OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yasunari Kavabata. Oynadagi oy (hikoya)

Bir kuni Kyokoning miyasiga ikkinchi qavatda to‘shakka mixlanib yotgan eriga qo‘loynada tomorqani ko‘rsatish fikri kelib qoldi. Shu bilan bemor hayoti o‘zgarib qoladiganday edi. Lekin o‘rtada boshqa gaplar bo‘lib ketdi.
Qanaqa oyna edi o‘zi u? Bu oyna Kyoko erining uyiga sep qilib olib kelgan pardoz stoli tortmasida turar edi. Pardoz stoli ham, qo‘loynaning gardishi ham tutdan yasalgan edi. U yangi kelin bo‘lib tushgan chog‘lar ba’zan oynani qo‘liga olib, orqa sochi qanday turmaklanganini ko‘rishlari, kimonosining yengi sirg‘alib, bilagi tirsagigacha ochilib qolganida uyatdan qizarib ketganlarini bot-bot eslar edi. Xuddi o‘sha qo‘loyna…
Kyoko cho‘milib chiqib, pardoz stoli yoniga o‘tirganida eri: “ O‘quving yo‘q ekan, kel, yaxshisi, o‘zim ushlab turaqolay”, deb kelinchakning qo‘lidan oynani olar va xotini pardoz stoli oynasida orqa sochini yaxshiroq ko‘rishi uchun qo‘loynani turli tomondan tutar va bundan o‘zi ham zavqlanar edi. Bechora kelinchak esa erining orqavarotdan tikilib turganidan batgar o‘ng‘aysizlanardi.
O‘sha gaplarga ko‘p bo‘lgani yo‘q, hatto tutli gardish xali tob yeb ulgurmadi, ammo bu o‘rtada urush boshlandi, odamlar boshqa joylarga ko‘chirildi; eri og‘ir dardga chalinib qoldi. Kyoko unga tomorqalarini ko‘rsatmoqchi bo‘lganida oyna allaqachoi xira tortgan, gardishini-ku aytmasa ham bo‘ladi changu yog‘upa singib, chirk bosib ketgan zdi. Lekin nima qipti? Tomorqa undan bip-binoyi ko‘rinyapti-ku! Shu-shu eri oynani qo‘lidan qo‘ymaydigan, bosh uchiga qo‘ynb yotadigan bo‘ldi. Bekorchilikdanmi yoki bemorlarga xos injiqlikdanmi, ishqilib, gardishning kirini tozalab, oynani yaraqlatib qo‘ydi. Keyinchalik eri uni kuh-kuhlab, xafsala bilan artayotganini ko‘rib, yog‘och gardishning mayda tirqishlarida sil tayoqchalari qolib ketishi mumkin-ku, degan shubha oralardi Kyokoning ko‘ngliga…
Kyoko har kuni erining sochiga kameliya moyini surtib tarar, u esa sochini kafti bilan silab-silab yana gardishni tozalashga urinar, eskirgan gardish ham loklanganday yaltillab ketar, pardoz stoli esa hamon xira tortib turar edi.
Kyoko boshqa turmush qilganida stolni o‘zi bilan sep qilib olib ketdi.
Biroq u qo‘loynasini erining jasadiga qo‘shib yoqib yubordi. Bu hakda keyingi eriga lom-mim demadi. Endi pardoz stolida gardishiga Kamakura o‘yma naqshi-yu lok bilan zeb berilgan yangi qo‘loyna turar edi.
Kyoko erining jasadi tobutga qo‘lbarmoqlari ko‘ksida bir-biriga chalishtirilib yotqizilgani uchun — taomilga ko‘ra shunday edi — mayitning qo‘liga oynani ushlatolmay ko‘ksiga qo‘yishga majbur bo‘ldi.
So‘ng oynani u yerdan olib qorniga qo‘yar ekan:
— Ko‘kragingiz tinmay og‘rigani og‘rigan edi, tag‘in shugina oynaning ham og‘irliga tushib yurmasin, — deb shivirladi.
Oyna er-xotinning bir biriga mehrini tovlangani uchun xam, raxmatlining yuragiga yaqnn bo‘lsin, deb ko‘ksiga qo‘ygan edi. Yana erimning qariidoshlari uni ko‘rib qolmasin, deb ustiga oppoq xrazentema tashlab qo‘ydi. Olov oynani eritnb yubordi. U egilib, qalin, qiyshiq quvurga mengzab qoldi, tutundan sarg‘ayib ketdi.
