OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vidiya Naypol. Ikki dunyo (Nobel mukofoti ma’ruzasi)

Bugun men g‘alati holatdaman. Omma oldida qiroatlar qilar edim-u, ammo ma’ruzalar o‘qimaganman. Mendan ma’ruza qilishni so‘raganlarga, bu mening qo‘limdan kelmaydi deb javob berar edim. Haqiqatan ham shunday. Qariyb yarim asrlik hayotini so‘zlar va hissiyotlarga bag‘ishlagan odamning aytadigan gapi bo‘lmasligi qiziq tuyulishi mumkin. Biroq shaxsiyatimdagi mavjud qimmatli hisoblangan nimaiki bo‘lsa, hammasini kitoblarimga jamlaganman. Zamonaning u yoki bu pallasida shuurimni band etgan boshqa hammasi to‘liq shaklga solinganicha yo‘q. Ana shu yashirinib yotgan “bir narsa”ning nimaligini aniq bilishimga ham ishonmayman; u keyingi kitobni kutib yotibdi. Bordi-yu, omad menga kulib boqsa, u bevosita kitobni yozayotgan vaqtimda namoyon bo‘ladi-da, meni dovdiratib qo‘yadi. Yozayotgan vaqtimda favquloddalikning aynan mana shu unsurini topishga harakat qilaman. O‘z ishim xususida ana shunday mulohaza yuritaman – bu esa aytishgagina oson.

Oddiy yozuvchi va ijtimoiy xilqat sifatidagi yozuvchi o‘rtasida qanday tafovut borligi haqida Prust g‘oyat sinchkovlik bilan yozgan edi. Uning bu boradagi fikrlarini ilk qo‘lyozmalaridan tiklangan ,,Sent-Byovga qarshi” kitobidagi bir qancha esselarda topasiz. XIX asr fransuz tanqidchisi Sent-Byov aytgan ediki, yozuvchini tushunish uchun uning shaxsiyatining tashqi jihatlari, hayotidagi sharoitlar haqida iloji boricha ko‘proq narsa bilmoq zarur. Kishi ijodini tasvirlab berish uchun uning o‘zidan foydalanish – maroqli uslub. U benuqson bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Biroq Prust g‘oyat ishonch bilan uning avra-astarini ag‘darib tashladi. “Sent-Byovning bu uslubi – deb yozadi Prust, – o‘z-o‘zini anglashning eng yuzaki tajribasi ham bizga o‘rgatgan narsani pisand etmaydi, aynan: kitob – shaxsdan tug‘ilgan narsa, u o‘z odat-qiliqlarimizda, ijtimoiy hayotimizda, illatlarimizda ko‘rsatib o‘tganlarimizdan farq qiladi. Bordi-yu, shu shaxsni tushunmoqchi bo‘lsak, uni qalblarimizdan qidirmoqligimiz va uni o‘z shuurimizda qayta tiklashga harakat qilibgina oqlay olmog‘imiz mumkin bo‘ladi”.

Ishi ilhom bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday odamning yoki yozuvchining tarjimai holini o‘qiganimizda Prustning bu so‘zlari yodimizda bo‘lishi kerak. Biz uning haqidagi barcha tafsilotlardan, barcha qiliqlaridan va shaxsiy munosabatlaridagi shart-sharoitlaridan voqif bo‘lishimiz mumkindir, biroq baribir ham yozuvchilik siri sir bo‘lib qolaveradi. Hatto eng sehrli hujjatlar ham bizga hamma narsani ochib berishga qodir emas. O‘zi yozadigan yo boshqalar tomonidan yoziladigan yozuvchining tarjima holi har doim ana shunday notugalligi bilan ajralib turadi. Prust – ajoyib umumlashmalar ustasi va men “Sent-Byovga qarshi” kitobi ustida uzoq to‘xtalib o‘tirmoqchimasman. “Aslini olganda, – deb yozadi Prust, – muallif o‘zining ko‘ngli tubidagi “Men”ining sirli izhorlarini, yolg‘izlikda va o‘zi uchun yozgan satrlarni hammaga baralla oshkor etadi. Suhbatdami... yoki mohiyati chop etilgan suhbatdan oshmaydigan o‘sha guruhbop ocherklardami, umuman inson shaxsiy hayotida ifoda etadigan narsa – bu o‘ta yuzaki “Men”ning natijasidir, yorug‘likdan yoki yorug‘lik ishtirokidagi shaxsiylikdan voz kechib qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan botiniy tabiat mahsuli emas”.

Prust bu satrlarni yozayotganida, u hali uni buyuk adabiy muvaffaqiyatga olib kelish nasib etgan narsaga ega bo‘lmagandi. Keltirilgan iqtibosdan xulosa chiqarish mumkinki, u savqi tabiatiga ishonadigan va muvaffaqiyat kutadigan odam bo‘lgan edi. Men bu so‘zlarni oldin ham tilga olib o‘tgan edim. Gap shundaki, ular mening yozuvchilik hunari bilan shunday shug‘ullanganimni ko‘rsatib berar edilar. Men yuragim sezgilariga ishonardim. Yo‘l boshidayoq ularga suyangan edim va hozir ham shunday qilib kelayapman. Voqealar bundan keyin qanday tus oladi-yu, asar yozish asnosida men qayoqqa intilaman, bu to‘g‘rida mening zarracha tasavvurim yo‘q edi. Mavzular tanlashda dil amrimga itoat etar edim va dil amri bilan yozardim. Yozishga kirishganimda, menda qandaydir g‘oya, qandaydir shakl bo‘ladi, biroq yillar o‘tgandan keyingina yozib bo‘lganimni to‘liq anglayman.

