OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vasiliy Shukshin. Tanqidchilar (hikoya)

Bobo yetmish uch yoshda, Petka esa o‘n uchga kirgandi. Bobo sharttaki va asabiy edi, qulog‘i og‘irligidan azob chekardi. Petka yoshiga qaraganda mustaqil, novcha, uyatchan va o‘jar edi. Ular do‘stlashib qolgandilar
 Ular bu dunyoda hammadan ko‘ra kinoni yaxshi ko‘rishardi. Boboning pensiya puli-ning yarmisi chipta sotib olish uchun ketardi. Odatda oy oxirida pulini sanarkan, bobo Petkaga alamli quvonch bilan e’lon qilardi:
 - Ikkovimiz besh so‘mning boshiga suv quyibmiz!
 Petka odob yuzasidan qiyofasiga taajjublangan tus berdi.
 - Hech qisi yo‘q, boqib olishadi, - dedi bobo ( u Petkaning otasi va onasini ko‘z-da tutayotgandi. Petkaning otasi boboning o‘g‘li edi). - Bu ikkalamizning foydamiz. 
 Ular doim birinchi qatorda o‘tirishar, bu yerda bobo yaxshiroq eshita olardi. Lekin baribir u so‘zlarning yarmisini tushuna olmas, aktyorlarning labiga qarab nima deyotgani-ni taxminlardi. Ba’zan bobo hech bir sababsiz to‘satdan xo-xolashga tushardi. Tomosha zalida esa boshqa hech kim kulmasdi. Petka bobosining biqiniga turtar va achchig‘lanib pichirlardi: 
 - Senga nima bo‘ldi? Tentakka o‘xshab ...
 - U nima dedi bo‘lmasa? – so‘rardi bobo.
 Petka bobosining naq qulog‘iga shivirlab, aktyorning nima deganini aytardi:
 - Sur’atni pasaytirmasdan.
 - He-he-he, - bobo o‘z ustidan ohista kulardi. - Men boshqacha eshitibman. 
 Ba’zan kimdir aybsiz insonni o‘ldirganida bobo yig‘iga tushardi.
- Eh siz ... odamlar! – u alam bilan shivirlardi va ro‘molchasiga burun qoqardi.
 Umuman u ekranda ko‘rgani haqida gapirishni yaxshi ko‘rardi. Kinoda qattiq o‘pishib qolishsa, u jilmayar va pichirlardi :
 - Shaytonning ishi!.. Sen qara, qaragin... Heh!
 Kinoda urushib qolishsa, qo‘llarini stulga tirab olib, berilgancha diqqat bilan mushtlashuvni tomosha qilardi ( aytishlaricha u yoshligida janjallashishga o‘ch bo‘lgan. Va janjallashish qo‘lidan kelgan.) 
- Yo‘q, anovinisi bo‘lmag‘ur … e, nima… nimjon. Bunisi bo‘lsa yomon emas, abjir. Bordi-yu, yasamalik bo‘lsa darrov ilg‘ab olardi
 - O-la, - derdi u xafa bo‘lib, - buni yolg‘ondan qilishdi.
 - Qon chiqayapti-ku, - Petka norozi bo‘lardi.
 - Sho-osh-ma ... qon. Nima bo‘pti? Burun deganlari nozik keladi: salgina tushir-sang, darrov qonaydi. Aslida nomiga mushtlashyapti.
 - Nomiga mushtlashyapti emish!
 - Albatta, nomiga-da .
 Ortdagilar ularni turtishdi va jim bo‘lib qolishdi.
 Bahsning kattasi klubdan chiqishgandan so‘ng boshlandi. Gap ayniqsa qishloqqa bag‘ishlangan filmlarga kelganda boboning qattiq jahli chiqardi. 
 - Hammasi bo‘lmag‘ur, - derdi u. – Bunaqasi bo‘lmaydi.
 - Nega bo‘lmas ekan ?
 - Nima, seningcha anovi yigitning ishi o‘ziga yarashadimi?
- Qaysi yigitni aytyapsiz?
