OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Umrboy Uteuliyev. Qizil tulki (hikoya)

Ustyurtning qumloqli yo‘llarida ko‘zlarini yarim yumgan ko‘yi, chayir, o‘rta bo‘yli, xirqiroq tovushli bir qariya ko‘p yuradi. Ba’zan u osmon bilan yer tutashib ketgan olis ufqqa uzoq-uzoq tikilib turadi.
Yaratilish qiziq ekan, yashash ham qiziq. Umr bo‘yi hech narsadan tap tortmay yashagan davangir insonni ham keksalik o‘ziga bo‘ysundiradi. Ko‘zlardan nur ketadi, oyoqlar qaltiraydigan bo‘lib qoladi — yo‘l yurishga yaramaydi.
Yoshini yashab, oshini oshagan boyaqish qariya esa hamon bu dunyoga mehmon ekanini bo‘yniga olgisi kelmaydi. Vo darig‘, bu dunyo bevafo ekan! Umrida ko‘rpa-to‘shak qilib yotib ko‘rmagan kampiridan birpasda ayrilib qoldi. Yolg‘iz yashash qiyin bo‘lar ekan. Mana, bir yildirki, nafaqat boshqalar, hatto o‘zi o‘zini tanimaydi gohida. Uni yolg‘izlik cho‘ktirdi.
Hamon kampiridan ajralib qolganiga ishonmaydi. Xuddi kelinchaklik davridagidek kampiri qishlog‘iga ketganu erta-indin eshikdan kirib keladiganday — intiq bo‘lib yo‘l qaraydi. Beldan mador, ko‘zdan nur ketgan paytda kimsasiz dala-tuz o‘rtasidagi pastqam kulbada yolg‘iz qolganidan o‘kinadi.
Urushdan qaytgan yillari bir-ikki oy shu atrofda ovchilik bilan mashg‘ul bo‘ldi. U paytlarda kimsasiz dala-tuzga umrlik mehri tushib qolishini hali bilmasdi. Yog‘in-sochindan saqlanish uchun omonat kulba tikladi. Omonat deb tiklangan kulbasi o‘zi o‘ylagandan ko‘ra muqimroq ekan: nortuyalar bilan birga o‘sgan cho‘ponning qizi Oyxonga taqdiri bog‘landi. Oyxon paxsali qora kulbaga kelin bo‘lib tushdi. Kulba ship-shiydam edi. Kelinchak hammasiga ko‘ndi. Qirq yil bir yostiqqa bosh qo‘yib yashadilar. Biror marta san-manga borishmadi. «Qishlokdan bezib yashashga bizni nima majbur qiladi?» degan savolga ikkisi ham jo‘yali javob topisholmasdi. Dunyoni unutib, dunyoni topib yashardilar. Ikkisi bir bo‘lib, bir Dunyo bo‘lib yashardilar.
To‘ng‘ich farzand tug‘ildi. Umri qisqa ekan, chaqaloqlik payti uzildi. Norasidani Qashqayo‘l ustidagi Yorqovoq mozoriga qo‘ydilar. Tik yonbag‘irda joylashgan barhavo mozorni o‘ziga mo‘ljallab yurardi. Afsus, nasib qilmadi. Qaynotasiga Yorqovoq unchalik xush kelmadi: «Bu yerda ilgari yong‘in bo‘lgan», dedi. Yong‘in bo‘lgan joydan farishtalar qochar emish.
Mana, yaqinda kampirini ham o‘sha norasidaning yoniga qo‘ydilar. Bo‘sag‘adan xatlab tashqari chiqilsa — bas, o‘sha qabrlar ustida hilpirab turgan oq matolarga ko‘zi tushadi. Go‘yo qoshiga chorlayotganday tuyuladi. Oyxon tushiga kirsa, tongda turib mozorni ziyorat qiladi.
— Sog‘indingmi, Oyxon! O’g‘ling otasini mo‘ridan chaqiryaptimi, Oyxon? — deb to qabrlar tepasiga borguncha o‘zi bilan o‘zi so‘ylashib ketardi.
Qabrlar boshiga o‘tib Qur’on tilovat qilardi. So‘ng, ko‘ngli taskin topib, qabr boshidan o‘t-o‘lanlarni yulardi, yon-atrofdan xas-xashaklarni terib olardi. Uyga qaytgach, kampirining qo‘llari tekkan buyumlarni bir-bir ushlab ko‘rardi, bir-bir hidlab ko‘rardi. Ayniqsa, kampirining oxori to‘kilgan ko‘ylagini to‘yguncha hidlardi, so‘ng ko‘ylakni yuzlariga bosib, to‘ygunicha yig‘lardi.
O’shanda kampirining paymonasi to‘lganini bildiyu: «Sen o‘lma, men o‘laman, men!» deb qo‘llariga yopishdi. Yalinib-yolvordi. Kampiri esa xuddi kelin bo‘lib tushgan kunlaridagi kabi sirli-sirli jilmayib qo‘ydi, xolos. Bir so‘z demadi. Kampirining oppoq sochlarini tong oqarguncha silab-siypalab o‘tirdi. Tong chog‘i joni uzildi.
Kampiri o‘lmasdan olti oylar chamasi ilgari bexosiyat bir tush ko‘rdi: dengizdan ko‘tarilgan og‘ir qora bulut shamolda suzib kelib, kulbasining ustida sharros yomg‘ir bo‘lib quyildi. Bo‘ronli sel kulbaning bir tarafini o‘pirib ketdi. Cho‘chib uyg‘ondi. Kampiri shiringina uyquda edi. «Endi birimizni olib ketadi», deb qo‘ydi ichida. Lekin tushini kampiriga aytmadi. Shu paytgacha o‘rtada hech qanday sir yo‘q edi. Ammo, tushini sir saqladi..
Hayot shunaqa ekan.
Oyxonning oy-kuni yaqin edi. Shuni bilardi. Bilardi-yu, negadir cho‘lda izg‘ib yurgan qizil tulkini ovlab kelaman, deb uydan chiqib ketdi. Uch kun yo‘q bo‘lib ketdi. Uch kundan so‘ng qaytib kelsa, farzand tug‘ilgan. Umri bilan bermagan ekan. O’zi qaytarib olibdi. Nachora, dedi. Taqdir ekan, dedi. Oyxonni ovutdi, o‘zini ovutdi... O’shanda ham kulbaning yonginasidan cho‘g‘day qip-qizil tulki yugurib o‘tgan edi. Uni qo‘lga tushirish uchun bir yarim kun izidan yugurib yurdi. Axiyri ko‘ziga sarob ko‘rinayotganini payqab qoldi: ot jilovini qo‘yib yubordi. Jonivor uyni topib keldi. Agar jilovni qo‘yib yubormaganda nima bo‘lishini yolg‘iz xudo biladi. Aslida, qizil tulkining momiq mo‘ynasidan xotiniga yoqalik, tug‘ilajak farzandiga mo‘‘jazgina telpak tikib berishni niyat qilgan edi. Niyati puch bo‘lib chiqdi. O’sha-o‘sha ko‘ziga qizil tulki ko‘rinsa — bas, darhol yo‘lini o‘zgartiradi. Irim qilardi. So‘ng, bir yarim yil davomida qizil tulkidan qutildim deb yurdi. «O’qqa uchragan yoki qopqonga tushgan bo‘lsa kerak». Xato o‘ylagan ekan.
