Abu Tolib Abdussalom Ma’muniy - O‘rta osiyolik arabnavis shoir
SHAMDON HAQIDA
Qarang – bog‘, bog‘da bir ulkan daraxt – sham,
Uni tuqqan emas yer ham, samo ham.
Olov ham meva baxsh etmaydi unga,
Nechunki, tilladir bog‘dek bu olam.
SIYOHDON HAQIDA
Musaffo shisha u, bir qatra ko‘l yanglig‘
To‘kilmish yerga go‘yo toza osmondan.
Sovut kiygan, sovutning rangi yorqinroq
Burundan tirqirab oqqan qizil qondan.
Agar qalb bo‘lsa u, qalb-chun o‘rindir bu,
Tubi lekin qaroroqdir zimistondan.
Sababki, tongda qochgan tun qarosidek
Qaro, tund tomchilar joy oldi bul yondan.
Ularni, marvariddondek erinmay hech,
G‘ilof asrab turar har yaxshi-yomondan.
Husniddin Sharipov tarjimasi