QORONG‘ILIK
Qishloqlarim qo‘rqar qorong‘ilikdan,
qorong‘ilik mangu ularni quvar.
Tun kelar paytida
onam o‘t yoqadi o‘choqqa,
haydab kelar echkilarni bolalar uyga,
otam duo bilan qarshilar tunni,
Shunda qorong‘ilik tishlab-tishlab turib qoladi
qishloqlarning etaklarini.
Afrikali qishloqlarim
tunlaringiz xayrli bo‘lsin!
SAYYOHLARGA
Sandag bozorida
fillarni ko‘rgingiz kelar judayam,
Judayam suvratga olgingiz kelar
boshlarida ko‘za ko‘targan
qora qizlarni,
Bir lahza bo‘lsa ham yaqindan
ko‘rmakni istaysiz odamxo‘rlarni.
Ozodlik maydonida uxlayotgan
timsohlarni ko‘rmoq uchun
joningiz halak.
Endi bilib qo‘ying, janoblar,
bor biletlar sotilgan bugun
birorta joy yo‘q.
Shavkat Rahmon tarjimalari