OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zayniddin Vosifiy (1486-1566)

Toshkentdagi Hazrati Imom majmuasi, Abu Bakr Qoffoli Shoshiy maqbarasi tarkibida Zayniddin Vosifiy ismli muhtaram shaxsning qabri bor. Naqlga ko‘ra, maqbaraga kiraverishdagi chap tarafdagi daxma u zotga mansubdir.
Shayx, shoir, adib va alloma bo‘lgan bu zotning to‘liq ismi Shayx Zayniddin Mahmud ibn Abdujalil Vosifiydir. U kishi Xuroson mamlakatida tug‘ilib o‘sgan (1486), she’riy muammo san’ati borasida mohir bo‘lgani uchun yoshligidan Amir Alisher Navoiy nazariga tushgan, 1511 yilgacha Husayn Boyqaroning o‘g‘li Faridun Husaynga kotiblik va boshqa o‘g‘illariga muallimlik qilgan.
U kishi hijriy 918 yil boshlarida, milodiy 1512 yilda Hirotdan Movarounnahrga safar qiladi. Avval Samarqandda bir yil istiqomat qilib, keyin Buxoroga boradi, bir qancha vaqt u yerda turgach, so‘ng Turkiston shahridan 40-50 chaqirim masofa bo‘lgan Sabron (ba’zi manbalarda Savron) shahriga keladi. Keyin u yerdan Farkand (Parkent)ga, undan Toshkentga, undan Shahrisabzga, undan yana Samarqandga, undan Sirdaryo bo‘yidagi Shohruxiya shahriga, undan Ohangaronga va yana Toshkentga keladi.
Toshkent sultoni Sevinchxojaxon vafot etgach (hijriy 931, milodiy 1525 yil), o‘g‘li Keldimuhammad Sulton uning o‘rniga hukmdor bo‘ldi. Uning ustozi bo‘lgan Vosifiy shu sabab bilan Toshkentda doimiy yashab qoldi, 1566 yilda shu yerda vafot etdi, shu yerda - Hazrati Imom maqbarasi hududida dafn etildi.
Vasifiyning Toshkent va uning bog‘lari haqidagi nasriy va she’riy bayonlari ulug‘ hayrat, muhabbat va sadoqat namunasidir. «Badoe’-ul-vaqoe’» asaridan u zot, haqiqatan, Toshkent shaydosi ekanligi ma’lum bo‘ladi.

TOSHKENT VA UNING BOG‘LARI

Bir necha nukta, ey arjumand, tingla,
Mulki Toshkand vasfin bul sifat tingla:

Bul diyor xo‘blig‘i har qayda butun
Sobit va ayondir dono xalq uchun.

Oh, qanday mulkdir bu, ravzayi rizvon
Xijolatdan bo‘lmish ko‘zlardan pinhon.

Kimki muqim bo‘lsa ul diyorda, bas,
Xuldu na’iymni ham boshqa eslamas.

O‘zga joyda tirik bo‘lgandan ko‘ra
Ul diyorda o‘lmoq yaxshidir, qara.

Shamol tufrog‘ini eltar falakka,
To‘tiyo qilg‘ali chashmi malakka.

Suvi shundoq shirin, ul obi hayot
Uyatdan zulmotga berkinmish, hayhot.

Gar xabar topsaydi bu suvdan Xizr,
Zulmot tomon alam ko‘tarmasdi bir.

Burak nahri suvi doimo ravon,
Jinon bog‘larida Salsabilsimon.

Osti sof toshloqdir, boq, durri samiyn,
Sirg‘a qilsa arzir ani huri ‘iyn.

Xushbo‘y nasimlari bag‘oyat marg‘ub,
Ruhparvar mahbubning nafasidek xo‘b.

Sabo hubobidan saqiym – bemor jon
Darhol shifo topib, sog‘ bo‘lur shu on.

Mahvashlardek aning olovi dilkash,
Lekin dilkash mahvash la’li ul otash!

Bas, kimki xohlasa, fitnasin ko‘rsin,
Aning shu’lasida toblanib tursin.

Shu’lalari boshdan yuksak hamisha,
Har biri misoli zar to‘la shisha.

Tutun olovlardan ajrab chiqqanda
Lolazorda sarvlar paydodir anda.

Shahar tegrasida har taraf bog‘dir,
Adn11 ko‘nglida ham ul sabab dog‘dir.

Aning chorbog‘larin vasf etsam so‘zdan,
Eram bog‘lari ham chiqqaydir esdan.

Teraklar bo‘y cho‘zib turganda qator,
Nozparvar yor aning qoshida nochor.

Go‘zallar ko‘rsa ul qomatni – bo‘ychan,
Uyatdan qoshida tek qolur, o‘ychan.

Misli ko‘p sanavbar qadli siyminbar -
Har taraf bo‘y cho‘zib turibdir ar’ar.

Suvda aks etguvchi tolning barglari -
Ko‘lda to‘rga tushgan baliqlar bari.

Qizil gullar aksi chaman uzra nor –
Ayman vodiysining olovicha bor.

Yashil gulbun uzra tugilgan g‘uncha –
Gulgun mayga to‘la yam-yashil xumcha.

Yo mahzun andalib yuragisimon
Usti rangindir-u, ichi to‘la qon.

Voh, g‘alat qilibman, gul to‘la bu bog‘
Andalib ko‘ngliga solib turar dog‘.

