Vilyam Shekspir 1564 yilning 23 aprelida Angliyaning Sretford shahrida dunyoga kelgan.Unig otasi shahardagi obro'li hunarmandlardan biri bo'lib, hatto bir marta shahar meri lavozimiga ham saylangan. Vilyam 18 yoshida davlatmand qo'shnisining qiziga uylanadi. Ularning oilasida uchta qiz dunyoga kelgan.
Taxminan 1587 yilda Vilyam Shekspir Londonga ko'chib boradi va 1593 yilda Jems Berbej teatrida aktyor, rejessor va dramaturg sifatida xizmat qila boshlaydi.
Umri davomida jami 37 p'esa yozgan Shekspir ijodi uch davrga bo'linadi. Birinchi davrda yozilgan asarlari rang-barang quvnoq komediyalardan iborat. Bular 'Yoz kechasidagi tushl' (1595), 'Venetsiya savdogari' (1596),'Hech narsadan ko'p g'avg'o' (1598), 'Bunisiga nima deysiz?' (1599), 'O'n ikkinchi kecha' (1600) va boshqalar.
Xuddi shu davrda u ingliz tarixidan olingan 'Richard III', 'Richard II', ikki qismdan iborat 'Genrix IV' tarixiy p'esalarini, 'Romeo va Jul'etta' hamda 'Yuliy Sezar' singari fojialarni yaratdi.
Shekspir ijodining ikkinchi davri 1601-1608 yillarga to'g'ri keladi. Bu davrda buyuk dramaturg ijodining shoh asarlari sifatida tan olingan 'Hamlet' (1601), 'Otello' (1604), 'Qirol Lir' (1605), 'Makbet' (1605),'Antoniy va Kleopatra' (1606), 'Koriolan' (1607),'Afinalik Timon' (1608) fojialari dunyoga keldi.
Adib ijodining uchinchi davri 1609-1612 yillarni o'z ichiga oladi.Bu davrda u tragikomediyalar yozadi: 'Simbelin' (1609), 'Qish ertagi' (1610), 'Bo'ron' (1612).
Umrinig so'nggi yillarida Vilyam Shekspir Londonni tark etib ona shahriga qaytadi va 1616 yilda aynan tug'ilgan kuni - 23 aprelda vafot etadi.
Uyimga qaytaman charchab, xuddi mast,
Charchoqlarim olib ketsin deb kecha -
Ammo,tan uxlaydi-yu, fikr uxlamas,
Bari bir u orom topmas tonggacha.
Yana xayol seni ketadi izlab,
Yana xayol uchar sen tomon ilhaq -
Yana uyqu bilmas toliqqan ko'zlar,
Zulmatga tikilar so'qirday befarq.
Qalbim ko'zi bilan ko'raman seni,
O, bu ko'z o'zgani ko'rgisi kelmas.
Jamoling yoritar bu dam qalbimni,
Bunday dam o'lim ham battollik qilmas.
Hayot ikkimizga bermas farog'at,
Kecha-kunduz fikr topolmas rohat.
Charchadim va lekin qaydan kuch topay,
Qaydan olay tolg'in vujudga mador?
Kunduzgi charchog'im hali tark etmay,
Tuni bilan yana tafakkur bedor.
Kunduz bilan kecha - bamisli g'anim,
Ikkovi do'stlashar menga kelganda -
Kuni builan orom topmaydi tanim,
Sog'inchlar uxlashga qo'ymaydi tunda.
Rahm qilar deya aldayman kunni,
Bolang go'zal,deya tongni quchaman.
Zulmat chog'i esa aldayman tunni,
Aytaman:'Seni deb tongdan kechaman!'
Ammo tong keltirmas dilimga orom,
Ammo qayg'u bilan kelar yana shom.
Qismatu dunyodan bo'lib norozi,
Holimga achinib yig'layman o'zim,
'Nega sen mendan hech bo'lmaysan rozi?' -
Deb sassiz falakka tikaman ko'zim.
Shunday dam erk berib aldoq hislarga,
Telbaday goh yig'lab, goho kulaman.
Yig'lab kulamanu baxtli do'stlarga,
Omadli do'stlarga hasad qilaman.
Nogoh eslaymanu chehrangni tuyqus,
Ojiz tuyg'ularim uzra uchaman,
Quyoshga yuzma-yuz,baxtga yuzma-yuz
To'rg'aylarday uchib tongni quchaman.
Sening muhabbating shuncha bebaho,
Alishmasman toju taxtlarga hatto!
Men o'lim tilarman, rohatbaxsh o'lim,
Ne qilay, ko'nmasam ortiq xo'rlikka.
Siz tomon cho'zilmas tilanib qo'lim,
Boshimni egmasman endi ko'rlikka.
Ne qilay, pastkashlik yuksalsa yana,
Bokira or-nomus etilsa badnom.
