OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Pablo Neruda (1904-1973)

http://ziyouz.com/images/pablo_neruda.jpgNeruda Pablo (taxallusi; asl ism-sharifi Neftali Rikardo Reyes Basualto) (1904.12.7, Parral sh. - 1973.23.9, Santyago) — Chili shoiri, diplomat. Santyago universitetida ta’lim olgan. Chili Senatining a’zosi va diplomat sifatida ko‘p mamlakatlarda bo‘lgan.

«O’lmaydigan odamning xatarli qadami» (1926) to‘plamida she’rning an’anaviy o‘lchamlari va krfiyalaridan voz kechib, ichki kechinmalarni syurrealizmga yaqin til va obrazlar bilan ifodalagan. «Yashash joyi — Yer» (1933, 2 jild), «Yurakdagi Ispaniya» to‘plamlariga kirgan asarlarida insoniyat ozodligi uchun kurash goyalari aks etgan. 

Neruda 1941—44 yillar marksizm bilan qiziqadi, Chili kommunistik partiyasiga a’zo bo‘ladi. Shu yillarda Chili prezidentini «AQSh qo‘g‘irchog‘i» deb haqorat qilganlikda ayblanib, hukumat tomonidan ta’qib ostiga olinadi. Neruda Meksikaga ketadi va u yerda 340 she’rdan iborat monumental asari «Umumjahon qo‘shig‘i» (1950) ni yozadi. Asarda Lotin Amerikasining o‘tmishi va buguni marksistik nuqtai nazardan talqin etilgan. Kitob Chilida taqiqlangan, kommunistlar uni yashirin tarqatishga uringanlar. 

Shoirning 1950—60 yillar ijodi Neruda fikr doirasining kengayganidan, poetik mahoratining yanada takomillashganidan dalolat beradi: «Sevgi haqida 100 sonet», «Chili toshlari» (1960), «Diniy marosim qo‘shiqlari» (1961), «Qiyomat» (1963) she’riy to‘plamlari, «Qora orol memoriali» avtobiografik dostoni (1—5-jildlar, 1964) va boshqalar. Toshkentda bo‘lgan. Nobel mukofoti laureati (1971). (“O’zME”dan)

BIRDAMLIK QASIDASI

Bilasanmi,
nima gap u yoqlarda?
Kimga qo‘shilasan?
Bilasanmi?
Kimga?
Bordiyu bir balo yuz bergan bo‘lsa —
aybing bor muqarrar bunda
sening ham!
Agarda bilmasang,
ogohlantiray:
bilib qo‘y
sen chetda
tura olmaysan.
Qayda sening qalbing?
Og‘zing qayda?
Nega baqrayasan
meni tushunmay?
Ko‘zingni,
tilingni
yoki qo‘lingni
yoki umidingni yo‘qotganingni
birdan ko‘rib qolgan
Hoy falon,
pistonchi,
yo pismadonchi,
Shunday bo‘lishi ham
mumkinmi axir?
Eng aziz narsangdan ajrala turib
buni sezmasliging mumkinmi axir?
Uxlab ketyapsanmi?
Nima yeganding?
Minglab odamlarning
ko‘zlarini sen
bilmasmiding axir?
Kirmaganmiding
odam singari...
oshxona,
barakmi
yoki poezdga,
yashirin chiroqni
ko‘rmaganmiding?
Kelayotgan,
ketayotgan
vatandoshlarning
qo‘llari
shunchaki begona qo‘lmas,
seni qidirayotgan
qo‘llar ekanin
hech qachon sezmagan,
ko‘rmaganmiding?
Seni!
Seni!
Bekor atrofga boqma,
chunki, bilib qo‘yki,
qo‘shningni emas,
seni chaqiryapman,
seni,
o‘zingni!
Boshqalar:
«Biz kammiz!
Bir shaxs izlab top!» —
deb menga iltimos qilishgan axir!
Bahor nafasidan
erta saharda
uyg‘ongan yaproqlar
mendan so‘rashgan:
«Nima qilayotir anov falonchi?»
Men esa bilmadim,
indayolmadim...
Mening rizqi-ro‘zim —
yulduzli osmon.
Har narsa
so‘roqqa tutadi meni:
«Qani falon do‘sting,
pistonchi do‘sting?!»
Ammo sen —
sen axir bilasan-ku-a?
Ular juda ozchilik,
kunlar va tunlar
sukut va devorlar
ichra ozchilik,
ular devorlarga
urilmoqdalar!
Biz chekib turibmiz,
chekyapmpz jim-jim
sen va men
ikkimiz...
Tutun, bu —
gajaklar,
halqa,
buramlar...
Tutunning
ko‘kimtir halqachalari...
Tutunning
ma’nosiz halqachalari...
Demak, hayot shumi?
Yolg‘on!
Chap berma!
Menga sen
tez yordam
berishing kerak:
menga yordam bersin
so‘z,
imo,
qo‘ling!
Shunda,
barcha qo‘llar,
imo va so‘zlar
yagona kuch bo‘lib
birlashganida,
faqat shundagina,
yagona bir sado
yoyilganida,
mash’um jimligida
qora kechaning
yagona yulduzdan
birdan o‘t chiqar.

