Volter (taxallusi; asl nomi Mari Fransua Arue) (1694. 21.11 - Parij - 1778.30.5) -fransuz yozuvchisi, faylasuf, tarixchi. Fransiya Fanlar Akademiyasi (1746), Rossiya Fanlar Akademiyasi faxriy (1746) a’zosi. Erkin fikrlilikda ayblanib qamalgan (1717, 1725). Birinchi fojia asari «Edip» qamoqda yozilgan; sahnalashtirilgan (1718). 1726 yilda Angliyaga surgun qilingan. Umrining ko‘p qismi muhojirlikda kechgan (1726—78). Didro boshchiligidagi «Entsiklopediya»ni nashr etishda faol ishtirok etgan (1751-78).
Volter o‘z estetik qarashlari va dramatik asarlarida klassitsizm an’anasi yo‘lidan borgan, cherkov mutaassibligiga qarshi kurashgan («Zaira», 1732; «Alzira», 1736). Fransuz ijtimoiy va davlat tuzumini o‘zgartirish g‘oyasini ilgari surgan. U hokimiyatni ozodlik, tenglik va birodarlik qonunlariga qat’iy amal qiluvchi odil gyudshoh boshqarishini orzu qilgan. Uningcha, konstitutsiyali monarxiya eng oqilona davlat tuzumidir.
Volter falsafada deist. J. Lokk, I. Nyutonning nazariyalari tarafdori. U moddiy dunyo mavjudligini, jamiyat taraqqiyotini tan olsa-da, «uni harakatga keltiruvchi kuch» — Xudo, deb bilgan («Falsafiy maktublar», 1733; «Metafizika to‘g‘risidagi risola», 1734; «Nyuton falsafasining asoslari», 1738 va b.).
Volter lirikasi Epikur falsafasi ruhida («Lisabon halokati haqida doston», 1756 va b.). Dostonlarida teskarichi guruhlar, absolyutizm tizimi tanqid qilingan («Genriada», 1728; «Orlean qizi», 1735 va b.). Falsafiy qissalari («Zadig», 1748; «Kandid», 1759; «Soddadil», 1767 va b.)da hamma narsa yaxshi deya da’vo qiluvchi mutlaq ishonchni ham, hamma narsa yomon deguvchi mutlaq tushkunlikni ham rad etadi, qirol saroyi, sud ma’muriyati va harbiy amaldorlarni fosh qiladi. Dostonlarida Sharq mavzuidan keng foydalandi. Volter Amir Temur va Ulug‘bek davri tarixini yaxshi bilgan. Ulug‘bekning «Ziji Ko‘ragoniy», D. Yerbeloning «Sharq kutubxonasi» qomusi, Klavixoning «1403 — 1406 yillarda Samarqanddagi Temur saroyiga sayohat kundaligi» (1582) kabi asarlar bilan tanishgan. Tarixiy mavzudagi «Millatlarning holatlari va odatlari haqida» (1753—58) kitobida yer yuzidagi qator davlatlar, monarx hukmdorlar haqida ma’lumot beradi. Asarning 3-jildi Amir Temur va temuriylar xukmdorligiga bag‘ishlangan. Bunda Amir Temurning o‘z davlatini kengaytirish yo‘lida olib borgan yurishlari, turk sultoni Boyazid bilan qilgan jangi, O‘rta Osiyoda yuritgan siyosati, Samarqandning poytaxt bo‘lgani xususida xikoya qiladi. Volter Ulug‘bek haqida, uning podsholigi, Samarqandda ilmu ma’rifatni taraqqiy ettirib, fan rivojiga katta hissa qo‘shganini hurmat bilan ta’kidlab «Ulug‘bekning buyukligi, uning qilgan ishlari bilan belgilanadi. U Samarqandda birinchi Fanlar akademiyasini yaratdi, yer kurrasini o‘rgandi, koinot va yulduzlarni kashf etib mashhur jadval tuzdi...», deb yozadi. Volter ijodi fransuz inqilobini (1783—94) g‘oyaviy tayyorlashda, umuman jahon ijtimoiy-falsafiy tafakkurida muhim o‘rin tutadi. Asarlari jahon xalqlari tillariga, xususan o‘zbek tiliga («Zagid yoki takdir», 1995) tarjima qilingan.