Kuch iymon ustidan qilsa tantana,
Zaiflik Qudrat deb olsa agar nom.
To'g'rilik ustidan zo'r kelsa yolg'on,
Donolar nodonga egilsa, netay?
Mudom haqiqatning bag'ri bo'lsa qon,
Shafqat yovuzlikka qul bo'lsa, netay?
Netay, barchasidan dil bo'lsa bezor -
Faqat sening ishqing qo'ybermagay, yor.
Xurshid Davron tarjimasi
CXXVIII
Men ishonib, aldanaman sevgilimga,
Qasam ichsa, haqiqatdan yaraldim deb.
Navqironlik kerak axir bu dilimga,
Garchi yolg‘on suyanmoqni ko‘rmayman ep.
Kaminani qirchillama o‘ylar pari,
Magar bilar o‘tib ketgan u kunlarim.
O, ko‘ngilga yoqarmikin yolg‘onlari,
Ikki tomonda ham haqning umri yarim.
Qiziq, o‘zin yolg‘onchi deb sanamas u,
Men ham aslo tan olmasman qarilikni.
Bu muhabbat rost ko‘rilsa ajib tuyg‘u,
Yosh tanlamas ekan do‘stlar sevgi hukmi.
Shu tufayli bir-birimiz aldab har gal,
Xushomad-la hayotimiz topur sayqal.
XXI
Serjilo ranglarga burkangan, go‘zal
Ilhom parisiga berilgan misol,
Firdavs jamoliga berguchi sayqal
She’rday bo‘lolmadim omadli, xushhol
Na quyosh bo‘ldim men, na hilolga xos,
Tuproq ham dengizda marjonga do‘ndim.
Boychechak kundayin ochilsa qiyg‘os,
Ming xil ochilmagan onlarga ko‘ndim.
O, sevgi, men senga sodiqman, faqat
Haqni yozganimda ishoning, atay,
Ishqim go‘dak kabi beg‘ubor abad,
Garchi yorqin emas jannatiy shamday.
Har neni ko‘klarga otmoqqa ruxsat,
O’zni maqtamasman, sotishmas - maqsad.
LIV
O, buncha nurafshon tuyular ko‘zga,
Haqiqat ortida ajib tarovat.
Gulda ham ko‘rilgay latofat o‘zga,
Magar xush ifor-chun sevilgay g‘oyat.
Bul chaman qo‘ynida bor sirli bo‘yoq,
Go‘yo atirgulday bo‘lar namoyon,
Saraton nafasi yaqindir biroq,
Niqobli gullarga berguvchi poyon.
Ularning bor-yo‘g‘i qup-quruq savlat,
Bemaqsad, behurmat bir kun o‘lgaydir.
Atirgul undaymas, yasharu sarmast,
Ajib is taratib, shirin so‘lgaydir.
Eh, go‘zal joziba, suyukli yoshlik,
O’tar she’rim bilan qadru dildoshlik.
LV
Na marmar, na tilla shohona haykal
Bu kuchli qofiya umrin yashaydi;
Ya’ni vaqt toshga ham shafqat qilmas sal,
Demakki, yorqinroq nur sochmoq payti.
Yodgorlikni yiqar urush olovi,
Bir-bir yer sahniga qular tosh uylar,
Lek qilich ololmas ham o‘tli yovi,
Toshqinday qaynasa hayotbaxsh o‘ylar.
O’lim va g‘arazgo‘y xotirga qarshi
Shaxdam yur, toki bir yo‘lni topgaysan.
Kelajak qoshiga kelingay garchi,
Bir kuni ustingga o‘lim yopgaysan.
To o‘zing so‘roqqa turguncha mahshar
Oshiqlar ko‘zida yurmoq yarashar!
LXV
Azaldan parishon inson zotini
Tebratar tosh-tuproq va so‘ngsiz dengiz.
Go‘zallik qandayin turar botinib,
Kimning kuch-g‘ayrati guldan-da tengsiz?
Shiddatli kunlarning qurshoviga qay
Saraton nafasi qarshi turgaydir.
Fursat jim mustahkam qoyaga yetgay
Ham po‘lat darvoza tomon kirgaydir.
O, qo‘rqinchli xayol, nahot zo‘r marjon
Vaqtning sandig‘ida yotsa biqinib.
Oyoqda turmoqqa bormi so‘ng imkon,
O’tgan go‘zallikdan bo‘larmi tonib?
O, mo‘‘jiza, kelib, huzurimda tur,
Shunda siyoh ichra sevgim nurlanur.
LXVI
To‘ydim, o‘lim uchun yig‘layman endi,
Go‘yo cho‘l ko‘rmoqqa tug‘ilgan qashshoq,
Har ishim qoshiga na quvonch indi,
Na ishonch pokiza purbaxtga xosroq.
