Yo, tavba, men uni tanidim, uning o‘zi, xuddi o‘zi. Dastlab unga o‘xshatdim. Ovozini eshitgandan so‘ng: “O‘sha-ku”, — dedim. Yana ham bunga amin bo‘lish uchun Mambetulloning qulog‘iga shivirlab: “Bu odam kim edi, ismi esimga kelmayapti?” — deb so‘radim.
— Bu kishi Ilyos-ku, qo‘ydek ma’rab qo‘shiq kuylaydigan tenor. Ansambldan ketganidan keyin qaysidir bir joylarda dars berib yurdi, hozir nafaqada…
Xalq artistining oltmish yilligiga bag‘ishlangan majlis va kontsertdan chiqib, teatrning yuqori qavatidagi foyeda “shved stoli” uslubida yoyilgan dasturxonga qo‘l uzatdik. Ozgina tamaddi qilib olgandan so‘ng, to‘yni davom ettirishga kirishdim.
— Ziyofatning birinchi bo‘limida so‘z navbati yetmaganlarga mikrofon bo‘sh, — deb e’lon qilishim bilanoq xohlovchilar kelib navbatga tura boshladi. Bir qancha jurnal-gazetalarning muharrirlari esdalik sovg‘alarini berishdi. Ularning ketidan quda-andalar, do‘stlari sahnaga kelishdi. Kimlardir qo‘shiq kuyladi. Navbatdagi qo‘shiq kuylangandan so‘ng u keldi.
Boshida eski, har-har joyining juni tushgan, lekin o‘z vaqtida yaxshigina qamari teridan tikilgani yaqqol ko‘rinib turgan popog‘ini qo‘ltig‘iga qisib, allaqanday bir andishada:
— Men ham Mambetullo do‘stimni tabriklab qo‘shiq kuylasam bo‘larmikin? — dedi va menga savolomuz nazar tashladi. — Do‘stimning rafiqasiga bag‘ishlab ruscha qo‘shiq kuylamoqchiman...
— Juda ajoyib bo‘lardi, — dedim.
U sozandalarni kutib turmasdan, rus xalq qo‘shiqlaridan birini boshlab yubordi. Qo‘shiqchi tez-tez kuylab yurgan bo‘lsa kerak, lozim ohangni bexato topdi. Qo‘shiqchilar buni “tonalnost” deyishadi. Sozandasiz kuylaganda, ba’zilar ohangda yanglishib, avjida ovozi yetmay qoladi. Buning esa... ovozi haliyam shirali ekan, judayam yoqimli chiqdi.
Ziyofat oxirigacha men uni uzoqdan kuzatish bilan ovora bo‘ldim. “Yo, tavba, — dedim o‘zimga-o‘zim, — odam deganiyam shunchalik o‘zgaradimi, bundan o‘ttiz yil ilgari ko‘rganimda to‘lishgan, ko‘rgan odam hayratlangudek xushro‘y yigit edi. U Mambetulloni do‘stim dedi, demak tengqur ekanmiz-da, deb o‘yladim. Ammo, uning bu ko‘rinishini bugungi yubilyarga qiyoslab bo‘lmasdi. Aft-angorini halqumigacha mayda ajin bosgan, yuzi ozg‘in, qarimsiq. Ichkilikka ruju qo‘ygan chog‘i ko‘zlarining nuri qochgan, kulgan vaqtida ham chiroyi ochilmasdi. Og‘ziningmi, ko‘ziningmi bir burchaklari aks harakatlanardi. Bo‘yinbog‘ining tuguni bosilib, faqatgina bo‘yinbog‘ degan nomi qolgan, xolos, ichki kiyimidan uyaldi chog‘i, ziyofat oxirigacha paltoni yechmadi.
Bulbuldek kuylab yurgan paytlari uning alohida o‘rni bor edi. Ziyofatga kelganlarning ko‘pchiligi bilan birga ishlashgan. Bugun ularning ayrimlari katta amaldor yoki obro‘li nuroniy bo‘lib, hurmat-izzatda. Ularning ba’zilari bilan eski tanishlarday salomlashib ko‘rishib edi, ular lablarining bir burchagi bilan salgina jilmayib quygan bo‘lishdi-da, o‘zlarini undan uzoqroqqa olishga harakat qilishdi. Pardasi ketib, yuzi ochilib, ko‘chaga chiqib ketgan odamlarni ichkilik qanchalik yengmasin, ular ma’lum darajada ruhshunos bo‘lishadi, har kimga alanglab, sin solib kimdan nima chiqadi, kim qanday qabul qiladi — o‘rganib bo‘ladi-da.