HAYOT QASIDASI

Tun bo‘yi uzluksiz
Og‘ir boltasi bilan
Meni chopdi azob
Uyqu qochirib
Va qonga belangan
Chip-chip toshlarni
Qop-qora suv bilan yuvdi u.
Men hamon tirikman.
Yana qaytadan
Og‘ir yukingni ham ko‘tarib ketdim,
Yo mening hayotim,
Mening hayotim,
Seni gardanimda obketdim yana.
O, mening hayotim.
Nurli kosasan,
Biroq tez to‘lasan
Zaharday suvga,
Loyqa o‘lik sharobga,
Talvasa, judolikka,
O‘limga,
Girdobi qo‘rqinch kunlarga!
Qorong‘i do‘zaxning quyuq ranglari —
Xatarli nurlarni,
Bir umrga sen saqlay olasan, deb
Ko‘plar ishonar.
Yolg‘on gap!
Sokin tun o‘tar va so‘nar.
Bir lahzadan keyin —
Hamma narsa birdan —
To‘satdan o‘zgarar.
Umrim kosasi
Haqiqiy nur bilan
To‘lar qaytadan.
Bizlarni ulug‘vor
Ish kutar endi.
Zarb bilan otilar ko‘kka kaptarlar,
Jahonning har yeri bo‘lar muattar.
Tingla, hayot!
Baxtsiz shoirlar seni
Yomon deb bildilar, yomon deb,
Kurra girdobining ortidan quvmoqni
va sen deb issiq uy-o‘rinlarini
tashlamoqni sira
istamadilar.
Ular doim sendan zarba yedilar,
Seni izlab o‘tirmadilar.
Qorong‘i, qop-qora teshiklar ochib,
nina to‘la
quduqqa
ko‘mildilar.
Yolg‘on!
Hayot,
bilaman,
g‘oyat go‘zalsan,
ayolday mayinsan,
sening ko‘ksingdan
zaif-zaifgina yalpiz hid kelar.
Hayot!
Ajoyibsan ham bahaybatsan,
O‘ynoqi bo‘ronning intilishisan,
Insonga iqbolsan
Yoki tilsimli
zaytun daraxtining mayin yog‘isan!
Hayot!
Sen saraton ishkomisan go‘yo,
Nurlar yutib, ularni to‘g‘ri taqsimlab
oltin g‘ujumlarga aylantirasan.
Kim seni tark etmoq istasa agar
Kutsin
bir lahzami,
kecha-kunduzmi,
uzun yo qisqa yil,
unumli yilni.
Tanholikka mahkumlar tutqunidan chiqib
bir karra sakrasin
boshpanasin tashlab.
Do‘stlarning kaftiga
qo‘yib kaftini
birga kurashmoqni o‘rgansin.
Qo‘rqmasin baxtsizlik jafolaridan,
uni maqtamasin,
uni rad etsin
va yoki tomchilar o‘lik toshlardan
mustahkam binolar qurgani kabi —
uni aylantirsin o‘z foydasiga.
Azob ko‘rganini yirtib tashlasin,
va o‘sha g‘am-alam quroqlaridan
ishton tikib olsin
o‘ziga mahkam!
Hayot kutib qoldi.
Kim agar sevsa —
dengizning yovvoyi, notinch hidini
va yalpiz hidini
nafasga to‘la,
yangi unib chiqqap yalpiz hidini,—
shundaylarning barin
chaqirmoqda Hayot.

QUYOSHGA QASIDA

Men quyoshni bilmasdim,
Shimol tog‘lari orasida,
Qish halqasi ichra
Yashardim.
Yerni ezar edi
bosqinchi suvlar.
Osmon esa,
qirg‘oqsiz soyabon edi,
yashil sochli
ulkan
dengiz meduzasi edi.
Yomg‘ir yog‘ar edi
tomda,
qora yaproqlar ustida,
osmonning suvlari
tishsiz
ulkan muzliklardan
oqardi vodiylarga.
Keyin
dunyoni kesib o‘tdim,
ko‘rdim
shimolni, janubni
va nihoyat,
tsirk maydonida
chopib yurgan
yarqiroq
kizil yolli
sher singari
dum-dumaloq,
qaynoq
yakkayu-yagona quyosh
sahroda
mening tepamga chiqdi.
O, quyosh!
Osmon tubidagi gulgina!
Bizning mash’alimiz,
Naqadar qudratlisan;
sen butun jonli
mavjudotlarni
yaratgan,
oltindan quyilgan
ulkan atirgul,
doim qaynab turar
dahshatli jaziramang,
doim
ochofat olov
seni yeb turar.
Osmonning markazida
ulkan oshxona,
oltin kiprik tagida
musaffo qovoq,
sokin
va g‘azabnok
mangu bir o‘choq —
senga boqmoq istayman
ko‘hna Amerika
nazari bilan:
sen —
makkajo‘xorining
pishgan so‘tasi,
sap-sariq yuraksan,
jasur,
uchqur dengiz qushisan,
olovli mevasan,
ko‘k yuzida
bir oltin xolsan!
Sening nigohlaring
ajoyib:
shoxga tegsa salgina,
birdan
bahor tug‘ilar,
anbar supurgingni
o‘sib turgan
g‘allamizga
tegizsang bir oz,
sening shaklingni
takrorlab,
don-dun
erga sochilib ketar:
ya’ni nonsan,
osmon nonisan,
qutlug‘ o‘choqsan!
Tunning nazarida
jonsiz olmos,
muz parchasi,
oq yulduz emas,
yo‘q,
sen hammavaqt
quvvat,
kunduzgi kuch,
qudratli asos,
ko‘k jiyroni
hayot bulog‘i bo‘lgansan
va sening
lovullab titrashingdan
har bir urug‘
unib chiqadi!
Yer yashil chodirin
ochib ko‘rsatadi,
biz pishgan
shingillarni
terib olamiz
va
erni
lovullagan barkashda
senga minnatdor bo‘lib,
biz,—
er va quyoshning
farzandlari.—
vasiyat qilib
qoldiramiz.
Biz, Amerika kishilari,
sening nuring bilan
yaratilganmiz
va bizning qonimizda
er va quyosh
ikki magnit kabi
bir-birini
oziqlantirar.
Butun qalbdan
seni ulug‘laymiz,
O, bizni asrovchi sath,
yonar atirgul,
osmon uchuvchisi,
falak vulqoni,
yo‘lbars ajdod,
cho‘qqilar otasi.
oltin mo‘ysafid,
o‘t sochar halqa,
abadiy tug‘ilishlar
kurtagi,
koinot xo‘rozi!

