Mashhur amerikalik adib, shoir va noshir Edgar Po (Edgar Allan Poe) 1809 yilning 19 yanvarida Boston shahrida dunyoga kelgan.
Edgar Po Yevropada so‘na boshlagan, ammo Amerikada yangilangan G‘arb romantizmining yorqin vakillaridan biri, Amerika adabiyotida fantastik-detektiv janriga asos solgan ijodkor hisoblanadi.
Amerika adabiyotida butunlay yangi uslub yarata olgan Edgar Po garchi o‘z vatandoshlari tomonidan tan olinmasa-da, mashhur frantsuz shoiri Bodler tomonidan qilingan tarjimalardan keyin uning jahon adabiyotiga, eng avvalo simvolizm oqimiga ko‘rsatgan beqiyos ta’siri yuzaga keldi.
Shoirning “Bostonlik” taxallusi bilan 1927 yilda nashr etilgan ilk she’riy to‘plami “Tamerlane and Other Poems” deb nomlangan.
TEMIRBEK
Ota, yaqinlashar qazo soati,
Yupanchdan na foyda? U kor qilsaydi?
Sen qilgan na tavba va na bir toat
Kibr gunohini yuva olsaydi?
Na umid bor endi va na bir havas,
Barisi tugadi, barisi abas.
Ichimda o‘t yonar, bo‘g‘zimda zorim,
Umid - ehtiroslar jazavasidir.
Qani o‘sha umid, parvardigorim?
Uning sarchashmasi qudsiy aslida.
Asli hamoqatga mansub emassan
Va, seni umidli qildim, demassan?
Havoyi kibrdan sharafsizlikka
G‘arq bo‘lgan ruh sirin ochaman senga.
O, yurak! Merosdir ko‘klarga chiqqan
Va so‘ngan shuhratning bir cheti menga.
Olmosday u taxtim toshlari ichra
Yaraqlab so‘ng so‘nib qoldi bir kuni.
Do‘zaxmi? Qo‘rqita olmaydi sira,
Valekin qayg‘umning yo‘qdir bo‘y-eni
Bemahal so‘ligan gullarim uchun,
Yozdagi oftobli kunlarim uchun.
O‘shal o‘lik damning boqiy sadosi
Jaranglab turadi - jodu tarzi bor,
Mening bo‘m-bo‘sh jussam – baxtning gadosi –
Uzra dafn jomi singari takror.
Holim bundan xarob bo‘lmagan ortiq,
Bir vaqt boshimdagi tojni, yo nabiy! -
Jangu jadallarda olgandim tortib.
Qaysar Rimga voris bo‘lgani kabi
U tortiq bo‘lmagan menga hech zamon.
Shohona zakovat va yana, rosti,
Bani bashar ila g‘olib, beomon
Mag‘rur savashgan ruh menga merosmi?
Tog‘ yoqlarda kun kechirdim dastavval,
Taklay rutubati bosh uzra mudom
Shudring bo‘lib inar edi har oqshom.
Angladim, ishondim, harbu zarb, amal
Va isyonning g‘ulg‘ulali havosi
Dimoqqa urmishdir – yo‘qdir davosi.
Shudringlar jannatdan kech inmish, egam,
(Mudhish tunning aloq-chaloq tushlari)
Boshim jahannamga ketganday tegib,
Yorug‘likning laxcha cho‘g‘, otashlari
Bulutdan osilib turdi yalovday
Nim yumuq ko‘zlarim oldida pir-pir.
Saltanatning bo‘yi basti – olovday
Va momoqaldiroq gumburi bir-bir
Ustimga bostirib kelar, qaranglar,
Jangu jadallardan bergancha darak.
Men – jinni bolaning sasi jaranglar
(O, ruhim zavqlarga to‘ladi – karaxt,
Irg‘ishlab hayqirar shodon, begidir)
Janglar g‘alabaning hayqirig‘idir.
Panohsiz boshimga yomg‘ir yog‘di, ko‘r
Va og‘ir shamollar esdan og‘dirdi,
Tilimni lol qildi, ko‘zlarimni – ko‘r,
Go‘yo odam edi, boshga yog‘dirdi
Dafna – zafar yaproqlarin birma-bir.
Muz havoning shitob oqimi chirik
Saltanat to‘zg‘ishi hamda bir asir
Iltijosin, talab ahlin shiviri
Hamda shoh taxtining poyidan oqqan
Xushomad ohangin chaldi quloqqa.
Men taxtga o‘tirgan chog‘im “G‘azabi
Uning istibdodin ming chandon qilar”,
Deb o‘ylar raiyat mute, asabiy,
Nachora, balki u fe’limni bilar.