Yo, qudratingdan! Yaratgan egam, insonni dastlab shunday chiroyli qilib yaratsa, unga hamma havas bilan qarasa, berilgan iste’dod orqali boshqalarning havasini keltirgudek e’zoz in’om qilsa — bandasiga bundan ortiq yana nima kerak!? Albatta, “bundan boshqa narsalar juda ko‘p-ku”, deyishadi ularning ayrimlari.
* * *
1962 yilning yozi edi. Universitetning birinchi bosqichini tamomlab, dam olish uchun poezdda uyga qaytdik. Vagondagi joyim pastda ekan. Qarshimda yaxshi kiyingan, sochini bir tarafga ayirib, orqaga qayirgan, chiroyli bir yigitcha yotadigan joyining bosh tarafiga skripkaning futlyari bilan sirtiga qop kiygizilgan dutorni qo‘yayotgan ekan.
— Joyingni manavi qizga ber, yigitsan-ku!.. — deb menga po‘ng‘illadi.
Qiz bolaning ikkinchi qavatga o‘rmalab yurgani yarashmaydi deb, o‘zim ham shunday qilmoqchi bo‘lib turgandim. Buning aql o‘rgatgani esa menga og‘ir botdi.
Men yuqoriga chiqib oldim. Qarasam, qolgan uchchalasiyam bir joydan shekilli, menga o‘girilib ham qarashgani yo‘q. O‘zlari bilan o‘zlari bo‘lishib, xo-xolashni boshlab yuborishdi. Poezd o‘rnidan qo‘zg‘aldi. So‘ng asta-sekin kuchayib, o‘zining taraq-turug‘ini boshladi. Shovqin sal pasaygandek bo‘ldi. O‘rtadagi kichkina stolga dasturxon yoyilib, ovqatlana boshlashdi. Boyagi menga po‘ng‘illagan bola bularning sardori shekilli, hammasi unga yaxshi muomalada bo‘lishga harakat qilishayapti, u xuddi katta kishilardek sal kerilib, hammasiga aql o‘rgatadi. Menga esa bormisan yo yo‘qmisan deyishmaydi. “Bular bilan Xo‘jayliga qadar kelisha olsam edi” deyman ichimda. Bir payt ikki qiz, ikki bola kulib kirib kelishdi. Ular ertalabdan buyon ko‘rishib yurgan bo‘lsalar ham, qaytadan shovqin-suron ko‘tarib, kuchoqlashib salomlashishdi. O‘sha payt, kelganlarning bittasi meni ko‘rib, “Iya!” degandek hayron bo‘ldi, qolganlari ham qayrilib, baloni ko‘rgandek qarashdi. Bularga qo‘shilganlar ham haligi “gerdaygan” yigitchani maqtab, u nima desa shuni ma’qullab o‘tirishdi.
— Ie, bu bolani choyga chaqirmaymizmi?, — dedi qizlarning biri kutilmaganda.
