OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ziyod Salim o‘g‘li. Qudratli Salim (hikoya)

— Shuna-qa-a,— dedi cho‘zibgina xayolchan kapitan Memed.— Mana shunaqa, Oganes afandi. Xoh ishon, xoh ishonma, lekin bularning hammasi bor gap: dengiz tubida ombor joylashgan. Yer sharini tit-pit qilsang ham bunaqasini uchratmaysan, dunyoning yettinchi mo‘‘jizasi naq burnimizning tagida, Oltin Shox ko‘rfazida, kemalar reyd vaqtida loslaydigan joyning o‘zginasida. U vaqtlarda hali ona suti og‘zidan ketmagan kapitanlardan edim, endigina uchinchi yordamchilikdan ikkinchisiga o‘tayotgandim. Shuni aytish kerakki, ikkinchi yordamchi kemadagi hamma narsaga boshi bilan javobgar. Xullas, hammasiga ko‘z-quloq bo‘lib turishing kerak. Biror narsa deb bo‘yin. tovlab ko‘rchi, darrov: sen, taqsir, ikkinchi yordamchisan, seni hech kim ikkinchi yordamchilikka bo‘yningga arqon bog‘lab o‘tkazgani yo‘q, shuning uchun ham sendan talab qilishadida, deb joningni ko‘zingga ko‘rsatib qo‘yishdan ham toyishmaydi. Shunday qilib, haligi aytganimday, men o‘shanda hali ancha g‘o‘r ikkinchi yordamchi edim. Kemaga yollandim. Agar yodingda bo‘lsa, o‘sha kemaning o‘ng qanotidagi langarini yo‘qotib qo‘yishgan ekan, natijada kema langarsiz bo‘lib qolgandi. Menga: «Kapitan Memed, shunday-shunday gap, kemada ikkinchi yordamchining o‘rni bor, zap senbop ishda o‘ziyam.»—deyishdi. Qisqasi, kema xo‘jayini bilan gaplashdim, u meni kemaga olishga rozi bo‘ldi. Idorada esa, menga avvalgi kapitan langarni yo‘qotgan edi, sen bozordan qidirib top, axir, ochiq dengizga langarsiz chiqib bo‘lmaydi-ku, deyishdi. Haqqi rostiyam shuda: axir, ko‘chaga bitta botinkada chiqmaysan-ku, to‘g‘rimi, Oganes afandi, bu bo‘lsa xuddi shuning o‘zi. Usha vaqtlarda kema lash-lushlarini topish o‘limdan ham qiyin edi, urush bozorni kasod qilgan, langar po‘lati esa oltindan, oltin ham gapmi, olmosdan ham qimmat edi. Bozor esa, xuddi qirchang‘i eshakdek qimirlay demasdi. Savdogarlar har xil temir-tersaklarni yoygancha kun bo‘yi gardanlarini qashib o‘tirishardi, bozorda langarni kunduzi chiroq yoqib ham topib bo‘lmasdi. Baxtimni qarangki, faqat langar topsamgina kapitan bo‘lishim mumkin. Ha, shunday o‘ringa ko‘z tikdingmi, marhamat qilib, ishbilarmonligingni, yulduzni benarvon ura olishingni ko‘rsat.
Kun bo‘yi langar qidirib boqmagan teshigim, kirmagan eshigim qolmadi. Burnim yerga tekkudek bo‘lib matroslarning qahvaxonasiga kirib bordim. Oyog‘imda oyoq qolmagan bo‘lishiga qaramay, jin urgurni topa olmadim—hali aytdim-ku, hech qanaqa savdo-sotiq yo‘q edi. Fig‘onim falakka chiqqanidan, hatto, qahva ham tomog‘imdan o‘tmas, har bir ho‘plami xuddi lang‘illagan cho‘g‘simon tekkan joyini kuydirardi. Oh, la’nati langar! Agar o‘sha langarni yo‘qotgan kapitan qayerdaligini bilsam, yerning tagidan bo‘lsa ham topardim, o‘lay agar, alamimdan shu holga yetgandimki, hatto langariniyam, dengiziniyam, barcha dengiz qa’riniyam otasining go‘riga g‘isht qalab o‘tirardim. Mabodo, bitta-yarimta kelib menga: «Kapitan Memed, sen qidirayotgan langar menda bor»,— degudek bo‘lsa, o‘yinga tushib ketishim hech gap emasdi, o‘z-o‘zimni ana shu holga keltirib qo‘ygandim.  O‘tiribmanu, qahvaxonaning qaysi burchagiga qaramay, ko‘zimga faqat ana shu jin urgur langar ko‘rinadi deng, hatto ko‘z oldimga langar shakli-shamoyilida doirachalar gir-gir aylanadi. Ishqilib, xudoga dodingni aytishdan boshqa iloj yo‘q!
