OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

M. Shunover. Yozuvchi (hikoya)

– Marti, men Amandani o‘ldirishga qaror qildim.
Telefon stantsiyasi texnigi Jeff Bauers kutilmagan gapdan seskanib ketdi. Uni tarmoqdagi nosozliklarni bartaraf qilish uchun jo‘natishgan, taqsimlovchi moslama yonida kuymalanayotgandi. Jeff hozirgina o‘z go‘shagidan dispetcherga uzilgan joyni topganini va tezda uni to‘g‘rilashini xabar qilgandi. Mana endi, hech kutilmaganda birovning tarmog‘iga ulanib qolgan ko‘rinadi.
Martiga Amandani o‘ldirmoqchiligini aytgan erkakning ovozini Bauers aniq, xuddi orqasida turgandek eshitdi. U Marti ham, suhbatdoshi ham ularni kimdir eshitayotganidan bexabar ekanliklarini bilardi. Birovlarning suhbatini yashirincha eshitish qat’iyan taqiqlanganinini ham bilardi. Qotillik tahdidi shunchaki bema’ni hazil degan xulosaga kelgan Jeff Bauers tarmoqdan uzilmoqchi edi, lekin...
– Marti, – dedi o‘sha erkak ovozi, – meni eshityapsanmi? Men Amandani o‘ldirishga qaror qildim, dedim.
«Hazillashayotganga o‘xshamaydi», – deb o‘yladi Jeff. Notanish odam chindan ham Amandani o‘ldirmoqchiligini anglaganda, nafasi ichiga tushib ketdi.
– Seningcha, hali juda erta emasmikin? – xuddi ob-havo yoki futbol o‘yini haqida gap ketayotgandek, mutlaqo xotirjam gapirdi Marti. – Barbaraning o‘limidan so‘ng atigi ikki oy o‘tdi. Ozroq kutsa ham bo‘ladi.
– Ertaligini bilaman, lekin kutolmayman. Tashvishlanma, bu gal qotillik benuqson bo‘ladi. Hammasini shunday qilamanki, hech kim kamchilik topolmaydi.
– Agar xotiram pand bermayotgan bo‘lsa, Pit, – kinoyali kuldi Marti, – o‘tgan gal ham xuddi shunday deganding.
– Marti, mana ko‘rasan, bu gal hammasi sip-silliq o‘tadi, – dedi qonxo‘r Pit ishonch bilan. – Amandaning deyarli hamma narsaga kuchli allergiyasi bor. Pechene yoki pirogning xamiriga, deylik, bir qoshiq yer yong‘oq yog‘i aralashtirsa bas, tamom bo‘ladi.
– Iskovuchlar sendan shubhalanib qolishidan qo‘rqmaysanmi? – ishonqiramadi Marti.
– Bu ish – xatosiz, – tinchlantirdi suhbatdoshi Martini, – gapimga ishonaver. Hech kim hech narsadan shubhalanmaydi, og‘ayni. Eng zo‘r tomoni, Amandaning o‘zi pechene va pirog pishirishni yaxshi ko‘radi.
– O‘zi pishiradi degin? – o‘ychan qayta so‘radi Marti va qisqa tanaffusdan so‘ng xitob qildi: – Bir daqiqa to‘xta-chi! Agar xotiram pand bermayotgan bo‘lsa, Barbarang ham pechene va pirog pishirardi.
– Pishirardi. Nima bo‘pti?
– Nima bo‘pti emish! – ajablandi Marti. – Nahotki ikkita ayolni bitta yo‘l bilan o‘ldirmoqchi bo‘lsang?