Men ikkinchi qavatda pastga tushishga bahona topolmay, cho‘zilib yotibman. Qizning taklifidan so‘ng darrov “gerdaygan”ga nazar tashladim, u men tarafga bir olayib qaradi-da, bo‘zarib o‘tira berdi. Bularning gaplariga qaraganda, haligi o‘rtog‘i konservatoriyada o‘qiydiganga o‘xshaydi. Avvaldanoq hamma uning aytganini bajarib, ko‘kragini ko‘tarib yuborgan, shekilli, aks holda odam bunaqa tantiq bo‘lishi mumkin emas, yoki kattalardan bittasining bolasidir, deya o‘yladim. Agar uning o‘zi chaqirmasa pastga tushganimdan naf yo‘q. Bu orada temir yo‘l xodimlari shapkasini kiygan bir kishi “kimga choy?” deb ikkinchi bor qaytib o‘tib, “oshxona sakkizinchi vagonda” deb yana bittasi gapirib o‘tib ketdi. Ayni damda bu ikkalasiyam menga zarur. U joyga borish uchun pastdagilarni o‘rnidan siljishiga majbur qilishimga to‘g‘ri keladi. Qizlarning biri kelishi bilanoq, “bizlar qo‘shiq kuylab, musiqa tinglashga keldik”, degandi. Ozginadan so‘ng olifta do‘stimiz futlyardan skripkani chiqarib, qoraqalpoqcha bir musiqani chaldi. Bir-ikkita musiqadan so‘ng, dastasi suyak bilan o‘yib naqsh tushirilgan, o‘rikdan yasalgan dutorni qopidan chiqardi. “Ilyos, qo‘shiq aytib ber”, dedi qizlardan biri noz bilan. Shunday qilib, yangi o‘rtog‘imizning ismini ham bilib oldik. Xayolimda konservatoriya deganiga har kimni ham olavermasa kerak. Albatta, shunday ovozing bo‘lsa, qizlar izlab kelib, erkalanib gapiradi-da! Ovozdan Xudo bergan ekan-da, — degan o‘y o‘tdi.
Kuy-qo‘shiq avjga chiqdi. Men ham yotgan joyimdan turib ketganimni sezmay qolibman, eshik oldida odamlar to‘planib qolgan, choy tashiydiganlarga yo‘l yo‘q. Tinglovchilarning ko‘pligini har qo‘shiqdan so‘ng chalingan qarsaklardan so‘ng bilsa ham bo‘ladi.
Shu tobda egnida u-bu solingan xaltachasi bor, o‘rta yoshlardagi, o‘ng qo‘li yo‘q bir kishi odamlar orasidan o‘tib kirib keldi. Uning tashqi ko‘rinishi, ustidagi kiyimlaridan oddiygina qishloq odami ekanligi ko‘rinib turar edi. U hammaga salom berib, boshini egib qo‘ydi. Chetda o‘tirgan yigit bilan qiz unga joy berdi. U o‘tirib bo‘lgandan so‘ng, Ilyosga qaradi-da, “chal, chalaver, musiqa tinglashga keldim”, dedi. Uning tashrifi ham, o‘zi ham chamasi, sozandaga unchalik ma’qul bo‘lmadi. So‘rashmadi ham.
Ilyos chalayotgan musiqasini tugatib, dutorni tizzasining ustiga qo‘yib o‘tirdi.
— “Nama boshi”ni chal, — dedi bir qo‘li yo‘q odam.
Ilyos eshitmagan odam singari o‘tiraverdi. Uning bu o‘tirishidan “Sen musiqaning farqini qaerdan ham bilarding” demoqchiligini payqash qiyin emas edi.
— Bilsang chal!, — dedi o‘rtoqlaridan biri sabri chidamay. Ilyos asta dutorni qo‘liga olib, chalishga shaylandi. “U endi chaladi, deb o‘yladim men, chunki, bu xulq-atvori bilan “bilmas ekan” degan gapni ko‘tara olmaydi”. Xuddi aytganimday bo‘ldi. Musiqa chalishni boshlab yubordi. Hamma bir quloqqa aylanib jim o‘tiribdi. Bir qo‘lli kishi ham diqqat bilan tinglab o‘tiribdi, ikki ko‘zini sozandadan uzmaydi. Xalq musiqasi chin dildan bo‘lmagani bilan, yaxshi ijro etildi. Hamma qarsak chalib yubordi. Ilyos: “qalay, qo‘limdan kelarmikin” degandek, yonidagi kishiga bir qarab qo‘ydi.
— Ko‘z tegmasin, bo‘ladi, — dedi bir qo‘lli odam, — musiqani to‘lig‘icha chalding. Ammo, dast qoqishingda ozgina kamchilik bor ekan.
Hamma bir qo‘lliga qaradi. Ilyos kinoyali kulib qo‘ydi.
— Barmoqlar bilan pastga chertish, ko‘rsatkich barmoq bilan pastga, bosh barmoq bilan yuqoriga dast tortishda kamchiliklaring bor, bir-ikki marotaba ko‘rsang, o‘rganib ketasan.
