OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sin’iti Yuki. Xazonrezgi bog‘ (hikoya)

1

Bog‘ bilan ovuna boshlaganida Kayamaning yoshi oltmishga kirgandi. O‘shandan beri oradan o‘n yil vaqt o‘tdi... Oltmishga to‘lganida, o‘n yil umr ko‘raman deb u sira o‘ylamagandi, nari borsa yana ikki, uch yil yasharman degandi, endi, mana, ko‘rib turganingizdek, o‘ziga ermak ham topib oldi. Hozir yoshi yetmishda... Bog‘, u umid qilgan o‘sha tushuntirish mushkul bo‘lgan quvonchni hadya etishi uchun kamida yana o‘n yil vaqt kerak bo‘lishini u boshidanoq bilgandi va shunga qaramay, Kayama bor pulini ikki yuz tsubo* yer sotib olishga sarflagandi. Ishdan bo‘shashi oldidan qo‘liga tekkan pulning ham tagi ko‘rinib qolgandi.
 Burungi Musasino tekisligi qiyofasi hanuz saqlanib qolgan o‘sha Tamagava soyi yaqinidagi o‘rmon chetidan uy qurdi-da, o‘zini butunlay tabiat hukmiga topshirdi-qo‘ydi – yozda daraxtlar salqinidan bahramand bo‘lib, kuzda esa – barglar uyumi ichida yashay boshladi. Bog‘dan qushlar arimasdi, yozda esa ilonlar paydo bo‘lardi. Agar bog‘bon bo‘lish ishtiyoqi tug‘ilmaganda, shamol hamon daraxtlardan uzilib tushayotgan barglarni to‘zitib, uchirib, ularga o‘z hukmini o‘tkazib yuravergan bo‘lardi, bu — endi uning ikkala farzandi bir vaqt-ning o‘zida oila qurib, uyni tashlab ketishganidan so‘ng bir yil o‘tgandagi gap. 
Xotini vafot etganida Kayama ellik ikki yoshda edi. Ikkala farzandi – qizi va o‘g‘li oila qurish uchun uning roziligini so‘rashdi. O‘shandan beri ular Kayamaning uyiga qadam ranjida qilishmadi. Ba’zan Kayamani vahima bosardi: nahotki u qari vaysaqiga aylanib qolayotgan bo‘lsa? Balki bu uzoq va mashaqqatli umr davomida turmush yo‘ldoshisiz qalbingni tilka-pora qiluvchi o‘sha g‘alatilik to‘planib borarkan-da? – deya o‘zini-o‘zi yupatmoqchi bo‘lardi. Ammo bundan faqat tushkunlikka tushgani qolardi, xolos. O‘g‘li uylanish niyatida ekanini aytganida, Kayama qilar ishni qilib qo‘yib, endi mendan rozilik so‘raganiga o‘laymi, deb xavotirlangan edi, yo‘q, o‘g‘li bilan gaplashib olganidan so‘ng darhol roziligini berdi. Qizida ham deyarli shunday bo‘lgandi. To‘g‘rirog‘i, u ko‘ngilchanlik qilgandi.
Farzandlari o‘z oilalari bilan barcha qulayliklarga ega zamonaviy uyda yashashardi va otasining almisoqdan qolgan eski uyiga kelishga unchalik hushlari yo‘q edi. Bu davrning urf-odatlari Kayamani qanchalik iztirobga solsa, o‘z yolg‘izligi, hammadan ajralib bir chetda qolib ketganini his etish shunchalik kuchayib boraveradi. Ikkita farzandi to‘rtta bo‘lganini o‘ylab suyunsa, endi bir yo‘la to‘rttalasidan ham judo bo‘lgandek tuyulmoqda edi... Kayamaga ikkinchi bor uylanishdan ko‘ra, farzandlari kelajagini ta’minlash muhimroq edi. Balki o‘zini yolg‘iz his etgani uchun ham uni o‘z yoniga chorlaydigan do‘sti ana shu bog‘ bo‘lishini xohlagandir. 
“...Bog‘ yaratdingmi, endi, bunyod etganlaringni so‘nggi nigohing bilan vujudingga singdirib, bu dunyoni tark etishing qoladi, xolos. U dunyoga olib ketishing mumkin bo‘lgan yagona ilinj – bu so‘nggi lahzalaringda ko‘z oldingda gavdalanganlari bo‘ladi, xolos,”— bot-bot shivirlardi Kayama o‘zini nimagadir ishontirmoqchi bo‘lib, holbuki, u dunyo o‘zi qanaqa, degan savolga durustroq javob bo‘lmasa-da, rosti u bu haqda chuqurroq o‘ylab ham ko‘rmagandi. Faqat mujmalgina qilib, narigi dunyo deb qo‘ya qolardi. Kayama ikki-uch yillik umrim qolgan bo‘lsa kerak deya boshida bog‘ yaratishga hali astoydil yoki katta bir orzudek qaramay kelardi.

