Jahonga mashhur fransuz shoiri Jak Prever 1900 yil 4 fevralda Frantsiyaning Nyoyi-syur-Sen shaxrida tug‘ilgan. Uning «Oilaviy xotiralar yoki qo‘riqlovchi Farishta» (1930) va «Frantsiyada, Parijda kallalar tushligini tasvirlashga urinish» (1931) ilk yirik dostonlarida syurrealizm ta’siri namoyon bo‘lgan. «Tuproqqa sanchilgan nayzapichoq» (1936), «Votsealar» (1937), «So‘zlar» (1946), | «Ertaklar» (1947), «Tomosha» (1951), «Yomg‘ir va chelak» (1955) kabi to‘plamlar |muallifi. Frantsiyada, ayniqsa, Preverning ishqiy, falsafiy, hazil-mutoyibali lirikasi mashhurdir. Shoir asosan verlibr-sarbastda ijod qilgan. U fransuz kinosidagi «she’riy realizm» yo‘nalishining vakillaridan biri. She’riyati bolalarcha soddalikni, so‘limlik va go‘zal tarovatni o‘ziga singdirganligi bilan ajralib turadi.
Jak Prever 1977 yil Fransiyaning Nyoyi-syur-Sen shahrida vafot etgan.
PIKASSO SAYRI
Toza chinnidan yasalgan
yumaloq likopchada
turar bir olma.
Uning qarshisida
Musavvir
o‘sha asl olmaning
aksini chizmoq uchun
urinar edi.
Lekin olmaga bu
yoqmasdi,
chunki uning aytar so‘zi bor edi
xaltadagi barcha Olmalar nomidan ham!
SENGA, SEVGILIM!
Qush sotiladigan bozorga bordim,
qush sotib oldim
senga, sevgilim!
Gul sotadigan bozorga bordim,
gul sotib oldim
senga, sevgilim!
Zanjir sotadigan bozorga bordim,
zil-zambil og‘ir
undan ham oldim
senga, sevgilim!
Qul sotadigan bozorga bordim,
seni qidirdim
ammo topmadim
seni, sevgilim!
KUZ
Xiyobon o‘rtasida bir ot bormoqda
Uning ustiga barglar to‘kilar
Ot uni orqalab ketib bormoqda
Sevgimiz sovqotib eti junjikar
Quyoshning ham.
* * *
Soxtalik maydonida
tabassumning alvon oti
yo‘rg‘alaydi
Men ham maydon komida
haqiqatning o‘kinch qamchisi
qo‘llarimda sirg‘aladi
O‘rni yo‘q bunda so‘zning
ko‘rib turibman
to‘rt muchalimday haq
tabassuming.
ERKIN MAVZU
Men kepkamni qush iniga aylantirib
qushni esa boshimga qo‘yib
ko‘chaga chiqdim
Shahar hokimi buni ko‘rib so‘radi:
— Biror kimsa salom berdimi?
— Hech kim, janob, — qush qildi javob
— Uzr, men o‘ylabman kimdir
salom berganmi, — dedi
— Uzringiz qabul qildim
hayotda har kimdan ham
xato o‘tadi, —
Qo‘shib qo‘ydi qush.
* * *
Qush tasvirini chizmoq uchun
in rasmin chizmoq darkor —
tuyniklari lang ochiq
Keyin unga qo‘shimcha
chizmoq darkor shuningdek
nimadir go‘zallikdan
nimadir soddalikdan
nimadir ezgulikdan
tasvirga singib ketsin
qush uchun darkor indek
So‘ng tasvirni osmoq darkor
bog‘lar bag‘riga
o‘rmon qo‘yniga
changalzorlarga
daraxtlar ortiga bekinib
biror so‘z aytmay…
Ba’zida qush juda tez qaytar
ba’zan yillab etar muntazir
Noumid bo‘lmasdan
kutmoq darkor
yillar oqimida oqib
sog‘inchdan toliqib bo‘lsa ham
kutmoq darkor.
