1
Endi Jeffersonda dushanba kuni haftaning boshqa kunlaridan zig‘ircha ham farq qilmaydi. Chunki shaharga son kirib qoldi — ko‘chalarga tosh yotqizilgan; telefon va elektr kompaniyalari eman, akas, qayrag‘och kabi sersoya daraxtlarni kesib, o‘rniga g‘uj chiroqli temir ustunlar o‘rnatyapti. Shaharda kir yuvish korxonasi qurilib allaqachon ishga tushirilgan, Dushanba kuni ertalab turli-tuman mashinalar ko‘zni qamashtirib shahar ko‘chalarini aylanib yuradi; hafta mobaynida yig‘ilib qolgan kir ust-boshlar ortilgan bu mashinalar chiyillagancha g‘izillab yonginangizdan o‘tib qoladi. Eski urf-odatlarga ko‘ra oq tanlilarning egni-boshini yuvib tirikchilik qiladigan zanji ayollar ham hozir kirlarini mashinalarga ortib ketadilar.
Ammo bundan o‘n besh yil muqaddam dushanba kuni osoyishta bo‘lar, soya- salqin, tuproq ko‘chalar ertalabdanoq kattakon tugunni ro‘mol tang‘ilgan boshlariga qo‘yib ko‘tarib borayotgan zanji ayollar bilan to‘lib-toshar edi. Bu xotinlar rosa bir toy paxtadek tugunni boshlarida shunday ko‘tarib o‘tishardiki, oq tanlilar uyidan to zanjilar mahallasidagi kulbalariga biror yerda tugunga qo‘l tekkizmasdan yetib borar edilar. Nensi boshining qoq o‘rtasiga tugunni qo‘yar, tugun tepasiga esa qishu yoz boshidan tushmaydigan poxol shlyapasini tashlab olar edi. U badqovoq, yalpoq yuzli, tishlari to‘kilib bitganidan lunji sal-pal salqigan, bo‘ychan ayol edi. Ko‘pincha bizlar ko‘chaning u boshigacha, ba’zan undan ham uzoqroqqa, o‘tloqning narigi chekkasigacha, tugunni osongina ko‘tarib ketishiga qoyil qolib, ortidan ergashib borardik: tugunning qoq tepasidagi shlyapa u zovurga tushayotganida va qayta yuqoriga chiqayotganida ham, hatto chiy orasidan o‘tayotganida ham, og‘ish tugul, qimir etmasdi. Nensi boshini orqaga tashlab teshikdan emaklab o‘tar ekan, tugun qilt etmay, xuddi havo sharidek boshi uzra turardi; so‘ngra u qaddini rostlar va yana yo‘lga tushar edi.
Onda-sonda ko‘ylak-ishtonlarni olib ketgani kirchi xotinlarning erlari kelardi, ammo Iisus bunday ishga qo‘l urmasdi; ilgari dadam uni uyimizga qadam bostirmay qo‘yganidan avval ham, hatto keyinroq Dilsi og‘rib, uning o‘rniga Nensi biznikida pazandalik qilib yurganida ham aqalli biron marta bo‘lsin Iisus kir tashimagandi.
Deyarli har kun ertalab tezroq nonushta hozirlagani chaqirib kelish uchun Nensining uyiga borishga to‘g‘ri kelardi. Otam, Iisus bilan — u pakana, chandiq yuzli habash edi — adi-badi aytishib o‘tirmanglar, deb qattiq tayinlaganidan zovur yoqasida to‘xtardik va o‘sha yerdan turib, to ostonada yap-yalang‘och Nensining qorasi ko‘rinmaguncha uyga tosh otaverardik.
—Bir kami tosh otishlaring qoluvdi, — derdi Nensi. — Nima kerak sizga, shumtakalar?
— Tezroq borib nonushta tayyorlar emishsan, dadam shunday deyaptilar,— derdi Keddi. — Nonushta shusiz ham yarim soat kechikyapti ekan, shuning uchun hoziroq yo‘lga tushar emishsan.
—He, nonushtalaring ordona qolsin, — derdi Nensi. — Bularning dastidan to‘yib uxlay ham olmaysan-a!
—Sen mastsan shekilli? — derdi Jeyson. — Dadamning gapiga qaraganda, sen mast ekansan. Shunaqami, Nensi?
—Kimdan chiqdi bu gap? — deya to‘ng‘illardi Nensi. — Uyquniyam harom qildilaring, e, nonushtangizdanam o‘rgildim.
Yana bir necha tosh irg‘itgach, keyin uyga qaytib ketardik. To Nensi sudralib yetib kelgunicha ancha vaqt o‘tar va men maktabga kechikardim. Biz hammasiga viski sabab bo‘lgan deb o‘ylardik. Bundan avvalroq uni ushlab qamoqqa olib ketayotganlarida, yo‘lda bank kassiri, baptistlar cherkovining muboshiri janob Stovel uchrab qolib, Nensi uni ko‘riboq yopishib olgan:
—Qachon mening haqimni berasiz, mister? Qachon pulimni berasiz, mister? Menikida uch marta bo‘libsiz-u, haligacha bir tsent berganingiz yo‘q... — deya baqiravergan.
Janob Stovel jahl ustida uni bir urgan, Nensi ag‘darilib tushgan, ammo shunda ham jag‘i tinmagan.
—Qachon pulimni berasiz, janob? Menikida bir emas, uch marta bo‘lsangiz ham haligacha... — degan.
Shunda janob Stovel xotinning yuziga tepib yuborgan, sherif uni ajratib olgan, ammo Nensi yotgan yerida kulavergan. So‘ng yuzini chetga burib, qon aralash tishlarini tupurib tashlab:
—Menikiga uch marta kirib, bir tiyin ham bermadi-ya, — deya to‘ng‘illagan.
U mana shu tariqa tishsiz qolgan edi. O‘sha kuni hammaning og‘zidan Nensi bilan Stovel tushmadi, qosh qorayganda esa qamoqxona devori yonidan o‘tgan-ketganlar dam ashula aytib, dam dod-voy solayotgan Nensining ovozini eshitgan edi. Derazadan uning panjarani changallab olgan qo‘llari ko‘rinar, devor yonida esa olomon to‘plangan edi. Hamma uning bo‘kirishini ham, nazoratchining ovozingni o‘chir, deb o‘dag‘aylashini ham eshitib turardi. Biroq Nensi ovozini o‘chirmadi, kechasi bilan dod solib chiqdi. Tongotar oldidan nazoratchi tepada nimadir devorni dukurlatib, tirnayotganini eshitib qolibdi. Yuqoriga chiqib qarasa, Nensi deraza panjarasida osilib turganmish. Keyinchalik nazoratchi, gap viskida emas, balki kokainda, habash zoti kokain hidlamaguncha hech qachon o‘z joniga qasd qilmaydi, modomiki kokain hidladimi, bas, habashligini unutadi-qo‘yadi, dedi.
