OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Viktoriya Tokareva. Sig‘inmagil osmon deb (hikoya)

Xotini battar semirib ketishdan qo‘rqardi – uyda hech vaqt kiroyi non bo‘lmasdi. Trofimov ertalablari non saqlanadigan yog‘och idishni ochganida chumoli talab yotgan qoq-quruq, mog‘or bosgan non bo‘laklariga ko‘zi tushar va shunda u o‘z hayoti haqida o‘ylab ketardi. Hayoti ham ana shunday totsiz, besamar, allaqanday tahqiromuz kechayotgandek tuyulardi unga.
Oshxonaga kirgan xotini o‘zini oqlagan bo‘ladi:
– O‘zing olib kela qolmadingmi? Men non yemayman, bilasan.
– Sendan boshqa ham odam bor-ku bu uyda, – deydi Trofimov.
– Yo‘q desa ham bo‘ladi, – deydi xotini sekingina ayanch bilan. – Men bormanmi-yo‘qmanmi, senga baribir-ku.
Uning gapida jon bor edi. Trofimov boshqa ayolni sevardi. Silvana degan, Rimda yashaydi u. Aslini olganda, istiqbolsiz, behuda bir tuyg‘u edi bu. Istiqbolsiz-u, lekin tarixi bor. Va bu ham, indallosiga ko‘chilsa, Trofimovning yolg‘iz o‘ziga daxldor bir kechmish edi. 
Trofimov Silvanani ilk bor “Bir ayol qissasi” degan italyan filmida ko‘rgan. Moskvaga bundan boshqa u qatnashgan birorta ham kino kelmagan. Balki Silvana allaqachon kino olamini tark etib ketgandir yoki hali ham rol-pol o‘ynayotgandir-u, u filmlar bizda sotib olinmayotgandir. Trofimov o‘sha filmni atigi bir marta ko‘rgan. Unda o‘n besh yoshlarda edi, sakkizinchi sinfdami o‘qirdi. Ekranda sohibjamol va zotdor otdek durkun Silvana paydo bo‘lgan. Uning ko‘zlari katta-katta, hayratomuz darajada chiroyli, tishlari ham durdek oppoq va ipga tizilgandek bir tekis ediki, bunaqasi hayotda kam uchraydi, negaki tabiat zargar emas, biron-bir nuqson bilan ham yaratishi mumkin-da. Silvana esa tabiatning bamisoli har jihatdan mukammal bir asari edi. U sovuqdan sovuq, ko‘rimsiz bir nusxani oppoq, bo‘liq qo‘llari bilan quchoqlab, qattiq bag‘riga bosadi. Keyin birdan umidsizlikka tushib yig‘lay boshlaydi, nuqradek yaltirab ohu ko‘zlaridan yirik-yirik yosh tomchilari to‘kiladi.
O‘n besh yosh – hayratu zavq-shavqlar pallasi. Silvana Trofimovni chin ma’noda ham, ko‘chma ma’noda ham larzaga solgan edi. Uni o‘shanda ajib bir titroq tutib, joyidan qimirlayolmay qolgan.
– Ha, nima bo‘ldi, mazang qochdimi? – deb so‘ragan sinfdosh o‘rtog‘i Kirka Dodolev.
G‘ippa bo‘g‘ilib, Trofimov gapirolmay qolgan. Keyin o‘z-o‘zidan tomog‘i og‘rigan. Silvana uning jismiga bedavo dard, tabiblar ta’biri bilan aytganda – vujudda xira pashshadek kezib yuruvchi tillarang stafilokokk misol joylashib olgan edi. Ba’zan-ku bu dard uncha sezilmasdi. Ammo uning borligi aniq edi. Goho sira kutilmaganda bosh ko‘tarib qolardi.
Maktabni tamomlagach, Trofimov universitetning jurnalistika fakultetiga hujjat topshirdi – bir kuni Italiyaga borarman, balki Silvanadan intervyu olarman degan xayolda. Ana shunda chinakam sevgi qissasi boshlanadi. Holbuki, bu qissaning ilk satrlari ancha oldin – Trofimov o‘n besh yoshdaligida bitilgan. Bevosita uchrashuvdan keyin esa Silvana uni astoydil sevib qoladi. Trofimov bir necha chet tilni o‘rgandi: italyancha, inglizcha, yaponcha – kim biladi deysiz, balki Silvana u bilan yaponcha so‘zlashmoqni ixtiyor etar.
Har bir millatning tili o‘ziga o‘xshaydi, begona so‘zlar jarangiga quloq tutiboq Trofimov baayni o‘sha millatni his etardi, ba’zan sal-pal ingliz bo‘lib qolsa, goh yaponga aylanardi.
U oddiy muxbir emas, chinakam zo‘r jurnalist bo‘lib yetishsagina Italiyaga yuborishlari mumkin. Trofimov har jihatdan puxta bilim egalladi, ota-onasini hayratga qo‘yib, erinchoq-tanbal bir boladan tinib-tinchimas, serg‘ayrat talabaga aylandi. Oxir-oqibat serg‘ayratlilik unga xos bo‘lib qoldi.
Uchinchi kursni tugatish arafasida yigirma yoshli Trofimov “Smena” jurnalining eng yaxshi ocherk tanlovida birinchi mukofotga sazovor bo‘ldi. Rasmi jurnalning oxirgi betdan bitta oldingi sahifasida chop etildi. Surat xira, sifatsiz edi. Ammo nima bo‘lganda ham bu uning surati, mana, bir necha ming adadda chop etildi, shunisi muhim edi. Qiyofasi endi go‘yo Trofimovning o‘zidan ajralib chiqib, insoniyatga daxldor bo‘lib qolgan edi. Bu hol esa uni Silvanaga yaqinlashtirardi. Demak, ular endi deyarli teng mavqeda. Trofimov mukofotini “yuvish” uchun guruhdoshlarini restoranga olib bordi. Rosa shovqin-suron bilan xursandchilik qilib xumordan chiqishdi. Hayot ularning har biriga boqiy umr, shon-shuhrat, muhabbat in’om etadigandek edi go‘yo. Ammo bayram naqd avjiga chiqqan damda Trofimov o‘zini nihoyatda ojiz his etdi. Ehtimol, jismining allaqaysi puchmog‘ida mudrab yotgan anovi tillarang la’natilarga jon bitganu ular tomirlari bo‘ylab g‘alayon boshlagandir. Trofimov daf’atan bir narsani anglab yetdi: “Smena” jurnalining mukofoti ham, eski puldagi qirq rubl qalam haqi ham Silvanaga bir chaqa! Trofimovga hayot birdan rangsiz, ma’nisiz tuyulib ketdi. Lekin sezdirmaslikka harakat qildi – jo‘ralarining kayfiyatini buzgisi kelmadi. Arzi hol qilgan taqdirida ham birortasi unga hamdard bo‘lmog‘i dargumon. Va hatto bitta-yarimtasi musht tushirib qolishi ham mumkin...
Trofimov keyin ikkinchi mukofot – Bolgariyaning “Oltin buqa” sovrinini qo‘lga kiritdi. Undan so‘ng Birlashgan Millatlar Tashkiloti mukofotiga ega bo‘ldi. Bora-bora Trofimov olgan mukofotlarini sanamay qo‘ydi. U zo‘r jurnalist bo‘lib yetishdi – tamom-vassalom. Hamkasblari hazillashib uni “Oltin qalam” deb atardi. Ammo Silvana uchun bular arzimas mayda-chuydalar...
Trofimov talay yil birovga ko‘ngil qo‘yolmay, uylanolmay yurdi. Chunki uchragan nomzodlar ummon bilan qiyoslaganda – bir ko‘lmak, ariqcha, juda bo‘lmasa, irmoqdek gap edi. Silvanaga bo‘lgan muhabbat Trofimovni boshqa ayollarning qo‘li yetmas bir yuksaklikka – osmoni falakka olib chiqib qo‘ygan edi. Bunday “mavqe” ayol kishigagina emas, erkaklar uchun ham faxrlidir. Trofimov Lermontovga o‘xshagan ko‘rkam, sirli, ammo hayotdan ko‘ngli qolgan odamdek taassurot qoldirardi. Ayollar tom ma’noda ham, ko‘chma ma’noda ham uning oyoqlari ostiga o‘zini tappa tashlardi. Bittasi yaxmalak maydonida naqd poyiga kelib tushib, mayib bo‘lishiga sal qolgan. Trofimov “Pobeda” mashinasiga o‘xshab 60 kilometr tezlikda kelayotgan edi-da. Hozir unaqa mashina chiqmayapti, bir vaqtlar esa eng zo‘r avtomobil hisoblanardi. Trofimov qizga urilib ketib, o‘zi ham yiqilib tushgan. Keyin uni uyiga kuzatib qo‘yishga majbur bo‘lgan. Qizning ismi Galya ekan. Bugun qaysi qizni qaramang, ismi Natasha bo‘lganidek, o‘sha kezlar ularning bari Galya bo‘lardi. Qiz choy ichib keting deb, uyiga taklif qildi. Choy ustida esa hali tasodifan emas, atay uning oyog‘i ostiga yiqilganini aytsa deng! Qiz bu “javobsiz” muhabbatdan charchab bo‘lgan, endi sevgan odamining qo‘lida, hatto oyoqlari tagida o‘lmoqqa ham rozi ekan. Ma’lum bo‘lishicha, Galya Trofimovni maktab davridan, ya’ni sakkizinchi sinfdan to o‘ninchi sinfgacha, keyin universitetda – birinchi kursdan to oxirgi kursgacha sevgan. Ular bir maktabda, lekin qo‘shni sinflarda, bitta oliy o‘quv yurtida, lekin boshqa-boshqa fakultetlarda o‘qigan ekan. Trofimov uni eslay olmadi, bunday qizni u hatto tush ham ko‘rmagan ekan. Trofimov uchun ayol zoti ikki toifadan – Silvana va Silvana bo‘lmaganlardan iborat edi. Birinchi toifaga faqat Silvana mansub bo‘lib, qolgan hammasi ikkinchi toifaga kirardi. Modomiki, Silvanaga uylanish taqdiriga bitmagan ekan, ikkinchi toifaga mansub har qanday ayolni xotin qilib olaverishi mumkin. Mana, o‘zi jon-jon deb turibdi, nega endi shu Galyaga uylanmasin!