2

Kuz eshik qoqishi bilan Kayamanikiga bog‘bon va tosh sotuvchi kirib keldi. Bog‘bonning ismi Sudo bo‘lib, uni Kayamaning o‘zi chaqirtirgandi, sotuvchi esa kutilmaganda o‘zi kelib qoldi. U choqqina yuk mashinasida Okutitibu tog‘idan tosh tashirdi. Tosh kerak bo‘lgan uy yoki bog‘ egalarini o‘zi qidirib topardi-da, yuk mashinasidagi toshni o‘n ikki yoki o‘n uch ming iyenga pullardi. Mashinani odatda uning yigirma yoshli o‘g‘li haydardi, savdogar esa uning yonida o‘tirardi. Ba’zan unga buyurtmani oldindan berishardi, lekin ko‘proq sakkizta, to‘qqizta yirik tosh yuklangan mashinasida yaqinda qurilgan uylarni uning o‘zi qidirib topardi.
 Savdogar Kayamaning uyiga xuddi shunday tasodif bilan kelib qolgandi. Bog‘ning ko‘lami uning diqqatini o‘ziga tortgandi. “Avval toshlarimni bir ko‘rsangiz-chi”,— dedi u. Sotuvi yuzi qizil, ko‘zlari qisiq, tishlari esa oppoq, burnining tagida qo‘ng‘iz mo‘ylovi bor kishi edi. Bu sifatlarsiz uning tashqi ko‘rinishi e’tiborni tortmasa-da, lekin halol va ochiq ko‘ngil ekanini yuzi shundoq aytib turardi. “Mayli, ko‘rsam ko‘ra qolay”, — ko‘nglidan kechirdi Kayama, natijada esa bir emas, bir necha yuk mashina tosh sotib oldi. Unga sodda, ochiq ko‘ngil savdogardan ko‘ra ko‘proq uning kamtarin, buning ustiga mehnatsevar o‘g‘li ham yoqib qolgandi. 
Kayama ba’zan tosh sotib olishdan bosh tortar yo bo‘lmasa molning bahosini tushirishni so‘rardi. “Ustoz, ja savdolashishning hadisini olibsiz-ku”, – jiddiy qiyofada tegajog‘lik bilan derdi savdogar va molini Kayama aytgan narxga berib yuborardi. Ehtimol, u Kayamaning bir vaqtlar maktabda o‘qituvchi bo‘lganini bog‘bondan eshitgan bo‘lsa kerak.
– Bunday katta bog‘ uchun, — savdogar ikkala qo‘lini ikki yoqqa keng yozdi, – o‘n moshin tosh kerak bo‘lishini ustozning o‘zlari juda yaxshi bilsa kerak. Yo‘lkalarga kamida yuzta tosh plita zarur bo‘ladi. Keyinroq, aminmanki, sizga yana yirik tosh ham kerak bo‘lib qoladi.
– Lekin menga bog‘ uchun 50 tsubo yer ajratilgan... Siz aytayotgan o‘sha yirik toshning kattaligi qanday o‘zi?
Savdogar yana ikkala qo‘lini ikki tarafga yoyib: 
– Mana bunday va bundan ikki baravar katta va yo‘g‘on. Havo rangida. Bir donasi bir moshinga joy bo‘ladi, – dedi. 
“Qiziq, bog‘bon Sudo buni qayerga joylarkin?” – deb o‘yladi Kayama va shu zahotiyoq xayoliga bir fikr keldi, ehtimol, bu moviy tosh butun boshli bog‘ manzarasini mukammal holga yetkazar.
– Pulim kamroq edi. Shu tosh bilan yakunlab qo‘ya qolsak degandim. Tosh rostdakam moviymi o‘zi?
– Moviy bo‘lganda qandoq! Men uni yaqinda topdim, hali hech kim ko‘rmagan, o‘g‘limdan boshqa. Bunaqasini umringda ikki yo uch marta uchratishing mumkin. Bir chaqaga qimmat toshni pullayapti, ishi ham xo‘p serdaromad ekan-da, deb o‘ylasangiz kerak, chamamda. Ba’zan shunday ham bo‘ladiki, uch kun tiling osilib ishlaysan-u, bor-yo‘g‘i bittagina shartnoma imzolaysan, u ham xarajatingni qoplaydimi-yo‘qmi, xudo biladi. Toshni Tokioga yetkazish uchun yana uch kun sarflaysan; bir kuning tog‘dan bir-biriga mos tushadigan toshni topishga ketsa, ikkinchi kuning uni moshinga yuklaysan, uchinchi kun esa uni tashish kerak bo‘ladi. Yoqilg‘i sotib olish kerak, moshinning buzilib qolishi bor, agar yordamching uquvli bo‘lmasa, topganingdan ham ayrilish hech gapmas. Shunday paytlar bo‘ladiki, uyga ikki qo‘lingni burningga tiqib qaytasan, ustiga-ustak yana qarz ham bo‘lasan, ish haqi to‘g‘risida gapirmasa ham bo‘ladi. Yana ishchilarga quyib berishing ham kerak. Axir, ular yosh yigitlar bo‘lsa. Tog‘u toshlar mening jon-dilim. Bu moviy ranglisi meni nimasi bilandir o‘ziga maftun etgan. O‘ylaymanki, sizning bog‘ingizga u uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashib tushadi. Agar puli bo‘lganida ham baribir uni menga sotardi, deb o‘ylaysizmi? — Hayajondan va usiz ham savdogarning qip-qizil yuzi xuddi tonggi shafaqdek lovullab yonib borardi.
Kayama birdan yuragining tez-tez urayotganini his etdi.
“...Moviy toshni u dunyoga olib ketamanmi? Nima uni boshimga yostiq qilarmidim?..”
Taxminan bir haftacha o‘tgach, savdogar yuk mashinasida o‘sha moviy rangli toshni olib keldi. Peshona terini arta turib, hayajonlanib dedi:
– Roppa-rosa besh yuz kamme** bo‘ladi!
Bu xarsangni moshindan tushirib, endi bu yog‘iga sudrab olib kirish bog‘bonning zimmasidagi ish edi. Besh kishi darhol pishang bilan qurollanib, sekin-asta toshni siljita-siljita, bog‘ning ichkarisiga olib kirishdi. Yumshoq yer ham toshning og‘irligidan ingrab yuborgudek bo‘ldi. Savdogar ham yechinib, o‘g‘li bilan birga ishchilar yonida ivirsir edi. 
– Ehtiyot bo‘linglar, tirnalmasin, – baland ovozda ogohlantirdi Kayama. Bu ogohlantirishdan ko‘ra ko‘proq avrashga o‘xshab ketardi. Odatda Kayama deyarli pichirlab so‘zlardi, hozir esa ovozining kutilmaganda bunday kuchli chiqqanidan o‘zi ham hayron qoldi. “Tamom, endi bu tosh, menimcha, o‘zimga qabr toshi bo‘ladi,”—dilidan o‘tkazdi u.
– Yaxshi tosh. Ajoyib tosh.—Kayama savdogarning yelkasidan urib qo‘ydi, biroq qarasa, bu savdogar emas, uning o‘g‘li ekan. O‘g‘li unga javoban muloyimgina jilmaydi-da, yelka qisib qo‘ya qoldi. Savdogar shundoq ham qisilgan ko‘zlarini badtar qisib dedi:
– Bunday toshda kunduzi yotib uxlasa ham bo‘ladi.
“Balki, – deya ma’qullagandek samimiylik bilan boshini silkitdi Kayama. – Kunduzi uxlash yaxshi, lekin, undan ham yaxshisi bolalarni bu yerga chaqirib, tosh ustida o‘tirib ko‘k choy ichishga nima yetsin! – Kutilmaganda uning qalbi quvonchga to‘lib ketdi, lekin shu lahzadayoq uning o‘rnini dilgirlik egalladi:– Buncha go‘l bo‘lmasam...”
Xarsangni bog‘ning o‘rtasiga olib borganlarida qosh qorayib qolgandi. “Toshga suv kerakka o‘xshaydi,”— o‘yladi Kayama va yog‘och paqirni yoshgina ishchiga berdi-da, quduqdan bir necha paqir suv olib kelishni buyurdi. Suv sepilgandan keyin silliq tosh birdan och-ko‘k tusga kirib, yashnab ketdi... Kayamaning ko‘z oldida xuddi ulkan dengiz yastanib yotgandek bo‘ldi. Savdogarning ko‘zlari bir oz namlandi, u yuzini Kayamaga yaqinlashtirdi-da:
–Quloq soling-a. Vodiydagi tog‘ soyining jildirashini eshitayapsizmi?
– Eshitayapman, shekilli. Mening vafotimdan so‘ng ham bu ovoz yanada balandroq jaranglasa qaniydi. – Kayama nam tortgan toshning sirtini siladi. Savdogarning yonoqlaridan yosh dumaladi.
– Toshni ko‘rgim kelib qolsa, yana kelaman. Bir oz muddatga bo‘lsa-da, orqa eshikdan kirishga ruxsat berarsiz, axir?
– Ha, albatta, bizga yo‘q demassiz, harqalay... – jur’atsizgina qo‘shib qo‘ydi savdogarning o‘g‘li. 