Miraziz A’zam tarjimalari

FEDERIKO GARSIA LORKA UCHUN QASIDA

Agar bo‘m-bo‘sh, yolg‘iz uyda dahshatdan yig‘lay bilsaydim,
Ko‘zlarimni o‘yib yutib tashlasam edim agar,
Men buni sening ovozing haqqi — motamsaro po‘rtahol
haqqi
Qilgan bo‘lurdim. Jigaringdan faryod misol oqqan
she’ring haqqi qilgan bo‘lurdim.

Zero, sening unun, sening sha’ningga
Kasalxona devorlarini havorangga bo‘yarlar,
Maktablar qurilar, sohilning o‘ramlari,
Temirqanot chiqargan yarador farigatalar,
Zar tangalar bilan qoplanur qo‘shilayapkan baliqlar
Va kirpilar falakka parvoz qilur begumon.

Sen uchun qora parda tutgan tikuvchilik ustaxonalari
To‘lar qon va suvarakka.
Sen uchun qizil belbog‘lar bog‘lab oshiqlar
o‘pib o‘ldiradir ma’shuqalarin,
Va oqqa belanib yasanajaklar.

Sen shaftolirang nafosatga o‘ralib uchayotgan choq,
Bo‘ron sovurgan gurunch kulgusi-la kular ekansan,
Borlig‘ingcha titrar ekansan qo‘shiq aytish oldidan,
Seskanib ketar lablar, qontomirlar, barmoqlar,
qovoqlar.

Men sen uchun o‘lishga tayyorman
Men qonrang ko‘l uchun tayyorman o‘limga,
Sen xazon mavzeida makon tutgan ko‘l uchun.
Yiqilgan ot va qonga belangan xudo bilan barobar
O‘lishga tayyorman mozorlar haqqi.
Ular
tunda cho‘ktirilgan qo‘ng‘iroqlar ichinda
O‘zlarining suvlari va qabrlari bilan oqarlar,
Xuddi ko‘l va qon daryosi singari,
Daryolar yarali askarga to‘lgan bir kasalxona,
Daf’atan o‘lim qabrtoshlari bilan
Oqizib ketyapkan daryo.

Men o‘lishga tayyorman, faqat seni ruhimda ko‘rsam,
Yig‘lab turgan chog‘ing,
Boqib turganingda cho‘kayapkan xochlarga,
O‘liklar daryosiga qarab yig‘larding betin,
Betin yig‘lar eding jarohatli yuraging bilan,
Yig‘i bilan yig‘larding qobog‘ing to‘lar edi,
Ko‘zyoshlarga, ko‘zyoshlarga, ko‘zyoshlarga.

Agar men tun ichra yolg‘izlikda adashganimda
Unutilish, g‘ira-shira va tutunlarni
Qatorlar va korablar ustidan
Changyutgich qora girdob kabi yig‘olsam edim,
Men bularning barchasin qilardim
Sen — shoxlayapkan daraxt uchun.

Ichingda shovullagan
Oltin suv uchun,
Senga tunning sirlarin aytgan
Suyagingni chirmagan chirmoviq uchun.
Bo‘g‘zingdagi alhonni qachon olib o‘tishing
Piyozning zax hidi singgan shaharlar poylar.
Shahvat ortilgan sukut saqlagan kemalar ta’qiblar
seni.
Yashil kaldirg‘ochlar pn ko‘yar sochlaringga,
Undan g‘ayri, chig‘anoqlar, haftalar,
O‘rama yelkanlar va olcha daraxti
Harakatga tushar paydo bo‘lganida
Sening o‘n besh ko‘zlik rangpar qiyofang,
Va jizg‘inak qon rangli og‘zing.