O‘zimdagi har qanday qimmatli narsa kitoblarimda jamlangan deb aytib o‘tgan edim. Endi men buni tag‘in ham rivojlantirmoqchiman. Kitoblarimning hammasi menda jamlangan demoqchiman. Ixtiyorsiz tarzda topilgan va agar gap badiiy adabiyot xususida ketayotgan bo‘lsa, savqi tabiiy tarzda yaratilgan har bir kitob o‘tib ketgan narsaga tayanadi va undan o‘sib chiqadi. O‘z adabiiy rutbamning har bir pillapoyasida, aytishim mumkinki, mening yaqinda chiqqan kitobim barcha oldingi kitoblarimdan iboratdek bo‘lib tuyuladi menga.

Bunga sabab – mening oddiy va ayni vaqtda oliy darajada jumboqli kelib chiqishim. Men Trinidadda tug‘ilganman. Trinidad Venesuela daryosi Orinokoning mansabida joylashgan mo‘‘jazgina orol. Shu bilan birga Trinidad na Janubiy Amerikaga qaraydi, na Karib havzasiga. Orol mustamlaka-plantatsiya sifatida rivojlangan va 1932 yilda men tug‘ilganimda, u yerda 400 ming nafar aholi yashardi. Shulardan 150 000 nafari Ganga pasttekisligidan kelib chiqqan hindular va musulmonlar edi.

Mening mittigina jamoam ana shunday bo‘lgan. Hindistondan ko‘chib kelganlarning ancha qismi 1880 yildan keyin kelgandi. Ahvol quyidagidek edi. Odamlar qullik sharoitida besh yil davomida plantatsiyalarda ishlashga yollanardilar. Bu muddat tugagandan keyin ularga besh akr yoki shunga yaqin miqdordagi arzimagangina yer parchasi berilardi yoki Hindistonga qaytib ketish haqi to‘lanardi. Gandi va uning maslakdoshlari chiqishlari tufayli 1917 yilda og‘ir shartli bitim tizimi bekor qilindi. Ehtimol, bu yoki biron boshqa sabab bilan yer garovi va ko‘chirma bo‘lganlarni vataniga qaytarish keyingi ko‘chib kelganlar uchun isnoddek sanala boshlagandi. Bu odamlar hemirisiz qashshoqlar edilar. Ular poytaxt Port-of-Speyn ko‘chalarida uxlardilar. Bolaligimda men ularni ko‘rganman. Nazarimda men ularning qashshoq ekanliklarini anglab yetmagandim, o‘ylashimcha, ancha keyinroq tushunib yetganman buni, ular menda hech qanday tuyg‘u uyg‘otmas edi. Mustamlaka-plantatsiya zulmi ko‘rinishlaridan biri ana shunday edi.

Men Chaguanas deb nomlangan bir viloyat shahrida tug‘ilganman, u Pariya qo‘ltig‘idan orolning uch yoki to‘rt mil ichkarisida joylashgandi. Chaguanas – g‘alati nom, yozganda ham, aytilganda ham g‘alati tuyuladi, viloyatimizda ko‘pchilikni tashkil etadigan hindlarning aksariyati o‘z hindu toifalari nomi bilan Chauhan deb atashni afzal ko‘rar edi.

Shahrim nomining qanday kelib chiqqanini anglab yetganimda yoshim o‘ttiz to‘rtta edi. Men Londonda yashardim va bu vaqtga kelib Angliyada istiqomat qilganimga o‘n olti yil bo‘lgandi. Men o‘ninchi kitobimni yozgan edim. Bu Trinidadning, uning odamlari tarixini, orol aholisi va ular hikoyalarini qayta tiriltirishga harakat edi. Bu mintaqa haqidagi ispan hujjatlarini o‘qigani Britaniya muzeyiga borar edim. Ispan arxivlaridan terib olingan hujjatlar XIX asrning 90 yillarida Venesuela bilan jirkanch to‘qnashuv vaqtida britan hukumati uchun ko‘chirma qilib olingan edi. Hujjatlar 1530 yil bilan boshlanib, Ispaniya soldatining g‘oyib bo‘lishi bilan uzilardi.

Men Eldoradoning ahmoqona izlanishlari va ingliz qahramoni ser Uolter Relining qonli tajovuzi haqida o‘qigan edim. 1595 yilda u Trinidadga tushirilgan, uddasidan chiqqan qadar ispanlarni o‘ldirgan va Eldoradoni qidirib, Orinoko yoqalab yuqoriga ko‘tarilgan. U hech nima topa olmagan, ammo Angliyaga qaytib borgach, topdim deya axborot bergan. U o‘zi bilan bir parcha oltin va ozgina qumni olib kelgan. U oltinni Orinoko sohilidagi qoyadan parchalab oldim, deydi. Miqdor tahlili uchun qumni topshirgan qirollik taksolning aytishicha, qum hech qanday qimmatga ega emas ekan, Reli oltinni aslida bundan ilgari Shimoliy Afrikada sotib olgani haqida gap chiqib qoladi. Keyin, o‘z kashfiyoti isboti tariqasida u kitob chop ettirgan, to‘rt yuz yil davomida odamlar Reli rostdan ham qandaydir narsa topganiga ishonib kelganlar. Relining o‘qish uncha oson bo‘lmagan kitobi jozibasi uning uzundan-uzun nom bilan atalishida edi: “Ulkan boy va go‘zal Gayana saltanatining kashf etilishi, shuningdek buyuk oltin shahar Manoa (uni ispanlar Eldorado deb atashgan) va Emeliya, Aromay, Amapaya, shuningdek ichidan daryolar oqib chiquvchi boshqa mamlakatlar ta’rifi”. Naqadar haqqoniy jaranglaydi, to‘g‘rimi? Aslida uning Orinokoning asosiy o‘zanigacha yetib borgani ham noma’lum edi.

