Paskal Petit Parijda tug‘ilgan, bolalik va yoshlik yillari Fransiyada va Uelsda kechgan. Hozir Londonda yashaydi. Uning uchta to‘plami va ikkita she’riy pamfletlari chop etilgan. 2004 yilda u Kelajak shoirasi deb tan olingan. Uning ikki to‘plami “Hayvonot bog‘i asoschisi” (Seren, 2001), “Ovchi ayol” (Seren, 2005) T.S. Eliot mukofotiga loyiq ko‘rilgan va “Times Literary Supplement” nashrida “Yil kitoblari” deb e’tirof etilgan. “Hayvonot bog‘i asoschisi” Badiiy kengashning Ingliz yozuvchilari mukofotiga , shuningdek, Yangi London yozuvchilari mukofotiga sazovor bo‘lgan.
U ilk marotaba nashr etilgan she’riyat maktabi antologiyasining muharrirlaridan biri hisoblanadi. Royal San’at kollejida haykaltaroshlikdan saboq olgan. Paskal “London poeziyasi”ning muharriri hamda hammuallifi sanaladi va ushbu nashrda 1989 yildan 2005 yilgacha she’riyat bo‘limi muharriri sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Uning she’rlari bir necha marta Bi-bi-si radiosining dasturlarida yangragan, Buyuk Britaniya, AQSh va Avstraliyada chop etiladigan Poetry Review, Modern Poetry in Translation, American Poetry Review, Kenyon Review, Poetry Wales va Quadrant kabi ko‘plab jurnallarda e’lon qilingan.
Uning she’rlari xitoy, litva, fors, portugal, ispan, nemis, dat va rumin tillariga tarjima qilingan. “Hayvonot bog‘i asoschisi” asarining ikki tildagi, ya’ni ispan va ingliz tillaridagi nashri Mexikoda chop etilgan.
She’rlari o‘zbek tiliga ilk bor tarjima qilinmoqda.
Barglar orasinda tosh qotgan ma’vo,
tikilgum, yuz ochar toza, ko’k patlar,
ko’zimga suratin chizadi havo.
Ko’rgum, odam chiqsa bo’lar joygacha
Tugamas daraxtning tanasi, ammo
Yetib borar joyi bir guli archa
stratosferni yorar samo patlari
havorang o’rmonda inja tolaning
ko’kish, ba’zan esa oq qat-qatlari
hali tun kirguncha sir yaproqlari
birdan bosh ko’tarar yulduzlar bilan –
ular nur daraxtin miltiroqlari.
QUSHLARNING YARATILISHI
Yulduz nuri bilan qushlar chizgum bot,
Ish qancha qiyindir, shuncha zo’r qanot –
ularning nuri ham quyoshli, oyli.
G’aroyib tovushli nay bor chiroyli,
g’ijjak cho’tkasidan chizilgan surat,
tanholik onida g’o’ng’irlar faqat.
Qo’yib yuboraman qurimay bari
dilgir va nurlidir ashulalari.
Ko’hna o’rmondagi inlari yolg’iz
daraxtlarimiz-chun vaqtincha og’iz.
Buyuk ko’chish uchun tayyor turarlar,
Zamin qafasiga o’zni urarlar.
ATLAS PARVONA
Atlas parvonaning ochilgan qanoti
Xitoy xaritasi bo’lishi mumkin.
Mana ikkita Buyuk Devor.
Har bir old qanotdagi Manjuriya uchida
Yirtqichlarni qo’rqitish-chun ajdaho boshi.
Ammo nima ekan hov darichalar
Kristall donachalarga nur tushgan joyda?
Go’yo zamin qobig’ida darichalar bor
kechqurun ma’lum bir paytlarda ochilar ular.
Yangi paydo bo’lgan atlas
qo’limda qoladi, birinchi parvoziga isingan holda
yangi dunyo misol tebranadi u.