 - Garmoshka ko‘targan-chi. Derazadan kirmoqchi bo‘lgan yigit-da. 
- U derazadan kirgani yo‘q, - Petka bobosining gapini to‘g‘riladi; u film voqealarini boshdan-oxir aniq eslardi, bobosi aralashtirib yuborar va bu Petkaning g‘ashiga tegardi,- U qo‘shiq aytish uchun derazaga rafiga chiqib oldi, xolos. 
 - Chiqdimi, axir. Mana men, esimda turibdi, bir marta derazaga chiqqandim…
- Nima u senga yoqmayaptimi? 
- Kim?
 - Namuncha kimlading!.. Ana qaysi bir yigit derazaga chiqibdi. Uni o‘zing ayt-madingmi?
- Hech ham bunday emas, - bobo jimjilog‘ining uchini ko‘rsatdi. - Allaqanday bir Vanya-tentak. Ashula aytadi va yurgancha ashula aytadi... Bizda bitta Vanya-tentak boriydi – yurgan yo‘lida ashula aytgani-aytgan edi. 
 - Axir u sevib qolgan-ku! - Petka asabiylasha boshladi.
 - Sevsa nima bo‘pti? 
 - Sevganiychun ashula aytadi-da.
 - A?
 - Ashula aytishining sababi bor, deyapman !
 - Bunaqalarni qachonlardir kulgiga ko‘mib tashlashardi! Yo‘lini yurolmasdi. Sevar-mishlar ... Sevgan odam, uyaladi. U bo‘lsa qishloqning to‘rt tomonini boshiga ko‘tarib yuribdi... Qaysi ahmoq qiz unga tegadi! U ji-id-diy yigit emas. Esimda turibdi, bizga biron qiz yoqib qolsa, ikki ko‘cha naridan o‘tardik – chunki uyalardik. Sevarmish… Sevsang-sevaver istaganingcha, lekin nega bunday ashula aytib… 
 - Nima - nega?
 - Odamlarga kulgi bo‘lib nima? Esimda bor, biz ...
 - Yana "biz, biz". Hozir odamlar boshqacha bo‘lishgan !
 - Nimaga boshqacha bo‘lishgan ekan? Har doim odamlar bir xil bo‘lishgan. Nima sen o‘zimizda bunaqa tentaklarni ko‘p ko‘rganmisan? 
 - Bu bir kino-da. O‘xshatish yaxshi emas.
 - Men o‘xshatayotganim yo‘q. Men yigitning harakatlari o‘xshamagan, deyapman, vassalom, - bobo so‘zida turib oldi. 
- Ana hammaga yoqyapti-ku! Kulishdi-ku! Men ham kuldim.
 - Sen halli kichkinasan, shuniychun senga kulgili. Mana men duch kelgan narsaga kulavermayman.
 Bobo kattalar bilan san’at borasida kamdan-kam bahslashardi – qo‘lidan kelmasdi. Bahs boshlanishi bilan asabiylashar, haqoratlashga tushardi. 
 U bir marta kattalar bilan aytishib qoldi, o‘sha bir martagina ham boshiga g‘avg‘o olib keldi. 
 Bu voqea bunday bo‘lgandi. 
 Ular – Petka ikkov komediya ko‘rib, klubdan chiqishdi va biri olib-biri qo‘yib uni danagidan mag‘zigacha chaqishga tushishdi. 
 - Bilasanmi, odamga nimasi alam qiladi: shaytonlar, anov aktyorlar-da o‘zlari qah-qahlashadi, sen esa o‘tiraverasan, qitiqlashsa-da, kulging kelmaydi! – bobo qattiq achchig‘-landi. – Seni kulging qistadimi nima?
 - Yo‘q - tan oldi Petka. – Faqat bir martagina, ular mashina bilan ag‘darilib ketishganda. 
 - Ana ko‘rdingmi! Biz-chi pulini to‘lab qo‘yganmiz – eski pulga ikki so‘mdan! Ularchi, o‘zlari kulishdi, tamom. 