– Bitta yo‘l degan gapni qaerdan olding? – ranjidi Piter. – A, tushundim... Sen Barbarani qanday o‘ldirganimni unutibsan. Eslatib qo‘yaymi? Men uni nikotin yordamida o‘ldirdim! O‘shanda bir quti sigaretning nikotinini olib, bittasiga tiqqanman. Atay uch kungacha chekishga bermay, tashlaydigan payt bo‘ldi, dedim. Keyin rahmim kelganday bir qutini berdim. Men uning sigaretani qanday tanlashini bilardim, shuning uchun o‘ldiradigan miqdordagi nikotinli sigaretani tepa qatorning o‘rtasiga solgandim. U men umid qilgandek, kecha men ishlov berganimga yopishdi. To‘g‘ri, Barbara sigaretaning kuchliligini darhol sezdi, lekin uch kun ichida tamakidan biroz chiqib qolganman, deb o‘yladi. Bilasanmi, uni yarmigacha ham chekolmadi. Bechoraning yuragi xuruj qilib, shundoq ko‘z oldimda birpasda jon berib qo‘ya qoldi. Tez yordam yetib yelganda, yurakchasi urmayotgandi.
– Bu gal sug‘urta puli qancha? – biroz jimlikdan so‘ng qiziqsindi Marti.
– A, sen sug‘urtani eslading-a! – mamnun kulib yubordi qotil. – Bu yerda yana bir ajoyib narsa bor. Amanda bilan menga hech qanday sug‘urtaning keragi yo‘q. Qo‘shni... esingdami, senga u haqda bir gapirgandim... bizning kasalxonamizda hamshira bo‘lib ishlaydi. Bilasanmi, undan nimani bilib oldim? Ma’lum bo‘lishicha, bayram kunlari, ayniqsa, kechasi kasalxonada faqat navbatchi vrachlar ishlarkan, kasallar esa ish kunlariga qaraganda ko‘proq bo‘larkan. Qabul bo‘limida navbat uzayib ketadi. Ba’zan ko‘rikni uch-to‘rt soatlab kutishga to‘g‘ri keladi. Men taqvimni ko‘rdim. Eng yaqin bayram – Mehnat kunigacha hali yana deyarli uch oy bor. Aziz Amandaga Mehnat kuni yer yong‘oq yog‘ini aralashtirib qo‘yaman, mazasi qochganda, kasalxonaga olib boraman. U yerda, albatta, yordam berishguncha o‘ladi. Men ularni uning o‘limida ayblayman va yana kasalxonadan o‘z vazifalarini bajarishda mas’uliyatsizlikda va bemorlarga e’tiborsiz qarashda ayblab, sud orqali mo‘maygina pul undirib olaman.
Bu gal tanaffus ancha uzoq cho‘zildi. Aftidan, Marti eshitgan gaplarini mulohaza qilayotgandi.
Jeff Bauers nafasini ichiga yutib, suhbatning davomini kutardi. Hozir tarmoqdan uzilish xayoliga ham kelmasdi. U suhbatni oxirigicha eshitishi kerak edi.
– Bilmadim, – Martining ovozida ishonchsizlik ohanglari eshitildi. – Menimcha, unchalik ishonchli emas. Hozircha qaerdaligini bilmayman, lekin qaeridadir zaif joyi bo‘lishi kerak.
– Hammasi joyida bo‘ladi, Marti. Mana ko‘rasan, uddalayman. Men yaxshi bo‘lishiga yuz foiz aminman. Barbara o‘ldirilganda ham xuddi shunday deganding, esingdami, vaholanki, hammasi juda yaxshi bo‘ldi. Hech kim mendan shubhalanmadi ham. Hamma yuragi ko‘tarolmagan deb o‘yladi... Margaretni ham esingdan chiqarma.
– To‘g‘ri, Meggini butunlay unutibman! – istamaygina ma’qulladi Marti. – Lekin bilib qo‘y, Pit, boshga o‘q uzish – eng osoni.
– Menga ishon, qariya, hammasi joyida bo‘ladi, – suhbatdoshini ishontirdi makkor Pit. – Men senga huquqshunosning fikrini bilish uchun qo‘ng‘iroq qildim. Nima deb o‘ylaysan, huquqiy tomondan muammo bo‘lmaydimi?
