Afg‘onistonning forsiy tilida ijod etuvchi mashhur shoirlaridan biri ustod Xaliliydir. U 1907 yili tug‘ilgan. Otasi marhum Mirzo Muhammad Husayn moliya sohasida katta lavozimga ega bo‘lgan edi. Bo‘lajak shoir boshlang‘ich ma’lumotini o‘z uyida olgan. Keyinchalik rasmiy maktablarda o‘qib, arab tili grammatikasi, ham fiqh ilmlarini qunt bilan egallaydi va fors-tojik klassik adabiyotini mukammal o‘rganadi.
Omonullaxon davrida Xaliliy muallimlik qildi. Keyin moliya ministrligiga xizmatga o‘tdi. 20-yillarning oxirlarida Xaliliy Mozori Sharif viloyatida mustavfiy (moliya xodimi) bo‘lib ishlaydi. Nodirshoh davrida esa Hirotga kelib, badiiy ijod bilan shug‘ullanadi. Bu yerda «Osori Hirot» nomli kitobni yozadi. Shundan so‘ng Xaliliy 14 yil davomida bosh ministr huzuridagi mudiriyati tahrirot (ishlar bo‘limi)da xizmat qiladi.
U bir necha yil Kobul universitetida rektor yordamchisi bo‘lib ishladi. Adabiyot fakultetida dars berib, professor unvonini oldi. Keyin Ministrlar Sovetida sekretar (munshi) va ayni qaqtda matbuot boshqarmasining raisi sifatida hukumat a’zosi bo‘lib xizmat qildi. 60-yillarda Xaliliy podsho huzurida matbuot bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishladi.
Shoir Xaliliy Xuroson stilida juda ko‘p qasidalar, g‘azallar yaratgan. Afg‘on adabiyotshunosi Muhammad Haydar Jo‘balning ta’kidlashicha, shoir o‘z qasidalarida Farruxiy Siystoniyning kalomini qayta tiriltirgan.
Xaliliy faqat zabardast shoirgina emas, balki bir kancha ilmiy-tarixiy asarlarning muallifi hamdir. «Hirot yodgorliklari», «Hakim Sanoniyning biografiyasi va asarlari», «G‘aznaviylar saltanatining tarixi», «Bobur oromgohi», «Fayz qudsi navohon» (Bedil ijodiga oid), «Naynoma» (Jaloliddin Rumiy ijodiga oid) kabi kitoblar va Mavlono Abdurahmon Jomiyning ijodiga oid asarlar ustod Xaliliy qalamiga mansubdir. Xaliliyning she’rlar to‘plami bir necha marotaba nashr etildi. Shoirning «Az ash’ori ustod Xaliliy» nomi bilan 1961 yilda Kobulda bosilgan kitobi 502 sahifadan iboratdir. «Barghoyi xazoni» («Xazon barglari») nomli ruboiylar to‘plami va «Payvand-e dilho» («Dillar payvandi») nomli she’rlar to‘plami Xaliliyning Eronga kilgan safari natijasida yaratilgan asardir. Bu asar 1957 yili Tehronda nashr etildi.
G‘AZALLAR
Ey nozli go‘zal, yoru vafodor, guli sahro,
Bir boqishingga jonu dilim oshig‘u shaydo.
Jonni ne qilay, jismim aro jon-ku o‘zingsan,
Oromu farog‘atsan o‘zing, sho‘xi diloro.
Noz birla xirom aylar esang bog‘u chamanda,
Ko‘nglimda ajib zavqu safo bo‘lg‘usi paydo.
Aytgil, bu yurak qonlaridan jom tutayinmu,
Ashkim selida tongga qadar suzdirayin yo?
Gullar to‘shayin maqdaminga, bosgan izingga,
Garchand qadaming bog‘i jahon bo‘yidan a’lo.
Ishq g‘ussasidan yoki g‘azallar to‘qiyinmu,
Yo zohir etay baxti visol rozini tanho?
Dil orzusiga ko‘z bila sen javob kilursan,
Ko‘z ham bu hadar bo‘lg‘usimi fitnali, jono.
* * *
Ohu anduhdan yurak komi muyassar bo‘lmagay,
Qatralar hon bo‘lsa ham hargizki gavhar bo‘lmagay.
Lablaring kulgisi bu dunyoda maqsudim mening,
Xayriyat, yuz shukrkim, g‘amlar muqarrar bo‘lmagay.
Dog‘man, ishq ofati qildi giriftori fig‘on,
Emdi ko‘nglim yosh bilan ko‘r bo‘lmagay, kar bo‘lmagay.
Yaxshilik qilmoq ulusga ahlu qalbimning ishi,
Ko‘p gapirgan har kishi voizi minbar bo‘lmagay.
Murda dillardan sira kutma hidoyat shu’lasin —
Kim, so‘nib qolgan chiroqdan uy munavvar bo‘lmagay.
Jumaniyoz Jabborov tarjimalari
RUBOIYLAR
Har zarra tuproqning tili bor, ishon,
Dunyoda har qatra ta’rifi doston.
Ko‘hna choponimning qatida, qara
Qancha jahongirning kulohi pinhon.
* * *
Ilmu madaniyat asridir bugun,
Dunyoning jamoli o‘zgacha, gulgun.
Sen-chi, hamon toshga sajda qilsang gar,
Bu aybdir birodar, o‘zing o‘ylagin.
* * *
Gadodan bir umr ganj talab etmoq,—
Bu demak, ajdardan bir shifo kutmoq.
Qarisan, ammoki go‘dakday ojiz,
Ko‘zing ochiq, nechun ko‘rga arz aytmoq?!
* * *
Notinchsan ey, chashma, misoli simob,
Titroq, sarosimang ayt-chi, ne sabab?
Yer ostida qay o‘t tegdi bag‘ringga —
Taftida eriding berolmasdan tob?
* * *
Tokaygacha qilich, qalqon payidasan,
Tokaygacha hiyla, yolg‘on payidasan?
Biri sherga, ikkinchisi tulkiga xos,
Edam bo‘lsang ikkisidan kechgungdir voz.
* * *
Biz yerga to‘kilgan urug‘miz achchiq,
Yotamiz bog‘larda kulga qorishiq.
Bahor! Xaloskorlik fayzing, xislating,—
O‘zing bizni shirin etursan to‘liq!
* * *
Muncha ham kekkayasan ko‘kka yetgan azim tog‘,
Men esa jimit qushman, ozod erkinman, biroq.
Guldan gulga qo‘naman, sen esa o‘z joyingdan —
Siljiy olmay turasan, asir, bandisan har choq.
Yusuf Shomansur tarjimalari