To‘y Galyaning uyida o‘tdi. Odam ko‘p. Dasturxon atrofiga hamma birdan sig‘madi, xuddi sershovqin oromgohlardagi kabi navbat bilan o‘tirishga to‘g‘ri keldi. Shunga qaramay, bazm rosa qizidi, mehmonlar baqirib-chaqirib obdon xursandchilik qilishdi.
Galya ham baxtdan, ham poyabzali oyog‘ini siqayotganidan karaxt ahvolda o‘tirardi. Uning oyog‘i birmuncha dag‘al, shundan uyalib, bejirimroq ko‘rinsin deya u ikki o‘lcham kichikroq tufli kiyib olgan edi. U kezlar ayollik latofati oyoq ixchamligi bilan ham o‘lchanardi-da. Yillar o‘tib esa, emin-erkin yurish uchun Galya bir o‘lcham kattaroq oyoq kiyim sotib oladigan, ya’ni o‘ttiz to‘qqizinchi emas, qirqinchi poyabzal kiyadigan bo‘ldi. Birovlar nima deb o‘ylasa o‘ylayvermaydimi! Galyaning oyog‘idagi tuflining katta-kichikligi bilan kimning ishi bor! Hamma gap o‘zida qolgan. Atrofdagilarning fikrini e’tiborga olish nuqtai nazaridan, yoshlik o‘rtayasharlikdan farq qiladi, albatta. Umuman, erku ixtiyor masalasida ham.
To‘yda ham biror kimsa Galyaning o‘zini o‘zi azoblab qilgan fidoyiligini sezmadi, hammasi to‘yguncha ichib-eb, o‘ynab-kuldi. Galya esa urib-tiqib oyog‘iga billur tufli kiyib olgan shumshuk qizdek his etdi o‘zini. Oxir-oqibat u tuflisini yechib tashlab, oyoqyalang yurdi. Kimdir qadahini qo‘lidan tushirib sindirgan ekan, Galya shisha sinig‘ini bilmay bosib, oyog‘ini kesib olsa deng! Trofimov darrov sochiq bilan kelib uning oldida tiz cho‘kdi-yu, daf’atan o‘zini huv birdagidek nochor his etdi. U Silvananing oldida tiz cho‘kib turgani yo‘q-ku. Silvana hozir Rimda, erining quchog‘ida. U Trofimov bilan emas, biron-bir millioner – sharikli ruchka yoki elektron soat chiqaradigan zavodning egasi yoki sayohat byurosiningmi, otelningmi va yana allambalolarningdir xo‘jayini bo‘lmish eri bilan birga! Trofimovning to‘yi esa, mana, g‘ulg‘ula torgina bir uyda bo‘lyapti. Dasturxonda pomidoru sho‘rbaliq, gazaklaru dirildoq, xolos. Bu yoqda Galyaning oyog‘ini poyabzali siqayotir, barmoqlari qon Trofimov go‘yoki o‘z qo‘li bilan orzularini bo‘g‘izlayotgandek...
Mehmonlar qo‘l ushlashib kelin-kuyovni davraga olgancha qo‘shiq kuylay boshlashdi. Trofimov esa o‘rtada tiz cho‘kkan ko‘yi xayol olamida yolg‘iz uchib yurardi.
So‘ng u mast bo‘lib hojatxonada uxlab qolibdi. Oxiri eshikni buzib kirishga majbur bo‘lishibdi.
To‘ydan keyin hayot bir maromda davom etaverdi. Elliginchi yillar, oltmishinchi, keyin yetmishinchi yillar... bir-birini quvib o‘taverdi. Oltmishinchi yillarda qo‘riq va bo‘z yerlar o‘zlashtirila boshladi. Bastakorlar bunga bag‘ishlab kuy bastalasa, shoirlar she’r, jurnalistlar esa maqola yozar edi. “Olis-olis yo‘llar, salom, qo‘riq yerlar”. Yetmishinchi yillarda Baykal-Amur magistrali qurilishi boshlandi. Televizorda bag‘baqador qari xonanda kuylardi: “BAM, BAM, BAM – millionlar senda jam”.
Trofimov mamlakatdagi o‘zgarishlar bilan hamqadam hududma-hudud kezdi, qo‘riq yerlarga ham bordi, BAMga ham. Tyumenda neft koni ochilganda vertolyotda baliq-paliq degani urchimaydigan Samotlor ko‘liga qarab ham uchgan edi. Trofimov vertolyotdan pastga qarab, qaynab-ko‘pchib yotgan sarg‘imtil botqoqlikni ko‘rgan va bu unga yerning tanasida maddalagan yaradek bo‘lib tuyulgan edi. Olimlarning ta’kidicha, tabiatda botqoqlik bo‘lgani ma’qul, hatto juda foydali ham. Botqoqlikni quritish tabiatga nisbatan zo‘ravonlik emish. Buning uchun u bir kun kelib o‘ch olishi mumkin. Tabiat o‘ziga nima foydayu nima zarar ekanini bexato biladi. Odam bolasi esa xudo emas, bor-yo‘g‘i tabiatning bir bo‘lagi, xuddi mana shu botqoqlik misoli.
Trofimov mudom zamon bilan hamnafas, ba’zan u bilan bahsga kirishar, ba’zan esa daholar singari o‘zicha undan o‘zib ham ketar edi. Daho deganlari oddiy odamdan shunisi bilan farq qiladiki, u zamondoshlaridan yuz va hatto ikki yuz yillab ilgarilab ketishi mumkin.
Italiyaga borish esa Trofimovga nasib etmadi. Silvana ham Moskvaga kela qolmadi. Ingliz va yapon tillarida boshqalar bilan so‘zlashishga to‘g‘ri kelardi. Lekin Silvanadan, to‘g‘rirog‘i, unga bo‘lgan muhabbatdan Trofimovga ba’zi bir ko‘nikmalar meros bo‘lib qoldi: tinim bilmay mehnat qilish, ayollarga befarqlik, ya’ni xotinbozlikka berilmaslik, shu ishgagina berilib, hayot sinovlaridan qochmaslik.
Galya o‘zini baxtli ayol deb hisoblashiga asos bor edi. Asos bor-u, ammo baxtning o‘zi yo‘q edi. Trofimov jisman uniki bo‘lsa-da, ruhan unga bo‘ysunmadi. Uning ko‘nglini ovlash uchun nima qilish lozimligini bilolmay Galyaning boshi qotardi. Eri ham bordek, ham yo‘qdek. Bu ziddiyatni ichiga sig‘dirolmay u oxir-oqibat semirib ketgan va doim parhez saqlar, taomdan tiyilib o‘zini obdon holdan toydirgan, qachon qaramang och-nahor, xo‘mrayib yurar edi. Shunday ekan, baxt haqida gapirishga hojat bormikan?!
Ishga ishtiyoq va irodalilikdan tashqari, Silvana Trofimovga boy berilgan umrdan pushaymonlik hissini ham singdirgan edi. Ichiga kirib olgan anovi tillarang la’natilar ham go‘yoki Trofimov bilan birga keksaydi, endi ular vujuddagi tomirlarda ilgarigidek surbetlarcha bemalol sayr qilib yurmas, aksincha, bor-yo‘qligi ham uncha sezilmas edi. Lekin hamon bor, bor. Trofimov buni bilar va o‘ylab tushkunlikka tushardi. Trofimov Silvana degan dardga mubtalo bo‘lgan. U birov-yarim buni sezib qolishidan hadiksirar va dardini mag‘rurlik ortiga yashirmoqchi bo‘lardi. Shu bois ko‘pchilik Trofimovni takabburroq deb o‘ylardi.
Yetmishinchi yillar o‘tib, saksoninchi yillar keldi. Italyan neorealizmi o‘tmishga aylandi. Neorealizm asoschisi Chizare Dzavattini olamdan o‘tdi. Jina Lollobrijida suratkashlik bilan shug‘ullana boshladi. Eski yulduzlar so‘nib, o‘rnida yangilari paydo bo‘ldi: Stefaniya Sandrelli, keyinroq esa Ornella Muti. Ammo ulardan birortasi Trofimovni Silvanachalik hayajonga solmadi. Ehtimol, o‘n besh yosh ayni hayratu hayajonlar davri bo‘lgani uchundir. Qirq besh yashar odamni esa uncha-munchasi bilan hayratga solib bo‘lmaydi. Hayotiga biror tahdid qilinsa, deylik, eshik ochilsayu xuddi Italiyaning so‘nggi yillardagi siyosiy detektivlaridagidek, peshonasiga to‘pponcha tiralsagina u hayratdan dong qotishi mumkin. Bundan boshqa taassurotu hayajonlarga yillar davomida ko‘nikib, o‘rganib borar ekan kishi. Ehtimol, sidqi sadoqatning o‘zga sabablari ham bordir. Trofimov ahdida sobit odam. Barqarorlik – fe’l-atvorga xos, intizomning bir alomati. Trofimov, masalan, uy jihozlarining o‘rnini almashtirishni yoqtirmasdi. U o‘n yillab bitta paltoni kiyib yuraverardi, ish joyini ham o‘zgartirmadi. Bir martagina uylangan, xotini – Galya, hayotidagi yagona muhabbati – Silvana va doimiy ta’til vaqti – iyul oyi edi. Oltinchi sinfdan boshlab sirdoshiga aylangan, o‘sha kezlar “Bir ayol qissasi” filmini birga o‘tirib tomosha qilgan Kirka Dodolev uning yakkayu yolg‘iz do‘sti edi. Boshqa birov emas, aynan shu Kirka unga ta’tilni bu yil iyulda emas, avgustda ol, iyul oyida xalqaro kinofestival bo‘ladi va Moskvaga ko‘pgina italyan aktyorlari qatori Silvana ham kelarmish, deb aytdi.