– Menimcha, bo‘lmaydi, – dedi Marti biroz o‘ylagandan so‘ng. – Sen Mehnat kuni haqida gapirding. Demak, tayyorlanishga ulgururkansan-da?
– Albatta, ulguraman. Allergiya va allergenlar haqida hamma narsani bilib olaman, kasalxonaga borib, qabul bo‘limida nimalar bo‘layotganini ko‘raman. Meni bilasan-ku, Marti, men hech qachon tasodifga ishonmayman. Hammasi oliy darajada tayyorlanishi kerak.
Orqa fonda kimlarningdir bo‘g‘iq ovozlari eshitilardi. Jeff suhbatdoshlardan biri idoradan gaplashayotganini tushundi. Pitga maslahat kerak bo‘lib qolganidan Marti ishxonada bo‘lsa kerak, deb o‘yladi.
Uning taxminini navbatdagi tanaffus tasdiqladi. Marti kafti bilan go‘shakni to‘sib, kimdandir nimadir so‘radi. Bauers savolni ham, javobni ham eshitolmadi. Hamkasblaridan vrachlarni mas’uliyatsizlikda ayblab, kasalxonani sudga bersa bo‘ladimi deb maslahat olayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladi Jeff. U haq bo‘lib chiqdi.
– Hammasi joyida, – dedi Marti bir daqiqadan so‘ng go‘shakka. – Muammo bo‘lmasligi kerak... Kechirasan, Pit, lekin men ketishim kerak. Ish, o‘zing tushunasan. Shaharga obro‘li ayol mijoz kelgan, uni kuttirib qo‘yolmayman.
– Ayol mijoz deysanmi? – darrov qiziqsindi Piter.
– Damingni ol, xotinboz, u sening didingdagi emas. Tirikchiligiga o‘zi pul topadi... Piter, bilasanmi, sen qandaydir hayvonga aylanding.
– Men hayvonmanmi, Marti? – mamnun kulib yubordi Pit. – Amanda hayvon, men emas. Shuning uchun mangu uyquga ketadigan payti keldi degan qarorga keldim.
Pit va Marti yana bir daqiqa bir-birlarining ustilaridan kulishdi-da, xayrlashib, go‘shaklarni qo‘yishdi.
Jeff Bauers quloqlariga ishonmay dovdiragancha go‘shakka qarab turardi. U, albatta, nimadir qilishi kerak. U kimgadir qo‘ng‘iroq qilib, Piterning rejasi to‘g‘risida aytib berish kerakligini bilardi. Lekin birovlarning suhbatini yashirincha eshitish taqiqlanganini ham bilardi. Agar uning qonunni buzgani ma’lum bo‘lsa, u kamida ishdan haydaladi. Ko‘p deganda esa, kattagina jarima to‘lab, qamoqqa tushadi. Boshqa tomondan, agar hech nima bo‘lmagandek ketsa, Amanda o‘ladi. Uning qat’iyatsizligi bir odamning hayotiga zomin bo‘lishi mumkin. Marti suhbatdoshini xotinboz deb atadi. Demak, Amanda uning xotini bo‘ladi.
Bo‘ldi, qo‘ng‘iroq qilish kerak. Kimga? Albatta politsiyaga. Lekin ularga nima deydi? Ikki erkakning suhbatini tasodifan eshitib qolgani, ulardan biri uch oydan so‘ng xotinini o‘ldirmoqchiligini aytadimi? Ular o‘sha Pitni qanday topishadi? Nyu-Yorkda Marti ismli do‘sti va Amanda degan xotini bor Pitlar yuzlab topilsa kerak. Demak, politsiyaga qotilning hech bo‘lmasa familiyasi va manzilini bilib berish kerak.