Qariya bu safar ishni puxta rejalashtirib oldi.
Qachonlardir, chamasi, urushdan keyingi yillar edi, birov beshotar miltig‘ini taklif qilgan, qariya bitta qo‘yga o‘sha matohni ayirboshlagan edi. Payti kelib qolsa ish berar, kerak bo‘lmasa turaveradi, deb o‘ylagan edi. Sirtidan qalin moy surtib, eski matoga o‘rab-chirmab o‘raga ko‘mib qo‘ydi.
Mana, endi beshotar kerak bo‘ladi. «Shumlikda dong taratgan tulki bo‘lsang o‘zingga! Mendan ham zo‘r kelsang, mayli, til tortmay o‘lishga roziman! Ammo, yakkama-yakka hisob-kitob qilamiz!.. Norasida farzandimning boshiga yetding, kampirimning boshiga yetding! Endi bu dunyoda yo sen turishing kerak, yoki men! Sendan o‘chimni olmasam, bu dunyodan armon bilan ketaman!»
Qariya rostakamiga qizil tulkining iziga tushdi. Iziga tushdim, deb o‘yladi. Izmiga tushayotganini, qizil tulki uni o‘z domiga tortayotganini xayoliga ham kel-tirmadi.
Tovga eltadigan Qashqayo‘l kulbasining yonidan o‘tadi. Ustyurtni o‘zlashtirgani otlangan geologlar yuk ortilgan mashinalari bilan o‘taverib, kechayu kunduzi oromini yo‘qottan paytlar ham bo‘lgan. Keyin bu tomonlarga ishi tushib kelgan odamlar bilan qadrdon bo‘lib ketdi. Elimga borib qo‘shilay deb otlangan kezlari ham o‘shalar qo‘liga yopishib, olib qolishdi. Yurtdan bo‘lak bo‘lgach, tirikchilik uchun hamma narsaga ko‘nasan, ko‘nikasan. Sababi tirikchilik — chorvachilik, ovchilik, dehqonchilik, tabiblikni o‘rgandi. Qiziltog‘ etagidan ignaning teshigidek joydan sirqib chiqadigan buloq suvidan shifo izladi; cho‘ldagi giyohlardan dori-darmon topdi. U paytlari cho‘lda parranda-darrandalar ham, turli xil ilonlar ham ko‘p edi. Geologlarga aytsang kifoya, bir qop zaharli ilon keltirib berishardi. Esida, bir gal ilonning ko‘zidan tayyorlangan dori bilan kuyovlikka yaramay qolgan yigitni davolagan edi. Boyaqish minnatdor bo‘lib eshigiga sog‘in sigir bog‘lab ketibdi. Hali-hali tug‘ishganlarday bordi-keldi qilishadi.
Keyingi paytlarda bu tomonlarda geologlar ko‘rin-may qolishdi. Izlagan ma’danlarini topisholmadi, shekilli.
Cho‘pon xalqi tashqarida yurgani bilan elda nima gaplar bo‘layotganini hammadan yaxshi biladi. Boz ustiga, bir marta uchrashgan tanishining avlod-ajdodini so‘rab-surishtirib birpasda tug‘ishgandek qalin bo‘lib oladi.
Qariya esa keyingi paytlari bot-bot qizil tulki ishqida yonadigan bo‘ldi. Shu dardi qo‘zigan kunlari otiga minib, yaqin-yiroqlarni oralaydi. Mana, Qashqa yo‘liga ham birov iz solib ketibdi. Hoynahoy, yuk mashinasining izi bo‘lsa kerak. Yaqin atrofda yurgan bo‘lsa-da, qachon o‘tib ketganini payqamabdi. Shofyor nima uchun qariyaning kulbasida qo‘noq bo‘lmadi ekan? Axir, bir kosa qimiz bilan mehmon qilardi. Ajab, nega panalab o‘tib ketdi ekan? Yo niyati buzuqmikan? Ko‘ramiz, qachongacha qochib yurar ekansan!.. Qariya notanish mehmondan rostakamiga o‘pkalandi. Odatda, qovun pishig‘i davrida bu yo‘l serqatnov bo‘lib qoladi. To qora ko‘zga qadar bu yo‘llarda borti baland yuk mashinalari g‘iz-g‘iz qatnaydi. Asfaltlangan to‘g‘ri yo‘ldan yursalar ola tayoq ushlagan soxta DAN xodimlari bir nimalarni bahona qilishib, otasining ba-hosini so‘raydilar yoki yukning yarmini tushirib qoladilar. Yana — tag‘in: «Biz barterga ham ko‘naveramiz», deb ishshayib turishgani ortiqcha bo‘ladi. Chuv tushgan shofyorlar qariyaning kulbasida o‘z sarguzashtlarini erinmasdan so‘ylab beradilar, xumori bosilguncha so‘kinadilar. Qariya ularni o‘zicha yupatadi.
Kechga tomon quyosh yuzi quyuq bulut bilan qoplanib, yomg‘ir tomchilay boshladi. O’ylanib kelayotgan qariya otni niqtadi. Olisdan kulbasi yonida turgan DAN mashinasini tanidi. Hayron bo‘ldi. Otini bostirmaga bog‘lab ichkariga kirsa, turqi sovuqroq kimsalar uy to‘rini egallab olishib, araq ichib o‘tirishibdi. Qariya salom berib, poygaxga cho‘kdi. Hech kim alik olmadi. Anavilarning kayfi oshib qolgan, o‘zlari bilan o‘zlari allambalolar to‘g‘risida bahslashmoqda edilar. Qariya bomdodni o‘qish uchun qo‘zg‘algan paytda ular bir kunlik o‘ljani taqsimlashga kirishdilar va o‘rtada boshlangan dahanaki jang rosmona mushtlashuvga aylanib ketishiga bir bahya qoldi. Qariya bomdodni dah-lizda o‘qib kirsa, qovunfurushning yo‘l boshlovchisi bo‘lgan sariq yigit Po‘lat ismli xodimni uyg‘otayotgan edi.
— Uzoq yo‘lga ketyapmiz, hujjatlarimiz joyida.
Lekin, sizlarga atab qo‘yganimiz bor, — deb bir bog‘lam yuz so‘mlikni to‘shak ustiga qo‘ydi. — Aslida, shuni berib ketish uchun yo‘ddan qayrilgan edik.
