OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xulio Kortasar. O‘tayotgan bog‘lar (hikoya)

Aslida bu kitobni bir necha kun avval o‘qiy boshlagandi. Ammo orada ishlari ko‘payib ketganidan tashlab qo‘ygan va mana endi yumushlarini bitirib, bir maromda chayqalib borayotgan poezdda chorbog‘iga qaytar ekan, uni yana qo‘liga oldi. Asar qaxramonlarining qiyofalari va voqealar rivoji uni tobora o‘ziga tortib borardi. Chorbog‘da advokatiga maktubni yozib tamomlagach, ish boshqaruvchisi bilan ijara jihatlarini fikrlashgunicha kech kirdi. Bugunning majburiyatlari adog‘iga yetganidan mamnun tarzda oynalari emanzor boqqa qaragan xos bo‘lmasida yana o‘sha kitobga tutindi. Uni baayni o‘ziga chorlayotgan va shu qadar ko‘nikilgan oromkursiga qulayroq o‘rnashar ekan, o‘rindiqning zangor barqutini allanechuk mehr bilan siladi.
Eshikka ters qo‘yilgan kursining bu holati istalgan mehmon xayolida uning tashrifi aslida bemavrid ekani haqidagi noqulay fikrlar uyg‘otishini o‘ylab, miyig‘ida kulib qo‘ydi. So‘nggi bob sahifalari ortda qolar ekan, qaxramonlar fe’l-atvori va ismlarini osongina eslab qolardi, zum o‘tmay voqealarning makkor girdobida oqa boshladi. Kitob domiga tortilib, o‘zi qo‘nim topgan mana shu uyning, oynalar ortidagi mana shu bog‘ning odatiy qurshovidan allanechuk nosog‘lom bir maroq bilan olislab borardi, ammo ayni paytda bugunning tashvishlaridan toliqqan vujudi oromkursiga qulay o‘rnashib olgani, tamakidoni shundoqqina qo‘li ostida ekani, oyna ortida – emanlar aro esa bu oqshomning musaffo epkinlari esmoqda ekanini ham yaqqol sezib turardi.
Birin-ketin tizilgan so‘zlar yo‘laklaridan odimlab, asar qaxramonlarining nojo‘ya janjalini kuzatar ekan, qiyofalar tobora ravshan tortar, baayni ular chinakamiga yashay boshlardi. Shu tariqa u tog‘ bag‘ridagi kulbada kechgan so‘nggi uchrashuvga ham guvoh bo‘ldi. Kulbaga birinchi bo‘lib ayol qadam qo‘ydi, hayal o‘tmay jazmani paydo bo‘ldi. Shox-shabbalar bexos urilib timdalangan yuzi bo‘g‘riqib ketgan edi.
Ayol jarohatdan sizayotgan qonni bo‘salari bilan to‘xtatishga astoydil urinar, ammo erkak har gal yuzini chetga burib, bu ehtirosli o‘pichlarni dog‘da qoldirardi. U bu yerga buning uchun, begonalar nazaridan so‘lg‘in yaproqlar xirmoni va so‘qmoqlar izdihomi bilan yashirin bu hufya munosabat marosimlarini nechanchi bor qayta takrorlash uchun kelmagandi u bu yerga. Uning ko‘ksida kimningdir bo‘g‘ziga mushtoq xanjar yotar, xanjar ostida bo‘lsa ko‘pdan kutilgan hurlikka intizor umid jonivori hapriqmoqda edi.
Tahlika-yu qat’iyat, umidsizlik va ishonchga yo‘g‘rilgan suhbatlar kulala gazanda yanglig‘ sahifalar aro kecharkan, hukmi azal dastlab boshdan ma’lum ekani oydinlasha boradi. Jazman vujudini ishg‘ol etayotgan suyub-siypalashlar uni bir zumga bo‘lsa-da chalg‘itib, go‘yo qaroridan qaytishga undayotgandek bo‘lib tuyilar, bunga sari uning xayolida ayni shu ayol bag‘rida pinhon bo‘lgan mana shu farog‘atlarning baridan tengma-teng bahramand bo‘layotgan boshqa bir battol vujud gavdalanar va uni batamom yakson etish qarori qat’iylashib borardi. Puxta o‘ylangan qattol rejada barchasi nazarda tutilgandi: aybsizlik isbot-dalillari, tasodiflar va ham ehtimoliy xatolar. Shu soatdan boshlab har bir daqiqaning o‘z vazifasi bor, har lahzaga yakuniy maqsad bosqichlari jo qilingandi. Ular butun rejani yana bir necha bor takrorlagach, so‘nggi shubhalar ham tarqaldi. Oqshom cho‘ka boshladi. Beomon suiqasd rishtalari bilan bog‘langan ikkovlon, endi bu gal so‘nggi ko‘z qarashlarsiz, kulba yonida ajralishdi. Ayol so‘qmoq bo‘ylab yuqoriga ketdi. Qarama-qarshi tomon yo‘l olgan erkak bir lahza ortiga o‘girildi: yoyilgan sochlarini shamol beayov to‘zg‘itayotgan ayol bu fitna makonini tezroq ortda qoldirishni istagan kabi yelib borardi. U ham qadamini tezlatdi, daraxtlar va ihotalarni panalab borarkan, quyuqlasha boshlagan oqshomning zangor shafaqlari aro nihoyat chorboqqa olib boruvchi yo‘lakka ko‘zi tushdi. Rejaga ko‘ra, qo‘riqchi itlar sukut saqlashi lozim edi – ular chindan jim edi.
Uy boshqaruvchi ham bu mahal oyoq ostidan chiqmasligi lozim edi – atrofda undan chindan nishon yo‘q edi. Jazman uch bo‘lmali zinadan ayvonga ko‘tarilib, uy ichkarisiga qadam qo‘ydi. Yuragi hapriqib ura boshladi, ayolning unga necha bor uqtirgan so‘zlari og‘riq kirgan qulog‘i ostida jaranglab eshitildi: avvaliga moviyrang mehmonxona, undan so‘ng dahlizga o‘tiladi, dahliz so‘ngida esa gilam to‘shalgan pillapoya. Pillapoya adog‘ida ikki eshik. Birinchi xonada hech kimsa yo‘q edi, keyingisi ham bo‘m-bo‘sh. Mana, nihoyat xos bo‘lma eshigi, qo‘lda esa hamlaga shay xanjar, oynalarda ohista akslanayotgan fonus shu’lasi va… va zangor barqut qoplangan, eshikka ters qo‘yilgan baland oromkursida qulay o‘rnashib olgancha allaqanday kitobni berilib mutolaa qilayotgan bir odam…

Sharifjon Ahmedov tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.