OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xorxe Luis Borxes. Marvlik hakim (hikoya)

Anxelika Okampoga bag‘ishlanadi


Agar adashmasam, xurosonlik Choyshab Tutgan (yoki aniqrog‘i, Niqob Tutgan) Payg‘ambar – Al Muqanna haqidagi manbalar to‘rtta edi: a) Bolozuriy “Halifalar Tarixi”ning asil holicha saqlangan muhtasar bayoni; b) Abbosiy hukmdorlarning rasmiy solnomachisi Ibn Abu Tohir Tayfur qalamiga mansub “Haybat Darsligi, yohud Aniqlik va Kuzatuvlar Kitobi”; v) Payg‘ambarning muqaddas kitobi—“Qora Atirgul” yoki “Maxfiy Atirgul”ga tegishli dahriyona qoidalar inkor etilgan “Atirgulning Tugatilishi” deb nomlanuvchi arabiy qo‘lyozma; g) Transkaspiy temir yo‘l tarmog‘i yotqizilishi vaqtida muhandis Andrusov qo‘lga kiritgan bir necha mubham tangalar. “Tugatilish”dan olingan ayrim parchalar takrorlangan forsiy baytlari bo‘lgan bu tangalar Tehrondagi numizmatika muzeyiga taqdim etildi. 1899 yilda topilgan va “Morgenlandisches Archiv”da kaltabinlik bilan chop etilgan qo‘lyozma avval Xorn, so‘ngroq ser Persi Sayks tomonidan ishonchga sazovor emas deb e’lon qilingach, “Atirgul”ning asliyati batamom g‘oyib bo‘ldi.
Irlandiyalik fitnakor ehtiroslariga to‘la Mur dostoni Payg‘ambar shuhratini G‘arb o‘lkalari uzra tarannum etdi.

QIZIL BO‘YOQ

O‘sha zamon va o‘sha makon odamlari so‘ngroq Choyshab Tutgan Payg‘ambar nomi bilan atay boshlagan Hakim hijratning 120 yilida, melodning esa 736 yilida Turkistonda tavallud topdi. Bog‘lari, tokzor va o‘tloqlari sahroga ma’yus tikilgan ko‘hna Marv shahri uning vatani edi. Chang-to‘zonlar soya solmagan mahallar u yerning choshgohlari charog‘on va ko‘zni oluvchi. To‘zonlar yalla qurgan chog‘lar–odamlar xastalikka mubtalo, timqora uzum shodalari esa g‘uborning oq choyshabiga o‘rangan.
Hakim so‘nib borayotgan mana shu shaharda voyaga yetdi. Amakisi uni qallob va riyokorlar hunari bo‘lgan bo‘yoqchilikka o‘rgatgani bizga ma’lum. Va bu hunar dahriylik safarining ilk duoiba’dlariga asos bo‘lgani ham ravshan. “Mening chehram oltinga yo‘g‘rilgan (“Tugatilish”ning mashhur sahifalaridan birida u shunday yozadi), ammo men qizil bo‘yoqni namiqtirib, ikkinchi kecha unga dag‘al yungni botirardim, kechalarning uchinchisida esa taralgan yungni olrangga bo‘yab chiqardim. Mamlakat hukmdorlari mana shu qonli liboslar tufayli hamon o‘zaro tafovutdalar. O‘spirinlikda jondorlarning asil tuslarini o‘zgartirib, men shu tariqa ko‘nglimni chog‘lar edim. Farishtaning aytishicha, qo‘y-qo‘zilar qoplonlardan ranglari bilan farq qiladilar, ammo qo‘ylarning qoplonga aylanishlari Yaratganga ma’qul tadbir ekani haqida Iblis muttasil menga uqdirar hamda u mening hiylam va bo‘yoqlarimdan foydalanar edi. Endi bo‘lsa men bilaman–Farishta ham, Iblis ham adashgandilar va har qanday rang jirkanchdir”. Hijratning 146 yilida Hakim shahardan izsiz g‘oyib bo‘ldi. Uyidan esa yakson etilgan qozon va bo‘yoqchilik anjomlari, yana sheroziy shamshir va birinj ko‘zgu topdilar.