— Balki, o‘zingiz ko‘rsatib berarsiz, — dedi Ilyos hali ham mensimagandek.
— Sen mening chaladigan o‘ng qo‘lim yo‘q ekanligini bila turib aytayapsanmi?, — dedi u birdaniga qizarib. — Obkel, dutorni!?
Bir qo‘lli odam shunday gapirdiki, ovozida o‘ziga bo‘lgan ishonch, qat’iy buyruq sezilardi. Ilyos birdan dovdirab qoldi, dovdirab emas, balki, lahzada yuvosh tortib qoldi.
— Kel, o‘rin almashamiz, — dedi haligi kishi ovozini o‘zgartirmasdan va dutorni chap qo‘liga olib, Ilyosni o‘zining o‘ng tarafiga o‘tkazdi. U chap qo‘li bilan dutorning dastasini ushlab, qopqoq tarafini Ilyosning oldiga qo‘ydi.
— Boshqatdan haligi musiqani chalamiz, — dedi u Ilyosga, — men pardasini bosaman, sen chertasan.
Ular ikkovi “Nama boshi”ni chala boshladi. Bir qo‘lli kishida o‘sha vaqtda paydo bo‘lgan o‘zgarishlarni ko‘rsangiz edi, buni so‘z bilan tasvirlab bo‘lmasa kerak.
...Oradan o‘n uch yil o‘tdi. Hamma yerda ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning o‘ttiz yilligi nishonlanayotgan payt. Har kuni urush qatnashchilari bilan uchrashuvlar, kun ora majlislar degandek.
Bayramdan ikki kun avval uyimizga otamning jiyani Ubbiniyoz og‘a, yonida o‘zidan ham savlatli bir kishi bilan kirib keldi. Ikkovining ham ko‘kraklari orden-medallarga to‘la, kayfiyatlari a’lo, ko‘zlari chaqnab turibdi. Shahar harbiy komissariati urush qatnashchilariga esdalik medal bergan, so‘ngra, tabiiyki, medalni “yuvishgan” ekan.
— Bugun jiyanimning uyiga tabriklashga boraman, bir chaqchaqlashib o‘tiramiz desam, o‘zlari kelibdi-ku, — dedi otam ularga peshvoz chiqib.
— Hali ikki kun bor, sizning uyingizdan boshlaylik deb kelaverdik.
Ular g‘ovur-g‘ovur qilishib, mehmonxonaga o‘tishdi.
— Qani, Sultonjon qaerda? — dedi Ubbiniyoz og‘a haliyam ko‘tarinki kayfiyatda, — nevarani chaqir buyoqqa. Bolangni yotqizib, qo‘lini halollagan kuni kelolmagandim.
Shu payt tashqaridan yugurib kelgan Sulton mehmonlar bilan ikki qo‘llab salomlashib bo‘lib, ularga qarab turib oldi. Otam nevarasini sunnat qildirib, mehmon chaqirganimizga hali ko‘p bo‘lmagan edi. Kelganlarning hammasi bolaga pul tutqazib, yomon o‘rgatib qo‘yishgan.
— Qani, Sultonjon, beri kel, — dedi Ubbiniyoz og‘a, — manavi mening to‘rt yil nemislar bilan olishganim uchun berilgan o‘rdinni, harbiy komissarning qo‘lidan hozirgina oldik. Shuni sening ko‘kragingga taqqani keldim. Xudoyim, katta bo‘lib, elimizning botiri bo‘lgaysan!
— Iya, og‘a o‘zingizda turaversa bo‘lardi-ku, — dedim men xijolat chekib.
— O‘zimda, mana, to‘lib yotibdi-ku, bu sening bolangga mendan esdalik bo‘lsin. Tog‘avachcha katta bo‘lganida bizni bir eslab yursin-da…
Uning chin ko‘ngildan hadya qilayotgan, bu kutilmagan sovg‘asini olmay iloj yo‘q edi. Mehmonning kayfiyati bizga ham yuqdi. Sultonga hamma qutlug‘ bo‘lsin aytayapti. Ubbiniyoz og‘a bilan birga kelgan kishi chap qo‘lini cho‘ntagiga solib pul chiqardi-da, Sultonga berdi. O‘sha vaqtdagina u kishining o‘ng qo‘li yo‘q ekanligini boshqalar ham payqashdi.