Manman odamlarda uchrab turganidek, keyin Reli o‘z xayoloti girdobiga g‘arq bo‘lib ketadi. Yigirma bir yildan keyin uni keksaygan va bemor ahvolda London qamoqxonasidan chiqarib yuboradilar, Gayanaga yo‘l olishi, o‘zi aytganidek, u yerda kashf etgan oltin konlarini topishi kerak edi. Mazkur tovlamachilik safarida uning o‘g‘li halok bo‘ladi. O‘z obro‘yini saqlab qolish niyatida ota o‘g‘lini ajal komiga yo‘llaydi. G‘am-anduhga botgan ota keyin ikki qo‘lini burniga tiqib qaytib keladi va Londonda qatl etiladi.

Voqea shu joyda nihoyasiga yetishi lozim edi. Biroq ispanlarning xotirasi kuchli bo‘ladi, saltanat pochtasining imillanuvchanligi sabab bo‘lgani tayin: maktub Trinidaddan Ispaniyaga yetib borganicha ikki yil hash-pash demay o‘tib ketar edi-da. Sakkiz yildan so‘ng Trinidad va Gayana ispanlari mahalliy hindlar bilan hamon hisob-kitob qilish ila ovora edilar. Bir kuni Britaniya muzeyida ispan qirolining Trinidad gubernatoriga yozgan xatini o‘qib qoldim. Unga 1625 yil 12 oktyabr sanasi qo‘yilgandi.

“Sizdan iltimos, – deb yozgandi qirol, – chaguanas nomli bir necha ming nafardan iborat allaqanday hindi xalqi haqida menga ma’lumot bersangiz, sizning so‘zlaringizga qaraganda bu xalq shu qadar adovatda ekanki, aynan uning vakillari shaharni bosib olgan inglizlarga yo‘l boshlovchi bo‘lgan ekan. Ularning jinoyatlari jazosiz qolib ketgan ekan, chunki bizda kuch yetarli bo‘lmagan ekan, yana bir sabab shundaki, hindilar o‘z xohish-irodalaridan boshqa hokimiyatni tan olmas ekanlar. Siz ulardan qasd olishga jazm etibsiz. Sizga tayin qilib bergan qoidalarga rioya eting va muvaffaqiyatlaringiz to‘g‘risida menga xabar yuboring”.

Gubernator qanday yo‘l tutgani ma’lum emas. Muzey hujjatlarida chaguanaslar haqida boshqa bironta eslatmani uchratmadim. Ehtimol, chaguanaslar haqida yana qandaydir hujjatlar Sevilyadagi ispan arxivlarida bordir, biroq Britaniya hukumati topshirig‘i bilan ishlagan filologlar ularni ko‘rmay qolishgandir yoki ahamiyatga molik deb topishmagandir. Faqat shu narsa aniqki, mingtadan sal quyiroq miqdordagi uncha katta bo‘lmagan qabila, – ular, aftidan, Pariya qo‘ltig‘ining ikkala sohilida yashashgan, – shu tariqa beiz yo‘qolib ketgan. Chaguanas yoki Chauhan shaharchasidagi odamlardan birontasi ham ular haqida hech narsa bilmas edilar. O‘sha yerdagi muzeyda ham miyaga shunday fikir keldiki, 1655 yildan boshlab men, balki ispan qirolining maktubida haqiqatdan ham ma’no bor deydigan birinchi odam bo‘lsam kerak. Arxivlardan esa bu xatni 1896 yoki 1897 yillardagina titkilab topishgan. Shundan keyin yo‘qolib ketish, so‘ngra asrlar sukunati. Biz chaguanaslar zaminida yashardik. O‘quv yili vaqtida har kuni buvamning uyidan Chaguanasning davlat maktabiga yayov qatnar edim. O‘shanda endi maktabga bora boshlagandim. Katta ko‘chadagi ikki yoki uchta do‘kon, xitoy kapponi, Yubiley teatri, arzon ko‘k va sariq, qayroqnamo sovun chiqaradigan hidli portugal zavodi oldidan o‘tar edim. Yaxshi qurishi va qattiqlashishi uchun sovunlarni ertalab ochiq havoga terib qo‘yishardi. Maktabning naryog‘idan Pariya qo‘ltig‘igacha cho‘zilib ketgan shakarqamish paykallari yastanib yotar edi. Bu yerdan haydab yuborilgan odamlar o‘z qishloq xo‘jaligiga, o‘z taqvimiga, o‘z qonunlari va sig‘inadigan joylariga ega edilar. Ular Orinokoning suvlari kelib quyiladigan Pariya qayiridagi oqimlarni yaxshi farqlar edilar. Ularning barcha layoqatlari va mehnatlari bilan bog‘liq bo‘lgan hamma narsa yo‘q qilib yuborilgan edi.