BUQA

158 yil sha’bon oyi sob bo‘lar ekan, sahro havosi tiniq va musaffo edi, odamlar esa nafsni o‘ldirish fursatidan g‘ofil qolmaslik ilinjida mag‘ribdan balqib chiqayotgan ramazon oyiga tikilishgan. Qullar, qashshoqlar, sudxo‘r, tuya o‘g‘rilari va qassoblardan iborat bu olomon Marvga eltuvchi yo‘l bo‘yidagi karvonsaroy qarshisida chordona qurgancha falakdan ishorat kutar edi. Ular mag‘ribga tikilgan, mag‘rib osmoni rangi esa sahroga esh.
Shu dam (oftobi bezgakka solishga moyil, hiloli esa talvasa chaqiruvchi) sahroning tubsiz qa’ridan uch nafar ko‘lanka paydo bo‘ldi. Uchovlon ham odam, ammo o‘rtadagisining boshi buqaniki edi. Ular yaqinlashar ekan, karvonsaroy qo‘noqlari o‘rtadagi odam niqob tutgani, boshqa ikkisi esa so‘qir ekanlariga e’tibor qilishdi.
Kimdir birov (1001 kecha ertaklaridagi kabi) bu g‘aroyib manzara sababini so‘radi. “Ular so‘qirdirlar, - deb javob qildi niqobli odam,- illo mening yuzimni ko‘rdilar”.

QOPLON

Abbosiylar yilnomachisining ma’lum qilishicha, sahrodan paydo bo‘lgan odam (uning ovozi muloyim edi yoki hayvon niqobi manzarasida shunday tuyilgandi) yig‘ilganlarga murojaat qildi—ular tazarruning faqat bir oyi boshlanishiga intiqdirlar, ammo u bundan ham a’lo xabar keltirdi: odamlarning butun umri tavba-tazarru bo‘ladi va ular sharmisor o‘lim bilan zavol topadilar. Yana aytdiki, u Usmon o‘g‘li Hakim bo‘ladi, Hijratning 146 yili uyiga bir zot tashrif buyurib, tahorat qildi. Ibodatini ado etgach, bu odam shamshir bilan uning boshini tanidan judo qildi va boshni falakka olib ketdi. U zotning (bu Jabroil farishta edi) o‘ng qo‘lida yotgan bosh Tangriga taqdim etildi. Tangri unga payg‘ambarlik maqomini ato qilib, shu qadar ko‘hna kalomni ham joyladiki, buni takrorlagan lablar kuyib kul bo‘lgusidir va ravo ko‘rilgan jannatiy shu’la esa ojiz bandalar ko‘zlarini so‘qir qilgusidir. Niqob tutilganlik boisi shu edi. Barcha odamlar yangi ta’limotni e’tirof qilgach, ular uchun Chehra namoyon bo‘ladi va shunda odamlar ham xuddi farishtalar tavof qilganlari kabi so‘qir bo‘lishdan hayiqmay, unga e’tiqod qilish saodatiga yetadilar. O‘zining elchilik maqomidan ogoh etgan Hakim odamlarni muqaddas urush—“jihod”ga va shahidlik baxtiga da’vat qildi.
Qullar, gadoy va sudxo‘rlar, tuya o‘g‘rilari va qassoblardan iborat olomon unga ishonishdan bosh tortdi; kimdir: “Jodugar!” deb qichqirdi, yana birov—“Qallob!”
Karvonsaroy qo‘noqlaridan birining shikorga o‘rgatilgan qoploni bor edi. Qoplon qafasdan qutulib chiqqani ma’lum. Niqobli payg‘ambar va sheriklaridan boshqa hamma atrofga tiraqaylab qochib qolishgan. Qaytib kelgach esa jondor ko‘r bo‘lib qolgan edi. Yirtqichning yaltiroq, o‘lik ko‘zlarini ko‘rgan odamlar Hakimning oyoqlari ostiga yiqilishdi va uning ilohiy qudratiga shahodat keltirishdi.