—Anavi nima, oynami? — dedi qarindoshlardan biri hayron bo‘lnb.
Kyoko pardoz g‘ilofidagi yana bir tandzaki (Tanidzaki — tanka(beshlik) janridagi she’r yozishga mo‘ljallangan cho‘zinchoq qog‘oz) shaklidaga jajji duro‘ya oynani xam qo‘shib, marhumning ko‘ksiga qo‘ygan edi. U bir paytlar bu oynakni to‘y sayoxatiga olib ketaman dsb ko‘ngliga tugib ko‘ygan, lekin urush orzularini chippakka chnqargan edi. Eri tirikligida o‘sha oynaning xech keraga bo‘lmadi.
Yangi eri uni sayoxatga olnb chiqdi. Pardoz g‘ilofi titig‘i chiqib, hatto mog‘orlab ketganidan Kyoko yangisini sotib oldi. Albatta, buiisining xam oynasi bor zdi.
Safariing birinchi kuni eri uni mahkam quchib, qulog‘nga:
— Xuddi qiz bolaga o‘xshaysan. Boyoqish! — deb shivirladi.
Uning gap ohangida istehzo emas, tuyqus bir kuvonch bor edi. Ehtimol, Kyokoniig oldin er ko‘rmagan qizdek iboli ekani uning ko‘nglini ko‘tarib yuborgandir. Lekin bu gap Kyokoga og‘ir botdi. U birdan ho‘ngrab yig‘lab yubordi-da, qunishib oldi. Eri o‘zicha buni iboga yo‘ydi.
Kyoko kimga rahmi kelib yig‘layotir — o‘zigami yoki oldingi erigami — o‘zi xam tushunmas edi. Go‘yo birini ikkinchisidai ajratib bo‘lmasdi. U birdan xozirgi erini ranjitib ko‘yganini, unga xushmuomala bo‘lishi kerakligini fahmlab, erkalanib so‘z qotdi:
— Rostdan-a? Hali shuni ham bilamai deng? — Lekin u nojo‘ya gap aytib ko‘yganini sezdi-da, sholg‘omday qizarib ketdi. Bundan erining battar zavqi keldi.
— Bola-chaqang yo‘q edi, shekilli, — dedi u va yana bilmasdan xotinining yarasiga tuz sepib qo‘ydi .
Kyoko oldingi erinikidan boshqacha erkak kuchiga ro‘para bo‘ldi-yu, ichini it tirnay boshladi: u bola ovunadigai qo‘g‘irchoqqa o‘xshab qolgan edi.
— O‘ziyam bolaga o‘xshagan bir nimam bor edi, — deya e’tiroz bildirdi Kyoko, keyin birdan jimib koldn.
U bedavo dardga chalingan oldingi erini o‘limidai so‘ng ham bola deb o‘ylar, go‘yo uni homiladek ichida katta qilayotgan edi.
“Nega erimning o‘lib qolishinn bilaturib xam sog‘lig‘ini o‘ylab, u bilan qovushishdan o‘zimni olib qochib yurdim?” degap xayol o‘tdi Kyokoning ko‘nglidan.
— Morini faqat poezd oynasidan ko‘rganman, — dedi eri Kyokoni quchar ekan. — Sen tug‘ilib o‘sgan, atrofi chakalakzor shahar juda chiroyli bo‘lsa qerak-a? Bekorga Mori (Mori — chakalak degani) deb atalmagandir. U yerda necha yoshinggacha yashagansan?
— Kollejni tugatguncha. Harbiy majburiyatni Sandzyodagi xarbiy zavodda o‘tadim.
— Bundan chiqdi, Sandzyo yaqinida tug‘ilgan ekansan-da? O‘zim ham o‘yladim-a, Etigo viloyatilik shu qiz buncha suluv bo‘lmasa deb. “Saidzyolik parilar” deb bekorga aytilmas ekan-da?..
— Men chiroyli emasman, — dedi Kyoko qo‘lini ko‘ksiga bosib.
— Qo‘ling ham, oyog‘ing ham bejirim. Ofatijonsan-da…
— Unday demang! — Kyoko qo‘li xalaqit berayotganini sezib, ko‘ksidan oldi.
— Farzanding bo‘lganida ham senga uylanar edim, — shivirladi er ayolning qulog‘iga. — Uni o‘z bolamday yaxshi ko‘rardim. O‘sha bola kiz bo‘lganida qaniydi?