Mana shunday, dunyo ko‘zimga tor bo‘lib, endi nima qilsamikin, deb o‘ylanib o‘tirgandim, shundoqqina ro‘pa-ramda Xizr Salimni ko‘rib qoldim! Xizr Salim kim bo‘ldiykin, deb so‘rayapsanmi? Uning, ya’ni Xizr Salimning kimligini kim biladi, deysan. Xizr Salim ismli odam bozorma-bozor izg‘ib yuradi, har xil mollarni besh qo‘liday biladi. Xuddi itdek yoki yanada to‘g‘rirog‘i, sichqonday hid biladi. Eng nozik islarni ham seza oladi, la’nati, har qanday ovchi itlarni ham yo‘lda qoldirishi turgan gap. Deylik, senga nimadir yetishmayapti, yoki nimadir qidiryapsan, yoki boshingga qandaydir baxtsizlik tushdi — mana shu odam xuddi yer tagidan chiqqandek hoziru nozir bo‘lib, sehrgardek hojatingni chiqaradi. Hammasini topadi, hammasini bajo keltiradida, sendan shirinkoma oladi — axir, u ana shunga yashaydida, lekin ba’zi bir yulg‘ichlarga o‘xshab teringga somon tiqmaydi, faqat choy puli berilsa bas. Beminnat hojatbarorligi uchun ham unga Xizr Salim, degan laqab qo‘yishganda, axir. Oganes afandi, o‘zingga ham Xizr Alayhissalomning tom ma’nosi kunday ravshanku! U hamma narsani biladi va har qanday mushkulingni oson qilishga tayyor! YO tushida ayon bo‘ladimi, yoki dunyoning har bir burchagida yashirin politsiya yo josuslik tarmoqlari bormi, yoki sulton Abdul Hamidning ayg‘oqchilari unga ham ishlashadimi — xudo biladi! Uzun gapning qisqasi, qarasam: osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, ishqilib, qarshimda xuddi o‘sha Xizr Salim menga qarab zaharxandali tirjayib turibdi, mushkul ahvolga tushib qolganimni biladida, la’nati, Balki, u o‘rnimdan tura solib uning oldida tiz cho‘kib, yalinib-yolvorishimni tasavvur qiliboq iljayayotgandir?. Ammo lekin yana bir bor ta’kidlashim lozimki, yaqin odamning hisobiga boylik orttirish xislati unga yot edi, Agar xohlasa, istagan odamdan arqon eshishi hech gap emasdi. Faqat bunday qalloblik bilan shug‘ullanmasdi. O‘zingdan o‘tar gap yo‘q, Oganes afandi, ana shu langar tufayli o‘zing ham suvga sakrashdan toymasding! Shundaymi? Darvoqe, men buni misol tariqasida aytdim-qo‘ydimda, axir, sen o‘zimiznikisanku. Shunday qilib, degin, Salim oldimda qaqqayib turar, boz ustiga, kuydirgan kalladek tirjayardi. Tasavvur qilgin-a: dunyo ko‘zimga tor ko‘rinib, xuddi yosh boladay yig‘lashga ham rozi bo‘lib turibmanu birov o‘lay desa, birov kularkan, deganday, bu nusxaning tirjayishiga o‘laymi. Bir narsani qotirib qo‘yganday, naq og‘zi qulog‘ida! Tug‘ilganiga pushaymon yedirib qo‘yaymi, deb o‘yladimu, tag‘in shaytonga hay beraman. «La’natining tirjayishga topgan vaqtini qara-yu, deyman! Kimga to‘y, kimga aza, deb shuni aytsalar kerakda!» O‘zimni zo‘r-bazo‘r tutib turibman, degin: hozir dabdalasini chiqaraman, bu yaramasning! Shu daraja jahlga mingandim, la’nati langar meni shu holga solib qo‘ygandi. Butun fikrlarim langar atrofida charx urardi, xolos. Salim bo‘lsa jilmaygancha, jahling chiqyapti-yu, deb parvoyiga ham keltirmay, nigohi bilan parmalashda davom etardi. Keyin: «Topamiz, kapitan Memed!»— desa bo‘ladimi.