Ubbiniyoz og‘a choy ichib o‘tirib, mehmonni tanishtirdi.
— Saparimbet bilan tengqurmiz, muchaldosh. Moskva jangida qo‘lini snaryad yulib ketib, urushgani, gospitalda yotgani, hammasini qo‘shib hisoblasak, bir yilga to‘lar-to‘lmasdan elga qaytib kelgan. Men o‘qishni bitirib, Nukusga ishga joylashganimdan so‘ng, ota-onamni Sho‘monoydan ko‘chirib keldim. Ikki yil o‘tmay uylandim. To‘yimiz arafasida Ubbiniyoz og‘am Cho‘rtonboyning sohilidan bir telejka o‘tin obkeb berib, ziyofat tarqagunicha yangam bilan uyda bo‘ldi. Kelasi yili, “men ham tog‘amning yoniga yaqin turay” deb, Nukusning “Boyterak ovul”idan ikki xonali uy olib, ko‘chib kelgandi… — Kelsak, o‘sha atrofda bizdan boshqa beshta frontovik bor ekan, — gapini davom ettirdi u. — O‘shalarning orasida shu Saparimbet bilan yaqin bo‘lib qoldik. Uchrashuvga chaqirsalar ham birgalikda boramiz, qarindosh-urug‘lar chaqirsa ham birga borib, bir-birimizning quda-andalarimizni ham bilib oldik.
— Ammo, bu Sho‘monoyga qarab ketsa, bizni olib ketmaydi, bilmadim nima balosi bor ekan, — dedi Saparimbet og‘a.
— Iya, Ubbiniyoz og‘a, u yoqdagi yangam bilan butunlay xayrlashgan edingiz, shekilli, — dedim hazil-chini aralash.
— Ey, bola, buni kim aytdi senga? Qo‘y bu gapingni, — dedi sal jilmayib, — Saparimbetning ham bizdan yashirinib ketadigan joylari bor. Buning es-hushi kontsert. Artist desa, uchishga qanoti yo‘q. Maktabdagi uchrashuvlarda ham kontsert ko‘raman deb, oxirigacha o‘tiradi. Bizlarning sabrimiz chidamay, ketib qolamiz.
— Kontsert bo‘lgandayam, ko‘pi bilan bir yoki ikki xushovoz baxshi chiqadi. Qolganlarining hammasi shunchaki ting‘ir-ting‘ir.
Saparimbet og‘aning bu gaplaridan kontsertlardan ko‘ngli to‘lmasligini sezish qiyin emasdi. “Men borsam, qo‘shiq eshitishga, musiqa tinglashga boraman. Hozir baxshining qo‘shiqlarini ayollar aytadigan bo‘lib ketgan. Aytganda ham dutor emas, orkestr bilan aytadi. Aytishida kamchilik yo‘q, musiqa ham maromi bilan kuylanadi, ammo baxshi-baxshida”, — dedi u.
Taomdan so‘ng mehmonlar ruxsat so‘rashdi. Ularni kuzatib qo‘yishga chiqdim.
— Saparimbet og‘a, — dedim u kishini qo‘ltiqlab turib, — 1962 yil Toshkentdan qaytayotganda esingizdami… vagonda, konservatoriya talabasi Ilyos degan bolaga dutor chalishni o‘rgatganingiz esingizdami?
— Voy-bo‘, — dedi u uzoq o‘ylanib, — esimda bo‘lganda qandoq, urushdan kelgandan buyon hech qaerga chiqib ko‘rmagandim. Bir oyga yaqin eldan tashqarida yurib, ovulni sog‘inib kelayotsam, dutor chalib, qo‘shiq kuylayotganlarni eshitib, chidab tura olmadim. Sozanda bola ekan, havas qilib borganimni bilmay qolibman. Lekin, yigit o‘ta takabbur ekan, istar-istamas qabul qildi. “Tanigan joyda bo‘y qadrli, tanimagan joyda to‘n qadrli” deganidek, kiyimlarim ham eski, o‘zim ham yarim jon bo‘lgandan keyin yoqtirmadi.
