OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kostas Valetas. Orden (hikoya)

U qo‘lida nimanidir ushlab turganini sezdi, kaftini ochsa: orden ekan…
Eshikni taqillatishganda, u soqolini qirtishlardi.
- Kim u?
- Saroydan!
- Qaerdan?..
Eshikni ochguncha, hazillashayotgan kim ekan, deb o‘yladi. Ostonada mirshab turardi. U moviy bog‘ichli – saroyga taklifnomani topshirdi.
Bu g‘aroyib hodisa haqida tezroq do‘stlariga xabar bermoq istagida telefonga yopishdi.
Biroq, saroyga tashrif buyurish uchun kostyum kerak edi. Bu haqda taklifnomada aniq qilib “Kiyim-bosh – marosimga mos kostyum” deb ko‘rsatilgandi.
Kostyum izlab bir kunini yo‘qotdi. Ertalab yetti yarimda taksi ushlab F. ismli tanishinikiga kostyum uchun jo‘nadi. Tanishining kostyumi unga qopdek osilib qoldi. Tikuvchiga qo‘ng‘iroq qildi. Avval bittasiga… ikkinchisiga… uchinchisiga… Ammo kim ham bir kechada kostyumni uning egniga mos keltirib, bichib berishga ko‘nardi?
Nihoyat bittasi ko‘ndi. Albatta ikki baravar haq evaziga. Bu tikuvchi o‘z kasbining ustasi hisoblanardi. Shu sabab, unga ortiqcha choychaqa berishga majbur bo‘ldi.
O‘n beshta kam o‘n birda u allaqachon saroyda turardi. Taklifnomada “Sizni soat 11 da tashrif etishingizni so‘rardik” deb aniq yozib qo‘yilgandi.
Egnidagi yuqorida tarixi aytib o‘tilgan-kostyum o‘z kasbining ustasi hisoblangan tikuvchi qancha unnamasin telba-teskari osilib turardi.
Takabbur malay uni katta zalga boshlab kirgach, napaleoncha uchburchak qalpoq kiygan o‘ta jiddiy rasmiy shaxs (marosimlar ministrimikan?!) unga yaqinlashib:
- Shu yerda kuting, sizni chaqirishadi, — deb ma’lum qildi.
(Yaxshiyam uydan chiqayotganda uzzu-kun eshik oldida qo‘qqayib turadigan qorovul uni ko‘rmay qoldi: bilintirmay o‘tib ketishga va tezda taksi tutishga muvaffaq bo‘ldi. Agar uning yasanib olganini ko‘rganida bormi, nima deb o‘ylardi, xudo biladi?)
U divanda o‘tirgan yuzi tanish keksa bir janob yoniga cho‘kdi.
- Kechirasiz, siz… siz professor Tamvakadis emasmisiz?
- Xo‘sh, ehtimol mendirman, — deb to‘ng‘illadi chol, — ammo hozir o‘rniyam, vaqtiyam emas. Gapirish kerakmas, bo‘lmasam chaqirib qolishsa eshitmay qolishimiz mumkin.
- Siz ham taqdirlanishgami?
- Nima, siz hammi? Shunday yoshingizda – ya…
- Ha, men bor-yo‘g‘i oltmish ikkidaman, xolos – dedi u mag‘rur ohangda ovozini balandlatib – professorning qulog‘i og‘irroq ekanini eshitgan edi. O‘sha zahoti professor barmog‘ini labiga bosib shivirladi:
- Jim-m… Menimcha boshlashdi. Jim o‘tirib quloq soling!…
U o‘rnidan turib zalni biroz aylangan bo‘ldi. Zalda o‘n beshtacha odam bor edi – ularning eng yoshi o‘zi ekan. Hamma jim o‘tirib kutar, hammaning egnidagi kostyumi xuddi unikiday shilvirab osilib turardi.
U oyna oldiga keldi va ko‘ngli ko‘tarildi: harqalay uning kostyumi boshqalarnikidan durustroq edi. Keyin u podshohlikning ashaddiy dushmani hisoblangan yozuvchi N.K.ni ko‘rib qoldi. U bu yerga nega keldiykan? Unga qarab yurgan edi, yozuvchi jubbanamo keng ishton kiyib olgan soqoldorning orqasiga bekinib oldi. “Mayli, — dedi u o‘zicha, zalni shoshmasdan nazardan o‘tkazarkan, — shunday bo‘lganiyam yaxshi.” U yana oyna oldiga keldi. Bu safar nima uchundir o‘ziga yoqmadi.
- Sizni chaqirishyapti, eshityapsizmi, sizni chaqirishyapti! – professor Tamvakadis uning qo‘liga yopishdi. – Boring, boring!
U yop-yorug‘, uzun yo‘lak bo‘ylab uchburchak g‘aroyib qalpoq kiyib olgan o‘ta jiddiy rasmiy shaxs (marosimlar ministrimikan?!) ortidan keta boshladi. Ular yanayam kattaroq, son-sanoqsiz chiroqlar bilan yoritilgan, dabdabali bezatilgan zalga kirishdi. U to‘rda shohsupaga o‘xshash narsani, shohsupaning atrofida juda ko‘p rasmiy kishilar o‘tirganini ko‘rdi. Oyoqlari qaltirab, qayoqqa yurishni bilmay to‘xtab qoldi. Qayoqqa yursam ekan? O‘zini yo‘qotib atrofga olazarak boqdi.
- Bu yoqqa, — uni yengilgina turtishdi.
U shohsupaga yaqinlashdi. Boshi zil toshdek og‘irlashdi. Oldinga yana bir-ikki qadam tashladi-yu… Shohsupada uning asari turardi!.. Uning qo‘lini siqishdi. U ham iloji boricha takallufona qisishga harakat qildi.
- Tabriklaymiz, — arshi a’lodan aytilganday bir sado jarangladi.
- Tashakkurimni qabul qilgaysiz, — deb g‘o‘ldiradi u, uyalganidan so‘zlar tomog‘iga tiqilib.
Nihoyat u yana yo‘lakka chiqdi. To‘xtadi. Cho‘ntagidan g‘ijim ro‘molchasini olib terga g‘arq yuzini artdi. Keyin qo‘lida nimanidir ushlab turganini sezdi, kaftini ochsa: orden ekan.
Yangi Gretsiyaning Fidiy*si deb nom qozongan haykaltarosh F.L. hech narsaga qaramay kimsasiz ko‘chaga yugurib chiqdi.
Uning yuzida ayanchli tabassum jilvalanardi.

______________
* Fidiy — qadimgi yunon haykaltaroshi va me’mori.

Xurshid Davron tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.