Agar men ma’muriy binolarni
qurum bilan to‘ldira olganimda,
Va o‘kirib soatlarni ota bilsam edim taxtlardan
Men buni qilardim qanday qilib sening uyingda
Yorilgan lablar-la yoz faslini ko‘rmakka;
Mahkumlar kiyimida paydo bo‘lgan mardumni,
Va g‘amgin buyuklikka to‘lgan zaminni,
Va o‘lik omoch hamda lolaqizg‘aldoqni,
Va chavandoz hamda go‘rkovni,
Qonli tuproq xaritasini,
Va kul bilan qoplangan g‘avvosni,
Ortidan pichoqlar saichilgan
Qizlarni ergashtirib ketayapkan, yuziga niqob tortgan
qotilni ko‘rmoq uchun.

Paydo bo‘lur ildizlar, kasalxonalar, qontomirlar,
Buloqlar va quduqlar,
O‘rgimchaklar orasida yolg‘iz sarboz jon uzayapkan
To‘shakni sudrab kelmakda bu tun.
Nafrat va tikanlardan iborat
atirgul paydo bo‘lur.
Sarg‘aygan bandargoh bo‘lur namoyon.
Paydo bo‘lur shamolli kun va bolakaylar.

Paydo bo‘lurman men ham va Oliveyro va Nora,
Visente Alessandre, Delia,
Moruna Malva. Marina, Maria — Luisa va Lorka,
La Rubia, Rafael Ugarte,
Kotapos, Rafael Alberti,
Karlos, Bebe, Monolo Altolagirre,
Molinari,
Rosales, Kongamendes
va men nomin unutgan boshda-boshqalar.

Kel, men senga yukinay navqiron yigit,
Parvona yanglig‘ ufoq va toza vujud,
Doimo ozod bo‘lmish qora chaqmoq singari,
Bugun, qoyalarda hech kimsa yo‘q, kel,
suhbatlashaylik,
Kel, anchayin o‘zimiz haqda.

Shabnam uchun bo‘lmasa agar,
Nechun xizmat qilar bizning she’rimiz?
Nechun xizmat qilar she’rimiz bizning,
Bizga keskin xanjar qadagan shu tun uchun bo‘lmasa,
Shu kun uchun bo‘lmasa.
yoki shu g‘uborli tong uchun bo‘lmasa agar,
Azoblangan inson qalbining o‘limga tap-tayyor
burji uchun bo‘lmasa.

Ayniqsa tunda
Osmonda yulduzlar chug‘urlasharkan,
Qashshoq xonalarning
Derazasi ostidan oqadigan qora daryoda ularning bari.
Ularning uyida kimdir o‘lgan yoki ehtimol
Ular ishidan ayrilgan idorasida,
Kasalxonada,
Shaxtada,
Hammayoqda yaralangan odamlar,
Hammayoqda umid va yig‘i,
Hozircha yulduzlar suzishar cheksiz daryoda,
Derazalarda yig‘i,
Va ostonalar ham yig‘idan to‘zgan,
Yig‘i to‘lqin kabi urar qamchinlar lungisini.
Yig‘i singib ketgan choyshab va yostiqlarga,
Federiko!
Sen dunyoni ko‘rmakdasan, ko‘ryapsan ko‘chalarni,
Sirkali, to‘zonli bekatda xayrlashuvni,
Hamma yerda savol berguvchi odamlarning to‘dasi bordir,
Javob yo‘qdir ularga,
Bor alamli, qahrli, qonli basir,
Va ko‘zyosh hamda tikan daraxti,
Va hasad orqalagan yovuz qaroqchi.

Hayot shunday Federiko, va bular mening
Senga g‘arib orqadoshlik tuhfalaridir,
Jasur, dardkash bir mardning iltifoti,
Sen-ku o‘z hayotingda ko‘p narsaga yetishding,
Ko‘p narsaga hali ko‘p yetishgaysen davomat.

Rauf Parfi tarjimasi


* * *

O’simlik, sharob yoki toshning oti — Matilda,
ne tug‘ilgan, neki mavjud — u barining otidir.
Bu ismning shu’lasidan tonglar yorishar nogoh,
bu ism parvozidan turunjlar yolqinlanar.

Bu ismda kemalar suzib yurar bemalol,
yo‘l ko‘rsatar dengizning lojuvard chiroqlari.
Bu ismning harflari — suvning kumush oqimi,
qaqragan yuragimning chanqog‘ini bosadi.

Men chirmovuq ostidan izlagan ushbu ism
go‘yoki Bog‘i Eram, yo jannatga eltguvchi
er osti yo‘lagining sehrli tuynugidir.

Qaynoq bo‘salaringga ko‘mib tashlagin meni,
jonimga qada, mayli, tungi nigohlaringni,
faqat ismingda yuzib, uxlashga izn bergin.


* * *

Sevgim, bo‘sagacha bo‘lgan yo‘l uzoq,
safarda yo‘lchini qiynar yolg‘izlik.
Yomg‘irda iviydi sarson poezdlar,
Taltarga enmadi to hanuz bahor.