Bu bog‘ning bulbuli shavq ila nolon,
Gulning bedodidan chekkaydir afg‘on.

Ariq bo‘ylarida bunafsha holi
Qo‘ng‘iroq yungli to‘p qo‘zi misoli.

Yo yo‘qlik mulkidan qator va qator
Niliy gul keltirmish karvoni bahor.

Savsan ham g‘unchalab, musht tugib dildan,
Barmoqlarin ko‘m-ko‘k qilibdir nildan.

Bo‘yoqchi menman, deb, har bog‘da xil-xil
Sabbog‘ uchun loyiq gulman, deydi, nil.

Nargiz boqqa kelgach, ko‘z tegib ul dam,
Bemordek cho‘zilib qolmish sarv ham.

Shul sabab til cho‘zib yuz minglab g‘uncha,
Sarvga dam solur, to tuzalguncha.

Rastaning gullari – hamishabahor,
Ul sabab bog‘larda hamisha bahor!

Vardning qadamiga nisor etib shod,
Ashrafiylar sochmish chamanda bisot.

Qorun ganji yerda ko‘milgandi xor,
Ochdi ul xazina og‘zini bahor.

Gulxayri har tomon bo‘libdir qalqon,
Qubbasi gavharga zabarjad har on.

Ul ganj qo‘lga kirsin deya, xolosdir,
Bahor boshimizda gavharshunosdir.

Lolazorni oshyon aylamish bulbul,
Og‘zidan o‘t sochar gul g‘amida ul.

Tong yeli lolani hovancha aylab,
Chamanda xushbo‘ylik tuyar avaylab.

Gunohkor hindudek arg‘uvon, ya’ni
Kaltaklar zarbidan qoraymish tani.

Kaltakdan jismida ko‘p yarasi bor,
Tanida yuz minglab qon qatrasi bor.

Zanbaq g‘unchasining nurida – bog‘da
Kofur sham’i qolmish berivoj, dog‘da.

Yorning barmog‘idan berib bir nishon,
Kumush shishasi ham bo‘lmish namoyon.

Bog‘ning kelinlari yopganda niqob,
Nastarin boshida - hayodan hijob!

Qumri boqqa kirib bexud va sarmast,
Sarv shoxlariga joylashdi bir pas.

Gulning mujdasini tuyib har yondan,
«Ku-ku»lab nolalar chiqardi jondan.

Qushlar daraxt uzra, masnad oliydir,
Har biri minbarda bitta qoriydir.

Barchasi shavq aro aylashib nido,
Yaratganga aytur tasbihu sano.

Mevalar vasfin ham tinglang bu kezlar,
Sharbat bulog‘idir undan og‘izlar.

Uzumlar vasfini solsam bayonga,
Ular garov erur durri g‘altonga.

Nozik sohibiylar, nazarda, holi –
Dilbarning bir nozik la’li misoli.

Shaksiz, husaynining har bir donasi –
Qimmatbaho durning eng durdonasi.

Yulduz shodasidir bobakiy shingil,
Ishkom osmoniga chiqqilu ko‘rgil!

Ko‘rakiylar qandga garov bo‘lgaydir,
Nabotdan shakarxand qilib kulgaydir.

Shakaruzumlari shakardan ustun,
Nabotu shakar ber bahosi uchun!

Kim ariq bo‘yida qovun so‘yibdir,
Behisht mevasini yoddan qo‘yibdir.

Nabot toti yetib qovuniga, bil,
Ta’mi lazzatiga bo‘lgach muqobil,

Misr ahli siyosat ila qahrdan
Cho‘p ila chiqarmish uni shahardan.

Qandga tenglashganda qovun, sezdilar,
Odamlar ul qovun boshin kesdilar.

Ko‘kchasi jonga teng, jondan o‘todir –
Jon uning oldida arzon matodir!

Ko‘k va nozik misli – joni shirin bu,
Ko‘kdor noziklarning shevasi ushbu:

Xalq ham amiriydan topgach halovat,
Oldi Alisherdan ilmi nazokat.

Yana mevalarkim, saqlamish bo‘ston,
Vasfida so‘ylayin sharh ila doston:

Har bir anoridir nori pistoniy,
La’l koni va lekin la’li rummoniy!

La’lu yoqut to‘la huqqadir anor,
Jonu dil olgaydir undan qut, mador.

Nashvoti vasfini etolmam bayon,
Og‘iz suvga to‘lgay fikridan chunon.

Har birini nabot shishasi dersiz,
Yoki obi hayot ko‘zasi dersiz.

Olmasi vasfida ne deyin bu on? –
Qo‘ying, g‘avg‘olarga to‘lmasin jahon!

Har biri dilbarlar zanaxdonidir,
Kim ko‘rsa, dil aning armug‘onidir.

Alloh tinch asrasin, behisiga boq,
Undan yaxshilikka yuz tutibdir bog‘!

Behisht behisining rangi undadir,
Rizvoni xuld o‘zi go‘yo shundadir.

Boshqa mevalardan bor yana anjir,
Xo‘blikda yo‘q unga o‘xshash va nazir.

Ulardan har biri jonga halovat,
Ma’sumlik timsoli, pok va salomat.

Tiriklik konidan budir bir arkon,
Bu bino to abad bo‘lmasin vayron!

Fors tilidan Mirzo Kenjabek tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.