Aqldan ozish hech gapmas! Shuncha odamning guvohligida mana shunday dedi-qo‘ydi. Butun Galatay, hamma dengizchilar oldida qo‘rqmay shunday dedi. Axir, bu ahvolda butun Istambulni ostin-ustun qilib yuborish mumkin-ku! Men unga baqraygancha tikilib qoldim, ko‘zlarim naq o‘t purkayotgan lavaga aylangandi. Qarab turibmanu, lekin hech baloga aqlim yetmaydi. «Sen, la’nati, nimani topib bermoqchi bo‘lyapsan?—deb so‘radim.— O‘z boshingga g‘alva orttirmoqchimisan?» U bo‘lsa o‘zini tutolmay xaxolaydi, xolos. Unga nima dema, xuddi nima deyishayotganini eshitmayotganday hafayam bo‘lmaydi.
«G‘am yema, kapitan Memed, topamiz,— deya qaytardi u menga qarab.— Topamiz, binobarin.»—«Xo‘p mayli,— dedim,— hech bo‘lmasa men nima qidirayotganimni bilasanmi o‘zi, la’nati?» Jahlim chiqqanda har doim «la’nati» tilimdan tushmaydi, degin, meni bilganlar bot-bot «la’nati» deyishimga xafa ham bo‘lishmaydi. - U ham, qarasam, parvo qilmay jilmayayapti, to‘g‘rirog‘i, mazax qilyapti Xizr Salim.
«Yer tagida ilon qimirlasa bilaman, xotirjam bo‘l,— deya javob qildi u.— Agar men bilmasam, boshqa kim ham bilardi. Sen, kapitan, langar izlayapsan.»— «Sen qayerdan bilasan?»—«E-e,— deydi,— so‘rab nima qilasan, kapitan, bu kasb siri, Men odamlarning ko‘ziga qarab, kim nima qidirayotganini bilib ololaman. Ishlab chiqarish siri, demak». «Xo‘p, mayli,— dedim.— Kasb-koring qanaqa, o‘zing nima bilan shug‘ullanasan?»
Salim yana kuydirgan kalladay ishshayadi, deng, xuddi xudoning nazari tushgandek, naq Xizr Salimning o‘zginasi.
«Har narsaga qodirman, kapitan,— dedi.— Meni Qudratli- Salim deb chaqirishadi, men yo‘qolgan va esdan chiqqan buyumlarni topib beraman. Bordi-yu, kasb-kori ham xuddi menga o‘xshab, hamma narsaning uddasidan chiqadigan odamni topib olib kelib ko‘rsatsang, ikki yuzidan o‘pmasam, odammasman. Bizning ishimiz haqida maxsus maktab yoki darsliklar yo‘q, hammasini o‘z aqling bilan topishing kerak. Shuning uchun ham bizning ishimizni alohida kasb, deb ham aytolmaysan. Qisqasi, meni Qudratli Salim, deb chaqirishadi». «Bo‘pti,— dedim,— langarni menga qayoqdan topib berasan?»—«Ey, yo‘-o‘q!— dedi u.— Senga bu haqda gapirib beradigan ahmoqlardan emasman, kapitan — bu ishlab chiqarish siri! Agar sirimni har bir o‘tkinchiga ochadigan bo‘lsam, bir burda nonsiz qolishim hech gapmas. Sen mendan bu haqda so‘rab nima qilasan? Senga langar kerakmi, juda soz: topib olib kelib beraman — shu bilan gap tamom-vassalom!»