NIQOB TUTGAN PAYG‘AMBAR

Abbosiylarning rasmiy solnomachisi Niqob Tutgan Hakimning Xurosondagi muvaffaqiyatlari haqida ishtiyoqsiz hikoya qiladi. Ketma-ket mag‘lubiyatlar va dovruqli sarkardasining chormix etilgani tufayli intiqom talvasasida bo‘lgan bu muzofot Shu’lakor Chehra ta’limotini bir intiqlik ila qabul qildi va bu yo‘lda moli-yu jonini ham ayamadi. (Hakim o‘sha paytdayoq buqa niqobini qimmatbaho durlar qadalgan to‘rt qabatli oq shoyi choyshabga almashtirdi. Abbosiy hukmdorlarning timsoliy rangi qora edi. Hakim bo‘lsa, Muhofaza Niqobi, yalov hamda sallalar uchun bunga qarama-qarshi oq rangni tanladi.) Muhoraba mavsumi Hakim uchun muvaffaqiyatli boshlandi. To‘g‘ri, “Aniqlik Kitobi”da Halifa qo‘shinlari hamisha va har joyda zafar quchganlari sharaflanadi, biroq bunday zafarlar oqibati ko‘p hollarda sarkardalar iste’fosi va mustahkam qo‘rg‘onlar tashlab chiqilishidan iboratligi ham ko‘p narsani oydinlashtiradi. 161 yil rajab oyi oxirida shavkatli Nishopur o‘z darvozalarini Niqob Tutgan Payg‘ambar uchun ochib berdi; 162 yil boshlanishida Astrobod shahri ham xuddi shunday yo‘l tutdi. Hakimning muhorabalardagi ishtiroki (ancha omadli boshqa Payg‘ambar singari) jadalning qoq markazida malla tuya o‘rkachida o‘tirgancha Ilohga atalgan suralarni qiroat etishdan iborat edi. Atrofida nayzalar jasadiga mushtoq bo‘lib uchib o‘tsa-da, birortasi unga zahmat yetkazmasdi. Aftidan uning o‘zi xatarlarga intiq edi—tunlarning birida saroyi atrofida izg‘ib yurgan bir necha moxovga chalinganlarni ichkariga taklif qildi va ularning har biridan bo‘sa olib, zar va kumush in’om etdi.
Mulkni boshqarish zahmatlarini u besh-olti yaqin safdoshlariga topshirib qo‘ygan, o‘zi esa tafakkur qilish va oromga moyil edi; 114 nafar so‘qir juvondan iborat xarami uning ilohiy vujudi ehtiyojlarini qondirish uchun mo‘ljallangan edi.