Po‘lat qizarib ketgan ko‘zlarini ochdi. Pulga nigohi tushib iljaydi.
— Xudo beraman desa... — Tirsagiga suyanib xiyol qaddini ko‘tardi. Pulni to‘pponchaning bo‘sh g‘ilofiga joyladi. — Shunday ishlash kerak. Yolg‘iz otning changi chiqmas... Ba’zilar qochib qutulamiz deb o‘ylaydilar, keyin pushaymon qiladilar. Qo‘lga tushgandan ko‘ra...
Araq kayfidan asar ham qolmadi. Qariya ajablandi.
Po‘lat o‘zicha safsatabozlik qilgach, dasturxonda turgan yarimlagan araq shishasini qo‘liga oldi. Qultilla-tib ikki piyolaga bosib araq to‘ldirdi.
— Bizdan ruxsat. Qani, ko‘tardik! — deb xodim piyolani qo‘liga oldi.
Qovunfurushning yo‘l boshlovchisi kilkillab turgan piyolaga aftini burishtirib birpas qarab turdiyu so‘ng ko‘zlarini chirt yumib, araqni ko‘tardi. Piyolani bo‘shatib dasturxonga to‘nkarib qo‘ydi. Aftidan, ichmaydigan yigitga o‘xshardi. Lekin... Iigit kabina oynasidan boshini chiqardi.
— Ota, kechirasiz, aslida, sizni ziyorat qilib o‘tish niyatida edik. Ko‘rmaysizmi, anavilar orqamizdan quvib kelishdi... Nasib qilsa, qaytishda albatta mehmoningiz bo‘lamiz, — dedi yigit tovushini bir oz ko‘tarib.
— Oy borib, omon qaytgin, bolam! — deb qariya yuziga fotiha tortdi.
— Ko‘rishguncha omon bo‘ling, ota!
Mashina o‘rnidan vazmin qo‘zg‘aldi.
Ajabo, bu yigitning so‘zlari bama’ni ham sirli. Xuddi tug‘ishganday muomala qiladi. Istarasi issiq ekan. Nahot, kimligini unutgan bo‘lsam?.. Qariya qoshlarini chimirgancha mashina ortidan xiyla vaqt tikilib turdi. Iloyim, omon-eson qaytib kelsa, oyog‘ining ostiga qo‘y so‘yaman...
Choshgoh payti Po‘lat bo‘shashibgina tashqariga chiqdi.
— Voy-bo‘y, izlar ko‘payib ketibdi-ku! — dedi u mashina iziga chirt etkazib tupurib. — Boboy, biz uxlab yotgan paytda qovunfurushlarning aqchasini olib, oq fotiha berib yubordingizmi deyman? — Ikki qo‘lini shimining cho‘ntaklariga tikdi.
— To‘shagimda yotib, dasturxonimdan tuz totib... aytgan rahmatingmi bu?!
— Hazil, boboy, hazil! Menga qarang, bizga ishga o‘tmaysizmi? — Qariyaga boshdan-oyoq sinovchan razm soldi. — Choychaqa berib turardik. Ish og‘ir emas. Faqat shu yo‘ldan o‘tgan-ketgan mashinalarning nomerlarini yozib berib tursangiz kifoya. U yog‘ini o‘zimizga qo‘yib berasiz...
Qariya gapirish uchun og‘iz juftladi-yu, lekin gapirmadi. Alam bilan bosh chayqab qo‘ydi, xolos.
— «Harakatda barakat», degan. O’zi aytgan, — deb Po‘lat bosh barmog‘ini osmonga niqtadi. — Bekor yotgandan foyda yo‘q, boboy.
— Soch-soqolim oqarganda iymonimdan ayrilaymi, bola?! Hammani o‘zlaringga o‘xshagan deb o‘ylayapsanmi! — Qariya turgan joyida titrab qaqshadi.
— Hazil, boboy, hazil! — deb Po‘lat ikki qo‘lini yuqori ko‘tardi.
Qariyaning avzoyi buzilganini ko‘rib, shu tobda hazil harom ekanini angladi, chog‘i, shitob uyga kirdi-da, hamrohini uyg‘otib, mashinasiga shoshilib o‘tirdilaru juftakni rostladilar.
Qariya eshik-derazalarni lang ochib, xonalarni shamollatdi. Uydan araq, tamaki hidi anqirdi. Hatto eshik tutqichiga ham tamaki hidi o‘tirib qolganga o‘xshardi.
Kechga borib shamol tindi. Shu oqshom yangi oy chiqdi. Qariya ostonadan tushib, yangi oyga uch marta salom berdi. Osmonda bir to‘da bulut xuddi daryoda erigan muz misoli bo‘ltak-bo‘ltak bo‘lib suzib borardi. Eti junjikdi. Uyiga kirib, po‘stiniga o‘ranib yotdi.
Bomdod mahali uyg‘ondi. Tashqariga chiqdi. Hovuzdagi muzdek buloq suviga bet-qo‘lini yuvdi. Tahorat oldi. Ko‘ngli bir oz yorishdi.
Ilgari buloqning ko‘zi piyoladay edi. Qaynab-toshib chiqardi. Hovuzga suv to‘lib turardi. Oyxon ham bir qultum suv bilan yutgudek so‘lim kelinchak edi. Eh yarim kechagacha bir-birning visoliga to‘ymasdilar, bir-birini quchog‘idan qo‘ymasdilar. So‘ng issiq ko‘rpadan sirg‘alib chiqardilarda hovuzga sho‘ng‘irdilar. U shox-shabbalar orasida Oyxonni qo‘riqlab o‘tirardi. Oyxonning badani oy nurida go‘yo sutga chayilganday oppoq ko‘rinardi; ayniqsa, hovuchlab boshidan suv sochayotgan kezlari xuddi sochlariga yulduzlar qo‘ngan farishtaga o‘xshardi. Suvdan chiqqan suv parisimi, tushimmi-o‘ngimmi, deb ko‘kragiga tupurib qo‘yardi. Iloyim, ko‘z tegmasin, derdi. Ko‘zim tegmasin, derdi. E-e, o‘zidan ham qizg‘onardi Oyxonni!
Beixtiyor issiq ko‘zyoshlari ikki yuzini kuydirib tomchilay boshladi. Yana Oyxonning sochlarida yulduzlar jilva qila boshladi. Kaftlari bilan mijjalarini artib oldi. Diqqat bilan razm solsa, o‘sha osmon, o‘sha oy, o‘sha yulduzlar, buloq tarnovidan jildirab suv oqyapti. Bari o‘sha-o‘sha. Faqat Oyxon yo‘q. Oyxon — sarob.
Vo darig‘, tiriklik shunaqa ekan-da, quvonch bilan g‘am-g‘ussa yonma-yon yurar ekan.
