TOG‘LAR MADHI
Qoyalarning rangiga monand –
Goho qiyin erur ajratmoq.
Ona qishloq turar omonat –
Cho‘qqi uzra misoli qalpoq.
Yonbag‘irlar ko‘m-ko‘k maysa o‘t,
Quroq-quroq hovlilar, bog‘lar,
Ko‘kda kezar bir parcha bulut,
Nurga cho‘mgan yaqin-yiroqlar.
Chor-atrofda to‘lqinlar go‘yo –
Tog‘lar turar saf tortib, qator.
Ba’zilari sokinu ammo,
Ba’zisida ajib shiddat bor.
Bulutlarga bosh qo‘ygan biri,
Pahlavonday turar qad kerib.
Hu boshqasi – zamin asari,
Yotar yerga ko‘ksini berib.
Tog‘lar safi karvonga o‘xshar,
Bir karvonki, uzilmas keti.
Bolalikda so‘nggi cho‘qqilar,
Dunyo cheki tuyular edi.
O, tog‘larim, ko‘nglim sarvari,
Garchi ba’zan yiroqsiz ko‘zdan.
Yuksaklarga hamda nur sari,
Intilmoqni o‘rgandim sizdan.
Buyuklikni qilardim orzu,
Cho‘qqingizga boqqancha masrur.
Asli sizdan bu she’riy tuyg‘u,
Siz tufayli qalbimda g‘urur.
Tog‘ oldida qarzdor yurtdoshlar,
Tikilingiz, u emas ro‘yo:
Tuman ichra cho‘qqilar safar –
Kemasiga o‘xshagan goho.
To‘fonlarni qilmasdan pisand,
To‘siqlarni, g‘ovlarni tilib.
Kezsam deyman u bilan payvand,
Mangu qorlar yelkanin ilib!
Kelmoqdaman, quchog‘ingni och,
Ey, sevimli tog‘lar diyori!
Madhing kuylay, qalbimda quvonch,
Yangrashga shay tuyg‘ular tori.
Nosir Muhammad tarjimasi