Bu voqea 1969 yilning fevralida, Boayon shimolidagi Kembrij shahrida yuz bergandi. Men uni qizig‘ida yozib qo‘ymagan edim, yagona maqsadim o‘sha voqeani butunlay unutsam devdim, negaki Hudo ko‘rsatmasin, odamning aqldan ozishi hech gap emasdi. Mana endi, 1972 yili esa, shu voqea haqida o‘shanda hikoya qilib bersam, o‘quvchilar shak-shubhasiz ishonishmas va buni g‘irt uydirma, deb o‘ylashardi, deya fikr qilib o‘tiribman, holbuki, ochig‘ini aytsam, bugun shuncha yil o‘tgach, o‘zim ham bu voqeaning bo‘lib o‘tganiga shubhalanib turibman.
O‘sha daqiqalarda men og‘ir kechinmalardan qiynalgan, biroq keyinroq, bedor o‘tgan kechalarda bundan beshbattar ko‘yga tushgandim. Bu, shu haqtsa yozilgan hikoya boshqalarga ham shunday ta’sir qiladi, degani emas.
Ertalab soat o‘nlar chamasi edi. Men Charlz daryosining bo‘yidagi skameykada o‘tirardim. O‘ng tomonda, besh yuz metrcha narida baland minora qad rostlab turardi — uning nima deb atalishini hanuzgacha bilmayman. Ko‘kimtir suv sathida katta-katta serqirra muz bo‘laklari oqib kelardi. Oqar suv beixtiyor vaqtning o‘tishi haqida mulohaza yuritishga undaydi odamni. Buni ming yillar muqaddam Geraklit aytib o‘tgan. Kechasi tiniqib uxlaganman, oqshom qilgan ma’ruzam, nazdimda, tolibi ilmlarga ta’sir qilgandi.
Tevarak-atrof jimjit, tirik jon ko‘rinmaydi.
Daf’atan, men bir kuni shunga o‘xshagan narsani ko‘rgan va his qilgandek ko‘yga tushdim. Ruhshunoslar buni charchoq alomati, deb tushuntirdilar. Qisqasi, yonimga kimdir kelib o‘tirdi. Men yolg‘iz qolishni afzal ko‘rgandim, lekin tarbiyasiz odamdek taassurot qoldirgim kelmay o‘rnimdan ko‘zg‘almadim. U allaqanday kuyni hushtakda chalishga tushdi. Ertalabki o‘zim uchun atalgan iztiroblardan birinchisi shu edi: u hushtakda ijro etishga harakat qilayotgan kuy, yanglishmasam (kuy va qo‘shiqlarni yaxshi ajratishga uquvim yo‘q), argentinalik Elias Regulasning “Eski kulba” degan qo‘shig‘i edi. Qo‘shiq ohangi allaqachon buzilib ketgan pationi* va allazamonlarda dunyodan o‘tgan Alvaro Melian Lafinurning qiyofasini ko‘z oldimga keltirdi. Bir ozdan keyin o‘ninchi yillarda mashhur bo‘lgan qo‘shiq naqorati ham yangrab qoldi. Ovoz mayinligi Alvaroning baxmaldek yumshoq tovushiga o‘xshamasa ham,ijrochining Alvaroga taqlid qilayotgani yaqqol sezilardi. Men yuragimda uyg‘ongan qo‘rquv aralash bu ovozni tanidim.
Yonimga kelib o‘tirgan kimsa tomonga ozgina surilgan bo‘ldim-da uni savolga tutdim:
— Senor, siz urugvaylikmisiz yoki argentinalik?
— Men argentinalikman, lekin o‘n to‘rtinchi yildan buyon Jenevada istiqomat qilaman, — deb javob qildi u.
Oraga jimlik cho‘kdi. Sukunat uzok davom ztdi. Men yana savol berdim:
— Malanya o‘n yettida, ruslarning ibodatxonasi qarshisidami?
U tasdiqpagan bo‘lib bosh irg‘adi.
— U holda,- dedim men,-sizning ismi-sharifingiz — Xorxe Luis Borxes. Biz 1969 yili, Kembrij shahrida uchrashib turibmiz.