Oyxon oppoq choyshabga o‘ranib uyga kirib ketgach, o‘zi asta shox-shabbalar orasidan chiqib kelib hovuzga tushardi. Muzdek suv yuragini hapriqtirib yuborardi, qoni qaynab ketardi, g‘ayrati jo‘shar edi... Oyog‘iga kalishini ilardiyu bilch-bilch odimlagancha yana Oyxon tomon talpinardi... So‘ng to tonggacha hovuzda birga-birga cho‘milishardi. So‘ng xorib-tolib choshgohgacha toshday qotib uxlardilar. Ular Dunyoni unutib yuborishardi. Dunyo ham ularni unutib yuborgan edi go‘yo.
Endi o‘sha totli damlarni sog‘inib eslaydi. Sog‘inib eslagan kunlari Oyxon albatta tushiga kiradi; oy to‘lgan oqshom, hovuz, boshidan suv sochayotgan so‘lim kelinchak... Choshgoh payti Oyxon oyoq uchida yurib qumg‘onni o‘choqqa qo‘yar, choy qaynatar, o‘zicha bir nimalarni shivirlar, qiqirlab kular edi. Kular edi-yu, yuzlarini yashirardi.
Ruhi uyda, kirib-chiqib yuribdi-ku, deb qariya o‘ziga tasalli beradi. Suvi tortilib ketganini bilsa ham o‘sha buloq ko‘zini ochib qo‘yadi.
Oyxon bor paytida ishlarim qolib ketyapti deb ba’zan nolirdi. Doim shoshib yurardi, kun o‘tganini ham bilmay qolardi. Endi esa kun o‘tmaydi. Zerikadi. Qaysi ishga qo‘l urmasin, bari bir oxiriga yetkazmaydi — sabri chidamay tashlab ketadi.
Suyaklarim shaldirab keksaygan paytimda bir o‘zimni hayhotdek dunyoga tashlab ketding-a, Oyxon?! Endi ko‘nguddagi gaplarimni dalatuzga aytamanmi? Kim tinglaydi? Kim taskin beradi?.. Mendan keyin nima qilasan deb, nega so‘ramading, Oyxon?! Qanday yashashni nega o‘rgatib ketmading?.. Paymonam to‘lib, uch-to‘rt kun to‘shakda yotib qolsam, kim mendan rozi-rizolik so‘raydi? Kim og‘zimga suv tomizadi? Sening yoningda tayyor turgan lahadga kim meni eltib ko‘madi?.. Tiriklayin go‘rga kirib yotib bo‘lmas ekan-ku, Oyxon! Esingdami, qish kattiq kelgan yillari oziq topolmay qolgan qashqirlar tovdan pastga tushardi, hamma yoqda izg‘ib yurardilar. Endi o‘sha qashqirlarga yem bo‘lib ketmaganimga afsuslanaman. Oyxon!.. O’pkalayapsan. To‘g‘ri, sendan oldin ketganim bilan yer to‘yib qolarmidi? Keyin yolg‘iz o‘zing bo‘m-bo‘sh olamda qanday yasharding? Kimga yalinarding, kimlarga sarg‘ayib borarding? Elga qo‘shilarmiding? El seni qabul qilarmidi? Erkak boshim bilan men haminqadar kun ko‘ryapman, ko‘nikyapman. Bir hisobda, oddin ketganing — senga ko‘rsatilgan ulug‘ marhamat. Qayg‘urma, bir amallab men ham manzilimga yetib olarman. Noumid — shayton, deydilar.
Zavol keltirgan o‘sha qizil tulki yaqindan beri yana paydo bo‘ldi. Qariyaning qo‘rsligi tutdi, qalbida qasos o‘ti alanga oldi. Tulkida xudim bor, dedi. Uning boshiga yetmay qo‘ymayman...
Qariya xayolga toldi. Bugun boshqa qiladigan ishi ham yo‘q. Har kuni bitta ishni takrorlaydi: dastlab, qizil tulki yuradigan yo‘llarga tuzoq qo‘yadi, so‘ng besh-otar miltig‘ini obdan tekshirib ko‘radi. Ikkita o‘qi bor. Birini o‘sha tulkiga atagan, ikkinchisi kimga atalganini o‘zi ham bilmaydi. «Boshi yanchilib yotganini ko‘rsam bo‘ldi», Qariyaning bu dunyoda boshqa armoni yo‘q edi.
Qizil tulki esa anoyi emas. Tulki shumligini qo‘ymaydi. U qariyaga pand bermoqchi bo‘ladi.
Qariya armoni ushalmasdan o‘lib qolishdan qo‘rqadi. Xudo ko‘rsatmasin-u, shunday kun boshiga tushsa bormi, Po‘latga o‘xshagan haromxo‘rlar jasadni tepib ko‘rib: «Qancha mol-dunyosi qoddi ekan?» deb uyni ag‘dar-to‘ntar qilishdan ham toymaydilar.
Bitta o‘g‘li bor edi. Chala tug‘ilgan. Balog‘atga yetgach, lo‘lilarga ergashib dom-daraksiz ketdi. Qaytmadi, Chol-kampirdan xabar olmadi. Onasining o‘lganini ham eshitmadi, chog‘i. Ehtimol, ota-onasi borligini butunlay unutib yuborgandir. Qariya ham uni unutdi.
Kampiri olamdan o‘tganini eshitib, dasturxondan tuz totgan shofyorlar birin-ketin ko‘ngil so‘rab kelishdi. Boyaqish shofyorlar olis safarga otlansalar ul-buldan ko‘maklashib turadilar. Chol-kampirga ko‘p narsa kerak emasdi. Bitta joniga esa deyarlik hech narsa kerak emas.
Qariyaning birdan-bir niyati — tulkidan qasdini olish. Hisoblab ko‘rsa, o‘sha tulki bilan yo‘li kesish-ganiga yigirma yildan oshibdi. Kamyob uchraydigan qizil tulki shu paytgacha ne-ne tuzoqlarga, ne-ne merganlarning o‘qiga chap berib yurganiga qariyaning aqli bovar qilmaydi. Shu paytgacha o‘sha tulkining izidan yuribdimi yoki hozirgisi qizil tulkining avlodimi, qariya uchun u ham bir jumboq.
Eshak o‘ldirar kun ko‘rinsa-da, ayoz bor.
Qariyaning ko‘zi ilindi. Derazadan soya ko‘rindi. Xonaga sharpa tushganday bo‘ldi. Ko‘zini ochsa, qo‘l cho‘zsa yetadigan joyda o‘sha qizil tulki turibdi. Tulki qariyaning ro‘parasiga cho‘nqayib o‘tirib oldi. Ko‘zlar to‘qnashgach, tulki qochishga shaylandi. Qariya shosha-pisha miltiqqa intildi. Afsuski, ulgurmadi. Tulki g‘oyib bo‘ldi.