Nazoratchi uni sirtmoqdan chiqarib olgach, hushiga keltirib, rosa do‘pposlagan. Nensi ko‘ylagini yirtib o‘zini osib qo‘ya qolgan edi. Hibsga olishganida uning egnida ko‘ylagidan bo‘lak ust-boshi yo‘q edi, qo‘lini bog‘lagani hech narsa topolmay, noilojlikdan deraza panjarasini changallab osilib turavergan. Nazoratchi xuddi mana shu paytda shovqinni eshitgan, yugurib yuqoriga chiqib, qip-yalang‘och Nensining panjarada osilib yotganini ko‘rgan.
Dilsi kasalga chalinib, Nensi biznikida ovqat pishirib yurgan choqda farto‘gining ostida qorni to‘lishib borayotganini hammamiz payqab qoldik; bu hali otam Iisusni uyimizga kiritmay qo‘ymasidan avvalroq sodir bo‘lgandi. Iisus oshxonadagi plita yonida o‘tirardi, uning qop-qora yuzidagi chandiq izi isqirt tasmani eslatardi. Nensining qo‘ynida tarvuz bor, dedi u bizga. Holbuki, o‘sha kez qish fasli edi.
—Tarvuzni qishda qaydan olding? — deb so‘radi Keddi.
—Bu meniki emas,—deb javob berdi Iisus. — Men berganim yo‘q uni. Ammo-lekin menikimi, boshqanikimi, bari bir, bir kuni shartta olamanu so‘yib tashlayman.
—Nega bolalarning oldida bunaqa narsalarni gapiryapsan? — dedi Nensi. — Nega ishlagani qo‘ymayapsan? Oshxonada laqillab, bolalarning oldida bo‘lar-bo‘lmas gaplarni vaysab o‘tirganingni Jeyson ko‘rib qolishiga ko‘zing uchib turibdimi?
—Nima deyapsan o‘zi? Nensi, u nima deb vaysayapti? — deya so‘radi Keddi.
—Men uchun oq tanli odamning yemakxonasida laqillab o‘tirish mumkin emas, — dedi Iisus. — Mening yemakxonamda esa oq tanli odam laqillab o‘tirsa mayli. U xohlasa menikiga kiradn, men esa unga kelmagin deyolmayman. Qachon oq tanli uyimga kelsa, o‘zim uyimda ortiqcha bo‘lib qolaman. Mayli, unga kelma deyishga haqqim bo‘lmay qo‘yaqolsin, ammo u meni uyimdan aslo haydab yuborolmaydi. Yo‘q, bu uning qo‘lidan kelmaydi.
II
Dilsi hamon betob edi. Otam Iisusni biznikiga kirgizmay qo‘ydi. Dilsi hamon ko‘rpa-to‘shak qilib yotardi. U hadeganda tuzalavermadi. Kunlardan birida, kechki ovqatdan keyin, otamning xonasida o‘tirgandik, onam:
—Nensi bo‘lay deb qoldimi? — deb so‘radi. —Nazarimda shu vaqt ichida idish-tovoqlarni yuvib ulgurish mumqin edi.
—Kventin borib xabar olaqolsin, — dedi otam. — Kventin, qara-chi, Nensi ishini tugatibdimi-yo‘qmi? Unga ayt, uyiga ketaversin.
Men borib oshxonaga bosh suqdim. Idish-tovoqlar yuvilib, joy-joyiga taxlangan, plitaning alangasi o‘chirilgan, Nensi allaqachon sovub ulgurgan plita yonidagi kursida o‘tirar edi. U menga nazar tashladi.
—Ishlaringni tugatdingmi-yo‘qmi, oyim so‘rayaptilar, — dedim.
—Ha, bo‘ldim, — dedi Nensi. U menga boshdan-oyoq razm soldi. — Tugatdim, — deya yana ko‘zimga qaradi.
— Nensi, nima gap o‘zi? Senga nima bo‘ldi? — deya so‘radim.
—Men bor-yo‘g‘i bir habash xotinman, — dedi Nensi. — Lekin minba’d bunga men aybdor emasman.
U poxol shlyapasini kiyib, sovugan plita yaqinidagi kursida o‘tirganicha mendan ko‘z uzmasdi. Men xonaga qaytib bordim. Kim bilsin, plita o‘chib qolgani uchunmi, yemakxona juda fayzsiz edi, chunki odatda yemakxonaga kirgan odamning ko‘ngli ochilardi, hammaning dimog‘i chog‘, doimo issiq va g‘ala-g‘ovur bo‘lardi. Hozir esa plita o‘chgan, idish-tovoqlar yig‘ishtirilgan va ayni ovqat yeydigan mahalda hech kim ovqatlanishni o‘ylamas edi.
—Xo‘sh, tugatibdimi? — deb so‘radi onam.
—Ha, oyi, — deb javob berdim.
—Unday bo‘lsa, nima qilayotgan ekan?
—Hech nima. O‘tiribdi.
—Men qarab kelaman,—dedi otam.
—U balki, kuzatib qo‘yardi, deb Iisusni kutayotgandir, — dedi Keddi.
—Iisus ketib qoldi, — dedim men.
Nensi menga bir kun ertalab o‘rnidan turgani va Iisusning dom-daragini topolmagani haqida gapirib bergandi.
—Meni tashlab ketdi, — dedi Nensi. — Memfisga jo‘nab ketgan bo‘lsa kerak. O‘shoqlarda politsiyadan yashirinib yurganga o‘xshaydi.
—Ming qatla shukrki, undan qutulding, — dedi otam. — Menimcha, bedarak ketgan.
—Nensi qorong‘idan qo‘rqadi, — dedi Jeyson.
—Nima bo‘pti, o‘zing ham qo‘rqasan, — dedi Keddi.
—Hecham qo‘rqmayman, — dedi Jeyson.
—Qo‘rqog‘-ey, — dedi Keddi.
—Hecham-da, — dedi Jeyson.
—Kendeys! — deya dashnom berdi onam.
Otam kirdi.
—Nensini picha kuzatib qo‘ymasam bo‘lmaydi, — dedi u. — Aytishiga qaraganda, Iisus qaytib kelganmish.
— O‘z ko‘zi bilan ko‘ribdimi? — deb so‘radi onam.
—Yo‘q, allaqanday habash Iisusni shaharda ko‘rganini unga yetkazibdi. Men tezda qaytaman.
—Sen to Nensini kuzatib qo‘yguningcha men uyda yolg‘iz o‘tiramanmi? — dedi onam. — Senga habash xotinning tinchi mening tinchimdan ko‘ra zarurroq shekilli.
—Boramanu qaytaman, — dedi otam.
—Anavi habash shu atrofda daydib yurgan bo‘lsa ham, bolalarni yolg‘iz qoldirib ketishga ko‘zing qiyadimi?
—Men ham boraman, — dedi Keddi. — Borsam maylimi, dada?
—Sening bolalaringga uning ko‘zi uchib turgani yo‘q, — dedi otam.
—Men ham boraman, — dedi Jeyson.