— Yo‘q, — deya javob qildi u xuddi mening ovozimdagidek, faqat uning ovozi uzoqdan eshitilayotgandek tuyuldi. Oradan ikki yo uch daqiqa o‘tgach u qat’iy ishonch bilan gapini takrorladi:
— Yo‘q, men ayni choqda bu yerda, Jenevadaman, Ronadan (Rona — Shveytsariya va Frantsiya hududlaridan oqib o‘tadigan daryoning nomi. XDK izohi) bir necha metr beridagi o‘rindiqda o‘tiribman. Yoshingiz ancha ulug‘ va sochlaringiz oppoq ekanini aytmasa, biz bir-birimizga juda o‘xshaymiz, mana shunisiga hayron bo‘layapman.
Mening javobim shunday bo‘ldi:
— Yolg‘on gapirmayotganimni asoslab berishim mumkin, xohlasang. Men faqat oila a’zolari biladigan narsalarni birma-bir eslatib o‘taman. Bizda katta dadamiz Perudan olib kelgan uzun burama oyoqchali kumush mate* bor. Egar qoshiga osib qo‘yiladigan kumush kosacha ham bor. Sening xonangdagi javonda kitoblar qator qilib terilgan. U yerda Leynaning gravyura bilan bezatilgan va har bitta bobidan keyin mayda harflarda sharh bitilgan “Ming bir kecha” kitobining uch jildi; Kisherning lotincha lug‘ati, Tatsiyning “Germaniya” asarining lotinchasi hamda “Don Kixot”ning “Gorne” nashriyotida chop etilgan nusxasi, River Indartening “Qonli teatri”, Karleylning “Sartor Resartus”i, Amelyaning tarjimai holi hamda turli-tuman boshqa yirik-yirik jildlar ortiga yashirib qo‘yilgan Bolqon yarim orolida yashovchi elatlarning nikoh udumlari haqidagi eski kitob.
Dyubur maydonidagi boloxonada g‘ira-shira oqshom manzaralarini tomosha kilganlarimni ham eslab o‘tdim.
— Dyufur, — deya to‘g‘rilab qo‘ydi u.
— Yaxshi. Dyufur bo‘laqolsin, lekin sen ishondingmi endi?
— Yo‘q, — deya javob qildi u. — Bular dalil-isbot bo‘lolmaydi aslo. Agar sizni men tushimda ko‘rayotgan bo‘lsam, siz, albatta, men bilgan narsalarni bilishingiz kerak. Bu o‘z-o‘zidan ravshan.
Uning mulohazalari jo‘yali edi. Men shunga munosib javob kildim:
— Basharti, mana shu tong bilan bizning uchrashuvimiz chindanam tush bo‘lsa, ikkovimiz ham o‘zimizni uxlayotgan va tush ko‘rayotgan deb o‘ylashga haqlidirmiz. Biz balki uyg‘onarmiz, balki uyg‘onmasmiz. Lekin men bitta narsani aniq bilaman — biz borliq olamni kanday kabul kilayotgan bo‘lsak hamda yashayotganimiz, ko‘rayotganimiz va nafas olayotganimizni qanday bilsak, bu tushni ham shunday bir voqelik sifatida qabul qilishimiz lozim bo‘ladi.
— Tush kutilmaganda cho‘zilib ketsa-chi? — deya tashvish bilan ko‘nglidagini aytib yubordi u.
Uni ham, shuningdek, o‘zimni ham xotirjam kilish uchun pisanda qildim:
— Nima bo‘pti? Men yetmish yildan buyon tush ko‘rib kelayapman, mana hali davom etayapti. Oxir, natijada, eslatib qo‘yish maqsadida aytadigan bo‘lsam, dunyoda o‘zi bilan o‘zi uchrashmagan odam bormi? Hozir xuddi shu narsa bizning boshimizga tushib turibdi, modomiki, bu yerda ikkovimiz o‘tirgan ekanmiz, demak, haqiqatan shunday. Balki mening o‘tmishimda yuz bergan, seni esa istiqbolda muqarrar kutayotgan ayrim hodisalarni bilging kelayotgandir?
U indamay bosh irg‘ab gapimni tasdiqladi. Men nimaiki esimga tushsa, hammasini bir boshdan gapirib bera boshladim.