To‘shakda g‘ujanak bo‘lib yotgan qariya umrida birinchi marta erta tongda uyg‘onmadi. Odatda qancha kech yotishiga qaramay albatta bomdod payti uyg‘onardi. So‘ng choponini yelkasiga tashlab tashqariga chiqardi-da, quyoshning chiqishini tomosha qilardi. Asrdan keyin esa quyoshning botishini mungli kuzatib o‘tirardi. Shundan o‘zicha ma’no qidirardi, o‘zicha rohatlanardi.
Sutday oqarib tong otdi. Ortidan oppoq iz qol-dirib osmonda yulduz uchdi. «Yulduzim baland bo‘lsin», deb shivirladi qariya.
Bilaman, anavi xunxo‘r tulki bekorga kelmadi. Azizlarimning boshiga yetdi. Endi menga zavol yetkazmoqchi. Faqat kuchi yetmay turibdi. Negadir ajalimni ortga sudrayapti. Shoshma, biz hali birgalikda jon talashamiz, tulkivoy! Ko‘ramiz, qachongacha birovlarning umriga egov bo‘lar ekansan?! Ana, olislarda momoguldurak guldurayapti. Osmonni qora bulut qoplayapti. Bexosiyat kun boshlanyapti, chog‘i. Hechqisi yo‘q, bir boshga — bir o‘lim...
Qariya o‘zicha tulki bilan bahslashdi. Yo‘q, o‘zi bilan bahslashdi.
Birdan sharros yomg‘ir quya boshladi. Shamol turdi. Suvoqlari ko‘chgan, shiftidan qamish bostirmalari ko‘rinib turgan kulba qalqib ketganday tuyuldi. Boshpana ham puturdan ketgan edi. Qattiq yomg‘ir yog‘ib o‘tsa, bir-ikki kungacha shiftdan chakka tomib turardi. Oyxon hayot paytida yozning yorug‘ kunlari uyning ko‘chgan joylarini suvab yurar, o‘choqdan chiqqan kulni tomga tashirdi — o‘ydim joylarni tekislardi. Oyxon tufayli bu kulba odam yashaydigan uyga o‘xshab turardi. Ba’zan qariya ham xotiniga yordamlashardi-yu, ammo asosiy ish Oyxon zimmasiga yuklangan edi. Endi bo‘lsa, bunday ishlarga qo‘li bormaydi. Uy deyarli tashlandiq holiga kelib qoldi. Go‘yo bu ishlarni go‘rda yotgan Oyxon tirilib kelib, bajarib beradiganday.
Noiloj yana uyga qaytib kirdi. Nam tortgan kiyimlarini olov gurillab yonayotgan o‘choqqa tutib quritdi. So‘ng po‘stiniga o‘ranib yonboshladi. Ko‘zlarini yumdi. Umrida kasal bo‘lib ko‘rmagani uchunmi, ajalim yetganga o‘xshaydi, deb ichida quvondi. Tov tarafdan momoguldurak guldiragi eshitildi. Esiz, tovga jo‘nashim lozim edi. Qariya o‘kindi. Boya yo‘lga tushganda shu choqqacha manzilga yetib olardi. Bir amallardi. Uvadaga o‘xshab qolgan oyoqlarini sudrab bosib, o‘sha joyga yetib borardi. U yoqdan qaytib kelish shart emas. Boz ustiga, u yokdan hali hech kim qaytib kelmagan. Hatto ochiq go‘rdan ham hech kim qaytib chiqmaydi. Tovda oyoqlaridan darmon ketib yiqilsa nima bo‘pti! O’sha tulkiga yem bo‘lgani yaxshi emasmi? Biryo‘la hammasidan qutiladi-ku!
Ming yomon bo‘lsa-da, Po‘latning qadri o‘tdi. Harholda, u ham odamning bolasi — balki, gapga ko‘narmidi...
Qirchillama yigit paytida beliga qirq qulochli arqon bog‘lab, tik jarlikka tushgan edi. Jarlik tubida ko‘zyoshday jimirlab jilg‘a oqardi. O’shanda yarim masofaga pastlagan payt birdan patirlab qushlar uchib ketgan edi-yu, yuragi tors yorilishiga ozgina qolgan edi. Jarlikning ajib sehri bor edi: jazirama yoz kunlari qandaydir kuch tubanlikka tortaverardi. Bir-talay echki-uloq jarlikka o‘zini otib yuborardi. Bir-pas tevaragida aylanib yurardiyu birdan tubanlikka sakrardi. Ajab.
Uzuq-yuluq xayol surib yotgan qariya birdan safar-dan qaytishda mehmon bo‘lishga va’da berib ketgan sariq yigitni eslab qoldi. Ustidan po‘stinni otib, o‘rnidan turdi. Unga nima bo‘ldi ekan? Aytgan muddatidan ancha o‘tib ketdi-ku? Haq niyatli kishining yo‘lida hech qanday to‘siq uchramaydi. Agar o‘sha yigit ostonamga qadam qo‘yib: «Ota, biz bilan yuring. Uyimning to‘ri — sizniki. Elga qo‘shiling!» desa, xudo haqi, unga ergashib ketardim. Odam bo‘lib tug‘ildim, odam bo‘lib o‘lishim kerak. Tavba, Qashqayo‘lda yotgan kampirim bilan bolamni tashlab ketamanmi? Axir, to‘rimdan ko‘ra go‘rim yaqin-ku!
Qariya derazaga qarab o‘zi bilan o‘zi so‘zlashayotgan payt o‘tkir yorug‘lik yuzlaridan sirg‘alib o‘tdi. Ko‘zlari qamashdi. Beixtiyor ko‘zlarini yumib oldi. Ko‘zlarini qayta ochgan damda derazadan ko‘rinib turgan kenglik ham, osmon ham yana zimistonga aylangan edi.
— O’zing panohingda asragin, xudoyim! — dedi qariya soqolini silab.
Ko‘ngli yomon bir narsani sezdi. Tov tarafdan eshitilgan gumburlagan tovush esa, ko‘nglidagi g‘ulg‘ulani battar kuchaytirib yubordi...
* * *
Istarasi issiq yigitning ismi Iso edi. Yoshligidan otasiz o‘sdi. Onasiga dastyor bo‘ldi. Voyaga yetgach, shofyorlik kasbini tanladi. Bir yildan ortiqroq shogird bo‘lib yurdi. Avtobazaga ishga qabul qilishdi. Yigirma yil davomida bir joyda muqim ishladi. Yigirma yil badalida bir marta ham yangi mashina minish nasib etmadi. Sharoit ma’lum. Kimdan ham o‘pkalardi: bu dunyoda yo zaring bo‘lishi kerak, yo zo‘ring. Unisi yoki bunisi bor yigitlar har yili bitta yangi mashina minadilar. Ulardan ortganini boshqalar ta-lashadi. Shalog‘i chiqqanlarini esa Iso kabilarga be-rishadi. Bunday mashinaga ega bo‘lgan shofyor bechoraning ko‘p vaqti nosoz qismlarni tuzatish bilan o‘tadi. Bora-bora ko‘nikdi. Oilasi ham ko‘nikdi. Shukr, boriga chidab yurishibdi.