Lekin biz birgamiz, o muhabbatim,
ildizlardan tortib kiyimlargacha,
kuz kabi, suv kabi va sonlar kabi
birgamiz begona, ayridan ko‘ra.

Qancha qum, qancha tosh, qancha shag‘alni
daryo Baroaga oqizib ketdi,
qanchalab millatlar, qancha poezdlar

insoniyat bilan, chinnigul bilan
zuvalasi bitta sevishgan, sevgan
oshiq-ma’shuqlarni ayirib qo‘ydi.


* * *

Binafshaday tikandan toj kiygan zolim sevgi,
ehtiroslar zo‘ridan hurpayib olgan buta,
g‘azab oti yag‘rinin yara qilgan g‘am tig‘i
nechun, qay yo‘llar bilan yuragimga yo‘l solding?

Mening bargi rezonlar tizgan, so‘qmoqlarimga
nechun tashlab yubording hasratlaring o‘tini?
Kim u sening yo‘lingni mening qoshimga burgan,
kim u kulbam ko‘rsatgan, gulmi, toshmi, tutunmi?

Vahim tunni qo‘rquvlar bosib kelar begumon,
shafaq qadahlarini mayga to‘ldirgani rost
va rost ko‘kdan quyoshning jizg‘anak kuydirgani.

Sevgi esa, sevgijon bo‘ldi menga parvana
bag‘rimni tilka qildi nayzalari, tikoni,
kuydirgijon otashi yuragimga yo‘l soldi.


* * *

«Birga ketaylik», — dedim, toki hech kim sezmasin,
mening g‘ussali jussam ne darddan to‘lg‘onishin.
Na qo‘shiq, na chinnigul nasib etmadi, dilda
himoyatsiz sevgining teran og‘riqlari bor.

«Birga ketaylik», — takror so‘yladim men nolavash,
lablarimda qonagan oyga parvo qplmaslar.
Qon sathi ko‘tarilar, biror kimning ishi yo‘q,
yulduzlar tikonini esla mayli, muhabbat!

«Birga ketaylik», — desa qo‘ng‘iroqdan ovozing
mayshisha ochilganday erk sari toshib chiqar
azoblar, muhabbatlar, nafratlar — bari-bari

bandi bo‘lgan qorong‘i yerto‘lasidan shitob,
otashning unut bo‘lgan ta’mini tuyar lablar,
tosh ham qon ham va gullar ham meni kuydirdi qayta.


* * *

Ur toshga to‘qinar to‘lqin zarbasi,
olamlar yorishar — potrar atirgul!—
Ko‘kimtir sho‘r tomchi, va g‘o‘r uzumga
do‘nadi dengizning dunyoqarashi.

Erib gul bo‘ladi magnoliyalar,
fusunkor daydishlar, gullagan o‘lim,
fanodan baqoga mangu qaytishlar,
tuyilgan tuzlarning evrilishlari.

Himoyat etgumiz sukutimizni,
muhabbatim, dengiz qiyrata boshlar
zavqining haykal va minorlarini.

Ehtimol, shundanmi, nam va qumlardan
iborat ko‘z ilmas hujayralarda
quvg‘indan asraymiz nazokatni biz.


* * *

Ishq sudrab keladir hasrat to‘rini
va baliqlar sokin jivirin.
Ularga boqmagin — hech bir jarohat
Bizni ayriliqqa etolmas duchor.

Ko‘zlaring ayblimas ko‘zyoshlar uchun,
qo‘llaring sanchmadi bu xanjarni, yo‘q,
oyog‘ing bu yo‘lni izlamagandi
dilga achchiq sharob quyilar bu choq.

Sermavj muhabbatning sarkash to‘lqini
bizni irg‘itdiyu xarsanglar tomon
bir xil undan qordi zuvalamizni.

Bir g‘amu g‘ussaga etdi giriftor,
bir falakdan nur sochdi bizga,
xasta bahor bilan siyladi bizni.


* * *

Muhabbatim, endi uyga qaytamiz.
Balki chirmovuqlar yetgandir tomga,
sening to‘shagingga sen yotmay turib,
yozgi choshgoh kirib uxlab yotgandir.

Dunyoni kezdilyar daydi bo‘salar:
Hayajon — sershira asal tomchisi,
Sarandib yam-yashil kabutarginam,
Yantszi kun va tun oralig‘idir.

Dengiz shovqinini yengamiz endi,
qaytamiz bir juft ko‘r qushchalar kabi
olis uyasiga bahorimizning

Axiyri u ishqning ham parvozi tugar:
toshloq qirg‘oqlarga qaytdi umrimiz,
bizning o‘pichlar ham uyga qaytdilar.


* * *

Chakalakzor, adashdim-u kesib oldim bir shoxni
uning sokin shivirlarin lablarimga tugdim men;
bu, ehtimol, yig‘loqi bir jalaning shovuridir,
yoki singan qo‘ng‘iroqning, yo yara dil nolasi.