3

Ikki-uch kun o‘tgach, Sudo xush xabar olib keldi:
– Aobadayda ulkan bog‘ sotilyapti. Bunga bir nechta havaskor bog‘bon talabgor ekan, shuning uchun olmoqchi bo‘lsangiz, bu masalani ikki-uch kun ichida hal qilish kerak. Deyarli suvtekin, buning ustiga, menimcha u yerda uchta yuk moshinga ortsa bo‘ladigan qadimdan qolgan ajoyib asl toshlar bor, hozir bunaqasini olib kelishmayapti, qidirsangiz ham hech yerdan topolmaysiz. Bu toshlar Kuramadan, Kosyudan, Tikubadan keltirilgan. Ochig‘ini aytsam, bir joydan terib kelingan toshlarning qizig‘i ham yo‘q. Bu toshlarni Sizning toshingiz yoniga qo‘ysa bormi, zo‘r bo‘lardi-da. Bunga nima deysiz?
Kayama bog‘ egasini, bog‘ning sotilish sababini obdon so‘rab-surishtirdi.
– Bu dang‘illama uy qandaydir bank xo‘jayininiki ekan. Havo hujumi vaqtida yonib ketibdi. O‘n yil o‘tibdiki, uy qayta tiklanmabdi, shuning uchun uyning egasi beva ayol bog‘ni sotmoqchimish. U yerda besh, yo‘g‘-e, yetti ming tsubo yer bor. Ayol yerni toshlarsiz, daraxtlarsiz alohida sotmoqchi. U yerda sizga bemalol yetib ortadigan, yo‘lkaga yotqizilgan bir talay tosh plitalar bor. Kavlasa, bundan ham ko‘proq chiqishi mumkin. Uy yonib kul bo‘lgan. Lekin toshga balo ham urmagan, xullas, bu o‘sha siz izlagan narsa.
– Yaxshi, ertaga men bilan birga bora olasizmi?
– Albatta. Hoziroq u yerga borib, ogohlantirib qo‘yaman.
Farzandlari Kayamadan oila qurishlari uchun rozilik so‘raganlarida tezda rozi bo‘lib qo‘ya qolganidek, bog‘bon Sudoga ham xuddi shunday tezgina ko‘nib qo‘ya qolgani haqida o‘yladi. O‘g‘li, qizi uyni tashlab ketishdi, lekin endi bu yerdan Kuramadan, Kosyudan, Tikubadan va Okutitibadan oqib kelayotgan tog‘ soyining ko‘pgina qadimgi toshlari joy olgandi... Kayama, uni chulg‘ab borayotgan o‘ziga notanish bir hayajonni his etdi va bu hayajon shu ondayoq uni sovuq bo‘shliq qa’riga tortib ketayotgandek tuyuldi... Bog‘bonchilik bilan shug‘ullangandan beri endi birinchi marotaba uning yuragiga qora sharpaning daxl qilishi edi.