 - Muhimi, "Komediya" deb yozishdi.
 - Komediya!.. Bunaqangi komediya uchun ularning tishlarini urib sindirish zarur.
 Ular uyga qahru-g‘azabga to‘lib qaytishdi.
 Bu paytda uylarida televizorda qishloq hayotiga oid qandaydir bir film ko‘rib o‘tirishardi.
Uylariga Petkaning xolasi, ya’ni onasining singlisi mehmonlikka kelgandi. Bir o‘zi emas, eri bilan. Ha, shahardan. Mana endi hammasi o‘tirib olib televizor tomosha qilishyapti. ( Bobo va Petka ikkovlonning televizorni hech jinlari suymasdi. " Hali men bo‘ydoq edim, akam, Mikita, uylandi, ana shunda men ularning xonalariga teshikdan mo‘ra-lash uchun borishni yaxshi ko‘rardim. Televizor ularniki-da: nazaringda mo‘ralaganingcha hammasini ko‘rayotgandaysan» - dedi bobo bir-ikki marta televizion ko‘rsatuvlarni tomosha qilgach.)
 Ana, demak, hamma o‘tiribdi, tomosha qilyapti. 
 Petka dars tayyorlash uchun tezda dahlizga chiqib ketdi, bobo esa boshqalar bilan birga qoldi, besh daqiqacha televizordagi yaltir-yulturlarga qarab o‘tirdi va hammani o‘ziga qaratdi:
 - Bo‘lmag‘ur narsalar. Bunday bo‘lmaydi.
 Petkaning otasi xafa bo‘ldi:
 - Ota, jim bo‘lgin, xalaqit berma..
 - Yo‘q, bu qiziqarli, - dedi shaharlik xushtakalluf kishi. – Otaxon, nega bunday bo‘lmaydi, deb o‘ylaysiz? Nega bo‘lmas ekan? 
 - A?
 - U yaxshi eshitmaydi, - tushuntirdi Petkaning otasi.
 - Men nega bunday bo‘lmaydi, deb so‘rayapman. Sizningcha qanday bo‘ladi? - shahar-lik kishi oldindan negadir jilmayib qo‘yar ekan, baland ovozda takrorladi. 
 Bobo unga shubhali ko‘z tashladi:
 - Bunday bo‘lmaydi, ana shunday. Man-na sen unga qarab rostdan ham duradgor deb o‘ylayapsan, lekin men bunday nazar solib, uning hech qanday bir duradgor emasligini darrov bilib oldim. U hatto boltani to‘g‘ri ushlashni bilmaydi. 
 - Otam bilan Petka ikkovlari bizning tanqidchilarimiz, - dedi Petkaning otasi boboning so‘zlash ohangini biroz yumshaytirish maqsadida.
 - Qiziq, - shaharlik yana og‘iz ochdi. – Nega siz u boltani to‘g‘ri ushlashni bilmay-di degan qarorga keldingiz?
 - Chunki men bir umr duradgorlik qilganman. "Nega bunday qarorga keldingiz?" emish.
 - Ota, - Petkaning ammasi gapga qo‘shildi, - nima qipti shunga?
 - Nimaga?
 - Menga bu odamning o‘zi qiziqarliroq .Tushundingizmi? Men uning haqiqiy duradgor emasligini bilaman, u – aktyor, lekin menga qiz… menga juda qiziq… 
 - Xuddi mana shunaqalar studiyada o‘tirvolib yozishadi, - dedi yana jilmaygancha Petkaning ammasining eri. 
 Petkaning ammasi va uning eri o‘ta aqlli va hamma narsani bilishardi. Ular bobo bilan kulgancha gaplashishardi. Bu boboning achchig‘ini chiqardi. 
 - Bu senga muhim emas, menga esa muhim, - u qizini og‘iz ochirgani qo‘ymadi, -- Ular senga pufakni puflab o‘tqazishadi, lekin menga o‘tqazisholmaydi. 
 - Xa-xa-xa, - shaharlik kishi kuldi. – Haqingni oldingmi?