Jimgina yo‘qoldi yaltiroq sharaf,
Ham shuhrat o‘rnida paydo bo‘lmish fahsh,
Buzdi to‘g‘ri qonin shum yolg‘on taraf,
Mardlar yuz ko‘rsatur noqobil, sarkash.
Zug‘umlar ostida tug‘ilgan san’at,
Nuqul telba tabib mahorat sinar.
Noma’qul ko‘rilmish asl haqiqat,
Neki asir bo‘lsa, bor mening ginam:
To‘yib hammasidan ketgayman nari,
O’lim-la bir sevgim qolar sarsari.
A'zam Obidov tarjimasi
1
Istaymiz, go‘zallar bo‘lsin ziyoda,
Go‘zallik barq urib, yashnasin abad.
Atirgul qovjirab, to‘kilgan onda,
Nozik gulg‘unchasi ochilsin faqat.
Sen esa yoshliging, yurak otashing
Husningga sarf etib, ey sohibjamol,
To‘kinlik bor joyda ochlikdir ishing,
Ki senga yovdir ul, g‘animdir qattol.
Latofat bormidir chiroyingdek sof?
Bahor darakchisi o‘zingsan, illo.
Xasislik aylabon etasan isrof,
Kurtakni mahv aylab botining aro.
Dunyoga rahm qil, qoldir shu yerga,
Zuryodingni olib ketma qabrga....
2
Qirk qahraton qishning ayoz shamoli
Iz solsa manglaying, yuzlaringga, hay,
Qayda qolgay sening husnu jamoling,
Tengsiz latofating qaylarda qolgay?
Qani deb so‘rsalar soching to‘lqini,
Yonog‘ing yolqini? Bugun u soya...
So‘niq ko‘zlarimda deysanmi uni?
Javobing qo‘zg‘atur kulgu, kinoya.
Va lekin javobing bo‘lar munosib,
Gar desang:boqingiz bolalarimga.
Ko‘rku tarovatkim, etmishdi nasib,
Baxsh etdim gullarim, lolalarimga...
Sening tomiringda soviyotgan qon
Ularning jismida gupurar bu on.
3
Ko‘zguga ko‘z solib, suvratingga boq,
Endi bu timsolni takrorlash lozim.
Yo‘q desang, dunyoga tushadi titroq,
Ayolni baxtidan etasan mahrum.
Qaysi dilbar senga quchog‘in ochmas,
Qaysi jonon ko‘rmas mehrini ravo?
Shuncha xudbinmisan, o‘zing bilan mast,
Avloddan o‘limni ko‘rasan avlo?
Onang senga boqib, ko‘rar o‘tmishin,
Umrining bahoriy ayyomlarini.
Sen ham keksayganda ko‘rishing mumkin
Bolangda yoshliging davronlarini.
Dunyodan toq o‘tsang, yolgiz befarzand,
O‘larsan,timsoling ketar sen bilan....
18
Seni yoz kuniga etaymi qiyos?
Bir ajib go‘zalsan, sokina, dilbar.
Shamol yulqib otar chechaklarni, bas,
Yozimiz qisqadir, hademay o‘tar.
Goho ko‘kda quyosh qamashtirar ko‘z,
Goho bulutlardan osmon ham xira,
Bir zumda xuftondir, bir lahza kunduz,
Xullaski, tabiat tinchimas sira.
Ammo sening yozing o‘zgacha, bo‘lak,
Quyoshing charaqlab sochadi yog‘du.
O‘lim soya sololmas, malak,
Shoirning she’rida hayotsan mangu.
To tanda jon bo‘lur, to ko‘zlarda nur,
Yasharsan tiriklar ichra bir umr....
19
Sherning tirnog‘ini sindir, ey zamon,
Tuproqqa qorishtir mavjudotlarni.
Yulbars tishlarini qo‘par beomon,
Qaqnusni o‘tda yoq, qoldirma parni.
Qishdami, yozdami, kuzda, bahorda
Kulguni ko‘zyosh et, ko‘zyoshni kulgu.
Har ne qilsang qilgil shomu nahorda,
Bir gunohdan tiyil, iltimosim shu:
Manglayiga ajin solma do‘stimning,
Munis chehrasini abgor aylama.
Dilbar qiyofasi, jamoli uning
Barcha zamonlarga bo‘lsin namuna.
Magar qilg‘ilikni qilsang ham, zamon,
U mening sherimda qolur navqiron....
26
Ey sevgim sarvari, tavozu ila
Arzim bayon etay, eshitgil meni.
Ehtiromim bitib, yo‘lladim senga
Shu qalbim sog‘inchi, salomnomani.
Fazilating buyuk, qalamim ojiz,
So‘zlarim tuyular yalang‘och, g‘arib.
Lekin sen marhamat sari burib yuz,
O‘qirsan ularni, libos kiydirib.
