Pavel Georgiyevich Safonov ancha yillardan buyon katta bir zavodda konstruktor bo‘lib ishlab kelayapti. U o‘zining tajribasi, bilimi, uddaburonligi bilan hamkasblari, rahbarlar orasida ancha-muncha obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan.
U har yili qishning sovuq kunlari tugashi bilan ta’tilga chiqadi. Bu yil ham izg‘irin kunlardan qutulib olgan Safonov Qrimning janubiy sohilidagi sihatgohlardan birida dam olib qaytdi. To‘yib uxladi, asablariga dam berdi, xullas, keyingi ishlariga kuch to‘pladi. Moskvaga qaytayotgan poyezd yo‘l-yo‘lakay jonajon yurti, tug‘ilib o‘sgan shaharchasida to‘xtadi. Shu payt uning ko‘nglida o‘zgacha bir tuyg‘u paydo bo‘ldi. Kimdir uni ana shu stansiyada tushishga undayotgandek bo‘lardi. To‘sat-
dan ko‘ngilga kelgan bu istak axiyri tushib qolishga majbur qildi.
Ish bilan bo‘lib, bu yerlarga anchadan beri kelmagan edi. Poyezddan tushdi-yu, esidan ham chiqib ulgurgan shaharchani aylanishga tushib ketdi. U xarobgina ko‘chalarga, anchadan beri ta’mirlanmagan binolarga birma-bir nazar tashlar, xuddi ularni eslagandek bo‘lardi-yu, baribir, hech narsani xotirlay olmasdi. Daraxtlar orasida ko‘rinib turgan bir bino unga boshqalaridan ko‘ra iliqroq ko‘rindi. Nihoyat esladi, bu uning jonajon maktabi. U avval qanday bo‘lsa shundayligicha turibdi, hech o‘zgarmagan. O‘sha devor, o‘sha hovli...
Maktabning o‘ng tomonida kichkinagina hovlicha bo‘lardi, u hozir ham xuddi oldingiday turibdi. Bu mittigina kulbacha unga bolaligini eslatdi. Bu uyda uning matematika o‘qituvchisi Mariya Petrovna yashar edi.
Qiziq, nega u shu paytgacha sevimli o‘qituvchisini hech eslamagan ekan? Bir paytlar Safonov ana shu muallimaning eng zukko, eng bilimdon o‘quvchilaridan edi. Mariya Petrovna Safonovning matema-
tikadan iqtidori borligini ko‘p ta’kidlardi. Ha, Mariya Petrovna uning eng yaxshi o‘qituv-
chilaridan biri edi. Ko‘rishmagan-
lariga ham ancha bo‘ldi. Hozir ham shu yerdamikin? Hayotmikin?
Ana shunday xayollar bilan Safonov o‘sha mo‘jazgina uyning zinasiga yaqinlashib qolganligini sezmay qoldi. Yurak to‘la hayajon bilan eshikni taqillatdi.
– Kim bu? – degan ovoz eshitildi-yu, eshik oldida o‘rta bo‘yli, nozikkina bir ayol paydo bo‘ldi. Bu xoksor ayol Mariya Petrovna edi. U mehmonni boshdan oyoq ko‘zdan kechirib, birdan:
– Pasha Safonov?.. Pasha? – deb yubordi.
Sevinchi ichiga sig‘may ketgan muallima o‘quvchisini uyga taklif qildi, dasturxon yozib, hol-ahvol so‘ray boshladi:
– Xo‘sh, Pasha, qaysi shamollar uchirdi bu yerlarga? Seni bunday atayotganimga yana xafa bo‘lmagin. Ancha o‘zgarib ketibsan... Gapir-chi, nima gaplar olamda, xizmat safari bilan keldingmi?
– Yo‘l-yo‘lakay o‘ta turib, bir ko‘rib ketay dedim-da, – u shunday dedi-yu, birdan aybdor insonday yerga qarab oldi.
– Aytganday, gazetalarda sen haqingda tez-tez o‘qib turaman. Uylandingmi, ishqilib? – oshiqib so‘radi u.
– Ha, Mariya Petrovna, oilam, bitta o‘g‘lim bor.
– Juda yaxshi, ishingdan gapir, nimalar bilan mashg‘ulsan?
– Yangi loyihalar ustida ishlayapman, Mariya Petrovna.
Safonov bir kulib qo‘ydi-da, maktabidan so‘z ochdi:
– Sinfdoshlarimiz kelib turishadimi, yaxshi yurishibdimi?
– Sinfingizni ko‘p eslayman... O‘ziyam maktabdagi eng sho‘x, eng to‘polonchi o‘quvchilar sizlarda edi. Lekin shunga qaramay deyarli hammangiz yaxshi o‘qirdingiz.
– Mariya Petrovna, esingizdami, siz menga algeb-
radan ikki qo‘y-
gan edingiz?
– Ha, uy vazifasini bajar-
maganing uchun. Sen matema-
tikadan kuchli eding, lekin dan-
gasaliging bor edi... Misha Shexter esing-
dami?