Silvana keladi. Orzu ushaladi. Ko‘p yillik bo‘lsa-da, orzu baribir orzu-da.
Kirka Dodolev bu xabarni telefonda aytdi. U boshqa nimadir kutgan edi, ammo Trofimov miq etmadi. Tomog‘i g‘ippa bo‘g‘ilib, gapirolmay qoldi, xolos. U go‘shakni qo‘ydiyu uyiga jo‘navordi. Uyda oshxonadagi jo‘mrak buzilgan ekan. To‘xtovsiz chakillab turgan suv xuddi qizilishton daraxtga tumshuq urayotgan kabi odamning miyasida aks sado berardi. Trofimov tomog‘ini bog‘lab oldi-da, jo‘mrak sozlovchi ustani chaqirdi. Tomayotgan suv, Silvana va tomoq og‘rig‘i orasida botiniy bir bog‘liqlik bordek tuyulardi unga. Ammo usta Vitaliy kelib jo‘mrakni ko‘zdan kechirgach, gap nimadaligi ma’lum bo‘ldi: arzimasgina bir balosi ishdan chiqibdi, shuni almashtirish kerak emish.
– O‘sha zormandadan o‘zingizda yo‘qmi? – deb so‘radi Trofimov.
– Nega bo‘lmas ekan, bor, albatta, – dedi Vitaliy. U kichkina jomadonchasini ochib, jimitdekkina rezina halqacha oldi.
Trofimov unga ajablanib qaradi. Uy egasi bilan vodaprovodchi ustalar o‘rtasida munosabat boshqacha bo‘lishiga o‘rgangan edi-da. Odatda bunday hollarda usta mana shu savil rezina halqacha ham bir yillardan buyon savdoda yo‘q, kamyob ekanini, lekin u tanish hamkasblaridan surishtirib topishi mumkinligini aytadi. O‘ziga-ku, pul-mul shart emas, biroq anovi hojatbaror odamga nimadir qistirmasa bo‘lmaydi. Uy egasi yalinishga tushadi, keyin o‘lganining kunidan, aslida ustaning cho‘ntagida turgan o‘sha o‘n bir tiyinlik matoh uchun besh rubl to‘laydi.
Vitaliy esa butkul boshqacha ekan. Yo suvchi ustalarning yangi avlodi yetishib chiqdimi, yo buning yangi avlodga mutlaqo aloqasi bo‘lmay, Vitaliyning o‘zi shunday insofli odammi, bir narsa deyish qiyin.
– Nechchi yoshdasiz? – deb so‘radi Trofimov undan.
– Qirq beshdaman. Nima edi?
Trofimov yana ajablandi. Yuzidagi horg‘inlikni aytmasa, Vitaliy tashqi ko‘rinishdan xuddi kasb-hunar bilim yurtining bitiruvchisiga o‘xshardi. General Gryomin ham Tatyana Larina unga turmushga chiqqanda qirq besh yoshda ekan, Pushkin esa uni “oq sochli chol” deb ta’riflagan. Yoki yigirmanchi asrga kelib, texnik taraqqiyot sabab hayot sharoiti o‘zgarib, odam ellik yoshga yetganda ham unchalik qarib ulgurmaydimi, kim bilsin. Yoki urushdan oldin va urush yillari tug‘ilganlar shunday tuzuk o‘smay, nimjonroq bo‘lib qolganmi? Ehtimol, yosh ko‘rinish Vitaliyning irsiyatiga xosdir. Vijdonli va navqiron!
Agar yuvib-tarab, risoladagidek kiyintirilsa, Vitaliy chala akademikka ham, jahongashta sayyohga ham yo bir yo‘lto‘sar qaroqchiga ham o‘xshab ketaverar edi.
Esida, Trofimov qachondir televizorda bir ko‘rsatuv tomosha qilgan edi. Ko‘rsatuv ishtirokchilari oldiga kattakon bir portretni qo‘yib, bu dunyoga mashhur olim ekani aytilgan va tashqi qiyofasiga qarab unga tavsif berish so‘ralgan edi. Qatnashchilar uni dono, zukko, kamtar va yuksak intellekt egasi deya sifatlagan. Shunda boshlovchi bu odam olim emas, ashaddiy bir jinoyatchi ekanini aytgan. Yanada e’tibor bilan, sinchiklabroq qaranglar, degan. Munozara qatnashchilari portretni endi obdon ko‘zdan kechirib, bu nusxaning basharasida aqliy noqislik, zehni pastlik va shafqatsizlik aks etib turganini bir ovozdan ta’kidlagan. Keyin esa boshlovchi uzr so‘rab, bu haqiqatan ham kattakon fizik olim, allaqanday nazariyaning asoschisi ekanini aytgan va tag‘in bir marta e’tibor bilan nazar solishni so‘ragan. Endi uning yuzida yana aql, qudrat, jiddiyat paydo bo‘lgan. Qizig‘i shundaki, Trofimov ham suratga qanday ko‘z bilan qarasa, shunday xususiyatlarni ko‘rgan. Demak, hammasi ma’lum yondashuvga bog‘liq ekan-da.
Vitaliy Trofimovga yoqib qoldi. Unga hatto bo‘lajak festival va Silvanadan so‘z ochgisi kelib ketdi. Boyagi xabar uni to‘lqinlantirib yuborgan, quvonchini kim bilandir baham ko‘rishni xohlardi. Galyaga aytib bo‘lmaydi – erning xotiniga begona ayol haqida so‘zlashi noqulay. O‘g‘li bilan ham bu xususda gaplasholmaydi. O‘g‘li hozir shunday yoshdaki, uning nazarida, odamlar o‘rtasidagi munosabat turlicha emas, balki tayin bir xildagina bo‘lishi mumkin va u birgina nom bilan ataladi. Trofimov bilan Silvananing munosabati-chi, buni nima deb atamoq kerak... Shunday ekan, o‘g‘li bu gaplarni tushunmaydi, aniq. Demak, dilidagini yettiyot begonaga qo‘rqmay aytaversa bo‘ladi.
– Iyul oyida kinofestival bo‘ladi, – dedi Trofimov anchayin gap yo‘g‘ida bir gapdek.
Vitaliy ishdan bosh ko‘tarib derazaga qaradi. Qor yog‘ayotir. Iyulgacha hali uzoq. U yana indamay ishini davom ettiraverdi.
– Press-bar ertalabgacha ishlaydi... – Trofimov balki Silvana bilan bir stolda o‘tirish nasib etar, deya xayol qilardi.
– Qaerda? – deb so‘radi dabdurustdan Vitaliy.
– Nima “qaerda”? – dedi Trofimov tushunmay.
– O‘sha press-bar deganlari-da, qaerda o‘zi?
– “Moskva” mehmonxonasida. Nimaydi?
– O‘zim, so‘radim-da, – dedi Vitaliy.
– Siz “Bir ayol qissasi” degan kinoni ko‘rganmisiz? Elliginchi yillari shunday film bo‘lardi. Ko‘rgan bo‘lishingiz kerak.
– Xo‘sh... – dedi Vitaliy.
– Ko‘rganmisiz o‘zi, yo‘qmi? – dedi Trofimov xuddi shuni bilishi juda zarurdek.
– Esimda yo‘q.
– Demak, ko‘rmagansiz. Yo‘qsa, esingizdan chiqmasdi. Shu filmda bir aktrisa bo‘lardi... O‘shayam kelarmish.
– Hozir kampir bo‘p qolgandir, – deya tusmolladi o‘zicha Vitaliy.
– Nega endi? – dedi Trofimov sarosimaga tushib.
– Film elliginchi yillarda chiqqan deyapsiz, hozir – saksoninchi yil. Ana endi o‘zingiz hisoblab ko‘ring. Ellik yoshlarda u bugun, balki oltmishda hamdir.
Vaqt atalmish xolis hakamni shunda Trofimov umrida go‘yo birinchi marta his etdi. Faqat Trofimovgagina emas, Silvanaga ham daxldor hodisa edi bu. Lekin ikki toifa odam qarimaydi: marhumlaru orzungda yashayotganlar. Shunday bo‘lsa-da, Trofimov hang-mang qolib Vitaliyga tikildi. U esa ayni chog‘da bamaylixotir ishini tugallab, natijasini tekshirib ko‘rmoqda edi. Jo‘mrak silliqqina berkilar — anovi rezina qistirma kelayotgan suvni to‘xtatib qolar edi.
– Mana, bo‘ldi! – dedi Vitaliy va asbob-uskunasini jomadonchasiga joylay boshladi.
Trofimov birdan hushiga kelib, hamyonini titkilamoqqa tushdi. Ilgarilari bunday ishlar uchun bir rubl berilardi. Ammo hozir bir rublning qiymati qolmadi, unga hech vaqo bermaydi. Trofimov uch rubl bersammi yo besh rublmi, deb bosh qotirardi. Besh rubl ko‘proqdir-ov: halol bir mehnatkashni yo‘ldan ozdirishi mumkin, keyin u qo‘l haqi olmasa ishlamaydigan bo‘lib qoladi, insoniy fazilatini yo‘qotadi. “Halol mehnat” degan gaplar bugun eskirgan. Hammasiga ziyolilar sababchi. Ular jamiyatning oldingi safida bo‘lmog‘i kerak, bunday uch so‘m-puch so‘m tiqishtirib ishchi sinfining ongini zaharlamaslik darkor.
Shu o‘ylarga borgan Trofimov uch rubl chiqarib Vitaliyga uzatdi.
– Shart emas, – dedi Vitaliy.
