To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, omadsizlik meni har yerda ta’qib etadi. Nega shunday ekanligini o‘zim ham bilmayman. Dunyoga balki omadsiz yulduzlar ostida kelgandirman. Xullas, hayotim davomida u mening doimiy hamrohim bo‘lib keldi.
Esimda, Fransiyaga ishlashga borganimda bir odam bilan tanishgan edim. Uning so‘zlariga qaraganda, u ham men kabi omadsiz ekan. Omadi yurishmay bir necha bor qamoqda o‘tirib chiqqanmish. Bir kuni kechasi hamtovoqlari bilan bilmasdan politsiya boshlig‘ining uyiga o‘g‘rilikka tushishibdi va, shu-shu, boshi omadsizlikdan chiqmasmish. Qo‘lida italyanchasiga: «Pas de chance», ya’ni «omadsizman», degan yozuv ham bor. Mushaklarini qimirlatganda bu yozuv yanada yaqqol ko‘rinardi, go‘yo uni o‘zi yozdirgan emas, ilohiy bir kuch tamg‘a bosgandek.
O‘ylab qarasam, men ham shunday «shior»ni yozib olishim kerak, shekilli. Chunki hamma deyarli men qilgan ishni qiladi, ammo negadir ularning ishi yurishadi, meniki esa yo‘q. Demak, kimdir meni yomon ko‘radi va menga doimo yomonlik tilaydi. Nega shunday bo‘ladi?
Hammasi uylanganimdan keyin — qayinotamdan qarz olib, ishchilar mahallasida poyafzal yamaydigan kichkinagina ustaxona ochganimdan boshlandi. O‘shanda men iqtisodiy jihatdan mustaqil bo‘lmoqchi edim.
Bilamizki, xizmatchilar o‘z ish beruvchilariga yaxshi ko‘rinish uchun doimo oyoq kiyimlarini durust holatda saqlashga harakat qiladilar. Shuning uchun, taxminlarimga ko‘ra, bu yerda ishim a’lo darajada ketishi kerak edi va shunday bo‘ldi ham. O‘sha mahallaning o‘zida mendan boshqa bir yamoqchi ham bor edi. Yoshi anchaga borib qolganiga qaramay, otaxon yaxshi ishlardi. Orada raqobat boshlandi. G‘alaba qozonish maqsadida men chora-tadbirlar ko‘rdim. Eng asosiysi, xizmat haqqini kamaytirdim, ishlash sur’atim esa qariyanikidan ancha yuqori edi. Natija o‘zini uzoq kuttirib qo‘ymadi, cholning deyarli barcha mijozlari men tomonga og‘ishdi. Ish shu tariqa davom etar, tirikchiligim kundan kunga o‘sib borardi. Bu orada birinchi farzandim ham tug‘ildi. Men baxtli edim.
Foydani biroz oshirish maqsadida oyoq kiyimlarni ta’mirlashda charm emas, uning o‘rnini bemalol bosadigan sintetik charm ishlata boshladim. Bu ham arzon, ham ancha sifatli edi. Nam tortmasa, yirtilmasa, yana nima kerak? Agar, bir kuni kutilmaganda qattiq yomg‘ir yog‘ib, hammasini dabdala qilmaganda, hech kim bu sirimni bilmasdi. Mijozlarimdan birining oyoq kiyimi tovonidan uzilib, men tikkan sintetika ko‘rinib qolibdi. Bilmayman, nega, u bu haqda darhol qo‘shnisiga aytibdi. Qo‘shni narigi qo‘shnisiga va ... shu yo‘sin butun mahallaga... Oldimga kelib rosa janjal qilishdi. Nega bizni aldaysanmish. Axir, hamma ham shunday qilyapti-ku!
Oxir-oqibat, bu hunarimdan voz kechib, do‘konimni sotib ketishga majbur bo‘ldim. Omad mendan yuz o‘girganini sezdim-da...
Yigit kishiga ming hunar ham oz deganlaridek, Fransiyada o‘rganib kelgan yana bir hunarim bor edi, ya’ni temirchilik. Bo‘sh kelmay, bu gal shu ishga kirishdim. Eski uylarning tomlarini, teshilib qolgan quvurlarni, isitadigan pechkalarni bemalol tuzata olardim. Eski-tuski temir-tersaklarni sotib olib, shahrimizning eng chetki mahallasida ustaxona ochdim. Mahalla dengiz bo‘yida joylashganligidan tomlari va quvurlari tez-tez ishdan chiqishini bilardim, shu sababli ish topish men uchun mutlaqo muammo bo‘lmasligi turgan gap edi.
Rejalashtirganimdek, hammasi tez orada izga tushib ketdi. Hatto ba’zan dam olishga ham vaqt topolmasdim. Ertayu kech uyimga telefon qo‘ng‘iroqlari bo‘lardi. Mijozlarim tunu kun meni qidirishardi. Birining vannasida, birining tomida, yana kimningdir oshxonasida bir ishkallik chiqardi. Hamma meni chaqirardi.