— Onam sog‘-salomat, Buenos-Ayresdagi Charkas va Maypu ko‘chalari tutashgan yerdagi uyida yashab yuribdi; otam o‘ttiz yil muqaddam yurak xastaligi bilan og‘rib o‘tib ketdi dunyodan. O‘lmasidan burun shol bo‘lib qoldi: chap tomoni butunlay ishlamas, chap qo‘li shalviragancha o‘ng qo‘lining ustida yotardi doim. Umri qisqa ekan, o‘tdi-ketdi, lekin uzoq azob chekmadi. Buvimiz ham shu uyda qazo qildi. O‘limidan burun buvimiz hammamizni chaqirib, vasiyat qilgandilar: “Men oshimni oshab, yoshimni yashadim, endi paymonam to‘ldi, shekilli. O‘zingizni qiynamang, ko‘z yoshi to‘kmang, o‘lim haq, odam bolasi borki, bu qismat sharbatini ichmay qolmas”. Singling Nora turmushga chiqqan, ikki o‘g‘li bor, aytgancha, ularning turmushi yaxshimi?
— Juda yaxshi! Dadam, har doimgidek, dinni masxara qiladilar. Kecha kechqurun, u Iso Masih bizning gaucho*ga o‘xshab qovun tushirishdan qo‘rqadi, shuning uchun o‘z fikrlarini majoz tili bilan izhor etishni lozim topdi, deb yuruvdi.
U to‘xtab qoldi va nima deyishini bilolmay:
— O‘zingiz qanaqasiz? — deya savol berdi.
— Sen nechta kitob yozishingni ayta olmaymanu, lekin bitta narsani aniq bilaman, ko‘p kitoblaring chiqadi. She’rlar yozasan — bu she’rlaring senga olamjahon quvonch baxsh etadi — g‘aroyib hikoyalar yaratasan. Otang va ko‘pgina qarindoshlaring singari o‘qituvchilik qilasan.
Men uning yozgan asarlaringdan ko‘ngling to‘ladimi, deb so‘ramaganidan, ochig‘i, xursand edim. Shu sababli ochiq ko‘ngilda gapimni bemalol davom ettirdim:
— Bordiyu tarixni eslab o‘tish lozim bo‘lsa… Yana o‘sha eski raqiblar bir-birlariga urush e’lon qilib, omonsiz qirg‘inlar uyushtirishdi. Frantsiya juda tez sur’atda taslim bo‘ldi, Angliya bilan Amerika Gitler degan nemis diktatoriga karshi birlashdilar, keyin — Vaterloo ostonalarida ro‘y bergan janglar yana takrorlandi. 1946 yilga kelib Buenos-Ayres ikkinchi Rosasni dunyoga keltirdi. 55-yilda Kordoba viloyati bir paytlar Entre-Riosga o‘xshab bizni ham xalos etdi. Hozir vaziyat juda qaltis. Yer yuzida Rossiyaning mavqei oshib bormoqda. Demokratiyaning dushmani, degan nom qozonishdan cho‘chigan Amerika dunyoda yakka hokim bo‘lishga qo‘rqayapti. Bizning Vatanimiz mahdudlik botqog‘iga botib borayapti. Qoloqlik va o‘ziga-o‘zi mahliyo bo‘lishdek illat jamiyat oyog‘iga solingan tushov vazifasini bajarmoqda. Basharti, bir kun kelib lotin tili darslari o‘rnini guarani ( guarani- Janubiy Amerika tub aholisining nomi. XDK izohi.) tilini o‘rganish darsi egallasa, men zarracha ajablanmayman.
Fikri ojizimcha, u gaplarimni deyarli eshitmas edi. Aql bovar qilmaydigan, lekin aslida ro‘yi-rost narsalardan qo‘rqish hissi erkin fikr yuritishga, mantiqiy xulosalar chikarishga to‘sqinlik qilardi. Ota bo‘lmishlik menga nasib etmagandi, biroq mana shu pushti kamarimdan bo‘lgan farzandimdan-da azizroq tuyulayotgan bechora yigitchaga nisbatan dilimda otalikning muqaddas va nafis mehr-muhabbati jo‘sh urdi. U qo‘lida allaqanday bir kitobni buklab olgan edi. Men nima kitob deb so‘radim.
— “Fidoyilar”, to‘g‘rirog‘i, “Iblislar” kitobi, Dostoevskiyniki, — deb javob kildi u g‘urur bilan.
— Yaxshi eslolmadim. Xo‘sh, kanaqa ekan o‘sha kitob? Yoqdimi?
Savolim naqadar tahqiromuz ekanini sezib bir oz xijolat chekdim.
— Rus adabiyotining klassigi, — dedi u dona-dona kilib, — slavyanlar ruhiy olamiga hech bir yozuvchi unchalik chuqur kira olmagan.