– Nega endi? – deya taajjublandi Trofimov.
– Buningizni nima qilaman, ishlaganim uchun oylik beradi-ku!
– Nima balo, jekingiz unvon-punvonga harakat qilyaptimi? – dedi Trofimov.
– Qanaqa unvon? – deya yelka qisdi Vitaliy.
– Haligi... eng ilg‘or mehnat brigadasimi, degan gaplar bor-ku...
– Shaxsan mening unvon-punvoniga ishim yo‘q. O‘z ishimni bajaraman, vassalom.
– Sizdaqalardan ko‘pmi u yerda? – deb so‘radi Trofimov.
– Unisini bilmadim. Menimcha, har bir odam o‘zicha yagona bo‘ladi, biri ikkinchisiga o‘xshamaydi. Hammani bir qarichda o‘lchash – bu qanaqasi axir...
Trofimov qo‘lidagi puldan xijolat bo‘ldi.
– Nima ham derdim, rahmat sizga... Menga ham biror xizmat bo‘lsa, bemalol aytaverasiz, – dedi.
– Shu... umrimda bir marta bo‘lsayam press-bar deganlarini ko‘rsam edi, – deya ko‘nglidagini aytdi-qo‘ydi Vitaliy ham.
Tashqarida qor yog‘ardi. Iyulgacha – xudo poshsho. Ayni chog‘da esa Trofimov Vitaliyni xursand qiladigan biror gap aytgisi kelardi.
– Bo‘ldi, gap yo‘q! – deya va’da berib yubordi u. – Bajonidil olib boraman...
Vitaliy ketdi. Trofimov sinflar o‘rtasidagi chegara tobora yo‘qolib borayotgani haqida o‘ylardi. Bugun dehqonni ishchidan, ishchini ziyolidan ajratish qiyin. Hamma kitob o‘qiydi, televizor ko‘radi, xohlagani – kiyim do‘konlarida erkin sotilayotgan jinsi shimni olib kiyadi. Bu hol yaxshimikan yo yomon? Trofimov bu savolga aniq javob topa olmadi va o‘ylab ko‘rish kerak, deb qo‘ydi o‘zicha. Alohida o‘rganishga arziydigan muhim mavzu ekan bu.
Press-barda chekishga ruxsat bor edi. Zal uncha katta bo‘lmaganidan tutun pag‘a-pag‘a bulut misol muallaq osilib turardi. Yelka-bo‘yni ochiq yasan-tusan ayollar tutun ichra go‘yo suzib yurardi. Qay biri chet elligu qaysisi o‘zimizniki – ajratish qiyin. Hammasi chet ellikka o‘xshaydi. Bar xizmatchilarining esa ko‘zi pishib ketgan, bir qaraboq bexato farqlaydi.
Trofimov tutun ichidagi toshoynada o‘z aksini ko‘rdi. U chet elliklardan farq qilibgina qolmay, ulardan o‘tib ham tushardi: emin-erkin, bashang, yozlik oq kostyum-shimda, ko‘krak cho‘ntagida to‘q qizil dastro‘mol, bo‘ynida ham qimmatbaho tamaki va atir hidi anqib turgan xuddi shu tusdagi galstuk.
Silvanani u eshikdan kirgani hamono tanidi. Devorga taqab qo‘yilgan stoldan joy olgan Silvana yonidagilardan bir bosh baland ko‘rinardi. U o‘ttiz yil ilgari qanday bo‘lsa hozir ham shunday – durkun va jilvador edi. Uning yonida har yerga suqilib yuradigan Bantik laqabli nusxa o‘tirardi. Bantik deyishlari bejiz emas – u ayollar libosi ustasi edi. O‘lgudek uchar va kelishgan bu odam hamisha har joyda diqqat markazida bo‘lardi. Trofimov Silvananing yonida bo‘lmoqni bir umr orzu qilib o‘tishi mumkin, Bantik esa shu tobda uning biqinida o‘tirib olib bemalol kattakon qadahini shampanga to‘ldirmoqda. Silvananing narigi yonidan qaysidir chet el savdo shirkatining Moskvada faoliyat yurituvchi vakili joy olgan. U tilmochlik qilayotgan bo‘lsa kerak. Shirkatchi yilning o‘n ikki oyidan to‘qqiz oyini Moskvada, uch oyini samolyotda – bir mamlakatdan boshqasiga uchib o‘tkazar edi. U past bo‘yli, ko‘rkam chehrali, bizning tushunchamizga ko‘ra, mol-mulkining cheku chegarasi yo‘q badavlat bir odam edi. G‘arbliklar aqidasicha esa, anchayin bir mulkdor, xolos. Lekin ayollar olamida rosa mashhur. Ehtimol, shu sabab shirkatchi Moskvada uzoqroq qolib yurgandir. G‘arbda boshqa millat ayollariga qaraganda rus ayollariga e’tibor katta. Chunki ular romantikroq, ochiqko‘ngil. Rus ayolini baxtli etish qiyin ish emas.
Bantik Trofimovni ko‘rib, qo‘l to‘lg‘ab yoniga chaqirdi. Demak, ishlar hozircha ko‘ngildagidek.
Stolga yaqinlashgach, Trofimov bu davrada mashhur rejissyor ham borligini ko‘rdi. Uning siqilibroq o‘tirgani sezilardi. Chamasi, bu kabi bazmi jamshidlarga uncha toqati yo‘q – qiyofasi o‘lganining kunidan chidab o‘tirgan odamni eslatardi. Vokzalda poezd kutayotgan yo‘lovchining yuz ifodasi shunday bo‘ladi.
Trofimov Silvanaga qaramadi. Bu fursatni atay keyinga surardi. To‘g‘rirog‘i, botinolmayotgan edi. Mana, endi qaramay iloji yo‘q.
– Tanishtirib qo‘yay, – dedi Bantik dali-g‘ulilik bilan. – Bu italyan aktrisasi...
– Bilaman, – dedi Trofimov uning gapini bo‘lib va Silvanaga tik boqdi. Boqdi-yu, vujudini olov chulg‘agandek bo‘ldi.
– Bu kishi esa bizning mashhur jurnalist. O‘z ishining ustasi. Bo‘risi desa ham bo‘laveradi. Volchara, – deya tanishtirdi Trofimovni Bantik.
Shirkatchi uning gapini tarjima qildi. Silvana nimanidir so‘radi, “volchara” degan so‘zni tushunmadi chog‘i.
– Zo‘r jurnalist, – dedi Bantik. – Grande professore.
Silvana ohista bosh qimirlatib, oppoq, bo‘liq qo‘lini cho‘zdi. Trofimov unga tikilib qoldi, ammo qo‘l uzatmoqqa jur’ati yetmadi.
– O‘tirsang-chi, nega turib qolding? – deya ajablanib qaradi unga Bantik.
Olti kishilik stolning to‘rt joyi band, ikkitasi bo‘sh edi. Bantik davrasiga odam tanlayotgan ekan. Trofimov bilan bir stolda o‘tirishning o‘zi martaba-da. Fellini bo‘lmasa ham, har holda... Qolaversa, kim bilan o‘tirish Bantikka muhim, obro‘-e’tiborga o‘ch odamlar asli shunaqa bo‘ladi.
Kinorejissyor noqulay vaziyatdan chiqish uchun Silvanaga shampan to‘ldirilgan qadah tutdi. Silvana “grande professore” nega unga qo‘l bermaganiga hayron edi; balki ruslarda shunday taomil bordir. Silvana qadahni jannatiy lablariga olib borarkan, ohu ko‘zlari bilan Trofimovni boshdan-oyoq kuzatib chiqdi. Trofimov lovullab yonayotgan gulxan o‘rtasida turgandek his qilardi o‘zini.
– O‘tir endi! – deb qistay boshladi uni Bantik.
Trofimov stulni surib o‘tirmoqchi bo‘layotgan edi, bilagiga bog‘ich taqib olgan bir odam kelib:
– Sizni so‘rashyapti, – dedi.
– Meni? – dedi hayron bo‘lib Trofimov.
– Sizni, sizni, – deya eshik tomon imo qildi navbatchi.
Trofimov u yoqqa tikilib, quyuq tutundan ko‘zi biror nimani ilg‘ayolmadi.
– Men hozir, – dedi u Silvanaga qarab. – Uno momento.
Silvana bilinar-bilinmas bosh qimirlatib qo‘ydi. U o‘zini rostakam nozaninlardek tutardi. Nozaninlik – unga kasb. Bu kasb egasi bo‘lmish ayol atrofidagilarni gap bilan o‘ziga qaratib, ishonch va ixlos uyg‘otish niyatida suhbatdoshining qo‘lidan ushlab olmaydi; bunday qilmog‘iga hojat ham yo‘q. Suhbatdoshini qo‘ltiqlab olish – o‘ziga e’tibor jalb etishning yana bir yo‘li. Qaysidir darajada tajovuzkorlik desa ham bo‘ladi buni. Chinakam nozanin esa bunaqa usullarga muhtoj emas, u istasa-istamasa, tabiiy ravishda o‘zi bilan o‘zgalar o‘rtasida ko‘rinmas bir devor paydo bo‘ladi. Trofimov ham Silvana bilan ikki og‘iz gaplashib-gaplashmay, ana shu devorga to‘qnash keldi. Uning qalbini allaqanday his – besaranjomlikmi, befarqlikmi qamrab olgan edi.
– Ma’zur tutasiz, – deya uchinchi marta takrorladi Trofimov va navbatchining ortidan yurdi.
Eshik yaqinida tamaki tutuni siyrakroq edi. Shunda birdan Trofimov anovi suvchi Vitaliyni ko‘rib qoldi. Ikki barvasta yigit uning yo‘lini to‘sib turardi. Vitaliy kulrang korjomada edi, boshida sun’iy charmdan tikilgan mallarang yapasqi bir qalpoq. Chamasi, u kechki navbatchilikda bo‘lgan, ish yo‘qligidan yolg‘iz o‘tiraverib zerikkanu huv o‘shandagi va’daga ko‘ra bu yoqqa qarab kelavergan.