Shu orada ikkinchi farzandim ham dunyoga keldi. Ishlarim yanada rivojlanib ketdi. Ammo, afsuski, kutilmaganda raqib paydo bo‘ldi. U yosh, chaqqon, epchil va shu bilan birga, ishni puxta qilardi. Tez orada mijozlarimdan ayrila boshladim. Bunga qarshi nimadir qilmasam, ulardan butunlay ajralib qolishimni sezdim. Shuning uchun o‘zimcha kichkinagina bir «tadbir»ni rejalashtirdim. Kimningdir uyida quvurinimi, tominimi tuzatayotganimda yonginasidagi boshqa bir jihoziga ozroq shikast yetkazib qo‘yaman. Qarabsizki, ishim besh. Hech qancha vaqt o‘tar-o‘tmas yana o‘sha mijozlarning o‘zi meni qidirib qolishadi. Shu tariqa, bir o‘q bilan ikki quyonni ura boshladim. Ammo baxtli kunlarim uzoqqa cho‘zilmadi. Mijozlardan birining uyida gaz quvuri portlab, uyi yonib kul bo‘ldi. Surishtiruvlar natijasida qilmishim oshkor bo‘lib qoldi. O‘shanda qamalib ketishimga sal qolgandi.
Guvohi bo‘lganingizdek, yana omadim chopmadi. Mahalladan sharmandalarcha haydaldim. Go‘yo o‘g‘rilar kabi kech tunda oilam bilan uyimizni tashlab, shaharning boshqa qismiga ko‘chib o‘tdik. Hech narsani sotib ketishga ulgurmaganimiz tufayli pulimiz ham oz edi. Shu tufayli shaharning eng kambag‘al qismiga ko‘chishga majbur edik. Taqdir meni va oilamni ayovsiz sinardi. Eh, ozgina omadliroq bo‘lganimdami, balki hammasi boshqacha bo‘larmidi?
Ammo men taqdirga tan bermadim. Qo‘limdan kelgan-kelmaganni ishga soldim. Bo‘zchilik qilmoqchi bo‘ldim. To‘g‘risi, bu kasb menga butunlay yot edi. Qaynotam buni juda yaxshi bilardi. U umri bo‘yi shu ish bilan shug‘ullanar edi-da. U «Bo‘zchilik qilib yomon bo‘lmadi-ku, men ham kam bo‘lmayman», degan fikr meni umidlantirardi. Er-xotin tunu kun ishladik. Ayolimni ko‘rib yuraklarim ezilib ketardi, ikki bolasi bilan ishlab, qanday qiynalib ketganini ko‘rsangiz edi.
Avvaliga ishimiz yaxshi ketmadi, chunki bu yerdagilarning hatto bo‘z sotib olishga ham pullari yo‘q edi. Ammo kambag‘allarning matoga bo‘lgan ehtiyoji vaziyatni butunlay o‘zgartirib yubordi. Bir so‘z bilan aytganda, ishlarim yana avvalgiday gullay boshladi. Do‘kon ochdik, boshqa qimmatbaho matolarni ham olib kelib, sotadigan bo‘ldik.
Shunda aqlimga bir yangi fikr keldi. Bo‘z juda ko‘p miqdorda sotilayotganligi uchun o‘lchovda ozgina urib qolsam, hech kim bilmaydi, daromadim ham oshadi, deb o‘ylagandim. Yo‘q, bo‘lmadi. Qo‘shnimizning bolasi bilib qoldi. Eh, Xudo nega boshqalar ayni shunday qilishadi-yu, menga kelganda omad yuz o‘giradi?
Avvaliga bu sang‘i-daydi bola o‘lchovdan urib qolayotganim to‘g‘risida hech kimga og‘iz ochmadi. Hayron bo‘ldim. Keyinroq oldimga kelib: surbetlarcha «Menga pul kerak», desa bo‘ladimi. Niyatini tushunib, ta’mirgirni haydab yubordim.
U bo‘lsa o‘sha kuniyoq butun mahallaga gullab qo‘yibdi. Tez orada, tushungan bo‘lsangiz kerak, yana bir mahalladan «badarg‘a» qilindik.
Bu gal g‘ururim poymol qilingan edi. Taqdirimdan rozi emasdim. Tuzukroq yegulik olishga ham pulimiz qolmagandi. Xudoga shukur, ota-onam o‘lib ketgan bo‘lsa ham, qaynota-qaynonam bor. Xotinim bilan bola-chaqamni ularnikiga tashlab, oxirgi pullarim bilan to‘g‘ri folchiga yo‘l oldim. Zora, u menga yordam bera olsa, chunki do‘stlarimning aytishicha, ular ancha-muncha menga o‘xshagan omadsizlarning yo‘lini ochib bergan emish. Nega bu fikr menga ertaroq kelmagan ekan, deb rosa o‘zimdan jahlim chiqdi.
Folchining uyida odam ko‘p. Hamma o‘z dardi bilan uning oldiga kelgan. Yaxshiyam ularga o‘xshagan odamlar bor. Dardingga darmon bo‘ladi.
— Qo‘llaringni ber, — dedi folchi. — Ko‘rinib turibdiki, ko‘plar senga yomonlik tilaydi. Qo‘rqma, faqat Tangriga ishon, uning yo‘lidan yurguvchilardan bo‘l.
— Ha, o‘zim ham shunday deb o‘ylagandim, hamma qo‘shnilarim hasadchi. Endi o‘zimni asrashim kerak ekan-da...
— O‘g‘lim, shoshilma, eshit, — dedi folchi. — O‘zingni asrashingdan foyda yo‘q. Sen, eng yaxshisi, vijdoningni, insofingni asra.
Buning iloji bo‘larmikan?
Mahmad Latif. Omadsiz odam (hikoya)
Turk tilidan Mansur Abdusattorov tarjimasi.