Ali Muhammad ar-Roqiy 1934 yili Liviyada tug‘ilgan.
MENING VATANIMDA…
Ishq tark etdi.
Olislarda qoldi muhabbat.
Sevgim ketdi.
Armon qoldi,
bitmas yara kabi g‘am qoldi faqat.
Bu achchiq qasidam
ishq haqda emas,
achchiq armon haqda ham emas.
Bugun seni kuylayman,
ona yurtim,
o‘ylayman bepoyon ko‘zlaringni.
Qashshoq o‘lkam —
falokat, uqubat, qon va ter,
qullar tug‘ayotgan
munis ona yer,
shaharlarning ko‘chalaridan otilayotgan
bo‘g‘iq nolalar,
ingroqlar quyida.
Sharmandalik,
chirkinlik,
abadiy ochlik
seviklim – yurtimning hamma joyida.
Bunda yerosti qorong‘usida
go‘daklar dunyoga kelar chalajon.
Yaralarimizdan
azob zardobi sochilar,
yuraklarda —
g‘azab, og‘riq va armon.
Oqshom
sening ustingdan,
mening ustimdan
bir yig‘i ovozi o‘tar.
Qonxo‘r chivinlar ucharlar,
sil
va vabo kezar har yonda.
Yarim tunning
xazin shamoli
minglab oilalar
puturdan ketgan bo‘yralarda
yumalashib uxlayotgan
chirik kulbalarni tebratar
mening yurtimda,
sevimli yerimda,
ona Vatanimda.
Betashvish sayyohlar,
ko‘ngilchan,
saxiy mehmonlar:
tilanchiga aylangan xalqimga
oliyjanoblik belgisi sifatida —
mis tangalarni uloqtirishar.
Qadim madrasalarga yondosh
maydonlarda
ayollar badanlarini sotayotirlar,
mening mamlakatimda,
sevimli yurtimda,
shonli o‘lkamda
faxshga botayotirlar.
Jimsan,
chalajon zamin,
qullarni tug‘ayotgan
erim,
bitmas yaram,
uyqusiz ishqim!
Hamma narsa sotiladi —
olamdagi hamma narsa —
bir hovuch tangaga sotiladi
bugun
mening yurtimda,
sevimli diyorimda,
shonli o‘lkamda.
Karim Bahriyev tarjimasi