Kyoko, o‘g‘li borligi uchun shunaqa deyapti, yaxshi ko‘rishini bildirib qo‘ymoqchi-yu, lekin epini qilolmadi, deb o‘yladi, Eri Kyokoni o‘n kunlik to‘y sayohatiga olib chiqdi, maqsadi esa o‘g‘li bilan ko‘rishishini keyinroqqa surish edi.
Erining ajabtovurgina charm safar g‘ilofi bo‘lib, Kyokoniki uning oldida bir pulga arzimas edi. G‘ilof ohori to‘kilibroq qolganiga qaramay, katta, pishiqqina edi. Eri tez-tez safar qilib tursa-da, bee’tibor bo‘lmagani uchunmi, ishqilib, g‘ilof boshqa ko‘hna, ammo asl mollarday, jilvasini yo‘qotmagan edi. Kyokoning esiga biror marta ishlatilmagan bo‘lsa ham mog‘orlab ketgan oldingi pardoz g‘ilofi tushdi. O‘sha g‘ilofidagi eriga berib turgan jajji oynakni, o‘limidan so‘ng u bilai birga narigi dunyoga kuzatgan edi. Qo‘loynaning ustiga qo‘yib tobutga joylagan jajji oynagi… ular olovda erib, bir-biriga qo‘shilib ketdi; tobutga ikkita oyna qo‘yilganini, g‘alati xolda tosh qotib qolgan shisha bo‘lagi oldin oyna bo‘lganini hech kim fahmlagani ham yo‘q. Kyoko buni birovga aytmadi.
Nazarida, qo‘sh oynada aks etgan son ming dunyolar badnafs olovda yonib bitgan, 6u yo‘qotish bilan erining jasadi kuyib, bir hovuch kulga aylangani o‘rtasida hech qanday tafovut qolmagan edi. Kyoko tomorqani ko‘rsatish uchun qo‘loynasiii berdi-yu, eri esa shu-shu undan ajramaydigan bo‘ldi. Lekin ko‘p o‘tmay u oynani qo‘lida uzoq tutib tura olmaydigan bo‘lib koldi, bunday paytlarda Kyoko har safar uning qo‘llarini, yelkasini uqalar edi. Shunda u eriga yana bitta jajji, yengilgina oynanii berdi. Oynada odamlar ko‘chani kesib o‘tar, bolalar bog‘da o‘ynar edi.
Jimitdek oynada jamuljam bo‘lgai ulkan va rang-barang dunyoni ko‘rib, Kyokoning o‘zi ham hayroi qoldi. Oyna, bor-yo‘g‘i, pardoz-andoz anjomi, qo‘loyna esa boshqa oynada ensani ko‘rish uchungina kerak. Ammo bemor u bilan odamu olamni qaytadan kashf qildi. Kyoko ham erining bosh tomoniga o‘tirib olib, oynaga qarab-qarab qo‘yar, u bilan ko‘zgudagi narsalar haqida gaplashar edi. Hademay u ham oynada aks etgan dunyoni hakiqiy dunyodan farqlay olmay qoldi. Bular go‘yo bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan ikki alohida dunyo edi, oynadan ko‘rinayotgan dunyo Kyokoga aslidan mukammalroq tuyula boshladi.
— Osmon oynada kumushday tovlanyapti, — deydi eri, keyin derazadan tashqariga qarab, — derazadan esa kulrang ko‘rinar ekan, — deb qo‘shib ko‘yadi.
Oynadagi osmon yurakni siqmas, rostakamiga tovlanar edi.
— Balki uni yaxshilab artganingiz uchun shunday tuyulayotgandir?.
Shunda eri derazadan osmonga qarash uchun boshini ozgina burdi.
— To‘g‘ri, endi u xira- kulrang. Odamning, it yoki chumchuqning ko‘zi ham osmonni bir xil ko‘rarmikan? Osmon rangi asli qanaqa ekan-a, kim ayta oladi?
— Osmonning oyna ko‘zi ko‘rayotgan rangi-chi? — Kyoko “Osmon oshiq-ma’shuqlarning ko‘ziga qanday ko‘riiayotgan ekan”, demoqchi edi. Daraxtlarning oynadagi aksi yashilroq, savsan esa aslidan ham oqroq ko‘rinar edi.