4

Kayamaning uyidan Aobadaygacha – o‘ttiz daqiqalik yo‘l. Salqin kuzning etni junjiktiruvchi erta tongida Kayama uyqudan turib, uning kundalik xursandchiligi va yupanchiga aylanib qolgan moviy toshga suv separdi. Tosh bamisoli odamning jussador gavdasiga o‘xshardi. Cho‘zilib yotgan odam gavdasiga. Kayama daraxtdan tomgan yomg‘ir tomchilarini shimib olayotgan toshning yanada moviyroq tusga kirganini ko‘rib, yuragi sirqiradi. Yerparchin etilgan tanadan soyning jildirashimas, balki ilohiy sado eshitilayotgandek tuyulardi unga.
“... Toshni o‘zim bilan u dunyoga olib ketsammikan? Unga tinchgina boshimni qo‘yib yotardim...” – Avval ham uning xayolidan kechgan bu so‘zlar yana qayta jonlandi. Shu payt orqa eshikdan Sudo kirib keldi.
– Bu yangi tosh, albatta, yaxshi, lekin, toshning yana bir go‘zalligi shundaki, u qanchadan-qancha yillarni pisand qilmay, uni ortda qoldirib bizgacha yetib kelganida. Shunday qilib, sizni kuzatib qo‘yishga tayyorman.
Kayama nonushta qilmay, u bilan birga chiqdi.
Ular Aobaday bog‘iga kirishlari bilan Kayama u yerni ko‘rib, hangu mang bo‘lib qoldi. Bu yerda besh emas, o‘n ming tsubolik yer bor edi. Yasama tepalik ortida bahaybat daraxtlar o‘sib yotardi. Tosh va daraxtlar, chamasi, hatto xarajatga ham qaramay, har tomondan tashib keltirilgandi... Kayama haliyam o‘sha qadimgi Yaponiyaning ruhi kezib yurgan bu bog‘ni uzoq aylandi va bu joyda yashaganlarning bari urushgacha hech nimaga zoriqmay kun kechirgan egasini eslatib turardi. Shu bilan birga, bog‘da yurakni zirqiratuvchi nimadir bor edi – Kayama gap nimada ekanini chuqur anglab turardi. Bu o‘n ming tsubo yer hali-hanuz o‘sha urush yong‘ini bilan kurashib, kuyib yonmoqda edi go‘yo. 
– Qurbonlar bo‘lganmidi? – Kayama Sudodan so‘radi.
– Mish-mishlarga qaraganda, yong‘in payti uyda faqat besh nafar ayol bo‘lgan ekan, birontasi ham omon qolishmagan deyishadi.
Kayama indamay olg‘a yurib ketdi. Hatto ko‘z yugurtirib ham ulgurib bo‘lmaydigan, ulkan bog‘ning u yer-bu yerida daraxtlar va toshlarni ortishga shay turgan yuk mashinalari turardi, ishchilar va bog‘bonlar esa go‘yo sertashvish chumolilar kabi betinim ishlashardi.
Sudo Kayamani orqa eshikka olib bordi-da, toshlarni unga ko‘rsatdi. Buni ko‘rib Kayamaning ko‘zlari chaqnab ketdi, dam-badam hayajonli xo‘rsinib qo‘yardi. So‘ng Sudo Kayamani pastak g‘arovzor yoqalab cho‘zilgan soyador so‘qmoqdan boshlab ketdi. 
Kayamaning ko‘zi eski choyxonaga tushdi. Ko‘hna shiyponcha azbaroyi sharti ketib, parti qolganidan yiqilay deb turgandi. Uchta yosh ishchi barakni qanday buzsa, uni ham xuddi shu taxlit jon-jahdlari bilan buzar edilar. Ularga qolsa, barini bir zumda yo‘q qilib tashlashsa. Kayama ishchilarning jonlanib ketgan yuzlariga boqdiyu yuragi yana bir tutam bo‘ldi. “ Bu uyga yuz yildan ko‘p bo‘lgandir-ov”. – xayolidan o‘tkazdi u.
Ular choyxonadan pastga qarab ketgan ensiz so‘qmoqdan borishayotganda, bog‘bon dabdurustdan Kayamaga o‘girildi-da, hayajonini bosolmay qichqirib: “Mana, shu yer!” deya bir gala ishchilarni ko‘rsatdi. Uning ovozini eshitib, ishchilar bir to‘xtab oldilar-da, keyin yana ishlarini bamaylixotir davom ettiraverdilar. Chirik barglar qorishib ketgan tuproq ostidan qora tosh to‘shamalar chiqib kelardi. Qazib olingan elliktacha tosh to‘shama uyumi xuddi osmondan yog‘ilayotgan quyosh nuridan hurkkandek bir chetda pisibgina yotardi. 
– Eshityapsizmi? – so‘radi Kayama Sudodan.
– Nimani?
– Eshitmayotgan bo‘lsangiz, mayli...
“Yong‘inda halok bo‘lgan ayollar, har kuni bo‘lmasa-da, baribir, tez-tez mana shu tosh to‘shamalarni bosib o‘tganlar!” – deb o‘yladi Kayama. U olisdan bo‘lsa-da, ularning oyoq tovushlarini hozir ham eshitib turganini Sudoga qanday aytsin... Bog‘bonning uning ustidan kulgani qoladi. Bu to‘shamalar boqqa terilsa-chi, bu ovozlarni o‘shanda ham eshita olarmikan?..”
Kayama qo‘llarini chalishtirib, bog‘ni bitta-bitta odimlab aylana boshladi va qalbida yana o‘sha qora soyani his etdi.

