Odamlar uning o‘zlariga tomon yaqinlashib kelayotganini payqashdi, chunki unda diqqatni tortadigan nimadir bor edi. Uning yuzi qarimsiq ko‘rinsa-da, biroq yurishidan unga yigirma yosh bersa bo‘lardi. Qarimsiq yuzli kimsa odamlar yoniga, skameykaga o‘tirdi. Keyin ularga qo‘lidagi narsani ko‘rsatdi.
- Bu bizning oshxona soatimiz edi, — dedi u va skameykada kunchuvokda o‘tirgan hamma odamlarni birma-bir ko‘zdan kechirdi. — Ha, uni hozir topib oldim. Qolib ketgan ekan.
U oppoq likopga o‘xshash oshxona soatini qo‘lida ushlab turar va barmog‘i bilan uning havorang raqamlarini silardi.
- Endi uning hech bir qimmati yo‘q, — dedi u o‘zini oqlagansimon, — buni bilaman. Buning ustiga unchalik chiroyli ham emas. U bor-yo‘g‘i oppoq likopga o‘xshaydi, xolos. Lekin havorang raqamlari haliyam yaxshigina saqlangan nazarimda. To‘g‘ri, millari jezdan qilingan. U endi yurmaydi. Yo‘q. U ichidan buzilgan, bu aniq. Ammo ko‘rinishdan hamishagidek. Garchi hozir yurmayotgan bo‘lsa-da.
U likopga o‘xshash soatning chekkasi bo‘ylab barmog‘i bilan ohista aylana hosil qildi. Shu asnoda sekingina: “U qolib ketgan ekan” dedi.
Skameykada kunchuvokda o‘tirganlar unga qarashmadi. Bittasi o‘z tuflisiga tikilgan, ayol esa bolasining aravachasi bilan ovora edi.
— Hamma narsangizdan ayrilibsiz-da? — dedi so‘ngra kimdir.
— Ha, ha, — dedi u ochiq chehra bilan, — o‘ylab ko‘ring, hamma narsadan ayrildik! Faqat manavigina qolibdi. — Go‘yo boshqalar buni bilmagandek, u soatni baland ko‘tardi.
— Lekin u hozir yurmayapti-ku, — dedi ayol.
- Yo‘q, yo‘q, yurmaydi. U buzilgan, buni o‘zim ham bilaman. Shunga qaramay u haliyam o‘sha-o‘sha: oq va havorang. — U soatni tag‘in odamlarga ko‘rsatdi. — Eng qizig‘i shuki, — hayajonlanib so‘zida davom etdi u, — men hali bu haqda sizlarga gapirib bermadim. Eng qizig‘i : tasavvur qilib ko‘ring, u soat ikki yarimda to‘xtab qolgan, aynan ikki yarimda, tasavvur qilyapsizmi?
— Unda uyingizga aynan ikki yarimda bomba tushgan, — dedi bir odam pastki labini viqor bilan cho‘chchaytirib. — Ko‘p eshitganim bor. Bomba tushsa soatlar to‘xtab qolarkan. Bosim kuchliligidan bo‘lsa kerak.
U soatga qarab o‘ychan boshini chayqadi.
— Yo‘q, hurmatli janob, yo‘q, bunday emas. Buning bombaga aloqasi yo‘q. Bombalarni bunga aralashtirmang. Yo‘q. Unday emas, soat ikki yarim butunlay boshqa narsa bilan bog‘liq. Uning soat uchdan o‘n besh daqiqa o‘tganda yoki soat yettida emas, balki aynan ikki yarimda to‘xtab qolgani, shubhasiz, qiziq. Men hamisha ayni soat ikki yarimda uyga kelardim. Tunda, demoqchiman. Deyarli hamisha soat ikki yarimda. Xuddi shu narsa qiziq.
U odamlarga qaradi, lekin ular nigohlarini undan olib qochishdi. Ko‘zlar ko‘zga tushmadi. Shunda u soatga qarab bosh silkidi:
- O‘shanda qornim och bo‘lardi, to‘g‘rimi? Darhol oshxonaga kirardim. O‘sha paytda deyarli hamisha soat ikki yarim bo‘lardi. So‘ngra, so‘ngra onam kirib kelardi. Men eshikni nechog‘lik sekin ochmayin, u baribir eshitardi. Men oshxonada biror yegulik qidirayotganimda birdaniga chiroq yonardi. Onam ustida jemperi, yelkasida sholro‘moli bilan ostonada turgan bo‘lardi. Yalangoyoq, mudom yalangoyoq. Oshxonamizning poli kafellangan edi. Yorug‘lik kuchliligidan u ko‘zlarini qisib olardi. Chunki u allaqachon uxlab yotgan bo‘lardi-da. Tun edi axir. “Tag‘in kech keldingmi?” deyardi u keyin. Ortiq hech narsa demasdi. “Tag‘in kech keldingmi?” deyardi, xolos. So‘ng ovqatimni isitib berardi va ovqat yeyishimni kuzatib o‘tirar, shu asnoda oyoqlarini tinmay bir-biriga ishqalardi. Negaki kafellar muzdek edi-da. U kechasi shippak kiymasdi. Ovqatimni yeb bo‘lgunimcha oldimda o‘tirardi. Men xonamga kirib chiroq yoqqanimda uning idishlarni yig‘ishtirayotgani eshitilib turardi. Har kecha shunday bo‘lardi. Deyarli hamisha tungi soat ikki yarimda. Tungi soat ikki yarimda uning menga ovqatimni tayyorlab berishi men uchun odatiy hol edi. Men buni mutlaqo odatiy hol deb hisoblardim. Negaki u hamisha shunday qilardi. “Tag‘in kech keldingmi?”dan boshqa biron og‘iz so‘z aytmasdi. Har gal shu so‘zlarni aytardi. Bu bir umr davom etaveradi, deb o‘ylardim. Bu men uchun odatiy hol edi. Axir hamisha shunday edi-da.
Skameykada bir zum jimlik cho‘kdi.
— Endi-chi? — dedi u sekin va odamlarga qaradi. Biroq ko‘zlar ko‘zga tushmadi. Shunda u soatning oq- havorang yumaloq yuzasiga qarab:
— Endi, faqat endi u damlarning jannat ekanligini angladim. Haqiqiy jannat.
Skameykada hamma jim edi.
— Oilangiz-chi? — deb so‘radi so‘ngra bir ayol.
U ayolga qarab xijolatomuz jilmaydi.
— Ha-a, ota-onamni aytyapsizmi? Ular ham o‘tishdi. Hammasi o‘tdi. Hamma narsa, o‘ylab ko‘ring, hamma narsa yo‘q bo‘ldi.
U odamlarning biridan ikkinchisiga xijolatomuz qarab chiqdi. Lekin ular unga qarashmasdi. U yana soatni yana bapand ko‘tardi-da, kuldi.
— Faqat shu qolgan, — dedi kulib, — eng qizig‘i, u aynan soat ikki yarimda to‘xtab qolgan. Aynan ikki yarimda.
U ortiq hech narsa demadi. Uning yuzi qarimsiq edi. Yonida o‘tirgan odam tuflisiga tikilgan,ammo ularni ko‘rmasdi.. Uning miyasida uzluksiz “jannat” so‘zi aylanardi.
Nemischadan Yanglish Egamova tarjimasi