziqroq narsa bordir, nima deding, Bart?
– Ehtimol, – dedi Bart ko‘zini qizdan uzmay. Keyin qo‘shib qo‘ydi: – Mening ismim Bart Konnor.
– Siz bilan tanishganimdan xursandman, janob Konnor, – javob berdi Jeyn.
Gitaraning ting‘illashi xonani to‘ldirdi va Yelmor amaki radioni o‘chirish uchun uning ovozini pasaytirdi.
– Bizga “oy nuri”dan olib kelgin, qizim, – iltimos qildi amakisi.
Jeyn stolga grafinda viski va ikkita kattakon qadah qo‘ydi.
– Kuyoving bormi, Jeyn Jun? – so‘radi Bart.
– Yo‘q, ser.
Yelmor amaki piqillab kulib yubordi.
– Bart, nima balo, ilgari qizlarni ko‘rmaganmisan?
– Milliontasini qo‘ldan o‘tkazganman-u, ammo bunaqasini...
– Jim! – past ovozda o‘shqirdi amaki unga. – Quloq sol...
U qo‘lidagi qadahini ko‘tardi, ammo ichmadi – radioga tikilgancha qotdi-qoldi.
“...Chatanoga politsiyasi kazinoni tunab ketgan va uning egasi Dyuk Maxennani o‘g‘irlagan jinoyatchilarning iziga tushganicha yo‘q, – derdi suxandon. – Seyfda o‘ttiz ming dollar bo‘lgan... Endi, ob-havo xabarlariga o‘tamiz...”
Yelmor amaki radioni o‘chirdi va ikki ho‘plashda qadahdagi “oy nuri”ni quritdi. Keyin Bartga ko‘z qisib qo‘ydi.
Jeyn Jun kazino egasini o‘g‘irlagan va seyfdagi pullarni olib ketganlar kimlini endi aniq bilardi.
– Yelmor amaki, uyqum kelyapti, – cho‘zib dedi u.
– Biroz biz bilan o‘tir! – taklif qildi Bart.
– Bizning yonimizda unga nima bor? – to‘ng‘illadi amakisi. – Qo‘y, uxlasin, aks holda ertaga uyqusiragan pashshaga o‘xshab yuradi. Bor uxla, Jeyn Xibbins!
– Rahmat, ser!
Jeyn o‘z xonasiga o‘tdi, eshikning zulfinini surib qo‘ydi va yechinmasdanoq o‘zini o‘ringa tashladi. U yarim soatcha oshxonadan kelayotgan ovozlarga quloq tutib yotdi. Ovozlar borgan sari sekinlashib borardi. Nihoyat jo‘rovozli xurrak yangradi. Jeynning yuragi gupillab urib ketdi, u eshik tirqishidan mo‘ralab, amakisi taxta o‘rindiqda cho‘zilgancha Bart esa stolga bosh qo‘ygancha uxlashayotganini ko‘rdi.
Jeyn derazadan oshib tusharkan, Yelmor amakisi va uning Bart ismli yoshgina og‘aynisi daryoga nafaqat bechora Dyukning jasadini, balki o‘ttiz ming dollar solingan qopni ham tashlab yuborishganini taxmin qilganida adashmaganini tushundi. U o‘sha o‘ttiz ming dollarni qaerdan izlash kerakligini bilardi.
G‘orda Jeyn qo‘lchiroqni daryo qirg‘og‘idagi tosh ustiga qo‘ydi va qornida yotgancha o‘ng qo‘lini iloji boricha chuqurroq suvga tiqdi. Bu joyda yassi bo‘rtiq bo‘lib, oqim yo‘lini to‘sib turardi.
Qiz tosh atrofiga o‘ralgan qattiq sim arqonni ushladi va bir amallab kattakon plastik qopni tortib chiqardi. Qop ichi to‘la edi.
Jeyn qopni yechishga urindi, ammo kutilmaganda qadam tovushlari eshitildi. U qimirlamay, hatto nafas ham olmay kutib turdi. Qadam tovushlari tobora g‘or tomon yaqinlashardi.
Bu Yelmor amaki bo‘lishi mumkin edi. Yoki Bartmikin? U kim bo‘lishidan qat’i nazar, uni o‘ldiradi. Xuddi Dyuk singari o‘ldiradi, tanasini esa daryoga uloqtiradi.
To‘satdan xayoliga bir fikr keldi: o‘sha odam qo‘lchiroq yorug‘ini payqagan bo‘lsa-ya?! Demak, qochib qolishning foydasi yo‘q. Ammo yashirinish uchun ham kech emas. Daryoga yashirinish kerak! Ho‘l kiyimlari uni bildirib qo‘yishi mumkin edi, shu sababli ham Jeyn tezgina kiyimlarini yechdi. Ko‘ylagini ikkita tosh orasiga qistirdi, qopni daryoga uloqtirdi va o‘zi ham o‘sha joyga – bo‘rtiq tosh yoniga sho‘ng‘idi. Bu yerda suv shovullab oqardi va Jeyn ikkala qo‘li bilan toshga yopishib oldi, aks holda oqim uni dahshatli teshik tomon oqizib ketishi mumkin edi. U yoqdan esa chiqishning iloji yo‘q, faqat yer ostida mangu qolib ketish mumkin, xolos.
G‘or devorlari orasida qadam tovushlari gumburladi, keyin u Yelmor amakisi so‘kinayotganini eshitdi. Tushunarli, bu yerda hech kimni “qo‘lga tushirmagani”dan amakisining hafsalasi pir bo‘lgan. Amakisi tinmay so‘kingancha sim arqonga bog‘langan qopni suvdan tortib chiqardi. Kutilmaganda amakisi so‘kinishdan to‘xtadi va keskin ovozda dedi:
– Bart! Kelganingni eshitmay qolibman.