MUDHISH KO‘ZGULAR


Ular har qancha nokamtar yohud johil bo‘lmasinlar, Islom hamisha Xudoning ishonchli elchilariga nisbatan bag‘rikenglik ko‘rsatib kelgan. Faqat sharti shuki, ularning targ‘iboti an’anaga daxl etmasin. Ehtimol, bizning payg‘ambar bu kabi bag‘rikenglik ortidan keluvchi manfaatdan voz kechmas edi, biroq uning izdoshlari, uning zafarlari va Halifaning – u paytlar Muhammad al Mahdiy halifalikda edi – oshkora g‘azabi uni yaqqol shakkoklikka yetakladi. Kufr uni badnom qildi, ammo u o‘zining xos e’tiqodi asoslarini, garchand gnostiklar ta’limoti sadolari sezilib turgan bo‘lsa ham, shakllantirishga ulgurdi.
Hakimning kosmogoniyasi asosini allaqanday shaffof Xudo zabt etgan. Bu Xudoning ilohiy mohiyati shajara, shuningdek, ism va qiyofani o‘ziga ravo ko‘rmaydi. Bu Xudo o‘zgarishlar ilmidan saboq olmagan, biroq undan tarqalgan to‘qqiz ko‘lanka harakatga kelishi hamon birinchi osmonni to‘ldirib, bu osmonga hukmronlik qiladi. Ayni ilohiy shoda unda ham farishtalar, ilohiy qudrat va taxtiravonlar bo‘lgan ikkinchisini paydo qiladi, bular ham o‘z navbatida quyiroqda bo‘lgan, dastlabkining baqamti monandi boshqa osmonni vujudga keltiradi. Ayni ikkinchi ilohiy burj uchinchisida akslanadi, uchinchisi—quyiroqdagisida, shu tariqa 999 chiga qadar. Bularning barchasini dastlabki osmon hukmdori—boshqa ko‘lankalar ko‘lankasining ko‘lankasi—boshqaradi va uning ilohiylik mahraji yo‘qqa barobardir.
Biz yashayotgan Yer—bu shunchaki bir nuqson, no‘noqlarcha o‘xshatishga harakat. Ko‘zgu va bola tug‘ishlar jirkanchdir, illo bu nuqsonni ko‘paytirib-mustahkamlaydilar. Bosh fazilat—nafrat. Bu fazilatga bizni ikki yo‘l eltadi (shu joyda payg‘ambar bizga erkin tanlash huquqini lozim ko‘radi): nafsni jilovlash yohud boshboshdoqlik, vujudni siylash yohud bokiralik.
Hakim taqdimotidagi jannat va do‘zax bundan-da mudhishroq. “Kalomni inkor qiluvchilar uchun, Benazir Niqob va Chehrani inkor qiluvchilar uchun (“Yashirin Atirgul”da bitilgan duoiba’d shunday jaranglaydi) men g‘aroyib Do‘zax va’da qilaman, illo ularning har biri 999 otash saltanatiga hukmronlik qiladi, va har bir saltanatda 999 olovli tog‘, har bir tog‘da 999 olovli minora, har bir minorada 999 olovli xosxona, har bir xosxonada 999 olovli to‘shak, har bir to‘shakda esa uning o‘zi yotadi va (uning chehrasi va uning ovoziga ega) 999 olov chulg‘agan odam uni mangu azoblaydi”. Boshqa bir o‘rinda buning tasdig‘iga duch kelamiz: “Bu hayotda sizlar birgina vujud azoblariga duchorsizlar; ammo qalbingiz va xayollaringizda adoqsiz ko‘p vujudlar azobiga giriftorsizlar”. Jannat tasvirlari esa tafsilotlardan holi. “U joy hamisha zim-ziyo zimiston, atrofdagi tosh kosalar obihayotga to‘la hamda bu jannat farog‘ati—ayriliq, voz kechishlar va uyqusida tush ko‘rayotganlarning ayricha farog‘atidan boshqa narsa emas”.

CHEHRA

Hijratning 163 va Shu’lakor Chehraning beshinchi yilida Halifa qo‘shinlari Sanomda Hakimni qamal qildi. Oziq-ovqat va shahidlar yetarli edi, buning ustiga farishtalar ilohiy lashkarining ko‘magi kutilayotgan edi. Qamal ostidagi qal’a bo‘ylab tasodifan mudhish xabar tarqaldi. Aytishlaricha, zinokorlikda gumon qilingan xaramdagi ayollardan birini bo‘g‘ib o‘ldirayotganlarida, boyaqish jonholatda payg‘ambarning o‘ng qo‘lida jimjilog‘i, barmoqlarida esa tirnog‘i yo‘qligini aytib qichqirgan. Bu ovoza lashkar orasida yashindek tarqaldi. Baland ayvonda, ko‘zni qamashtiruvchi oftob ostida Hakim ilohdan g‘alaba yohud uning alomatini so‘rash bilan mashg‘ul edi. Shu dam yomg‘irga qarshi chopayotgan kabi boshlarini quyi egib, sadoqatli ikki sarkarda unga yaqinlashdi va birdan qimmatbaho durlar qadalgan Niqobni tortib olishdi.
Atrofdagi barcha hayratdan qalqib tushdi. Samoda, me’rojda bo‘lib qaytgan Havoriyning chehrasi chindan ham oppoqligi bilan, dog‘li moxov xastaligiga xos alohida oqligi bilan hayratga solardi. Bu chehra shu qadar shishinqiragan va beo‘xshovligidan chindan niqobga o‘xshardi. Qoshdan nishona qolmagan, o‘ng ko‘zining pastki qovog‘i qariyalarniki kabi qurigan yonoqqa qadar osilib tushgan, xastalik lablarni ham omon qo‘ymagan. Haddan ziyod shishgan burun baayni arslonniki kabi edi.
Hakim so‘nggi chora sifatida makrini ishga solib hayqirdi: “Sizlarning jirkanch gunohlaringiz mening shu’lamni ko‘rishga qo‘ymayotir…”
Uni eshitib o‘tirmadilar va nayza sanchdilar.

Sharifjon Ahmedov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.