Dunyo doim harakatda. Hamma joyda va barcha zamonlarda odamlardan yerni tortib olishgan. 1967 yilda kindik qonim to‘kilgan joylar tarixini bilganimda, bu kashfiyotdan lol qolgan bo‘lsam, ajab emas, chunki bundan ilgari bu haqda zarracha tasavvurga ega emas edim. Ammo qishloq xo‘jaligi mustamlakasida bizlarning ko‘pchiligimiz ana shunday basirona hayot kechirardik. Bizni jaholatda saqlash hokimiyat tomonidan o‘ylab chiqarilgan fitna emasdi. Menimcha, bu oddiy hol edi: hech kim hech narsa bilmas edi. Chaguanas xalqi tarixi unchalik ahamiyatga molik emasdi va u haqda biron ma’lumot topish o‘limdan qiyin edi. U kichik bir qabila bo‘lib, tub joy aholisi edi. Bular o‘shanda Britaniya Gvianasi deb atalmish qit’ada, mamlakatda yashovchi odamlar bo‘lib, ularni biz bilar va ustlaridan kular edik. Esimda, Trinidaddagi barcha elat guruhlarining vakillari baqiroq va o‘zlarini telbalarcha tutadigan odamlarni varraxunlar deb atar edilar. Bu menga yasama so‘zday, vahshiylikni anglatish uchun o‘ylab chiqarilganday tuyulardi. Faqat Venesuela bo‘ylab sayohat qila boshlaganimdagina, bu paytda yoshim qirqda edi, u yerda bunday so‘zdan ko‘plab qabilalar nomini atashda foydalanishlarini anglab yetdim. Kichkinaligimda qandaydir g‘alati voqeani eshitgan va endilikda bu voqeadan juda qattiq mutaassir bo‘lmoqda edim. Unga ko‘ra tub aholi qit’adan kanoeda suzib kelar ekanlar, orol janubidagi o‘rmondan yurib o‘tib, ma’lum joyda qanaqadir mevalarni uzishar ekan yoki qandaydir sadaqa marosimi o‘tkazisharkan, keyin esa Pariya qo‘ltig‘ini kesib o‘tib, Orinokoning suv bosgan o‘zaniga qaytisharkan. Modomiki, to‘rt asrlik bo‘ronli voqealar va Trinidadning tub aholisi qirilib bitishidan omon qolib, yetib kelgan ekanmi, demak, bu marosim katta ahamiyat kasb etgan. Garchi Trinidad va Venesuela nabotot olami bir xil bo‘lsa-da, ular qandaydir hech kimga ma’lum bo‘lmagan mevalardan uzgani kelishgandir. Bilmadim. Buni bilishga uringan bironta odamni ham bilmayman. Endi esa bu haqdagi bor-yo‘q xotiralar ham o‘chib ketgan. Agar hozir ham o‘sha joy yo‘q bo‘lib ketmagan bo‘lsa, qutlug‘ligini yo‘qotib, oddiy yerga aylanib qolgan.

Nima bo‘lganda ham endi bari o‘tib ketgan. Umumiy munosabat shunday bo‘lgandir, ehtimol. Hindistondan kelib qolgan biz muhojirlar ham orolga shunday munosabatdamiz. Biz o‘z-o‘ziga baho berishga qodir bo‘lmagan, rasm-rusumchilikka jiddiy xayrixohlardan edik. Bilim esa ana shu o‘z-o‘ziga baho berishdan boshlanadi. Bizning chaguanas zaminida yashaydigan yarmimiz o‘zimiz bilan go‘yo gilamday yerga to‘shash mumkin bo‘lgan qandaydir Hindistonni olib kelgandek tutar edik – balki shunday tutmasdig-u, yorqin bir shaklni tasavvur etolmay, shunchaki his etar edik, xolos. Buvimning Chaguanasdagi uyi ikki qismdan iborat edi. Uning g‘ishtin va suvoq qilingan old tomoni oqqa bo‘yalgandi. Ikkinchi qavati ayvon bilan o‘ralgan, uchinchi qavati ibodat qiladigan mehrobi bo‘lgan katta hind imoratining bir turi edi. U boshdan-oyoq jimjimador qilib bezatilgan, ustunlari uchiga nilufarsimon shakldagi ustunqoshi qo‘yilgan va hindu ma’budi haykalchalari terib tashlangandi. Ularning hammasi Hindiston xaqidagi xotiralargagina tayanib ishlagan odamlar qo‘lidan chiqqan edi. Trinidaddagi bu uyga me’moriy mo‘‘jiza deb qaralardi. Uning ortida bostirmali xona bilan ulangan fransuz-karib uslubidagi yog‘och uy qad ko‘tarib turardi. Unga ikkala uy oralig‘idagi yon eshikdan kirilardi. U yog‘och romga o‘rnatilgan taram-taram baland temir darvoza edi.

Shu tariqa bolaligimda men ikki dunyoni his qilib yashaganman, biri taram-taram baland temir darvozadan tashqaridagi dunyo bo‘lsa, ikkinchisi uydagi dunyo, yoki, jilla qurmaganda buvimning uyi dunyosi. Bu tabaqachilik qoldig‘i, hamma narsadan ajratib va to‘sib qo‘yuvchi tuyg‘u dunyosi edi. Xuddi yaqinda ko‘chib kelgan odamlardek, Trinidadda biz xosiyatsiz jamoaga mansub edik, luzumsizlikning bu g‘oyasi o‘ziga xos himoya bo‘lib xizmat qilardi, u birmuncha vaqt, ha, faqat birmuncha vaqt o‘z-o‘zimizga va o‘z qoidalarimizga ko‘ra o‘zimizning tiniq Hindistonimizda yashashimizga imkon berar edi. Bu faqat o‘zimiznigina o‘ylab yashashimizga imkon berardi. Biz o‘z botinimizga qarardik; biz o‘z tashvishlarimiz bilan yashardik; tashqi olam bamisoli zulmat ichida qolib ketgandek edi; biz hech narsa haqida so‘ramasdik.

Yonimizda musulmon do‘koni joylashgandi. Buvim do‘konining choqqina ayvoni shu do‘konning eshik-derazasiz devoriga tiralgandi. Do‘kondorni Miyon deb chaqirishardi. Uning o‘zi va oilasi haqida bor bilganlarimiz shugina edi, xolos. Biz ro‘para kelgan bo‘lsak kerakdir-u, ammo hozir uning chehrasini eslolmayman. Biz musulmonlar haqida hech narsa bilmas edik. Ostonada tashlab chiqish lozim bo‘lgan g‘alatilik g‘oyasi, narsalar haqida tushuncha hatto boshqa hindularga ham daxl qilar edi. Masalan, biz guruchli ovqatni tush vaqti yerdik, quymoq nonni esa – kechqurun. Bu tabiiy tartibning oyog‘ini osmondan keltirgan o‘zboshimchalar ham uchrardi va guruchli ovqatni kechqurun yeyishardi. Ular menga chindan g‘alati bo‘lib ko‘rinar edilar – yetti yoshga to‘lmagan bolani ko‘z oldingizga keltiring-a; chunki Chaguanasdagi buvimning uyida kechgan hayotim ayni yetti yoshimda nihoyasiga yetgan edi. Biz poytaxtga ko‘chib o‘tdik, keyin esa orolning shimoli-g‘arbiga, tepaliklarga borib o‘rnashdik.

