Men g’urbat, alam ichida yashagan odamman. Bu qiyinchiliklar o’zimni tanigan paytimdayoq boshlangan. O’shanda to’rt yoshga ham to’lmagandim. Qilgan yomonligim tufayli vijdonim azobida - yona boshlagan so’ngsiz jahannam otashi ichida hamon qovurilaman. Meni tashvishga solgan bu hodisani hamon unutmadim. U xotiramda abadiy qayg’u-alam bo’lib muhrlanib qolgan.
* * *
Ha, o’shanda to’rt yoshga ham yetmagandim. Undan avvalgi voqealarni eslolmayman. Hushimni tanibmanki, xuddi chaqmoqdek boshimga balolar kela boshlagandi. Tolstoy to’qqiz oylik chaqaloqlik paytida uni hammomga olib kirishganini xotirlaydi. Uning ilk eslagani qandayin yoqimli! Meniki esa mudhish qayg’u bilan boshlandi. Mening ilk xotirlagan narsam shirkat qayig’i edi. Hamon ko’z oldimda: go’yo endi tugi’ldim, onamning quchog’idaman… Onam yonidagi sariq sochli yosh xonim bilan kulishib gaplashar, sigaret chekishardi. Onam sigarasini ingichka kumush idishga solib olgandi. Menga bu qutini berishini istadim.
- Ol, ammo og’zingga solma, - dedi.
Menga bu qutini berib, sigarasini dengizga otdi. Yoz payti edi. Nurli, quyoshli havo… Onam gaplasharkan, uzun yungli moviy yelpig’ichini tez-tez aylantirardi. Kumush qutining xalqasiga barmog’imni tiqib, onam ko’rmagan payti uchini og’zimga solar, tishlar edim. Onam gaplashayotgan xonimning yopinchig’i moviy edi… Mening kiyimim oppoq edi. Boshim ochiq. Sochlarim ko’p. To’zib ketgan edi. Onam sochimni tartiblarkan, boshimni yuqoriga ko’tardim. Quyosh nurlari tushib turgan chodirning chekkasida qo’l kattaligidagi soya qimirlardi.
- Qara, qara, - dedim.
Onam ham boshini ko’tarib:
- Qush qo’nibdi, - dedi.
Qushni tutib berishini istadim.
- Tutib bo’lmaydi, - dedi.
Men yana so’zimda turib oldim. Onam shamsiyasi bilan bu soyaning ostiga urdi. Ammo soya qimirlamasdi. Onam yonidagi xonimga o’girilib:
- Qochmadi.
- Qiziq, nega qochmadi?
- Ucholmaydigan polapon bo’lsa kerak.
- …
- Qushni olib bering, - deya onamga yopishib olgan edim.
Onam yelpig’ichini tashlab, o’rnidan turdi-da, meni qo’ltig’imdan tutib, ko’tararkan dedi:
- Hurkitib yubormasdan tut, xo’pmi!
Boshim soyabonning matosiga yaqinlasharkan, ko’zlarim qamashardi. Qo’limni uzatdim. Tutib oldim. Bu oppoq bir qush… Onam qushni qo’limdan olib o’pdi, sariq sochli xonim ham o’pdi. Men ham o’payapman.
- Oh, bechora polapon.
- Baliqchiqush polaponi.
- Hali ucha olmasa kerak.
- Dengizga tushib ketsa o’lib qolardi.
- …
Boshqa xotinlar ham suhbatga aralashib, “yashab ketolmasa kerak”, - derdilar. Onam esa bu oppoq qushni “oh, bechora, oh, bechora” deb siypalagandan so’ng menga berdi.
- Uyga olib borsak, balki yashab ketar, - derdi onam. – Ammo bo’gib qo’yma uni.
- Bo’gmayman.
- Bo’lmasa avaylab ushla.
Kumush qutisidan yana sigara chiqardi. Yonidagi xotinlar yana suhbatga tushib ketishdi. Qushchamning patlari shunaqangi oppoq ediki… Patlarini silay boshladim. Qanotlarining qattiq joyi ham yaqqol sezilib turar, oyoqlari qirmizi edi. Qochish uchun hech harakat qilmas, mendan ajralmas edi. Ko’zlari yum-yumaloq. Qizil tumshug’ining chetida xuddi sariq meva po’chog’i kabi bir iz bor edi. Bo’ynini burib orqa tomoniga qaradi. Men u paytda onamga qarayotgan edim. Onam yonidagi xonim bilan gaplashayotgan edi. Men bilan ishi yo’q edi.
Men qushning nozik bo’ynini asta qo’lim bilan cho’za boshladim. Butun kuchim bilan uni bog’dim. Qanotlarini ochdim. Boshqa qo’lim bilan ularni ham tortdim. Qip-qizil oyoqlari tizzamga botar edi. Qattiq siqardim. Qushning tumshug’i titrab, ochilib-yopilardi. Tili osilib, tashqariga chiqar edi. Yumaloq ko’zlari esa kattarib-kichiklashar, so’ng so’nib borardi… Birdan qo’llarimni ochdim. Oppoq qushchamning o’ligi paq etib yerga tushdi.
Onam o’girilib, yerdan hali sovimagan ma’sum qushchani oldi. “ Oh… O’libdi!..” degandan so’ng menga tik qarab:
- Nima qilding? – dedi.
- …
- Bo’g’dingmi?
- …
- Qani gapir.
- …
Javob bermasdan ovozimni chiqarib yig’lashga tushdim. Onamning qo’lidagi oq qushni sariq sochli xonim olib:
- Oh, nima gunohi bor edi! – dedi.
- …
- Bechora…
- …
Boshqa xotinlar ham suhbatga aralashdilar. Qarshimizda o’tirgan yoshi katta, semiz ayol jinoyatimni oshkor qildi:
- Bo’g’di. Vallohi, ko’rdim, qandayin yovuz bola…
- …
Onam sarg’ayib ketgan, ovozi titrab chiqardi.
“Oh, insofsiz!” deya menga achchiq nigohini tashladi. Yana battar yig’lay boshladim. Shu qadar yig’ladimki… Meni yig’idan to’xtata olmadilar. Qachon, qayerda, qanday tinganimni hozir xotirlay olmayman. Xuddi umr bo’yi yig’lab o’tadiganday edim.
Aqlimni tanib-tanimay bu jinoyamni qilganimga mana, o’ttiz yildan oshdi. Hozir shirkat qayiqlari sathida o’tirarkanman, qachon baliqchiqush ko’rsam, birdan quvonchimni yo’qotaman. Chaqaloqqa o’xshab yig’lagim keladi. Yuragimda og’riq paydo bo’lib, ko’ksimni tilaveradi.
“Oh, insofsiz!” deya meni urishgan onajonimning tanbehini eshitgandek bo’laman.
Davronbek Tojialiyev tarjimasi.