Boshimda porlagan baxtim hulkari
Yo‘limni yoritib, manzilimni ham,
Juldur choponimni itqitib nari,
Balki to‘n kiydirar menga mo‘htasham.
Sevgimni maqtanib aytaman unda,
O‘shangacha esa yurgum panada...
30
Qachonkim xayolga erk berib, fursat,
Kechgan kunlarimni nogoh eslasam,
Bag‘rimda tirnalur eski jarohat,
Alamlar qo‘zg‘alur yana yangidan.
Shunda ko‘zlarimdan sochilar yoshim,
Do‘stlarim ketdilar aytib alvido.
Qayda qoldi deyman sevgim, quyoshim,
Kimlarni yo‘qotdim, nelardan judo...
Evoh, g‘am ustiga yana g‘am kelar,
Yig‘layman, xotirga olsam ularni.
Garchi to‘lagandim ilgari tugal,
Boshqatdan to‘layman to‘lovlarimni.
Ammo seni har gal o‘ylasam, do‘stim,
G‘amlarim tarqaydi, topaman taskin...
39
O, seni tariflab, nechuk madh etay,
Axir,biz bittamiz, bir jonu bir tan?
Qanday qilib endi o‘zimni maqtay,
O‘zimni maqtayman seni maqtasam.
Shuning chun bir birdan yashaymiz ayru,
Toki ayriliqda yurib hamisha,
Madh etay ko‘rkingni, latofatingni,
Chunki madh etishga loyiqdir o‘sha.
O, hijron oshiqqa alamdir, azob,
Ayriliqda chekar oshiq intizor.
Lekin hijron aro, ayo mohitob,
Shirin umidlarning lazzati ham bor.
Men senga yiroqdan boqib har mahal,
Suvrating chizaman yorqin, mukammal...
46
Ko‘zim bilan qalbim talashar nuqul,
Ki go‘zal qiyofang yashaydi kimda?
Ko‘zim deydi: mening qarog‘imda ul,
Yuragim deydiki, yashaydi menda...
Ko‘zim ont ichadi: kechadir kunduz,
Oyinamda erur jamoli uning.
Yurak qasam ichar: misoli yulduz
Menda charaqlaydi timsoli uning...
Fikru mulohaza hukmida bu ish
Ko‘rildi oqibat, gapning xullasi,
Aytildi: nimadir yurakka tegish,
Nimadir ko‘zlarning haqqi, hissasi.
Jonim, suvratingni ko‘zlarim oldi,
Sevgi, muhabbating yurakda qoldi...
50
Yo‘l bosib boraman mashaqqat bilan,
Horigan bedovga o‘zni ortmoqlab.
Evohki, har bitta bosganda qadam,
Baxtimdan ketaman yana yiroqlab.
Otim oshiqmaydi, ayondek go‘yo
Unga yuragimning qayg‘usi, zori.
Yo‘lda oshiqarmi yo‘lovchi aslo,
Ortida qolarkan suyukli yori?
Men qamchi uraman, otim sakramas,
Faqat mungli kishnab, beradi javob.
Otim kishnar ekan mungrab, shu nafas
Mening yuragimga tushar iztirob.
Deyman o‘z-o‘zimga: hamrohing endi
Qayg‘udir, quvonching orqada qoldi...
51
Sendan yiroq tushib, yo‘llarda dilxun,
Ketganman otimning qadamin sanab.
Jonim, ayrilmoqqa oshiqay nechun?
Ammo, sen tomonga yursam, boshqa gap.
Unda tuyog‘idan chaqnab chaqinlar,
Otim qo‘zg‘alarkan, qo‘zg‘alur bo‘ron.
Shunda ham men uni qistardim magar,
Muncha imillaysan, deya har zamon.
Unda yo‘l deganning chiqardi changi ,
Otim qanot yozib misoli duldul,
Garchi bo‘lsa hamki oriq, qirg‘anchi,
Uchqur xayoldanam o‘zar edi ul.
Sendan ketganda gar sust edi, yalqov,
Ammo senga bursam, o‘t bo‘lur, olov...
54
Go‘zallik go‘zaldir yuz bor, agarda
Bag‘rida haqiqat esa oshkor.
Atirgul so‘limdir, yana har lahza
Taralib turguvchi xushbo‘yi ham bor.
Xuddi atirguldek ko‘rku chiroyda,
Ayni tikonlidir zaharli gullar.
Yoz kelib,chechaklar ko‘kargan joyda,
Dalalar qo‘ynida yashnaydi ular.
Ularning bisoti husnidir faqat,
Tugar husni bilan umri, bahori.
Ammo atirgulda bitsa tarovat,
Iforga ko‘chadi umrining bori.
Demagil: bir kuni qolurman so‘lib,
Sherimda yashaysan atirgul bo‘lib...