OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Emili Bronte (1820-1848)

Emili Bronte (1820-1848) o‘zining “Balandliklar” romani bilan ingliz adabiyotida o‘ziga xos o‘rin tutadi. Shuningdek, shoiraning “Meniki emasdir imonsiz yurak”, “E’tiqod”, “Mahbus”, “Ko‘hna matonat”, “Xotiralar qo‘shig‘i”, “So‘zla, sevgilim” va boshqa ko‘plab she’rlari to hozirgi davrgacha millionlab she’riyat ixlosmandlari tomonidan hanuz sevib o‘qib kelinmoqda.

UMID O‘LKASI

Umid, mening yagona do‘stim,
Qaylardasan?
Bergin-a ovoz!
Qara, taqdir bunchalar zolim,
Kular, kular…
U – masxaraboz!

Chaqir ekan hayot so‘qmog‘i,
Quruq kunlar o‘tar izma-iz.
Umidsizlik tutar qiynog‘i –
Nahot mendan o‘girgansan yuz!

Shum raqibday aldovga otib,
Pinhondirsan, xilvatda jimsan.
Yig‘layotsam, ko‘z-yoshga botib –
Kuladirsan…
Ayt, o‘zi kimsan?..

Umid,
dushman bo‘lmagin aslo,
Yuraklarim ezilgan, kuygan.
Qayg‘u holim qilar tomosho,
Hayotimga g‘am hokim bo‘lgan.

Umid, sensan yolg‘iz ilinjim,
O‘zing malham dardimga har vaqt.
Yana meni yashashim uchun
Bir kun qaytib kelasanmi, ayt?

MUHABBAT VA DO‘STLIK

Muhabbat bu – eng chiroyli gul,
Do‘stlik esa qadrdon daraxt.
Suyganim shu qizil atirgul,
Suyanganim bo‘lsa sarbaland.

Ko‘klam chog‘i ochilgan gulim,
Yozda bo‘lgay yana-da so‘lim.
Lek qahraton chog‘ida meni
Tashlab ketmaysanmi, sevgilim?

Kimdan topay jonimga qadr?
Yuragimga sodiq qay inson?
Hayotimga kirar dekabr –
va boshlanar zarur imtihon.

MANGU OROMGA QADAR…

Men mangu oromga ketar chog‘imda
Ohkim, na hayajon va na bir g‘ussa –
ruhim to‘ldirolmas…
Ucharman asta,
na yomg‘ir va na qor yog‘ar boshimda…
Taqdir atamasin hech bir in’omin,
Yashadim goh baxtli, goh baxtsiz bo‘lib –
Ko‘zlarim yumarman huzurga to‘lib,
Xudo nari qilg‘ay jahannam domin!

Shunday tilak qildim, hamon tilarman –
Umrim so‘nggigacha asrasin Olloh!
Bu ikki olamga sig‘magan bir ruh
va bir xasta dil-la tun-kun ucharman.
O‘lim ajratgaydir tandan bu jonim,
Valek majruh dardim qolgay ichimda.
To so‘nggi nafasim – o‘lar chog‘imda
O‘zimda qolgaydir shu pok imonim!

Men mangu oromga ketar chog‘imda
Ohkim, na tabassum va na tomchi yosh –
endi hayotimga bo‘lmagay yo‘ldosh…
Bari savdo tugar g‘arib boshimda!..

MENIKI EMASDIR IMONSIZ YURAK

Meniki emasdir imonsiz yurak,
Qoraygan olamda yashamasman men:
Ko‘rarman Xudoning jamolin porloq,
Ishqim meni Haqqa yetkazur tayin.

O, kuyuk ko‘ksimga jo bo‘lgan Rahmon,
Parvardigor, sensiz yashashim harom.
Hayot bu qo‘shqo‘llab berilgan ehson,
Hayotsiz bo‘lsam ham oshiqman tamom!

Ming-minglab majruh dil to‘la yer yuzi
Arang aylanadir koinot uzra.
Bir ishqsiz o‘tarlar o‘shalar bari,
Vaslingdan umid yo‘q ularga zarra…

Gar qalbda tug‘ilsa badniyat, shubha
Sendan uzoqlashib bo‘lgaymiz shakkok!
Yo, Tangrim, ishqingdan ayirma sira –
Tokim huzuringga boraylik oppoq!

Bu ikki olamga sig‘mas dard ila
Ruhim istayverar go‘zal jamoling.
Shukrkim, bizlarni aziz etding-da
Yaratding, o‘stirding va qismat berding.

Gar yerda qolmasa biror tirik jon
Va Quyosh to‘xtasa, Olam to‘xtasa,
Sening hukming ila jonlanib osmon,
So‘zingdan yaralur yana har maysa.
Alqissa, O‘limga yo‘qdir hech muhlat,
Hech bir kuch-da unga kela olmas bas.
Tangrim, sen abadiy Ulug‘san, albat,
Sening borliging bu – Hayot va Nafas!

Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.