Jeff Bauers Pitning ortiq hoynahoy obro‘li mijozi bilan shug‘ullanayotgan Marti bilan gaplashmayotganiga ishonch hosil qilgach, telefon stantsiyaga qo‘ng‘iroq qildi va kompyuter orqali Pitning raqamini bilib oldi. Keyin dispetcherning raqamini terib, raqam bo‘yicha telefon egasini bilib berishni so‘radi.
Bir daqiqadan so‘ng Bauers Amandani Qarag‘ayzor ko‘chasida joylashgan 223-uyda yashaydigan qandaydir Piter Merrik o‘ldirmoqchiligini bildi. Merrik familiyasi unga tanishday tuyildi. U haqida yaqinda gazetadan o‘qiganiga ishonchi komil edi. Xotinining erta vafot etgani haqida yozilgan bo‘lsa kerak, lekin qaysi xotini – Barbarami yoki Meggi – bunisini eslolmasdi.
Jeff qarshisidagi uyga parishon qaradi va kutilmaganda tok urgandek seskanib ketdi. U chaqiruv aynan Qarag‘ayzor ko‘chasidan bo‘lganini butkul unutibdi. Qolaversa, u deyarli... 223 deb yozilgan oddiy ikki qavatli uyning qarshisida ishlayotgandi. Piter Merrik va Amanda shu uyda yashardi.
Ikkinchi qavat derazasi yonida bir erkak Jeff Bauersga tikilgancha telefonda gaplashardi. Bu o‘sha Piter Merrik ekanini tushungan Jeff darrov tarmoqqa ulandi. U haq ekan, Piter yana Marti bilan gaplashayotgandi.
– To‘g‘ri, – ma’qulladi Merrik suhbatdoshining qandaydir e’tirozini, – lekin mening qurbonlarim orasida hali birorta telefon kompaniyasining texnigi bo‘lmagan. Men to‘g‘ri gapiryapman-ku axir, Marti, bo‘lmagan-a?
– Jin ursin, Pit! – chidolmadi Marti. – Telefonchini o‘ldirganmisan yoki yo‘qmi, men qaerdan bilay? Sen shuncha odamni o‘ldirgansanki, hatto...
– Mayli, mayli. Shunchaki men tasodifan bu yigitni derazadan ko‘rib qoldim va uni o‘ldirish xayolimga keldi. Menimcha, yomon fikr emas, nima deb o‘ylaysan? Eng asosiysi – qandaydir sababning umuman yo‘qligi. O‘zing ham mendek yaxshi bilasan, sababsiz qotillikni aniqlashning deyarli imkoni yo‘q... Tasavvur qilyapsanmi, men ko‘chada hech kim bo‘lmaydigan qulay paytni poylab, uning yoniga boraman va – tars! U tamom. Guvohlar yo‘q, sabab va dalillar ham... Xo‘sh, nima deysan?
– Sen kasalsan deyman, Pit. Bilasanmi, ba’zida menga xuddi sen haqiqiy manyakka aylangandek tuyuladi. O‘ldirish senga juda yoqadi-da... Kechirasan, mening ishlarim bor! Har qalay, ishdaman!
Marti kulayotgan Merrikning bir so‘z deyishiga qo‘ymay go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.
Jeff Bauersning tanasini muzdek ter qopladi. Uning hayotiga o‘lim xavf solayotgandi. U yon-veriga alanglab, ko‘cha kimsasizligini ko‘rdi. «Bu jinniga shu kifoya», – o‘yladi u vahimada. Hozir uydan chiqadi va chindan ham uni otib o‘ldiradi, bir paytlar Barbarani o‘ldirgandek.
Uning miyasida uzuq-yuluq fikrlar charx urardi. Tezroq bu yerdan qochish kerak, lekin avval nosozlikni bartaraf qilish kerak.
Jeff oshiqib uzilgan simlarning uchlarini uladi-da, izolyatsion lenta bilan o‘rab tashladi. U keyinroq kelishga va hammasini yaxshilab to‘g‘rilashga qaror qildi, hozir esa qochish kerak.
