OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yaroslav Gashek. Mahak toshi (hikoya)

Iso tavalludidan boshlanguvchi yil hisobining 1460 yilida, yoz kunlarida Bavariyadagi Shtalxauzen ibodatxonasi igumeni, ya’ni noziri yolg‘izlikda qolib, qudratli va barcha mo‘‘jizalarga qodir Tangridan o‘z ruhoniyatiga muqaddas kuch ato etishni so‘rab, sidqidildan tilovatga kirishdi. Shunday ruhiy kuchniki, toki u men, igumen Leonardni karomatli mahak toshi va mangu umr sharbatini izlab topishga muvaffaq etsin, degan iltijo charx urardi o‘yida.
Uning qarshisida olov yallig‘lanib yonar, bu olov laboratoriyalarda ishlatiladigan bo‘g‘zi uzun va tumshug‘i bir tomonga qayrilgan retorta idishini qizdirar, unda esa qandaydir dori-darmon biqirlagan ovoz chiqarib qaynar, yonida hovoncha turardi. Bu hovoncha oxirigacha eritilib, qattiq qoldiqlari esa bug‘lantirilib, so‘ngra quyuqlashtiriladigan eritmani o‘z bag‘riga olishi lozim edi.
Igumen Leonard muruvvatli Parvardigorga sidqidildan topinib, uning hidoyatli yo‘lidan adashmay, hech bir ishda iblis da’vatlariga quloq tutmay va noraso kuchlardan madad so‘ramay karomatli mahak toshini hamda mangu umr sharbatini izlayotgan ojiz bandasidan himmatli nazarini darig‘ tutmaslikni o‘tinardi.
Shundoq yonma-yon joylashgan tamaddixonadan monaxlarning jazavali baqiriq-chaqiriqlari eshitilib turar, ular ko‘kka o‘tkir qadalgan gotika qubbalarini qomatga keltirib «Otche nash, ije yesi na nebesax» hamdini xonish qilishardi.
Hamdning har bir bo‘g‘inini fidoyilarcha, jo‘rovozlikda hijjalab kuylashar ekan, rohiblar ovoz pardalarini bir-biridan o‘tkazib namoyish etishga urinishar, ular och-nahor va asabiy edi. Boisi, igumen barcha rohiblarning salomatligini o‘ylab, ularga ozuqa va ichimlikni misqollab ulashar edi. Ammo o‘ziga bu qoidani zinhor tadbiq etmasdi.
Tamaddixonaning emandan qilingan qalin eshigini ochar ekan, ota Leonard ilohiy nurdan chehralari yorishgan holda, amr qildi:
— To oqshomga qadar ibodatni bo‘shashtirmagaysizlar!
Keyin o‘zining alkimyogarlik laboratoriyasiga qaytib xoch oldidagi o‘rindiqda tizzalarini bukib o‘tirarkan, junbushga tushib ibodatni davom ettirdi.
— Ey, Xudoyi Taolo, ishongan panohim, kamina qulingdan ziyobaxsh yog‘dularingni ayama, fikrimni munavvar et, toki nasroniylar hayotining boqiyligini ta’minlay oladigan mangu umr sharbatini hamda mahak toshini topishga muvaffaq bo‘lay. O‘zing yo‘l ko‘rsat, ey Yaratgan Egam, ushbu sharbatga ikki oyog‘ida yuruvchi qora mushukni xonadonida asraganligi uchun mushukka qo‘shib Shtalxauzen darvozasi yonida ibodatxona bayrami kuni o‘tda kuydirganimiz shakkok kimsaning kulidan aralashtirsam, gunohga yo‘ymaysanmi? Kamina yolg‘iz sening irodangni bajarguvchiman.
Xudoyi Taolo ishorat bermadi. Va Leonard ota, baribir, tavqi la’nati qora mushuk va shakkok-afsungarning tanasidan qolgan kulni qozondagi qaynatmaga tashladi. Keyin qo‘shni tamaddixonada «Otche nash» hamdini qiroat qilishayotgan monaxlarning ayanchli va yalinchoq ovozlariga sokin ichki bir tovushda jo‘r bo‘la turib, retortada hosil bo‘lgan eritmani hovonchaga quya boshladi, keyin hovonchani uch oyoqli o‘choqqa o‘rnatib Xudoyi Taologa tavallosini ixlos ila davom etdirib, eritma qoldig‘ini bug‘lantirishga kirishdi.
Yana oqshom tushdi, Leonard ota tosh o‘choqda biqirlab hamda vishillagan tovush chiqarib qaynayotgan suyuq moddani yonib turgan olov ustida qoldirdi-da, o‘zi tamaddixonaga yo‘l oldi.
Tamaddixonada esa u astoydil ko‘ngildan chiqarib, rohiblarga Parvardigorning muruvvatli ekanligi to‘g‘risida bir necha iliq kalomni aytdi, so‘ngra ularni dam olishga tarqatarkan, o‘zlarining taqir taxta karavotlariga yotishdan oldin o‘zaro so‘g‘ishib-kurashib osiy tanalarini gunohlardan forig‘lantirishni buyurdi. Nihoyat, doimo parpirab yonib turadigan toshchiroqqa qo‘lidagi mash’alani tutib, uning piligini olovlantirdi-da, hovliga chiqdi.