 Petkaning ammasi ham tirjaydi.
 Petkaning otasi va onasi boboning gaplaridan xijolatga tushishdi. 
 - Ota, seni ko‘nglingni topish rosayam qiyin, - dedi Petkaning otasi. – Yaxshisi Petkaning oldiga bor, unga yordamlash. – Petkaning otasi shaharlikka tomon burildi va past tovushda tushuntirdi:
- O‘g‘limga dars tayyorlashga yordam beradi, lekin o‘zi hech narsani bilmaydi. Ikkov-lari tortishgani-tortishgan. Kulging qistaydi!
 - Qiziq chol, - shaharlik Petkaning otasi gapini ma’qulladi. 
 Hammalari cholni unutib, yana kino ko‘rishga tushishdi. U orqada xuddi basharasiga tupurib tashlangan odamday turardi. Yana birpas turdi-da Petkaning oldiga ketdi.
 - Kulishyapti, - dedi u Petkaga.
 -Kimlar?
 - Ana... - chol mehmonxona tomon bosh irg‘adi – Mayli, sen qari to‘nka hech narsa-ni bilmaysan deyishyapti. Ular-chi, tushunishadi! 
 - E’tibor berma, - maslahat berdi Petka.
 Chol stol yoniga borib o‘tirdi, og‘iz ochmadi. Birozdan so‘ng yana gapga tushdi. 
 - Sen ahmoqsan, deyishdi, aqlingni yeb qo‘ygansan…
 - Nima, shunday deyishdimi?! 
- Nima?
 - Seni ahmoq deyishdimi?
 - O‘tirib olib kulishgani-kulishgan. Ular juda ko‘p narsani bilishadi-da ! - Pet-kaning ta’biri bilan aytganda bobo tobora «o‘t olardi». 
 - E’tibor bermagin, - Petka yana maslahat berdi.
 - Savodxonlar… Kelishdi! – Bobo o‘rnidan turib sandiq titkiladi, pul olib, chiqib ketdi. 
 Bir soatdan keyin mast qaytib keldi. 
 - O-o! – Petka hayratga tushdi (bobosi kamdan-kam ichardi). – Senga nima bo‘ldi?
 - Tomosha qilishyaptimi? – so‘radi bobo.
 - Tomosha qilishyapti. U yoqqa kirma. Kel, yechintirib qo‘yay. Nega ichding? 
 Bobo yog‘och katga og‘ir cho‘kdi.
 - Ular tushunishadi, sen bilan men tushunmaymiz ! – bobo ovozini baralla qo‘ydi -Sen ahmoqsan, bobo, deyishdi! Sen hayotda hech narsani tushunmaysan. Ular-chi, tushuni-shadi! Pullari ko‘pmi?! – bobo endi baqira boshladi. – Puling bijg‘ib yotgan bo‘lsa-da, burningni ko‘tarma! Men bir umr egilib-bukilib halol mehnat qildim. Endi men jim-gina o‘tirishim kerak ekan. Hey, sen o‘zing umringda qo‘lingga bolta ushlaganmisan?! – Bobo eshik bilan gaplashardi, uning ortida televizor ko‘rib o‘tirishardi. 
 Petka o‘zini yo‘qotib qo‘ydi..
 - Kerak emas, kerak emas , - u bobosini xotirjam bo‘lishga undardi . – Kel, men seni yechintirib qo‘yaman. Ularni qo‘yaver !..
 - Yo‘q, to‘xta, men unga aytadiganimni aytaman ... – Bobo o‘rnidan turishga urindi, lekin Petka uni ushlab qoldi:
 - Bobojon, kerak emas !
 - Shaharlik ichi po‘k oliftalar . – Bobo tinchlanganday bo‘lib, jimib qoldi. 
 Petka uning bitta etigini tortdi. 
 Lekin shu payt chol nimagadir bosh chayqadi.
 - Sen mening ustimdan kulmoqchi bo‘lyapsanmi? - uning ko‘zlari yana alamli chaqnab ketdi. – Men senga bitta so‘zni aytishim mumkin!.. – Bobo etikni oldi-da, mehmonxonaga qarab yurdi. Petka uni to‘xtatib qola olmadi. 