5

Ko‘p o‘tmay Sudo yana xushxabar olib keldi. 
– Sal narida yana bitta sotiladigan bog‘ bor. Bunga nima deysiz?
Kayama boshida rad etmoqchi bo‘ldi:
– Men hovlimning barini boqqa aylantirmoqchi emasman. Men o‘rmonchani va undagi daraxtlarni saqlab qolib, manzarali toshlar terdirmoqchiman, xolos.
– Bilaman, bilaman. Toshlar bilan uyg‘un bo‘lishi uchun yana bosh-qa daraxtlar ham ekilsa yaxshi bo‘lardi. Azaliyami***, sershox qarag‘aymi, yana shunga o‘xshashlarni... Suv bo‘yiga olxo‘ri eksangiz bormi, yayrab o‘sadi...
– Bu yerda bularning baridan bormi?
– Bo‘lmasam-chi.
Ma’lum bo‘lishicha, Sudo bu daraxtlar tilini yaxshi tushunarkan, chunki urushning boshida bu yerga ularni o‘zi tashib keltirganmish. Daraxtlarning bari ajoyib, derdi u. Uning gaplariga qaraganda u yerda yana beshta ulkan, quchog‘ing to‘ladigan manzarali daraxtlar, anorlar bor emish, xullas, hammasi zo‘r deyishadi.
Uyining yonginasida shunday bog‘ bor ekani Kayamaning xayoliga ham kelmagandi. 
– Bog‘ni sotish ularga nima uchun kerak bo‘ldiykin?
– Yer-mulk egasi yaqinda olamdan o‘tgan, bevasiga esa daraxtlarning keragi yo‘q, u, menga maysazor va hovuzcha bo‘lsa bo‘ldi, deyapti.
... Demak, mening bog‘imda o‘sha, burungi tosh to‘shamalar va daraxt-lar jo‘rovoz qo‘shiq aytar, ekan-da. O‘lganlarga nimaiki aziz bo‘lgan bo‘lsa, barini shu yerdan – mening bog‘imdan topishadi va mening ovunchog‘imga aylanishadi...” Kayama yengil shamol aylantirib-aylantirib yerga tushirayotgan barglarning shitirlashiga quloq tutdi. Toshlar yerdagi barglar bilan o‘ynashgandek bo‘lib, qandaydir sokin bir kuyni yaratishardi. Birdan kuyning ichidan unga: “Xazonrezgi bog‘i” degan ovoz eshitildi. Kunning azbaroyi tiniqligi va ochiqligidan ovoz xuddi g‘oyibdan kelayotganga o‘xshardi.
“Xazonrezgi bog‘i... Nomi yomon emas”, – xayolidan o‘tkazdi Kayama va Sudoga dedi:
– Yaxshi. Bu bog‘ni sotib olganim bo‘lsin. 
Sudo vafot etganida Kayamaning yoshi oltmishda edi. Bog‘bon vafotidan yetti kun o‘tgach, u Sudoning uyi orqasidan kichkina bog‘chaga kirdi. U yerda qari oq olxo‘ri o‘sardi, Kayama uning narxini tushirib berish uchun boshqa bog‘bon – Sudoning og‘aynisidan iltimos qildi va bu daraxtni uyiga eltib berishini so‘radi.
“...Mana, o‘lganlar uchun aziz bo‘lgan yana bir narsa qo‘shildi...” Kayama olxo‘rini qanday olib kelishlarini tomosha qilaturib, Sudoning unga narigi bog‘dan olib kelgan daraxtini esladi.
...Katta yuk aravasiga ortilgan daraxt ildizlari og‘ir va beso‘naqay edi. Ularni posangilash uchun aravacha oldiga tosh osib qo‘yishgandi. Aravachani uchta yosh yigit sudrab borardi, kichik Sudo esa bayram tantanalaridagidek dabdaba bilan oldinda yurib, asta-sekin tepalikka ko‘tarilardi. Uning ko‘zlari porlab turardi. Aravacha Kayamaning uyiga kirib borishi bilan birdan egilib qoldi.
“Ehtiyot bo‘linglar!”—qichqirdi kimdir, lekin Sudo allaqachon aravaning oldiga o‘tib olgandi. Hech narsa bo‘lmaganday u: “Avval toshni tushiringlar,” – deya yosh ishchilarga buyruq berdi.” Mana bu “ehtiyot bo‘linglar” deb jar solishu behuda shovqin-surondan uning yuzi norozi tus olgandi. 
Toshlari tushirilishi bilan ularning og‘irligidan qutulgan aravaning old tomoni birdan tepaga qarab sakrab ketib, ustidagi daraxtlar kishnayotgan otdek tikkayib qoldi. Sudoning epchil va chaqqon harakatlaridan Kayama hayratda edi.
“Maqtanmoqchi emasman-u, lekin shu paytgacha bironta yerim jarohatlanmagan. Balki, bo‘yimning pastligidan shundaydir. Masalan, havaskor-sportchilarni oling, doim bir baloga giriftor bo‘lib yurishadi. Menimcha, faqat mashq qilish bilan ish bitmaydi.”
Dard shunday odamning ham boshiga yetibdi-da! Uning boshiga dard emas, sake yetdi. Kayamaning xayolidan anavi tosh bilan savdo qiluvchi qizil yuzli odam ham ichkilikka mukkasidan ketgan edi, degan fikr o‘tdi. Sudoning vafotidan so‘ng savdogar ikkovi apoq-chapoq bo‘lib qolgandi. “Toshni ko‘rgim kelib qolsa, yana kelaman. Bir zumga bo‘lsa-da, orqa eshikdan kirib, uni ko‘rishimga ruxsat berarsiz?”—deb so‘ragan kishi haligacha qorasini ko‘rsatgani yo‘q.

