Men tariximizning eng g‘alati va eng qayg‘uli manzaralaridan birini (chamasi birinchilar qatori) hikoya qilib bermoqchiman. Buni imkon qadar hikoyaga aralashmasdan, chiroyli to‘ldirishlar va xatarli taxminlarsiz amalga oshirish ma’qul deb o‘ylayman.
Ishtirok etuvchilar uch kishi: erkak, ayol va har joyda hoziru-nozir mustabid ko‘lankasi. Erkak kishining ismi Pedro Salvadores edi; mening bobom Asevedo uni Kaseros yonidagi jangdan so‘ng bir necha kun va yoki hafta o‘tgach ko‘rgan. Haqiqat shuki, Pedro Salvadores hamma qatori bir odam bo‘lgan, faqat taqdir va yillargina unga betakrorlik baxsh etdi. U o‘sha zamonning o‘rta hol sohiblaridan edi: saqlanib qolgan ma’lumotlarga ko‘ra, uning chorbog‘i bo‘lib, o‘zi unitariylarga hayrihoh edi. Xotini Planeslar xonadonidan edi; ular Suipachaning Temple ko‘chasi bilan kesishgan joyida istiqomat qilishar, hikoya qilinayotgan voqealar sodir bo‘lgan uy oddiy~gina edi: oddiy darvoza, yo‘lak, panjarali eshik, bo‘lmalar va ichki kichik hovlilar.
1842 yil oqshomlarining birida uy egalari tuproq yo‘ldan tobora yaqinlashib kelayotgan otlar dupuri va otliqlarning qichqiriqlariga e’tibor qipishdi. Bu gal masorka ularni chetlab o‘tmadi, eshikni gursillatib tepa boshladilar. Askarlar eshikni buzayotgan mahal Salvadores stolni nari surgach, gilamni qayirib yerto‘laga yashirinishga ulgurdi. Xotini stolni joyiga surib qo‘yishi hamon Salvadoresni hibsga olish uchun tashrif buyurgan kallakesarlar bostirib kirishdi. Xotini Salvadores Montevideoga qochib ketdi, deb aytdi. Bu so‘zlariga ishonmasdan uni do‘pposladilar, moviy chinni idishlarni chil-chil qilib, butun uyni ostin-ustun qilsalar-da, gilamni ko‘tarish xayollariga kelmadi. Ular qaytib kelishlarini aytib, yarim kechasi chiqib ketishdi.
Pedro Salvadoresning chinakam voqeasi mana shu joydan boshlanadi. U yerto‘lada to‘qqiz yil umr kechirdi. Yillar kunlardan, kunlar soatlardan iborat, to‘qqiz yillik muddat esa mana shu kun va soatlar xayoliy yig‘indisining mavhum shaklidan o‘zga narsa emas, deb har qancha mulohaza qilmang bo‘lib o‘tgan voqea dahshat edi. Oxir-oqibat ko‘zlari ko‘nikib qolgan zulmat qo‘ynida u hech bir narsa to‘g‘risida, hatto nafrat va xatar haqida ham o‘ylamagan deya olmayman. Salvadores yerto‘lada umrini o‘tkazar ekan, tashqaridan xotinining tanish qadam olishpari, chelakning quduqqa urilishi, hovlida quyayotgan jala-o‘zi quvg‘in qilingan olamning tovushlari eshitilar va har bir yangi kunning so‘nggi kunga aylanish xavfi kezib yurardi.
Og‘izlaridan gullab quyishlaridan cho‘chigan xotini xizmatkorlarning javobini berdi. Qarindoshurug‘lariga bo‘lsa Salvadores Sharqiy Sohilda, deb aytdi. O‘zi va erini boqish uchun askarlar kiyimi tikish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Fursat yetib, ikki o‘g‘il tuqqach, oilasi uni buzuqlikda aybladi va oq qildi. Mustabid qulagach esa qarindoshlari bu uchun yolvorib uzr so‘rashdi.
Kim va nimaga aylanib qolgandi Pedro Salvadores? Yerto‘lada bu qadar uzoq yashashga uni nima majbur qildi qo‘rqo‘vmi yo muhabbat, qadrdon Buenos-Ayres xayolimi va yo shunchaki ko‘nikish? Yolg‘izlikdan tinkasi qurigan xotini, chamasi, unga fitna va g‘alabalar haqidagi mujmal xabarlarni yetkazib turgan edi. Yoki Salvadores qo‘rqoq edimi va buni bilgan xotini bechora shu qadar sadoqat bilan uni ko‘zdan yashirganmidi? Ehtimol, shag‘amsiz, ehgimol kitoblarsiz u yerto‘lada qay tariqa kun kechirganini tasavvur qilaman. Qorong‘ulik, chamasi, uni uyquga undar edi. Ehgimol, dastlab u hamon o‘sha mudhish kechani, kimsasiz ko‘chalar va yalanglikni tush ko‘rgan edi. Oradan shuncha yillar o‘tgach, u endi qochib keta olmas va faqat yerto‘lanigina tush ko‘rganligi ham haqiqat edi. Dastlab boshda u ta’qib ostiga olingan qochoq edi, Keyinchalik esa buni kim bilsin taqdirga tan berib iniga urib ketgan yirtqich va yo allaqanday sirli-sinoatli sanamga aylangandi.
Bu ahvol Rosas mamlakatdan juftakni rostlagan 1852 yilning yoziga qadar davom qildi. Shundan keyingina bizning zohid yerto‘lani tark etdi; mening bobom u bilan suhbatdosh bo‘ldi. Xomsemiz va beso‘naqay bu odam mum rangini olgan va past ovoz bilan so‘zlardi. Uning musodara etilgan yerlarini baribir qaytarib berishmadi; aftidan, u cho‘ntagida bir mirisiz qazo qildi.
Pedro Salvadoresning qismatida men hamma narsada ko‘rganim timsolni ko‘raman, ko‘ngil uchida turgan timsolni ko‘raman.
«Yoshlik» jurnali, 2001 yil, 3-4-son