1917 yildan Kanzas-Sitida jurnalist-reportyor sifatida ish boshlagan. 1-jahon urushi qatnashchisi (1914-18). Xeminguey 1928 yilgacha Parijda, 1939-60 yillarda Kubada yashadi. Dastlabki hikoyalar kitobi — «Bizning zamonda» (1924). «Quyosh chiqadi» (1926, inglizcha nashrlarda «Fiesta» nomi bilan chop etilgan),
«Alvido, qurol!» (1929) romanlarida urushning bemisl mantiqsizliklari, inson haqhuquqlari, erkiga tajovuz, ayni paytda, insoniy mardlik, qadrqimmat va muxabbatning har qanday yovuz kuchlardan ustunligi yorqin ifodalangan.
1930-yillarning 1-yarmida Xeminguey ijodida tushkunlikni kuzatish mumkin. Shu davrda yozuvchi hayot yo‘lini qayta mulohaza qilib ko‘rishga, o‘z ijodining muayyan yo‘nalishlarini aniqlashga intiladi. Natijada «Peshindan keyingi o‘lim» (1932), «Afrikaning yashil tepaliklari» (1935), «G‘olibga bayroq berilmaydi» (1933) hikoyalar to‘plami dunyo yuzini ko‘radi. «Ho‘kizning shoxi», «Frensis Makomberning baxti», «Kilimanjaro qorlari» (1936) hikoyalari, «To‘qchilik va yo‘qchilik» (1937) romanida Xeminguey ijodiy yuksalishi ko‘zga tashlanadi. Xeminguey asarlarida dastlabki jurnalistik kuzatuv o‘rnini tahliliy, qiyosiy mulohaza va mushohadalar egallaydi. U har qanday urushni qoralaydi, shu tufayli insoniyat aziyat chekayotganiga e’tibor qaratadi. Inson huquqlari yo‘lida, ozodlik kurashida yolg‘iz maydonga tushishning halokatli oqibatlarga olib kelishini oddiy kishilar obrazi orqali ifodalaydi.
Xeminguey 1931—39 -yillari ispan xalqining milliy ozodlik kurashida harbiy muxbir sifatida qatnashadi. Shu yillarda uning bir necha ocherk va reportajlari, «Motam qo‘ng‘irog‘i» (1940) romani chop etiladi. Bu asarlardagi qahramonlar xalq ozodligi yo‘lida fashizmga qarshi kurashadilar, insoniyat taqdiri uchun o‘zlarining mas’ul ekanliklarini qalban his etadilar, kishilar bilan birga iztirobga tushadilar, xavf-xatardan qutulish choralarini izlaydilar.
2-jahon urushidan keyin Xeminguey ijodida yangi davr boshlangan. Biroq bu davrda yuzaga kelgan «Xavfli yoz» va «Okeandagi orollar» romanlari avvalgilariga qaraganda badiiy jihatdan ancha bo‘sh asarlar sanaladi. Lekin ma’lum muddat o‘tib, Xeminguey insonning ruhiy holatini tadqiq etish bilan jamiyatdagi mavjud vaziyatni ochib berishga qodir asarlarni yaratdi. Badiiy jihatdan ancha yuksak bo‘lgan «Daryoning naryog‘ida, daraxtlar soyasida» (1950) romani, «Chol va dengiz» (1952) qissasi Xemingueyga katta shuhrat keltirdi. Xeminguey 20-asrda o‘zigagina xos bo‘lgan qatiy xolislikka asoslangan xarakterli uslubni yaratdiki, keyinchalik Amerika qit’asidan yetishib chiqqan yozuvchilar bu uslubga teztez murojaat qiladigan bo‘lishdi.
«Chol va dengiz», «Alvido, qurol!» va boshqa asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Nobel mukofoti laureati (1954)
* * *
Askarlarga nasib etmas sokin o‘lim,
Ular nasibasi – jangohdagi xoch.
Yiqilgan jangchining boshi ustida
Xochday tuprog‘iga tiqilar og‘och.
Askar yo‘taladi, bukchayar, o‘qchir,
To‘rt tomon – alanga, otash, dod-voy, sas…
Tokim janglar to‘xtab, tun tushmas ekan,
Askar tirik qolganiga ishonmas.
O‘G‘LIMGA NASIHAT
Hech qachon ishonma oqlar irqiga,
Juhudni, hech kimni o‘ldirma, bolam,
Imzo chekma hech bir shartnomalarga,
Cherkovda muk tushib yotma hech qachon.
Yaratganga ishon.
Harbiy kishi bo‘lma hech qachon, bolam;
Ko‘paytirma xotin sonini hech choq;
Jurnallarga aslo yozma maqola;
Tikonlarga hech vaqt urmagin tirnoq.
Qog‘ozlarga aslo umr bog‘lama,
Urishdan hal bo‘lmas muammo sira,
Fahsh maydonida taning bulg‘ama,
O‘zingni pok saqla, asra bokira.
Ta’magirga aslo to‘lama tovon,
Sudlarga tushmasing ishing hech qachon,
Noshirlarga aslo ishonma, bolam,
Yo‘qsa, to‘shaklaring bo‘lar xas, somon.
Bir-bir tashlab ketar seni do‘stlaring,
Hamma kirib ketar oxir qabrga.
Agar pok, sabrli umr kechirsang,
Falak ayvonida bo‘larsan birga…
SARLAVHA
Ko‘proq fikrlarsang, o‘ylasang chunon,
Maqsadga oson yo‘l topilar, ishon.