— Mana bu — o‘ng boshmaldog‘ing izi. — Eri oynaning chetini ko‘rsatdi. Negadir Kyokoning yuragi shuv etib ketdi. U shosha-pisha oynani kuh-kuhlab, arta boshladi.
— Qo‘yaver. Tomorqani birinchi marta ko‘rsatganingda ham oynada barmog‘ing izi qolgan edi.
— Payqamabman ham…
— Sen parvoyingga keltirganing ham yo‘q, lekin men boshmaldog‘ing bilan ko‘rsagkich barmog‘ing izini tanib qoldim.
Og‘ir xastalikka chalinib, to‘shakka mixlanib qolgan bemorgina xotinining barmoq izlarini eslab qolsa kerak.
Ular turmush qurgandan keyin eri sog‘ yurmadi hisob. Hatto urushga ham bormadi.
Uylariga o‘t ketgandai so‘ng Kyokoning tanishlarinikida bir xonani ijaraga olib turishdi. Eri u paytlarda ishga qatnab yurar edi. U Kyoko bilan turmush qurgach, o‘z uyida bir oycha, ijara uyda esa ikki oycha sog‘ yurdi, xolos.
Urush tugay deb qolganda uni ham armiyaga olishdi. Ikki-uch kun bir aerodromda yerkovlik qilib, yiqilib qolgach, uyga qaytarishdi. U kelgan kuni urush xam tugadi. Eri to‘shakdan tura olmay koldi, Kyoko uni ota-onasi ko‘chirilgan qishloqqa olib ketdi, chunki bor-budini erinikiga qo‘shib, avvaldan o‘sha yoqqa jo‘natib yuborgan edi.
Tog‘da chog‘roq bir uyni ijaraga olishib, eri shu yerda davolana boshladi. O‘sha uyda ular bilan birga yana bir ko‘chirilgan oila ham turar edi. Urush tugashi bilan bu oila Tokioga qaytdi. Kyokoga bog‘dan kichik tomorqa — uchga uch kenlik (bir ken 1,81 metrga teng) shudgorlangan yer meros qolgan edi.
Qishloqda sabzavotni dehqonlardan sotib olish xam mumkin edi, biroq meros qolgan tomorqani tashlab qo‘yish mavridi bo‘lmagani uchun Kyoko har kuni yer chopar, gurkirab o‘sayotgan ekindan ko‘zi quvnar edi. U erining karavoti yonida o‘tirishdan bezor bo‘lgani uchun emas, tikish bilan to‘qish yuragini siqib yuborgani uchun ham tomorqaga yopishib oldi. Bu erining erta bir kun tuzalib ketishiga umid uyg‘otar, azbaroyi yaxshi ko‘rgani uchun ancha-muncha vaqtini unga bag‘ishlar, kitoblar o‘qib berar edi. Bemorga qarab charchaganidanmi, birvarakayiga hamma narsasidan ayrilib qolayotganday bo‘lar, xayollarini chalg‘itmoqchi bo‘lib ishga zo‘r berar edi.
Sentyabrning o‘rtalarida toqqa ko‘chib kelishdi. Bu yerni yoz jaziramasidan jon saqlayotgan shaharliklar tark etgach, erta kuzning sovuq yomg‘irlari yog‘a boshladi. Ammo bir kun kun botay deganda qushlarning chug‘ur-chug‘uri atrofni tutdi-yu, birdan havo ochilib ketdi. Kyoko oftob nurlariga cho‘milayotgan tomorqasiga chiqib, yam-yashil ekinlariga tikildi. So‘ngra boshini adl ko‘tarib, olis tog‘ cho‘qqilari uzra suzib o‘tayotgan gulobiy bulutlarni ko‘rib zavqlandi, shunga andarmon bo‘lib, ikkinchi qavatda yotgan erining chaqirgani eshitmabdi. Bir payt qulog‘iga kirdi-yu, qo‘lining tuprog‘ini ham qoqmasdan tepaga qarab yugurdi.
— Tomoq yirtib baqirsam ham eshitmaysan-a?
— Kechirasiz, xayol bilan bo‘lib kolibman.
— Yig‘ishtir tomorqangni! Seni chaqiraman deb o‘lib qolishim ham hech gap emas. Go‘rga edi nima ishlar qilib yurganingni bilsam.
— Tomorqada edim. Chiqma desangiz, mayli, chiqmay qo‘ya qolaman.