—Jeyson! — deya baqirdi onam. Buni otamga qarata aytgani uning avzoyidan sezilardi. Shu bilan u go‘yo, qanday qilib bo‘lmasin yuragimni ko‘proq siqish uchun kun bo‘yi turli bahonalar axtargan edi, mana, nihoyat niyatiga yetdi, demoqchi edi. Men nafasimni ichimga yutib o‘tirardim, chunki onam payqab qolsa, shak-shubhasiz, meni tashlab ketishini xohlab qolajagini otam ikkimiz yaxshi bilardik. Shuning uchun otam men tomonga aqalli bir marta ham qaramadi. Bolalarning to‘ng‘ichi men edim. Keddi mendan ikki yosh kichik — yettida, Jeyson esa besh yashar edi.
—Bekor gap! — dedi otam. — Biz tezda qaytib kelamiz.
Nensi allaqachon shlyapasini kiyib olgandi. Biz tor ko‘chaga chiqdik.
—Iisus doim mening ko‘nglimga qaragani qaragan edi, — dedi Nensi. — Necha pul topishidan qat’iy nazar, yarmini menga berardi.
Biz tor ko‘cha bo‘ylab borardik.
—Shu tor qo‘chalardan chiqib olsam bo‘lgani, — dedi Nensi, — u yog‘i ikki qadam.
Tor ko‘cha xudoning bergan kuni zimiston edi.
—Aziz-avliyolar kuni Jeyson mana shu yerda rosa qo‘rqqandi, — dedi Keddi.
—Hecham qo‘rqmagandim, — dedi Jeyson.
—Reychel xola ham hech narsa qilolmaydimi uni? — deb so‘radi otam.
Reychel xola juda qarib qolgan edi. U Nensining uyidan sal naridagi kulbada yolg‘iz yashardi. Uning sochlari oppoq oqarib ketgan, allaqachonlardan beri hech yerda ishlamas, har kuni ertalabdan kechgacha bo‘sag‘ada o‘tirib trubka chekishdan boshqa ishga yaramas edi. Odamlarning orasida, Iisus uning farzandi, degan mish-mishlar yurardi. Reychel xolaning o‘zi ba’zan bu gapni tasdiqlar, ba’zan esa, mutlaqo bo‘lmagan gap, u hech kimim emas, deb turib olar edi.
—Yolg‘on, sen qo‘rqib ketganding, — dedi Keddi. — Fronni u yoqda tursin, har qanday habashdan ko‘ra besh battar qo‘rqqanding.
—U hech kimning so‘ziga kirmaydi, — dedi Nensi. — O‘zining aytishicha, men uning jinini qo‘zg‘atib yuborganmishman, shuning uchun to meni biryoqli qilmaguncha ko‘ngli joyiga tushmasmish.
—Hechqisi yo‘q, — dedi otam, — gapiraveradi. U jo‘nab ketdi, endi qo‘rqmasang ham bo‘laveradi. Faqat oq tanlilar bilan o‘chakishmasa bas.
—Nima qilyb o‘chakishadi? — deb so‘radi Keddi. — Qanaqa oq tanlilar bilan?
—U hech qaerga ketmagan, — dedi Nensi. — Ko‘nglim sezyapti, u shu yerda. Manovi tor ko‘chada yashiringan. Nima deyayotgan bo‘lsak hammasini eshitib turibdi. Berkinib olib kutyapti. Men uni ko‘rganim yo‘q, ko‘rsam ham, atigi bir marta, qo‘lida ustara bilan ko‘rsam kerak. Ustarani u bo‘yniga osib yuradi. Mabodo ko‘rib qolgan taqdirda ham sira ajablanmasdim.
—Men sira qo‘rqib ketmagandim,—dedi Jeyson.
—Agar orqa-oldingga qarab yurganingda, hech narsa yuz bermagan bo‘lardi, — dedi otam. — Ammo bo‘lar ish bo‘ldi. Ehtimol u hozir Sent-Luisdadir, allaqachon boshqa xotinga uylanib, seni esidan ham chiqarib yuborgandir.
—Mabodo shunday bo‘lsa ham, — dedi Nensi, — mening bilmaganim yaxshi. U holda, ko‘nglingizni to‘q qilavering, kunini ko‘rsatardim. O‘shani quchoqlab bag‘riga bosib ko‘rsin-chi, qo‘llarini chopib tashlayman. Men uni qoniga tashna qilib qo‘yaman, qornidan darcha ochib qo‘yaman, men uni...
—Jim!—dedi otam.
—Kimning qornidan, Nensi, — deb so‘radi Keddi.
—Men sirayam qo‘rqib ketmagandim, — dedi Jeyson.—Tor ko‘chadan bir o‘zim yura olaman, bo‘ptimi?
—Qo‘ysang-chi, — dedi Keddi. — Biz bo‘lmasak, bu «o‘chadan yetti chaqirim naridan yurarding.
Dilsi hamon betob yotardi. Biz har kuni kechqurun Nensini uyiga kuzatib qo‘yardik. Oxiri onamning sabri chidamadi.
—Bu qachongacha davom etadi? — dedi u. — Tokay men huvillagan uyda har kuni kechqurun so‘ppayib o‘tiraveraman, sen vosvos habash xotinni kuzatib qo‘yaverasan?
Oshxonada yotar deb, Nensiga to‘shak solib bergandik. Bir kun kechasi zimziyo tun qo‘ynida zinapoya tagidan kelayotgan, ashula desa ashulaga, nola desa nolaga o‘xshamaydigan allaqanday tovushdan uyg‘onib ketdik. Onamning xonasidagi chiroq yoniq edi. Otam yo‘lakka chiqib, keyin maxfiy zinapoya tomonga o‘tganini payqadik-da, Keddi ikkovimiz ham koridorga yugurib chiqdik. Pol muzdek edi. Biz eshitilayotgan tovushga jimgina quloq solib turaverganimizdan oyog‘imizdan sovuq o‘tib, barmoqlarimiz uvishib qolayozdi. Bu ashulaga o‘xshardi, biroq ayni choqda o‘xshamasdi ham. Bu habashlarga hayronsan, nimalar qilishmaydi-ya.
Keyin u jim bo‘ldi, otam zinadan pastga tusha boshlaganini eshitib, biz ham zina panjarasi yoniga borib qaradik. Zum o‘tmay endi zinapoyaning o‘zidan, sekingina yana boyagi tovush keldi va devor yonidagi pillapoyada Nensining ko‘zlari ko‘rindi. Uning ko‘zlari bamisli mushukning ko‘zlaridek yonar, xuddi devor tagida bahaybat mushuk yashirinib olib, bizga tikilib turganga o‘xshardi. Bizlar bir necha pog‘ona pastga tushgandik, Nensining uni o‘chdi va, biz to oshxonadan to‘pponcha bilan otam chiqmaguncha, o‘sha yerdan jilmay turaverdik. Otam Nensi bilan pastga tushib ketdi, zum o‘tmay Nensiga tegishli to‘shakni qo‘ltiqlab birga qaytib chiqdi.
Uni bolalar bo‘lmasiga to‘shab berdilar. Onamning xonasidagi chiroq o‘chganida Nensining ko‘zlari yona boshladi.