Avtobaza direktori to‘satdan Isoga yap-yangi mashinani mindirib qo‘ydi. Uch-to‘rt kundan so‘ng yo‘llanma olish uchun dispetcher xonasiga kirsa, navbatchi ayol: «Sizni direktor yo‘qlayapti», dedi. Yuragi shig‘ etdi. Lekin sir boy bermasdan ayolning izidan itoatkorona ergashdi. Boshliq kabinetiga kirsa, doim qovoq-tumshug‘ini osiltirib, salomiga til uchida alik olib yuradigan odam xushchaqchaq o‘tiribdi. Xonada yoshini daf’atan bilib bo‘lmaydigan yana bir begona kishi ham bor.
— Boyadan beri maqtab o‘tirganim Iso payg‘ambar mana shu yigit bo‘ladi, — deb direktor uni begona kishiga tanishtirdi. — Temirning tilini biladi. Sizni dog‘da qoldirmaydi, ishonavering!
— Yaxshi. Faqat tiliga mahkam bo‘lsa bas, — dedi notanish kishi.
Iso unga razm soldi: ko‘sa ekan.
— Xotirjam bo‘ling, Iso o‘g‘il bola, — deb ishontirdi direktor. So‘ng, Isoga yuzlanib: — inim,
uyingdagilarga bir haftaga komandirovkaga ketyapman deb ayt. Ro‘zg‘oringda oziq-ovqat yetarlimi? — dedi.
— Rahmat, yetarli.
Shunday qilib, yo‘lga chiqdilar. Olis bir qishloqqa borishgach, darvozali bir hovliga mashinani orqasi bilan kiritdi. Oyoqlarining chigilini yozish uchun endi kabinadan tushmoqchi edi: «Birpas sabr qil. Oziq-ovqatingni shu yerga keltirib berishadi», dedi ko‘sa. O’zi mashinadan tushdi. Oldindan shunday shart qo‘yilgani tufayli Iso miq etmadi. Taom keltirildi. Ovqatlandi. So‘ng oyoqlarini oynadan chiqarib o‘rindiqqa uzalasiga cho‘zildi. Bir zamon eti junjikib uyg‘ondi. Tong yorishayotgan ekan. Qayta uxlay olmadi. Hademay ko‘sa paydo bo‘ldi.
— Ketdik, — dedi u kabinaga kirib.
Yo‘lga tushdilar. «Ikkinchi marta ko‘saga hamroh bo‘lsam, kunte bo‘lay!» deb ichida qasam ichdi Iso. Yo‘l yoqasidagi bitta oshxonada chala-chulpa tamaddi qilib olishdi.
— Endi asfalt yo‘ldan yurmaymiz. Qayoqqa yurishni o‘zim ko‘rsatib boraman, — deb ogohlantirdi ko‘sa.
Yo‘lsiz yo‘ldan ketdilar. Mo‘l yurdilar. Tuproq changitib yurdilar, o‘rkachli barxanlar osha yurdilar. Ba’zan uchrab qoladigan omonat o‘tovlarga ko‘sa birrov kirib chiqar, kuzovdan kimdir qandaydir yukni tushirib qolar, so‘ng bog‘lam-bog‘lam pul ko‘targan ko‘sa kabinaga kirib: «Ketdik!» deb amr qilar edi. Gohida kunduz kuni ovloq joyga mashinani kiritib qo‘yib, mizg‘ib olishardi. Iso qaerga kelib qolganini tusmoldan bilardi-yu, ammo aynan qaerda ekanini aniq bilmasdi. Yurgan manzillarini qayta topib borolmasdi. Bir joyga yetishgach, ko‘sa Isoni mashinada yolg‘iz qoldirib, o‘zi chakalakzor oralab yo‘qolib ketdi. Kabinada yarim qopdan ziyod pulni unga ishonib qoldi-rib ketganiga hayron bo‘ldi.
Uchinchi kuni, shekilli, yo‘lda ketayotgan paytlari ko‘sa beliga bog‘lab olgan jun ro‘mol ichidan to‘pponcha chiqardi. Iso umrida bunday matohni birinchi marta ko‘rayotgani uchun shoshib qoldi va noxos mashinani yo‘l chetidagi daraxtga eltib urdi. O’ng tomondagi fara chil-chil sindi.
— Nega menga qaraysan? Yo‘lga qarasang bo‘lmaydimi? — dedi ko‘sa norozi bo‘lib.
Singan chiroq o‘rniga yangisini qo‘ydi. Ko‘sa yo‘l bo‘yi to‘pponchasini o‘ynab bordi. «Topgan ermagini qaranglar», derdi Iso ichida g‘ijinib.
— Yigit kishining yonida quroli bo‘lsa yaxshi-da, Isoboy!— dedi ko‘sa mamnun qiyofada. — Qil ko‘prikdan ham omon-eson o‘tib olsak, marra bizniki! Xudo xohlasa, o‘tib olamiz. Qo‘rqma, yoningda men borman...
O’qdonni chiqarib, o‘qlarni sanadi.
Qanaqa «qil ko‘prik»ni nazarda tutayotganini, al-batta, Iso tushunmadi. Keyin gap nimadaligini angladi. Tong chog‘i kollektor ustiga qurilgan taxta ko‘prikdan o‘tayotgan paytlari ro‘paralaridan kabinasi ustiga chiroq o‘rnatilgan bitta mashina chiqib qoldi. Birdan o‘sha mashinaning eshiklari ochildiyu yuzlariga niqob tutgan yigitlar o‘zlarini yerga otdilar. Har birining qo‘lida bittadan qirqma miltiq bor edi. Ko‘za o‘zini yo‘qotmadi.
— O’ng tomonga bur! — deb rulga yopishdi.
Iso beixtiyor mashinani saksovulzorga burib yubordi. Ag‘darilib ketishiga sal qoldi o‘ziyam. Yo‘lto‘sarlar negadir ularning ortidan quvmadi. Qalin chakalakzorga yetib borishgach, ko‘sa mashinani to‘xtatishni so‘radi. Quyosh chiqquncha o‘sha joyda poylab o‘tirdilar.
— Hayda! — deb amir qildi ko‘sa.
Boyagi ko‘prikka yaqinlashgach, o‘sha mashina hamon yo‘l chetida turganini ko‘rdilar.
— Itvachchalar-ey, sizlarga og‘zimdagini oldirib qo‘yamanmi?! — dedi ko‘sa tishlarini g‘ijirlatib. — Ortga qaytar!
