OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tesfaye Gessesse (1936; Efiopiya)

FEVRAL O‘ZGARISHLARIGA

Qalqaylik, yoronlar, bir devor bo‘lib,
aziz yurtimizga madadkor bo‘lib!
Dehqon omochini ushlasin mahkam,
qurolin qo‘ymasin qo‘ldan jangchi ham,
men esa vatanga so‘z kuchi bilan
bir umr xizmatda bo‘lmoqqa shayman!

Qolmasin bu yurtda shubha-gumonlar,
yo‘qolsin pul hirsi, g‘ayriimonlar?
Dushmanga xushomad, shafqat qilmoq ham
bas, topsin bu qadim dunyoda barham.
O‘z joni huzurin ko‘zlamoq hissi
o‘rnini mehnatga muhabbat olsin,
olsin kelajakka jonkuyar bo‘lmoq
va yo‘qsil kimsani sizlamoq hissi!

Quvg‘inlar, qamchilar, qutqular, so‘zlar
zug‘midan nimaki yaratdik bizlar,
o‘tmish girdobiga g‘arq bo‘lib ketsin!
Do‘stlar, yo‘limizni mangu yoritsin
ozodlik atalmish shafaqrang yalov —
forig‘ aylaguvchn muqaddas olov!

Derlarkim, daryomiz daryo emas — qut,
oqar suv o‘rnida asal birla sut.
Ha, bunday donolar ko‘p bizda, netay,
xor-zor o‘tmishlarin unutmoqqa shay,
Ammo sal zo‘r kelsa ketarlar burib!
Yo‘q, yashab bo‘lmaydi ko‘krakka urib!

O‘zgarishlar asriy, ko‘hna vahshatlar
hokimligi uzra solib dahshatlar,
engib, to ularni ado qilmaydi,—
qudratni, sarhadni ko‘zga ilmaydi.
Aziz yurtimizni aylab himoya,
mangu shon quchaylik — shu ulug‘ g‘oya!

To izhor aylasin mehrini har kim,
g‘arib va notavon bo‘lsa agar kim,
kim qari, kim ojiz, kim o‘lgan bo‘lsa,
kim jangda vatan deb yiqilgan bo‘lsa,
kim o‘lib, olamda o‘zidan biror,
qoldirib ketmagan bo‘lsa gar yodgor,
kim o‘lim oldida yumgancha ko‘zni,
erk va mustaqillik, vatan va bizni
o‘ylab yotgan bo‘lsa, ularni biz ham
bilaylik toabad aziz, muhtaram,
nomlarin etaylik bir umr yalov,
yoqaylik abadiy zangori olov!

Faqat erlar emas, kurashda barcha
qatnashsin; ayollar, qahramonlarcha
qo‘l bering, azizlar, yangi taqdirga
va kiring biz bilan jang aro birga —
etar itoatgo‘y qul bo‘lganingiz —
bas, kurash o‘tida endi yoningiz!
Himoya aylangiz chiroyingizni,
quyosh ostidagi o‘z joyingizni!

Chiqingiz, ul zindon — chirik kulbadan,
to‘rt devor ichida toki gulbadan
quyoshsiz, yog‘dusiz so‘lib tolmasin,
qullik zulmatida mangu qolmasin.
Chiqing, to asrlar havasi kelsin,
sizni ham, erkni ham kurashda olgan,
hayotin jang bilan asrab qololgan
hur, ozod bir odam — inson deb bilsin!

Baxtsizmiz! Sababi, afsus, yangimas,
yangimas, ammo jo‘n: hamma teng emas —
birov och, birovda qator tilla tish,
boshqacha bo‘lishi mumkin emasmish!..
Qay birov nahorda chaynar sara non,
qay birov topolmas hatto qora non,
qay birov kekirar, demak, qorni to‘q,
birovda un tugul, hatto supra yo‘q!
Shumi birodarlik va erk dunyosi?
Boylikni teng bo‘lmoq — el muddaosi!
Bepisand boqmasin hech kimga hech kim!

Alanga ol, mening jangovar so‘zim,
asriy uyqusidan uyg‘onsin bu yurt,
oqsin daryomizda asal ila sut.
Aziz o‘lkamizda va undan nari
jaranglasin zafarning ol qadahlari!

