MADHIYA
Erta ketsam hayotdan — ko‘zim yummoqqa shoshma,
Gajak bilakuzuk va uzugim taq qo‘limga.
Yashirib daftarimni, qalamimni taroshla —
Qabr siri noayon — u tegishli o‘limga.
Erta ketsang hayotdan — mumkin bo‘lmog‘i sodir,
Yagonam eding, — deya tan olgumdir nihoyat.
Titroq barmoqlaringdan bo‘sa olgum birma-bir,
Uzoqdan nur taratgan yuragingni ham albat.
Bori shu. Hammasiga chidashim endi tayin,
Sensiz hayot ne kerak? Sensiz u zulmatdayin.
Tomosha, sahna o‘sha, parda ham o‘sha tag‘in,
Do‘stlar chiqarar yoddan, g‘animlar eslar uzoq.
Afsuski,ko‘rolmaymiz tomoshaning oxirin.
Lek sezamiz urug‘ning xo‘rsinishin dalada,
Qor kabi oq ildizning o‘sganini ilg‘aymiz.
Zamin osti suvlari quvvat bergan pallada
Bola hayrati bilan insondek boqar ildiz
Va yillarni oralab o‘tar bug‘doyiq go‘yo,
Mangu yashil qoni-la dillarga quvvat berib,
Olislarda yuksalgan bahaybat tog‘lar aro
Qo‘yajakdir Sevgimiz yot ko‘zlardan yashirib.
Rus tilidan Gulnoz Mo‘minova tarjimasi