Bolalik chog‘larim bir qiz bor edi,
U qiz voqif edi ko‘nglimdan, ota.
Mening sirlarimdan xabardor edi
(Yoshlik ketib, so‘nar dildagi otash).
Ammo tosh yurakning bir kunjagi bor,
U nozik hislarga, bir ayolga zor.
Afsuski, muhabbat sirini ochmoq
Uchun kerak so‘zning barisi puchmoq!
Go‘zallik! Tavsifga ojizdir qalam,
Ta’rifga so‘zlarni tashlasang qalab –
Foydasiz. Guldayin ruxsori uning
Shamolda soyaday lipillar kunin:
Shu taxlit eslayman yoshlik yillarin,
Lek yodim qodirmas kun o‘tgan sari
Ochmoqlikka uning sahifalarin.
Ko‘zdan qochib borar nomalar nari,
To‘zg‘itib o‘chirar zamonlar barin!
Men uni suyardim jondan ham ortiq,
U ham menga doim parvona erdi.
Parilar ham havas qilguday tortiq –
Suymoqlik baxtini shu hayot berdi.
Uning gul andomi kabi bokira
Orzu-umidlarim tin bilmay sira
Xuddi manqal uzra ko‘kka chirmashgan
Tutunday tik o‘rlar edi botindan
Va dilni qaytadan o‘tlarga tashlab.
Nahot orzu-umid chiqdi yodimdan?
Ikkimiz tengqur va muhabbatdan mast,
O‘sdik dala tuzu to‘qaylar kezib.
Mening ko‘ksim unga qalqon bo‘ldi, rost,
Shamol turgan, yomg‘ir yoqqanda ezib.
Oftob charaqlagan kezlar, osmonga
Tikilgan damlarda jannat bog‘larin
Uning ko‘zlarida ko‘rardim, jonga
Rohat bag‘ishlardi bahor chog‘lari.
Norasta ishqning ilk sabog‘i – yurak:
Oftobday charaqlab, tabassum qilib,
Dilga orom berar edi ul malak.
Qizning sho‘xliklari ila mast bo‘lib
Men uning ko‘ksiga o‘zimni otar
Va ko‘zim yoshlari bilan so‘ylardim,
Na so‘z hojat edi. Na bir xavotir,
Na uning qo‘rquvi dafin o‘ylardim.
U sokin nigohin tikkancha menga
Qo‘rquv sababini so‘rmasdi. Nega?
Bir kuni sevgidan qudratli xilqat –
Kurashlar istagan ruh kirdi tilga
Men tog‘ cho‘qqisida o‘ltirgan chog‘im,
Jismimga tor keldi ishqning quchog‘i.
Angladim: chorlardi ulkan maqsadlar
Meni kengliklarga. Yer, havo, dengiz
Ehtiros gumonu shodlik, dardlarga
Lim-lim to‘la edi, toshguday, tengsiz.
Meni chorlar edi g‘aroyib ulgi –
Orzularning xira sharpasi qurg‘ur.
Tiyra bir mavjudlik – yo‘qliklar mulki –
(Soyalar va ajib g‘ira-shira nur)
Oqimtir qanotin yozdi va birdan
Sening suvrating va go‘zal otingga
Aylanib qoldilar. Ikkisi ham tan
emas, dil mahramim, suygan, botingan.
Otajon, yulduzni ko‘zlagan edim,
Ehtiros senga yot bo‘lgani bor gap.
Men – cho‘pon toju taxt izlagan edim
Bepoyon dunyoning yarmini so‘rab.
Omadsiz qur’adan bo‘lmadim rozi,
Axir, go‘zallikning nurli taftidan
Tush misol eng ulug‘ maqsadlar ozib,
Tonggi shudring kabi yitar. Aftidan,
Faqat bir go‘zallik soat, kun sayin
Menga kuch berardi takror va tayin.
Ikkov cho‘qqilarda sayr etdik birga,
Tog‘lar makon etib yuqorilikni
Kulbalar bilanki qurshalgan qirlar,
cho‘qqilar, o‘rmonlar osha borliqni
tomosha qilardi, poyida ensiz
jilg‘alar chuldirab oqardi tinsiz.
Men unga shuhrat va hokimiyatdan
So‘zladim. Ko‘zlari tanish ehtiros
Va najib intilish bilan uyatchan
Yonardi. Tuyg‘ular uyqashligi rost.
Uning yonoqlari ollanishlari
Har qandayin taxtga edi munosib.
Nozu ishvalari, sollanishlari
Nur kabi zulmatni ketardi bosib.
So‘ngra dabdabalar ichida qoldim,
Xayoliy toj kiydim boshimga shodon.