Aql bovar qilmaydi-ya! Bundan chiqdi, u shuncha kundan beri, naq bo‘lmasa oltin, deb hisoblab yurganim o‘sha langarni topib olib kelishi mumkin ekan-da?
«Yaxshi,— dedim,— langarga qancha so‘raysan?» «Sen, kapitan, o‘zimizning odamsan, qancha bersang, boriga bor baraka, deb ketaveraman.»
Nima bo‘lgandayam, har holda, ablahda vijdon bor edi. Xohlasa, istagan odamidan arqon eshishi mumkin ediyu, ammo-lekin birovning baxtsizligidan o‘z foydasi yo‘lida hecham foydalanmasdi. Mana, axir, kontorada ikki oyog‘imni bir etikka tiqib qo‘yishdi: langar topsanggina kapitan bo‘lasan! Bu, axir, razillik-ku! Boshqacha atash ham mumkinmas. Manavi Xizr Salim esa, yo suvday oqib kelayotgan mo‘may luqmani tushunishni xohlamas, yo o‘zini pulni nazari ilmaydigan qilib ko‘rsatmoqchimi — bilib bo‘lmasdi. Men, axir, butun boshli dokni, tushunyapsanmi, langar, deb ostin-ustun qilib yubordim, hattoki mana shu la’nati langarni topish uchun o‘limdan boshqa hamma narsaga rozi bo‘lib qo‘ygandim. U ablahga esa, mening muhtojligim bunday qaraganda cho‘t emasday, u bu haqda hech vaqoni bilmaydi, shekilli!
«Demak, shunday,— dedim,— agar men qidirayotgan narsani topib bersang, xohlagan narsangni talab qil — g‘ing degan nomard.» (O‘zimcha esa: «Ko‘z-quloq bo‘lib tur, ishqilib, qo‘yningni puch yong‘oqqa to‘ldirib ketishmasa bo‘lgani, kapitan Memed!»—deb o‘ylayman.)
Salim iljaydi. «Kemadan ish olishingga,— deydi,— langar topishing shart, shundaymi, kapitan? Men seni qiynab o‘tirmayman, shuningdek, cho‘ntagingni ham qoqla-moqchi emasman, xavotirlanma. Qanchaga qurbing yetsa, o‘shancha berasan-da». YO ollo, o‘zing bandam degin! Demak, u butun sir-asrorimdan xabardor ekan-da. Bu nusxa naq ingliz josusi Lourensning o‘zi emasmikin? Yo rentgen nurlari orqali fikrlarimni uqib oldimikin? Yo xudoyim-ey, agar o‘sha langar qo‘limda bo‘lsa, do‘ppimni osmonga otmasmidim. Bizning ishimizda kapitanlik unvoniga unchalik ahamiyat berishmaydi, kim langarning xo‘jayini bo‘lsa — o‘sha ham kapitan, ham admiral! Mana shuning uchun aytyapman-da, agar Xizr Salim xohlasa, meni o‘yinchoq qilib o‘ynatishi mumkin edi. Agar u xohlasa, men langar uchun maoshimning yarmini ham unga to‘lab turishga rozi edim! Mana shunaqa!
Salim jilmayardi. «Demak, ko‘nglingdan chiqarib qancha bersang, bu o‘zingni ishing, langarni esa ertagayoq hozir qilaman, shuni yaxshi bilib qo‘ysang, bas».