—Nensi, — deya shivirladi Keddi. — Uxlamayapsanmi?
Nensi bir nimalar deb shivirladi, nima deganini men tushunmadim. Shivir-shivir, xuddi u yerda Nensining o‘zi tugul arvohi ham yo‘qdek va o‘z-o‘zidan tug‘ilayotgandek, qorong‘ilik qo‘ynidan kelardi; bu yaltiragan ko‘zlar esa quyoshga uzoq qarab, so‘ng ko‘zlaringni yumganingdagiga o‘xshab, shunchaki, boya zinapoyada o‘ta diqqat bilan tikilganim uchun, qorachiqlarimda suvrati qolganligi uchun ko‘rinayotgandek edi.
—Voy, xudoyim-ey, — deya xo‘rsindi Nensi. — Voy xudoyim-ey!
—Iisus bor ekanmi o‘sha yerda? — deya shivirladi Keddi. — U oshxonaga kirmoqchi bo‘ldimi?
—Xudoyim-ey, — dedi Nensi. U to nafasi tugaguncha chuqur xo‘rsinib: «xudoyyimeyyyyyy!..» dedi.
—Nensi, sen bizlarni ko‘ryapsanmi, — deya shivirladi Keddi.— Sen ham bizning ko‘zlarimizni ko‘ryapsanmi?
—Men bor-yo‘g‘i bir habash xotinman, — dedi Nensi. — Xudoga hammasi ayon, hammasi ayon...
—Oshxonada nima bor ekan? — deya shivirladi Keddi. — Kim kirmoqchi bo‘libdi?
—Xudo biladi, — dedi Nensi. — Xudo biladi. — Bizga uning ko‘zlari ko‘rinardi, xolos.
Dilsi kasaldan turdi, Qozon-tovoqni o‘z qo‘liga oldi.
—Sen yana biron kun yotatursang bo‘larmidi, — dedi otam.
—Nima foydasi bor? — dedi Dilsi. — Xudo ko‘rsatmasin, yana bir kun yotsam, uyning changi boshingizga chiqib ketadi. Qani, endi chiqinglar oshxonadan. Sal odam kiradigan qilib qo‘ymasam...
Kechki ovqatni ham Dilsi tayyorladi. Qosh qoraydi, deganda oshxonaga Nensi kirib keldi.
—U qaytib keldi, deb kim aytdi senga? — dedi Dilsi. — O‘z ko‘zing bilan ko‘rdingmi?
—Iisus — qoratappi, — dedi Jeyson.
—Ko‘nglim sezyapti,—dedi Nensi, — u o‘sha zovurda yashirinib yotibdi, ko‘nglim sezyapti.
—Hozirmi? — deb so‘radi Dilsi.—Hozir o‘sha yerdami?
—Dilsi ham — qoratappi,— dedi Jeyson.
—Ul-bul yeb olsang bo‘lardi,— dedi Dilsi.
—Hech narsa yegim yo‘q, — dedi Nensi.
—Men qoratappi emasman,—dedi Jeyson.
—Qahva ich, hech bo‘lmasa, — dedi Dilsi va qahva quyib uzatdi. — Seningcha u hozir ham o‘sha yerdami? Qaerdan bilasan?
—Bilmasam gapirarmidim, bilaman-da, — dedi Nensi. — U o‘sha yerda, meni poylayapti. Shuncha yil bekorga yashaganim yo‘q. Har doim nima qilishini oldindan bilardim.
—Qahvadan ho‘pla, — dedi Dilsi.
Nensi piyolani labiga yaqin keltirib pufladi. Lunji salqib, xuddi qahvani sovutaman deb hamma bo‘yog‘ini puflab yuborgandek, lablari kulrang tus oldi.
—Men qoratappi emasman, — dedi Jeyson. — Sen-chi, Nensi, qoratappimisan?
—Men xudoning qarg‘ishiga uchragan xotinman, — dedi Nensi. — Hademay hammasidan qutulaman. Qaerdan kelgan bo‘lsam, hademay o‘sha yerga qaytib ketaman.
III
Nensi qahva ichishga chog‘landi. Ikkala qo‘li bilan piyolani ko‘tarib yotgan chog‘ida yana hiqillay boshladi.
Nafasidan qahva chayqalib ketib, Nensining qo‘liga, ko‘ylagiga to‘kildi. Ko‘zlari bizda edi. U tirsaklari bilan tizzasiga suyangancha, piyolani qo‘lidan qo‘ymay, piyola osha bizga tikilib o‘tirarkan, ko‘ksidan shunday tovush chiqardi.
—Nensiga qara, — dedi Jeyson. — Dilsi tuzalgani uchun u endi ovqat pishirmaydi.
—Birpas jim tur, — dedi Dilsi.
Nensi piyolani kaftlarida tutib bizga qarar, go‘yo bir emas, xonada ikki nafar Nensi o‘tirgandek tuyulardi; biri bizga qarab turar, ikkinchisi esa tovush chiqarardi.
—Nega mister Jeyson telefon qilib sherif bilan gaplashishini xohlamayapsan? — deya so‘radi Dilsi.
Qop-qora, kosovdek qo‘llaridan piyolani qo‘ymay o‘tirgan Nensi churq etmadi. Qahvadan ho‘plamoqchi bo‘lgan edi, lekin qahva chayqalib ketib, qo‘li bilan tizzasiga to‘kildiyu u piyolani sekin stolga qo‘ydi. Jeyson unga qarab turardi.
— Tomog‘imdan o‘tmayapti, — dedi Nensi. — Yutyapman-u, ammo o‘tmayapti.
—Hozir menikiga bor, — dedi Dilsi. — Froni senga joy solib beradi. Men esa orqangdan yetib boraman.
—U duch kelgan habashdan qo‘rqadi deb o‘ylaysan shekilli, — dedi Nensi.
—Men habash emasman, — dedi Jeyson. — Dilsi, men habash emasman-a?
—Balki shundaydir, — dedi Dilsi. U Nensiga ko‘z tashladi. — Balki qo‘rqmas ham. Lekin o‘zing nima qilmoqchisan?
Nensi bizlarga qaradi. U qimir etishga holi kelmaydigandek o‘tirar, biroq xuddi biron nimani ko‘rmay, payqamay qolishdan cho‘chigandek, ko‘zlari tinmay alang-jalang qilardy. U bir vaqtning o‘zida uchovimizni nazardan qochirmaslikka urinardi.
—Xonangizda sizlar bilan tunab qolganim esingizdami? — dedi Nensi.
U ertalab o‘rnidan turgach qanday to‘polon qilganimizni gapira boshladi. Biz to otam uyg‘onib Nensi nonushta hozirlagani pastga tushib ketgunicha uning to‘shagida rosa o‘ynagan edik.
—Bugun ham sizlar bilan tunab qolishimni onangizdan so‘rang, — dedi Nensi. — Menga to‘shak ham kerakmas. Yana birga o‘ynaymiz.
Keddi, orqasidan Jeyson onamning yoniga yugurib chiqib ketdi.