Jonsarak, tinib-tinchimas igumen ibodatxona xo‘jaligini ko‘zdan kechirishi kerak edi. Molxonadagi cho‘chqalar qanday ahvolda — ularni borib ko‘rishi lozim. Kecha ular bir holatda edi.
Leonard otaning ko‘nglini necha kunki, shubha qiynamoqda. Ro‘za kunlarining och-nahorligidan qiynalgan rohiblar cho‘chqalarga mo‘ljallanib, bug‘doy kepagidan tayyorlanadigan bo‘tqani o‘marishib, shu yo‘sinda, Yaratganning g‘azabini keltirib hamda nochor jonivorlarning rizqini qiyib, o‘zlarining do‘zaxiy qorinlarini qappaytirishmayaptimikin? Keyingi kunlarda cho‘chqalar keskin et tashladi, bular endi avvalgi, o‘sha bamisoli bochkaday dumaloq, serishtaha, bo‘y-basti tovlanib turadigan cho‘chqavoylarga sirayam o‘xshamasdi. Holbuki, ularni bir vaqtlar aynan shunday to‘qmijoz holatda ko‘rib, Leonard ota Xudoyi Taologa shukronalar izhor etar va duo oyatlarini shavq-zavq ila kuylab yuborar edi.
Cho‘chqaxonada Xudoyimning bu antiqa yaratmalaridan qirq donasi boqilardi, ya’ni ibodatxonada qancha rohib bo‘lsa, shuncha cho‘chqa ham bor edi. Demak, agar shu qirq nafar rohib qirqta cho‘chqa uchun tayyorlanayotgan ozuqani o‘zlashtirishib, paqqos tushirishayotgan bo‘lsalar, endi bu jonivorlar betashvish «xur-xur»lashib, o‘zlarining dilkash shovqin-suronlari va durkun yoshligi bilan ibodatxona hududidagi xo‘mraygan, sokin hayotni jonlantirib turishlariga umid bog‘lamasa ham bo‘ladi.
Ota Leonardning qo‘lidagi mash’ala chirsillab yallig‘lanib, qizg‘in shu’lalari bilan aftodahol jonivorlarning ozg‘in tanasini yoritib turardi. O‘zlarining jonkuyar tarbiyachisini tanib qolib, bemajolgina «xur-xur» qilib turishardi, ularning bunday avzoyidan oqko‘ngil igumenning yuragi siqildi.
— Shunaqayam ayanchli ahvolga tushib qoldingizmi, ey mening birodarlarim! — iztirobli bir ohangda ingrandi qariya, suyaklari sanalib turgan cho‘chqaginalarning ozg‘in gavdasidan ko‘z uzolmay. Uning kipriklarida ko‘z yoshlari yaltiradi.
Keyin, ichi ship-shiydam tog‘oralarga inqirozli nigoh tashlab, monaxlarning yetti avlodini la’natladi va butxona qo‘ng‘irog‘ini chalish uchun yo‘l oldi.
Rohiblar tag‘in tamaddixonaga to‘planishganda, igumen ularga shunday va’z bilan murojaat qildi.
— Sizlar o‘tkinchi, bebaqo tanalaringizni chiniqtirmoqdasiz beta’mizlar, yashirincha, cho‘chqalarning rizqini o‘marayapsiz va ro‘za kunlarining shartlarini buzmoqdasizlar. Bilib qo‘ying, naq, Xudoning qahriga yo‘liqasiz. Qani, tiz cho‘klaring, muttahamlar!
Bamisoli olomon ustida balqiganday, igumenning chehrasi jinchiroq shu’lasidan yorishib, hayqirdi:
— Tavba qiling, battol cho‘chqalar!
Va monaxlar cho‘zib ijro eta boshlashgan «Tavbamizni qabul qil» oyatining ohanglari ostida u yerto‘laga tushib, tishini g‘ijirlata-g‘ijirlata sharob to‘la krujkani qo‘lga oldi.
Lekin, baribir, zardasini bosa olmadi, yana tamaddixonaga qaytdi va rohiblarga ularni to Rimgacha yayov yo‘l bosib Innokentiy III huzuriga kirib, nasroniylar olamining rahnamosi oldida tiz cho‘kkan holda, qilgan gunohlari uchun o‘tinch so‘rashlari zarurligini e’lon qildi.
Shundan keyin ularni xobxonalariga jo‘natdi.
O‘zi esa qop-qorong‘u kulbasiga qaytib, boshlagan tajribalarini davom ettirdi va qo‘lidagi mash’alaning yorug‘ida, bug‘lanishdan keyin hovoncha tagida muz qotgan moddani ko‘zdan kechira boshladi. Qotishma allanechuk og‘ir vaznli va ma’danday yaraqlab turardi.