6

Oradan besh yil o‘tdi. Moviy tosh boqqa binoyidek o‘rnashib ketdi. “Agar unga quloq tutsangiz, soyning shildirashini eshitasiz”, – derdi savdogar. Qulog‘ingizga nimadir chalinsa, bilingki, bu o‘sha, o‘z vatanining soyini qo‘msagan toshning nidosi bo‘ladi.
Biroq, bu moviy toshga o‘z vatanini ko‘rish boshqa nasib etmadi. Yomg‘irli, izg‘irinli kunlarni unutmagan toshning sirti osmonning moviy rangini ham o‘ziga singdirib olgandi, uning son-sanoqsiz ajinlarida esa sabza rangli yo‘sin o‘sardi. Sershox daraxt tagidagi hurpaygan nozik novdalar toshni muloyimlik bilan og‘ushlariga olib turardilar. Yomg‘irdan so‘ng gavdaga o‘xshash toshning ko‘kragidagi chuqurchaga suv to‘planib qolardi. Qayerlardandir ba’zan bolalari bilan gala-gala bo‘lib uchib kelgan chaqqon chumchuqlar bo‘yinlarini cho‘zib, shu suvdan ichar, chanqoqlarini qondirishar va qanot qoqib pitirlashardi. Agar suv qurib qolgudek bo‘lsa, Kayamaning o‘zi quduqdan suv olib uni to‘ldirib qo‘yishni kanda qilmasdi. Chuqurchaga barglar to‘lib qolsa, Kayama uni ham olib tashlardi. Jonivorga yaqinlik hissidan qariyaning yuragi ilirdi. Tabiat qanday yaratgan bo‘lsa, barchasi o‘sha zaylda yashashda davom etardi. Bu qonunlarning zug‘umidan Kayama ham borgan sari so‘lib borardi. U qaddini avvalgiday rostlolmay qoldi, yelkalari, beli tinmay og‘rirdi, ko‘zlari nursizlanib, unga ajal ko‘lankasi joylashib olgandi. 
A’zoi-badani tinimsiz qaqshardi, bu, ayniqsa, kun bo‘yi uyidan chiqmay, diqqinafas qolib ketganida, harakatsizlik, uni butunlay domiga olganida ko‘proq ro‘y berardi. Shunda kirtaygan ko‘zlarining oldini tuman bosib, jimirlab ketardi. Bunday paytlarda bog‘ning ohanrabosi uni o‘ziga tortgani-tortgan edi. 
U, oddiy kundalik tashvishlardan qutulgach, ancha yillardan beri to‘plab kelayotgan eski kitoblarini varaqlashga tushardi. Ba’zan husnixat bilan ovunardi. Qora tushga botirib olgan cho‘tkani oppoq qog‘oz ustiga olib kelganida, zavqdan yuragi to‘liqib ketardi. Biroq, qanchalik istamasin, bu kunlarni osoyishta o‘tkazgan kunlarim deb aytolmasdi, negaki, yolg‘izlik, ajal ko‘lankasi hatto u yozgan iyerogliflarida ham o‘zini namoyon etib turardi. 
So‘nggi paytlarda Kayama toshdan chiqayotgan ovozni tez-tez eshitadigan bo‘lib qolgandi. U yonidan o‘tayotgan har bir tosh to‘shama unga ohista aks sado berayotgandek tuyulardi.
“Balki bu yonib ketgan o‘sha beshta ayolning qadam tovushlaridir?” –Kayama shunday o‘yladiyu birdan yuragi shuv etib ketdi. Yo‘q, adashmayapti, bu ularning odimlari.