– Ana o‘zi! – deya qichqirib yubordi Vitaliy eshikka yaqinlashayotgan Trofimovni tanib. – Gapga ishonmadinglar-a, xumparlar, – dedi keyin navbatchilarga ta’naomuz ohangda. – O‘zing ayt bularga!
Trofimov sarosimada qoldi. Vitaliy juda bemavrid kelgan edi. Kal boshga temir taroqdek bo‘lib. Ammo shu tobda keraksiz taroq bo‘lib turganini Vitaliy qayoqdan ham bilsin! Huv o‘shanda taklif qilingan edi, kelaveribdi-da u ham.
– Endi bizni o‘tkazib yuborasizlar, yigitlar, – dedi navbatchilarga Vitaliy va ichkariga qarab yurdi. – Bu kishini chaqirib berganlaringiz uchun rahmat.
Vitaliy Trofimovga yaqinlashib, atrofga alangladi:
– Rosa chekib tashlabsizlar-ku, a! Xo‘sh, qaerga o‘tirdik?
Quyuq tuman ichidan Bantik chiqib keldi.
– Nima, qochib qolmoqchimisan? – dedi u Trofimovga.
– Qochib qolmoqchi emasman! – dedi Trofimov dona-dona qilib.
– Yo pul-muling yo‘qmi?
– Bor, bor.
– Unda yur. Bu yerda turish noqulay.
Trofimov Bantikning ortidan yurdi, Vitaliy esa unga ergashdi.
Kelib stoldan joy oldilar. Vitaliy Trofimov bilan kinorejissyorning o‘rtasida o‘tirardi. Davrada yangi odam bo‘lgani va boshqalardan yaqqol ajralib turgani uchun Vitaliyga Silvana qiziqsinib qaradi.
– Men bu kishining oshnasiman, – deya o‘zini o‘zi tanishtirdi Vitaliy va Trofimovning yelkasiga qoqib qo‘ydi.
– Ha, shunday, – dedi uning gapini tasdiqlab Trofimov. – Bu – biz ruslarning Alen Bombari.
– O-o! – dedi Silvana hayratini yashirolmay, bir zum o‘zining osmondagi nozanin ekanini esidan chiqarib. – Se imposible!
– Ha, xuddi shunday, – dedi Trofimov. – Bizning Alen Bombar bu.
– Kim u o‘zi? – deb so‘radi Vitaliy pichirlab Trofimovdan.
– Huv men senga aytgan italyan aktrisasi mana shu-da, – dedi Trofimov ham shivirlab.
– Yo‘q, meni kimdir bittasi deb tanishtiryapsan-ku, o‘shani so‘rayapman.
– Keyin aytaman, keyin, – dedi Trofimov.
– Sizlarda ham shunaqasi bo‘lganmidi? – deb so‘radi shirkatchi ajablangandek.
– Bo‘lmasam-chi! Biz hech bir sohada ortda qolmaymiz! – dedi mag‘rur ohangda Trofimov.
– Shunaqa deng! Eshitmagan ekanman-da, – deya o‘zini oqlagan bo‘ldi shirkatchi.
– Qo‘rqqan hamdirsiz? – deb so‘radi Bantik. Chamasi, u o‘zini Vitaliyning o‘rnida tasavvur etib ko‘rardi.
Vitaliy Trofimovga qaradi.
– Qo‘rqqanman deb ayt, – deya maslahat berdi Trofimov.
– Sen nima deb o‘ylovding... Qo‘rqqandaki! – dedi Vitaliy rolini ishonarli qilib ijro etarkan.
– Shunisi qiziq-da, – deya gapga aralashdi kinorejissyor. – Qo‘rquv yo‘q joyda qahramonlik ham bo‘lmaydi.
Gumbur-gumbur musiqa boshlandi. Ular o‘tirgan stol orkestrga yaqin edi. Shirkatchi Silvanani raqsga taklif qildi. Silvana o‘rnidan turdi. U oqish-sarg‘imtil ipak ko‘ylakda edi. Trofimovning dimog‘iga yasmin gulining o‘tkir hidi urildi.
Silvana bilan shirkatchi raqs tushayotganlar to‘piga qo‘shildi. Shirkatchi Silvananing tirsagidan kelardi. G‘arbda buning ahamiyati yo‘qdir – boy bo‘lsang, tizzasidan kelsang ham bo‘laveradi.
– Baytalning o‘zginasi-ya! – deb yubordi Vitaliy Silvanaga qarab turib.
Bantik esa oq-sariqdan kelgan nozikkina, ertakdagi “dyuymovochka”ga o‘xshagan bir navniholni raqsga yetaklab chiqdi.
– Buni qara, – dedi zavqlanib Vitaliy. – Qo‘yningga solib yursang ham bo‘ladi-ya!
Vitaliyning Silvana to‘g‘risidagi gapidan Trofimov ranjimadi. Aksincha, baytalga o‘xshatib u Silvanani osmondan yerga tushirib qo‘ygan, qo‘letmas Silvana bilan oddiy banda Trofimov orasidagi masofani xiyla qisqartirgandek edi. Axir, hamma ham odam-da. Birovning birovdan nima ortiq joyi bor ekan?
– Bunday bir kiyinib ham olmabsan, – dedi Trofimov beozorgina qilib.
– E, nima farqi bor? – dedi ajablanib Vitaliy. – Bizga shunisiyam bo‘laveradi.
– Senga balki shunisi qulaydir. O‘zingga bilinmaydi-da. Boshqalarning oldida esa noqulay. Egni-boshingga qaraydi baribir.
– E, qarasa qarayversin, – dedi beparvo qo‘l siltab Vitaliy. – Haligi odaming kim edi?
– Kimni aytyapsan? – dedi Trofimov.
– Boya meni kimdir deb tanishtirding-ku?
– Alen Bombar, – dedi dona-dona qilib Trofimov.
– Tatarmi u?
– Yo‘q, frantsuz. U puflama qayiqda yolg‘iz o‘zi okeanni suzib o‘tgan.
– Nega endi?
– Insonning nimalarga qodirligini sinab ko‘rish uchun-da.
– Ya’ni qanaqasiga?
– Okeanda yolg‘iz qolgan odamning qo‘lidan nima ishlar keladi — shuni bilmoqchi bo‘lgan.
– Xo‘sh, nimalar kelarkan qo‘lidan?
– Suvga g‘arq bo‘lishi mumkin u. Omon qolishi ham mumkin. Hammasi o‘ziga bog‘liq.
– Ho‘sh, o‘sha frantsuzingni akulalar yeb qo‘ysa nima bo‘lardi?
– Shunday bo‘lishi ham mumkin edi. Tavakkal qilgan-da.
– Nima uchun? Nima keragi bor ekan?
– Boya so‘rading-ku buni, – dedi Trofimov. – U kema halokatiga uchragan odam faqat qo‘rquvdangina yuragi yorilib o‘lishi mumkinligini isbotlamoqchi bo‘lgan. Demak, qo‘rquvni yenga olsa, odam tirik qoladi. Xombaliq yebmi, okean suvidan ichibmi.
– Nima, u kema halokatiga uchraganmi?
– Yo‘q, unday emas.
– Bo‘lmasa, bu ovoragarchilikning nima keragi bor edi?
– O‘zi uchun qilmagan-da bu ishni. Boshqalarni deb qilgan. U har qanday mushkul vaziyatdan ham yo‘lini topib chiqib ketish mumkinligini amalda isbotlab bergan.
– Ha-a... – deya o‘ylanib qoldi Vitaliy. – Bu ishi uchun puldan ham qop-qoplab olgandir?
– Unisini bilmadim. Balki olgandir, balki yo‘q. Gap faqat pulda emas-ku, axir.
– Bo‘lmasa, nimada ekan?
– G‘oyada.
– G‘oya degani nima?
– Ie, g‘oya nimaligini bilmaysanmi hali?
– Bilishga-ku bilaman, lekin senga o‘xshagan madaniy odamning ham fikrini eshitgim kelyapti-da.
– G‘oya – mavhum tushuncha, orzu, umid deganday gap, bilding?
– Muhabbat-chi? U ham kiradimi g‘oyaga?
– Bir tomonlama muhabbat bo‘lsagina kiradi, – dedi Trofimov xayolga tolib.
Ikki tomon muhabbatining mevasi – farzand, demak, bu mavjudlik, mavhumlik emas. Bir tomonlama muhabbat esa qo‘letmas darajada – osmonda, ko‘zni qamashtirib turadi, xolos; orzu-porzu deganlari ham shunday.
– Yorilib ketaman bu yerda, – deb qoldi bir vaqt rejissyor. – Menga bunday tadbirlar to‘g‘ri kelmaydi. Yayrab yashashni bilmayman men, faqat ish bo‘lsa – bo‘ldi. Axir, yashashni bilish ham bir qobiliyat-ku.
Vitaliy hech baloga tushunmadi. Trofimov esa tushunardi-yu, nima deb hamdardlik qilmoqni bilmasdi. Birovga hamdard bo‘lmoq uchun uning holatini his etmoq kerak. Trofimov hozir Silvananing qarmog‘iga baliqdek ilinganu o‘z qalbiga quloq tutishdan boshqasiga yaramas edi.
Silvana bilan shirkatchi kelib joyiga o‘tirdi. Go‘yo Vitaliyning peshonasiga arab imlosida allanima deb yozib qo‘yilganu Silvana shuni o‘qishga urinayotgandek undan ko‘z uzmay o‘tirardi.
– Nega menga muncha baqrayadi bu? – dedi Vitaliy o‘zini noqulay sezib.
– O‘zidan so‘rab ko‘r.
Trofimov xuddi sakrashdan oldin tayyorlanayotgan parashyutchidek bor irodasini to‘plab Silvanani raqsga taklif qildi.