Yana chakalakzor oralab ketishdi. Choshgoh mahaligacha bir joyda o‘tirishdi. Ko‘sa bir oz mizg‘ib ham oldi. So‘ng:
— Aylanib o‘tamiz, shekilli, — deb qo‘li bilan kun botar tarafni ko‘rsatdi. — Qani, ketdik!
Chakalakzor oralab yurib, axiyri yana kollektor ustidan chiqishdi. Suv yoqalab ketdilar. Bir joyda rosmana ko‘prikka duch kelishdi. Iso mashinani ko‘prik-ka to‘g‘riladi. Omon-eson o‘tib olishgach, tez orada katta asfalt yo‘lga chiqishdi. Taxiatoshga kiraverishda ko‘sa mashinani to‘xtatdi.
— O’g‘il bola ekansan, — dedi u kabinadan tushishga shaylanib. — Seni uch marta sinadim. Sinovlarimdan mardona o‘tding. — U qopchiq og‘zini ochib... ichidan uch bog‘lam yuz so‘mlik oldi-da, Isoga uzatdi: — Bigtasi xizmating uchun, ikkinchisi xavf-xatardan olib chiqqaning uchun, uchinchisi bola-chaqalaringning nasibasi. — Qopchiq og‘zini qayta bog‘ladiyu kabinadan tushdi.
Iso bir necha muddat joyida qimirlamay o‘tirdi. So‘ng yon tomondagi ko‘zgudan ort tarafga nazar soldi: ko‘sa qopchiqni orqalab, tobora olislab borardi. Birov uni bir qopchiq pul ko‘tarib borayotganini aslo xayoliga keltirmasdi... Bir payt oppoq «Volga» paydo bo‘ldiyu ko‘saning yonginasida to‘xtadi va eshik ohista ochildi. Ko‘sa yengil mashinaga o‘tirdi. «Volga» shitob o‘rnidan qo‘zg‘oldi. U ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, Isoning yelkasidan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi. Ammo, ichki bir norozilik ko‘nglini bezovta qila boshladi.
Avtobazaga borgach, mashinani bir qator qarovdan o‘tkazdi.
Ertasi kuni direktorni uchratdi.
— Azamat yigit ekansan! — deb yelkasiga qoqdi u.— Bir hafta dam ol. Bundan keyin birga ishlaymiz.
Bir hafta dam olib ishga chiqsa, direktor yo‘qlatdi. Kabinetga kirdi. Negadir boshliqning qovog‘idan qor yog‘ardi.
— O’zining farosati yetsa kerak deb o‘ylagan edim. Lekin, insofing yo‘qqa o‘xshaydi. Nega ulushimni bermay yuribsan? — dedi direktor dangal.
— Kechirasiz, siz bilan ko‘saning o‘zi hisob-kitob qiladi deb o‘ylabman, — deb uzr so‘radi Iso. — Bo‘pti, og‘a, ertaga hammasini keltirib beraman.
— Hammasi kerak emas, faqat ulushimni bersang kifoya. Men besh qo‘lini og‘ziga tiqadigan ochofat emasman!
Uyga borib, hangomani xotiniga so‘zlab berdi.
— Qurib ketsin, hamasini eltib bering! — dedi xotini tutoqib.
Hammasini eltib berdi. Direktor bir bog‘lamini o‘ziga qaytardi, lekin Iso rad etdi.
— Bo‘pti, yaqinda yangi mashina beraman, — deb va’da qildi direktor.
Darhaqiqat, direktor va’dasida turdi. Tez orada Isoga yangi mashina berildi. Direktor Isoga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turdi: teng sheriklikka mo‘may buyurtmalar topib qo‘yardi. Olis shaharlarga qovun eltib sotishni ham direktor maslahat berdi. Oxiri xotini chidamadi.
— Yo meni deng, yo ishni!— deb keskin shart qo‘ydi
U:
— Nima qil deysan?
— Bu ishingizni yig‘ishtirasiz, vassalom! Siz u yoqlardan uyga kelguncha adoi tamom bo‘lyapman! Bo‘ldi, jonimdan to‘ydim...
Iso kuldi. Xotini yig‘ladi.
— Bo‘pti, oxirgi marta borib kelay. Keyin bas qilaman, — dedi Iso noiloj.
U oxirgi marta mashinani to‘ldirib qovun bosdi. Hamkasblaridan maslahat so‘radi: qovun qimmat shaharni bilib oldi. «Qashqayo‘lning ustida Bovan ismli qariya yashaydi. U kishidan oq fotiha olsang, albatta, ishlaring baroridan keladi», deb nasihat qildi keksa shofyor. Iso o‘sha qariyadan duo olish niyatida Qashqayo‘lga burilgan ham ediki, ortidan DAN xodimlari quvib yetishdi.
Yo‘lga chiqish arafasida Xo‘jayli bozorida narx-navolarni surishtirib yurib tasodifan qadrdon Do‘stkaliyni uchratdi. Unga sheriklikni taklif etdi. Do‘stkaliy rozi bo‘ldi.
— Uchdan biri seniki, — dedi Iso. 
Ular qaytishda Ustyurt oralab o‘tgan yo‘ldan yurdilar. Safarlari xayrli o‘tdi. Qashqayo‘lga tushib olgan paytlari sharros yomg‘ir quya boshladi. Iso rulni Do‘stkaliyga topshirdi.
— Bir oz mizg‘ib olaman. To‘g‘ri haydayversang, hademay Bovan boboning kulbasiga yetib boramiz, — deb pinakka ketdi.
Tush ko‘rdi. Bovan boboning hovlisida yurgan emish. Xotini bolalari ham shu yerda emish. «Sizlarni kutib olgani keldik», dermish xotini. Lekin negadir o‘zini olib qocharmish...
Tong pallasi tepalikda uyur bo‘lib turgan kiyiklarga duch keldilar. Jonivorlar mashina chiroqlaridan taralayotgan sho‘‘laga chulg‘anib, guras-guras bo‘lib yugurardilar. To‘dadan ajralib chiqqan bitta kiyik mashinaning yo‘liga tushib olib, shitob qocha boshladi.
— Shuni urib olmaymizmi? — deb so‘radi Do‘stkaliy hamrohini uyg‘otib.
— Bo‘pti, gazni bos! — dedi Iso zavqlanib.
Kiyik izidan quvlab boraverdilar. Bir payt kiyikning dumi bir quchoq qizil tulkiga aylanib qolganini yaqqol ko‘rdilar. Tulki chiroyli dumini o‘ynatib qochib boraverdi. Do‘stkaliy battar jo‘shib ketdi — tezlikni yanada oshirdi. Tulki esa baland bir tepalikdan oshib o‘tdiyu mashina ham o‘sha tepalikka sapchib chiqib, birdan tubsiz jarlikka uchib ketdi. Iso ko‘zini ochgan paytda mashina tumshug‘i bilan jarlik tubiga zarb bilan urildi. A’zoyi badani zir qaqshaganini his etdiyu hushidan ketdi.