Dabdabali javobi uning dilidagi g‘alayon bosilganidan darak berardi.
Men undan bu dahoning yana qaysi asarlarini o‘qigansan, deb so‘radim.
U Dostoevskiyning ikkita yo uchta asarini aytdi, shular ichida “Qiyofadosh” (“Dvoynik”) ham bor edi.
Men, Jozef Konrad asarlarini o‘qiyotganingdagi kabi rus adibi yaratgan obrazlar ham yorqin ko‘rinadimi, shuningdek, uning mukammal tanlangan asarlarini o‘qib chika olasanmi, deb so‘radim.
— To‘g‘risini aytsam, o‘qiyolmayman, — deya javob kildi u kutilmaganda.
Undan nima yozayotganligi haqida so‘radim, u “Qirmizi oyat” degan she’riy kitobi nashrdan chiqish arafasida ekani, hozirda “Qirmizi ohanglar” degan kitob tayyorlayotgani haqida gapirib berdi.
— Seni ilhom shavqi tark etmasin, — dedim men, o‘zimcha tilak bildirgan bo‘lib. — Shonli yo‘llarni bosib o‘tgan o‘tmishdoshlaringning ruhi qo‘llasin. Ruben Darioning moviy she’rlari bilan Verlenning miskin bayotlari yodingdami?!
Mening so‘zlarimga ortiqcha ahamiyat ham bermasdan kitobida Yer yuzidagi odamlarning birodarlik tuyg‘ulari madh etilajagi to‘g‘risida so‘zlay boshladi. Shoir zamon bilan hamnafas bo‘lishi lozim ekan.
Men o‘yga toldim, so‘ngra, chindanam jamiki insoniyatni birodarlarim deb hisoblaysanmi, deya so‘radim. Masalan, motam marosimlarini dabdaba bilan o‘tkazadiganlaru barcha xat tashuvchilar, yollangan barcha g‘avvoslar, muassasayu idoralarning binolari ostidan o‘tgan yo‘lkalarda tunovchilar, ovoz berish huquqiga ega bo‘lmagan — hamma-hammalarini… U mening kitobim, dunyodagi barcha mazlumlar va huquqsiz — miskinlarga bag‘ishlanadi, dedi.
— Sen mazlumlar va huquqsizlar toifasi sifatida tilga olayotgan omma, — e’tiroz bildirdim bunga javoban men, — mutlaqo mavhum tushuncha. Umuman olganda, mabodo mavjud bo‘lsa, nihoyati alohida bitta-yarimta kimsalar yashayapti. “Bugungi odam — endi kechagi odam emas”, degan edi allaqaysi yunon. Ikkovimiz, mana shu skameykada o‘tirganlar — Jenevadami, Kembrijda bo‘ladimi, farqi yo‘q — mana shunga dalil bo‘lsak kerak.
Chinakam tarixiy yodgorliklarda muhrlangan unutilmas bitiklardan boshqa hamma haqiqatlar esda kolmaydigan iboralardan tashkil topadi. O‘limi oldidan odamzod bolaligida bor-yo‘g‘i bir marta ko‘rgan naqshni ko‘z oldiga keltirmoqchi bo‘ladi, beomon jang arafasida askarlar arzimas narsalar yoki serjantlari haqida gap sotib laqillab o‘tirishadi. Bizning bu uchrashuvimiz o‘ziga xos, yagona, betakror uchrashuv edi va ochig‘ini aytganda, ikkovimiz ham bunga tayyor emasdik, aksiga olib adabiyot va adabiy til muammolari haqida mulohaza yuritdik, manmanlik bo‘lmasinu, odatda jurnalistlar bilan uchrashganimda aytadigan gaplarimdan oshirib bir yangi narsa aytganim yo‘q. Mening “ alter ego”im ( «alter ego» — lotincha atama bo‘lib, «boshqa» ma’nosini anglatadi, insonning o‘zi o‘ylab topgan muqobil shaxsiyati, ma’lum ma’noda uning lirik obrazi. XDK izohi) yangi-yangi metaforalar yaratish yoki inkishof etish zarur deb hisoblardi, o‘zim esa yolg‘iz tasavvurlarimiz mahsuli bo‘lmish so‘zlarning munosibiga, shaxsan o‘zim yaratgan obrazlar yoki hammaga ma’lum tushunchalarga ehtiyoj sezardim.