Silvana o‘rnidan turib Trofimovning ortidan yurdi. Orkestr yaqinida turfa olomon chayqalardi. Mayin musiqa yangramoqda. Trofimov qo‘llarini sekingina Silvananing beliga olib bordi. Uning beli xuddi gipslab qo‘yilgandek qattiqqina edi, “Korset shekilli”, deb o‘yladi Trofimov. Silvananing ko‘kragi Trofimovga tegib turardi, u ham go‘yo plastmassadan yasalgandek edi. Yuzlari bir-biriga tegay-tegay derdi. “Men o‘ylaganchalik bo‘ydor ham emas ekan, – dedi ichida Trofimov. – Bor-yo‘g‘i biru saksondir”.
Silvananing ko‘zlari ostida ajindan nishon ham yo‘q edi. Terisi xuddi nog‘oraga tortilgandek tarang.
“Aja-ab, – deya xayolidan o‘tkazdi Trofimov, – umri davomida biron marta kulmagan yoki yig‘lamagan emasdir, axir”.
Silvana go‘yo nafas ham olmayotgandek na tafti sezilardi, na boshqasi. Trofimov go‘yoki yelkasida boshqarib turiladigan murvati bor kattakon bir qo‘g‘irchoq bilan raqs tushayotgandek edi.
Raqs nihoyasiga yetib, stolga qaytishdi.
– “Bir ayol qissasi” filmingizni eslaysizmi? – deb so‘radi Trofimov.
– Unaqa filmni birinchi marta eshitishim, – dedi Silvana.
– Ie, ie... – dedi Trofimov dovdirabroq. – Bizda bir vaqtlar qo‘yilardi...
Silvananing yuzida bilinar-bilinmas taajjub alomati paydo bo‘ldi.
– Nima deyapti? – deb so‘radi Vitaliy. Ular italyancha gaplashmoqda edi.
– “Bir ayol qissasi” filmini bilmas emish.
– Balki bu butunlay boshqa aktrisadir, – deb tusmolladi Vitaliy o‘zicha.
Trofimov gangib qolgan edi. Kinodagi bilan ro‘parasidagi Silvana bir odam ekanini u bilib turibdi. Ammo orzusidagi Silvana o‘zgacha edi, bunisi esa go‘yoki o‘shaning omonat nusxasi, ta’viyadek bir narsa.
– Siz aytayotgan kino ularda balki boshqacha nomlanar, – dedi shirkatchi ham taxmin qilib. – Sizlarda kassaboproq bo‘lsin deb ko‘pincha boshqacha nomlanadi-ku.
– Taajjub, – deb qo‘ydi Trofimov o‘zicha.
Taajjublanarlisi – film qanday nom olganida emas, Trofimovning orzusidagi siymo bugun qanday qiyofaga kirganiyu o‘sha bir vaqtlardagi mavhum ot qay tarzda ro‘yobini topganida edi.
Mabodo ichidagi anovi tillarang la’natilar tag‘in bosh ko‘tarib, “Xo‘sh, nima bo‘pti?” desa, Trofimov bir oz yengil tortgan bo‘larmidi, odatiy tushkunligiga cho‘mgancha o‘tiraverarmidi... Ammo hozir ichida hech nima qilt etmasdi. Balki endi yo‘qolib bitgandir? O‘ttiz yil burun bu dardi bedavoga Silvana uni mubtalo qilgan edi – o‘ttiz yildan so‘ng yana uning o‘zi bunga barham bergandir?
Silvana Vitaliyni raqsga taklif qilib o‘rnidan turdi. Vitaliy esa joyidan qimirlamadi.
– Seni raqsga taklif qilyapti, – dedi Trofimov Silvananing gapini tarjima qilib.
– Men raqs tushishni bilmayman, – dedi Vitaliy xijolat bo‘lgandek.
– Ha endi, bilganingcha tushaverasan-da, – deb ming‘irladi Trofimov.
O‘zi esa allanechuk xotirjam tortdi. Qarmoqdagi baliqqa o‘xshamoqlik uning joniga tekkan edi. Bemalol, emin-erkin o‘tirishni, musiqa tinglab dam olishni, tevarakni kuzatishni istardi u; yoki umuman hech kimga qaramasa, hech nimaga quloq solmasa, o‘rnidan turib bu yerdan chiqib ketsa, ko‘ngli buyurganini qilsa!
Vitaliy umrida birinchi va ehtimol oxirgi marta kinofestival press-barida italyan kinoyulduzi bilan raqs tushmoqda edi. U Silvananing yelkasidan kelardi; ko‘zi faqat tilla do‘konidagi kabi, ayolning ko‘kragini bezab turgan qimmatbaho taqinchoqlarni ko‘rar edi, xolos.
Yelkasida zalvorli qo‘llar – Vitaliyning nazarida ikki tomonidan ikkita dazmol bosib turgandek: juda og‘ir va kuydiray derdi. Ayolning vujudidan go‘yo allaqanday bir titroq taralmoqda edi. Vitaliy xuddi ishxonasi oldidagi sirtiga bosh chanog‘i ustidan salb belgisi tortilgan katta kuchlanishli tok budkasiga kirib qolgandek his qilardi o‘zini. U Silvanaga suyanib olgan, ayni chog‘da esa baloning domiga tushgandek bezovta edi. Bir boshga – bir o‘lim, lekin Vitaliy ham hayotga bir marta kelgan-ku.
Silvana engashib uning qulog‘iga bir nima dedi.
– Hech balo eshitilmayapti! – dedi baqirib Vitaliy.
Ayol Vitaliyga lab qimirlashidanoq aytilgan gapning ma’nosini uqib oladigan gung odam misol tikilib qaradi.
Vitaliy avval orkestrni, keyin qulog‘ini ko‘rsatib, qo‘l silkib qo‘ydi. Bu ishoralar “hech narsa eshitilmayapti” degan ma’noni anglatishi kerak edi.
Tushundi shekilli, Silvana bosh irg‘adi va eshikka imo qildi. Vitaliy ham tushundi: ayol u bilan tashqarida, toza havoda, shovqin-suronsiz biror joyda gaplashmoqchi.
– Bo‘pti, – dedi Vitaliy va Silvanani qo‘ltiqlab oldi.
Ular stollar oralab, Trofimov va shirkatchining yonidan o‘tib eshik tomon yurishdi. Rejissyor ko‘rinmasdi: allaqachon uyiga borib, uyquni urib yotgan bo‘lsa kerak. Bantik esa boshqa stolga – “dyuymovochka”ga o‘xshagan mallasoch qizning yoniga o‘tib olibdi. Silvanani Vitaliy bilan ko‘rgach u “Dyuymovochka”sidan chalg‘ib, bir lahza ularning ortidan tikilib qoldi. Nimadir deb chaqirmoqchi bo‘ldi-yu, ulgurolmadi.
– E, tupurdim shularga, – deb qo‘ydi keyin o‘zicha.
– Kimga? – deb so‘radi qiziqsinib Dyuymovochka.
– Shularga-da, hammasiga. Nayrangbozlar!
“Dyuymovochka” bo‘ynini g‘oz qilib o‘zicha mag‘rurlanib qo‘ydi. Bantik undan boshqa hammaga tupuryapti. Demak, u hammadan afzal, hammadan ustun. Ammo Bantikning ko‘ngli g‘ash edi. Mana, bittasi okeanni qayiqda suzib o‘tgan, boshqasi “grande professore”, yana biri ajnabiy! Hammasi bisotidagi “kuzur”ini stolga tashlayapti. Bantik esa faqat pul tikishi mumkin – puli ko‘p. Lekin bunday paytda pulning o‘zi yetmas ekan-da.
– E, qo‘y shularni, – deya yupatardi uni “Dyuymovochka”, parishonligi sababini bilmasa-da. – Sen hali yoshsan, ular esa hammasi qari!
Bantik birdan jonlanib ketdi. Nega shu narsani o‘ylamabdi – darhaqiqat, yoshlik eng zo‘r “kuzur” emasmi! Ertangi hayot deganlari-ku bu. U hali birgina kun mana shunday cho‘zilishi mumkin-u, o‘n yil esa ko‘z ochib-yumguncha yeldek o‘tib ketishini xayoliga keltirmas edi. Hademay Bantik ham ularning yoshiga yetadi, ana shunda boshqa bir tayinroq “kuzur” topishi kerak bo‘ladi.
Silvana “Moskva” mehmonxonasining old tarafidagi asosiy yo‘lakka keldi. O‘zini bundayroq bir davlatning prezidenti kabi tutayotgan kalondimog‘ darbon yonidan o‘tib ichkari kirdi. Vitaliy esa darbonning sezgir va ayni chog‘da loqayd tuyuladigan nogohi qarshisida ikkilanib qolganida Silvana hamrohining kelayotgan-kelmayotganini aniqlab olmoqchi bo‘lgandek orqasiga o‘girildi. Shundan so‘nggina qayoqqa, nima uchun borayotganini bilmasa-da, dadillanib Vitaliy uning ortidan yurdi.
Mehmonxona lifti keng-mo‘lgina edi, shu yerning o‘zidayoq boshqacha hayot nafasi sezilardi. Vitaliy o‘zga bir olamga tushib qolgandek bo‘ldi.
Silvana joylashgan xonaning shifti juda baland, naqd olti metrlar kelardi. Buni bemalol ikki qavatli qilish mumkin – eng zamonaviy uylarning ham shifti uch metrli, demak, ikkita xonadon joylashadi.
– Bala-and, – dedi Vitaliy qo‘llarini tepaga cho‘zib.
Silvana shiftga qarab, g‘ayrioddiy hech nimani ko‘rmadi. Bu singari mahobatlarga ko‘zi o‘rgangan edi. Chamasi, uyining ham shifti shunday, balki bundan ham balandroqdir. Rus Alen Bombarini nima bunchalik hayratga soldi ekan – Silvana shunisiga tushunolmadi.
