OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xedli Barker. Mash’um tuz (hikoya)

Gerbert Dolishning fikricha, anavi imillagan ofitsiant qiz bo‘lmaganida u qotilga aylanmagan bo‘lardi. 
Poezd ketishiga o‘n daqiqa qolganida ochlikdan qorni surnay chalayotgan Gerbert stantsiya tamaddixonasiga kirdi. Ofitsiant qiz sudralib qadam bosib uning oldiga keldi, Dolish esa joyida o‘tirolmas, tinmay soatiga qarardi. Unga taom keltirishganida poezd ketishiga bor-yo‘g‘i ikki-uch daqiqa qolgandi. 
Choyni chala-chulpa ho‘plagan Gerbert perronga o‘qdek yetib keldi, ammo poezd joyidan siljigan va u odatda yo‘lovchi hamrohlar bilan qarta o‘ynab ketadigan vagon ancha oldinda edi.  
Ajoyib qarta o‘yini haqidagi fikrdan voz kechgan Dolish so‘nggi vagonga zo‘rg‘a osilib chiqib oldi. 
U yuk xaltasini orqasiga osgancha yagona yo‘lovchi o‘tirgan kupega kirdi. Yo‘lovchi bashang kiyingan, bo‘yinbog‘ taqqan olifta edi. Olifta Dolishga bir sidra ko‘z tashlagach, yurib ketayotgan poezdga sakrab chiqish xavfli ekanligi haqida ming‘irladi. Keyin esa Dolishdan farqli o‘laroq ketayotgan poezdga sakrab chiqolmagan va g‘ildirak ostida qolib ketgan allaqanday Tomas Biggs haqida batafsil hikoya qildi.
Bu paytda qotillik qilish xayolida yo‘q bo‘lgan Gerbert oliftaga tikilib turardi. U ahmoq odamlarga toqat qilolmasdi, ro‘parasidagi hamrohi unga ana shunday ahmoqlardan biridek tuyuldi. Ammo u qarta o‘ynashni taklif qilgach, Dolish quvonchdan sakrab yuborishiga sal qoldi. U ashaddiy qartaboz bo‘lgani uchun bu taklifga darrov rozi bo‘ldi.
-Menda qarta bor,-dedi Gerbert qo‘lini cho‘ntagiga solib. Barmoqlari qattiq narsaga urildi. Dolish cho‘ntagidan to‘pponcha chiqardi.-Qo‘rqmang,-dedi u kulimsirab va qurolni stol ustiga qo‘ydi.-Men talonchi emasman. Bugun tasodifan sotib oldim. Mahalliy tirda to‘pponchadan o‘q otish bo‘limi ochilgandi. Ishonavering, bu judayam zo‘r sport.
Hamrohi bosh irg‘adi.
-Maylimi,-dedi u va to‘pponchani qo‘liga olib tomosha qildi.-Zo‘r qurol! Jin ursin, o‘qlangan ekan!
-Hm... o‘q ham sotib olgandim, ammo tashvishlanmang. Xo‘sh, nima o‘ynaymiz? «Oltmish olti»ni bilasizmi?
-Ha, o‘ynaganman. Hech esimdan chiqmaydi, bir marta...
Gerbert qarta tarqatishni boshladi. 
-Qanchadan tikamiz?-so‘radi u.
-Besh shillingdan tikamiz, bo‘ladimi?
Dolish ajablandi. Odatda u bunchalik katta puldan o‘ynamasdi, ammo o‘z tajribasiga ishonib taklifga e’tiroz bildirmadi. 
Gerbertga ro‘parasida o‘tirgan bo‘yinbog‘li olifta shunchaki havaskor emasligi tez orada ayon bo‘ldi. U qartalarni epchillik bilan aralashtirar, tarqatardi.
Dolish yutqaza boshladi. Besh shilling, o‘n, o‘ttiz besh, ellik... U olti funt yutqazib qo‘ydi. Asabiylashganidan yuzlari qizarib ketdi. U endi yutish uchun astoydil o‘ynay boshladi. Ammo poezd Chetemga yetib kelguncha qirq besh funtdan ayrildi. Pulini qanday qilib bo‘lsa ham qaytarish maqsadida Dolish o‘yinni davom ettirdi. Vahimadan uning yuragi taka-puka bo‘layotgandi. Uning omadi kelmas, tinmay yutqazardi. Bugun qarzlari uchun pul to‘laydigan kun. Hozir yutqazayotgan pullari aynan qarzni to‘lashga mo‘ljallangandi...