Bir zamonlardan so‘ng Iso hushiga keldi. Osmonda yulduzlar miltillardi, kabinaning narigi burchagida Do‘stkaliyning gavdasi qorayib ko‘rinardi. O’rnidan qo‘zg‘almoqchi bo‘ldiyu belidan pastrog‘ini temir-tersak iskanjaga olganini bildi. Ingrab yubordi. Oyoq-qo‘llari yo‘qday edi. Tovush chiqarib yana ingradi. Ammo, negadir o‘z tovushini o‘zi eshitmadi. Birdan oppoq bulutlar ustida suzib yurganday bo‘ldi. Bulutlar bag‘rida yo‘q bo‘lib ketdi — yana hushini yo‘qotdi. Hushiga kelgach, nafasi yetgulik masofada qip-qizil tulki o‘tirganini ko‘rdi. «O’sha», deb o‘yladi. Ko‘zlari chaqnardi. Qip-qizil edi. Umrida bunaqa maxluqni ilk bora uchratishi edi. «Balki, meni qutqarish uchun kelgandir», deb o‘yladi. Ko‘ngli bir oz taskin topdi. Tulki undan ko‘z uzmasdan o‘tirardi. Odamzotning bemajol ekanini bilardi, chog‘i. Tulki asta qo‘zg‘aldi. Boshi rul chambaragi ustida osilib turgan Do‘stkaliyga yaqinlashdi va uning og‘zini yalay boshladi. Qon yalayotgani aniq bilindi. Oldingi oyoqlarini Do‘stkaliyning yelkalariga tirab oldi. «Endi navbat o‘zimga keladi», deb xayolidan o‘tkazdi Iso. Ijirg‘anib qo‘ydi. Tulki uning ijirg‘anishiga parvo qilmadi. Do‘stkaliyning og‘zidan sizib chiqayotgan qop-qora qonni yalab bo‘lgach, mashinaning siniq old oynasidan kapot ustiga chiqib cho‘nqayib o‘tirdi va osmonga qarab uv tortib yubordi. Uzoq-yaqindan boshqa tulkilarning javobi eshitildi. Iso tag‘in hushidan ketdi, hushiga kelgan payt tulki dumini lik-lik etkazib, kopot ustida aylanib yurgan edi. U tomondan yoqimsiz hid anqirdi. O’pkasi shig‘-shig‘ etib nafas olayotgani ham baralla eshitilardi. Ko‘zlari bejo edi. Turki atvoridan niyati yaxshi emasligi bilinib turardi.
«Ey odam, agar hozir men yarador bo‘lganimda bor-mi, albatta, terimni shilib olarding! Lekin, bu safar men emas, sen madadga muhtojsan. Buni qaytar dunyo deydilar».
Tulki tantana qildi. Ichidan quvonyapti.
Bir payt osmondan tushdimi yo toshlar orasidan chiqdimi, ishqilib, tumshuqlari qayrilma qilichga o‘xshash qop-qora qushlar paydo bo‘ldi. Parlari to‘kilib qolgan qari qush asta Do‘stkaliyning yelkasiga qo‘ndi-da, yon tomonga engashib uning ko‘zlarini cho‘qilay boshladi.
Iso yana-tag‘in hushini yo‘qotdi.
U qayta hushiga kelmadi.
* * *
Qariya kun bo‘yi kulbasi oldidagi yapaloq tosh ustida o‘y surib o‘tirdi. O’qlangan beshotarni quchog‘idan qo‘ymadi. U qizil tulki bilan chinakamiga olishmoqchi: yo o‘ladi, yo o‘ldiradi. Nima bo‘lsa takdiridan ko‘radi. Takdirdan qochib qutulib bo‘lmaydi.
Qorong‘i tusha boshlagach, kutganiday momiq dumini tebratib qizil tulki o‘q yetmas joyda ko‘rindi. Tepalikka cho‘nqayib o‘tirdi. Og‘ir ishni bajarib qaytgan kabi xorib-tolgani sezilib turardi. Demak, u ham obdon charchagan, tinka-madori qurigan ko‘rinadi. Axir, pinxoniy olishuv bir necha kundan buyon davom etayotibdi.
Qariya miltig‘i qo‘ndog‘ini yelkasiga tirab, shoshmasdan tulkining qoq manglayini mo‘ljalga oldi. Tepkini bosgan zahoti ko‘pdan beri otilmagan miltiq zarbi yelkasini qaqshatib yubordi. Qariya chalqanchasiga yiqildi. Yiqilayotib, o‘sha tepalik ustidan yaltirab turgan bir juft ko‘zni ko‘rib qoldi. Nazarida tulkini o‘ldirganday bo‘ldi. O’zicha quvondi. «Shukr, bu dunyodan bearmon ketadigan bo‘ldim», deb shivirladi. Tirsagiga suyanib asta qaddini ko‘tarib, o‘sha tepalik tomon qaradi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, qizil tulki hamon tepalik ustida qariya tomondan ko‘zlarini uzmay tikilib o‘tirardi. Hagto dastlabki holati o‘zgarmagan edi.
Qariya jon achchig‘ida miltiqni qayta o‘qladi. Huv o‘sha tepalik ustida endi to‘rtta bo‘lib ko‘rinayotgan qizil tulkilarning qay birining manglayini mo‘ljalga olishni bilmasdan hiyla fursat taraddudlanib turdi. Axiyri qo‘llari tolib ketdi va jon achchig‘ida miltig‘ini yapaloq toshga zarb bilan urdi. O’q tovushi eshi-tildi. Miltiqning qo‘ndog‘i yorildi. Quvurini qo‘ldan qo‘yib yubormagan qariyaning ko‘kragiga cho‘g‘ bosilganday bo‘ldi. Et hidi anqib ketdi. Negadir burniga porox hidi bilinmadi, faqat etkabob hidi gup etib dimog‘iga urildi. — Ey, bevafo dunyo, — deb ingradi qariya. Asta cho‘k tushdi. Miltiq quvuri ham qo‘lidan sirg‘alib yerga tushdi.
Majoli quriy boshladi. Majolsizlanayotgan payti negadir kulbasi tomon emas, balki Yorqovokdagi mozor tomon emaklay boshladi.
«Ishqilib, o‘zimga tayyorlab qo‘yganim — ochiq go‘rimga bir iloj qilib yetib borsam bas», deb shivirladi u. Yomg‘irdan paydo bo‘lgan xalqobga yuztuban yiqildi. Birpasdan so‘ng tirsaklariga tayanib qaddini yerdan ko‘tardi. Yana Yorqovoq tarafga tirsaklari bilan emaklay boshladi.

Qoraqalpoqchadan Nabijon Boqiy tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.