Edna Milley – amerikalik shoira va dramaturg, 1923 yilda Pulittser mukofotini olgan, XX asr AQSh she’riyatining eng mashhur shoiralaridan biri. Shaklan mumtoz she’rlaridagi chuqur va jasur ruh uning falsafiy-ishqiy lirikasini olamga mashhur qildi. U Roklendda (Men shtatida) muallim oilasida dunyoga kelgan.
Edna besh yoshidan she’r yozgan. 1912 yilda uning “Renascence” she’ri «AQShda yilning eng yaxshi she’ri” deb e’tirof etilgan. 1917 yilda Nyu Yorkka keladi va ilk she’riy kitobini chop etadi. Ishq, hirs, tan va ruh dixotomiyasi – uning she’rlarida asosiy mavzulardir. Shakli klassik, ammo mazmuni o‘ta zamonaviy bo‘lgan bu she’rlar haqida bir munaqqid “u ikki asr kesimida turadi”, degandi, ya’ni shaklan – 19 asrda, mazmunan – 20 asrda biroz modernizm bilan ovungan kitobxonlar bugunga kelib, yana Edna Milley singari qalb she’riyati tomon qaytmoqdalar.
ILOHIY DUNYO
Ilohim, men sendan berkinolmayman!
Sening shamollaring esar arshingdan!
Tumanlaring yopar dalalaringni,
Sening o‘rmoning bu – turar qarshimda.
Shu qadar turfarang, raqs tushar soya,
Tubsizlik ustida qora odamday
Maydalanib borar qadimiy qoya.
Hammasi seniki bo‘lgan Dunyoda
Ilohim, men sendan berkinolmayman!
Men bu o‘rmonlarni bilaman derdim,
Go‘zal bir o‘rmon-da… nima qilibdi?!
Bugun – u dahshatli! Juda ham go‘zal!
Bu yil dunyo yana oyday to‘libdi!
Ibodat qiladi yuragim, qalbim:
Ilohim, uzmagin birorta bargni,
Bir qushni bo‘zlatma nogohon, Tangrim!
***
Nima degan bo‘lsam, dedim, ehtimol,
Lek men uchun dilga yaqini shudir:
Bo‘g‘oz suvlarini toshtirgan yomg‘ir,
Ko‘rfazda o‘tlarni tebratgan shamol,
To‘lqin qaytishida qolgan suv izi,
Qirg‘oqda chig‘anoq kuylagan kuy, sas…
Bu, balkim, eng oddiy bir manzaradir,
Lekin menga aziz, unutib bo‘lmas.
TUG‘ILMAGAN GO‘DAK UCHUN ALLA
«Uxla, ushoqqinam, bolam, uxlagin,
Tangrim, unga tole so‘raydi labim!»
Mening yaxshiginam, ammo sen hali –
Kitob ichidagi bir siymo kabi.
Men senga bir dunyo qilarman tuhfa!
Lek kelmadi hali tug‘ilmoq oni.
Go‘yo qor tagida yotar ko‘milib
To bahor kelguncha dil hayajoni…
QAYG‘U BILAN QONDOSHLIK
Men oxir G‘am ila qondosh tutindim,
U tez-tez uyimda bo‘ladi mehmon,
Eshikni ohista g‘ichirlatadi -
Shamol silagandek xo‘rsinar ayvon.
Rayhon orasidan o‘tib, muazzam –
Qoshiga chiqaman – gullar nastarin,
Nastarin ortida – jilmayadi G‘am.
Gullarni bosmaydi, keladi rahmi.
Menga-chi? Rahm etmas, men – uning ahli.
Biz endi u bilan hamroh hamma vaqt.
O, G‘am, xush kelibsan, uyga marhamat!
***
Sevgilim, bir kuni eshitsam nogoh,
Uyimda qoldirib, dilga solib g‘am,
Xuddi meni tashlab ketganing kabi
Bexos ketganingni bu dunyodan ham,
Nogoh – yo‘l chetida bir odam tursa,
Men-chi tramvayda gazet varoqlab,
Marhumlar safida nomingni ko‘rsam,
Aslo yubormayman alamdan dodlab,
Sochimni yulmayman, g‘amga to‘lmayman,
Qo‘lim sindirmayman, tutmayman motam.
Sekin kuzataman, ana, shoshilib,
Yo‘ldan shoshib borar bir odam xursand -
U odam bo‘lishing mumkin edi sen,
Agar tasodifan o‘lmagan bo‘lsang.
Sekin kuzataman, zimdan qarayman,
Lip-lip o‘chib yonar chiroqlar, yo‘qsan,
Gazeta o‘qiyman men esa ichkin:
Qay tarzda kuyadan mo‘yna asralar,
Sochni qanday qilib turmaklash mumkin…
«QACHONDIR TUNU-KUN QILINGAN TOAT …»
Qachondir tunu-kun qilingan toat,
Endi egallagan po‘panak, qamish,
Tangri ham oxiri tamom tark etgan
Ehromni ziyorat etganday darvish;
Ruh chiqib go‘ridan toshlar ichida
Intiqib, zoriqib, qimtinib labi,
Harflar o‘chib ketgan qabr toshidan
Ismini zirqirab izlagan kabi;
Men ham biz uchrashgan joyga kelarman.
Sening ruhing o‘chgan, kul bo‘lgan joning…
Qachondir shu yerda jo‘sh urgan qoning:
Men seni tunu-kun izlayman bunda,
Sevgimni izlayman. Tinchirman qanday?!
Yurarman, safardan qaytgan bir farzand
O‘t bosgan qabriston ichida yig‘lab,
Onasin qabrini izlab yurganday.