Eri xotirjam gortdi.
— Chittak sayraganini eshitdingmi? — U Kyokoni shuni so‘rash uchun chaqirgan edi. Ularning suhbatiga chakalakdai kelayotgan sayroq xam qo‘shildi. Shom qorong‘isi chakalakni yana-da bahaybat ko‘rsatar edi. Shu-shu Kyoko chittak qanaqa sayrashini eslab qoldi.
— Qo‘ng‘iroqcha sotib olsak, nima deysiz? Jingirlasa bo‘ldi, chopib kelaveramai. Hozircha bosh uchingizga biror nima qo‘yib qo‘yaman, kerak bo‘lib qolsam, derazadan otarsiz.
— Nima, endi idish-tovoqni otaymi? Ol-a!
Eri, tomorqada ishlama, deb tixirlik qilmadi. Kyoko qo‘loynadan unga tomorqasini ko‘rsatishni o‘ylab topgunicha oradan achchiq ichakday cho‘zilib qaxraton qish o‘tib, ortidan ko‘klam keldi.
Oddiy bir oyna bemor erining ko‘ngliga bu dilbar va yam-yashil olam zavqini olib kirganida boyoqish ayolning qanchalar quvonganini bir ko‘rsangiz edi! U endi Kyoko ekin barglaridan zararkunanda hasharotlarni terib olib tashlayotganini ham ko‘rar, tabiiyki, qanaqa hasharot ekanini farqlay olmas, xotini esa ularni eriga ko‘rsatish uchun ikkinchi qavatga ko‘tarib chiqishdan charchamas edi. U Kyokoniig yer chopishini kuzatib yotadigan bo‘ldi…
— Oynadan chuvalchangni ko‘rdim, — dedi u bir kuni Kyokoga. Kechga yaqin oftob g‘arbga og‘ganda Kyoko ko‘ziga nur tushayotganinn sezib, boshini ko‘tarar va eri tepadan oynani o‘ziga to‘g‘rilayotganini ko‘rar edi.
Eri Kyokoga talabalik davridan qolgan arzongarov matodan o‘ziga shim tikib olishni buyurdi. U xotinining xol-xol gulli ko‘k shimda tomorqani chopiq kilayotganini ko‘rib, huzur qilar edi.
Kyoko eri oynadan qarab yotganinn bilar, lekin ish bilan ovora bo‘lib, bu esidan ko‘tarilar edi. U, shunchalik o‘zgaribman-a, endi kelin bo‘lib tushgan kezlarim bilagim ochilib qolsa ham uyalib ketar edim, deb esladi-yu, yuragida allaqanday iliqlik paydo bo‘ldi.

* * *

Kyoko Yaponiya urushda yutqazayotgan chog‘lar deyarli pardoz qilmay qo‘ydi. Keyinchalik kasal erini o‘ylab, na yuziga upa, na labiga bo‘yoq surtdi. Ikkinchi marta turmush qurgandan so‘nggina o‘ziga e’tibor berishga vaqtu hafsala topdi. U labbo‘yoq bilai upa yuzini o‘zgartirib yuborayotganini, bir zumda huriliqoga aylanib qolayotganini sezar, yangi erining ilk marta yolg‘iz qolishganida o‘ziga maftun bo‘lib, zavq-shavqqa to‘lib aytgan gaplariga chin dildan ishona boshlagan edi.
Endi Kyoko cho‘milib chiqqandan so‘ng o‘zini oynaga solishdan, go‘zalligidan uyalmaydigan bo‘ldi. Ammo rahmatli eri oynadagi go‘zallikni boshqacha ilg‘ashga o‘rgatgan edi uni va bu unga bir umrlik saboq bo‘lib qoldi. Endi u oyna butunlay boshqa olam ekaniga ishonardi.
Lekin u bir o‘ziga, bir aksiga qarab, kulrang osmon bilan oynada kumushday tovlangan osmon o‘rtasidagichalik farq yo‘qligini sezar edi. Ehtimol, bu hol o‘rtadagi masofaga emas, to‘shakka mixlannb qolganidan yuragi zada bo‘lib ketgan erining kayfiyatiga ham bog‘liq bo‘lgandir. Oynadan tomosha kilganida tomorqada yer chopayotgan xotini ko‘ziga qanchalar suluv ko‘ringan ekan?! Eri bu tuyg‘uni o‘zi bilan narigi dunyoga olib ketdi. Kyoko u tirik paytida bu haqda o‘ylab ko‘rmagan ekan.