—Qalang‘i-qasang‘i habashlar mening uyimda tunashga yo‘l qo‘yolmayman.
Jeyson yig‘lab yubordi. U to onam, agar hoziroq xarxashangni to‘xtatmasang, uch kungacha shirinlik yemaysan, deb koyimaguncha yig‘layverdi. Birozdan so‘ng Jeyson, agar Dilsi shokoladli tort pishirsa, yig‘lamayman, dedi. Otam ham o‘sha yerda o‘tirardi.
—Nega sen biron chora ko‘rmayapsan? — dedi onam. — Bizning politsiya nima bilan shug‘ullanayapti?
—Nensi Iisusdan nega qo‘rqadi? — deb so‘radi Keddi. — Oyi, siz-chi, siz otamdan qo‘rqasizmi?
—Politsiyaning qo‘lidan nima kelardi? — deya e’tiroz bildirdi otam.
—Nensi, hatto uni ko‘rmagan bo‘lsa, o‘zing ayt-chi, uni qaerdan izlash kerak?
—Unda nega bunchalik qo‘rqadi?
—O‘zining gapiga qaraganda Iisus bu atrofda yurganmish. Buni ko‘ngli sezayotganmish. Aytishicha, bugun ham shu yaqin orada emish.
—Nimalar uchun soliq to‘layapmiz politsiyaga, hech tushunolmadim, — dedi onam. — Sen qayoqdagi habash xotinlarni kuzatib qo‘yishing, men esa huvillagan uyda yolg‘iz qolishim yaxshimi?
—Men o‘ldiraman deb seni poylab yurganim yo‘q-ku, tushunsangchi?!—dedi otam.
—Agar Dilsi shokoladli tort pishirsa, yig‘lamasdim, — dedi Jeyson.
Onam bizlarga, boringlar endi, dedi, otam esa, Jeyson shokoladli tort yeydimi, yemaydimi, bilmayman-u, lekin hoziroq xonadan chiqib ketmasa, ta’zirini yeydi, dedi. Bizlar oshxonaga yo‘l oldik. Keddi Nensiga yuzlandi:
—Otam sen uyingga borib eshikni tambalab olsang, hech kim tegmasmish, dedi. Kim tegmaydi, Nensi? Iisusmi? Sen uni xafa qildingmi? — dedi.
Nensi hamon tirsaklari bilan tizzasiga tayanib, qo‘lidagi piyolani tizzalari orasidan osiltirib, ushlab o‘tirar, piyoladan ko‘z uzmas edi.
—Iisusning jahlini chiqaradigan nima ish qiluvding? — deya so‘radi Keddi.
Piyola Nensiming qo‘lidan tushib ketdi. Piyola sinmadi, faqat qahva to‘kildi, Nensi hamon qo‘llarida piyola bordek kaftlarini hovuch qilib o‘tirardi. U yana, past ovozda hiqillay boshladi. Bir qarasang, ashulaga o‘xshaydi, bir qarasang o‘xshamaydi. Hammamiz unga qarab turardik.
— Seni qara, bo‘ldi endi, — dedi Dilsi. — Yetar. Bunchalik kuyinaverishdan foyda yo‘q. Shu yerda o‘tira tur, men borib Vershga aytay, seni kuzatib qo‘ysin. Ungacha shu yerda qimirlamay o‘tir.
Dilsi chiqib ketdi.
Hammamiz Nensiga qaradik. Uning yelkalari titradi, ammo churq etmadi. Biz unga qarab o‘tirardik.
—Iisus seni nima qilmoqchi? — deb so‘radi Keddi. — U jo‘nab ketgan shekilli?
Nensi bizga nazar tashladi.
—Men sizlarnikida tunab qolganimda rosa miriqib o‘ynagandik, to‘g‘rimi?
—Hecham, — dedi Jeyeon. — Men sira ham miriqib o‘ynamagandim.
—Sen uxlaganding, — dedi Keddi. — Sen biz bilan o‘ynamaganding.
—Ketdik biznikiga hozir. Yana o‘ynaymiz,—dedi Nensi.
—Onam ruxsat bermaydi,—dedim men. — Kech bo‘lib qoldi.
—Sizlar ruxsat so‘ramanglar, — dedi Nensi. — Ertaga aytsanglar achchig‘i chiqmaydi.
—Onam ruxsat bermaydi, — dedim men.
—Hozir unga bildirmanglar deyapman-ku, — dedi Nensi, — qayta-qayta so‘rab bezor qilib yubormanglar.
—Onam, bormanglar, deb aytmaganlar, — dedi Keddi.
—Biz so‘raganimiz yo‘q-ku! —dedim men.
—Agar ketsanglar aytib beraman,—dedi Jeyson.
—Biz hammamiz rosa o‘ynardik-da, — dedi Nensi. — Faqat mening uyimga borib olsak bo‘lgani. Onangizning achchig‘i chiqmaydi. Men axir shuncha paytdan beri siznikida ishlayapman-ku, otangiz bilan onangiz urushmaydi.
—Men qo‘rqmayman,—dedi Keddi. — Jeyson qo‘rqadi. U oyimga aytib beradi.
—Men qo‘rqmayman,—dedi Jeyson.
—Yo‘q, sen qo‘rqasan. Sen oyimga chaqib berasan.
—Chaqib bermayman, — dedi Jeyson. — Men qo‘rqmayman.
—Jeyson yonimda bo‘lsa, hech narsadan qo‘rqmaydi, — dedi Nensi. — To‘g‘rimi, Jeyson?
—Jeyson oyimlarga aytib beradi, — dedi Keddi.
Tor ko‘cha zimiston edi. Biz borib orqa eshikdan o‘tloqqa chiqdik.
—Agar biron narsa darchadan sakrab tushsa bormi, Jeyson qo‘rqqanidan dodlab yuborardi.
—Hecham dodlab yubormasdim, — dedi Jeyson.
Biz yo‘lga tushdik. Nensi shang‘illab, baland ovozda gapirardi.
—Nega buncha baqirib gapiryapsan, Nensi? — deb so‘radi Keddi.
—Kim? Menmi? — deb so‘radi Nensi. — Ol-a, Keddi, Jeyson bilan Kventinglarning gapini ko‘ring! Go‘yo men baqirib gapirayotganmishman.
—Sen shunday gapiryapsanki, xuddi oramizda yana birov, beshinchi kishi bordek,—dedi Keddi. — Xuddi dadam biz bilan birga ketayotgandek.
—Kim baqirib gapiryapti? Men baqirib gapiryapmanmi, janob Jeyson? — dedi Nensi.
—Nensi Jeysonni «janob» deyapti, — dedi Keddi.
—Qarang, Keddi, Jeyson va Kventinlar nima deyishyapti? — dedi Nensi.
—Biz hech narsa deyotganimiz yo‘q,—dedi Keddi.
—Sendan boshqa hech kim hech narsa demayapti, xuddi dadam...
—Sekin, — dedi Nensi. — Sekinroq, janob Jeyson.