«HUVILLAMA, JIM BO‘L, QORNI OCH QABRIM!»
Huvillama, jim bo‘l, qorni och qabrim!
Men hali hayotga to‘ymadim totib.
Hozircha go‘r chetin kemirib turgin!
Chala ishlarimni olay tugatib.
Hammani sen oxir olishing bilib
tursam ham, bir o‘g‘il tug‘ib olarman,
Hozircha yashayin, yashayin bir oz –
kun kelar, jilmayib turib o‘larman.
Hozircha ozgina cho‘zilsin hayot.
O‘limning soati biroz kechiksin.
Qabrim meni kutib biroz ichiksin,
Yonib yashayapman, yonib tugarman,
Ochlikdan huvillab yotgan qabrimga
bir hovuch suyagim nonday tutarman!
«EY OG‘RIQ, SEN NAHOT UMRBOD HAMROH …»
Ey og‘riq, sen nahot umrbod hamroh,
Sheriksan nonimga, uyim, taftimga?
Bir umr boshimni egovlar burg‘u?
Alamsan qalbimda, izsan kaftimda!
Shundoq, axir, sendan qochib ketmasman,
Og‘riq, sensiz menga yo‘q ekan hayot …
Men nonimni yeyman, sen yersan jonni.
Ayro‘ yasholmasak bir-birdan, nahot!
Uyimga kirarsan – ibosiz mehmon,
Sovuq qarashingdan muzlaydi qo‘lim,
Kunim ham, tunim ham seniki tamom,
Sen bilan uy-ichim, sen bilan yo‘lim.
Og‘riq, bir tun, sokin uxlaganda el,
Kelganda hayotning so‘nggi fursati,
Birga yashagandik, birga o‘larmiz, –
Demak, izmimdadir sening qismating!
QAYTISH
Zamin tushunmaydi bolalarini.
Biz-chi, jondan to‘yib ketgan chog‘larda,
Shaharlar shovqini, g‘amidan qochib,
Chiqib ketarmiz goh bog‘-u tog‘larga.
Yerning hamma uchun eshigi ochiq,
Zamin ne’matlarga cheksiz to‘ladir:
Yarador ovchilar ham ovlanganlar
Sudralib tuproqqa tomon keladir.
Zamin uyg‘onadi erta sahardan,
Bahorda barg yozar, kuzda to‘kadi,
Afsusga, qayg‘uga yo‘q erur hojat –
Armonlar insonning qaddin bukadi.
Zamin hammamizni olar bag‘riga,
Tinch yotarmiz keyin yerda mung‘ayib,
O‘tar kunlar, oylar, yillar, asrlar…
Qabrimiz turadi qirda do‘mpayib;
G‘amni va armonni totgan insonlar,
Do‘stlar osongina sotgan insonlar,
Ming yilki qandog‘och bargi to‘kilgan
Qabrning ostida yotgan insonlar…
SUNBUL
Men bu odamni sevaman, u sevadi sunbullarni,
Gullar unga mendan, sevgimdan-da azizroq.
Oqshomlar u dala sichqonlarin g‘imirlashini sezadi;
Uyqusi qochadi -
Eshitadi u sunbulllarning ildizini sichqon kemirayotganini;
Eshitmas mening yuragimni sog‘inch kemirayotganini, yuragimdan qon oqayotganini bilmas…
MUSIQASIZ MARSIYA
O‘liklarimizni bag‘riga olayotgan zamin bexad minnatdordir, balkim,
lekin mag‘rur insonlarning birin-ketin qabrga,
erga ketishlariga men hech qachon ko‘nikolmayman.
Shundoq o‘zi, shunday bo‘lgan va shunday bo‘ladi mudom:
Kimdir – obro‘ bilan,
kimdir beshonu shuhrat,
oxiri bir kun jimgina yerga kirib ketaveradi.
Lekin men bunga ko‘nikolmayman.
Hammangiz ketasiz yer tagiga,
to‘planasiz seviklilar, donishmandlar.
Hammangizni o‘lim xokka aylantirib, to‘plar bir yerga.
Quring, yozing, izlang, kulinglar va orzulaninglar!
Formulangiz, so‘zingiz qoladi – asosi siz bilan ketadi go‘rga.
Ijod va hayratlar, quvnoqlarning yangroq kulgusi!
Hammasini yutar qabr, lahaddagi sovuqqon zulmat.
Qabrlardan unar yorqin lolaqizg‘aldoqlar,
Ammo sizlarning ko‘zlaringiz
oftobda lovullagan lolaqizg‘aldoq alvonidan yorqinroq edi.
Chuqurga, quyiga, pastga –
qabrning qaro zulmati tomon!
Inja, xokisor odam jimgina kiradi yerga, naylay man,
Botir kulib kirar yerga, oqil xotirjam beradi jon…
Bilaman.
Ammo isyon qilaman.
Hammani yer olishiga ko‘nikolmayman.
Hech qachon.
BAZM
Dasturxonlar yonidan o‘tdim,
Totdim har bir qadahdan shu tob,
Bildim, asli chanqoq, tashnalik -
Bu dunyoda eng totli sharob.
Ne’matlarin totdim zaminning,
Bir qarorga keldim oqibat -
Orzu – asli ushbu dunyoda
Eng to‘yimli, eng tansiq ovqat.
Bu dunyoning barin sotarman,
Tarqatarman barini tekin.
Tashnalik va ochlik bag‘rida
Orom olib yotarman sekin…
Ingliz tilidan Karim Bahriyev tarjimalari