Bauers shoshib asboblarini katta sumkaga tiqa boshladi. U qandaydir oltinchi sezgi bilan kimdir yoniga kelayotganini sezganda, deyarli yig‘ishtirilib bo‘lgandi. Jeff boshini ko‘tardi va yorqin quyosh nuridan ko‘zlarini qosib, o‘zidan atigi ikki metr narida turgan erkak sharpasini ko‘rdi. Piter Merrikning, Bauers esa bu o‘shaligiga bir soniya ham shubha qilmadi, o‘ng, ko‘tarilgan qo‘lida qandaydir qora narsani ushlab turardi. Chap qo‘li pastda edi. Garchi Jeff o‘qotar qurollarni umuman tushunmasa ham, bu to‘pponcha ekaniga amin edi.
Jeff Bauersning butun tanasi o‘q uzilishini kutib taranglashdi. Merrik unga “Xayr!” deb, hoynahoy, yuragini mo‘ljalga olib bo‘lsa kerak, qo‘lini tushira boshladi. Texnik beixtiyor harakat qildi. U og‘ir sumkani qotilga otdi, shunday boplab otdiki, to‘g‘ri yuziga tegdi. Kutilmagan harakat va zarbadan Piter Merrik o‘q yegandek quladi.
Jeff Bauers sumkani yerdan yulqib olib, boshi uzra baland ko‘tardi-da, bor kuchi bilan Merrikka otdi. Bo‘g‘iq zarba ketidan suyaklarning shiqirlagani eshitildi. Qotil bir-ikki marta siltandi-da, jimib qoldi...
– U o‘lgan, – dedi sud tibbiyot eksperti detektiv Vagnerga Piter Merrikni yaxshilab tekshirgach.
Hamma yoqda politsiyachilar u yoqdan-bu yoqqa zir yugurishardi. Qonun himoyachilari va bekorchi tomoshatalablardan tashqari, Jeff Bauersning yonida boshlig‘i turar va vahimada atrofiga alanglardi.
Jeff Vagnerga bo‘lgan voqealarning hammasini aytib bergach, u ajablanib bosh chayqadi.
– Lekin sizning hech qanday dalilingiz yo‘q, – xo‘rsindi detektiv. – O‘zingiz o‘ylang, bunday ishonib bo‘lmaydigan voqeaga men qanday ishonaman?
– Hammasi to‘g‘ri, – kutilmaganda Jeffni qo‘llab-quvvatladi bekorchilar to‘dasi orasidan chiqqan yosh ayol. – Men mister Merrik bilan qo‘shni edim va shunday bo‘lganini bilaman.
Hamma qizga o‘girildi. Jeff Bauers Merrikning qo‘lida to‘pponcha emas, uyali telefon bo‘lganini, shu telefonda gaplashayotgan suhbatdoshi bilan xayrlashganini bilgandan beri birinchi bor yengil tortdi.
Merrikning qo‘shnisi unga qattiq qaradi-da, so‘radi:
– U sizga Karlayllar haqida ham gapirib bermadimi? O‘shanda butun bir oilani o‘ldirgandi...
– Ko‘rdingizmi? – xursand bo‘lib ketdi Bauers. – Sizga aytgandim-ku qotil-manyak deb.
– Siz mister Merrik chindan ham bu odamlarning hammasini o‘ldirgan deyapsizmi? – aniqlashtirmoqchi bo‘ldi detektiv.
– Ularni har bir kitobida o‘ldirardi, – bosh irg‘adi ayol. – Nahotki Piter Merrik detektiv romanlar yozganini bilmasangiz? Ikki oy oldin uning “Barbaraning o‘limi” qissasi bestsellerlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallagandi. O‘shanda uni hamma gazetalar maqtagan...

Sevdora tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.