Avval zovurdan, so‘ngra Nensi doimo boshida tuguni bilan o‘tib yuradigan g‘ov orasidan o‘tdik, u butun yo‘l bo‘yi javrab bordi. Nihoyat, uyiga yaqinlashdik. Biz juda tez yetib kelgandik. Nensi eshikni ochdi. Uyda o‘tirib qolgan hid go‘yo chirog‘u Nensining badanidan ufurayotgan hid bamisli pilikdek, ular yana ham kuchliroq hid anqitish uchun bir-birlarini kutayotgandek edi. Nensi chiroqni yoqdi. Eshikni yopyb tambaladi. Shundan keyin shang‘illashdan to‘xtab, bizga qaradi.
—Endi nima qilamiz?'—deb so‘radi Keddi.
—Nima qilmoqchisizlar? — dedi Nensi.
—O‘ynaymiz, deganding.
Nensining uyida bir ko‘ngilsizlik sharpadek kezib yurgani xuddi hid singari sezilardi. Buni hatto Jeyson sezdi.
—Men bu yerda qolishni istamayman,—dedi u.—Uyga ketgim kelyapti.
—Ketsang ketaver, kim qo‘lingdan ushlab turibdi? — dedi Keddi..
Bir o‘zim ketmayman, — dedi Jeyson.
—Mana, hozir boshlaymiz, — dedi Nensi.
—Qanaqa o‘yinni boshlaymiz? — deb so‘radi Keddi.
Nensi eshik oldida turardi. U bizga tikildi, biroq hech nimani ko‘rmayotgandek ko‘zlari ma’nisiz boqardi.
—O‘zingiz nimani xohlaysiz? — deya so‘radi u.
—Yaxshisi bizga ertak aytib ber,—dedi Keddi. — Ergak aytishni bilasanmi?
—Ayta olaman, — dedi Nensi.
—Unday bo‘lsa, ayt,—dedi Keddi.
Biz Nensiga qaradik.
—Sen bironta ham ertakni bilmaysan shekilli? — dedi Keddi.
—Nega axir, bilaman, — dedi Nensi. — Hozir aytib beraman...
U borib o‘choq yonidagi kursiga o‘tirdi. O‘choqda qip-qizil cho‘g‘lar ko‘rinardi. Nensi yaxshilab puflagan edi, lop etib alanga oldi. O‘t yoqishning hojati ham qolmadi. Nensi alangani gurillatib yubordi-da, ertak ayta boshladi. U shunday gapirib, shunday qarar ediki, xuddi ovozi ham, ko‘zi ham o‘ziniki emas, birovnikidek, hatto o‘zi ham bu yorda yo‘qdek edi. Go‘yo boshqa bir yerda ediyu o‘sha yerda nimanidir kutardi. U uyda emas, balki tashqarida, qorong‘ilik qo‘ynida yurardi go‘yo.
— ... Nihoyat, malika yovuz odam yashiringan zovur yoqasiga kelibdi. U zovurga tushibdi-da: «Agar zovurdan o‘tolsam edi», debdi.
—Qanaqa zovur? — deb so‘radi Keddi. —Biznikiga o‘xshaganmi? Nega u zovurga tushadi?
—Uyga yetib olishi uchun, — dedi Nensi. — Undan boshqa boradigan yo‘l yo‘q ekan.
—Uyga borib nima qilardi? — deb so‘radi Keddi.
IV
Nensi bizlarga tikilgan ko‘yi, hikoya qilishdan to‘xtadi. Jeysonning oyoqlari kalta ishtonchasidan chiqib turardi. U hali yosh bola bo‘lganidan kalta ishton kiyib yurardi.
—Yemon ertak ekan, — dedi u. — Uyga ketgim kelyapti.
—Aytgancha, bo‘ldi, uyga ketamiz, — dedi Keddi va o‘rnidan turdi.— Bizlardan xavotir olib qidirishayotgan bo‘lmasin yana, — deya u eshikka qarab yurdi.
—To‘xta, — dedi Nensi, — ochma.
U sapchib o‘rnidan turdi-da, Keddining oldidan to‘sib chiqqani eshik tomon talpindi. Ammo eshikka ham, tambaga ham qo‘l urmadi.
—Nega? — deb so‘radi Keddi.
—Yur, chiroq yonida yana biroz o‘tiraylik, — dedi Nensi. — O‘ynaymiz, hali ketishga erta.
—Uzoq qolib ketsak bo‘lmaydi, — dedi Keddi. — Qolishga arzigulik narsa bo‘lmasa, nimayam qildik.
Ular Nensi bilan birga o‘choq boshiga qaytishdi.
—Uyga ketgim kelyapti, — dedi Jeyson, — hammasini aytib beraman.
—Men yana bitta judayam qiziq ertakni bilaman, — dedi Nensi.
UKeddidan ko‘zini uzmas, xuddi burnining uchiga cho‘pni yaqin keltirib, pastdan qaragandagidek, ko‘zlari g‘ilaylashib ketardi. Keddiga tepadan pastga qarashga to‘g‘ri kelsa ham, Nensining ko‘zlari shunday edi.
—Eshitishni istamayman, — dedi Jeyson, — men polni tapillatib o‘tiraman.
—Bunisi juda qiziqarli ertak, — dedi Nensi.— Anovinisidan ancha qiziqroq.
—Nima haqda u? —deb so‘radi Keddi.
Nensi chiroq yonida turardi. Qo‘li bilan chiroq shishasini ushladi. Chiroq nurida uning qo‘li yana ham uzunroq va qoraroq ko‘rindi.
—Sen shishasini ushlayapsan, — dedi Keddi. — Qo‘ling kuymayaptimi?
Nensi qo‘llariga qaradi va istar-istamas qo‘lini chiroq shishasidan oldi.
U Keddiga nazar solaturib, qo‘lini chunonam aylantirdiki, xuddi qo‘li arqon bilan osib qo‘yilganga o‘xshardi.
—Kelinglar, yaxshisi boshqa biron nima bilan shug‘ullanamiz, — dedi Keddi!
—Uyga ketgim kelyapti, — dedi Jeyson.
—Menda jo‘xori bor, — dedi Nensi. U Keddiga, keyin menga, so‘ngra Jeysonga, yana Keddiga qarab chiqdi. — Kelinglar, jo‘xori qovuramiz.
—Jo‘xorini yomon ko‘raman, — dedi Jeyson. — Men konfetni yaxshi ko‘raman.
Nensi Jeysonga nazar soldi.
—Men jo‘xori pishirayotganimda sen tovani ushlab turasan, xo‘pmi?
U hamon qo‘lini aylantirardi. Uzun, qop-qora qo‘li xuddi besuyakka o‘xshardj
—Bo‘.pti, — dedi Jeyson. — Agar tovani ushlab tursam, qolaman. Keddi tovani ushlab turishni bilmaydi. Agar tovani Keddiga bersang, uyga ketaman.
Nensi puflab-puflab olovni alangalatdi.
—Hatto, Nensi olovni ushlayapti! — dedi Keddi. — Senga nima bo‘ldi, Nensi?