Nogohonda yiroqlardan bir nimarsa chalinar,
teran-teran yashiringan, tuproq ostida qolgan,
namxush oyloq shomlar aro, to‘zg‘in xazonlar aro
unini kuz allaqachon o‘chirgan bir sas-sado.

Chakalakzor uyqusidan lablar tegib uyg‘ongan
Yong‘oq shoxi bo‘g‘riqib, jim kuylab yuborar bexos
va ul shoxning daydi isi shuurimga urilar,

go‘yo meni izlab kelmish unut bo‘lgan ildizlar,
mening olis bolalikda yo‘qotgan hur vatanim.
Yong‘oq shoxnn bo‘ylaridan mast bo‘lib tong qotdim men.

Faxriyor tarjimalari

MACHU-PIKCHU CHO‘QQISI

1

...Meni g‘ijjaklarning davralarida
ko‘rmoqchi edilar, men esa chiqdim 
toshlarga ko‘milgan bir shahar bilan,
qa’rlar xo‘rsinig‘i  ila sanchilib,
zaminga buralib-buralib kirgan, 
xirillagan borud*  barg yozib, gullab, 
yashnagan bir dunyo,  undan-da chuqur
oltin konlarining dunyosi bilan. 
Naq pushtikamarga, 
zaminning serpusht pushtikamariga   
o‘zimning nozik, 
o‘ta qiziquvchan qo‘limni tiqdim, 
yulduz yog‘dusiga chulg‘ongan tig‘day.

Men teran suvlarga sho‘ng‘idim, cho‘kdim, 
sizdim oltingugurt jimligin buzib 
va ko‘rday paypaslab, qaytdim so‘ng inson so‘lg‘in 
bahorining yosumaniga.

2

Bahor. Gullar ayni qovushar fasl.
Baxtiyor urug‘lar nish urar hatto 
toshlar bag‘ridan ham topib boshpana, 
nish urar olmosda, qum qatlamida. 
Va lekin odamzod jonu jahd bilan 
olam gullarini toptaydi, toptar 
dengizlar qa’rida o‘sgan gullarni 
va kaftida titrab turguvchi noyob 
ma’dan qazib olar. Uvada, tutun
kuyindi ichida  o‘ladi ko‘ngli. 
Unga kamlik qilar uyqusiz tunlar, 
chaqmoqtosh uchquni, ko‘z yoshlar ko‘li, 
bahrlarga oqqan sho‘rtak ko‘z yoshlar, 
qalbin halok etar pul, zug‘um bilan, 
tashvish botqog‘iga cho‘ktirar dilin, 
tikan simlar bilan qayirib bog‘lar 
odamzod o‘z sho‘rlik  qalbining qo‘lin.
Yo‘q-yo‘q, bunday emas, qalbini kim ham 
qonli qizg‘aldoqday asrar pichoqsiz – 
keng yo‘lda, darada, ko‘kda, dengizda? 
Odamfurushlarning xo‘mraygan moli
ado bo‘ldi bari bir-bir qirilib, 
ey, yurak, ey, yaproq – yarador manglay! –
 shabnamlarning shaffof so‘zlari seni 
necha ming yillarki, yangrab chorlaydi  
azaliy novdaga – bargrezon  kuzga!

Necha bor urindim qish ko‘chasida 
va yo avtobusda, tunni tilkalab 
elgan kema uzra yo yalpi bazm  
chog‘larida yengib yolg‘izlik hissi 
o‘zim tanho qolgan tanho damlarda, 
qo‘ng‘iroq  zanglari ostida ayni 
insoniy lazzatning ayni inida,
avvallari toshda, chaqmoq, bo‘sada 
his etganim sirli, abadiy tirik 
hayot tomirini topgali doim.

Va lekin men juldur jandasin yechgan, 
qo‘rqqan avlodlarning ayanchli, g‘arib  
daraxtin titratgan kuzgi shamolning 
quvrab-qovjiragan bolakaylari – 
qalbaki oltinday puch va yaltiroq 
yuzlar, qiyofalar po‘choqlaridan  
o‘zga hech vaqoni topa olmadim. 
Hech narsa yo‘q edi tayanay desam: 
yo‘q edi, sehrli buloq suviday 
oqguvchi suyuq bir balchiq qo‘limda, 
yo‘q edi, toshko‘mir yo billur kabi, 
taft olib, kaftimga taftin berguvchi 
ishonchli birorta zarang zamin ham. 
Inson kim? Xo‘sh, uning qaysi so‘zida, 
mashinalar hamda kuy-musiqalar
olamining qaysi burchagida va 
uning qay bir temir ishorasida 
yashab qolar so‘nmas,  abadiy hayot?

3

Necha bor chorlading, ey, hokim o‘lim!
Ummon to‘lqinida erigan tuzday 
ko‘rinmas hidlaring taratib, meni. 
Goh baland ko‘tarding, gohi cho‘ktirding, 
sen go‘yo tog‘ qori hamda muz shamol 
qotishmasi bo‘lding men uchun, o‘lim!