Qisqasi, ertasiga kemaga langarni sudrab keldimu to‘ppa-to‘g‘ri kontoraga yo‘naldim. O‘sha vaqtlarda, azizim, langar qush sutidan ham qimmatroq edi. Mana shunday qilib, men Qudratli Salimning langari tufayligina kapitanlikka erishdim. Mana shunaqa g‘aroyib zamonlar edi-da! Langar kemaga zanjir bilan mahkamlab qo‘yildimi, demak, dengizga chiqib xohlagan tomoningga suzaver. Bundan kelib chiqadiki, mana shu langar bizning asosiy boqimandamiz ekan. Ishonging kelmaydi-yu, lekin fakt! Xizr Salim topib bergan langar. Xullas kalom, agar biror-bir narsangni yo‘qotib topolmayotgan bo‘lsang, darhol Salimga murojaat qil, u senga yerning tagidan bo‘lsa ham topib beradi — bir so‘z bilan aytganda — sehrgar! Salimni qayerdan topaman, deb so‘rayapsanmi? Hamma sinoat shunda-da. Ablah xohlagan narsangni topib berishi mumkin, lekin sen uni qancha qidirmagin bari bir topolmaysan. Qachonki mushkul ahvolga tushib qolsang, matroslarning qahvaxonasiga borib o‘zingga choy yoki qahva buyur — bir-ikki xo‘plam ichib ulgurmasingdanoq ablah xuddi sehrgardek qarshingda hoziru nozir bo‘ladi-da, xuddi bu kuningdan battar bo‘l, degandek, masxaraomuz iljayib basharangga qarab turadi. Yon tomoningdan keladi-da, boshdan-oyoq qarab: «Topamiz, deydi, topamiz, g‘am yema!»— va yana bir qur ko‘zdan kechiradi. Mening nazarimda, xuddi shu daqiqada, u seni noilojlikdan boshingni toshga urishga tayyor bo‘lib turganingda yordamga yetib kelganidan huzurlanadi. Pulning ketidan quvmagan ekan, demak, uning sevinchi ham o‘ziga xos g‘ayritabiiy! Mushkul ahvolda qolgan odamni topib, keyin uning g‘am-anduh chohidan qutqarib, falokatini aritishdek savob ish qilish har kimning ham qo‘didan kelavermaydi. U mana shunaqa qallob! Hech qachon cho‘ntagida hemirisi bo‘lmaydi, chunki na boqqollik do‘koni, na omborxonasi, na pakgauzi bor. Haqiqiy sehrgar, faqat ertakdagidaka emas, balki oddiygina! Qayerda yashashini hech kim bilmaydi. Lekin xudo ko‘rsatmasin, qandaydir klapan yoki boshqa biror ehtiyot qismni topolmay tang ahvolga tushib qolishing bilan shu zahoti ro‘parangda Qudratli tirjaygancha paydo bo‘ldi. Uning shu mavqesida mag‘rurlanib, burning ko‘tarilmay ko‘rsin-chi? Bunday Qudrat sohibini qayerdan topa olasan? U hamma narsaga osonlik bilan erishadimi? Masxara qilishga qiladi-ya, lekin uni sukut saqlashga majbur qila olmaysan-ku.
Oltin Shox ko‘rfazida, qirg‘oqdan ancha narida, dengiz qa’riga qarasang, chuqurlikda Qudratli Salimning suv osti omborini ko‘rasan. Dengiz qa’rida kemalarga havodan zarur bo‘lgan barcha ehtiyot qismlar, har turli inventar to‘lib yotibdi. Qudratli Salim barcha bu ehtiyot qismlarni to‘plab, dengiz tubiga yig‘ib qo‘yadi. Yomonmi? Qudratli Salim bu suvosti ombori uchun ijara haqi to‘lash majburiyatidan ozod. Uning na adresi bor, na ijara haqi to‘laydi, na boj solig‘i bor, na qorovuli, na ro‘yxati — mazkur omborning hech qanday xat-hujjati yo‘q. Hammasi xo‘jayinga bog‘liq: xohlasa, unga ko‘z-quloq bo‘lib turadi, xohlamasa yo‘q. Uni kunduzi chiroq yoqib topolmaysan, lekin mushkul ahvolga tushib qolganingda bu ombor Qudratli Salimning qo‘l ishorasi bilan to‘satdan xizmatingga hozir bo‘ladi Qo‘yadi. Xuddi afsonaga o‘xshaydi-a, to‘g‘rimi, Oganes afandi? Shunga qaramay, bularning bari o‘roqdan ham to‘g‘ri gaplar. Har holda, meni safsataboz, deb o‘ylamassan?

Hikoyat Mahmudova tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.