—Menda jo‘xori bor, — dedi Nensi. — Ozgina bor.
U karavot tagidan tovani oldi. Tovaning dastasi siniq edi. Jeyson yig‘lab yubordi.
—U hech narsaga yaramaydi, — dedi u.
—Endi uyga ketmasak bo‘lmaydi,—dedi Keddi.
—Shoshmanglar, — dedi Nensi. — Shoshmanglar. Men uni hozir tuzataman. Nahotki, menga yordam berishni istamasang?
—Meni jo‘xori yegim kelmay qoldi, — dedi Keddi. — Kech bo‘ldi endi.
—Unda sen yordam ber, Jeyson, — dedi Nensi. — Sen menga yordam berasan, to‘g‘rimi?
—Yo‘q, —dedi Jeyson. — Men uyga ketaman.
—Unday qilmanglar, — dedi Nensi. — Kerakmas. Qara, men nima qilaman. Hozir uni tuzataman-da, keyin Jeyson tovada jo‘xori qovuradi.
U bir bo‘lak sim bilan tovaning dastagini mahkamladi.
—E, baribir bo‘lmaydi, — dedi Qeddi.
—Bo‘ladi,—dedi Nensi. — Mana ko‘rasan. Ana endi jo‘xori tozalaymiz, qani, qarashib yuboringlar.
Jo‘xori ham karavot tagida edi. Biz uni so‘tasidan ajratib tovaga solishga tutindik. Nensi esa Jeysonnyng tovani olovda tutib turishiga ko‘maklashdi.
—U yorilmayapti, — dedi Jeyson. — Men uyga ketaman.
—Shoshma, — dedi Nensi. — Hozir bodray boshlaydi. Judayam qiziq bo‘ladi.
U o‘choqning yonginasida o‘tirardi. Chiroqning piligi juda balandlatib qo‘yilganidan, tutay boshladi.
—Nega piligini pasaytirib qo‘ymayapsan, — deb so‘radim.
—Hech qisi yo‘q, — dedi Nensi. — Qorakuyani keyin artib olarman, ana, qara, hozir yorila boshlaydi.
Sira yoriladiganga o‘xshamayapti, — dedi Keddi. — Lekin baribir uyga ketishimiz kerak. Xavotir olishadi.
—Yo‘q, — dedi Nensi. — Hozir yorila boshlaydi. Dilsi ularga men bilan birga ketganingizyi aytib qo‘yadi. Sizlarnikida shuncha payt ishlab keldim. Menikiga kelganinigizni eshitsa, ularning jahli chiqmaydi. Shoshmanglar. Ko‘z ochib yumguncha yorila boshlaydi.
Daf’atan ko‘ziga tutun kirdiyu Jeyson yig‘lab yubordi. U tovani olovga ag‘dardi. Nensi ho‘l lattani olib Jeysonning yuz-ko‘zini arta boshladi. U esa yig‘lashdan to‘xtay demasdi.
—Voy-bo‘, bo‘ldi qilaqol, — dedi Nensi. — Bo‘ldi qilsang-chi.
Ammo Jeyson yig‘layverdi.
Keddi tovani olovdan tortib oldi.
—Hammasi kuyib ketibdi, — dedi u. — Nensi, yana jo‘xoridan bormi?
—Sen tovaga hammasini solganmiding? — deb so‘radi Nensi.
—Ha,—dedi Keddi.
Nensi unga xomush boqdi. So‘ngra tovadagi kuygan jo‘xorini etagiga solib, uzun, qop-qora barmoqlari bilan bittalab ajrata boshladi. Biz uni kuzatib turardik.
—Boshqa jo‘xoring yo‘qmi uyda? — deb so‘radi Keddi.
—Brr, — dedi Nensi. — Bor. Mana, hammasi kuyib ketmagan ekan. Faqat bulari...
—Meni uyga ketgim kelyapti, — dedi Jeyson. — Hammasini aytib beraman.
Ovozingni o‘chir! Jim!
Biz nafasimizni yutib atrofga quloq soldik. Nensi o‘sha zahoti eshikka yuzlandi, uning ko‘zlarida chiroqning qizg‘ish shu’lasi aks etardi.
—Kimdir kelyapti? — dedi Keddi.
Shunda olov yonida tizzalarining orasidan qo‘llarini osiltirib o‘tirgan Nensi past ovozda yana hiqillay boshladi: daf’atan uning yuzidan yirik-yirik ter tomchilari yumalay boshladi, tomchilar iyagiga oqib tusharkan, bu tomchilarning har birida o‘choqdagi alanganing olovli halqalari aks etardi.
—U yig‘lamaydi, — dedim men.
—Men yig‘lamayman, — dedi Nensi; uning ko‘zlari yumiq edi. — Men yig‘lamayman. Bu kelayotgan kim?
—Bilmadim, — dedi Keddi, so‘ng eshikdan boshini chiqarib qaradi. — Obbo, endi uyga ketmasdan boshqa ilojimiz qolmadi. Otam keptilar.
—Men hammasini aytib beraman, — dedi Jeyson. — Men bormaylik degandim, sizlar meni zo‘rlab olib keldingiz.
Nensining yonoqlaridan hamon tomchilar oqib tushmoqda edi. U o‘tirgan yerida o‘girildi.
—Menga qaranglar, unga aytinglarki... Biz shu yerda birga o‘ynaymiz, denglar. Nensi ertalabgacha bizlar bilan birga o‘ynaydi, denglar. Nensi biz bilan ketsin, deb iltimos qilinglar. Yerda bo‘lsa ham yotaverarkan, denglar. Menga to‘shak ham shart emas. Biz ertalabgacha rosa o‘ynardik. Eslaringdami, o‘tgan safar qanaqa maza bo‘lgandi?
—Men sira ham maza qilmagandim,—dedi Jeyson. — Sen meni urding. Seni deb ko‘zimga tutun kirib ketdi.
V
Otam kirdi. U bizlarga qaradi. Nensi o‘rnidan turmadi.
—Unga aytinglar, — deb iltimos qildi u.
— Men bormayman degandim, — dedi Jeyson, — Keddi majbur qildi. Otam o‘choq tepasiga keldi. Nensi boshini ko‘tardi.
—Reychel xolangnikiga borib, o‘sha yerda tunasang bo‘lmaydimi? — deb so‘radi otam. Nensi qo‘llarini tizzasi orasidan osiltirib o‘tirgan ko‘yi unga razm soldi. — Bu atrofda o‘zi tugul arvohi ham yo‘q uning, — dedi otam. — Bo‘lsa men ko‘rardim. Bu atrofda tirik jon ko‘rinmaydi.
—U zovurda, — dedi Nensi. — Zovurda yashirinib yotibdi.
—Bekor gap, — dedi otam. U Nensiga tikildi.—O‘sha yerdaligini sen qaerdan bilasan?
—Menga ishora qilishgan, — dedi Nensi.
—Kim ishora qilgan?