Biroq hech qanaqangi yot narsaga yo‘l bermovchi va to‘sib turuvchi hayotdan kelib chiqqan odatlar yana birmuncha vaqtgacha yashab keldi. Agar otam yozgan hikoyalarni hisobga olmasa, men hind jamoamiz turmushi haqida deyarli hech narsa bilmas edim. Bu hikoyalar menga bilimdan ham ko‘proq narsalar berdi. Ular mening yorug‘ olamda oyoq tirab tura olishim mumkin bo‘lgan zaminni berdi. Bu hikoyalarsiz ongim qanaqangi bo‘lib ketishini tasavvurimga ham keltirolmasdim.

Tashqi dunyo zulmat qa’rida edi va biz hech narsa haqida so‘ramasdik. Hind dostoni, jumladan, “Ramayana” haqida qandaydir tasavvurga ega bo‘lish uchun men xiyla voyaga yetib qolgan edim. Besh yo undan ortiqroq yil keyin tug‘ilgan bolalar endi bunday imkoniyatlarga ega emas edilar. Hech kim bizga hindiy tilini o‘rgatmasdi. Kimdir qachondir biz uchun alifbo yozib bergan edi, bor-yo‘g‘i shu; qolganini o‘zlari eplashadi deb o‘ylashgan bo‘lsa, ehtimol. Shu tariqa ingliz tiliga zehn quyib, biz o‘z tilimizni unuta boshlagandik. Buvimning uyidagilar g‘irt dindor edilar; bu uyda ko‘p marosimlar va qiroatxonliklar bo‘lib turardi, ularning ayrimlari butun kun davom etardi. Biroq hech kim bizga hech narsani tarjima qilib bermasdi, tushuntirmasdi, biz esa tobora “tildan qolib” borardik. Shu tariqa ajdodlarimiz e’tiqodi chekinib, kundalik hayot bilan bog‘lanmay, sirli tus olib borardi.

Biz Hindiston haqida yoki u yerda qolgan qarindosh-urug‘larimizning oilalari haqida savollar bermas edik. O‘sib, bilishni xohlaganimizda esa haddan tash-qari kech bo‘lgan edi. Otam tomonidan qarindosh-urug‘larimiz haqida men hech narsa bilmasdim; bilgan narsam ularning ayrimlari Nepaldan kelib chiqishgani edi, xolos. Ikki yil burun mening ismi sharifimni yoqtirib qolgan qandaydir oqko‘ngil bir nepallik menga 1872 yildagi Hindiston to‘g‘risida yozilgan bir britancha kitob nusxasini berdi, bu jug‘rofiy ma’lumotnomaga o‘xshagan narsa bo‘lib, “Banorasdagi hindu toifalari va qabilalari” deb nomlanardi, u yerda ko‘plab nomlar orasida muqaddas Banoras shahridagi nepalliklar guruhma-guruh sanab chiqilgandi, ular umumiy nom bilan Naypol deb atalardi. Bisotimdagi bor-yo‘q narsa shular edi, xolos. Bizlar tushda guruch taom, kechqurun quymoq non yeydigan buvim uyining dunyosidan tashqarida hech kimga ma’lum bo‘lmagan, aholisi 400000 nafar bo‘lgan ulkan orol mavjud edi. U yerda ko‘pchilikni tashkil etuvchi afrikanlar yoki afrika zuryodlari bor edi. Politsiyachilari, o‘qituvchilari bor edi. Murabbiyalardan biri, Chaguanas davlat maktabidagi mening birinchi muallimamni men ko‘p yillar hayajon bilan eslab yurdim. U yerda biz tez orada ko‘chib o‘tishimiz va yetti yot begonalar orasida doimiy joylashib ta’lim olishimiz va ish qidirishni davom yettirishimiz kerak bo‘lgan poytaxt bor edi. U yerda oq tanli odamlar bor edi – ular inglizlar bo‘lishi shart emasdi, goho portugallar ham bo‘lar edi, bir vaqtlar bizga o‘xshab muhojir bo‘lib kelgan xitoyliklar ham bor edi. Biz ispanlar deb ataydigan panollar yanada sirli ko‘rinar edilar, ular istaralari issiq, qorachadan kelgan odamlar edi, Ispaniyadan kelib qolgan bu odamlar orol Venesuela va Ispaniya imperiyalaridan ajratib olingandan oldinroq bu yerda yashab kelar edilar – bular moziydagi gaplar bo‘lib, bolalik idrokim doirasiga sig‘mas edi.

Sizlarga o‘zimning kelib chiqishimni hikoya qilish uchun keyinroq, asosan adabiy ishim sharofati bilan xayolimga kelgan bilim va tasavvurimdan foydalanishimga to‘g‘ri keldi. Go‘daklik vaqtlarimda buvim uyining devorlari ortida nima yotganidan deyarli butunlay bexabar edim. Nazarimda, barcha bolalar bu dunyoga o‘zlarining kim ekanliklarini bilmay keladiganday. Shunday bo‘lsa-da, misol uchun, fransuz bolasini oldindan bilim kutib turardi. Bilim uni har tomondan qurshab olardi. Bilvosita tarzda bilim kattalarning suhbatlaridan kelib chiqardi. Bilim ro‘znomalarda va radioda bo‘lardi. Maktabda ham bo‘lardi – darsliklarda hikoya qilingan ko‘plab avlodlarning ishlari unga Fransiya va fransuzlar to‘g‘risida tasavvur berar edi.