Qaytib kelsa agar qush
kuzatmoq darkor
jimgina beparvo
inga kirgunga qadar
Kirib olgandan keyin
bekitmoq darkor inin,
juda-juda ohista
so‘ng birma-bir asta
yo‘ldagi to‘siqlarni
ham ikir-chikirlarni
beozor olmoq darkor
hatto birorta pati
chekmasin ozor
Endi chizmoq uchun
daraxt rasmini
eng go‘zal shoxidan berini tanlab
o‘sha qush uchun
shuningdek, chizmoq darkor
yashil barg zumradligin
shaboda salqinligin
quyosh changlarini ham
Shuningdek,
yozning issiq haroratidan
burqigan maysalarni
jonivorlari bilan
chizmoq darkor
o‘sha qush uchun
So‘ng kutmoq darkor
qush sayrashga etsin jazm
Shuncha tasvirni ko‘rib
kuylamasa agar qush
demak chizgan bu surat
mavhumlikdan iborat.
Lekin birdan
sayrab yuborsa u qush
ezgulikdan nishon bu
sarxushlikdan nishon bu
O‘sha payt astagina
patidan birin olib
yozib qo‘ying chetiga
otingizni
ishingizdan qoniqib.
* * *
Men latif bevalikni kutaman,
ham kutib yashayman baxtli sog‘inchni,
Orzumdagi yoniq
Olovuddin chirog‘idan jazmanim
o‘ziga tungi shu’la yaratdi.
Meni u haqsizlikda ayblaganda ham
bir so‘z demadim.
Motam libosini orzu qilaman,
Azaning ko‘ylagi buncha tillorang?
Ishratxonaga kirar ekan u,
nikoh uzugini yechdi qo‘lidan.
Ham u yerdan tanlab oldi
menga o‘xshash bitta ayolni.
So‘ngra butun vujudi bilan
barcha ismi-jismi
ham menga qo‘ygan laqabi qadar
bosirinqi bir kayfiyatda
U ayolni so‘ka ketdi qamchilay ketdi…
Motam libosini orzu qilaman
Azaning ko‘ylagi buncha tillorang
Menga ravo ko‘rmas edi bunday ko‘rgulikni!
Itday vafodor bo‘l!
O‘zimniki bo‘lgil yolg‘iz sen!
Vafo qizi bo‘lsin noming,
bor go‘zallik chiroy manim bo‘lsin, —
deyardi ul ayolga tinmay.
So‘ng birdan menga tashlandi
eng ashaddiy dushmaniga tashlanganidek!
So‘ng meni erkalay ketdi
so‘ng
hayotida ochilgan guli
yolg‘iz ishqi ekanligimni aytib
yig‘lay ketdi u!
Kutaman latif bevalikni men,
ham kutib yashayman baxtli sog‘inchni!
Meni o‘limga mahkum etganim
ham suyganim
ham qotilim
qo‘llarining qonini
ko‘zlarimdan oqqan yoshga
yuvardi.
Fransuzchadan Sharofat Botirova tarjimasi
NAYZALAR YERGA SANCHILSIN
Narsalarni o‘z nomi bilan ataylik
It bu — it,
Kungaboqar bu — kungaboqar,
Lyuksemburg bog‘ida o‘ynayotgan qizcha
Lyuksemburg bog‘ida o‘ynayotgan qizchadir.
Gul — guldan boshqa hech narsa emas,
Lekin papa...
Kim bu, nima degani bu ko‘rimsiz chol?
Shu bois, o‘z diniga sodiq katolik
Ko‘rmoq-chun kinoga tushdi bir kuni
Vatikanning haqiqiy basharasini
va o‘zini juda g‘alati sezdi.
Uning tasavvurida zahil yuzli
Oddiy ruhoniy emas,
Haqiqiy papa... osmon bandasi,
Muqaddas ostona oldida
Farishtalar bilan qurshalgan
Xudo sarkotibi yashardi.