– Ke? – deb so‘radi Silvana.
– Ha shunday, o‘zim, – dedi Vitaliy xonani tutib ketgan turfa hiddan bo‘g‘ilib oromkursiga cho‘karkan. Xona kengu katta bo‘lishiga qaramay, atir bo‘yidan havosi xiyla og‘irlashgan, nafas olish ham qiyin edi.
“Chivin ham bo‘g‘ilib o‘lar bu yerda”, deb xayolidan o‘tkazdi Vitaliy va shu xulosasida jon bor edi. Moskvada avji saraton, ayni chivin ko‘paygan palla. Bu o‘lgur ham vahshiylashib ketgan hozir, shaharniyam “ishg‘ol qilib” ulgurdi. Kuyani aytmaysizmi, sun’iy matolarni ham yamlab tashlaydi. Axir, boshqa nimayam yesin, tabiiy gazlama chiqmay qo‘ygan bo‘lsa! Bari sun’iy yo sun’iynamo. Asta-sekin odamlarni ham shunga o‘rgatib borishayotir. Aytishlaricha, sun’iy qora uvildiriq ham chiqqanmish, ko‘rinishidan mutlaqo farqlab bo‘lmas ekan.
Shu tobda chivin bilan kuyaga balo bormi? Silvana qo‘llarini Vitaliy tomon cho‘zgancha o‘z tilida nimadir deb chuldirardi. Uning og‘zidan chiqayotgan so‘zlar bamisoli bir-biriga mingashib kelar, ovozi ham bilyard soqqasi kabi yum-yumaloq, sip-silliq edi go‘yo. Albatta, Vitaliy u nima deyotganini tushunmasdi, ammo ayol muhim bir narsa haqida gapirayotgani aniq edi. Silvananing mijjalarida hatto yosh paydo bo‘ldi. Egnidagi liboslari bashang, taomning sara-sarasini yeganidan yuzlari tip-tiniq, tabiiy uvildiriqni ham qoshiqlab urgani ko‘rinib turibdi.
– Qo‘lingni sovuq suvga urmagansan-da, – dedi Vitaliy. – Mening Nadkamga o‘xshab kun ko‘rganingda, bilarding. Sen esa... mana bunaqa shiftu taqinchoqlar bilan...
– Ke? – dedi yana Silvana.
– O‘zim. Shunchaki. To‘qlikka sho‘xlik deydilar buni. Odam sal qiyinchilik ham ko‘rishi kerak-da. Busiz yashab bo‘larkanmi? Rasvogarchilik-ku bu. Tushunding?
Silvana yanada tez gapira boshladi. So‘zlar uning og‘zidan go‘yo duv-duv to‘kilar, bir-biriga urilar va uchib ketar edi. Ko‘zlarining tagi xuddi masxaraboznikidek qoraga bo‘yaldi. Vitaliyning unga rahmi kelib ketdi.
– Yig‘i-sig‘ini qo‘ysang-chi, – dedi u. – Nabiralardan bordir? Hozir yuribsan mana bunday dunyo kezib, qarigan chog‘da nabira kerak bo‘ladi. Umr hash-pash deguncha o‘tib ketadi. Hayot degani nima o‘zi? Umrguzaronlik-da. Xursandchilikda vaqt tez o‘tadi. Hayoting zerikarli bo‘lsa-chi, rosa cho‘ziladi-da. Kuzyaev degani bor, birga ishlaymiz. Kecha men to‘qson uchinchi xonadonga borib, kir yuvish moshinasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri suv quvuriga ulab berishni kelishib kelgan edim – yigirma besh rublga. Har birimizga o‘n ikki rubl ellik tiyindan tegishi kerak edi. Ishni men gaplashib kelibman-u, Kuzyaev Nikolayni boshlab boribdi u yerga. Demak, meni chetga chiqarib qo‘ygan. Borib turgan insofsizlik-ku bu. Lekin men go‘yo parvo qilmadim. Past ketmayin dedim-da. Tushunding-a? Sen bo‘lsang...
Silvana Vitaliyning so‘zlarini xuddi yosh qizaloqdek bir e’tibor va soddalik bilan tinglardi. Uningcha, Vitaliy juda jiddiy, muhim gaplarni gapirar, naqd barcha muammolariga yechim topib berayotgandek edi. Vitaliyning o‘ktam ovozi va o‘z tilida nimalarnidir qat’iyat bilan so‘zlashi ayolga dalda berardi.
Ularning har ikkalasi o‘z dardidan gapirardi. Silvananing nazarida, hech kim uni mana shu odamchalik tushunmaydi. Demak, yuragida borini to‘kib solishi, hatto o‘zi tan olgisi kelmaydigan sirlarini ham unga aytib iqror bo‘lishi mumkin.
– Yoshim ellikda – derdi Silvana. – Ammo shu choqqacha na o‘zimga yoqqan birorta rolda o‘ynadim, na o‘zimga munosib birorta erkakni topdim. Deyarli hech nimaga erisholmadim, yigirma yil avval qanday bo‘lsa – hozir ham shunday, go‘yo hammasi oldinda. Axir, men ellikka kirdim!..
Vitaliy nimadir dedi. Silvanaga u go‘yo: “Vujud qalbdan ko‘ra tez qariydi. Qalb qarimaydi. U doim yigirma yoshda. Hammamizda shunday, demak, senda ham”, deyotgandek tuyuldi.
– Baribir ham o‘zimga achinaman. Bir umr Muhabbatimni izladim-u, topolmadim.
– Ayb o‘zingdadir-da?
– O‘zimda, o‘zimda. Aybim – murosasozligim. Bir umr uchraganining etagidan tutib yuribman-a! Yolg‘iz qolmoqdan qo‘rqardim-da. Kim bilan birga bo‘lmayin, xayolan Uni kutardim. Ikki jon ovorasi! Tavakkal ham qilish kerak-da. Mana, sen hayotingni xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa-da, maqsadingga erishibsan-ku.
– Shundaymikan-a?
– Bo‘lmasam-chi! Sen – haqiqiy tirik insonsan. Men bilganlar esa – o‘zining sha’n-shavkati deb titrab-qaqshaydiganlar bari. Ular faqat tashqi ko‘rinishning g‘amida, mudom po‘rim bo‘lib, o‘ziga oro berib yuradi. Seni esa moda-podayam qiziqtirmaydi, sen hatto tirnog‘ingga ham qaramaysan. O‘zing xohlagandek yuraverasan, senga birov bir nima deyolmaydi, chunki turish-turmushing shu, tabiiy. Sening oldingda anovi galstuk taqqan olifta boyvachchalar naqadar kulgili ekanini bilsang edi!
– Yuragingdan urdimmi deyman?
– Gap undamas, shunchaki bir-birimizga o‘xshash ekanmiz. Men ham aslida sendaqaman. Ammo yolg‘izman.
Silvananing ko‘zlari battar yoshlandi.
– Ie, yana nima bo‘ldi? – dedi Vitaliy uning qo‘liga sal barmoq tekkizib.
– Ezilib ketdim-da. Halovatim yo‘q. Go‘yoki chinakam bir Muhabbat umr bo‘yi meni kutgan-u, men uning yonidan o‘tib ketgandekman. Men aslida shuhrat qozonib, ko‘plab do‘stlar orttirib, o‘shalar orasidan Uni toparman degan xayolda kinolarda o‘ynaganman. Ammo na husn, na mashhurlik bu borada chikora ekan. Iste’dodliman, buni bilaman, biroq ayol zotining bor baxti –umr yo‘lini birgalikda dadil bosib o‘tish mumkin bo‘lgan O‘sha insonni topa bilishida ekan. Mening esa baxt qushim qo‘limdan chiqib ketgandek...
– Hamma ham shunday deb o‘ylaydi, – dedi beparvolik bilan Vitaliy.
– Lekin men o‘zim uchun bittaginaman-da.
– Hammayam o‘zi uchun bitta.
– Xo‘sh, seningcha, nima qilishim kerak endi?
– Peshonangdan ko‘rasan-da bu yog‘ini.
– Peshona, peshona deb yuraversa... Menga hozir kelajak hayotim oldingisidan ko‘ra ravshanroq tuyulyapti. Go‘yo hammasi hali oldindadek.
– Keksalik alomati bu. Yoshlarga esa bari ortda qolgandek tuyuladi.
– Bag‘ritosh odam ekansan.
– Men o‘zimga ham ana shunday shafqat qilmayman. Kishi haqiqatning ko‘ziga tik qaray bilmog‘i kerak.
– Qobiliyatli odam qarimaydi. Iste’dod – yoshlikning aks sadosi.
– O‘zingni mana shunday aldab-ovutib yuraver. Mendan maslahat so‘rasang, odam yoshiga yarashgan ishni qilgani ma’qul.
Silvananing qoshlari chimirildi.
– Bu nima deganing?
– Ana, daraxtga o‘xsha, daryodek bo‘l.
– Daraxtning bargi to‘kiladi-da. Daryong esa muzlaydi.
– Sen ham shunday bo‘l. Cho‘chima bundan. Muhimi, qadr-qimmat. Qadr-qimmatsiz odamning ahvoli ma’lum. O‘zingni o‘zing xor qilma, yuzingni mana bunday tomoshaqovoqqa o‘xshatib yurishingni qara! Odam degani odamdek bo‘lib qarishi kerak-da.
Silvana katta-katta ko‘zlarini lo‘q qilib Vitaliyga tikilib qoldi. Uning gap-so‘zlari sal telbanamo edi. Ammo ana shu telbanamolik zamirida odamga qandaydir taskin beradigan, hay, nima bo‘pti degandek xotirjamlikka undaydigan nimadir bor edi. Inson tabiatning bir bo‘lagi va uning qonunlariga bo‘ysunib yashamog‘i kerak. Toshdan boshqa jami jonu jonzot kabi.