Men esa yuragim birla sanchildim
o‘tkir po‘lat tig‘ga, bilib oldim men 
shamollarning tang-tor yo‘llarini va 
uqdim toshning, nonning kemtiklarini, 
yulduzli bo‘shliqqa o‘lim oldidan 
qo‘yilgan qadamlar mag‘zini chaqdim, 
boshim aylantirgan chigalliklarning 
ma’nosiga yetdim – dunyoni bildim, – 
shunda  ham, ey o‘lim, sohilsiz dengiz, 
bosib kelaverma sen to‘lqin-to‘lqin, 
tungi oydinlikning yorug‘ qadami 
kechalarning yorqin xulosalari 
majmuasi,  ya’ni to‘plami erur.
O‘limni qo‘ltiqqa yashirib bo‘lmas, 
xayolga sig‘mas u qizil choyshabsiz, 
yo uni tasavvur etib bo‘lmaydi 
sukut yog‘ib turgan tong gilamisiz, 
yo vatanning achchiq ko‘z yoshlarini 
erga yo falakka dafn etmay turib.

Men seva olmadim yelkalarida 
o‘z mo‘‘jaz kuzini (bu kuz behisob)
yaproqlarning sariq o‘limi, axir) 
ko‘tarib yurguvchi inson daraxtin, 
ham yerdan, ham qa’rdan tashqaridagi 
soxta o‘limni ham, tirilmoqni ham; 
aksincha, men juda-juda istadim 
keng hayot o‘zani bo‘ylab suzmoqni, 
etmoqni uning eng qurch mansabiga; 
va bir kun odamlar yuz burib mendan, 
chertmasin deb mening buloq qo‘llarim, 
fanomiz yarasin tirnamasin deb, 
daru darichasin yopib oldi-yu, – 
men otdim o‘zimni ko‘cha, daryo, soy, 
shahar, ustaxona, xobgoh, tog‘ sari, 
men yuzimning taxir, sho‘r niqobini 
olib o‘tdim cho‘lu sahrolar aro 
va bir kun eng g‘arib, nochor kulbada – 
nursiz, nonsiz, toshsiz hamda sukutsiz – 
yiqilib, o‘ldim o‘z ajalim bilan.

4

Yo‘q, po‘lat qanotli, zil-zambil o‘lim,
nonu nasibasin shoshib yeb qo‘ygan 
g‘arib kulbalarning g‘urabolarin 
och-g‘ovak jismidan  joy olgan qotil 
sen emassan, yo‘q-yo‘q, boshqa narsadir: 
uzilgan torlarning gulbargidir bu, 
bu – jangdan hayiqib hapriqqan yurak, 
manglayga qalqmagan shabnam bu, – xullas, 
qayta tiklanmagan allanimadir: 
o‘lim parchasidir, yerdan, rohatdan 
ayro qari suyak, yoriq qo‘ng‘iroq. 
Shunda shilib oldim qonli dokani 
va tiqdim qo‘limni qattol o‘limni 
o‘ldirguvchi og‘riq ichiga, lekin 
ochiq jarohatdan topmadim asar 
jonning  nimqorong‘i tirqishlariga 
yoprilib kirgan muz shamoldan bo‘lak.

5

Shunda zaminning zil zinalaridan 
vahshiy o‘rmon aro yuksalib, sening 
huzuringga chiqdim, ey, Machu-Pikchu. 
Taroshlangan toshdan o‘sgan tosh shahri, 
er narsasin yerdan yashirmagan ul 
kimsalarga so‘nggi manzilgoh shahar. 
Bunda, ko‘z oldimda, jonchaqar, sovuq
shamolda tebranib turardi  to‘p-to‘p 
odam va chaqmoqning tosh beshiklari. 
Machu-Pikchu, ey, sen, toshlar onasi, 
quzg‘unlar vatani, ey, Machu-Pikchu.
Odamzod subhining unut qoyasi.
Ilk qumga ko‘milib qolgan ilk so‘qa.
Moziy  hayotining qarorgohi bu:
makka so‘talari pishib bu yerda 
sariq donlarini do‘l kabi to‘kkan.
Bunda tuyalarning oltin terisi 
kiyintirgan ishqni,  qabrni, 
dohiylar, kohinlar, qahramonlarni.

Bu yerda tunlari inson oyog‘i 
lochin panjalari ila yonma-yon 
mog‘oraga kirgan, tong  otgach esa 
qaldiroq toptagan siyrak tumanni, 
paypaslab, axtarib zaminni, toshni, 
yo zulmat, yo o‘lim qo‘ynida topgan...

6

Umumiy bir chohga dafn etilganlar, 
bir qabr ruhlari, ey, bir girdobning
bolalari, – go‘yo sizning savlatga 
munosib bir tarzda keldi bu o‘lim. 
Taroshlangan qoya cho‘qqilaridan,
qizg‘ish qubbalardan, qalashib yotgan 
osma quvurlardan qulab tushdingiz 
go‘yo kuzga, go‘yo tubsiz mahsharga.

Aza tutmas endi u yetim shamol, 
endi u unutgan sizlarning xuddi 
loydan yasalganday oyog‘ingizni, 
unutgandir endi chaqmoq pichog‘i 
tilgan ko‘zangizni, ulardan sim-sim
tomchilab turgan ul niliy osmonni.
Zo‘r-zo‘r daraxtlarni yomg‘ir va tuman
emirdi, yiqitdi o‘tinchi bo‘ron. 