7

Bir kuni kechasi yosh bir ayol tungi ko‘ylakda tosh to‘shamalardan yurib Kayamaning xonasi oldiga keldi.
– Kim u? – so‘radi Kayama. Javob o‘rniga ayol orqasini o‘girib oldi. U beli tarang tortilmagan kimonoda edi. Ayol ohista, sirg‘algandek ko‘zdan g‘oyib bo‘la boshladi. Uning Kayamani chaqirishga kelgani kundek ravshan edi. Ayolni yo‘qotishdan qo‘rqqan Kayama oyoqyalang uning orqasidan tezda boqqa yugurdi.
U ayol bosib o‘tgan to‘shamalar ustidan bora turib, yo‘l-yo‘lakay, nahotki, arvohlarda ham oyoq bo‘lsa, deya pichirladi o‘zicha, harholda, bularning bari tush bo‘lmasa kerag-ov. To‘shamalardan oyog‘iga o‘tgan issiq uni hayron qoldirdi. Balki bu issiq ayolning oyoqlaridan chiqqandir?..
Kayamaning bog‘ida Aobadiy bog‘idan keltirilgan saksontacha tosh to‘shama yoyiq yelpig‘ich shaklida uchta yo‘lkaga yotqizilgandi. Kayama oq ko‘lankani ko‘zdan qochirib qo‘ydi. O‘ziga kelib qaragandi, uning moviy tosh oldida turganini ko‘rdi. Unga tomon bir odim bosdi va hovuzdan baliqni chaqirgandek, kaftini kaftiga urdi, shunda tosh qa’ridan unga aks sado eshitildi va ketma-ket yana boshqa toshlar ham ovoz bera boshlashdi.
Kayama Sudoning halok bo‘lgan ayollar beshta edi degan gapini esladi. “Balki bu o‘sha beshtadan biridir? – hayajonlanib o‘yladi va ko‘z oldida qulab tushayotgan omborga o‘xshash yana o‘sha choyxona namoyon bo‘ldi. – O‘sha uyga balki beshta ayoldan biri borgandir?.. Aynan o‘sha, bugun paydo bo‘lgani?.”
– Eshityapsizmi?
– Nimani?
– Agar eshitmayotgan bo‘lsangiz, mayli... — Kayama Sudo bilan bo‘lgan suhbatni esladi. Bugun o‘lganiga o‘n yildan oshgan xotini uning orqasidan kelgani ehtimoldan yiroq. Yo‘q, bu ayolning qomati butunlay boshqacha edi – bu yosh qiz bo‘lsa kerak. Shubha-gumonlar Kayamani tinch qo‘ymayotgandi. 
Kayama yetmishga kirdi. Endi kunning yarmini ayvonda shezlongga**** yotib, ba’zan mudrash bilan parishonlikda o‘tkazardi. U tez-tez qani endi bu dunyoni mana shunday tinch va osoyishta, azobsiz tark etsam deya xayol qilardi. 200 tsubo yerni egallab yotgan bog‘ o‘sha-o‘sha o‘zining hurpaygan ko‘kalamzori bilan uning hamon ko‘nglini ko‘tarib kelayotgan bo‘lsa-da, lekin yuragining tub-tubida qandaydir xavotir yotardi. Endi bu tuyg‘u uni tark etmasligini Kayama yaxshi tushunardi.
Kayama ro‘zg‘or to‘rvasini olib, tiqilib ketgan avtomobillari bilan quloqni qomatga keltiruvchi shovqin-suronli ko‘chaga chiqdi-da, bir-bir bosib asta do‘konga kirdi. Xaridorlar orasidan o‘zi tengi erkaklarga duch kelib, teskari qaradi. Bu keksalar bunchayam bechora bo‘lib ko‘rinmasa, deya xayolidan o‘tkazdi. Ularga na hashamatli mebel, na noyob, qimmatbaho jihoz kerak. Deyarli bo‘m-bo‘sh ro‘zg‘or to‘rvasini ko‘tarib olgan yetmish yoshli qariya — bunday mutanosiblik senda na faqat achinish hissini uyg‘otadi, bu hatto kulgingni ham qistatadi.
Uning ishtahasi yaxshi emasdi. Agar, bog‘ ikki baravar o‘sib, kattalashgan bo‘lsa, Kayamaning o‘zi ikki baravarga noziklashib ketgandi. Sumkaga har doimgidek ro‘yxati uncha uzun bo‘lmagan o‘sha-o‘sha bir xil oziq-ovqatlar; non, yog‘, tuxum, mevalar va ko‘kat solinardi. U shularning o‘zi unga kifoya deb o‘ylardi yoki bo‘lmasa tashvishlardan qochib, naridan-beri ovqatlanardi. 
Asl yapon oshxonasi taomlaridan u kamdan-kam hollarda tanovul qilardi, nafsini tiyib, oziga qanoatlanib qo‘ya qolardi, chunki oz yedi nimayu, ko‘p yedi nima, unga buning ahamiyati bo‘lmay qolgandi. Kuniga uch mahal bir xil ovqat yerdi, keyin ikki mahalga o‘tdi, oxirgi paytlarda bir mahal dasturxonga o‘tiradigan bo‘ldi. U ko‘proq suv ichardi, suv pitssaning o‘rnini bosardi. Kayama do‘konga ham har kuni chiqmasdi, shu bois ko‘proq mog‘or hidi anqiy boshlagan nondan yerdi.
U quyosh botishi bilan uxlagani yotardi. Uxlash oldidan esa kechki gazeta va kitoblarni varaqlardi. Uyqu elitishi bilan kitobni yopardi-da, qani endi shu taxlit tinchgina oyoq-qo‘lingni cho‘zib, u dunyoga ravona bo‘lsang, deya orzu qilardi. U ko‘pincha qorong‘i xonada ko‘zlarini chaqchaytirib tong otishini kutib yotardi: nafas olishga qiynalganidan a’zoi-badanini ter bosib, ko‘z yumushga ham qo‘rqib qolgandi.
Bu yil ham oppoq kimonodagi o‘sha ayol bog‘ yo‘lkasidagi tosh to‘shamalardan yurib, yana uning yoniga kela boshladi. U bu yerga tez-tez keladigan bo‘lib qolgandi, ayol har kelganida Kayama uning ketidan bog‘ tomonga oshiqardi. Kayama yuragidagi tovush ayolni chaqirayotganini eshitib, yuragini hovuchlab, uning izidan borardi, biron nimadan uyalmaguncha bunday qat’iyatsizlikdan o‘zini to‘xtatolmasdi... Oppoq libosli bu ayol doim g‘oyib bo‘lib qolardi. Har safar bir joyda – o‘sha moviy rangli tosh ortida ko‘zdan yo‘qolardi ...
Kayamaning yuzida tomchi dumaladi. Yo‘q, bu ko‘zyoshi emasdi. Uning ko‘zida unar-unmasga oqavermaydigan namni siqib chiqaradigan notanish bir og‘riq turgandi. Xuddi sake***** yenggan Sudo kabi tosh savdogari vafot etibdi-da, degan o‘y kechdi uning dilidan. 
“...Agar hayot bo‘lsang, nega kelmaysan? Seni, o‘g‘lingni shunday sog‘indimki...”
Kumush rangli baliq qorong‘ida hovuz yuzini bir shapillatdi-da, o‘zi ko‘targan to‘lqin ichiga kirib g‘oyib bo‘ldi. To‘lqin kengayib boraverdi. U yerda, chuqurlikda baliqlar erkin, ozod suzar edilar. Oppoq bo‘lib ko‘rinayotgan ayolning hayajonga soluvchi ehtirosini o‘zidan nari qilolmagan Kayamaning bundan majoli qurib, serrayib qotib qolgandi. U o‘zini tosh ustida yuz yildan beri xuddi mana shunday qimirlamay o‘tirganday his etmoqda edi... 
 