Garchi men qobiliyatli bola bo‘lsam-da, Trinidadda meni zulmat qoplab olgandi. Maktab hech narsaga aniqlik kiritmasdi. Meni dalillar va qoidalar bilan ko‘mib tashlashardi. Hamma narsani yod olishimga to‘g‘ri kelardi; hamma narsa mavhum bo‘lib qolaverardi. Baribir ham, o‘quv kurslarimizga bunday shakl berishda qandaydir g‘arazgo‘ylik bor edi deb o‘ylamayman. Biz odatdagi maktab ta’limini olardik. Boshqa sharoitlarda u o‘zini oqlagan bo‘lar edi. Hech bo‘lmaganda mas’uliyatning bir qismi mening zimmamga tushar edi. Bolaligim o‘tgan haligi yakkalanib qolishni hisobga olgan holda jug‘rofiy jihatdan alohida biron-bir boshqa jamiyat sharoitlariga xayolan ko‘chib o‘ta olmas edim. Men kitoblar g‘oyasining o‘zini sevardim, ammo ularni o‘qish menga oson emasdi. O‘zidan begona qilmaydigan zamondan va makondan tashqariga arziydigan Andersen va Ezop kitoblarini ko‘proq tushunar edim. Nihoyat, kollejning so‘nggi oltinchi sinfida Moler, Sirano de Berjerak singari yozuvchilarning ayrim adabiy matnlari menga yoqa boshlagandi, bu hodisa ularning ertak sifatiga ega ekanligidan sodir bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.

Men yozuvchi bo‘lib yetilganimda meni qurshab olgan zulmat kitoblarim mavzulariga aylandi. Yer; tub joy aholisi; Yangi Olam; mustamlaka; tarix; Hindiston; musulmonlar dunyosi – unga daxldorligimni o‘zim ham sezar edim; Afrika; keyin esa Angliya – bu yerda men asar yozishni o‘rganganman. Kitoblarim bir-birining ustiga taxlab tashlangan va men kitoblarimning yig‘nog‘iman deganimda xuddi shularni nazarda tutgan edim. Mening kelib chiqishim, ya’ni ishimning manbai va ilhomchisi ayni vaqtda haddan tashqari jo‘n va behad darajada murakkab deganimda shularni nazarda tutgan edim. Chekka Chaguanas shaharchasidagi hayot bu qadar oddiyligini anglab yetgandirsiz deb o‘ylayman. Yozuvchi safatida u men uchun haddan tashqari murakkabdir. Ayniqsa, boshlang‘ich pallalarda, menga soxta ta’limlarni taqdim etgan adabiy ramzlarim (buni boshqacha atab bo‘lmaydi) menga mutlaqo yot jamiyatga mansub bo‘lganda. Ammo xoh ishoning, xoh ishonmang, ashyolar juda boy edi va asarga kirishishimga imkon bergan edi. O‘zimning kelib chiqishim haqida men aytgan gaplar kitoblarim ustida ishlagan vaqtimdagina bilim sifatida ko‘nglimga kelgan edi. Bordi-yu, asarlarim kashtasi men uchun faqat so‘nggi ikki oy yoki shunga yaqin vaqt davomida ayon bo‘ldi desam, bunga ishonavering. Bungacha men uchun eng qiyin narsa odamlarga o‘z ishimni anglatish, ko‘rganlarimni hikoya qilib berish edi.

Men ko‘ngil sezgisi yo‘lidan boruvchi yozuvchiman deb aytgan edim. Oldin ham shunday edim, qariyb yo‘lning oxirida turgan ayni kunda ham shundayman. Men hech qachon reja tuzmaganman. Hech qanday tizim etagidan tutmaganman. Dil sezgilarimga mahliyo bo‘lib ishlab keldim. Har gal maqsadim kitob yozish, o‘qish oson va qiziq bo‘lgan nimadir yaratish bo‘lgan. Har bir bosqichda men o‘z bilimim, idrokim, iste’dodim va dunyoqarashim doirasidagina yozishim kerak edi, chunki menga zarur mavzularni ochib beruvchi kitoblar yo‘q edi. Men o‘z dunyomni rivojlantirib olish va uni o‘zim uchun talqin qilishim kerak edi. Mustamlaka tarixini haqqoniy his etish uchun men Britaniya muzeyiga, boshqa arxivlarga murojaat etishimga to‘g‘ri keldi. Hindistonga sayohat qilishimga to‘g‘ri keldi, zero ota-onamning ota-onalari kelgan Hindiston haqida hikoya qilishi mumkin bo‘lgan hech kishim yo‘q edi. Neru va Gandining asarlari bor edi; shunisi qiziqki, ayni Janubiy Afrikada tajriba orttirgan Gandi menga hammadan ko‘p narsa berdi, ammo bu hali yetarli emasdi. Kipling bor edi; Jon Master singari ingliz-hind mualliflari bor edi (mazkur muallif 50-yillarda mashhur edi, u Britaniya Hindistoni haqida o‘zaro bir-biri bilan bog‘liq o‘ttiz beshta roman yozishni va’da qilgandi va, afsuski, bu va’daligicha qolib ketgandi yanglishmasam); ayol yozuvchilarning shunday asarlari bor edi. O‘shanda paydo bo‘lgan barmoq bilan sanarli hind mualliflari shaharliklar edilar va o‘rta sinfga mansub edilar: ular biz kelib chiqqan Hindistonni bilmas edilar.

Keyin esa hind tashnaligi qongach, boshqa mavzular paydo bo‘ldi: Afrika, Janubiy Amerika, musulmonlar dunyosi. Maqsadim har doim dunyoni o‘zim bilgan manzarada tasvirlash bo‘lib keldi, fikr esa bolaligimdan kelib chiqardi: o‘zimni xilvatda o‘zim bilan bemalol his qilsam derdim. Yaxshi odamlar goho mendan Germaniyami yoki, deylik, Xitoy to‘g‘risidami yozishni iltimos qilishadi. Biroq har ikkala mamlakat to‘g‘risida allaqachon ko‘p narsalar yozilgan va yaxshi yozilgan; bu yerda men mavjud ishlarga tayanishni afzal ko‘raman. Bu mavzularni boshqalarga qoldiraylik. Ular meni bolaligimda qurshab olgan zulmat emasdi. Shundayin, ishimda sodir bo‘lgan taraqqiyot bilan, hikoya qilish uquvi, bilimlar va idrok taraqqiyoti bilan bir qatorda men baribir ham qandaydir yagonalikni, ma’lum yo‘nalishni saqlab qoldim, holbuki, ayni damda turli yo‘nalishlarda ketayotganimday bo‘lib ko‘rinadi.

