KETMON
Voy-e, uh, ih, e voy-e!
Ketmon dod demoqda, eshityapsizmi?
Ozg‘in yer ko‘ksini yormoqda,
Metin yer ko‘ksini yormoqda,
Qora yer ko‘ksiga urmoqda,
Bizlardan zabt etib olingan
Hosildor yer ko‘ksin yormoqda.
Ketmon bizning ish qurolimiz,
Ketmon bizning tinch qurolimiz.
Voy-e, uh, ih, e voy-e!
Hammani, hammani qo‘rqitib
Ketmon dod demoqda, eshityapsizmi?
Voy-e, uh, ih, e voy-e!
Yuzingizga tupurmoqda qora tuproq.
Agar ketmon uqubat cheksa,
Agar ketmon yordam chaqirsa,
Agar ketmon ishlay olmasa,
Agar ketmon chiday olmasa
Hammani, hammani qo‘rqitar.
Hatto, uning muhtaram xo‘jayini ham
Uning qirrasiga qarasa titrar.
Voy-e, uh, ih, e voy-e!
Ketmon chaqirmoqda, eshityapsizmi?
Unga kerak juda mahkam sop.
U yemoq istaydi, u ichmoq istaydi,
Hech kim yordam bermaydi biroq,
Sizga afzal unga tupurmoq.
Voy-e, uh, ih, e voy-e!
Bu ketmon dodidir qorni ochiqqan,
Bu ketmon dodidir ko‘p azob chekkan,
Bu ketmon dodidir uyqusiz tolgan,
Bu ketmon dodidir xit bo‘lib qolgan.
Voy-e, uh, nh, e voy-e!
Ketmon dod demoqda, eshityapsizmi?
Biroq ketmonimiz dodlab charchagach,
Biz uning sopidan mahkam qisaroq
Sizning yuzingizga uloqtiramiz.
Voy-e, uh, ih, e voy-e!
Toki to‘ymaguncha bizning shu ketmon
Sizga tinchlik bo‘lmas sira, hech qachon.
Ha, sizga u tinchlik bermas hech qachon.
Voy-e, uh, ih, e voy-e!
Ketmon dod demoqda, eshityapsizmi?!
Miraziz A’zam tarjimasi