Biz-la avval raqs tushar shayton,
Keyin tavba tomon sudraydi iymon;
Tunda Yaratganga sig‘inarmiz biz,
Kunduzlari egamiz – Iblis…
Essiz!
RUZVELT
Ishchilar unga ishonardi,
Ishonchni yo‘qotdi u oxir,
O‘ziga ishonmasalar ham
Suratin osarlar devorga axir.
‘U Farangistonda bo‘lsa, nima qilardi!’ -
Dedilar.
Balkim, tirik qolardi -
O‘lgan bo‘lardi,
Ehtimol,
Askarlar o‘larlar jang maydonida,
Generallar to‘shakda o‘lar doimo,
U ham o‘ldi nihoyat.
U hayotligida to‘qigan afsonalar
Hali ham tirik, rivojlanmoqda butkul,
El ko‘ndi.
U o‘ldi, afsonalari uchun to‘siq yo‘q endi.
KANADALIKLARNI YAXShI KO‘RAMAN
Xorijliklarga
Menga juda yoqar kanadaliklar.
Ular amerikaliklarga o‘xshamas.
Ular tunda o‘z vaqtida uyiga qaytar.
Ularning papiroslari achchiq sasimas.
Ularning boshiga shlyapa yaxshi o‘tiradi.
Urushda g‘alaba qildik, deb ular ishonar.
Ular ishonmaydi Adabiyotga.
Ular San’at bo‘rttiradi, degan fikrda.
Ammo ular konkida yaxshi ucharlar.
Oralarida bir nechta boylari ham bor.
Ammo ularning boylari avtomobil sotib olmaydi,
Ko‘proq sotib olar asov ot.
Chikago Torontoni sipolar shahri deb biladi.
Ammo boks va ot poygasi man qilingan
Chikagoda.
Yakshanba kuni hech kim ishlamas.
Hech kim.
Bu mening jinimni qo‘zitmas.
Faqat bi xil papiros bor – Woodbine.
Siz qachondir Moviy Shlyapa kentida bo‘lganmisiz?
Agar siz yengil moshinangiz bilan Ontarioda kimnidir o‘ldirsangiz,
Qamoqqa tushishingiz mumkin.
Shundoq, albatta.
Shu yilning o‘zida
Chikagoda
500 inson yengil avtomobillar tagida o‘ldi.
Kanadad pul topish oson,
Ammo boy bo‘lish qiyin.
Qandolatchilar, oshxonalar ko‘p.
Ammo bunda kabarelar yo‘q.
Xizmatchiga chorak tsent qo‘l haqi bersangiz ham
U sizga ‘Rahmat’ aytadi.
Aslida sizna haydab solishi kerak edi.
Ular tramvaylarda ayollarga joy bo‘shatishmas.
Go‘zal ayollarga ham, juda go‘zal bo‘lsa ham.
Ular kechki ovqat uchun uyga shoshilishar,
Restoranlar, jononlar poylab tursa ham.
Ular radio eshitadilar doim.
Ajoyib odamlar – kanadaliklar.
Menga juda yoqar, o‘lay agar…
1918 YIL 8 IYULDA PAYVDA HALOK BO‘LGANLAR
Men siz bilan orzu qilganman,
Armonlarga ko‘milganman, og‘ringanman,
Jang qilganman,
Yaralarimizni bog‘laganmiz birga.
Sizlar bilan edim,
Keyin ketdingiz qorong‘u yerga.
Endi tunda kelasiz Siz,
Kulgu yo‘q yuzingizda,
Yonimda yotasiz uzala,
Horg‘in, sovuq, tig‘ingiz keskir,
Qaynoq yuragimni kesasiz, dilni tilasiz tonggacha,
Payvda halok bo‘lgan do‘stlarim…
SHE’R
Meni qachondir astoydil sevgan yagona odam
“Alvido” dedi
Va ketdi.
U quyoshli bir kunda
Pikardiyada halok etildi.
YIGITLIK TALABI
Yigitlik bizdan kuylashni talab etardi,
Ammo kesdilar tilimizni.
Yigitlik bizdan yugurishni talab etardi,
Ammo to‘sdilar yo‘limizni.
Yigitlik so‘rardi uynab-kulishni,
Ammo jo‘natdilar urushga.
Biz istamagan edik aslo o‘lishni,
To‘g‘ri keldi,
Qarimasdan,
Go‘rga kirishga…
HALOK BO‘LGAN ZO‘R YIGITLARGA
Ular bizni simirib chaynadilar,
Tuflab tashladilar;
Qirol va davlat,
Isoi Masih
Va boshqalar.
Vatanparvarlik,
Demokratiya,
Burch -
Safsatalar va yasama nutqlar,
Ular bizni buzdi va o‘ldirdi, yigitlar…
VA NIHOYAT
U haqiqatni aytishga chog‘landi;
Tomog‘i quridi, qichidi beshafqat,
Keyin so‘lagi oqdi, tiqildi nihoyat;
Bo‘g‘zini yirtdi Haqiqat….
HAMMA ARMIYALARDA SHU HOL…
Hamma armiyalarda – shu hol.
Tashviqot – shon, sharaf.
Zambaraklar shovqin ko‘tarar avval,
Yigitlar – otashga o‘zini otar
Va qonga belanib tuproqda yotar.
Keksa askarlarning ko‘zlari horg‘in,
Ularni ishontirolmas qadimiy yolg‘on…
Shon-shuhratga davogar yigitlarning
O‘liklarini talaydi,
Yalaydi pashshalar…
Inglizchadan Karim Bahriyev tarjimalari