 Chol mehmonxonaga kirdi-da, qo‘lini siltab etikni televizorga irg‘itdi:
 - Mana sizlarga!.. Sizlarning duradgorlaringizga ham!
 Ekran chil-chil sindi.
 Hamma o‘rnidan irg‘ib turdi. Petkaning ammasi hatto chinqirib yubordi.
 - Masxara qilmoqchi bo‘ldinglarmi! – baqirdi chol. – Sen biron marta qo‘lingga bolta ushlaganmisan?!
 Petkaning otasi cholni qo‘ltiqlashga urindi, lekin u qarshilik ko‘rsatdi. Kursi-lar to‘rt tomonga sharaqlab uchdi. Petkaning ammasi yana chinqirdi va ko‘chaga qarab otildi. 
 Petkaning otasi baribir cholni bo‘ysundirishga muvaffaq bo‘ldi, uning qo‘llarini orqaga qayirdi va sochiq bilan bog‘lashga tushdi. 
 - Rosa vaqtingni topding-da, otaginam, meni tilimni qisib qo‘yding, - Petkaning otasi cholning qo‘llarini qattiq bog‘larkan g‘azabini tuta olmadi. – Rahmat senga.
 Petka o‘lgudek qo‘rqdi, u ko‘zini katta ochgancha bo‘layotgan voqealarni kuzatardi. Shaharlik kishi chetda turar va ahyon-ahyon boshini chayqab qo‘yardi. Petkaning onasi shisha siniqlarini yig‘ishtirardi. 
 - Tilimni qisib qo‘yding... – Petkaning otasi hadeb bir gapni takrorlardi va tishini gizlatdi. 
 Chol yerga qarab yotar, bo‘yalgan polga soqolini ishqar va baqirardi:
 - Sen mening ustimdan kulavergin, men esa senga – bitta so‘zni aytaman!.. Bu so‘zni aytganimdan so‘ng ovozing o‘chadi. Agar sen aytganingday men ahmoq bo‘lsam…
 - Nima men shunday dedimmi? – so‘radi shaharlik kishi.
 - U bilan gaplashmang, - dedi Petkaning onasi. - Hozir uning qulog‘i butkul tom bitgan. Vijdonsiz.
 - Meni siz bilan bitta dasturxon atrofiga o‘tirishimni istamaysiz, ha, mayli! Lekin sen menga... Bu… mayliga! – chol baqirdi. – Lekin sen menga aytginchi – umringda bitta daraxt kesganmisan? A-a!.. Ana shunday. Sen meni duradgorlikni tushunmaydi de-yapsan! Qishloqdagi uylarning yarmini men o‘z qo‘llarim bilan qurganman!..
 - Rosa vaqtini topib tilimni qisding, Xudoyim olsin seni, tilimni qisding, -g‘uldullardi Petkaning otasi. 
 U gapirib turarkan Petkaning ammasi va milisa xodimi, shu qishloqlik Yermolay Kibyakov kirib kelishdi.
 - O‘hu-u! – dedi Yermolay yoyilib kularkan. – Timofey amaki, nega bunday qilding? A?
 - Xursandchiligimni naq burnimdan chiqardi, - dedi Petkaning otasi o‘rnidan turar ekan. 
 Milisa «hm-hm»ladi, kafti bilan jag‘ini siladi va Petkaning otasiga qaradi. U rozi bo‘lib bosh irg‘adi va dedi:
 - Shunday qilish kerak. O‘sha yerda tong ottirsin-chi…
 Yermolay furajkasini boshidan oldi, uni avaylab mixga ildi, planshetdan bir varaq qog‘oz oldi va stol yoniga kelib o‘tirdi. 
 Chol jimib qoldi.
 Petkaning otasi bo‘lgan voqeani qo‘shib-chatmasdan hikoya qildi. Yermolay qorayib ketgan dag‘al kafti bilan xumdek boshidagi yog‘ bosgan sochini siladi, yo‘taldi va stolga ko‘kragini tiragancha, boshini chap tarafga qiyshaytirib, yozishga tushdi. 