Ishni boshlar ekanman, oldinda meni nimalar kutib turganini bilmasdim. Men kitob yozishni xohlar edim, bas. Men universitetdan keyin qolganim Angliyada yozishga urindim va tajribam haddan tashqari ozdek, kitoblarda yozishim kerak bo‘lganlariga aslo o‘xshamagandek bo‘lib ko‘rindi o‘zimga. Hech bir kitobda bolalik tajribamga yaqin kela oladigan narsani topa olmadim. Yozishni istagan yosh ingliz yoki fransuz adibi har doim uni keng yo‘lga olib chiqib qo‘yishga qodir ko‘plab ramzu qiyofalarni topadi. Ular menda yo‘q edi. Hind jamoasi haqidagi otamning hikoyalari o‘tmishga daxldor edi. Mening dunyom butunlay boshqa edi. U ko‘proq shaharcha, aralash-quralashroq edi. Katta oilamizning besaranjom hayoti – oromgoh va xobgohlar, ovqatlanish vaqtlari, uydagi odamlar miqdorining bir xilligi tasvirlash uchun g‘oyat qiyin narsalar bo‘lib ko‘rinardi. Uydagi hayotim va tashqi olamdagi hayotim haqida haddan tashqari ko‘p tavsiflar talab qilinardi. Bundan tashqari, biz haqimizdagi ko‘p narsalar – ajdodlarimiz va tarix menga noma’lum edi. Nihoyat, bir kuni miyamga biz Chaguanasdan ko‘chib o‘tgan Port-of-Speyndagi ko‘chalardan boshlash fikri kelib qoldi. U yerda tashqi dunyodan ajralib turuvchi taram-taram katta darvoza yo‘q edi. Ko‘chadagi hayot shundoq ko‘z o‘ngimda turardi. Uni ayvondan turib tomosha qilish menga dunyo-dunyo lazzat bag‘ishlardi. Men aynan shu ko‘cha hayoti haqida yoza boshladim. O‘zimga savollarni qalashtirib tashlamasligim uchun men tez yozmoqchi bo‘lardim va shu bois ixchamlashtirardim. Men tasvirlamoqchi bo‘lgan bolaning kelib chiqishi to‘g‘risidagi hikoyani pinhon qoldirdim. Ko‘chadagi irqiy va ijtimoiy muammolardan nafratlanardim. Odamlarni ular ko‘chada qanday bo‘lsa o‘shandayligicha tasvirlardim. Kunda bittadan hikoya yozardim. Dastlabki hikoyalarim g‘oyat qisqa bo‘lardi. Ashyolar yetarmikan degan xavotirda yashardim. Ammo keyin-keyin asar yozish sehri paydo bo‘la boshladi. Ashyolar o‘zi turli manbalardan kelar edi. Hikoyalar uzayib boraverdi, endi ularni bir kunda yozib tugatib bo‘lmas edi. So‘ngra meni osonlik bilan o‘ziga mahliyo qilgan ilhom tugagandek bo‘ldi. Biroq kitob yozib bo‘lingan va o‘z nazdimda men yozuvchi bo‘lib qolgan edim.

Keyingi ikkita kitobim yozuvchi va ashyo o‘rtasidagi masofani orttirdi. So‘ngra ko‘nglim oilamiz haqida katta kitob yozishga undadi. Uni yozish asnosida mening oriyatli fikrlarim o‘sdi. Biroq kitobni yozib tugatgach, o‘zimning orol ashyom bilan qo‘limdan kelgan hamma narsani qilganimni his etdim. U haqda har qancha uzoq mulohaza yuritmay, bundan endi adabiyot chiqmas edi.

Meni tasodif saqlab qoldi. Men sayohatchiga aylandim. Men Karib havzasi mamlakatlarini bir-bir borib ko‘rdim va o‘zim bir uzvi bo‘lgan mustamlaka tizimini ancha yaxshiroq anglab yetdim. Men Hindistonda, ajdodlarim mamlakatida bir yil bo‘ldim; u mening hayotimni qoq ikkiga bo‘lib yuborgan sayohat edi. Mana shu ikki sayohat haqida yozgan kitoblarim meni his-tuyg‘ularning yangi olamiga olib kirdi, ilgari o‘zimda bo‘lmagan yorug‘ dunyo qiyofasini taqdim etdi, kasbiy malakamni charxladi. Shundan keyin yozgan asarlarimda Angliyani Karib mamlakatlari bilan birlashtirishga muvaffaq bo‘ldim – eh, buning qanchalik og‘ir vazifa ekanligini bilsangiz edi! Men yana orol aholisining barcha irqiy guruhlarini tasvirlab berolgan edim, ilgari sira bu narsa qo‘limdan kelmagan edi.