Odamzodning qarishi va inqiroz, tush ko‘rish va hayot, vaqtning o‘tishi va suv. Men bir necha yildan keyin yaratgan kitobimda ifoda etgan fikrlarimni unga bayon qilib berdim.
U gaplarimni deyarli eshitmay o‘tirgandi. Birdan so‘rab qoldi:
— Basharti siz men bo‘lgan ekansiz, u holda men ham Borxesman, deb sizga aytgan keksa odam bilan 1918 yilda uchrashganingizni eslolmasligingizni nima deb tushunish mumkin?
Mavzuning bunday kaltis tomonlarini xayolimga ham keltirmagan ekanman. Shu sababli ikkilanibroq javob qildim.
— O‘sha voqea menga aql bovar qilmaydigandek tuyulgan, shekilli, eslab yurishni lozim topmagan bo‘lsam kerak.
U tortinibroq bo‘lsa ham savol berishga botindi:
— Siz qarib faromushxotir bo‘lib qolganmisiz?
Yigirma yoshga chiqmagan o‘spirin ko‘ziga yetmishdan oshgan mo‘ysafid tirik murda bo‘lib ko‘rinsa kerak, deb o‘yladim o‘zimcha va unga shunday javob qildim:
— Umuman aytganda, faromushxotirlikka o‘xshasa ham, lekin mening xotiram, yoddan chiqarmaslik qobiliyatim yetarli darajada quvvatga ega, deb o‘ylayman. Men anglosakson tilini o‘rganayapman, yanglishmasam, guruhimizda meni qoloq hisoblashmaydi.
Suhbatimiz anchadan beri davom etayotganini e’tiborga olganda tush bunaqa cho‘zilmaydi, deb xayol qildim. Yalt etib miyamga bir fikr keldi.
— Meni o‘ngingda ko‘rayotganingni hoziroq isbotlab berishim mumkin, — dedim men. — Mana bu satrlarni eshit, sen uni hech qachon, hech qaerda o‘qimagansan, lekin men uni eslab kolganman. Eshit, — shunday deya go‘zal satrlarni qiroat bilan yodtsan o‘qib berdim:
— L’hydre — univers tordant son corps écaillé d’astres.*.
U hayratdan qotib koldi, hatto qo‘rqib ketganga o‘xshadi. Aloha lazzatlanib hozirgina men o‘qib bergan satrni xayolchan ovozda takrorladi.
— Chindanam, — deya g‘o‘ldiradi u. — Men hech qachon bunga o‘xshagan istiora yaratolmasam kerak.
Gyugo bizni birlashtirdi. Sal oldinroq, endi eslayapman, u Uolt Uitmen dostonidan muxtasargina parcha o‘qib bergandi, unda shoir ruhiy shodlikni, ikkovlon tom ma’noda his kilgan dengiz bo‘yidagi tun farog‘atini xotirlardi.
— Mabodo, Uitmen tun farog‘atini madh etayotgan ekan, demak, u shunday tun bo‘lishini istaydi, biroq, vodarig‘, u yo‘q va bo‘lmagan. Doston qachon ta’sir qiladi, biz undagi jo‘shqin ehtiyojlarga to‘la istak-xohishni ilg‘aganimizda ta’sir qiladi; illo his qilingan quvonchdan keyin emas.
U indamasdan menga qaradi, so‘ng, yuragidan bir nido otilib chikdi:
— Siz uni bilmas ekansiz, Uitmen soxtalik qilishga qodir emas!
Ellik yil behuda o‘tmaydi. Bilimi turlicha, didi, fahmi har xil bo‘lgan ikki kishining suhbati asnosida men bir narsani — bizning bir-birimizni hech qachon tushunolmasligimizni anglab yetdim, bu esa o‘zaro muloqot qilishga xalal beradi. Ikkovimiz ham suhbatdoshimizning gaplariga taqlidan hajv qilishga mohir edik. Yolg‘on murosa ustun bo‘lgan bunday vaziyat uzoq cho‘zilishi mumkin emas. Munozara qilish yoki maslahat berishdan foyda yo‘q, negaki, uning yo‘li muqarrar mening yo‘lim bo‘lishi aniq.
Daf’atan lop etib Kolrij yaratgan manzumalardan biri xayolimga keldi. Kimningdir tushiga jannat bog‘larida sayr qilib yurgani kiradi, uning bu yerda bo‘lgani tasdig‘i sifatida gul hadya qiladilar. Ertalab uyg‘onib qarasa, o‘sha gul yonida yotgan ekan.
