OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Karine Xalatova

ANOR

Oyna. Quyoshli – qorli rangdagi tog‘lar
Qo‘lingdagi bebosh kulguda
Qalqib ketar taxir po‘choqlar,

Hamda sachragan tabassum
Xotirada pishib yetilar
Gullayotgan og‘ochlar.


SHODLIK

Tulpor qadamidek tovlanadi tong,
Ulgurmas – karnayin chaladi chumchuq,
Qichqirmas – eng avj pardada kuylar xo‘rozlar,
“Munavvar tong” qo‘shig‘in aytar qo‘shni kuchuklar,
Harflar-la kurashmas yozuv mashinkasi,
Goh tong qadami-la, goh sening isming-la ko‘z ochdim,
Mayin tovushlarni labdan sidirdim,
Daraxtlar shitirida uchrashgum
Bashorating-la.


* * *

Kuzgi xushbo‘y quyosh nurlari,
Vijirlaydi musicha,
Kulasan, tikilib qalin jildlarga
Yo‘llar ko‘rsatasan – faqat mengamas,
Tovushlar po‘stini teraman,
Javoblar yo‘llayman – faqat sengamas.

Derazam ortida
Nafis qayg‘uradi tog‘terak.
Unniqqan bolalik o‘yinchog‘iday
Ko‘z qisgim keladi – xotirlayman men
Sening nigohlaring sochilib ketgan – 
Faqat mening huzurimgamas,
Boshim gir aylanar, –
Boshi aylangandek barglarning
Qush parvozidan.

... Kuzning nordon jizg‘inaklari,
Nuri cho‘kkan kunbotar yoqqa
Yoyilgandi xrizantemalar,
Isitar qo‘llaringni
Menga atalmagan
Rangli guldasta.


QARSHILASH

Ko‘chalar yoqalab, eniga uylar
Yo‘lovchilar, avtoulovlar
Eniga va bo‘yiga daraxtlar.
Tonggi lahzalarning mehmoniman men
Bog‘lar sukutidan oqib o‘tayotgan.

Ey, tinglang!
(qarsillab yopilar
avtobusning gapdon eshigi,
quloqni batangga keltirar
Chumchuqlar bazmi...)

Ey!
(Kecha – lab bosdim men abadiyatga – 
Men shaharda mavjud emasman).

Ey!
Qachondir sizga ham
Yuragin hovuchlab 
chopib chiqqanmi
oxiri yo‘q may dalalari?!
Tog‘larni oralab yeladi poyezd –
Na to‘xtami, na manzili bor
Oynadan chiqarib boshimni
Qulochlarim parvoz etmoqchi
(Qulog‘imga yoprilar kulgungning aksi
yugurar quvlashmachoq o‘ynab
mayning baxtli shod dalalari...)
Sizga
peshvoz chiqqanmi hecham
qiqirlagan may dalalari.
Shaharga kelishdan bosh tortgan
moychechak guldastasin
tog‘larning qo‘liga tutqazib keldim.
Boshlangan – tugangan ish kunlarida
almashinib chiqar turfa muhlatlar
Yo‘l yoqasidagi dalalar – 
May gullari, pichan g‘arami
o‘g‘rincha qaraydi 
elayotgan poyezdlar tomon.


PARCHA

Ko‘chada peshtaxtalardan biri
to‘ldirilgan 
gullayotgan qumanjir bilan
Kaftlarimni 
tonggi shovqinlardan hayiqqan
qoratutga bo‘yab qo‘yishdi.
Tutqich bermas tabassumlarim
erga chizilgan rasmni tomosha qilishga
egilgan bolaning
ko‘zlariga borib to‘qnashdi
musavvirning labi 
bo‘yalgandi olchalar bilan
Uyda
meni qarshiladi nastarin guli
xonaki kapalaklar hadya etganding
kunlarga qo‘l bergan bo‘shliqlar.
ishonar edi faqat. 

Rus tilidan Go‘zal Begim tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.