O‘sha kundan boshlab Saparimbet og‘a bilan ba’zi-ba’zida uchrashib turdik. Keyin bilsam, u yoshligidan dutor, g‘ijjak chalib baxshilarning etagidan tutgan ekan. Chimboy atrofida haligacha Qurbonniyoz baxshining nomi esga olinadi. Yetmishinchi yillari adabiyotimizning yorqin namoyandalaridan biri, iste’dodli shoir Davlen Aytmuratovning “Qoraqalpog‘iston” deb nomlanadigan, “Muhalles” musiqasiga moslashtirib yozgan qo‘shig‘ida… “Eh, Qurbonniyoz baxshining mehr bilan chalgan sozin-ey” deb, yurtimizning eng atoqli narsalari yoniga uning ham sozini qo‘shib ulug‘langan satrini o‘qigandim. Bu kishi o‘sha baxshiga shogird bo‘lib, keyinchalik, uning yonida g‘ijjak chalib yurgan ekan.
— Urushdan avvalgi yillarning birida, To‘rtko‘lda baxshilar tanlovi bo‘ldi. Chimboy hokimiyati Qurbonniyoz og‘a boshchiligida, uch-to‘rt odamni tanlovga jo‘natdi. Aravadagi otimiz bitta, o‘ziyam oriqqina ekan, yo‘lda ikki-uch joyda tunab, yetib borsak, tanlov boshlanib ketibdi. Qurboniyoz og‘am chang bosgan yuzini chala yuvib, o‘rtaga chiqib ketdi. U zamonda, aslida qay zamonda bo‘lsa ham uning ovozidek jaranglagan, baland pardali ovoz hech kimda yo‘q edi. Davrani qoyil qoldirib birinchi o‘rinni oldi. Ertasiga sozandalar tanlovi bo‘ldi. Meni g‘ijjak chalishga yozib qo‘ygan ekan, Qurbonniyoz dutorchi sozandalar guruhiga yozdirdi. “Boshingni baland tut, ko‘kragingni ko‘tar. Bu dunyoni unutib, kuyning ichiga kirib ket, bola, kechadan buyon kuzatib yuribman, kelganlar ichida sendan o‘tadigani yo‘q”, deb meni osmonga chiqardi. “Hech kimga qarama, ko‘zing chopib borayotgan otdan boshqasini ko‘rmasin, dastlab “Qora yo‘rg‘a”ni, keyin “Nor iydirgan”ni chal, yoki “To‘rg‘ay” musiqasini chalasanmi?”, deb so‘raydi. Miyam g‘uvillab, qulog‘im hech narsani eshitmasdi. Dastlab qo‘rqib turuvdim, Qurboniyoz og‘aning gaplaridan keyin, meni qo‘yib yubor, deb turgan Boychiborga o‘xshatdim, o‘zimni. O, ukam, shunday qilib, yo Xudo deb, o‘rtaga chiqib ketdim.
Tushdan so‘ng tanlovning yakuniy qarori qabul qilindi. Hay’at a’zolari tortishib, baqirishib yotibdi. Ikki ko‘zimiz o‘shalarda. Bir paytlari Qorajon baxshi degan kishi, uni Berdaq shoirning o‘g‘li dedimi, ukasi dedimi, bilmadim, jahli tez ekan, o‘rtaga chiqib ketdi.
— Ey, yigitlar, insof degani bormi o‘zi sizlarda, u bolaga qanday qilib, mehnatini ko‘rib turib ikkinchi o‘rinni berasiz?, — dedi jahli chiqib. So‘ng bilsak, gap men haqimda ekan. Nega ikki birinchi o‘rinni ham Chimboy oladi? Hamma gap shunda ekan. Shunday qilib, sozandalar tanlovida ikkita birinchi o‘rin berildi.