VIJDONIM

Ayt, vijdonim, nimalarni kutasan,
o‘z-o‘zingdan hukmingni sir tutasan?
Shu ketishda day manzilga yetasan?
Ayt, vijdonim, nimalarni kutasan?

Hayot — burgut, so‘ylarmi o‘z yo‘lini?
Anglaysan-ku, axir uning tilini!
Tokay yeysan shubha bilan oshingni,
qanotingga burkab olib boshingni,
ishonmasdan mo‘ltiraysan — or-ku, hay,
bu hol axir davom etar, tobakay?

Burgut bo‘lib sen ham uchsang arziydi,
yo nur bo‘lib zulmat yirtsang arziydi,
o‘rgimchakning inidagi gard misol,
tashvishlarga ko‘milibsan, bu ne hol?
Parvoz ayla kutulib bu sirtmoqdan,
Olg‘a! Seni jang maydoni kutmoqda!

Zulmat kuchli! To‘r tashlaydi ul yana,
ha, topasan sen ham ming bir bahona,
hali deysan: ishonchim yo‘q, yo‘lim yo‘q,
hali deysan: cho‘ntagimda pulim yo‘q,
xullas deysan: ulim yo‘g‘u bo‘lim yo‘q.

Qo‘y, mayda qasoslarning
Xushomad, havaslarning
Son-sanog‘i bormi, hey,
son-sanog‘i bormi, hey!

Ammo bir kun, tasodifan, tuyqusdan,
ko‘z ochadi aqlu hush uyqusidan,
talab etar u gunohkor vijdondan,
ayro tush, deb ul maqsudi nodondan,
hech bo‘lmasa, so‘ng bor haq gap aytgin, deb,
sharmandali bu yo‘lingdan qaytgin, deb!

Chala qolgan ishga doim qor yog‘mish,
o‘roq tushmay hosilingga, kelar qish,
bilki, bunday sharmandali yo‘lingdan
qaytarolmas oxirat ham, o‘lim ham!

Shunday ekan, vijdonim, ne kutasan,
o‘z-o‘zingdan hukmingni sir tutasan!
Ikki-uch yo‘l aro turib netasan,
jon vijdonim, ayt, nimani kutasan?

Huzuringda ochiq-ku, hey, barcha yo‘l,
shubhalarni ur-da, parcha-parcha qil,
vaqt g‘animat — kurashlarga o‘zni ot,
senga xalal berolmaydi biror zot!

Bil, yovuzlik ildizidir asli — pul,
butkul hayot kuyib bo‘lar oxir kul,
yonsa bashang kiyim dardi birla dil,
yoxud maqtov mash’alini yoqsa til,
yo mol-mulkka, rahbarlikka talpinish
o‘ti yonsa,
so‘nar shu on aqlu hush.

Tinchlik bermas senga bir o‘y — botin g‘am
pul bo‘lmasa — tashlab ketar xotin ham,
yo‘q bo‘lsa gar yoningda bir chaqa pul,
nimangga ham loyiq xotin bo‘lsin ul!

Seni og‘ir bir muammo qiynaydi:
bolalarim qayda o‘qib, o‘ynaydi?
Pul topishning sehri seni boylamish,
shu tariqa qaddingni yoy aylamish.

Erta tongdan ter to‘kasan ho‘kizday,
bitta maqsad qadaladi bigizday:
kelib tursa basdir faqat daromad,
xotirjamlik hukm sursa — yor omad!

O‘z-o‘zingdap qochib o‘zga olamga,
deysan: bu pul oilamga, bolamga...
Bola degan o‘sar, turmas bir joyda,
Lekin unday bolalardan ne foyda!—
Bo‘yda otasidan o‘tsa-yu biroq —
yurtga bo‘lsa otasidan benafroq...

Shunday ekan, vijdonim, ne kutasan?
Shu ketishda qay manzilga yetasan!
Senga ma’qul taqdiringda qaysi yo‘l —
ayt, qahramon bo‘lasanmi yoki qul?

Sulaymon Rahmon tarjimalari.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.