Men ham xuddi shunga o‘xshagan narsani mo‘ljallab qo‘ydim.
— Menga qara, — dedim unga, — yoningda puling bormi?
— Bor, — dedi u, — yigirma frankcha pulim bor. Men bugun Simon Jiklinskiyni “Timsoh” qahvaxonasiga taklif etganman.
— Simonni ko‘rganda aytib qo‘y, u Karujda tibbiy ilmlarni suv qilib ichib yuboradi va juda ko‘p odamlarga yordami tegadi… Mayli, qani, pulingdan ber-chi.
U cho‘ntagidan uch frankli kumush pul bilan chaqa tangalardan oldi. Tushunolmay hayron bo‘lib menga kumush tanga uzatdi. Men esa unga Amerikaning qog‘oz pulini berdim. Amerika pulini u katta qiziqish bilan ko‘zdan kechira boshladi.
— Bo‘lishi mumkin emas! — deb kichqirib yubordi u bir payt. — 1964 yil! Bu pulning chiqqan yili-ku!
(Bir necha oydan so‘ng, kimdir, qog‘oz pullarga sanalar yozilmaydi, deya tushuntiradi).
— Bu hammasi misli ko‘rilmagan mo‘‘jiza, — dedi u arang, — mo‘‘jizalar mening yuragimga vahm soladi. Lazarning (Lazar — Injilda hazrati Iso tomonidan tiriltirilgan shaxs sifatida tilga olingan. XDK izohi) tirilishini ko‘rgan odamlarning o‘takasi yorilardi hozir.
Suhbatimiz bitta mavzu tegrasida aylanyapti, degan fikr kechdi ko‘nglimdan. Oqibat yana kitoblar haqidagi boyagi gaplar takrorlana boshladi.
U qog‘oz pulni mayda-mayda qilib yirtib tashladi, kumush tanga menda qoldi.
Men uni daryoga irg‘itdim. Suvga uloqtirilgan kumush tanga, mening boshimdan kechayotgan bugungi voqeaning timsoli bo‘lib kelishi kerak edi, ammo taqdir o‘zgacha yo‘lni tanladi.
Men, agarda favqulodda narsalar takrorlanar ekan, ular qo‘rqitmay ko‘yadi, deb javob qildim. Aloha, turli davrlar va har xil yerlarda joylashgan mana shu skameykada ertaga uchrashishni taklif etdim.
U o‘sha zahoti rozilik bildirdi va soatiga qaramasdanoq ketadigan vaqtim bo‘ldi, dedi. Biz ikkovimiz ham bir-birimizga yolg‘on gapirmoqda edik va har birimiz suhbatdoshimiz aldayotganini bilib turardik. Unga meni ham olib ketgani kelib qolishadi, dedim.
— Sizni olib ketgani kelishadimi? — deya ajablanib so‘radi u.
— Ha. Sen mening yoshimga yetganingda ko‘zing butunlay ko‘rmay qoladi. Faqat sarg‘ish rangni, soya va quyoshni ajrata olasan. Lekin qo‘rqma, ko‘z nurini sekin-astalik bilan yo‘qotish og‘ir emas. Bu xuddi yoz oqshomlarining sekin-sekin quyuqlashishiga o‘xshaydi.
Biz bir-birimizga qo‘l uzatmasdan xayrlashdik. Ertasiga men u yerga bormadim. U ham kelmagan bo‘lsa kerak.
Men bu uchrashuv haqida ko‘p o‘yladim, lekin bu haqda hech kimga aytmadim. Nazarimda, haqiqatning tagiga endi yetdim. Uchrashuv chindan ham hayotda ro‘y bergan, biroq u o‘zga men bilan tushida suhbatlashdi, shuning uchun meni unutgan bo‘lishi ham mumkin. Men u bilan o‘ngimda suhbatlashdim, shu bois, xotiralar hali-hanuz meni qiynaydi.
U meni tushida ko‘rdiyu lekin yetarli darajada aniq emas, bugun men uchun hammasi ravshan, unga pullarda mavjud bo‘lmagan sana anchayin aniqroq ko‘ringan edi.
_______________
* Patio — uy.
* Mate — qadah.
* Gaucho — Lotin Amerikasi janubidagi elat.
* Koinot — yulduzsimon tangali tanasini bilanglatib o‘ynayotgan ilon (frants.).
Olim Otaxonov tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2015 yil, 3-son.