 Yangi asarim mustamlakachilik iztirobi va xayoloti haqida hikoya qilardi – bu shunday kitob ediki,unda chorasiz odamlar o‘zlari haqida yolg‘on gapiradilar, o‘zlarini o‘zlari aldaydilar, chunki yolg‘on – ularning yagona panohi. Kitob “Taqlidchilar” deb atalardi. Ammo unda taqlid haqida gap ketmasdi. Unda mustamlakadagi odamzod nasliga taqlid qiluvchi, o‘ziga ishonchi butunlay qolmagan odamlar haqida so‘z yuritilardi. Bir necha kun oldin menga shu kitobdan bir necha betni o‘qib berishdi – men uni qariyb o‘ttiz yildan beri ochib ko‘rmagan edim, – shunda miyamga mutamlakachilik jazavasi haqida yozgan ekanman degan fikr keldi. O‘shanda bunday gap ko‘nglimga kelmagandi. Kitoblarim mavzuini ifoda etish uchun men hech qachon mavhum so‘zlardan foydalanmas edim. Aks holda hech qachon bir satr ham yozmagan bo‘lardim. Kitoblarimni ko‘nglim buyurganida va faqat sinchiklab kuzatish asosida yozaman.

Men asarlarimda vatanim atigi o‘n yil davomida o‘zgargani yoki rivojlanganini ko‘rsatishga harakat qilish uchun o‘z yozuvchilik faoliyatimning ilk yillari tavsifini keltirib o‘tdim, xolos: kulgili ko‘cha hayotining qandaydir keng tarqalgan jazava tadqiqotigacha bo‘lgan holatni. Oddiy narsa murakkabga aylandi.

Badiiy nasr singari sayohatlar kitobi janri ham menga idrok etish usulidan darak berib turadi; nima uchun barcha adabiy shakllar men uchun birday qimmatga ega ekanini tushunarsiz deb o‘ylayman. Masalan, birinchisidan yigirma olti yil keyin Hindiston to‘g‘risidagi uchinchi kitobimni yozishga kirishganimda, miyamga sayohatlar kitobida eng muhimi ichida muallif sayohat qilgan odamlardir, degan o‘y keldi. G‘oya o‘ziga yetgancha oddiy, ammo uning uchun yangi xildagi kitob talab etilardi; u sayohatlarning boshqacha usuliga da’vat etar edi. Musulmonlar dunyosiga ikkinchi bor yo‘l olganimda men keyinchalik aynan shundan foydalandim.

Men faqat ichki sezgim buyurganidey ish tutib kelaman. Men siyosiy yoki adabiy tizimga rioya qilmayman. U yoki bu siyosiy g‘oya menga hukmini o‘tkazolmaydi. Bu mening nasabim bilan bog‘liq deb o‘ylayman. Bu yil dunyodan o‘tgan hind yozuvchisi R.K. Narayan qandaydir muayyan siyosiy kurashlarga rioya etmagan. G‘oyat ovloq zamonlarda hech bir rag‘batlarsiz hikoyalar yozgan otam siyosiy e’tiqodga ega emas edi. Bizlar necha asrlar davomida hokimiyatdan uzoqda yashaganimiz uchun shunday bo‘lgandir. Bu bizga alohida nuqtai nazar taqdim etgan. Nazarimda, biz narsaning ko‘proq kulgili va achinarli tomoniga moyilmiz.

O‘ttiz yilcha avval Argentinaga borgan edim. Bu partizanlar urushi davom etib turgan vaqtlar edi. Odamlar keksa mustabid Peronning quvg‘indan qaytishini kutardi. Mamlakat boshdan-oyoq nafrat o‘tida yonardi. Peronchilar oldingi alamidan chiqish payida edilar. Ulardan biri menga bunday dedi: “Yaxshi qiynoq va yomon qiynoq bor”. Yaxshi qiynoq – bu sizning xalq dushmanlari bilan qilgan ishlaringiz. Yomon qiynoq – xalq dushmanlarining sizlar bilan qilgan ishlari. Barrikadaning narigi tomonidagi odamlar ham shu gapni aytishadi. Haqiqiy muzokaralar hali-hanuzgacha yuz bergani yo‘q. Faqat ehtiroslaru Yevropadan kirib kelgan siyosiy lahja bor edi, xolos. Men bunday yozdim: “Lahja jonli masalalarni mavhumga aylantirganda va lahja lahja bilan quvlashmachoq o‘ynaganda, odamlar kalavaning uchini yo‘qotib qo‘yadilar. Ularda faqat dushmanlik qoladi, xolos”.

Argentina ehtiroslari esa o‘sha-o‘sha aql-idrokni mag‘lub etib va umrlarni xazonga aylantirgancha hamon alanga olib turibdi. Buning hali-veri oxiri ko‘rinay demaydi.

Ishimning muddatiga had-chegara yo‘q. Men qilgan narsalarimni qilishga ulgurganimdan, ijodiy jihatdan qo‘limdan kelgancha uzoqqa bora olganimdan mamnunman. Har bir kitob men uchun baxt edi, har bir kitob meni hayratga solardi; endi-endi yoza boshlagan daqiqamgacha kitob menga muntazir ekanini bilmas edim. Yoza boshlaganim esa buyuk mo‘‘jiza edi. Boshlamasdan oldinroq mag‘lub bo‘lishim ehtimoldan uzoqmasligini his etib turaman va bu hayajon hali-hanuz vujudimda yashab kelyapti. Nimadan boshlagan bo‘lsam, shu bilan tugataman, ya’ni “Sent-Byovga qarshi” kitobidan Prustning ajoyib mitti esselaridan birini keltiraman. “Agar iste’dodimiz bo‘lsa, biz yozgan ajoyib narsalar,– deydi Prust, – ichimizda mavjud, bizni to‘lqinlantirgan kuyga o‘xshab, ularni bir-biridan farqlab bo‘lmaydi, holbuki biz uning tarhini qayta tiklashdan ojizmiz. G‘ira-shira xotiralar ta’qib etgan odamlar – Xudo bergan odamlardir... Iste’dod – bu xotiraning shunday turiki, u oxiri ularning mana shu noaniq musiqaga yaqinroq borishga, uni yaxshilab tinglashga, yozib olishga imkon beradi...”

Iste’dod haqida gapirar ekan Prust uni hamisha omad va og‘ir mehnatdan iboratdir,– deydi.

Ruschadan  Amir Fayzulla tarjimasi

 “Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 11-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.