* * *
Bu ikki yoshullining qarib, bandalikni bajo kelturguniga qadar o‘zaro munosabatini, do‘stligini ko‘rib juda xursand bo‘lar edim. Bizning Ubbiniyoz og‘amiz yoshligidan yetim qolib, maktab ko‘rmagan, o‘zining ismini ham yoza olmasdi. Lekin, qalbi uyg‘oq, ko‘ngli sergak degandek, eshitganini unutmay, ko‘rganini esdan chiqarmaydigan, xalq udumlarini yaxshi biladigan, hazil-mutoyibaga moyil kishi edi. Saparimbet og‘a esa, ijodga nisbatan iste’dod uchqunlari bor, ziyrak, unda zamonaviylik sezilib turar edi. U uch qiz orasidagi bir o‘g‘lini kichkina vaqtidan boshlab dutorchilar to‘garagiga topshirdi. Topshirganda ham, o‘zi oborib, bolasi chiqquncha sinfning eshigida kutib o‘tirar edi. Yolg‘iz yurmasin deb, uning yoniga qo‘shnisining o‘g‘lini ham qo‘shib qo‘ydi. Bolalar dutorni tez o‘rganib olishdi. So‘ng ikkalasi ham musiqa bilim yurtining sozandalik bo‘limiga kirib o‘qidi. “Har kimning bir tanasi bor, ho‘kiz bo‘ladi-yov degan ta’masi bor” deganlaridek, o‘sha bola talaba bo‘lgandan so‘ng ham yaxshi sozanda qilish uchun o‘zini fido qilib yurdi. Bolasining eng yaxshi sozanda bo‘lishini orzu qilar edi. Boshqa o‘quv, boshqa ish ko‘ziga ham ko‘rinmadi. Shunday kunlarning birida, qo‘shni uyning bolasi katta mutaxassislarning sinovidan o‘tib, respublika miqyosidagi kontsertlarga taklif qilindi. Uning o‘g‘li esa bilim yurti darajasidan ko‘tarila olmadi.
Yoshi saksonlarga kelganda Ubbiniyoz og‘amiz to‘shak tortib yotib qoldi. Mangu boqiy dunyoga kampiri o‘zidan avval ketgan chol behuda yotib qolmagay, bu dardni ko‘tarishning qanchalik og‘irligini boshidan o‘tkazgan kishi biladi. Saparimbet og‘a tez-tez kelib, do‘stiga bor mehrini berib ketar edi.
Bir safar Ubbiniyoz og‘ani ko‘rishga borganimda, Saparimbet bilan birga o‘tirdik. “Bilmagan zahar ichibdi” deganlaridek, sozandalikka o‘qigan bolasi haqda so‘rabman.
— Bizga o‘zi Xudoyim, avval boshidan bu narsadan nasiba bermagan ekan, ukam. Aks holda, o‘n ikki muchamdan biri, aynan o‘ng qo‘limga o‘q tegarmidi? Bu ham kamdek o‘g‘limning nasibasi esa boshqa kasbdan ekan…
Nimagayam so‘radim, deb tilimni tishladim. Biroz o‘tgach, tasalli berdim.
— Tabiatning, biologiyaning bir qonuni bor ekan, odamning xulq-atvori, Xudo bergan iste’dodi, ko‘pincha, bir nasl sakrab o‘tarkan. Men buni o‘zimning tajribamdan ham bilaman, — dedim Saparimbet og‘aning ko‘nglini olish uchun, — masalan, mening emas, bolamning xulq-atvori, gapirishi, harakatlari otamning xuddi o‘zi. Tuqqan bolasi men u darajada o‘xshamayman. Inshoolloh, sizning nevaralaringizning biri sizning sozandalik hunaringizni takrorlashiga ishonaman.
…O‘g‘li bilim yurtidan so‘ng universitetni tamomlab, ixtisosligi bo‘yicha bir vazirlikning iqtisod bo‘limini boshqarib ketdi. Endi uning hamma umidi nevaralaridan edi. Ammo, taqdir uni bu kunlarga yetkazmadi. Nevaralarining oldi maktabga borgan yili omonatini topshirdi.
…Men Ilyosni kechagi ziyofatda ko‘rganimdan so‘ng tun bo‘yi san’at va asl san’atkor qismati hamda bugun sizga hikoya qilgan voqealar haqida o‘yladim.
Qoraqalpoqchadan Sohibjamol Yesemurotova tarjimasi