—Bilmadim. Uyga kirganimda stol ustida yotardi. Go‘shtidan qoni oqib turgan cho‘chqa suyagi. U stolda, chiroq yonida yotardi. U o‘sha yerda. Siz ketishingiz hamono mana bu eshikdan kiradiyu, qarabsizki, kunim bitdi deyavering.
—Kunim bytadi nima degani, Nensi? — dedi Keddi.
—Men chaqmachaqar emasman,—dedi Jeyson.
—Bekor gap!—dyodi otam.
—U o‘sha yerda, — dedi Nensi. — Ketishingizni kutib hozir derazadan qarab turibdi. Ketdim, deyishingiz bilanoq kunim bitadi.
—Bo‘lmagan gap! —dedi otam. — Qani, eshiklarni tambala-chi. Seni Reychel xolanikiga oborib qo‘yamiz.
—Nima foyda, — dedi Nensi. U otamga boshqa qaramadi, ammo otam uning uchun, terisi hilviragan qop-qora qo‘llaridan ko‘z uzmay turardi. — Cho‘zishdan nima foyda?
—Sen o‘zing nima qilmoqchisan? — deb so‘radi otam.
—Bilmayman, — dedi Nensi. — Qo‘limdan nima ham kelardi. Yana ozgina cho‘zish mumkin. Dekin nima foydasi bor! Peshonamga yozilgani shu ekan. Peshonamdagini ko‘raman.
—Nimani ko‘rasan? —deb so‘radi Keddi. — Peshonangga nima yozilgan ekan?
—Bularning hammasi quruq safsata, — dedi otam. — Sizlar esa hoziroq borib uxlashingiz kerak.
— Men bormayman, degandim, Keddi kelishga majbur qildi, —dedi Jeyson.
—To‘g‘ri Reychel xolanikiga bor, — dedi otam.
—Bundan nima foyda, — dedi Nensi. U tizzasiga tayanib, uzun qo‘llarini oyoqlari orasida osiltirgancha o‘choq yonida o‘tirardi. — To‘g‘risi, uyingizda, sizga qarashli oshxonada tunasam ham najot yo‘q. Basharti, boringki, bolalar xonasida, mana shu kichkintoylaringiz xonasida yotgan taqdirda ham, ertalab qarasangiz, tanamni tilka-pora qilib...
—Bas! Jim! — dedi otam. — Ichkaridan eshikni qulflab, chiroqni o‘chirgin-da, yotib uxla!
—Qorong‘idan qo‘rqaman, — dedi Nensi. — Men bu voqea kechasi yuz berishini xohlamayman.
—Nima, kechasi bilan chiroq yonida o‘tirib chiqasanmi? — deya so‘radi otam.
Nensi o‘choq yonida uzun qo‘llarini tizzalari orasida osiltirib o‘tirgancha yana hiqillay boshladi.
—E, qurib ketsin!—dedi otam. — Qani, mittivoylar, marsh uyga! Yotar vaqti bo‘ldi.
—Sizlar ketgandan keyin mening kunim bitdi deyavering, — dedi Nensi. — Ertaga mening o‘ligim chiqadi shu uydan. O‘limligimni yig‘ib qo‘yganman, janob Lavlediga to‘lab qo‘yganman...
Janob Lavledi habashlardan omonlik haqini yig‘uvchi o‘rta bo‘yli, doim isqirti chiqib yuradigan odam edi: har shanba kuni ertalab u hamma kulbalarni aylanib, habashlardan o‘n besh tsentdan chiqardi. U xotini bilan musofirxonada yashardi. Kunlardan bir kuni xotini ertalab o‘zini-o‘zi o‘ldirgan edi. Ularning qizchalari bor edy. Xotini o‘z-o‘zini o‘ldirgach, janob Lavledi bolasini olib jo‘nab ketgan edi.
Oradan ko‘p o‘tmay u qaytib keldi. Shanba kunlari erta bilan, ko‘pincha, tor ko‘chalarda ketayotganda uni ko‘rib qolardik.
—Bo‘lmagan gap! — dedi otam. — Bemaza xayolga berilma.
—Nasib qilgani bo‘ladi. Ammo nima nasib etadi, yolg‘iz egamga ayon.
VI
Nensining uyidan chiqayotganimizda u hamon o‘choq yonida o‘tirardi.
—Eshikni tambalab ol, — dedi otam. Nensi qimir etmadi. U bizga qayrilib ham qaramadi. Biz jo‘nab ketdik, u esa o‘choq yonida qoldi: eshigi ldng ochiq xonada lipillab lampa yonib turardi.
—U nimadan xavotirlanyapti, dada? — dedi Keddi.— Nima bo‘lishi kerak ekan?
—Hech nima, — dedi otam. Jeyson uning yelkasida o‘tirar, shuning uchun hammamizdan balandda edi. Biz zovurga tushdik: men qilt etgan narsani ko‘zdan qochirmaslik uchun indamay atrofni kuzatib borardim. Biroq, oy nuri soyalar bilan uyqashib ketgan yerlarda biron narsani ajratib olish amri mahol edi.
—Agar Iisus shu yerda yashirinib yotgan bo‘lsa, u bizni ko‘rib turibdi, to‘g‘rimi? — dedi Keddi.
—U bu yerda emas, — dedi otam. — U allaqachon jo‘nab ketgan.
—Sen meni majbur qilding, — dedi Jeyson o‘zining «taxtiravoniyadan turib; osmon fonida otam xuddi biri kichkina, biri katta ikki boshli odamga o‘xshab ko‘rinardi. — Mening esa borgim kelmagandi.
Hammamiz yolg‘izoyoq yo‘l bilan zovurdan ko‘tarildik. Bu yerdan hali ham eshigi lang ochiq Nensining uyi ko‘rinar, ammo Nensining o‘zi — o‘choq yonida bir ahvolda o‘tirgan, kutaverib toqati toq bo‘lgan Nensining o‘zi ko‘rinmasdi. «Charchadim,— dedi u ortimizdan. — Uf, shunday charchadimki, men bor-yo‘g‘i bir habash ayolman. Axir buning uchun men aybdor emasman».
Ammo uning ovozi hamon eshitilib turardi, chunki bizlar zovurdan chiqqan hamono u yana o‘sha — ashula desa ashula emas, kuy desa kuyga o‘xshamaydigan — tovushda hiqillay boshlagandi.
— Endi kirimizni kim yuvib beradi, — deb so‘radim men.
—Men qoratappi emasman, — dedi Jeyson otamning boshi uzra qalqib, turgan «minora»dan.
—Sen undan battarsan, — dedi Keddi. — Sen chaqmachaqarsan. Agar biron narsa chiqib qolsami, sen har qanday qoratappidan battar qo‘rqib ketgan bo‘larding.
—Hecham-da, dedi Jeyson.
—Sen dodlab yuborgan bo‘larding, — dedi Keddi.
—Keddi! — dedi otam.
—Men hecham dodlab yubormasdim,—dedi Jeyson.
—Qo‘rqoq! — dedi Keddi.
—Kendeys!—dedi otam.
Rus tilidan Olim Otaxonov tarjimasi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1986 yil, 7-son.