Egnimga yopilgan libosni oldin
Orzu ham qilmagan edim. Olomon
Ichra bandi sherday zo‘rlik istagi
Xo‘jasiga sajda qilardi tinsiz.
Lekin sahroda u fitnalar qistab,
Dunyoga o‘t qo‘yar edi o‘tinsiz.
Zamin malikasi, dilbar Samarqand
Jahon taqdiriga egalik qilar.
Barcha shaharlardan mag‘rur va baland,
Shuhratda u bilan bellasha olar,
Ayting, qaysi shahar, ayting, qaysi kent?
Na uning tengi bor va na bor misli,
Uning oddiy toshi dunyodagi eng
Zo‘r taxt uchun bo‘lar shohsupa asli.
Shahar hukmdori kim, deb so‘rsangiz,
Javobim Temurdir, hayron lak nafar
Omma ko‘z o‘ngida turar, ko‘rsangiz,
Yakson saltanatlar uzra muzaffar.
O, sevgi! Insonga xos samoviy his,
Qalblarga indirding ilohiy visol
Garmsel qaqshatgan taqir va suvsiz
Zaminga yomg‘irlar yoqqani misol.
Yovvoyi hislarni yurakka solding,
Biroq bu tashnalik qonmasdan qoldi.
Yo falak! G‘ayricha musiqa uni,
Borliq og‘ushiga cho‘madi uning.
Bokira go‘zallik cho‘kib borar jim,
Alvido! Qolmadi olmagan yerim.
Sorday makon tutgan yuksaklar mulkin
Umid tog‘lar ham past bo‘lgan samodan
Horg‘in qanotlarin bemajol silkib
Uya tomon qarab qo‘yar damodam.
Botib borayotgan yozgi quyoshning
Shafaq nurlariga tikilgan zor-zor
Kunduzdan umidvor keksayu yoshning
Qalbiga cho‘kadi zulmatli ozor.
Bir vaqt o‘zing suygan tun sovushiga
Yurakning nafrati yuz emas, minglar,
Yurak tinglab urar zulmat tovushin
(Buni faqat ruhi uyg‘oqlar tinglar).
Kimki tushda uchsa tag‘in va tag‘in,
O‘ngda yerdan uza olmas oyog‘in.
Tunlari porlagan sohibjamol oy
Go‘zallik taxtiga chiqolmas kunduz.
Uning xira tortib qolgan chiroyi
Nur socha olmaydi, tabassumi – muz.
Marhumning o‘limdan so‘nggi rasmiday
Kunduzgi xunuk oy tunlar xasmidir.
Yozgi oftob kabi chaqnoq bolalik
Sekin so‘nib borar. Ko‘ngil nolali.
Bilgan narsalarni bilmoqlik uchun
Ba’zan isrof bo‘lar yigitlik kuchi.
Neni e’zozlasang, mo‘rt chiqar, hayhot:
Qoq tushda barq urib ochilgan gulning –
Yaprog‘i singari to‘kilar hayot,
Qo‘lidan nima ham kelardi qulning?
Uyimga qaytdim-u, bir tuyg‘u ezdi:
Qadrdon uyimning begonaligi!
Garchi uy ichini ohista kezdim,
Unutib sho‘xlik va devonaligim,
Lekin tosh ostona yubordi ingrab,
O‘shaning ovozin tanidim tinglab.
O, do‘zax! Kuchliroq edi ming karra
Sening otashingdan sog‘inchim, zarra
Omonlik yo‘q uning o‘tidan, yo rab!
Otajon! Bilaman, o‘lim bir kuni
Meni ham olisdan izlab keladi.
Hech kim alday olmas hech qachon uni,
O‘lim haqligini hamma biladi.
Temir darvozasi nim ochiq turar,
Uning tirqishidan abadiyatning
Haqiqat nurlari ko‘zimga urar,
Sen buni ko‘rmaysan, urinmagin ming…
Har banda yo‘liga Iblis birma-bir
Qopqonin qo‘yadi, tushasan oxir.
Sevgining muqaddas ibodatgohi
Sari yo‘lim tushdi bir kuni ilkis.
Unda men axtargan sevgi – iloha
Oq, oppoq va momiq qanotin silkib
Gurillatar edi qurbonlik o‘tin,
Atrofni qopladi muattar tutun.
Ilohiy nur yog‘ar edi bir ochiq
Tirqishdan shovullab yalang va yalang.
Bu nur – bu nigohdan qutular qochib,
Naki mo‘‘jaz chivin va na zarra chang.
Nogoh nur bazmiga Kibr oralab
Ustimdan kuldi u, masxara etdi
So‘ng bilmay bormog‘in kimni qoralab,
Muhabbat hissiga qo‘shilib ketdi.
Inglizchadan Faxriyor tarjimasi