8

Bir vaqt qarasa, Kayamaning o‘g‘li ro‘parasida turibdi..
– Tosh tashuvchining o‘g‘li-chi, u qani?
– Nima dedingiz?
– Yo‘q, hech nima, o‘zim shunchaki... Qachon kelding?
– Ancha bo‘ldi. Ota, nima, tobingiz yo‘qmi?
– Shunchalik tashvishlanar ekansan, har zamonda bir kelib, holimdan xabar olsang bo‘lardi. Bu yerga o‘zi yilda necha marta kelasan?
– To‘rt marta, shekilli...
– Shu yetarli deb o‘ylaysanmi?
– Ba’zan shunaqa bo‘lib qoladiki...
– Xotining tuzukmi?
– Yuribdi.
Kayama g‘aribona kechki ovqatini hozirgina yeb olgandi.
– Sal ertaroq kelganingda birga ovqatlanardik.
– Boshqa safar.
– Boshqa safar...O‘sha boshqa safaring nasib qilishiga ishonasanmi o‘zing?
– Bo‘lmasa-chi.
– Boshqa safar... Endigi boshqa safar men bo‘lmayman...
Kayama o‘g‘li hozir nima haqda o‘ylayapti-yu, bunga qanday javob berishini kutardi.
– ... Uning yoshi anchaga borib qoldi... Anchaga.
– Men dunyoda bunday gaplarni eshitish uchun yashamadim.
– Unga nima kerak?.. Buncha ma’yus ko‘rinadi. Hozir nimani istasa, bari muhayyo bo‘lishi mumkin.
– Ha, men ham qachonlardir nimalarnidir orzu qilganman. Endi yetmishga kirdim... Shunday bo‘lsa-da, senga ataganim bor. 
– Ko‘nglingda biron-bir orzu bormi? – so‘radi Kayama. 
– Qaydam. Nimani ham orzu qilardim.
– Pul kerakmasmi senga?
– Pul qancha bo‘lsa ham zarar qilmaydi.
– Men aynan shu haqda sen bilan gaplashmoqchiman. To‘g‘ri, menda hozir pul yo‘q, lekin boshqa narsa bor. Yaqinda men senga mana buni tayyorlab qo‘ygandim.
Kitob javoni tortmasidan Kayama pergament qog‘ozli konvertni oldi-da, uni o‘g‘lining tizzasiga qo‘ydi.
– Bu nima?— so‘radi o‘g‘li.
– Ochsang – ko‘rasan. So‘rashning hojati yo‘q.
O‘g‘li konvertga ko‘z qirini tashladi-da, darrov uni Kayamaga qaytarib berdi.
– Kerakmasmi?
– Pul doim kerak, lekin buni ololmayman.
– U yerda nima yozilganini ko‘rdingmi o‘zi?
– Bu avtomobil halokatida sodir bo‘ladigan baxtsiz hodisadan sug‘urta.
– Agar menga biron kori hol yuz bersa, bu pul yana o‘n martaga ko‘payadi. O‘zing bilasan, yo‘lovchilar orasidagi o‘lim xavfining eng yuqori ko‘rsatkichi – bu aynan bolalar va yetmish yoshlilar orasida uchraydi – badali 500.000 iyen, sug‘urta esa 5 million.
– Aytdim-ku, ololmayman deb.
– Balki ko‘chaga chiqqanimda, bexosdan qoqilib, yiqilib tusharman? Qarabsanki, men mashinaning tagidaman. Shunday bo‘lishi mumkin-ku, axir?!
– Bas qiling, bunday narsa bilan hazillashmaydilar!
O‘g‘lining yuzi qizarib ketdi. Uning xijolat tortganini ko‘rgan Kayama, uni bunday aqlsiz ishni qilishga undagan yoqimli bir og‘riqni his etdi. Bu aqlsizlikmidi yoki o‘ylab qilingan ishmi, endi unga hammasi baribir edi.
– Mening gapim – gap. Shunday bo‘lgach, bu hujjatlarni olib qo‘y. Bari bir bundan qochib qutulolmayman. 
... Birdan Kayamaning ko‘z oldida ulkan tashlandiq bog‘ namoyon bo‘ldi; tinib-tinchimas bog‘bonlar, tosh kavlayotgan ishchilar, endi bu qiyofalar unga begona, yot sharpalardek ko‘rinardi.
“Kim biladi, balki, mening bog‘im ham xuddi shunday qarovsiz ahvolga tushib qolar. Uning o‘rniga odamlar yashaydigan uy yoki ko‘p qavatli bino qurishar, ehtimol...”
Kayama bosiq xirillagan ovozda gap boshladi:
– Balki, bog‘dagi toshlarni sen o‘zing terib olib sotarsan! Ularni bu yerga olib kelishganiga o‘n yil bo‘ldi, lekin ularning o‘zi besh ming yoshda. Bu toshlarning joni bor. Men endi o‘laman, keyin daraxtlar ham nobud bo‘lsa kerak. Tokioning havosini havo deb bo‘lmaydi.
O‘g‘li otasining gaplaridan noxush hayratlangandek bo‘ldi. Shu payt uning orqasidan haligi noma’lum oq ko‘lanka o‘tgandek bo‘ldi.
– O‘sha ayol!
– Nima deyapsiz?
– Toshni sotish haqida o‘ylashim bilan shu ayol paydo bo‘ladi...
– Nima deyapsiz, qanaqa ayol?
– O‘sha ayol! U bu yerda bog‘dagi toshlarni sog‘inganidagina paydo bo‘ladi. Bu oq kimonodagi o‘sha ayol.. Qachonlardir Aobadaydagi dan-g‘illama uyda yoshgina ayol yashagan. Falokatni qarangki, urush boshlanib, ayol uyi bilan birga yonib ketgan. O‘sha toshlar uning bog‘idan keltirilgan. Aftidan, u, har kuni shu to‘shamalarni bosib hovuz yoniga borgan va o‘tirib xayolga cho‘mgan. So‘ngra yana shu to‘shamalarni bosib, orqasiga qaytgan va eski chorbog‘iga chiqib, choy damlagan...
Kayama shu so‘zlarni shivirlabgina gapirdi-da, ko‘zini yumdi. Qoron-g‘ilik tobora yaqinlashib, quvonch borgan sari uni qurshab borardi, yoki qorong‘ilikka o‘rganib qolib, yorug‘likni arang ajratayotgan ko‘zlari endi iliqlikni his eta boshlagandi... 

Ruschadan Dildora Aliyeva tarjimasi

__________
* S u b o -3,3 kv.m. maydon o‘lchovchi.
** K a m m e – og‘irlik o‘lchovi, 3,75 kg.
*** A z a l i ya – manzarali o‘simlik.
**** Sh e z l o n g – o‘rindig‘i uzun oromkursi.
***** S a k e – aroq.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.