Bu bo‘lsa... bu yapasqi tasvir,
Faqat lotin iboralarin
aytmoqqa erinmaydigan bu og‘iz.
Tugayotgan nasl belgisi-la muhrlangan
bu bosh, bu kalla,
bu salobat, yopishqoq mulozamat,
bu yovuzlik, ayyorlik,
badbin masxarabozlik, bu qiyshanglashlar.
Qimmatga tushuvchi bu firibgarlik —
qisqasi, butun bir vatikanchilik...
Tumorlar... Sanamlar... boyliklar...
Gilamlar... va barcha qulayligi-la
Salon-vagonlar... kumush tish kovlagichu
tilla poezdlar —
olmos hojatxonalar...
Bularning hammasi sodiq katolikni ezadi.
U o‘n olti frank to‘lab olgan kreslosida
O‘zini g‘oyatda noqulay sezadi:
Arzon o‘rinlarda o‘tirgan odamlarning
Kulgisini eshitib, gapini tinglab,
Ko‘proq cho‘kib ketar o‘rindig‘iga:
«Avliyo otamizga bir qara...
Rosa yasanibdi o‘zi ham...
Burnida burundiq yetishmas, xolos...»
Bu pichinglar sodiq katolikni qiynaydi,
Dahshatli savollar urila boshlar
Uning miyasiga daf’atan.
Lekin shu payt papa
Uzining oq ridosini yig‘ishtirib,
Jo‘nab qolar ekrandan.
Film tugar avliyo ota haqda,
Endi paydo bo‘lar boshqa manzara:
Italiya uchuvchilari habash qishlog‘ini
Bombardimon qila boshlaydi birdan
Va haqiqiy katolikning ko‘z yoshlari ham
Birdan quriy boshlar,
Ko‘ksiga uyatning o‘rniga endi
Quvonch to‘la boshlar, qo‘llari esa,
Beixtiyor mushtga aylanar,
Harbiylarni g‘oyat hurmat qiladi,
Harbiylarni hamisha sevgan u,
Mozoristonlarni, qabrtoshlarni...
dafn udumlarin... Kalla suyagining uyumin
Hamisha sevgan bu katolik...
Ekranda yorilgan habashni qiruvchi har bir bombadan
Quvonchiga so‘z topa olmay,
Chiyillab yuborar, qiyqirib yuborar.
Qirg‘in manzarasin tomosha qilib,
Quvonadi o‘zining tirikligidan:
O‘zlarini Iso va Mussoliniga baxsh etgan
dindosh o‘rtoqlarin osmonda ko‘rib,
Muqaddas qushxona farishtalarin,
Uchuvchi,
pulemyotlarni ko‘rib,
Shodligidan mast bo‘lar katolik,
Kresloga oyoqlari bilan chiqib ketadi...
Vahshiy katolik — savdogarlarni
Vahshiy qiyqiriqlar olqishlaydi,
Yuragi tepgan sari to‘lib ketaverar shodlikka,
Jazavaga qattiqroq kiraverar u:
Payt kelib, bir kuni albatta u ham
Ekrandagi kabi qon to‘kajak.
Yo‘qsillaru qora tanlilar qonin.
Ammo o‘z g‘ayratidan o‘zi charchab qolar
bu jikkak, kichkina, kichkinagina,
Sho‘rlik, nihoyatda ayanchli, ko‘rimsiz katolik!
Seans davom etar,
Ekranda ajoyib hayvonlar ko‘rinar,
ammo bu ajoyib hayvonlar
yana g‘oyib bo‘lar bir zumda.
Chunki Vatikanning asl basharasini
yana bir bor ko‘rsatishmokchi...
Manzara Rim kvartallarin tasvirlar,
So‘ng ikki odam paydo bo‘lar ko‘chada,
Lekin hech kim ko‘rmas ularni,
Tomosha qilmaydi tomoshabinlar,
Ulardan biri — Parijda qorovul bo‘lgan
Ikkinchisi — italyon, ishsiz,
cho‘ntagida chaqa yo‘q italyon.