Leonard otaning rangi oqardi. Yo‘q, bu mahak toshi emas: qadimgi kitobda mahak toshining shaffof va vaznsiz bo‘lishi dalolat qilingan. Axir o‘z tajribalari uchun tuproqni Shtalxauzen yonidagi o‘sha tepalikdan olgan edi-ku? U tepalikda esa bir zamonlar toshlarni maydalashgan va muqaddas juma kunlarida uning tepasida yorqin yog‘dular shu’lalanib turganligini aytishadi.
U mukkasiga tushib, yig‘lab yubordi. So‘ng salib xochga keskin nazar tashladi va ko‘kragiga ketma-ket mushtlab, ojizona bir ohangda nola qila ketdi:
— Ko‘rib turibman, ey Xudoyim, sening lutfu karamingga sazovor bo‘la olmadim.
So‘ngra hovoncha tagida qolgan eritmani hovliga chiqarib to‘kib tashladi.
Shundan keyin rohiblar yana bir necha kun qo‘shimcha ro‘za tutishdi, ular nihoyatda ozib-to‘zib ketishdi, negaki, g‘amxo‘r igumen rohiblar qalbining beg‘uborligini asrab qolish niyatida tashvish chekib, cho‘chqalarga taalluqli bo‘lgan bo‘tqaga ular ruju qilishmasin, deb qattiq nazorat o‘rnatgan edi.
Cho‘chqalar esa bu orada o‘ziga kelib, binoyiday yaltillab semira boshlashdi. Shunday uzoq ochlikdan keyin ular o‘zlarini bu qadar tez o‘nglashlarini hatto tasavvur ham qilib bo‘lmasdi. Qizig‘i, rohiblar tinka-madori qurib, ozib-to‘ziganlari sayin cho‘chqalar semirgandan-semirardi. Bu har qanday ko‘zga yaqqol tashlanib turardi.
Nihoyat, bir kuni Leonard ota cho‘chqalar hovlida timirskilanib, nimanidir izlab va topib, ishtiyoq ila kavshanayotganlarini payqab qoldi. Asta yaqin borib kuzatdi: ma’lum bo‘lishicha, cho‘chqalar mahak toshi o‘rnida hosil bo‘lib, hovliga sochib yuborilgan kukun zarralarni yalab, tamshanib, yutoqib oziqlanishmoqda edi.
Igumen begona ko‘zlardan uzoqroqdagi xonaga kirib, sanam oldida hajonlanib tiz cho‘kdi. Xudoyi Taolo o‘zidan muruvvatini ayamaganligini u aniq ko‘rib-bilib, ishonib turardi. Ha, u mahak toshini topgan edi! Ammo bu o‘zi kutgan mahak toshi emasdi, balki oddiy ozuqa, yemish, tanaga nafaqat kuch-quvvat bag‘ishlaydigan, balki uni yashnatib-yashartirib yuboradigan mo‘‘jizali nimadir edi.
O‘sha kuniyoq igumen rohiblardan bir nechtasini yoniga olib Shtalxauzen yonidagi, buyruqlar o‘qiladigan maxsus tepalikka bordi, u yerdan mahak toshi manbai bo‘lgan tuproqni laboratoriyaga tashmalay boshladi.
Bunday toshning yirik bir uyumi yaratilgach esa, igumen Leonard birdan o‘z qaramog‘idagi bechorahol, arvohlarday ozib ketishgan rohiblarni otalarcha bir achinish ila esladi. Ota ularning ham, bamisoli cho‘chqalarday et qo‘yishini xohladi: shu boisdan oshpazlarga bu toshni maydalab, yanchib, ezib rohiblarning bo‘tqasiga aralashtirishni buyurdi va ovqat mahali sho‘rpeshona rohiblarning tamshanib-yutoqib bo‘tqani tushirayotganlarini ichki bir qoniqish ila, mutaassir holatda kuzatib o‘tirdi.
Qirq nafar rohib shundan keyin tun bo‘yi it azobini boshdan kechirib, tongga yetar-etmas jon taslim qildilar va Leonard ota dunyoda yakka-yolg‘iz bo‘lib qoldi.
Haligi mahak toshi, bor-yo‘g‘i, surma ekan. Uni 1460 yilda Bavariyadagi Shtalxauzen ibodatxonasining igumeni Leonard kashf etdi. Kashfiyotga mutaxassislar hazilvonlik bilan lotinchasiga «antimoniy» deb nom berishdi. Bu esa «monaxlarga qarshi» degan ma’noni anglatadi.
Leonard shundan keyin ham butun umri davomida cho‘chqachilikni rivojlantirish bilan shug‘ullandi. Surmadan esa cho‘chqalar hech bir zarar ko‘rmas, aksincha, tobora yog‘ va et bog‘lab, yaltillab semirishardi. Shu karomat sabab bo‘lib, keyinchalik Germaniya imperatorining amr-farmoniga binoan, igumen Leonardga graflik unvoni berildi.

Rus tilidan Mixli Safarov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 5-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.