– Mana, jinoyat ustida qo‘lga tushding, – ta’kidlab dedi Bart.
– Nimalar deyapsan? – ajablandi Yelmor.
Bart kulib yubordi.
– Meni aldashingni bilardim-u, ammo bunchalik tez yuz beradi deb o‘ylamagandim.
– Hoy, Bart, esing joyidami? – qichqirdi amakisi. – Pichog‘ingni tort!
– Kuning bitdi, Yelmor, – dedi Bart.
– Men faqat tekshirmoqchi bo‘lgandim, – titroq ovozda dedi amaki. – Nazarimda kimdir bizning pullarimizni o‘g‘irlamoqchi bo‘layotgandek tuyildi. G‘orda chiroq nurini ko‘rdim!
– Aldayapsan! – dedi Bart.
– Pichoqni tashla! – qichqirdi Yelmor. – Menga yaqinlashma! Bart, ont ichamanki...
– Alvido, Yelmor!
Yelmor amakining tanasi Jeynning yonidagi suvga shaloplab tushdi. Bu kutilmagan holatdan qo‘rqib ketgan qiz qichqirib yubordi. Ayni shu damda Bartning kuchli qo‘llari Jeynni qirg‘oqqa tortib chiqardi.
Ammo Bart qizni tortib chiqarib, uning mutlaqo yalang‘och ekanligini ko‘rganida, kutilmagan holatdan dovdirab, qo‘llarini qo‘yib yubordi. Jeyn uning qo‘lidan chiqib, g‘or og‘zi tomon yugurdi. Bart Jeynni tutishga urindi, ammo uning qo‘llari qizning yalang‘och ho‘l badanidan sirg‘alib ketdi.
Qiz yonbag‘ir bo‘ylab pastga tomon o‘qdek otildi, Bart ham ham uning ortidan izma-iz kelardi.
Tezroq uyga yetib borib, devordagi miltiqni qo‘lga olish kerak! Faqat shundagina u o‘zini himoya qila oladi.
Kutilmaganda qiz quyuq ho‘l o‘tlar ustida sirg‘anib ketdi va yerga yiqilib tushdi. Bir zumdayoq o‘rnidan turib, yana yugura ketdi, ammo endi Bart ancha yaqinlashib qolgandi. Qiz ortiga o‘girilib, uning qo‘lida pichoq yaraqlaganini ko‘rdi. Bu ketishda uyigacha yetib borolmaydi, shekilli. Bir soniyadan so‘ng pichoq tig‘i kuraklari orasiga sanchiladi...
Ayni shu payt Jeynning xayoliga qutqaruvchi fikr keldi. Quduqlar! Yelmor amaki o‘z yerida tuzoq-o‘ralar qazib, ustini xas-xashaklar bilan niqoblab qo‘ygandi.
Eng yaqindagi quduq o‘n qadamcha narida edi. Qiz keskin burildi-da, Bart yiqilib tusharmikan degan umidda quduqning ustidan sakrab o‘tdi. Ammo uning ta’qibchisi o‘radan bir enlik naridan yugurib o‘tib ketdi.
Endi so‘nggi umidi tikanli to‘siqdan edi. Jeyn quyuq o‘tlar orasida yarim qarichcha balandlikda tortilgan sim ustidan sakrab o‘tarkan, orqasidagi Bartning nafasini tuydi. Bartning oyog‘i o‘tkir po‘lat tikanga ilindi-yu, u yerga yiqilib, dumalab ketdi.
Jeyn uyiga yugurib kirdi-da, miltig‘ini devordan oldi va yana ko‘chaga yugurib chiqdi. U Bartni o‘ldirishi kerak edi. Aks holda yigit uni o‘ldirardi. Ammo Bart o‘sha yiqilgan joyida qimirlamay cho‘zilib yotardi. Jeyn asta-sekin odimlagancha uning yoniga yaqinlashdi va yigitning boshi juda g‘alati qiyshayib turganini ko‘rdi. U jonsiz edi. Yiqilib tushayotganida Bartning bo‘yni sinib ketgandi.
Jeyn uning tepasida nima qilishini bilmay uzoq turdi. Keyin u bir qarorga keldi. Bartning tanasini yonbag‘irdan sudrab tushish qiyin emasdi. Qurbaqadaradagi ho‘l o‘tlar bu ishni ancha yengillashtirgandi. Ammo g‘or qarshisidagi tepalikka chiqayotganida anchagina terlashiga to‘g‘ri keldi. U yog‘i esa tezgina bo‘lib ketadi...
Bir soatlardan so‘ng, yangi ko‘ylak kiygan Jeyn Jun Xibbins yo‘l chekkasida Yelmor amakisining eskirib ketgan jomadonchasini mahkam ushlab turardi. Tonggi tuman orasidan avtobus ko‘ringanida, qiz shosha-pisha qo‘l silkidi.
Jeyn bo‘sh joy topib o‘tirdi-da, jomadonini tizzasiga avaylab qo‘ydi. Avtobus kirgancha Chatanogaga eltuvchi yo‘ldan g‘izillab ketdi.
– Voy-bo‘, bu qizning eski jomadonga yopishib olganini ko‘r-a! – Jeynning ro‘parasida o‘tirgan yo‘lovchi ayol sherigiga shivirladi. – Go‘yo jomadoni to‘la puldek!..

Xurshid Tojiboyev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.