U rimlik va Rimda ochdan o‘lmoqda.
Ular ekrandan G‘oyib bo‘lganda,
Zaldagilar sezmas buni ham,
ammo sayr etadi ikkovi
Rim bo‘ylab yana,
Italyon imo qilar yo‘ldoshiga,
Parijlik qorovul tushunar darrov,
So‘zsiz,
Tarjimonsiz tushunar.
Birinchi ishora — belni kattiqroq tut, degani,
Ikkinchisi — vitrinalarga taallukli,
tosh yo‘l uzra egilib,
Kaft bilan ko‘rsatilgan imo esa,
Oiladagi bolalarning bo‘yini,
Ularning juda-juda kichkinaligin tasvirlar
Barmoqlar — bolalar sonin aytadi,
Rimlikning uch bolasi bor,
U ishsiz yuribdi ko‘chada,
Shu taxlit suhbatlashib ketadi ular.
Yaxshi tushunadi parijlik
Imolar orqali rimlikni.
DUNYODAN UZILGAN UMID
Xiyobonda,
Skameykada
Bir odam o‘tirgan bo‘ladi:
Siz o‘tib qolsangiz yo‘lakdan
Albatta, yoniga chaqirar sizni —
Egnida g‘ijimlangan kamzul,
Ko‘zida ko‘zoynak bo‘ladi uning
Va siz o‘tib qolgan zahoti,
Yoniga chaqiradi sizni
yoki horg‘in imlaydi.
O‘shanda qaramang siz unga,
O‘shanda tinglay ko‘rmang so‘zini,
Go‘yo eshitmaganday,
Go‘yo ko‘rmaganday o‘tib keting tez,
Basharti siz bilmay, qarab qo‘ysangiz
Sizni chaqirganda, quloq solsangiz,
U sizga shu zahot joy ko‘rsatadi
Qo‘li bilan yoki nigohi bilan,
Keyin sizda uning yoniga
O‘tirmoqdan boshqa iloj qolmaydi,
Iltimos kutmas u, surilib darhol
Joy berar, iljayar sizga tikilib,
Siz birdan iztirob cheka boshlaysiz,
Tabassum qilar u,
Sizning ham labingiz
Sizga bo‘ysunmasdan
iljaya boshlar.
Iljayib turib siz
Azoblanasiz,
Azoblanar ekan,
Unga iljayasiz, betinim,
Skameykada qotib o‘tiraverasiz
Uning sevgilisi singari.
Yoningizda esa bolalar o‘ynar,
O‘tkinchilar o‘tib-ketib turadi
Va qushlar uchadi,
O‘z parvozini
Yuksak-yuksaklarga sanchadi.
Lekin siz yonida o‘tiraverasiz
Uning sevgilisi o‘tirgan kabi;
Birdan o‘zingizni bebaxt sezasiz,
Go‘yo o‘ynayotgan bolalarga o‘xshab
Siz o‘ynab yurmaysiz endi hech qachon,
Go‘yo o‘tayotgan shu yo‘lovchilarday
Xotirjam yurmaysiz endi, xotirjam,
Go‘yo siz qushlarday, shu uchayotgan,
hech qachon uchmaysiz endi,
Hech qachon.
M.Solih tarjimalari
TUNGI PARIJ
Birin-ketin
Yondiraman
Uchta gugurt cho‘pini:
Yuzlaringni ko‘rmoq uchun
Yondiraman birinchisini,
Ko‘zlaringni ko‘rmoq uchun
Yondiraman ikkinchisini,
Lablaringni topmoq uchun
Yondiraman uchinchisini.
So‘ng ko‘rganim unutmay deya
Seni quchoqlayman
Zim-ziyo tunda.
Xurshid Davron tarjimasi