 "Grajdanin Novoskoltsev Timofey Makarich, bir ming ..."
 - U nechanchi yil tug‘ilgan?
 - To‘qsoninchi yilda .
 "... Bir ming sakkiz yuz to‘qsoninchi yilda tug‘ilgan, sobiq duradgor, hozir pensiyaga chiqqan. Ajralib turadigan belgisi yo‘q. Yuqorida ko‘rsatilgan Timofey joriy yil yigirma beshinchi sentyabrida uyiga o‘tkir araq ichgan holda kelgan. Bu paytda uning oila-si televizor ko‘rib o‘tirgan bo‘lgan. Mehmonlar ham bo‘lishgan..."
 - Nima degan kinofilm edi ?
 - Bilmayman. Televizor qo‘yganimizda kino boshlangandi, - tushuntirdi Petka-ning otasi. – Kolxoz haqida . 
"... Filmning nomini eslashmaydi. Bir narsani bilishadi: kolxoz haqida. Timo-fey ham televizor ko‘ra boshlagan. Keyin u: " Bunday duradgorlar bo‘lmaydi", degan. Hamma Timofeydan o‘zini tutib olishini so‘ragan. Lekin u tutaqib, o‘z bilganidan qol-magan. U yana bunday duradgorlar bo‘lmaydi, hammasi yolg‘on, degan. "Duradgorlarning qo‘li bunday bo‘lmaydi, hech qachon". Va qo‘llarini qarsillatib ura boshlagan. Undan yana bir marta o‘zini tutib olishini so‘rashgan. Shunda Timofey o‘ng oyog‘idagi etigini yechgan
 ( bichimi - 43-45 , yungi to‘kilgan) va televizorga qarab otgan.
 Albatta, dunyodagi bor narsani, ya’ni odatda ko‘z bilan ko‘rish mumkin bo‘lgan nar-salarni irg‘itdi.
 KIBYaKOV, milisa katta leytenanti".
 Yermolay o‘rnidan turdi, protokolni ikki qatladi, planshetiga yashirdi.
 - Timofey amaki, ketdik!
 Petka nima yuz berayotganini haligicha anglab yetmasdi. Lekin Kibyakov va otasi ikkovlon bobosini yotgan yeridan turg‘azishayotganda uni qafasga olib ketishayotganini tushundi. U dodlab yig‘ladi va bobosini himoya qilish uchun otildi: 
 - Uni qaerga opketyapsizlar?! Bobojon, seni qaerga opketishyapti!.. Ota, bunday qilma, kerak emas!..
 Otasi Petkani itarib tashladi, Kibyakov bo‘lsa, kula boshladi:
 - Bobongga achinyapsanmi? Hoz-zir biz uni turmaga tiqamiz. Hoz-zir...
 Petka yanada qattiqroq yig‘ladi.
 Onasi uni burchak tomon olib ketdi va yupata boshladi:
 - Sen nimaga yig‘laysan, unga hech narsa bo‘lmaydi! U yerda bir kecha yotadi va qaytib keladi. Ertaga o‘zi uyalib qoladi. Yig‘lamagin, o‘g‘lim. 
 Cholning etigini kiygazishdi va uydan olib chiqib ketishdi. Petka piqillab yig‘-ladi. Shaharlik ammasi ham Petkani yupatishga tushdi:
 - Petenka, senga nima bo‘ldi? Uni hushgakeltirgichga olib ketishdi, hushgakeltir-gich-ga! U tezda qaytib keladi. Bizda, Moskvada qancha odamni hushgakeltirgichga olib ketishlarini bilasanmi!..
 Petka milisani ammasining o‘zi olib kelganini esladi, uni qattiq itarib tash-ladi, pechka ustiga chiqib oldi va yostiqqa yuzini bosgancha uzoq-uzoq yig‘ladi. 
 

Ruschadan O‘rinboy Usmon tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.