Daraxtlar yiqildi va sershox qo‘llar 
osmoni falakdan qadim zamonlar 
qa’riga quladi, chunki dunyodan
yo‘qolib ketdilar ojiz panjalar, 
yo‘qoldi daraxtga hayot baxsh etgan
chayir tolalarning ingichka ipi, – 
ular yo‘qoldilar – daraxt yiqildi  – 
til, odat daraxti, 
tushdi yuztuban
ko‘zni qamashtirgan nurli siymolar.

...Ammo qabrtoshlar va so‘zlar qoldi: 
o‘lgan ajdodlarning qoq panjalari 
mahkam siqib turgan qadah singari 
ko‘kka o‘rlab turar bu xarsang shahar – 
bu titroq toshyaproq,  bu qal’adevor, 
bu mangu atirgul, bu uy, bu makon, 
lochinlar qishlog‘in baland qoyasi.

Qizil loyga o‘xshash bu qo‘llar o‘zi
loyga do‘nib qoldi, qal’adevorlar 
va minoralarga to‘lib turgan ul 
ko‘zlar ham abadiy yumilib qoldi, 
odam yitgandan so‘ng,  qorishgandan so‘ng
asrlarning xoki vayronasiga, – 
qoldi faqat ko‘kka bo‘y cho‘zib turgan 
taroshlangan toshning aniq bir tarzi,  
inson subhidamin  tog‘li maskani, 
limmo-lim sukunat to‘la tog‘ qadah, 
sonsiz jonlar o‘rnin olgan jonli tosh...

7

Tur, ukam, men bilan tug‘ilmoq uchun.
Qo‘l cho‘z menga, iztiroblaring 
olovlangan mintaqalardan. 
Sen qaytib kelmassan palaxsa toshdan. 
Qaytmassan  yerosti asrlaridan. 
Sening toshga do‘ngan ovozing qaytmas. 
Qaytmas o‘z o‘rniga ko‘zing kosasi.
Qalin yer qatlamin yorib boq menga, 
hey, qo‘shchi, to‘quvchi, indamas cho‘pon, 
yovvoyi tuyani mingich qilgan zot, 
binolar o‘rmonin g‘isht teruvchisi, 
And tog‘lari to‘kkan ko‘zyosh meshkopi, 
barmog‘ida charmlar yeyilgan zargar, 
ekinidan doim tashvishda dehqon, 
hamma yog‘i loyga belangan kulol, 
quying yangi hayot jomiga barcha 
dafn etilgan ko‘hna g‘amlaringizni. 
Ko‘rsating  qoningiz, tirtig‘ingizni, 
ayting: ular sizni jazolaganin 
toshda bebaho nur yo‘qligi uchun, 
bermagani uchun tuproq tosh va don.
Ko‘rsating o‘zingiz yiqilgan toshni, 
siz chormix  qilingan o‘shal daraxtni, 
ul qadim chaqmoqtosh uchquni bilan 
ko‘hna chiroqlarni yoqing, yoriting
yarangizga tekkan qamchilarni ham, 
ko‘rsating tig‘lari qon boltalarni. 
So‘zlayman men sizning og‘zingiz bilan. 
Yer osha hammangiz cho‘zingiz menga 
sasi o‘chgan chirik lablaringizni, 
sizga langar qilib qoqilganday men,  
so‘zlang yer tubidan butun tun bo‘yi, 
ayting barchasini – zanjirma-zanjir, 
halqama-halqayu qadam-baqadam, 
charxlang omon qolgan pichoqlarni siz, 
ularni qalbimga, qo‘limga qo‘ying, 
qo‘yingiz sariq nur daryosi kabi, 
chirigan qoplonlar daryosi kabi, 
bering menga  aza tutmog‘im uchun
soatlar va kunlar, yillar, asrlar, 
burjlar yuz yilligi, abadiyatni.
 
Menga sukut bering, bering suv, umid.
Menga kurash bering, temir va vulqon.
Ohanrabo kabi yopishing menga. 
Kiring lablarimga, tomirlarimga.
So‘zlang qonim bilan, so‘zlarim bilan.

___________
* B o r u d – selitra, porox.
* D o k – kemasozlik ustaxonasi.

Ruschadan Sulaymon Rahmon tarjimasi

* * *

Bordi-yu, uchratsang maydalangan tosh,
bilgin,
men —
o‘shaning bitta zarrasi.
Men
chaqmoq bilan,
to‘lqin bilan,
zamindagi o‘t bilan
yaqinman juda.
Maydalangan toshni hurmat qil.
Yo‘lingda yo‘liqsa agar,
bolakay,
olmalar o‘g‘risi
yoki
eski akkordeon quchoqlagan
garang qariya,
yodingda tut,
menman —
bolakay,
qariya
va
olmalar.
Quvlab solma qamchi bilan bolakayni hech.
Qariyaga qo‘l ko‘tarib yurmagin tag‘in.
Olmalarni ag‘darmagin daryoga zinhor.

Ikrom Otamurod tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.