O‘zining bemor eri oynadan ko‘rgan aksi, undan ko‘ringan quyonkaramning ko‘m-ko‘k guli, oppoq savsan, dala chetida o‘ynab yurgan bolakaylar, olis qorli tog‘lar ortidan chiqib kelayotgan quyosh… Kyoko bularning barini xotirasida tiklashdan ham ko‘ra bir zamonlar o‘zi bilam erigagina mansub bo‘lgan o‘zga dunyoni sog‘ingan edi. U hozirgi erini ayagani uchun ham jonu jahonini kuydirib tashqariga otilishi muqarrar bo‘lgan hissiyotga yo‘l bermaslik ilinjida oldingi erini bu hayotga daxli bo‘lmagan, mavhum bir narsaday eslashga tirishar edi.
Kyoko may tonglarining birida radiodan qushlar sayrog‘ini eshitib qoldi. Eshittirish eri qazo qilgan joyga yaqinroqdagi bir tog‘dan tayyorlangan ekan.
U erini ishga kuzatdi-da, pardoz stolidan qo‘loynani oldi va unda aks etgan ko‘m-ko‘k osmonni tomosha qila boshladi. Keyin o‘zining oynadan boqib turgan yuziga tikildi. Shunda xayoliga g‘alati bir fikr keldi: odam o‘z yuzini faqat oynadagina ko‘rishi mumkin. Shundan so‘ng u har kuni yuzini tomosha qiladigan, unga qo‘l tekkizib ko‘radigan, o‘sha aksni yuzim deb o‘ylaydigan bo‘ldi. Nega Tangri taolo odamni o‘z yuzini ko‘ra olmaydigan qilib yaratgan ekan-a?
“Balki odam yuzini ko‘ra olganda gangib, esi og‘ib qolarmidi?” deb so‘rardi u o‘zidan o‘zi.
Yo‘q, tabiat odamzodni azaldan yuzini ko‘ra olmaydigan qilib yaratgan. Ninachi bilan beshiktervatar ko‘rar ehtimol.
Yo yuz odamga boshqalar ko‘rishi uchun kerakmikan? Yaxshi ko‘rib qolish uchun bir bahona kabi…
U qo‘loynani chetga qo‘ydi-da, daf’atan tutdan yasalgan pardoz stolining bezagi qo‘loynasining Kamakura o‘yma naqshiga mos tushmasligini payqab qoldi. Oldingi qo‘loynasi erining jasadi bilan birga kuyib kulga aylangandan so‘ng pardoz stoli beva bo‘lib qolganday edi. Kyoko eriga qo‘loynasi bilai birga yana bitta jajji oynak bergani nafaqat xayrli kechdi, balki musibat ham keltirdi. Chunki eri har kuni ularda o‘z aksini ko‘rar, kasallik tobora zo‘rayib borayotganiyu yaqinlashib kelayotgan o‘lim sharpasini payqar edi. Mabodo oyna yordamida ruhiy qotillik sodir etish mumkin bo‘lsa, buni Kyoko kilmadimi? U oyna balo-qazoning uyasi ekanini ancha oldin sezgani uchun olib qo‘ymoqchi bo‘lganida eri ko‘nmagan edi.
— Endi ko‘rish quvonchini ham tortib olmoqchimisan mendan? — degan edi u o‘shanda. — Ko‘zim ochiqligida ko‘rganlarimdan huzur qilib yashamokchiman!
Eri oynadagi hayotni deb o‘zini qurbon qildi. U yomg‘irdan hosil bo‘lgan ko‘lmakdagi oyning oynaga tushgan aksiga qarab zavqlanar edi. Haliyam o‘sha oy aksi — faqat aksmikan? — uning xayolidan ketmaydi.
— Birovni yaxshi ko‘rish uchun ham odam sog‘lom bo‘lishi kerak, — deydi yangi eri. Garchi Kyoko xijolatomuz bosh irg‘asa-da, yuragining allaqaeridadir bu gapga qo‘shilgisi kelmaydi. Avvaliga u, nega kasal erim bilan birga yotishdan qochib yurdim, deb o‘zidai o‘pka-gina qildi, ammo vaqt o‘tishi bilan bu xayollari kayg‘uli muxabbat haqidagi xotiraga aylandi, keyinroq esa shu xotira ham yuragini sog‘inch bilan limmo-lim to‘ldirib turganini anglagach, koyinmaydigan bo‘ldi.