– Bo‘lmasam-chi. Hammamiz uning adabiyotdan yozgan insholarini yaxshi ko‘rardik.
– U jurnalist bo‘lib ketdi, – sekingina aytib qo‘ydi Mariya Petrovna. – Maqolalarini tez-tez o‘qib turaman. Sog‘inaman uni, lekin ko‘rmaga-
nimga ancha bo‘ldi.
– Eshitishimcha, Vitka Snegiryov Uralda zavod direktori ekan. Men uni Moskvada ko‘rgandim: ancha savlatli, tanib bo‘lmaydi. U kelib turgandir?
Javob bo‘lavermagach, Safonov yana gap boshladi:
– O‘zi sinfimizdan kimlar keldi, Grisha Samoylov ham yo‘qlama-
dimi? Artist esingizdami, uning iste’dodini juda qadrlardingiz.
– U suratga tushgan filmlarni maza qilib tomosha qilaman.
– Mariya Petrovna, balki, birortasi xat yozgandir? Esingizdami, Volodya Boykov, Nina Vinokurova deganlari bo‘lardi. Yura Gril? Undan biror xabar bormi?
– Yo‘q, Pasha, – dedi u ohistagina. – Kolya Sibirtsev kelib turadi. U shu yerda zavodda ishlaydi. Uning hayoti ko‘ngildagiday bo‘lmadi.
Shunda oraga sukunat cho‘kdi. Safonov o‘zining, sinfdoshlarining ustozga nisbatan bunchalar behurmat bo‘lganidan uyalib ketdi. Gapirishga gap topolmay, atrofga nazar tashlay boshladi. Birdan ko‘zi samolyotsozlikka oid kitobga tushdi. Bu kitobning muallifi hozir aybdorlarday uyalib o‘tirgan ana shu olim edi.
– Mariya Petrovna, bu kitobni qayerdan oldingiz? Axir, uning sizga hech ham qizig‘i yo‘q-ku?
— Sohang menga begona bo‘lsa-da, sening kitobing bo‘lganligi sababli sotib oldim.
Safonov kitobni qo‘liga oldi-yu, yana o‘yga cho‘mdi, o‘z-o‘zini ayblay boshladi. Hurmat yuzasidan u kitobini o‘zi sovg‘a qilishi, birinchi betiga tilaklar yozib berishi darkor edi. Lekin...
— Mariya Petrovna, keling men sizga o‘z tilaklarimni yozib beray.
Kutilmaganda, kitob ichidan kichkinagina qog‘ozcha tushib ketdi, shoshilib uni yerdan olar ekan, bir paytlar gazetadan qirqib olingan o‘zining suratini ko‘rdi.
–Yaxshi yozibsan... Boshdan-oxir o‘qib chiqdim. Suratni gazetadan estalik uchun qirqib oldim. Ko‘rgan zahotim senga telegramma bergan edim.
U go‘yo noxush bir narsani olganday shosha-pisha varaqchani kitob ichiga yashirdi, uni uyat va o‘z-o‘zidan nafratlanish hissi qopladi. Endi esladi, haqiqatan ham, bundan ikki yil muqaddam bir qancha tabrik telegrammalari kelgan edi. Demak, u boshqa telegrammalar qatori Mariya Petrovnaning maktubini ham javobsiz qoldirgan ekan. O‘z-o‘zidan nafratlanib, birdan bu yerdan chiqib ketgisi keldi. Ketishga chiqqanida o‘qituvchisi uni kuzatayotib to‘satdan so‘radi:
— Pasha, ayt-chi, sening muvaffaqqiyatlaringda mening jindek bo‘lsa ham hissam bormi?
— Mariya Petrovna, nimalar deyapsiz? Agar siz bo‘lmaganingizda...
Muallima uning ko‘zlariga tikilib dedi:
— Rahmat senga, meni benihoya shod etding. Ertaga butun maktab sening tashrifing haqida eshitadi. Men hammaga faxrlanib hikoya qilib beraman. Mayli, Pasha, ishlaringda omad yor bo‘lsin...
Pavel Georgiyevich yo‘l bo‘yi uyatdan ich-ichini kemirdi. U maktabdoshlari, sinfdoshlari, yoshlikdagi do‘stlarini birma-bir eslab chiqdi. Har biriga alohida-alohida maktublar yo‘llagisi keldi, lekin ulardan birortasining ham manzilini bilmasdi. Axiri, Mariya Petrovnaga uzundan-uzoq kechirim xatini yozishga qaror qildi. Baxtga qarshi ustozining ham uy manzilini eslay olmadi. O‘ylay-o‘ylay yechim topdi: u maktubni maktab manziliga jo‘natadigan bo‘ldi.
Poyezddan tushdi-yu, hech ikkilanmay pochta shaxobchasiga yo‘l oldi. Mariya Petrovna nomiga telegramma yozdi. Maktub bor-yo‘g‘i ikki so‘zdan iborat edi: “Bizni kechiring”.
Karimaxon Tolipova tarjimasi
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.