– Daraxtga o‘xshab barg to‘kmoqqa yoki daryoga o‘xshab muzlamoqqa vaqt bor hali, hozir ayni kuz-ku – men nima qilishim kerak, ayt?
– Qishga hozirlik ko‘raver. Asta-sekin.
– Sen-chi?
– Men ham shunday qilaman.
Ikkalasi bamisli bir safda edi. Bu saf qahraton qish ayyomiga yaqinlab qolgan. Undan u yog‘iga – xudo poshsho!
Daf’atan Silvananing miyasidagi tuman tarqab ketgandek bo‘ldi. Mavhumlik barham topdi. Uning o‘rnini tansiq bir halovat egalladi, go‘yo bari joy-joyiga tushdi. Qushdek yengil tortdi. Ertalab bu yerga nimaga keldim o‘zi, degan o‘y unga tinchlik bermayotgan edi. Shuncha olis masofadan bekorga kelmagan ekan – mana, hayotida endi hech qanday o‘zgarish bo‘lmasligini anglab turibdi. Oldinda esa – qoru qirovli qish! O‘ylab qarasa, hozirgi hayotidan nolimasa ham bo‘larkan. Endilikda ko‘ngilni bir joyga qo‘yib, o‘tgan-ketganini xotirjamgina sarhisob qilib, boriga esa shukrona aytib yuraverish mumkin. Mudom qayoqqadir oshiqishga ham hojat yo‘q endi. To‘xtab, bemalol tevarak-atrofni ko‘zdan kechirish imkoni bor: mana – uylar, odamlar, manabu esa – men, o‘zim...
Vanna tarafdagi suv quvurida allaqanday guvillash eshitildi. Vitaliy unda bir nosozlik borligini fahmlab, darhol o‘rnidan turdi-da, vannaga kirdi. Qandaydir murvatni qotirib qo‘ydi, yana birini bo‘shatdi.
Silvana orqasidan kelib uni kuzatib turardi.
– Ha? – dedi Vitaliy.
– Odam sen bilan bexavotir sezadi o‘zini. Suvda ham, quruqlikda ham, – dedi Silvana italyanchalab.
– Pul-muling kerak emas, – dedi Vitaliy. – Har holda mehmonsan...
Hali kun yorishmagan, g‘ira-shira bir palla edi. Kechagi darbon hali almashmabdi, biror burchakda miriqib uxlab olgan ko‘rinadi – tetik-bardam boqib turibdi.
– Yaxshi boring, – dedi u Vitaliyga.
Vitaliy miq etmadi. Chunki u gapga javob qaytaradigan ahvolda emas edi.
Ko‘z oldida faqat boyagi ayolning yuzi, to‘g‘rirog‘i, chaqaloqnikidek har daqiqa o‘zgarib turadigan yuzlari: bir qarasang yig‘lab yuboradi, bir qarasang kuladi. O‘zining Nadkasi ham shunaqa. Umuman, ayol zotining hammasi shu: italyanmi, rusmi, millionermi, kambag‘almi – farqi yo‘q. Sevsa va sevilsa, bas, shundan boshqasi kerak emas unga. Aytadilar-ku, podshoning ko‘ngli qurbaqaga tushibdi deb. Buyam shunchaki bir matal-da. Albatta, qurbaqaga ham ko‘ngil qo‘yish mumkindir-u, ammo bu o‘tkinchi hol. Vaqti kelib, baribir qurbaqa ekanligi ma’lum bo‘ladi.
Italyan ayol uni boshqa odam deb o‘yladi – okeanni suzib o‘tgan anovi frantsuz deb. Vitaliy ham, yo‘q, men u emasman, demadi. Demak, aldadi. Yana aldadi. Doim yolg‘on gapirgani gapirgan. Mavrid-bemavrid. Odat bo‘lib qolgan. Haligi frantsuz odamlarni deb sho‘r suv ichibdi, xom baliq yebdi, akulalardan ham qo‘rqmay tunu kun okeanda yuribdi. Vitaliy-chi, ishdan bo‘sh vaqtida birov uchun hatto qo‘lini sovuq suvga urmaydi, dunyodagi bor quvur yorilib, odamlar tizza bo‘yi suvga kechib yursa ham!
Vitaliy xayol bilan bo‘lib Yauze daryosi qirg‘og‘iga kelib qolibdi. Tonggi g‘ira-shirada Andronev monastiri oqarib ko‘zga tashlanar, devor etagida yuk moshinasining g‘ildiragi qorayib turar edi.
Vitaliy ana shu rezina chambarni yumalatib suvga tushirdi, so‘ng o‘ylab o‘tirmay uning ustiga chiqib oldi-da, qo‘li bilan eshkak eshgan misol suzib ketdi.
Uni keyin allaqaerdadir suvdan tortib olishdi.
Trofimov bardan tongga yaqin chiqqan edi. Tungi shahar bo‘ylab piyoda kezarkan, oyoq tovushlaridan boshqa sasni eshitmasdi. Ne-ne voqealarga guvoh tarixiy binolar yonidan o‘tayotib, shahrim naqadar go‘zal-a, deb o‘yladi u. Avvallari bunga e’tibor bermas ekan-da.
Umuman, shu choqqacha ko‘p narsaga e’tibor qilmay yurgan ekan u – xuddi birgina o‘pka bilan nafas olib, birgina ko‘z bilan qarab yashagandek. Endi esa go‘yo to‘yib-to‘yib nafas olar, butun vujudi ko‘zga aylanib boqar atrofga, zavqi ichiga sig‘mas edi.
Silvana bardan chiqib ketganicha qaytib kelmadi, suvchi ham allaqayoqqa g‘oyib bo‘ldi. Mayli, hechqisi yo‘q. Yosh bola emas. Adashib qolmas. Trofimovning o‘ziga kelsak, u Silvana atalmish darddan butunlay forig‘ bo‘ldi. Go‘yo vujudi ham allaqanday yengil tortgandek. Mana, endi u bemalol nafas oladi, ona shahridagi o‘zgarishlarni ko‘rib ko‘zi quvnaydi, muhimi, bundan bu yog‘iga hayoti boshqacha, mazmunli bo‘ladi.
Injilda “Sig‘inmagil osmon deb” mazmunidagi hikmat bor. U “Birovning joniga qasd qilma”, “Birovning moliga ko‘z olaytirma” singari diniy o‘gitlar bilan bir qatorda turadi. Demak, ma’budga sig‘ingandek birovga sig‘inish – tirik jonga qasd etishdir. Ya’ni joningni unga baxsh etasan, faqat uni deb yashaysan, jisming o‘zingniki-yu, qalbing uniki. Bu o‘zligingni unutish, o‘z-o‘zingga xiyonat bilan barobardir.
Trofimov Arbat ko‘chasidan ketayotir, ozod-erkin Trofimov — jismi ham, ruhi ham faqat o‘ziga tegishli. Na Silvana, na yillar mobaynida vujudida kezgan anovi tillarang la’natilar, na yuragini kemiruvchi qoniqmaslik hissi va na o‘zi erisholmagan boshqa hayotga havas qiynaydi uni endi. U o‘zini o‘sha – o‘n besh yashar o‘smirdek his etardi. Hayot hali oldinda, xuddi alpinist kabi uni qayta zabt etish mumkin, hammasini qaytadan boshlash emas, yetib kelgan joyidan yanada yuqoriroqqa qarab intilmoq kerak – tik va baland qoyaga, eng yuksak cho‘qqiga! U yerda mag‘rur qad kerib, atrofga nazar tashlamoq va bayroq qadamoq uchun!
O‘tgan o‘ttiz yil mobaynida Trofimov o‘zini unchalik oldirmagan, hali ham navqiron ko‘rinardi. Xuddi shu vaqtgacha muzlatgichda saqlanganu hozirgina undan chiqib kelayotgandek – yangidan kuch to‘plab, hayotga ishonch bilan.
Xotini ham, o‘g‘li ham o‘z xonasida beg‘am-betashvish uxlab yotgan ekan. Negaki ularning suyangan tog‘i bor. Ular buni hatto uyquda ham his etadi. Trofimovning vujudini mayin bir iliqlik, qanoat hissi qamrab oldi. Ayoli va o‘g‘lining borligiga, shu ikki insonning hayotiga o‘zi mas’ul ekaniga u ich-ichidan shukrona aytdi. Mana bu uning ayoli, mana bu uning o‘g‘li. Trofimov shularga kerak. Demak, u yolg‘iz emas.
Odatdagidek, uyda non yo‘q ekan – o‘sha, chumoli talab yotgan mog‘or bosgan bo‘lak-so‘lakdan boshqa. Nimjon, xuddi yozuv moshinkasining chiziqchasiga o‘xshagan uvoqqina chumolilar bo‘zchining mokisidek u yoqdan-bu yoqqa zir yuguradi. Shunday beozor ko‘rinadigan jonzotning “termit” deya vahimali nom bilan atalishi-chi, butun boshli yog‘och uyni yeb bitirishi mumkin ekan-da shuginalar!
Xotini bo‘sag‘ada sassiz, sharpadek birdan paydo bo‘ldi.
– Nonga chiqib kelaymi? – deb so‘radi Trofimov.
– O‘zim ham chiqib kelaveraman.
– Yur, birga chiqamiz.
– Nega endi? – hayron bo‘ldi xotini.
– Birga-birga-da, – dedi Trofimov shu so‘zning ma’nosini uqtirmoqchidek.
Xotini unga huv bir zamonlar yaxmalak maydonida oyog‘i ostiga kelib tushgan qizaloq singari jur’atsizgina tikildi. U eshik kesakisiga suyangan ko‘yi xuddi bir begonadek taraddudlanib turardi.
– Kir, kiraver, – dedi Trofimov. – Nega turib qolding...

Shohsanam tarjimasi

"Tafakkur" jurnalidan olindi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.