Bu eri-chi? Ayol ko‘nglini juda jo‘n tushunmayaptimi?
— Nega shunday yaxshi odam bo‘laturib, xotiningiz bilan ajrashib ketgansiz? — deb so‘radi Kyoko bir kuni undan. U lom-mim demadi. Kyoko marhum erining ukasi holi joniga ko‘ymagach, bu odamga tegishga rozi bo‘lgan edi. Turmush qurishlaridan oldin to‘rt oycha uchrashib yurishdi. Yangi eri undan o‘n besh yosh katta edi.
Kyoko homilador ekanini sezib qolib, qo‘rqib ketdi. “Qo‘rqyapman, qo‘rqib ketyapman”, der edi u erining pinjiga tiqilib. Tinmay ko‘ngli ayniyverganidan esi og‘ib qolar darajaga yetdi. U hovliga yalangoyoq yugurib chiqib, qarag‘ay ignabargini chaynar, o‘gay o‘g‘lini maktabga jo‘natayotib, adashib uning sumkasiga ikkalasiga ham guruch solingan nonushta qutilarini tiqar, ba’zan pardoz stoli tortmasiga xuddi u shaffoflanib qolganday tikilar va go‘yo unda turgan o‘yma naqshli Kamakura qo‘loynasini ko‘rar edi. Kyoko kechalari uyg‘onib ketib, ko‘rpachaga o‘tirib olar, uxlab yotgan eridan ko‘z uzolmay uzoq tikilib o‘tiraverar edi. Inson umrining foniyligini o‘ylab vahimaga tushar, xuddi erini bo‘g‘ib o‘ldirmoqchiday, tungi kimonosi belbog‘ini yecha boshlar edi. Ayni yoz chillasi bo‘lgani uchun xavo kechalari ham issiq va dim bo‘lishiga qaramay, avzoi badanini varaja tutib, sovuq ter bosar edi.
— Kyoko, hademay ona bo‘lasan, — so‘z qotardi eri uni o‘ziga keltirish uchun yelkalaridai tutib silkitgancha.
Vrach uni kasalxonaga yotqizishni maslahat berdi. Kyoko yo‘q deb oyoq tirab turib olsa-da, pirovardida rozi bo‘lishdan o‘zga chorasi qolmadi.
— Bo‘pti, kasalxonaga yotaman. Faqat bir-ikki kunga ota-onamning oldiga bornb kelishimga ruxsat bersangiz, — deb iltimos qildi u.
Eri uni ota-onasinikiga olib borib ko‘ydi.
Ertasi kuni u oldingi eri bilan yashagan tog‘dagi uyga borish uchun yo‘lga chiqdi. Sentyabrniig boshi edi — o‘shanda 6u yerga ular o‘n kuncha kech kelishgan edi. Poezdda yana ko‘ngli aynib qusa boshladi, boshi aylandi. U manziliga yeta olmay qolishdan qo‘rqar edi. Yo‘q, amal-taqal qilib, manzilga yetib oldi, stantsiyada poezddan tushib, toza havodan to‘yib nafas olgach, ancha yengil tortdi. Xuddi shayton vasvasasi ariganday o‘ziga keldi, to‘xtab, atrofdagi tog‘larga g‘alati razm soldi. Osmon bilan bo‘ylashib turgan ko‘m-ko‘k tog‘ tizmalari aniq-tiniq ko‘rinar edi. Atrofidagi hayot uni yana og‘ushiga ola boshladi. Ko‘zlaridan quyilayotgan qaynoq yoshni arta-arta oldingi uyi tomon yurdi. Xuddi o‘sha kezlardagiday shafaq oldida qorayib ko‘rinayotgan chakalakdan qushlar chug‘uri taralmoqda edi.
O‘sha uyda endi boshka birov yashar, ikkiichi qavatning derazasiga oq to‘rparda tutilgan edi. Kyoko uyning yaqiniga borishga yuragi betlamay, birpas jim tikilib turdi-da, qo‘kqisdan o‘zi ham hayratlangancha shivirladi:
— Bola sizga o‘xshab qolsa, nima qilamiz?
Ko‘ngli joyiga tushib, stantsiyaga qaytib ketdi.

Faxriyor tarjimasi
«Tafakkur» jurnali, 2010 yil, 1-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.