Yetmish funtni boy bergach, Gerbert o‘zini orqaga tashladi va qaltiroq qo‘llari bilan peshonasidagi terni artdi. Uning rangi oqarib ketgan, lablari pirpirab uchardi.
-Afsuski,-dedi u,-men o‘yinni davom ettirolmayman. Yonimda bir shilling ham qolmadi. 
-Rostdanmi? Mayli, oshna, omadingiz kelmadi. Afsus, o‘yin zo‘r ketayotgandi. 
-Menga qarang,-dedi Gerbert soxta tabassum qilgancha,-bilaman, iltimosim g‘alati, lekin... yutgan pullaringizni menga qaytarib bera olasizmi? Keyin qaytaraman, ammo hozir... Bilasizmi, men...
Qartaboz unga ko‘z qiri bilan qaradi va xoxolab kuldi.
-Qoyil! Uyga borishim bilan xotinimga aytaman. Kulaverib ichagi uzilib ketsa kerak. Yutqazdingizmi, oshna, yutqazdingiz. Men sizga xayriya jamg‘armasi emasman.
-Iltimos,-yolvordi Dolish.-Meni noto‘g‘ri tushundingiz...
-Sizga maslahatim, oshna, bu pullarni unuting va...
-Qo‘lingni ko‘tar!-xirilladi Dolish to‘pponchasini o‘qtalib.  
Ayni daqiqalarda ham u qotillik qilishni o‘ylamayotgandi. U shunchaki qartabozni qo‘rqitish va undan yutqazib qo‘ygan yetmish funt pulini qaytarib olishni xayol qilayotgandi. 
Ammo olifta kutilmaganda Dolishga tashlandi. Dolish qo‘rqib ketib tepkini bosdi. 
Qartaboz xuddi latta-putta solingan qopdek yerga quladi. Uning peshonasidan tirqirab qon chiqdi.
Dolish o‘ziga keldi va endi nima qilish kerakligini o‘ylay boshladi. 
U jasadni poezddan uloqtirib tashlash uchun engashdi va uning qo‘lida soat borligini ko‘rib qoldi. Dolish soat milini orqaga-o‘ntakam oltiga surib qo‘ydi. Jasad yerga tushganida zarbadan soat to‘xtab qoladi va politsiya u bundan oldingi poezdda o‘ldirilgan deb o‘ylaydi.
U kupe eshigini ochdi, jasadni uloqtirdi va yengil nafas oldi.
Skotland-Yard inspektori Venner London elektropoezdiga ertalab sakkizu qirqda o‘tirdi. Kupeda ikki kishi o‘tirgandi. Bir ozdan so‘ng ular Dolishni hazil-huzullar bilan qarshi olishdi. O‘n yildirki to‘rtalasi ishga bitta kupeda, manzilga yetguncha qarta o‘ynab ketishardi. 
-Qarta esingdan chiqmadimi?-qichqirishdi hamrohlar.-Kecha kechqurun qaerda eding? 
-Kech qolib ketdim,-dedi Dolish.-Oxirgi vagonga zo‘rg‘a chiqib oldim. Kecha soat beshdagi poezdda yuz bergan qotillik haqida o‘qidinglarmi?
Dolish uzatgan qartani sanayotgan Smit bosh silkidi.
-Bechoraning boshi majaqlanib ketibdi. Venner, gazetada yozilmagan boshqa ma’lumotlardan ham xabaring bordir?
-Ko‘p narsadan xabarim bor, faqat aytib bo‘lmaydi,-dedi inspektor.-Qotillik yuz berganidan uch soat o‘tgach, meni jasadni ko‘rishga chaqirishdi. 
-Menga qara, Dolish,-dedi Smit,-qarta oz-ku. Mash’um tuz qani?
Smit tuz qarg‘ani shunday atardi. 
-Cho‘ntagimda qolib ketibdi, shekilli,-dedi Gerbert.
-Cho‘ntakdaligi aniq, faqat sening cho‘ntagingda emas,-dedi kutilmaganda Skotland-Yard inspektori.-Adashmasam, mana u.
Venner shu so‘zlarni aytib tuz qarg‘ani stol ustiga qo‘ydi.
-Qoyil! Xuddi o‘sha yetmayotgan tuz!-qichqirib yubordi Smit.-Venner, bu qartani qanday qilib olib qo‘yding?
Venner Dolishga qaradi.
-Janob Dolish, -dedi u Gerbertning yelkasiga qo‘lini qo‘ygancha,-qanchalik og‘ir bo‘lmasin, men sizni hibsga olishim shart. Bu tuz o‘ldirilgan shaxsning kiyimi yengidan topilgan...

Ruschadan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.